YOSHLARGA OID DAVLAT SIYOSATIDA HUQUQIY TA'LIM JARAYONIDA
PEDAGOGIK YONDASHUV 1Raximova Saida Durdiyevna, 2Sharifjonov Asilbek Inomjon o'g'li
1Toshkent davlat agrar universiteti "Gumanitar fanlar va huquq" kafedrasi assistenti 2Toshkent davlat agrar universiteti talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.10868881
Annotatsiya. Ushbu maqolada mamlakatimizning kelajagi bo'lmish yoshlarni huquqiy, madaniy, ma'naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularni olib borilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, yoshlar huquqiy ongini yuksaltirish mamlakatimizning kelajagini belgilash yoritilgan. Mamlakatimizning ertangi kuni, jamiyatda o'zgarishlarga sabab bo 'ladigan, bunyodkorlik g'oyalarini hayotga tatbiq etuvchi muhim kuch, ma'naviy salohiyatli resurs hisoblangan yoshlarni ma'naviy va ijtimoiy jihatdan qo'llab-quvvatlash, jamiyatda munosib o'rin egallashlariga qulay shart-sharoityaratish orqali ularniyurt taqdiri va kelajagini hal qiluvchi katta kuchga aylanishiga ko'maklashish har birimizning muhim vazifalarimizdan sanalashiga ham to'xtalib o 'tilgan. Jamiyatda huquqiy madaniyatini yuksaltirishning yoshlar tarbiyasidagi o'rni ochib berilgan. Buyuk mutafakkir ajdodlarimiz asarlaridagi komil inson g'oyasining tarixiy-falsafiy talqiniga alohida e 'tibor qaratilgan. Yangi O'zbekiston sharoitidayuksak ma'naviyatli avlodni tarbiyalashning ma'naviy, huquqiy asoslari ko'rsatib o'tilgan.
Kalit so'zlar: huquqiy ong, huquq, madaniyat, tarbiya, qonun, yoshlar, harakatlar strategiyasi, yoshlarga oid davlat siyosati.
Yoshlar huquqiy ongi va madaniyatini oshirishni tubdan takomillashtirish maqsadida qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining "Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida"gi Qonuni va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to'g'risida"gi Farmoni bugungi davr talablariga mos ravishda har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakatimiz istiqboli uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, xalq manfaati yo'lida bor salohiyatini safarbar qiladigan, shijoatli yoshlarni tarbiyalash, ularni intellektual va ijodiy salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratildi.
O'zbekiston Respublikasida "Yoshlar huquqlari bo'yicha" xalqaro konvensiya ishlab chiqishga doir tashabbusi bevosita xalqaro mazmun-mohiyatga egaligi bilan chambarchas bog'liq. Prezidentimizning xalqaro tashabbusi butun dunyo yoshlari huquqlarini, demakki ularning to'kis va farovon buguni hamda baxtli kelajagini ta'minlashga qaratilgan. Yer yuzining qaysi hududida bo'lmasin, yoshlar yanada adolatli va teng huquqli muhitda yashashni hamda eng zamonaviy imkoniyatlar va qulayliklardan foydalanishni, qolaversa, o'zlari mansub jamiyatlardagi qarorlar qabul qilish jarayonlarida erkin ishtirok etishni xohlaydilar. Ular hozirgi davrda to'laqonli ta'minlanishi tobora o'tkir muammoga aylanayotgan ta'lim, sog'liqni saqlash, bandlik va gender tenglik bilan bog'liq huquqlari yo'lidagi turli g'ovlar bartaraf etilishini haqli ravishda talab qilib chiqmoqdalar.
Yoshlarning taraqqiyot sohasidagi hal qiluvchi mavqeidan kelib chiqib, ularga o'z salohiyatlarini namoyon etishlari uchun yetarlicha bilim berish va imkoniyatlar eshigini keng ochish kerak. Xususan, yoshlar iqtisodiyot rivojiga munosib ulush qo'sha olishlari uchun, bir
tomondan, ular zarur bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishlari, ikkinchi tomondan, mehnat bozorida ular uchun keng yo'l ochib berilishi shart.
