YOSHLAR HUQUQINING KONSTITUTSIYAVIY KAFOLATLARI 1Achilov Alisher Temirovich, 2Dilshodov Azizbek G'olib o'g'li, 3Juraboyev Shamshod
Shodiyor o'g'li
1O'zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Jinoiy-huquqiy fanlar kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar bo'yicha falsafa doktori (PhD), 2'3Toshkent Davlat Agrar universiteti Yuristprudensiya yo'nalishi talabalari https://doi.org/10.5281/zenodo.10876099
Annotatsiya. Maqolada yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida yoshlar huquqlari va erkinliklari hamda burchlari tahlil qilingan bo'lib, asosiy qonunda yoshlar huquq va erkinliklarining keng qamrovda ko'rsatilishi davlatimizning yosh avlodga yaratib bergan ulkan imkoniyatlari ekanligi to'g'risida fikrlar bildirilgan.
Kalit so'zlar: Konstitutsiya, yoshlar, fikrlash, so'z va e 'tiqod erkinligi, vijdon erkinligi, ta'lim olish huquqi, siyosiy huquq, mehnat qilish huquqi, dam olish huquqi, burch.
Аннотация. В статье анализируются права и свободы, также объязанности молодежи в новой редакции Конституции Республики Узбекистан, а также высказываются мнения о том, что права и свободы молодежи выражённые в таком объёме в Основном законе является большой возможностью, которую наша страна создал для молодого поколения.
Ключевые слова: Конституция, молодежь, свобода мысли, слова и убеждений, свобода совести, право на образование, политическое право, право на труд, право на отдых, объязанность.
Abstract. The article analyzes the rights and freedoms, as well as the responsibilities of youth in the new edition of the Constitution of the Republic of Uzbekistan, and also expresses opinions that the rights and freedoms of youth expressed to such extent in the Basic Law are a great opportunity that our country has created for the younger generation.
Keywords: Constitution, youth, freedom of thought, speech and belief, freedom of conscience, right to education, political right, right to work, right to rest, responsibility.
Konstitutsiya xalqning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Unda jamiyat taraqqiyotiga turtki beruvchi, muhim ma'naviy omil bo'lib xizmat qiluvchi g'oyalar o'z ifodasini topadi. Konstitutsiyada mujassamlashgan mafkura jamiyatni, xalqni muayyan maqsadlar sari yetaklaydi, ularni uddalash uchun safarbar qiladi. Xususan, O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi milliy istiqlol g'oyasi va mustaqillik mafkurasining huquqiy asosini tashkil etib, xalqimizning istiqlolga, erkinlikka bo'lgan intilishini, milliy axloqiy-ma'naviy qadriyatlarini aks ettirgan hamda ularni jamiyat ongiga, ayniqsa, yosh avlod ongiga singdirishga xizmat qiladi.
Ma'lumki, Konstitutsiyamizning yangi tahriri 65 foizga yangilanib, takliflarning 60 foizdan ortig'i bevosita yoshlar tomonidan berilgani katta ahamiyatga ega. Konstitutsiyamizning barkamol avlodni tarbiyalashdagi g'oyaviy-tarbiyaviy ahamiyati beqiyos bo'lib, u yoshlarda Vatanga sadoqat, mardlik, o'zaro do'st-birodarlik tuyg'ularini yuksaltirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, Asosiy qonunimizda xalqimizning ko'p asrlik an'analari, urf-odatlari mujassamlashgani ham uning muhim xususiyatlaridan biridir. Unda jamiyatning barcha qatlamlari singari yoshlarning ham barcha turdagi shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy hamda ijtimoiy huquq va erkinliklari kafolatlab qo'yilgan.
Yangi taxrirdagi Konstitutsiyamizdagi "Oila, bolalar va yoshlar" deb nomlangan 14-bobi 5 ta moddani o'z ichiga olgan bo'lib (76-80 moddalar) ularda oila, ota-onalar va ularning farzandlari manfaatlari bilan birga zimmalaridagi mas'uliyat ham belgilab qo'yilgan. Tabiiyki, davlat ham bu borada o'z zimmasiga qator vazifalarni olgan, ya'ni u yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishiga hamda rivojlanishi uchun, ularning ta'lim olishiga, sog'lig'ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishiga, bandlik va dam olishga bo'lgan huquqlarini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratishi alohida norma sifatida kiritilgan.
Asosiy Qonunimizda belgilab berilgan va kafolatlangan deyarli barcha huquq va erkinliklar asosan yoshlar uchundir. Zero, yosh avlodni ijtimoiy va ma'naviy jihatdan asrab avaylash, ularni bilimli qilib tarbiyalash, salomatligini muhofaza qilish, xavfsiz va qulay mehnat sharoitlarini yaratish mamlakatimiz oldiga qo'ygan yuksak vazifalardan biri hisoblanadi.
