YANGILANGAN KONSTITUTSIYADA YOSHLAR HUQUQLARINING
KAFOLATLARI
1Turg'unboyev Diyorbek Nodirbek o'g'li, 2Isaqov Rustamjon O'ktamjon o'g'li
1Toshkent davlat agrar universiteti "Huquq va turizm" fakulteti "Yurisprudensiya" yo'nalishi 1-
bosqich talabasi
2Toshkent davlat agrar universiteti "Gumanitar fanlar va huquq" kafedrasi o'qituvchisi
https://doi.org/10.5281/zenodo.10868932
Annotatsiya. Ushbu maqolada 2023-yilda O'zbekiston Respublikasining yangilangan konstitutsiyasida yoshlarga oid normalarning yangicha talqini, ularda yoshlarning ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, shaxsiy, madaniy va ekologik huquqlarining kafolatlari haqida atroflicha fikr yuritiladi.
Kalit so'zlar: Yoshlar huquqlari kafolatlari, yoshlar imkoniyatlari, xalqaro anjuman, imkoniyat, yangi tahrirdagi Konstitutsiya, yoshlar siyosati
Аннотация. В данной статье обсуждается новая трактовка молодежных норм в обновленной Конституции Республики Узбекистан 2023 года, гарантии социальных, политических, экономических, личных, культурных и экологических прав молодежи.
Ключевые слова: гарантии прав молодежи, возможности молодежи, международная конференция, возможность, новая редакция Конституции, молодежная политика.
Abstract. In this article, a new interpretation of youth norms in the updated constitution of the Republic of Uzbekistan in 2023, guarantees of social, political, economic, personal, cultural and environmental rights of young people are discussed.
Keywords: Guarantees of youth rights, youth opportunities, international conference, opportunity, newly revised Constitution, youth policy
Yoshlarga davlat tomonidan berilayotgan imkoniyatlar albatta ma'lum bir normativ-huquqiy hujjat yoki yuridik ahamiyatga ega qonun bilan belgilab, davlat tomonidan kafolatlangandagina, biz uni yoshlar huquqlari sifatida anglashimiz mumkin bo'ladi. Masalam, davlat tomonidan yoshlarga oid normalar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va u asosida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda o'z aksini topgan.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 79-modda: "Davlat yoshlarning shaxsiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta'minlaydi, ularningjamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag'batlantiradi.
Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta'lim olishga, sog'lig'ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo'lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shaart-sharoitlar yaratadi".
O'zbekistonda yoshlarga har tomonlama va yuksak g'amxo'rlik ko'rsatish masalasi davlat siyosatining ustuvor sohalaridan biri hisoblanadi. Aholining teng yarmidan ko'pini tashkil etuvchi yoshlar jo'shqin va serg'ayrat ekani, mamlakatimizning zamonaviy asoslarda yanada taraqqiy etishining tayanch kuch-qudrati sanalgani uchun davlatimiz va jamiyatimizning doimiy e'tiborida bo'lib kelmoqda.
Ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama qamrab olish hamda keng kafolatlashga alohida bob ajratildi. Asosiy qonunimizga yoshlarning ta'lim olish, sog'liqni saqlash, uy-joyga ega bo'lish,
ishga joylashish, hordiq chiqarishga oid huquqlarini himoya qilish hamda shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoyasini ta'minlash, shuningdek, ularning jamiyat hayoti va davlat ishlarida faol ishtirok etishiga zarur sharoitlar yaratish yuzasidan davlat zimmasiga muayyan majburiyatlar yuklaydigan yangi normalar kiritilgani juda muhim.
Yangi O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida navqiron avlod vakillarining huquqlarini ta'minlash va qonuniy manfaatlarini kafolatlashga qaratilgan izchil va ko'lamdor chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayni yo'nalishdagi davlat siyosatining asosi hisoblanuvchi «Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida»gi qonunda davlat tomonidan amalga oshiriladigan hamda yoshlarni ijtimoiy jihatdan shakllantirish va ularning intellektual, ijodiy va boshqa yo'nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini nazarda tutadigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar tizimi huquqiy negizda mustahkamlangan.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda 2021 yilni - "Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili" deb e'lon qilar ekan:
birinchidan, BMT shafeligida Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferensiyasini o'tkazish;
ikkinchidan, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish;
uchinchidan, BMTning Yoshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi institutini ta'sis etish tashabbuslarini ilgari surdi.
O'zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, uni amalga oshirish bo'yicha "Yo'l xaritasi" qabul qilindi. Konsepsiyada hal etishga qaratilgan asosiy vazifalar qatoridan jismonan sog'lom, ma'nan rivojlangan yigit-qizlarni tarbiyalash, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatlarini ro'yobga chiqarishga ko'maklashish, huquq va erkinliklari, manfaatlarini himoya qilish, yoshlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik, ijtimoiy, huquqiy, iqtisodiy islohotlarga faol jalb etish masalalari o'rin olgan.