"2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi" demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish bilan bog'liq bir qator yangi va muhim vazifalarni belgilab berganligini alohida qayd etish joiz. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning O'zbekiston yoshlariga bayram tabrigida: "-...Biz yoshlarga doir davlat siyosatini hech og'ishmasdan, qat'iyat bilan davom ettiramiz. Nafaqat davom ettiramiz, balki bu siyosatni ustuvor vazifa sifatida bugungi davr talab qilayotgan yuksak darajaga ko'taramiz. Sizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab, hayotda o'z mustahkam o'rningizni topishingiz, baxtli bo'lishimiz uchun davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etamiz" degan fikrlarni bildirgan.
Bugungi kun yoshlari nafaqat faol, ma'naviy tahdidlarga qarshi tura oladigan bilimdon, yuksak ma'naviyatli bo'lishlari kerak. Buning uchun yoshlarning qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolarini yechishda amaliy yordam ko'rsatishimiz, ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan ishlashga alohida e'tibor qaratishimiz zarur. Bu vazifani samarali amalga oshirishda biz asrlar mobaynida shakllangan milliy an'analarimizga, ajdodlarimizning boy merosiga tayanmog'imiz lozim. Shuni alohida ta'kidlashimiz joizki, yoshlarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, xorijiy tillarni egallashlari, har tomonlama sog'lom va barkamol bo'lib, hayotdan munosib o'rin egallashlari uchun barcha kuch va imkoniyatlarni safarbar etishimiz kerak.
Ma'lumki, 2021-yilda mamlakatimizda 15-19 yoshlilar - 2 569 705 nafar 25-29 yoshlilar - 3 218 218 nafarni tashkil qiladi. O'z-o'zidan ayonki, aholimizning aksariyat qismini tashkil etadigan yoshlarimizning hali-beri yechilmagan muammolariga e'tiborimizni jalb etish, ularni hayotimizda haqiqatdan ham hal qiluvchi kuchga aylantirish masalasi jamoatchiligimizning diqqat markazida turibdi. Albatta bu, davlatimiz zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklashini ko'z oldimizga keltirsak, juda katta e'tibor, g'amxo'rlikni talab etadi, ikkinchi tomondan yoshlarimizga ko'rsatiladigan e'tibor, ertaga ulkan yutuq va natijalarini ham beradi. Chunki hozir O'zbekiston mehnat resurslarining yarmidan ko'pi yoshlardir. Navqiron avlod har bir mamlakatning ertangi kuni, jamiyatda o'zgarishlarga sabab bo'ladigan, bunyodkorlik g'oyalarini hayotga tatbiq etuvchi muhim kuch, salohiyatli resurs hisoblanadi. Albatta, yoshlarni ijtimoiy, ma'naviy va moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash, huquq hamda majburiyatlarini to'laqonli ro'yobga chiqarishga ko'maklashish, jamiyatda munosib o'rin egallashlariga qulay sharoit yaratish orqali ularni yurt taqdiri va kelajagini hal qiluvchi katta kuchga aylantirish mumkin.
Yoshlarga oid davlat siyosatining tashkiliy-huquqiy asoslarini yoshlar bilan ishlovchi tashkilotlar faoliyatida ko'rish mumkin. Yoshlar har bir davlatning kelajagini belgilovchi kuch ekanini e'tiborga olsak, dunyoning deyarli barcha davlatlarida bejiz yoshlar siyosatini amalga oshirish bo'yicha milliy konsepsiyalar ishlab chiqilib, samarali faoliyat olib borilayotganining guvohi bo'lamiz. Shu ma'noda, O'zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois ham, yoshlar barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida e'tirof etib kelingan.
