Maktabgacha va boshlang'ich ta'lim jarayoni uzviyligini
ta'minlashning zaruriyati
Marxabo Ixtiyor qizi Baxtiyorova [email protected] Urganch davlat pedagogika instituti Dilfuza Yangiboyevna Kurbonova Shovot tumani 40-DMTT
Annotatsiya: Ushbu maqolada maktabgacha va boshlang'ich ta'lim o'rtasidagi uzviylikni ta'minlashning zaruriyati, boshlangich ta'lim bosqichiga bola tayyorgarligining asosiy maqsadi va maktabgacha va boshlang'ich ta'limning uzluksizligi ta'minlashdagi ustuvor vazifalar va ularni xal qilish haqida fikrlar aks etgan.
Kalit so'zlar: uzviylik, ta'lim-tarbiya, ko'nikma, intelektual rivojlanish, sog'lom turmush tarzi, kognitiv rivojlanish, kompetensiya
The need to ensure the integrity of the preschool and primary
education process
Markhabo Ikhtiyor kizi Bakhtiyarova [email protected] Urganch State Pedagogical Institute Dilfuza Yangiboyevna Kurbonova Shavat district 40-SPO
Abstract: In this article, the need to ensure continuity between preschool education and primary education, the main goal of preparing a child for primary education, priority tasks in ensuring the continuity of preschool and primary education and their solution expressed
Keywords: integrity, education, skills, intellectual development, healthy lifestyle, cognitive development, competence
KIRISH
Hozirgi kunda maktabgacha va boshlang'ich ta'lim uzviyligini ta'minlash dolzarb ahamiyat kasb etuvchi muammolardan biri bo'lib kelmoqda. Xususan, uzluksiz ta'limning 1-bosqichi bo'lmish maktabgacha ta'limning tez sur'atlarda o'sib borishi ta'lim sifatini yanada takomillashtirib borishni zamon talabiga aylantirib
qo'ydi. Har bir yosh avlodning sifatli ta'lim olishi hamda zamonaviy shart -sharoitlarga ega maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyalanishlari ta'lim tizimining yanada rivojlanishida turtki sifatida xizmat qiladi. Maktabgacha ta'limda olib borilayotgan o'zgarishlardan yana biri shuki, 2021-yilda maktabgacha ta'lim qamrovi 65% ga 2023-yil oxirida esa 75% ga yetkazilishi uchun 600 mlrd so'm subsidiya berilib, 2000 ta xususiy bog'cha ochilishi ko'zda tutilgan. Bu esa bola tarbiyasi uning kelajakda qanday shaxs sifatida yetishi, yoshlarga berilayotgan e'tiborning yaqqol namunasi hisoblanadi. Albatta, maktabgacha ta'lim bolalarni har tomonlama bilimli, zukko, ham ma'nan, ham jismonan sog'lom qilib tarbiyalaydi. Boshlang'ich ta'lim esa 1-4-sinflarni qamrab oladi, mana shu davr bolaning bilimga chanqoqlik davri bo'lib, bu vaqt oralig'ida bolaga yetarlicha e'tibor berilmasa, u yuqori sinflarga o'tish jarayonida bilimlarni o'zlashtirishga qiynaladi. Ya'ni fikrlash layoqati, bilimining yetarlicha bo'lmasligi tufayli jamiyatda o'z o'rnini topishga qiynaladi. Shuning uchun eng avvalo bola maktabga qadam qo'yganda unga qiynalmasdan moslashib ketishi hamda maktabdagi ta'lim-tarbiya jarayonlariga ijobiy yondashishi uchun unda Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ko'nikma hosil bo'lgan bo'lishi lozim.
Mamlakatimizda bugungi kunda rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalanib maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish bo'yicha prezident qarorlar va farmonlari , qonun hujjatlari ishlab chiqilmoqda. Buning yaqqol dalili sifatida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2022-yil 28-yanvardagi 60- sonli 2022 - 2026-yillarga mo'ljallangan yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida farmonini aytishimiz mumkin. Ushbu farmonning 39-maqsadida maktabgacha ta'lim tizimida ta'lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish ta'kidlangan bo'lib, unda bog'cha xodimlarining professional tayyorgarligi va mahoratini oshirib borishning takomillashtirilgan tizimini joriy etish, 2022 - 2026-yillarda 160 mingdan ziyod pedagog kadrlarning malakasini oshirish hamda maktabgacha ta'lim-tarbiya jarayonlarini ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida takomillashtirish aytib o'tilgan . Shuning uchun ham hozirgi kunda dolzarb ahamiyat kasb etayotgan maktabgacha ta'lim va boshlang'ich ta'lim uzviyligini ta'minlashni takomillashtirish jarayoniga katta e'tibor bilan yondashishimiz lozim.
