YOSHLAR IJTIMOIYLASHUVI, HUQUQ VA ERKINLIKLARINING
KAFOLATLANISHI Ostonov Oybek Aliqulovich
Tarix fanlari dokdori., dotsent. Toshkent davlat agrar universiteti "Gumanitar fanlar va huquq"
kafedrasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.10868715
Annotatsiya. Ushbu maqolada hozirgi paytdagi yoshlar tarbiyasidagi muammolar, ijtimoiylashtirish, yurtimizda yoshlarga bo'lgan e 'tibor va imkoniyatlar haqida yozilgan. Ijtimoiylashtirish jarayonida yoshlarning o'rni, imkoniyatlari va huquqlari maqola mazmunining diqqat markazidadir, shuningdek, salohiyatli shaxs, komil inson sifatida tarbiyalash jarayonlarida yuz bergan o'zgarishlar tahlil qilingan.
Kalit so'zlar: salohiyatli shaxs, yoshlar siyosati, ijtimoiylashtirish, komil inson, huquqiy madaniyat.
Abstract. This article is written about current problems in youth education, socialization, attention and opportunities for youth in our country. The role, opportunities and rights of young people in the process of socialization are in the focus of the content of the article, as well as the changes that occurred in the process of educating them as a potential person, a perfect human being are analyzed.
Keywords: potential person, youth policy, socialization, perfect person, legal culture.
Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo'yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yoshlarning huquq va erkinliklarini ta'minlash, orzu-umidlarini ro'yobga chiqarish masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilmoqda. O'g'il-qizlarni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs, komil inson sifatida tarbiyalash masalasiga o'ziga xos tarzda, zamonaviy usullar asosida yondashilmoqda, ularning tashkiliy-huquqiy asoslari tizimli ravishda takomillashib bormoqda.
Taraqqiyotni maqsad qilgan har bir davlatda yoshlarga oid davlat siyosati eng muhim yo'nalishlardan sanaladi. Mamlakat rivoji va ravnaqi, kelajakdagi nufuzini ta'minlashda aynan yoshlar siyosati katta ahamiyatga ega. Yoshlarga oid davlat siyosati o'z mohiyati bilan davlat tomonidan yoshlarning mamlakat manfaatlari yo'lida erkin ijtimoiylashuvi va o'zini samarali namoyon etishi uchun maqbul sharoit va imkoniyat yaratish yo'lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tizimidir. Yoshlarga oid davlat siyosati muhim siyosiy yo'nalish sifatida izchil jarayon bo'lib, u yoshlar mavqei va hayoti bilan bog'liq bo'lgan voqelikning bosh xususiyatlarini o'zida mujassam etadi.
Shu nuqtayi nazardan, yoshlarga oid davlat siyosati siyosiy yo'nalish sifatida O'zbekistonning Mustaqillik yillari tarixida yuz bergan hamda davlat tomonidan maqsadli amalga oshirilgan yoshlarga oid barcha ijtimoiy o'zgarishlar, tub islohotlar, transformatsiya jarayonlarini bosib o'tdi. Yoshlar siyosatining umumjahon miqyosidagi talqini BMTning bu boradagi rasmiy hujjatlarida ham aks etgan. Ushbu hujjatlarda yoshlar siyosati tushunchasi birmuncha keng ta'riflangan: xususan, "yoshlarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan davlat faoliyatining ajralmas qismi bu yoshlar siyosati hisoblanadi"[1.1].
Jamiyatimizdagi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlarning ijtimoiy ahvoli, qobiliyati va qiziqishlari o'rganilib, ular 3 toifaga ajratildi. Bunda yaxshi o'qiyotgan, tadbirkorligini yo'lga
qo'ygan, rasmiy sektorda ishlaydigan, qobiliyati bor, ijtimoiy faol bo'lgan 4,4 million yosh "yaxshi" toifaga, turmush taqozosi bilan rasmiy sektordan ish topa olmagan, lekin iqtisodiy faol 4,6 million yosh «o'rta» toifaga, davlatning g'amxo'rligi va e'tiborini kutayotgan hamda ko'makka muhtoj 396 ming nafar yosh "ahvoli og'ir» toifaga ajratib olindi.
Haqiqatdan ham, mustaqillik yillarida tug'ilib, voyaga yetayotgan avlodning ta'lim tarbiyasi davlat va jamiyat uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Zero, jamiyatda kechayotgan siyosiy jarayonlarda mamlakat yoshlarining ongli va mas'uliyatli ishtiroki shu jarayonlarning muvaffaqiyati va pirovard natijasini belgilaydi. Ta'lim muassasalarida o'quvchilarga keng va professional bilim egallashi bilan birga, chet mamlakatlardagi tengdoshlari bilan faol muloqot qilishlari, bugun dunyoda ro'y berayotgan yangilik va o'zgarishlardan atroflicha xabardor bo'lishi, xorijiy tillarni ham chuqur o'rganishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgan.
