Научная статья на тему 'YOSHLAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISHNING XALQARO MEXANIZMLARI'

YOSHLAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISHNING XALQARO MEXANIZMLARI Текст научной статьи по специальности «Политологические науки»

CC BY
17
2
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and innovation
Ключевые слова
Konstitutsiya / yoshlar huquqlari / xalqaro hujjatlar / deklaratsiya / mahalla yoshlar yetakchilari / jamiyat / davlat / demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati.

Аннотация научной статьи по политологическим наукам, автор научной работы — Umurzakova N.M.

Ushbu maqolada yoshlarga belgilab qo‟yilgan huquq va erkinliklar, xalqaro qonunchilik hujjatlari va o’tgan yili respublikamizda xuddi shu mavzuda o’tkazilgan xalqaro forumda erishilgan yutuqlar va xalqaro maydonda bu borada O’zbekiston erishhgan yutuqlar va tashabbuslar muxokama etilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «YOSHLAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISHNING XALQARO MEXANIZMLARI»

YOSHLAR HUQUQLARINI HIMOYA QILISHNING XALQARO MEXANIZMLARI

Umurzakova N.M.

Toshkent davlat agrar universiteti "Gumanitar fanlar va huquq" kafedrasi katta o'qituvchisi Mobil:+998990129077 E-mail:[email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.10867993

Annotatsiya. Ushbu maqolada yoshlarga belgilab qo"yilgan huquq va erkinliklar, xalqaro qonunchilik hujjatlari va o'tgan yili respublikamizda xuddi shu mavzuda o'tkazilgan xalqaro forumda erishilgan yutuqlar va xalqaro maydonda bu borada O'zbekiston erishhgan yutuqlar va tashabbuslar muxokama etilgan.

Kalit so'zlar: Konstitutsiya, yoshlar huquqlari, xalqaro hujjatlar, deklaratsiya, mahalla yoshlar yetakchilari, jamiyat, davlat, demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati.

Аннотация. В данной статье обсуждаются права и свободы, установленные для молодежи, международные законодательные акты и достижения, достигнутые на прошедшем в прошлом году в нашей республике международном форуме на эту же тему, а также достижения и инициативы, достигнутые Узбекистаном на международной арене.

Ключевые слова: Конституция, права молодежи, международные документы, Декларация, лидеры соседской молодежи, общество, государство, демократическое правовое государство и свободное гражданское общество.

Abstract. This article discusses the rights and freedoms established for young people, international legislation and achievements achieved at the international forum on the same topic held last year in our republic, as well as achievements and initiatives achieved by Uzbekistan in the international arena.

Keywords: The Constitution, youth rights, international documents, Declaration, neighborhood youth leaders, society, state, democratic rule of law and free civil society.

"Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimizning qanday inson bo'lib kamolgayetishi bilan bog'liq. Bizning asosiy vazifamizyoshlarning o'z salohiyatini namoyon

qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat" O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assableyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqidan.

Bashariyatning necha ming yillik tarixiy rivojlanish tajribasi shundan dalolat beradiki, har qanday davlatning kelajagi hamisha yosh avlodga to'g'ridan to'g'ri bog'liq bo'lib kelgan. Chunki aynan 18-30 yosh oralig'idagi navqiron insonlarning kreativ, ya'ni zamonaviy fikrlashi, bemisl shiddat-shijoati, ijtimoiy mas'uliyatni his etib yashashi, puxta bilim olganligi va muayyan kasb-korni egallaganligi har qanday demokratik jamiyatning barqaror taraqqiyotini ta'minlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.

E'tibor bering: hozirgi kunda sayyoramizda istiqomat qiladigan 15 yoshdan - 24 yoshgacha bo'lgan insonlar soni 1 milliard 200 million nafardan ortiq bo'lib, bu dunyo jami aholisining 16 foizi, deganidir. BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarining bajarilishi muddati tugaydigan sana, ya'ni 2030 yilda ushbu ko'rsatkich 7 foiz ko'payib, salkam 1 milliard 300 million nafarga yetishi kutilmoqda.

Shu ma'noda, O'zbekiston yoshlarini intellektual, jismoniy va ma'naviy-ruhiy jihatdan barkamol etib tarbiyalash uchun davlat va jamiyatning kuch-salohiyati, mablag'i va boshqa zarur

imkoniyatlari tobora ko'p, izchil hamda tizimli asosda yo'naltirilayotgani bejiz emas. Binobarin, bugungi kunda mamlakatimizda 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar 19 million 600 ming nafardan ziyodni yoki aholining 55,6 foizini tashkil qilmoqda. Mehnat bozoriga har yili o'rtacha 600 ming nafar yoshlar kirib kelayotgani hisobga olinsa, kelgusi 10 yilda bu raqam 1 millionga yetadi.