Adabiyotlarning tahlili va sharhi
Maktabgacha ta'lim tashkiloti va boshlang'ich ta'lim jarayonida uzluksizlikni amalga oshirish xususiyatlari O.S.Bogdanova, V.Ya.Lykova, V.I.Petrova, Yu.P.Sokolnikov tomonidan yoritilgan. Ta'limning asosiy yo'nalishlarida uni amalga oshirish usullari va shartlari A.I.Aronina asarlarida axloqiy tarbiya , T.S.Komarova-estetik tarbiya, L.P.Dashkovskaya-mehnat tarbiyasi misolida ochib berganlar.
Maktabgacha va boshlang'ich ta'lim o'rtasidagi uzluksizlik muammolari, usullari va bolaning maktabga tayyorligi muammosini ta'minlash shakllari va
shartlari mavzusi V.V.Zayko, G.P.Zinchenko, S.V.Kozina, I.V.Opaleva, E.B.Piskunovalarning dissertatsiyalarida yoritib berilgan.
Tadqiqot metodologiysi. Bugungi zamonning o'ziga xos xususiyati jamiyat va davlatning ijtimoiy sohani faol rivojlantirishga intilishi bo'lib, uning bir qismi insonning butun xayoti davomida uzluksiz ta'lim olish imkoniyatini ta'minlaydigan har xil turdagi va shakldagi muassasalardagi ta'limdir.
Maktab va bolalar bog'chasi ta'lim tizimining ikkita bog'liq bo'g'inidir. Ta'limning eng muhim vazifasi va uning asosiy natijasi - bu maktabgacha va boshlangich maktabda bolaning jismoniy, hissiy va intellektual rivojlanishi uchun umumiy qulay sharoit yaratadigan uzluksiz va uzviy ta'lim jarayoni hisoblanadi. Kompleks xal etishni taqozo etuvchi eng muxim vazifalardan biri bu o'zaro uzviy yagona ta'lim jarayonini yaratishdan iborat.
Uzluksizlik bu bilimlarning bosqichma-bosqich rivojlanishi va chuqurlashishini, aqliy faoliyatga qo'yiladigan talablarning murakkablashishini, shaxsiy va ijtimoiy xulq-atvorning shakllanishini ta'minlaydi. Maktabgacha ta'lim guruhi va boshlangich maktab o'rtasida uzviylikni o'rnatish maktabgacha va boshlangich maktab yoshidagi bolalarni tarbiyalash va o'qitish uchun sharoitlarni yaqinlashtirishga yordam beradi.
Ta'kidlash joizki, maktab bolalar hayotida keskin o'zgarishlar qilmasligi kerak. Bola o'quvchi bo'lsada, kechagi ishini bugun ham davom ettirishi kerak. Uning hayotida yangi bilimlar asta-sekin paydo bo'lishi muxim omillardan biri sanaladi.
Boshlangich ta'lim bosqichiga bola tayyorgarligining asosiy maqsadi maktabgacha yoshdagi bolada ta'lim faoliyatini o'zlashtirish uchun zarur bo'lgan fazilatlarni shakllantirish bo'lishi kerak. Masalan: qiziquvchanlik, tashabbuskorlik, mustaqillik, o'zboshimchalik, bolaning o'zini ijodiy namoyon etishi va boshqalar Ayni paytda, shuni yodda tutish kerakki, bog'cha va boshlangch ta'lim bosqichlari o'rtasidagi uzluksizlikni faqat bolalarni o'rganishga tayyorlash deb tushunilmasligi kerak.