Ta'lim-tarbiya sohasida amalga oshirilgan islohotlarni yurtimizdagi tub o'zgarishlar, yangilanishlarning asosi desak ayni haqiqatni aytgan bo'lamiz. Zero, har bir yurtning buguni va kelajagi, tom ma'noda, ta'lim tizimining qay darajada rivojlangani, barkamol avlodni tarbiyalash uchun yaratilgan shartsharoitlar islohotlarning natijalari bilan belgilanadi. Xususan, sinov tariqasida 11 yillik majburiy o'rta ta'lim tizimiga o'tish munosabati bilan bo'shaydigan kollej ustaxonalari negizida yoshlarni, ayniqsa, uyushmagan yoshlarni 6 oygacha bo'lgan muddatda bepul o'qitish va kasbga qayta o'qitish markazlari tashkil etiladi. Endilikda yoshlar tarbiyasi, ularning ma'naviyatini yuksaltirish sohasidagi islohotlarni tizimli, bosqichma-bosqich amalga oshirish strategiyasi belgilab olindi. voyaga yetmaganlar va yoshlar huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslari yaratilib, zarur institutsional tuzilmalar shakllantirildi. navbatdagi bosqichda yoshlar muammolarini hal etishga qaratilgan dasturlarni amalga tatbiq qilish, birinchi navbatda, qishloq yigit-qizlarini ish bilan ta'minlash, jismoniy tarbiya va sport bilan shug'ullanishi uchun imkoniyat yaratish, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish masalalariga e'tibor kuchaytirildi[2.23].
Yoshlarning ijtimoiylashuvi, huquq va erkinliklarining kafolatlanishi, jamiyatda o'z o'rnini topishi uchun o'zini mas'ul deb bilgan har bir davlat yoshlar hayotiga yoshlarga oid siyosat bilan ta'sir o'tkazadi. Yoshlarni ijtimoiy to'g'ri yo'naltirish, ularga hayotda o'z o'rnini topishlari uchun moddiy va ma'naviy sharoit yaratib berish asnosida davlat va yoshlar o'rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib boradi va bu, o'z navbatida, bevosita yoshlarning huquq va burchlarga rioya qilish mas'uliyatini ham oshiradi. Yoshlarning subektligi, ijtimoiy faollik, o'z o'zini nazorat qilish va boshqarish va mavqeini belgilash bilan tavsiflanuvchi yaxlit ijtimoiy jarayonlarning omili hisoblanadi[3.36].
Ma'lumki, har qandan huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biri bu fuqarolarning huquqiy madaniyati yuksakligidir. Shunday ekan, mamlakatimiz o'z mustaqilligini qo'lga kiritgandan so'ng barcha sohalarni huquqiy tartibga solish yuzasidan keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, istiqlol yillarida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to'g'risidagi qonun ishlab chiqilib, farzandlarimizning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, qalbida erkinlik va mas'uliyat tuyg'ularini qaror toptirishga alohida e'tibor qaritila boshlandi.
Mamlakatimizda yoshlarni yetuk, keng mushohadali, har jihatdan komil inson qilib tarbiyalashga katta e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Jumladan, bolalar va yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish va bu boradagi me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish masalalari asosiy vazifalardan biri etib belgilangan. Bundan yoshlarga huquqiy bilimlar berishning muntazam
tizimini yaratish, ularning huquqiy savodxonligiga erishish, yuksak huquqiy ongi va madaniyatini shakllantirish vazifasi ham kelib chiqadi. Mustahkam huquqiy bilim esa, o'z navbatida, yoshlarning siyosiy-huquqiy faolligi hamda huquqiy ijtimoiylashuvi garovidir.
Ta'kidlash joizki, XX asr o'rtalaridan boshlanib, XXI asrda keng qamrovli jarayonga aylangan globallashuv tendensiyalari odamlararo va davlatlararo munosabatlarda ichki tarqoqlik, begonalashuv holatlarini yuzaga keltirdi. Ayniqsa, odamlarning birlamchi va mustahkam bog'liqlik bo'g'ini bo'lgan oila instituti, oilada er-xotin, aka-uka, opa singilar, yaqin qarindoshlar o'rtasidagi an'anaviy mehr-muhabbat, sadoqat, o'zaro yakdillik muhiti tanazzulga yuz tutdi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ijtimoiy tarmoqlarida odamlararo mehr-shavqat, bag'rikenglik, o'zaro sadoqat tuyg'ularining susayib ketganligi, yangi avlodning katta avlod turmush tarziga, xususan o'z ota-onalari amal qilib kelgan odat va an'analariga bepisandligi, ular tomonidan qadrlangan adabiyot, san'at durdonalarini o'zlashtirmay qo'yganliklari, ilm-fanga bee'tiborligi, tabiatni e'zozlash o'rniga uni vayron qilishga moyilliklari tahlil etilib, "de-fakto" shakllanib bo'lgan holatdan chiqishning yagona yo'li sifatida har bir sohada ijtimoiy bog'liklik, odamlararo o'zaro hamjihatlikni kuchaytirishga yo'naltirilgan faoliyatlarni amalga oshirish vaziyatni o'nglashning yagona yo'li ekanligi qayd etilmoqda[4.47].