Bu haqda fikr yuritganda, albatta, O'zbekiston Prezidenti Nyu-Yorkda bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sesiyasida so'zlagan nutqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida Markaziy Osiyo yoshlari rivojiga ko'maklashish bo'yicha ishchi guruh tuzish tashabbusi bilan chiqqanini ta'kidlash zarur. Nega deganda, ushbu tashabbus bizning butun mintaqada yoshlar huquqlarini eng yuksak darajada ta'minlash va ro'yobga chiqarishdan manfaatdorligimizni yana bir bor amalda tasdiqladi.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarida istiqomat qiladigan jami aholining qariyb yarmini yoshlar tashkil etadi. Bu muhim omil, bir tomondan, ana shu ko'psonli navqiron insonlarning huquqlarini yanada to'la ta'minlash choralarining dolzarbligini bildirsa, ikkinchi tomondan, barkamol yosh avlod kuch-shijoati, bilimi va salohiyatini taraqqiyot, barqarorlik hamda bunyodkorlik faoliyatiga yo'naltirish alohida ahamiyat kasb etishini anglatadi.

O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 72-sesiyasida BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surgandi. O'z navbatida, davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 75-sesiyasida xalqaro hamjamiyatni ushbu Konvensiyaning qabul qilinishi bilan bog'liq O'zbekiston tashabbusini qo'llab-quvvatlashga chaqirdi.

Yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro konvensiyani ishlab chiqish tashabbusining ro'yobga chiqarilishi yoshlar duch kelayotgan muammolarga samarali yechimlar topish, shuningdek, xalqaro hujjatlarda mavjud bo'lgan yoshlar huquqlariga taalluqli ayrim nomuvofiq o'rinlarni bartaraf etishda katta rol o'ynaydi. Shuni inobatga olgan holda, xalqaro jamoatchilik orasida mazkur tashabbusni qo'llab-quvvatlovchilar safi ortib bormoqda.

O'z navbatida, mazkur xalqaro forumni o'tkazish uchun nega aynan Toshkent shahri tanlandi, degan savol tug'ilishi mumkin. Gap shundaki, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH) hukumat rahbarlari kengashining qaroriga ko'ra, 2024 yil bo'yicha Toshkent shahriga "MDH Yoshlar poytaxti" maqomi berildi. Shu nuqtayi nazardan, yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro anjumanning poytaxtimizda bo'lib o'tishi mantiqan asosli va har tomonlama maqbul, deb hisoblaymiz.

Yer yuzining qaysi hududida bo'lmasin, yoshlar yanada adolatli va teng huquqli muhitda yashashni hamda eng zamonaviy imkoniyatlar va qulayliklardan foydalanishni, qolaversa, o'zlari mansub jamiyatlardagi qarorlar qabul qilish jarayonlarida erkin ishtirok etishni xohlaydilar. Ular hozirgi davrda to'laqonli ta'minlanishi tobora o'tkir muammoga aylanayotgan ta'lim, sog'liqni saqlash, bandlik va gender tenglik bilan bog'liq huquqlari yo'lidagi turli g'ovlar bartaraf etilishini haqli ravishda talab qilib chiqmoqdalar.

Yoshlarning taraqqiyot sohasidagi hal qiluvchi mavqeidan kelib chiqib, ularga o'z salohiyatlarini namoyon etishlari uchun yetarlicha bilim berish va imkoniyatlar eshigini keng ochish kerak. Xususan, yoshlar iqtisodiyot rivojiga munosib ulush qo'sha olishlari uchun, bir tomondan, ular zarur bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishlari, ikkinchi tomondan, mehnat bozorida ular uchun keng yo'l ochib berilishi shart.

Yoshlar huquqlarini himoya qilish tizimini rivojlantirish sohasida Afrika, Osiyo, Yevropa qit'alari hamda Tinch okeani va Lotin Amerikasi mintaqalarida hukumatlararo konferensiyalar

tomonidan qabul qilingan ilg'or vosita va standartlar eng muhim o'rinlarni egallab turibdi. Bu vosita va standartlarning aksariyati BMT doirasida qabul qilingan bo'lib, keyingi 30 yilda yoshlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hujjatlar soni 10 tadan oshganini ta'kidlash darkor.