Sharq Uyg'onish davrida ham, jadidlar faoliyatida ham, jamiyatning yangilanishida ham, yoshlarning o'rni beqiyos bo'lgan. Shu jihatdan muntazam shakllanib boruvchi bu qatlam doimiy yo'naltirib va qo'llab-quvvatlab turishni talab etadi. Bu esa, davlat tomonidan yoshlarning
mamlakat manfaatlari yo'lida erkin ijtimoiylashuvi va o'zini samarali namoyon etishi uchun maqbul sharoit va imkoniyat yaratish hamda yoshlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar tizimi yoshlarga oid davlat siyosatini anglatadi.
Shu bois, mamlakatimizda eng katta e'tibor mustaqil fikrlaydigan, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan bo'lib, bu vazifa O'zbekiston Respublikasining "Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida"gi Qonuni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi "O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi to'g'risida"gi PF-4947-son, 2017-yil 5-iyuldagi "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O'zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo'llab-quvvatlash to'g'risida"gi PF-5106-son, 2018-yil 25-yanvardagi "Umumiy o'rta, o'rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-5313-son Farmonlari, shuningdek, ko'plab qaror va yoshlarga oid boshqa qonun hujjatlarida belgilangan.
Ayniqsa, bu borada "Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida"gi O'zbekiston Respublikasi qonunining qabul qilinishi yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashning huquqiy mexanizmlarini yaratish sohasidagi yangilik bo'ldi desak mubolag'a bo'lmaydi. Ma'lumki, mazkur qonun 4 bob, 33 moddadan iborat bo'lib, davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish, ularning intellektual, ijodiy va boshqa salohiyatlarini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutgan. Unda belgilangan normalar yoshlar huquq va erkinliklarini ta'minlangan. Shuningdek, ushbu qonunda yoshlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashning qo'shimcha chora-tadbirlari, iqtidorli va iste'dodli yoshlarni, yoshlar tadbirkorligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash, yoshlar ijtimoiy xizmatiga oid normalar o'z aksini topgan.
Yoshlarning jamiyat huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda ma'naviy fazilatlari, avvalo, ularning milliy g'oyamizga bo'lgan ishonch va e'tiqodi, yot va zararli g'oyalarga nisbatan g'oyaviy kurashchanligi, fuqarolik pozitsiyasi, o'z ona tili, tarixi, milliy urf-odatlari, an'analariga, qadriyatlarga bo'lgan ishonch va e'tiqodi hamda e'tiborida ko'rinadi. Buning uchun yoshlar jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun zamonaviy boshqaruv texnologiyalarini yaxshi bilishlari, o'z fikrlarini ona tilida ravon, turli tillarda mustaqil va lo'nda ifoda eta olishlari muhim.
Ayni paytda xorij tillarini bilishlari jamiyat boshqaruvida dunyo mamlakatlari erishgan yutuqlarni qo'llashda va ularni ma'naviy salohiyatini belgilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yangiliklarni qabul qilishga imkoniyat yaratadi. Yangiliklarni qabul qilmasdan esa taraqqiyotga erishib bo'lmaydi. Bu hozirgi zamon ilm-fan taraqqiyoti va raqamli iqtisodiyotni amalga oshirish bilan bog'liq yoshlar oldida turgan muhim vazifadir. Yoshlar yangiliklarni qabul qilishga tayyor bo'lishlari busiz taraqqiyotga erishib bo'lmasligini chuqur anglab yetishlarini taqozo etadi. Dunyoni bilish, tajriba almashish doimo taraqqiyotga yetaklaydi. Shu nuqtai nazardan ushbu taraqqiyot huquqiy ong va madaniyatning yuksalishiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, birinchidan, yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish davr taqazosi, shunday ekan yoshlar ham o'z faolligi bilan davrning mazmunini yanada boyitishga, unga yangicha ma'no-mazmun olib kirishga imkoniyat yaratish lozim. Buni O'zbekistonda yoshlarga yaratib berilayotgan yangi imkoniyatlar orqali ham ko'rish mumkin.