Ma'lumki, demokratik davlatda yoshlar o'zining haq-huquqlari va ehtiyojlarini aniq maqsadga yo'naltirilgan davlat siyosati orqaligina ro'yobga chiqara oladilar. Demak, yoshlar jamiyatning kelajagini ta'minlovchi ijtimoiy qatlamga aylanishi uchun bevosita davlatning alohida g'amxo'rligiga muhtojdir.
Hozirgi kunda eng muhim vazifalardan biri barkamol shaxs tarbiyasi bo'lgani uchun yosh avlodni ma'naviy jihatdan tarbiyalash muammosining dolzarbligi va ahamiyati ortib bormoqda. Ma'naviy barkamol insonni tarbiyalab voyaga yetkazish davr talablari asosida yuzaga kelgan, siyosiyijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotimiz taqdiri bilan uzviy aloqadorlikka bo'lgan ulug'vor, mas'uliyatli, davlat ahamiyatiga ega bo'lgan vazifa ekanini quyidagicha bayon etish mumkin:
Birinchidan, O'zbekistonning buyuk davlat bo'lishini madaniyatli, ma'naviyatli, yuksak odob-axloqli, o'z xalqi, millati, Vatanini butun vujudi ila sevib -ardoqlaydigan, ajdodlari yaratgan bebaho ilmu-hunar javohirlarini imkon qadar mukammalroq egallab olgan, butun insoniyatga xos qadriyatlardan bahramand, boxabar bo'lgan komil insonlarsiz tasavvur etib bo'lmaydi.
Ikkinchidan, fuqarolik jamiyatini barpo etishning eng muhim shartlaridan biri - yangicha, zamonaviy fikrlovchi, imon-e'tiqodi mustahkam, mustaqillik yillarida shakllangan tafakkur va dunyoqarashga ega bo'lgan, mustaqillik ma'naviyati asoslarini mukammal o'zlashtirib olgan barkamol avlodni, kamolotga erishgan insonlarni shakllantirishdan iboratdir.
Uchinchidan, jamiyatimiz taraqqiyotining poydevori bo'lgan barkamol avlod va kamolotga yetgan insonlar poraxo'rlik, o'g'rilik, tovlamachilik, firibgarlik, vazifani suiiste'mol qilish kabi yaramas illatlarning oldini olish, ijtimoiy adolat qaror topishini ta'minlashning muhim va zarur omillaridan bo'lib hisoblanadi. Barkamol shaxs bo'lib shakllanish O'zbekiston ta'lim tizimi doirasida, uning oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta'limi bosqichi uchun, barkamol shaxs modelini joriy etishning barcha yo'nalishlarini o'ziga qamrab olgan tarzda olib borilishini taqozo etadi.
Xulosa qilib aytganda, ta'lim tizimidagi innovatsion yondashuvlar va yoshlarimizni har tomonlama qo'llab-quvvatlash orqali davlatimizning ta'lim va yoshlarga bo'lgan e'tiborining naqadar yuksak ekanligidan dalolat beradi. Shuningdek, Yangi O'zbekistonni barpo etishda albatta jadal islohotlar, ilm-ma'rifat va innovatsiyalar yetakchi o'rinda bo'lishi bugungi globallashuv jarayonida O'zbekiston yoshlari o'z fikri, o'z dunyoqarashi, o'z bilim salohiyati, eng asosiysi,
xalqaro miqyosida o'z so'zi va o'z o'rniga ega shaxslar bo'lib voyaga yetmoqda. Darhaqiqat, bugun bizning asosiy vazifamiz yaratilib berilayotgan ulkan imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda vatan taraqqiyoti yo'lida xizmat qilish asosiy vazifalaridan biriga aylanishi kerak.
REFERENCES
1. Молодежь в организации Объединенных Наций / Библиотека документов ООН, связанных с молодежью. [Электронный ресурс]. - Режим доступа: http://www.un.org/ youth.html.
2. Мухаммаджанов O., Мухитдинова Ф. Узбекистонда ёшлар хукуки: ;онун ва имтиёзлар. - Тошкент: «Маънавият», 2019. - Б.23.
3. Социальные технологии. Толковый словарь // — Москва-Белгород: Луч Центр социальных технологий, 1995.-С 36.
4. Бекмуродов М. Ёшларнинг ижтимоий ривожланиши ва унинг субъектив омиллари // Ёшлар га оид давлат сиёсатини амалга ошириш стратегияси: мавжуд вазият ва ривожлантириш истикболлари. Конференция маколалар туплами. - T.: "Tafakkur-Bo'stoni" 2019. -Б.47.