ZAMONAVIY YONDASHUV ASOSIDA MAKTABGACHA TA'LIMDA TA'LIM VA TARBIYANI TASHKIL ETISH
ASOSLARI
1Raximova Shoira Qurbandurdiyevna, 2Raximova Go'zalxon Otanazarovna
1Xorazm viloyati, Qo'shko'pir tumani 16-DMMT direktori 2Xorazm viloyati, Qo'shko'pir tumani 2-DMMT direktori https://doi.org/10.5281/zenodo.11234635
O'tgan davr mobaynida mamlakatimizda o'sib borayotgan avlodni sog'lom va har tomonlama yetuk voyaga yetkazish, ta'lim-tarbiya jarayoniga samarali ta'lim va tarbiya shakllari hamda usullarini joriy etishga qaratilgan maktabgacha ta'limning samarali tizimini tashkil etish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilib kelmoqda.
Maktabgacha ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlar sonini yanada oshirish va ular ko'rsatadigan xizmatlar turlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor bo'ldi.
Maktabgacha ta'lim tashkilotlarini zamonaviy o'quv-metodik materiallar va badiiy adabiyotlar bilan to'ldirish, sohaga malakali pedagog va boshqaruv kadrlarni jalb qilish masalalarini hal etish zarurligini ko'rsatmoqda.
O'zbekiston Respublikasida uzluksiz ta'lim tizimini isloh qilish kelajakda o'qituvchilik kasbini egallaydigan yangi avlodni yuqori kasbiy madaniyat, ijodiy va ijtimoiy faollik, ijtimoiy-siyosiy hayotda erkin, mustaqil faoliyat ko'rsata olish, yuksak darajadagi pedagogik mahoratga ega bo'lishga yo'naltirilgan. Maktabgacha ta'lim uzluksiz ta'limning boshlang'ich qismi hisoblanadi. U bolaning sog'lom va rivojlangan shaxs bo'lib shakllanishini ta'minlab, o'qishga bo'lgan ishtiyoqini uyg'otib, tizimli o'qitishga tayyorlab boradi. Maktabgacha ta'limning maqsadi - bolalarni maktabdagi o'qishga tayyorlash, bolani sog'lom, rivojlangan, mustaqil shaxs bo'lib shakllantirish, qobiliyatlarini ochib berish, o'qishga, tizimli ta'limga bo'lgan ishtiyoqini tarbiyalashdir.
Har bir mamlakatning iqtisodiy qudrati, ijtimoiy-ma'naviy hayot darajasining yuksalishi ta'lim tizimining raqobatbardoshligi, ilm-fan taraqqiyoti bilan belgilanadi.
Shu bois, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi "2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida"gi PF-60-son farmonida "Bog'cha xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borishning takomillashtirilgan tizimini joriy etish, maktabgacha ta'lim -tarbiya jarayonlarini ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida takomillashtirish, 2022-2026-yillarda 160 mingdan ziyod pedagog kadrlarning malakasini oshirish" kabi muhim ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Sohadagi islohotlar natijasida maktabgacha ta'lim tizimida boshqaruv mexanizmi tubdan takomillashtirildi, nodavlat ta'lim xizmatlari ko'rsatish tizimi isloh qilindi, o'rta maxsus, kasb-hunar ta'lim tizimi qayta ko'rib chiqildi, oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish choralari kuchaytirildi, oliy o'quv yurtidan keyingi ta'limning ikki pog'onali tizimi joriy etildi.
Jumladan, ilg'or xorijiy tajribani hisobga olgan holda bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish sharoitlarini yaratish, maktabgacha ta'lim sifatini oshirish, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalarni maktabga sifatli tayyorlashni tubdan yaxshilash, ta'lim-tarbiya jarayoniga jahon amaliyotida keng qo'llaniladigan zamonaviy ta'lim dasturlari va texnologiyalarini joriy etish, maktabgacha ta'lim tashkilotlariga pedagog kadrlarni
tayyorlash va malakasini oshirish mexanizmini takomillashtirishdan iborat dolzarb vazifalar qo'yildi.
Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu - ilm-fan, ta'lim va tarbiya. Shu boisdan jahonning yetakchi davlatlarida ta'limni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas.
Jumladan, maktabgacha ta'lim tizimi uzluksiz ta'limning birlamchi, eng asosiy bo'g'ini hisoblanadi. Shu sababli o'tgan vaqt mobaynida maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirish -ta'lim sohasidagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab olindi.
Har qanday ta'lim tizimining tamal toshi maktabgacha ta'lim tizimi tashkilotlarida qo'yilishi hammamizga ma'lum. Yaqin-yaqingacha nafaqat olis qishloqlarda, balki yirik shaharlarda ham maktabgacha yoshdagi bo'lgan bolalarni bog'cha tarbiyasi bilan qamrab olish muammoli masalalardan biri edi. Tashkilot tarbiyachilariga bo'lgan talab ham shunga yarasha edi. Ammo so'nggi yillarda bolalarni maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyasiga jalb etish hamda ularda faoliyat yuritayotgan xodimlarning malakasiga bo'lgan talab oshdi. Bu esa kelajak avlodning barkamolligi yo'lidagi ulkan xizmatlardan biri bo'ldi.
Respublikamizda maktabgacha ta'lim tizimida ko'pgina islohotlar amalga oshirilmoqda, ularning barchasi tarbiyalanuvchilar va tarbiyachi-pedagoglar manfaatlari yo'lida xizmat qilishi va maktabgacha ta'lim sifatini tubdan yaxshilashga qaratilishi - davr talabidir.
Demokratiya va insonparvarlik prinsiplariga tayangan holda tashkil etiladigan maktabgacha ta'lim jarayoni nafaqat bolaning tashqi holati, balki uning ichki dunyosi, mayllari, intilishlarini hisobga olgan holda tashkil etilishi bilan ham alohida ahamiyatga ega. Bu jarayonda tashkilot rahbarlari va tarbiyachi-pedagoglarning asosiy vazifasi tarbiyalanuvchilarning shaxsiy imkoniyatlarini ro'yobga chiqarish, intellektual taraqqiyotlarini ta'minlash vositalari, usullari, metodlari va yo'llarini izlab topishdan iboratdir.
Maktabgacha ta'lim va tarbiyaning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
- har bir bola uchun maktabgacha ta'lim va tarbiya olish imkoniyatining mavjudligi;
- har bir bolaning iste'dodi nishonalarini, ishtiyoqlari va qobiliyatlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlarning tengligi;
- maktabgacha bo'lgan yoshdagi bolalarga ta'lim-tarbiya berish va ularni sog'lomlashtirishning, oila hamda maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyaviy ta'sirining birligi;
- maktabgacha bo'lgan yoshdagi bolalarga ta'lim-tarbiya berish uyg'unligi;
- bolaning shaxsini rivojlantirishga yo'naltirilgan shaxsiy yondashuv;
- maktabgacha va umumiy o'rta ta'limning izchilligi hamda uzluksizligi;
- ta'lim va tarbiyaning demokratik hamda dunyoviy xususiyatga egaligi;
- ta'lim-tarbiya jarayonining shaffofligi va ochiqligi;
- maktabgacha ta'lim va tarbiya mazmuni, darajasi hamda hajmining maktabgacha bo'lgan yoshdagi bolalarning rivojlanish xususiyatlariga hamda sog'ligi holatiga muvofiqligidan iborat.
Ta'limning sifatini va uning qulayligini ta'minlash uni modernizatsiyalashning muhim vazifalaridandir. Maktabgacha ta'limni modernizatsiyalash jarayonida boshqaruv kadrlari va tarbiyachilarning shaxsiy uslubini faol tarzda qayta qurish talab qilinadi. Buning uchun maktabgacha ta'lim dasturlarining tarkibiy tuzilishini davlatning ta'limning mazkur bug'ini oldiga quygan talablari asosida takomillashtirish lozim.