Bolaning maktabda o'qishga maxsus va umumiy tayyorgarligini farqlash kerak. Maxsus tayyorgarlik, birinchi navbatda, ona tili, matematika kabi maktab fanlarini o'rganish uchun asos bo'lgan bilim, g'oya va ko'nikmalar bilan belgilanadi. Umumiy tayyorgarlik uning jismoniy va aqliy rivojlanishi bilan belgilanadi. Jismoniy tayyorgarlik - bu bolaning sog'lig'ining yaxshi holati, chidamliligi, salbiy ta'sirlarga chidamliligi; normal antropometrik ma'lumotlar (bo'yi, vazni, ko'krak atrofi), motorika sohasining yaxshi darajada rivojlanishi, qo'lning yozishni talab qiladigan kichik, aniq va xilma-xil harakatlarni bajarishga tayyorligi; madaniy va gigiyenik malakalarning yetarli darajada rivojlani va hokazo.Jismoniy rivojlangan bola maktabda tizimli ta'lim bilan bog'liq qiyinchiliklarni osonroq yengadi. Psixologik tayyorgarlik deganda, birinchi navbatda, aqliy rivojlanish darajasi tushuniladi.Katta maktabgacha yoshning oxiriga kelib, bolalar atrof-muhit, odamlar
hayoti, tabiat to'g'risida sezilarli bilimlarga ega bo'ladilar. Ushbu bilimlarning ko'lami bolalar bog'chasi dasturi bilan belgilanadi. Maktabgacha yoshdagi bolalar alohida ma'lumotni emas, balki o'zaro bog'liq bo'lgan bilimlar tizimini o'zlashtirishlari muhim bo'lib , ularning kognitiv qiziqishlarini rivojlantirishda bu katta ahamiyatga egadir hamda maktabda bolalarda turli xil ta'lim qiziqishlarini shakllantirish uchun asos bo'lib xizmat qiladi.
Bolaning maktabda o'qishga psixologik tayyorgarligining muhim tarkibiy qismi axloqiy va irodaviy tayyorgarlikdir. Ta'lim faoliyati ixtiyoriy diqqatni, maqsadli yod olishni, o'z xatti-harakatlarini nazorat qilish qobiliyatini, intizomni, mas'uliyatni, mustaqillikni, tashkilotchilikni va hokazolarni talab qiladi.Axloqiy va irodaviy tayyorgarlik tushunchasiga axloqiy fazilatlar ham kiradi. Axloqiy fazilatlar esa bolaga yangi maktab jamoasiga kirishga, faol ishtirok etishga yordam beradi.
Maktabgacha va boshlang'ich maktab yoshidagi bolalarni tarbiyalashning umumiy maqsadlari:
❖ axloqiy-barkamol shaxsni tarbiyalash;
❖ bolalarning jismoniy va ruhiy salomatligini muxofaza qilish va mustahkamlash;
❖ bolaning individualligi, jismoniy va aqliy rivojlanishini saqlash va qullab-quvvatlash.
Maktabgacha va boshlang'ich ta'limning uzluksizligi quyidagi ustuvor vazifalarni xal qilishi muhim ahamiyatga ega:
Maktabgacha ta'lim darajasida:
- bolalarni sog'lom turmush tarzi qadriyatlari bilan tanishtirish;
- har bir bolaning hissiy farovonligini ta'minlash, uning ijobiy qobiliyatlarini rivojlantirish;
- tashabbuskorlik, qiziquvchanlik, o'zboshimchalik, ijodiy o'zini namoyon qilish qobiliyatini rivojlantirish;
- atrofdagi dunyo haqida turli bilimlarni shakllantirish, turli xil faoliyatda bolalarning kommunikativ, kognitiv, o'yin va boshqa faolligini rag'batlantirish;
- dunyoga, odamlarga, o'ziga bo'lgan munosabatlar sohasida kompetensiyani rivojlantirish;
- bolalarni hamkorlikning turli shakllariga kiritish (kattalar va turli yoshdagi bolalar bilan).
Boshlangich ta'lim darajasida:
- o'quvchilarning fuqarolik o'ziga xosligi va dunyoqarashi asoslarini shakllantirish;
- o'rganish qobiliyati va o'z faoliyatini tashkil etish kobiliyati asoslarini shakllantirish;
- ta'lim faoliyatida maqsadlarni qabul qilish, qo'llab- quvvatlash va ularga rioya
qilish, o'z faoliyatini rejalashtirish, ulami nazorat qilish va baholash, ta'lim jarayonida o'qituvchi va tengdoshlar bilan o'zaro munosabatda bo'lish qobiliyati;
- ma'naviy-axloqiy rivojlanish o'quvchilarni tarbiyalash, ular tomonidan axloqiy me'yorlar, axloqiy munosabatlar, milliy qadriyatlarni o'zlashtirishni ta'minlash;
- sog'lom turmush tarzi qadriyatlarini ongli ravishda qabul qilish va ularga muvofiq o'z xatti-harakatlarini tartibga solish;
- yutuqlarni takomillashtirish, maktabgacha yoshdagi rivojlanish, maktabgacha yoshdagi bolalik davrida shakllangan fazilatlarni rivojlantirish uchun maxsus yordam;
- o'quv jarayonini individuallashtirish.