Ikkinchidan, O'zbekiston jamiyatida milliy-ma'naviy meroslardan foydalanishda ham yangicha yondashilmoqda. Turli xil sohalarda turizm rivojlanmoqda. Yoshlarning bilim olishlari uchun yangi yo'nalishlar tashkil etilmoqda. Yangi oliy ta'lim muassasalari va unga ko'proq yoshlarni jalb etish imkoniyati paydo bo'lmoqda. Istiqbolda 50-60 % yoshlarni oliy ta'limga jalb
etish bo'yicha istiqbolli maqsadlar belgilab olinmoqda. Bu ilm-fan va raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirish maqsadlari bilan mushtarak ekanligini ta'kidlash lozim.
Uchinchidan, bugungi yoshlar ilm-fan va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda asosiy va hal qiluvchi qatlamga aylanishi zarur. Bu maqsadlarga erishishni yoshlarni yuksak ma'naviy salohiyati va ilm-fanni egallashga bo'lgan intilishi va vatanparvarlik tuyg'ularining yuqori bo'lishisiz tasavvur etib bo'lmaydi. Shuning uchun yoshlarga yangicha yondashish va yangi tehnologiyalarni qo'llash masalasi nafaqat bugungi kun bilan kelajakda ham eng istiqbolli vazifalardan biri bo'lib qoladi.
Yoshlar uchun bugungi kunda olib borilayotgan barcha ishlar, moddiy va ma'naviy yordamlar, ularga qaratilayotgan bunday e'tiborlar albatta natijasini ko'rsatadi. Biz bunga ishonamiz. Prezidentimizning biz yoshlarga ko'rsatayotgan bunday yoshlarga doir siyosatini qo'llab quvvatlaymiz va har bir chaqirig'iga "labbay" deb javob bermog'imiz darkor. Zero, Yangi O'zbekiston kelajagi yoshlar qo'lida.
Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, bizning bosh maqsadimiz Yangi O'zbekiston kelajagi bo'lmish yoshlarimizga vatanparvarlik, insoniylik va haqiqatparvarlik g'oyalarini singdirish. Zero, bu g'oyalar axloqiy ma'rifatni negizini tashkil etadi. Shunday ekan ta'lim maskanlarining har bir bosqichida yoshlarimizni axloqiy bilimlarini shakllantirishimiz va uni yanada kengaytirishimiz har qachongidan dolzarbroq ahamiyat kasb etmoqda. Qolaversa, yoshlarimizda media madaniyatni shakllantirish orqali ularni ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanishlari uchun ularni axloqiy ma'rifatini boyitmog'imiz kerak. Zero, ma'naviy barkamol intellektual salohiyati yuqori avlod tarbiyasi nafaqat O'zbekistonda balki butun jahonda eng muhim vazifalardan biri sifatida namoyon bo'lmoqda. Aynan ma'naviy barkamol avlod mamlakat kelajagini belgilab beradi. Ma'naviy barkamollik esa jamiyat taraqqiyotining eng muhim omilidir.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-iyuldagi "Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O'zbekiston Yoshlar ittifoqi faoliyatini qo'llab-quvvatlash to'g'risida"gi PF-5106-sonli Farmoni. O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2017-y, 27-son.
2. Mirziyoyev Sh.M. O'zbekiston yoshlariga bayram tabrigi. 2018-y. 29-iyun // O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti - www.president.uz
3. Sh.M.Mirziyoyev. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. -T.: - O'zbekiston | NMIU, 2018. - 495-496-b.
4. Sh.Mirziyoyev. Erkin va farovon, demokratik O'zbekiston davlatini mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz! // Xalq so'zi, 2016-yil 15-dekabr.
5. I.Karimov - Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir. - T.: Ma'naviyat, 2015. - 82 b.
6. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi sayti: www.stat.uz