Bugungi kunga kelib, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ta'lim oluvchilar soni sezilarli darajada ko'paymoqda. Shuning uchun ham maktabgacha ta'limning samaradorligini ta'minlash uchun maktabgacha ta'lim tashkilotlari rahbarlari va tarbiyachilar ta'lim-tarbiyaning samarali
usullari va metodlarini izlab topish ustida tinmay harakat qilishlari kerak.
Innovatsion faoliyatga asoslangan pedagogik yondashuvlar va nazariyalar yangiliklarni yaratish, tatbiq etish va ulardan foydalanishning yaxlit, maqsadga yo'naltirilgan faoliyatga aylanishini talab etmoqda. Pedagoglarning innovatsion faoliyati bolalarning mustaqilligi, qiziquvchanligini oshirish, ularda ijodiy tafakkurni rivojlantirish, murakkab vaziyatlardan chiqa olish imkoniyatini izlab topish ko'nikmasini shakllantirishga xizmat qilishi lozim. Shundagina pedagoglar o'z kuchlariga ishonib bolalarning o'zgaruvchan vaziyatlarda aniq faoliyat ko'rsata olishlariga ko'maklashadilar. Shu bilan bir qatorda ular bolalarning ota-onalarini maktabgacha ta'lim tashkiloti hayotida faol ishtirok etishga jalb etadilar.
Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalarni sifatli ta'lim bilan ta'minlash uchun ta'lim jarayonini modernizatsiyalash nihoyatda zarur hisoblanadi. Buning uchun bolani ijtimoiy hayotga tayyorlashga xizmat qiladigan barcha pedagogik texnologiyalarni uyg'unlashtirish va o'zaro mujassamlashtirish talab etiladi.
Maktabgacha ta'limning sifati ta'limning keyingi bosqichlarida bolalarning bilimlarni sifatli o'zlashtirishlarini kafolatlaydi. Buning uchun maktabgacha ta'lim tashkilotlarini modernizatsiyalashga oid yagona talablarni ishlab chiqish, ushbu talablar sifatli ta'lim va tayanch ko'nikmalarni hosil qilishni nazarda tutadi. Bu talablar asosida bolalarga ta'lim berish erta bolalik davridan boshlanadi va uzluksiz davom etadi.
Maktabgacha ta'limni individuallashtirish tamoyili o'zida bir qator talablarni mujassamlashtiradi. Bu esa o'ziga xos tabiiy jarayon hisoblanadi. Jamiyatning rivojlanishi barobarida shaxs faoliyati xam ko'proq darajada individuallashtiriladi va uning mavqei o'zgaradi. Agar mamlakat va jamiyat qanchalik rivojlangan bo'lsa, unda har bir inson alohida qadrlanadi va o'z o'rniga ega buladi.
Modernizatsiyalash doirasida maktabgacha ta'limning sifati uzluksizlik nuqtayi nazaridan yondashgan holda tahlil qilinadi. Bu jarayonda barcha bolalar uchun teng imkoniyatga ega bo'lgan dastlabki bilim va tushunchalar shakllantiriladi.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28 yanvardagi "2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida"gi PF-60-son farmoni
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 29-dekabr 2017-2021-yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risidagi PK-2707-sonli qarori.
3. Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga qo'ramiz. - T.: "O'zbekiston", 2017. 488 bet. .
4. Qurbonov Sh., Seytxalilov E. Ta'lim sifatini boshqarish. -T.: Turon-Iqbol, 2006. - 592 b.
5. Djurayev R.X., Turg'unov S.T. Ta'lim menejmenti. -T.: Voris-nashriyoti 2006. -259 b.
6. F.R. Valiyeva To Develop Professional Training of Professional Education Specialists by Ensuring //International Journal of Trend in Scientific Research and Development (IJTSRD) Special Issue on International Research Development and Scientific Excellence in Academic Life Available Online: www.ijtsrd.com e-ISSN: 2456 - 6470 2021/