Pedagoglar jamoasi oldida turgan birinchi va asosiy vazifa bolani bolalar bog'chasidan maktab ta'lim muassasasiga o'tkazish jarayoni uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishdir. So'nggi paytlarda bolaning o'quv jarayoniga intellektual tayyorgarligining tarkibiy qismlari bo'yicha juda ko'p kelishmovchiliklar mavjud, shuning uchun olti yoshli bolalarni maktabga tayyorlashni yaxshilash bo'yicha birgalikda ishlash ham juda dolzarb vazifadir. Shu bilan birga, bolalarning maktab hayotiga qiziqishini shakllantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ota-onalarga bir muassasadan boshqasiga o'tish bosqichida bolaga hamrohlik qilishdagi rolini tushunishga yordam berish maktab xodimlarining ham, bog'cha tarbiyachilarining ham yetakchi vazifasi hisoblanadi.
Xulosa va takliflar. Bugungi kundagi maktabgacha yoshdagi bolalarning aqliy salohiyati tahlili shundan dalolat bermoqdaki, eng yangi zamonaviy axborot texnologiyalarini, yuqori darajadagi akselaratsiya jarayonlarining jadallashuvi sog'lom, faol, barkamol ijtimoiy moslashtirilgan bola shaxsini tarbiyalash, shuningdek kelgusidagi muvaffaqiyatli o'quv faoliyati uchun shart-sharoitlarni yaratish va bolalarni boshlang'ich ta'limga sifatli tayyorlash masalasiga jiddiy e'tibor qaratish lozimligini ko'rsatadi. Buning uchun esa avvalo biz maktabgacha ta'lim tashkiloti, maktab va oila o'rtasidagi hamkorlikni to'g'ri yo'lga qo'yishimiz lozim.
Bog'cha, oila va maktab o'rtasidagi hamkorlikni quyidagi ish turlari orqali tashkillashtirishni taklif qilaman:
1. Umumiy ota-onalar yig'ilishi: ota-onalarni maktabning asosiy talablari, bolalar bog'chasining olib borilayotgan ish mazmuni bilan tanishtirish, shaxsni rivojlantirish konseptsiyasining asosiy qoidalarini tushuntirish, bolalarni tarbiyalashning asosiy pedagogik, psixologik, tibbiy jihatlari haqida ma'lumot berish.
2. Guruhdagi ota-onalar yig'ilishi, bu umumiy muammolarni aniqlashtirishga, bolaning maktabga tayyorligini aniqlashning diagnostika usullariga e'tibor berishga imkon beradi. Pedagoglar bolalar bilan ishlash natijalari haqida gapiradilar, bolalar asarlari ko'rgazmalari, badiiy havaskorlik konserti va boshqalarni tashkil etish orqali bolalarning yutuqlarini namoyish etadilar;
3. Ota-onalar uchun ma'ruzalar va ota-onalar bilan ochiq darslar va suhbatlar bolalar erishgan natijalar, bolalar ishlari ko'rgazmalari, maxsus adabiyotlar haqida ma'lumot olishga yordam beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. "Ta'lim to'grisida"gi Qonun 2020-yil 23-sentabr
2. O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 5712-sonli farmoni 2019-yil 29-aprel.
3. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to'g'risida"gi PF-60-sonli farmoni.
4. O'zbekiston respublikasi vazirlar mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi "Maktabgacha ta'lim va tarbiyaning davlat standartini tasdiqlash to'g'risida"gi 802-sonli qaror
5. Qodirova F., Sh. Toshpo'latova, N. Qayumova, M. A'zamova Maktabgacha pedagogika. - T.: Tafakkur. 2019.
6. Maktabgacha pedagogika . Sh.Sodiqova. Toshkent-2013.
7. Maktabgacha va boshlang'ich ta'lim tizimida sifat samaradorligini oshirishning innovatsion yondashuvi. Davranova Gulbahor Numondjonovna 2-3- bet.
8. Maktabgacha va boshlang'ich ta'lim jarayonida uzviylikni ta'minlashning metodik imkoniyatlari. Xakimova Mehriniso Xokimatovna. 2022-yil 3-4-betlar
9. Екжанова Е. А. Коррекционно-развивающее обучение и воспитание. Программы дошкольных образовательных учреждений / Е.А. Екжанова Е.А. Стребелева. Просвещение, 2017. - 272 c