Shubhasiz, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi insonning, shu jumladan, yoshlarning ajralmas huquqlari kafolatlangan birinchi xalqaro-huquqiy hujjat hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, joriy yilda mazkur Deklaratsiyaning 75 yilligi butun dunyoda keng nishonlanayotgan tahsinga loyiq.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining yubileyi yana bir xalqaro sana - Inson huquqlari bo'yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligi bilan hamohang nishonlanmoqda. Zero, 1993 yili bo'lib o'tgan ushbu konferensiyada BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasiga asos solingan.

Deklaratsiyaning 75 yilligi doirasida va inson huquqlarini himoya qilish bilan bog'liq qizg'in faoliyatning peshqadamlari bo'lgan yoshlar o'z huquqlarini amalga oshirish asnosida turli qiyinchiliklarga duch kelayotganini hisobga olgan holda, BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan Yoshlar huquqlari bo'yicha maslahat guruhi ta'sis etilgan. Maslahat guruhining asosiy vazifasi inson huquqlarini ta'minlash faoliyatida izchil ishtirok etish, yoshlar siyosatiga oid tashabbuslarni qo'llab-quvvatlash va yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish sohasidagi tashabbuslarni rag'batlantirishdan iborat.

Bu o'rinda, ayniqsa, BMT Bosh Assambleyasining 1995 yil 14 dekabrdagi 50/81-son rezolyutsiyasi bilan Yoshlar manfaatlari uchun butunjahon sa'y-harakatlar dasturi qabul qilinganini alohida ta'kidlash lozim. Dastur 2000 yilgacha va keyingi davrga mo'ljallangan bo'lib, yoshlar bilan bog'liq faoliyatning 15 ta ustuvor sohasini qamragan va har qaysi sohaga taalluqli amaliy takliflarni o'zida mujassam etgan. Mazkur Dastur butun dunyoda yoshlarning ahvolini yaxshilash maqsadiga xizmat qiladigan milliy sa'y-harakatlar va xalqaro rag'bat uchun siyosiy yo'riq va rahbariy prinsiplar vazifasini bajarib kelayotgani ahamiyatlidir.

BMT Xavfsizlik Kengashi 2015 yil 9 dekabrda Yoshlar, tinchlik va xavfsizlik to'g'risidagi rezolyutsiyani qabul qilgani, shubhasiz, yoshlarning dunyo barqarorligi va taraqqiyotida tutgan faol rolini e'tirof etish borasida muhim qadam bo'ldi. Ushbu rezolyutsiya orqali Xavfsizlik Kengashi barcha davlatlarni butun dunyoda tinchlik o'rnatilishi va zo'ravonliklar barham topishiga erishish jarayonlarida yoshlarning amaliy ishtirok etishiga sharoitlar yaratadigan mexanizmlarni tatbiq etishga chaqirgan.

BMT Bosh Assambleyasi 2015 yil 17 dekabrda Yoshlar va inson huquqlari to'g'risidagi rezolyutsiyani qabul qilgan. Unda ham yoshlarning huquqlarini ta'minlash masalalari va ayni jarayonlarda faol ishtirok etishga chaqiriq o'z ifodasini topgan. Yoshlarni inson huquqlari bo'yicha o'qitish eng ustuvor vazifa etib belgilangan.

Bundan tashqari 2019 yili qabul qilingan Yoshlar siyosati va dasturlari bo'yicha «Lissabon+21» deklaratsiyasi yoshlarning huquqlarini turli shakl va ko'rinishlarda himoya qilish, rag'batlantirish hamda amalga oshirishga qaratilgan qat'iy chorlovdir. Deklaratsiyada barcha yoshlar, ayniqsa, xotin-qizlar, jamiyatning zaif qatlamlari, xususan, ehtiyojmand va migrant, qishloqda yashaydigan va nogironligi bo'lgan hamda qandaydir jihatdan kamsitishlarga duch kelgan yosh avlod vakillarining aniq ehtiyojlarini qanoatlantirish muhimligi ta'kidlangan.

BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarida yoshlar huquqlarining ahamiyati eng muhim masalalar qatorida yana bir bor alohida qayd etildi. Unga ko'ra, yoshlarning faol va farovon hayoti, ularning huquqlari va imkoniyatlari doirasini kengaytirish butun dunyoda barqaror rivojlanishni ta'minlashning hal qiluvchi omili sanaladi.

Shu nuqtayi nazardan, Barqaror taraqqiyotning barcha, ya'ni 17 ta maqsadi va 169 ta vazifasida yoshlar manfaatlari hisobga olingani diqqatga sazovor. Yanada muhimi, bugungi kunda jahon yoshlari BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarida belgilangan marralarni zabt etishda faollik ko'rsatib, peshqadamlar safida bormoqda.

Yoshlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan xalqaro mexanizmlardan yana biri -BMTning «Yoshlar-2030» strategiyasidir. Yosh avlod vakillari ehtiyojlarini ta'minlash va salohiyatini mustahkamlash, shuningdek, yoshlarning huquqlarini barcha shakl va ko'rinishlarda kengaytirishga oid ushbu hujjatda qayd etilganidek, "Yoshlar eng bebaho va juda muhim resurs hisoblanadi, shuning uchun ularga sarflangan sarmoya ko'p karra miqdorlarda o'zini qoplaydi".

BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi, O'zbekiston taklifiga ko'ra, 2021 va 2022 yillarda yoshlar huquqlari bo'yicha 2 ta rezolyutsiya qabul qildi. Xususan, 2021 yil 8 oktyabr kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 48-sessiyasi doirasida qabul qilingan Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta'sirining oqibatlari to'g'risidagi rezolyutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan.

O'z navbatida, 2022 yil 4 oktyabrda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi 51-sessiyasida "Yoshlar va inson huquqlari" rezolyutsiyasi qabul qilindi. Unda yoshlarning o'z mamlakatlari rivojlanishidagi ishtirokini kengaytirish, navqiron avlod uchun teng imkoniyatlar yaratish, yoshlarni raqamli tahdidlardan himoya qilish, yoshlar uchun inson huquqlari sohasidagi ta'lim bo'yicha tashabbuslarni ilgari surish, yoshlarning o'z hayot tarziga ta'sir o'tkazadigan qarorlarni qabul qilishda qatnashishi kabi masalalar o'z ifodasini topdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2022 yil - "Turkiy dunyoda yoshlar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash yili" deb e'lon qilindi. Shu negizda O'zbekiston va Turkiy davlatlar tashkilotining yoshlar huquqlarini rag'batlantirishga asoslangan yondashuvni ilgari surish borasidagi xalqaro siyosatga sodiqligi jahon hamjamiyati e'tiboriga yetkazildi.

O'zbekistonda yoshlarga har tomonlama va yuksak g'amxo'rlik ko'rsatish masalasi davlat siyosatining ustuvor sohalaridan biri hisoblanadi. Aholining teng yarmidan ko'pini tashkil etuvchi yoshlar jo'shqin va serg'ayrat ekani, mamlakatimizning zamonaviy asoslarda yanada taraqqiy etishining tayanch kuch-qudrati sanalgani uchun davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e'tiborida bo'lib kelmoqda.

Ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama qamrab olish hamda keng kafolatlashga alohida bob ajratildi. Asosiy qonunimizga yoshlarning ta'lim olish, sog'liqni saqlash, uy-joyga ega bo'lish, ishga joylashish, hordiq chiqarishga oid huquqlarini himoya qilish hamda shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoyasini ta'minlash, shuningdek, ularning jamiyat hayoti va davlat ishlarida faol ishtirok etishiga zarur sharoitlar yaratish yuzasidan davlat zimmasiga muayyan majburiyatlar yuklaydigan yangi normalar kiritilgani juda muhim.

Yangi O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida navqiron avlod vakillarining huquqlarini ta'minlash va qonuniy manfaatlarini kafolatlashga qaratilgan izchil va ko'lamdor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni yo'nalishdagi davlat siyosatining asosi hisoblanuvchi «Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida»gi qonunda davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo'nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi huquqiy negizda mustahkamlangan.

Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan "O'zbekiston -2030" strategiyasida 5 ta ustuvor yo'nalish doirasida jami 100 ta maqsadga erishish ko'zda tutilganidan xabardorsiz. Xususan, har bir insonga o'z salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan birinchi ustuvor yo'nalish tarkibiga 44 ta maqsad kiradi.

Bunda ta'lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, yoshlar siyosati, ma'naviyat masalalariga taalluqli 156 ta amaliy chora-tadbir va 70 ta vazifa qamrab olingan. Jumladan, "Top-500"ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo'shma ta'lim dasturi asosida "ikki diplomli tizim"ni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Strategiyada insonning ta'lim olishga doir konstitutsiyaviy huquqini yanada ta'minlashga xizmat qiladigan bunday aniq maqsad-vazifalar anchagina. Bundan tashqari, Strategiya doirasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasi, ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish, yoshlarga oid davlat siyosati va sportni ommalashtirish, ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha amalga oshiriladigan barcha islohotlarda inson, insonning qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi.

REFERENCES

1. O'zbekiston Konstitutsiyasi - 2023 yil

2. Inson huquqlari - Darslik Yuldasheva G. Gofurova N.2023. TDYU

3. Xalqaro huquq Darslik - Mualliflar jamoasi 2018 y TDYU

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.