YANGILANGAN KONSTITUTSIYADA YOSHLARNING MEHNAT HUQUQLARINI HIMOYA QILISHNING DOLZARB MASALALARI Turdiboyeva Ra'no Eshovna
O'zbekiston Respublikasi Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vaziri o'rinbosari, yuridik
fanlar nomzodi, dotsent https://doi.org/10.5281/zenodo.10876802
Annotatsiya. Ushbu maqolada Yangilangan Konstitutsiya va uning yoshlar hayotidagi o'rni va ahamiyati, unda yoshlarga berilgan alohida e 'tibor va normalarning to'gridan to'g'ri amal qilinayotgani, erishilgan yutuqlar va bu boradagi dolzarb masalalar yoritilgan.
Kalit so'zlar: Konstitutsiya, yoshlar, Bирлашган миллатлар ташкилоти, strategiya, bandlik, ijtimoiy himoya, mahallabay islash, subsidiya, Yoshlar daftari
Аннотация. В данной статье освещается обновленная Конституция и ее роль и значение в жизни молодежи, непосредственное соблюдение в ней особого внимания и норм, уделяемых молодежи, достигнутые успехи и актуальные вопросы в этой области.
Ключевые слова: Конституция, молодежь, Организация объединенных наций, стратегия, занятость, социальная защита, субсидия, молодёжная тетрадь.
Abstract. This article covers the updated constitution and its place and importance in youth life, in which special attention and norms given to young people are properly followed, achievements and current issues in this regard.
Keywords: Constitution, youth, United Nations, strategy, employment, social protection, subsidy, youth notebook
Tarixdan ma'lumki, har qanday davlatning kelajagi yosh avlod bilan chambarchas bog'liqdir, chunki ularning o'z salohiyatini ro'yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlar yaratish, bilimi va salohiyatini yurtimiz taraqqiyoti hamda ijtimoiy va iqtisodiy sohalar rivoji uchun yo'naltirish strategik ahamiyatga egadir. Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Yoshlar-2030" strategiyasida qayd etilganidek, "Yoshlar eng bebaho va juda muhim resurs hisoblanadi, shuning uchun ularga sarflangan sarmoya ko'p karra miqdorlarda o'zini qoplaydi".
Davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularning hayotda munosib o'rnini topishi, mehnat bozori talablariga muvofiq, muayyan kasb egasi bo'lishi, tanlagan kasbi bo'yicha zarur bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishi uchun zarur shart-sharoitlar hamda teng imkoniyatlar yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga yoshlarning ishga joylashish, hordiq chiqarishga oid huquqlarini himoya qilish davlat zimmasiga muayyan majburiyatlar yuklaydigan yangi normalar kiritilgani ham juda muhimdir.
Asosiy qonunimizning alohida bobi - XIV bob "Oila, bolalar va yoshlar" deb nomlanganiga hamda unda yoshlarga oid qator normalar o'rin olganiga e'tibor qaratish darkor. Bunday yangicha yondashuv, shubhasiz, Yangi O'zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligidan yaqqol dalolatdir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat tomonidan yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtiroki rag'batlantirilishi kafolatlab qo'yildi. Konstitutsiyamizning 79-moddasi birinchi bandida qayd etilganidek: "Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta'minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag'batlantiradi."
Bosh qomusimizda, shuningdek, davlat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, xalqning boy madaniy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik tuyg'ulari shakllanishiga g'amxo'rlik qilishi belgilandi. Bu haqda Konstitutsiyaning 78-moddasi to'rtinchi bandida shunday deyilgan: "Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo'lgan mehr-muhabbat tuyg'ularini shakllantirish to'g'risida g'amxo'rlik qiladi".
Yana bir muhim yangilik: yoshlarning ta'lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo'lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish - davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida Asosiy qonunga kiritildi. Konstitutsiyaning 79-moddasi ikkinchi bandiga ko'ra: "Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta'lim olishga, sog'lig'ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo'lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi".
Shu o'rinda yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan ilk marotaba uzluksiz ta'lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta'lim tashkilotlari rivojini ta'minlash davlatning vazifasi etib belgilanganini ta'kidlash maqsadga muvofiqdir. Ta'limga oid normalar 50,51 va 52-moddalarda o'z aksini topdi.
Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 53-moddasi birinchi bandida: "Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi.", deb ta'kidlangan. Zero, intellektual salohiyatini yuqori, dunyoqarashi keng, mustaqil fikrlaydigan avlodni voyaga yetkazish va tarbiyalash davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishlaridandir.
Yuqoridagi maqsadlarga kerakli mablag'larni yo'naltirish, yoshlarning tashabbuslari va innovatsion loyihalarini qo'llab-quvvatlash hamda rag'batlantirish, ularning muammolarini tizimli o'rganish va samarali yechim topish, ta'lim olish va mehnat qilish imkoniyatlarini himoya qilish bo'yicha aniq amaliy ishlar olib borilmoqda.
Respublikadagi 19,7 mln.nafar mehnat resurslarining 39,3 foizini (7,6 mln.kishi) hamda 15,1 mln.nafar iqtisodiy faol aholining 33,4 foizini (5,0 mln.kishi) yoshlar tashkil etadi. Har yili umumta'lim, o'rta-maxsus ta'lim va oliy ta'lim muassasalarini 600-700 ming nafar yoshlar tamomlab, mehnat bozoriga ilk marotaba kirib keladi.