Yoshlar ham jamiyatning boshqa vakillari qatori fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga egadirlar (33-modda). Konstitutsiyaning 35-moddasiga muvofiq ular uchun ham vijdon erkinligi to'la kafolatlanadi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida esa ta'lim olish huquqi mustahkamlab qo'yilgan. Unga ko'ra, davlat uzluksiz ta'lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta'lim tashkilotlari rivojlanishini ta'minlaydi, maktabgacha ta'lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart sharoitlar yaratadi. Shuningdek, bepul umumiy o'rta ta'lim va boshlang'ich professional ta'lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Konstitutsiyamizga kiritilgan yangi normaga muvofiq, fuqarolar davlat ta'lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma'lumot olishga haqli ekanligi aniq belgilab qo'yilgan (51-modda). 2017 yilga qadar oliy ta'lim muassasalarida grant o'rinlari soni faqat qisqarib kelgan bo'lsa, so'nggi yillarda esa grantlar ko'paytirilganligini ta'kidlab o'tish o'rinlidir. Xususan, o'tgan davrda oliy ta'limga ajratilgan davlat grantlari soni 75 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo'lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni ikki baravarga oshirildi. Shuningdek, nodavlat oliy ta'lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti ajratish amaliyoti yo'lga qo'yildi. Mazkur konstitutsiyaviy qoidaning belgilanishi bu boradagi ijobiy yo'nalish doimo saqlab qolinishini, davlat oliy ta'lim muassasalarida grant o'rinlari yo'qolmasligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek oliy ta'lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o'zini o'zi boshqarish, tadqiqotlar olib borish va o'qitish erkinligi huquqi berilishi ham quvonarlidir. Oliy ta'lim tizimi bilan bog'liq masalalarning Konstitutsiya darajasida belgilanayotgani oliy ta'lim jarayoniga tashqi aralashuvlarni cheklash, oliy ta'lim sifati va dunyoda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Shaxsning bilim olishga bo'lgan huquqi Konstitutsiya asosida qabul qilingan bir qator qonunlarda, shu jumladan, 2020 yil 20 sentyabrdagi "Ta'lim to'g'risida"gi qonunda ham mustahkamlab qo'yilgan. Umumiy va maxsus ta'lim insondagi bilimlar sifatini yaxshilaydi, darajasini va zahiralarini oshirish vositasida inson kapitalining miqdori va sifati o'sishiga xizmat qiladi. Oliy ta'limga kiritiladigan investitsiyalar yuqori malakali mutaxassislar, yuqori mehnat unumdorligining yuzaga kelishiga sharoit yaratadi, ular esa o'z navbatida iqtisodiy taraqqiyot sur'atlarini jadallashtirishga turtki bo'ladi.
Yoshlar o'z salohiyatidan erkin foydalanishga, o'z iqtidor va iste'dodlarini to'la namoyon etishga haqlidirlar. Ularga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g'amxo'rlik qiladi (53-modda).
Qonun bilan belgilangan yoshga yetgach, ularning siyosiy huquqlari doirasi yanada kengayadi. Konstitutsiyaning 34-moddasiga binoan ular kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalariga uyushish hamda ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqlariga ega bo'ladilar.
Konstitutsiyamizdagi normalarga asosan davlatimiz yoshlarning ma'naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta'lim olishga, sog'lig'ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo'lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratilishi belgilangan. O'qishni bitirgan har qanday yosh ishlashi, oila qurishi va o'z uy joyiga ega bo'lishi lozim. Bularning hammasini birdaniga hal qilish qiyin. Shu boisdan, davlatimiz bu kabi masalalarni o'z zimmasiga olmoqda. Bu esa yoshlarni har tamonlama kamol topishiga imkon beradi.
Yuqorida ta'kidlab o'tganimizdek, yoshlarning ijtimoiy hayotning turli sohalardagi huquqlari Konstitutsiya asosida qabul qilingan ko'p sonli maxsus qonunlar bilan ham ta'minlanadi. Ta'lim, tadbirkorlik, mehnat, jamoat birlashmalari, vijdon erkinligi, jismoniy tarbiya va sport to'g'risidagi qonunlar shular jumlasidandir. Bu qonunlar yoshlarimizga nafaqat boshqalar bilan teng huquqli bo'lishni, balki ko'pgina imtiyozlar va qo'shimcha kafolatlarni ham belgilab beradi.
Yoshlar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklarini, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga (60-modda), shuningdek, O'zbekiston xalqining tarixiy, ma'naviy, madaniy ilmiy va tabiiy merosini asrab avaylashga majburdirlar (61-modda). Yoshlar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo'lishlari shart (62-modda). Konstitutsiyamizning 64-moddasiga muvofiq, O'zbekiston Respublikasini himoya qilish -O'zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir.
Konstitutsiyada yoshlarga ham tegishli bo'lgan burchlarning mavjudligi ularning huquq va erkinliklari doirasining kengligini inkor eta olmaydi. Asosiy Qonunimizda yoshlar huquq va erkinliklarining bunday keng qamrovda ko'rsatilishi davlatimizning yosh avlodga yaratib bergan ulkan imkoniyatlaridan dalolatdir. Bugungi o'zbek yoshlaridan esa faqatgina a'lo o'qish, ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida o'z iqtidor va salohiyatlarini namoyish etish talab etiladi, xolos.
Har qanday davlatning yoshlar siyosatini amalga oshirishidan maqsadi mamlakat iqtisodiy va siyosiy salohiyatini mustahkamlash, davlatchilik asoslarining kelgusi zahiralarini yaratish, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy takomillashuvining asosini barpo etishdan iboratdir. Shu sababdan, unib-o'sib kelayotgan yosh avlod Konstitutsiyaning ma'no-mazmunini, u istiqlol yillarida erishilgan ulkan tarixiy yutuq ekanligini anglab olishlari, konstitutsiya biz uchun nafaqat muhim hayotiy qo'llanma, balki g'urur-iftixor, kerak bo'lsa, shu zaminda istiqomat qilayotgan millati, tili, dinidan qat'iy nazar, barcha insonlar uchun mustahkam bir himoya ekanligini his etib yashashlari lozim.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi,https://lex.uz/docs/-6445145
2. O'zbekiston Respublikasining "Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida"gi qonuni, https://lex.uz/docs/-3026246;
3. O'zbekiston Respublikasining "Ta'lim to'g'risida"gi qonuni, https://lex.uz/docs/5013007