Milliy qonunchiligimizga ko'ra, 30 iyun - O'zbekiston Respublikasida Yoshlar kuni etib belgilangan. Shuningdek, 2020 yil 30 iyunda Prezident Farmoniga asosan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi - O'zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.
Yoshlarni qo'llab-quvvatlash bilan bevosita shug'ullanadigan ushbu Agentlik 2022 yildan boshlab o'z faoliyatida mahallalargacha kirib bordi. Natijada qisqa vaqt ichida 700 ming nafardan ziyod yigit-qizni rag'batlantirish uchun ularga "Yoshlar daftari" vositasida 650 milliard so'm mablag' ajratilgani e'tiborni tortadi.
Prezidentimizning 2022 yil 21 dekabrda qabul qilingan "Yangi O'zbekiston ma'muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi farmoniga muvofiq, ilk bor O'zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligi tashkil etildi. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 7 apreldagi "Ma'muriy islohotlar doirasida yoshlar siyosati va sport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori bilan ushbu vazirlik faoliyatining ustuvor yo'nalishlari belgilab berildi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi faoliyatining ustuvor yo'nalishlariga, jumladan, normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini tashkil etish; yoshlar va sport sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, unda ishtirok etuvchi davlat organlarining ushbu yo'nalishdagi faoliyatini
muvofiqlashtirish hamda mazkur sohalarda qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish; sohaga oid kompleks dasturlarni ishlab chiqish hamda yoshlar va sport sohasida faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash kabilar kiradi.
Vazirlik, shuningdek, yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni Vatanga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash; yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, iqtidorini ro'yobga chiqarish, ishbilarmonlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash yo'nalishlarida ham faol ish olib bormoqda.
Bugungi kunda O'zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi 1 ming 700 ga yaqin nodavlat notijorat tashkilotini birlashtiradi. Ularning 156 tasida 35 yoshgacha bo'lgan yosh rahbarlar faoliyat olib bormoqda.
Mamlakatimizdagi yoshlar masalalari bilan bevosita shug'ullanadigan nodavlat notijorat tashkilotlari orasida O'zbekiston yoshlar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash markazi, Respublika yoshlar markazi, O'zbekiston yoshlar ittifoqi, "Tafakkur" yoshlar targ'ibot markazi, "Meros" hunarmand yoshlar va bolalar jamoat birlashmasi, "To'maris" ayollar va yoshlar markazi, "Faol hayot" ayollar va yoshlar nodovlat notijorat tashkiloti, "Ayol va shodlik" ayollar va yoshlarni ijtimoiy himoya qilish markazini alohida qayd etish mumkin.
Shu bilan birga, O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi xorijdagi yoshlarimizning muammolari va intilishlarini tegishli tashkilotlar bilan birgalikda umumlashtirish va tahlil qilish hamda chet elda o'qish yoki ishlashni rejalashtirayotgan O'zbekiston yoshlari uchun o'quv qo'llanmalari tayyorlash yo'nalishidagi amaliy ishlar bilan mashg'ul. Hozirgi vaqtda Assotsiatsiya vakillari o'z faoliyatini Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Turkiya, Misr, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus, Latviya, Qozog'iston va Ukrainada amalga oshirmoqda.
O'zbekiston Prezidenti tashabbuslari bilan yoshlar huquqlari mavzusida bir qator xalqaro anjumanlar ham o'tkazildi. Xususan, O'zbekiston Prezidentining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi asosida 2021 yil 12-13 avgust kunlari Toshkentda "Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish" mavzusida bo'lib o'tgan Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferensiyasi shular sirasiga kiradi. Xalqaro anjuman yakunida qabul qilingan Toshkent Yoshlar deklaratsiyasida, jumladan, O'zbekistonning 3 ta xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik tashabbusi qo'llab-quvvatlandi. Bu o'rinda, birinchidan, Yoshlar huquqlari bo'yicha konvensiyani qabul qilish, ikkinchidan, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Yoshlar kengashini tashkil etish, uchinchidan, Markaziy Osiyo yoshlari forumini o'tkazish tashabbuslari haqida so'z bormoqda.
Shuningdek, mamlakatimizda 2020 yil 12 avgust — Xalqaro yoshlar kunida "Yoshlar— 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari" deb nomlangan Samarqand forumi o'tkazildi. Ushbu xalqaro anjuman yakunida qabul qilingan "Yoshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari" nomli Samarqand rezolyusiyasida yoshlar tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta'minlash hamda inson huquqlarini himoya qilish borasida muhim o'rin tutishlari, binobarin, navqiron avlod vakillarining o'zlariga daxldor qarorlar qabul qilinishi jarayonlarida faol, mazmunli va inklyuziv tarzda ishtirok etishlari zarurligi alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, 2019 yil 7-8 oktyabr kunlari Toshkent shahrida o'tkazilgan Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari bo'yicha mustaqil doimiy komissiyasining 6-
seminari "Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo'lida yoshlar huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishning ahamiyati" mavzusiga bag'ishlandi. Seminar ishtirokchilari qabul qilgan yakunlovchi hujjat - IHT a'zo mamlakatlarida yoshlar huquqlari to'g'risidagi Toshkent Deklaratsiyasida xalqaro darajada va IHTga a'zo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini to'la ta'minlash yo'lida amalga oshiriladigan muhim tashabbuslar bayon etilgan.
Yanada muhimi: Prezidentimizning 2023 yil 11 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan "O'zbekiston - 2030" strategiyasida 5 ta ustuvor yo'nalish doirasida jami 100 ta maqsadga erishish ko'zda tutilganidan xabardorsiz. Xususan, har bir insonga o'z salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratishga qaratilgan birinchi ustuvor yo'nalish tarkibiga 44 ta maqsad kiradi.
Bunda ta'lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, yoshlar siyosati, ma'naviyat masalalariga taalluqli 156 ta amaliy chora-tadbir va 70 ta vazifa qamrab olingan. Jumladan, "Top-500"ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo'shma ta'lim dasturi asosida "ikki diplomli tizim"ni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Strategiyada insonning ta'lim olishga doir konstitutsiyaviy huquqini yanada ta'minlashga xizmat qiladigan bunday aniq maqsad-vazifalar anchagina. Bundan tashqari, Strategiya doirasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasi, ijtimoiy xizmatlar ko'rsatish, yoshlarga oid davlat siyosati va sportni ommalashtirish, ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash va madaniyat sohasini yangi bosqichga olib chiqish bo'yicha amalga oshiriladigan barcha islohotlarda inson, insonning qadri, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfatlari ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro anjuman maqsadlari va kutilayotgan natijalar
Xalqaro anjumanni o'tkazishda O'zbekiston Hukumati nomidan ish ko'rish vakolati Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markaziga berilgan. Shuningdek, mamlakatimizdagi barcha yoshlar tashkilotlari anjuman ishiga faol jalb etiladi.
Xalqaro hamkorlarimiz safi ham keng. Toshkent xalqaro forumini tashkil etishda, xususan, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo'yicha mintaqaviy bo'limi, mamlakatimizdagi BMT oilasi, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi, YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Yevropa Kengashi, F.Ebert fondi (Germaniya) va boshqa xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayapmiz.
Markaziy Osiyo yoshlari Toshkent xalqaro forumida faol qatnashadi. Toshkent xalqaro forumida Markaziy Osiyo davlatlari yoshlarining ishtirok etishi - ushbu jahon anjumanining asosiy xususiyatlaridan biri hisoblanadi. Zero, Prezidentimiz Markaziy Osiyoga daxldor barcha tashabbuslarida mintaqamiz yoshlariga doimo e'tibor berib kelmoqda.
Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti shu yil 14 sentyabr kuni Dushanbe shahrida o'tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi Maslahat uchrashuvida ham Markaziy Osiyo davlatlarining yoshlarga oid siyosatiga alohida e'tibor qaratdi. Davlatimiz rahbari yoshlarning bilim va malakasini rivojlantirish bo'yicha sa'y-harakatlarni birlashtirish, ularni yetuk malakali kadrlar qilib tayyorlash va bandligini ta'minlash maqsadida shu yo'nalishdagi xalqaro tashkilotlar ishtirokida Markaziy Osiyo yoshlari imkoniyatlarini kengaytirish va ularning salohiyatini ro'yobga chiqarish markazini tashkil etishni taklif etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Dushanbeda bo'lib o'tgan Maslahat uchrashuvi yakunida mintaqa yoshlari
manfaatlarini ta'minlash yo'lida yana bir muhim amaliy qadam qo'yildi. Ya'ni, Qozog'iston Respublikasi, Qirg'iz Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O'zbekiston Respublikasi o'rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo'nalishlari to'g'risida
bitim imzolandi.
Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlari bo'yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar huquqlari bo'yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari - 1 ming nafarga yaqin ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.
Bo'lajak Forum uning ishtirokchilari uchun zaruriy bilimlarga ega bo'lish, o'zaro tajriba almashish, dolzarb g'oya va loyihalarni ro'yobga chiqarish uchun qulay axborot-ma'rifat va amaliy muhokama-munozara maydoniga aylanadi, degan umiddamiz. Bunda xalqaro anjuman ishi davomida siyosatchilar va jamoat arboblari, ilmiy-akademik doiralar namoyandalari va tadbirkorlar o'rtasida bo'lib o'tadigan jonli muloqotlar muhim ahamiyat kasb etishi tayin.
«Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari» mavzusidagi xalqaro forumning asosiy maqsadi:
■ yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish uchun xalqaro hamda mintaqaviy vosita va mexanizmlarning qo'llanilishi sohasini xolis tahlildan o'tkazish;
■ yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini himoya qilish mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo'yicha o'zaro fikr almashish;
■ yoshlar huquqlarini himoya qilish muhimligi borasida jamiyatning xabardorligi va tushunchasini oshirish;
■ yoshlar huquqlarini himoya qilishning eng maqbul amaliyoti va samarador mexanizmlarini muhokama qilish hamda bu yo'nalishdagi ilg'or tajribalarni o'rganish;
■ yoshlar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan siyosat va qonunchilikni targ'ib etish hamda qo'llab-quvvatlash;
■ davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyati va yoshlar tashkilotlari o'rtasida yoshlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi o'zaro hamkorlikni mustahkamlashga ko'maklashish;
■ yoshlarni ularning huquqlari va manfaatlari bilan bog'liq qarorlar qabul qilish va rejalashtirish jarayonlariga jalb etish;
■ yoshlarning teng imkoniyatlarini ta'minlash, salohiyatini o'stirish va hayotini farovonlashtirishga qaratilgan dastur hamda loyihalarning amalga oshirilishi va rivojlantirilishini rag'batlantirish;
■ kelgusida yoshlar huquqlari sohasidagi amaliy ishlar va siyosiy tashabbuslar uchun poydevor bo'lib xizmat qiladigan qarorlar va tavsiyalarni ishlab chiqish;
■ yoshlar hayotiga daxldor qarorlarni qabul qilish jarayonlarida imkoniyati cheklangan va nogironligi bo'lgan yoshlar huquqlari, gender tenglik, keng ko'lamli ishtirok va munosib ulush qo'shilishini ta'minlashdan iborat.
Shu asosda «Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari» mavzusidagi xalqaro forumda yakuniy hujjat - Yoshlar huquqlari bo'yicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda. Unda Forumning asosiy natijalari va amaliy tavsiyalari o'z mujassamini topadiki, o'z navbatida, bunday muhim hujjat istiqbolda yoshlar huquqlari sohasidagi yangi sa'y-harakatlar va ilg'or tashabbuslar uchun mustahkam tagzamin vazifasini o'tashiga ishonchimiz komil. Chunki, ulug' nemis faylasufi Gyote ta'biri bilan aytganda, "Garchi butun
dunyo olg'a harakat qilayotgan bo'lsa ham, yoshlar bu jarayonni har safar yangidan boshlashi kerak".
Biz bu mavzudan kelib chiqib, yoshlarning jamiyat va davlat hayotida tutgan o'rni nechog'lik muhim ekanligi, ular davlat taraqqiyoti va istiqbolining kelajagi ekanligini, davlat tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e'tibordan bilishimiz mumkin. Shu maqsad yo'lida davlat turli xil davlatlararo tuzilmalarga va ittifoqlarga a'zo bo'lgan. Ular orasida BMT alohida ajralib turadi. BMT tomonidan inson huquqlari masalasi bo'yicha BMT ning Inson huquqlari bo'yicha kengashi va Inson huquqlari bo'yicha komissar lavozimi joriy etilgan. Davlat tomonidan yoshlarga berilayotgan e'tibor sifatida, yoshlar huquqlari himoyasi bo'yicha nodavlat notijorat tashkilotlari tashkil etilgani, yoshlar huquqlari bo'yicha bir qator xalqaro anjumanlar o'tkazilishi, "Yoshlar konvensiyasi"ni qabul qilinishi, xorijdagi yoshlarimizning muammolari va intilishlari masalasini tegishli tashkilotlar bilan o'rganilishi va boshqalarni xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan ishlarga misol qilishimiz mumkin. Xulosa qilib aytganda, davlatning kelajagini yoshlarsiz tasavvur qilib bo'lmaydi va ularga juda katta vakolatlar va huquqlar berilgan. Biz vaziyatni to'g'ri anglagan holatda o'z huquq va majburiyatlarimizni amalga oshirishimiz zarur.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. - T.: O'zbekiston. 2023. - 126. b.
2. Mirziyoyev Sh.M. Konstitutsiya - erkin va farovon hayotimiz, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirishning mustahkam poydevoridir. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasi / / Xalq so'zi. 2017-yil 8-dekabr.
3. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi.24.01.2020-y. https://president.uz/uz/ lists/view/3324. 242 SH.A. SAYDULLAYEV
4. Mirziyoyev Sh. Konstitutsiya va qonun ustuvorligi - huquqiy demokratii davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir. https://president.uz/uz/lists/view/3119.
5. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig'ilishidagi nutqi. https://president.uz/uz-/ lists/view/3303.
6. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Senatining birinchi majlisidagi nutqi. https://president.uz/uz/lists/view/3304.