Xususan, 2023 yil davomida 425 ming 400 nafar ish bilan band bo'lmagan yoshlarning bandligiga ko'maklashish va tadbirkorlik faoliyatini boshlash bo'yicha xizmatlar ko'rsatilgan. Ulardan 66 ming 408 nafar yoshlar kasb-hunar o'rganishga jalb etilgan bo'lib, undan 2 ming 899 nafari "Yoshlar daftari" ro'yxatidagilardir.
O'zbekistonda aholining daromadli mehnat bilan bandligini ta'minlash, tadbirkorlikka jalb qilish va o'qitish, o'zini o'zi band qilish faoliyati "mahallabay" ishlashga qaratilgan vertikal tizim asosida yuritilayotgani aholi turmush farovonligini oshirishda muhim omil bo'lmoqda.Xususan, 9 ming 442 ta mahallada "mahalla yettiligi" faoliyat olib borib, ularning ichidagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari hamkorlikda oliy ta'lim muassasalarini bitirib ishsiz yurgan yoshlarning bandligiga ko'maklashish maqsadida xonadonbay o'rganilmoqda.
Bundan tashqari maktab va maktabgacha ta'lim vazirligi ma'lumotlar bazasi va vazirlikning Bandlik axborot tizimini integratsiya qilish ishlari hozirgi kunda davom etmoqda.
Oliy ta'lim muassasalarini 2022/2023 o'quv yillarida 176,2 ming nafarni bitiruvchilar bitirgan. 2023 yilda 95,3 ming nafari oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining bandligi ta'minlangan.
2023 yilda jami 386 ming 519 nafar maktab bitiruvchilari mehnat bozoriga kirib kelgan. Shundan 106,7 ming nafariga bandlik xizmatlarini ko'rsatish orqali bandligiga ko'maklashilgan, 182,2 ming nafari OTMlarga o'qishga qabul qilingan va qolgan 97,6 ming nafar maktab bitiruvchilarining bandligini ta'minlash choralari ko'rilmoqda. 2024 yil yakuniga qadar 221 ming nafar yoshlarning bandligini ta'minlash bo'yicha tizimli ishlar belgilab olindi.
Shuni alohida ta'kidlash o'rinliki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining "O'zbekiston — 2030" Strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida"" 2024 yil 21 fevraldagi PF-37-son Farmonida Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga qator vazifalar yuklangan.
Xususan, Dasturda 90 ming nafar ishsiz yoshlarni kasb-hunar, xorijiy tillar va tadbirkorlik ko'nikmalariga o'qitish, xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo'lgan yoshlarni chiqishdan oldin moslashtirish, xorijiy tillarga va kasb-hunarga o'qitish hamda xavfsiz, tashkillashtirilgan tarzda mehnat migratsiyasi tizimi asosida xorijda ishga joylashishiga ko'maklashish kabi vazifalar ko'zda tutilgan.
Albatta, belgilangan vazifalar ijrosi ko'plab yoshlarning hayotda o'z o'rnini topishiga xizmat qiladi va o'zining samarali natijalarni beradi.
Konstitutsiyamizga ko'ra, davlatimiz yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta'lim olishga, sog'lig'ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo'lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
O'qishni bitirgan har qanday yosh ishlashi, oila qurishi va o'z uy joyiga ega bo'lishi lozim. Bularning hammasini bittada hal qilish qiyin. Shu boisdan, davlatimiz bu kabi masalalarni o'z zimmasiga oldi. Bu esa yoshlarni har tomonlama kamol topishiga imkon beradi. Ushbu imkoniyatlar, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh A ssambleyasining 72-
sessiyasida «Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo'lib kamo lga yetishi bilan bog'liq. Bizning asosiy vazifamiz - yoshlarning o'z salohiyatini namoyon qilish i uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat». - degan so'zlarining amaldagi ifodasidir.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyamizda davlat yoshlarga g'amxo'rlik masalasida o'z zimmasiga g'oyat muhim majburiyatlarni olgani alohida diqqatni tortadi. Eng asosiysi, mazkur konstitutsiyaviy normalar nafaqat O'zbekiston yoshlari manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun nihoyatda ahamiyatlidir.
Shu bilan birga yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini himoya qilishda quyidagi masalalarga эътиборни каратиш мух,им деб уйлаймиз, jumladan:
- yoshlar huquqlarini himoya qilish va tashabbuslarini rag'batlantirish maqsadida foydalanilayotgan instrumentlar va ularning natijadorligini o'rganish;
yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini himoya qilish mexanizmlarining samaradorligini os hirish bo'yicha ilg'or tajribalarni aniqlash va ommalashtirish;
- yoshlarni qo'llab-quvvatlash, ta'lim olish va mehnat qilish imkoniyatlarini himoya qilish bo'yicha yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlarni keng targ'ib etishga e'tibor qaratish;
yoshlar huquqlarini himoya qilish muhimligi borasida jamiyatning xabardorligi va tushun chasini oshirish;
yoshlarni ularning huquqlari va manfaatlari bilan bog'liq qarorlar qabul qilish va rejalashtirish ja rayonlariga jalb etish zarur.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 2023 y
2. Birlashgan Millatlar Tashkilotining "Yoshlar-2030" strategiyasi
3. "O'zbekiston — 2030" Strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida"" 2024 yil 21 fevraldagi PF-37-son Farmoni
4. .Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi