CENTRAL ASIAN JOURNAL OF MULTIDISCIPLINARY RESEARCH AND MANAGEMENT STUDIES A
YANGI O'ZBEKISTONNING YANGI KONSTITUTSIYASI: EKOLOGIK MUAMMOLARNIYANGICHA YONDASHUV ASOSIDA BARTARAF ETISHNING NEGIZI
Mirislomov Mirdavlat Chirchiq davlat pedagogika universiteti, Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari yo'nalishi 3-bosqich talabasi
https://doi.org/10.5281/zenodo.14258356
ARTICLE INFO
Received: 19 th November 2024 Accepted:20th November 2024 Published:30th November2024 KEYWORDS Konstitutsiya, ekologiya, ekologik
muammolar, ekologik siyosat, ekologik-huquqiy normalar, ekologik huquq, yashil iqtisodiyot, Orolbo'yi mintqasi
ABSTRACT
Ushbu maqolada sekin-astalik bilan yangi xavfga ega bo'layotgan ekologik muammolarning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida yoritilish jihatlari, inson va fuqarolarning ekologik huquq, majburiyatlari keltirilgan.
Kirish. Bugungi kunda insoniyat to'qnash kelayotgan eng katta muammolardan biri - hech shubhasiz, ekologik muammolardir. Bu muammo so'nggi vaqtlarda nafaqat olimlar, soha mutaxassislari balki xalqaro tashkilotlar hamda siyosatchilar tomonidan ham insoniyat kelajagiga halokatli xavf soladigan muammolardan biri deb baholanmoqda. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, xalqning tinch va farovon hayoti uchun shart-sharoitlar yaratish, O'zbekistonning xalqaro maydonda munosib o'rin egallashiga yo'naltirilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va uning asosida qabul qilingan qonunlar jamiyat va davlat faoliyatining barcha sohalarini isloh qilish uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi.
Asosiy qism. Yurtimizda 2023-yil 30-aprel kuni o'tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi tomonidan yoqlab ovoz berish orqali qabul qilinganligi unda xalqimizning Yangi O'zbekistonni barpo etish bo'yicha orzu-umidlari va intilishlari o'z aksini topganligidan dalolat bermoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Yangi O'zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo'nalishlarini belgilab berdi. Referendum ko'p millatli buyuk xalqimizning birdamligi va hamjihatligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurishga qat'iy qaror qilganligining ishonchli ifodasi bo'ldi. Ta'kidlash joizki, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida O'zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so'ng qo'shilgan dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlardan biri bo'lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida nazarda tutilgan asosiy tamoyillar o'zining ifodasini topgan. Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi inson huquqlari bo'yicha 70 ta asosiy
hujjatga qo'shildi, BMT tomonidan ushbu sohada qilingan 10 ta asosiy xalqaro shartnoma ishtirokchisiga aylandi [1].
Xususan, Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlandi.
Hokimiyatlar bo'linishi prinsipi hamda o'zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy konsepsiyasini hisobga olgan holda, Oliy Majlis, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati o'rtasida vakolatlar qayta taqsimlandi. Joylarda hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari vakolatlari taqsimlanishiga asoslangan davlat hokimiyatini tashkil etishning yangi modeli nazarda tutildi. [2]
Darhaqiqat, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar negizini tashkil etuvchi "Inson qadri uchun" g'oyasi hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo'lgan "Inson-jamiyat-davlat" degan yondashuv Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirilmoqda. Yangi O'zbekiston hayotida inson qadr-qimmati, sha'ni va g'ururi barcha sohalarda birinchi o'rinda turishi oliy darajada o'z ifodasini topmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada nazarda tutilayotgan normalarning salmoqli qismi inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlariga taalluqlidir. Atrof-muhit inson salomatligi va hayotiga ta'sir qiluvchi muhim omildir. BMT ma'lumotlariga ko'ra, inson salomatligining 30-40 foizi atrof-muhit holatiga bog'liq. Qulay atrof-muhit tabiiy zaxiralar qisqarayotgan, global iqlim o'zgarishi, ekologiya va tabiat bilan bog'liq muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda yanada dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois, ko'pgina rivojlangan davlatlarda ham ushbu muammo keng muhokama etilmoqda hamda ekologiya, atrof muhit muhofazasiga oid yangi normalar konstitutsiyalarga kiritilmoqda [3].
Konstitusiyada ekologik-huquqiy normalar o'z ifodasini topganligi ham shular jumlasidandir. Tabiatdagi global iqlim o'zgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bog'liq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani, ekologik xavfsizlikni g'oyat dolzarb masalaga aylangani sababli ekologik masalalarning Asosiy qonunimizda o'z aksini topayotganini alohida ta'kidlash lozim. [4] Bundan tashqari Respublikada ekologik xavfsizlikni ta'minlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish, ekologik holatni yaxshilash, chiqindilarning fuqarolar sog'lig'iga zararli ta'sirining oldini olish, aholi turmush darajasi va sifatini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, maishiy chiqindilarni yig'ish, saqlash, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko'mish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida yangi tahrirdagi konstituciyaning muqaddima qismida "yangi mamlakatimizning bebaho tabiiy boyliklarini ko'paytirishga hamda hozirgi va kelajak avlodlar uchun asrab-avaylashga hamda atrof-muhit musaffoligini saqlashga astoydil ahd qilib," kabi qo'shimchalar bilan to'ldirildi. Xususan, yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 49-moddasida Orolbo'yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish va tiklash, uni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bo'yicha davlat tomonidan choralar ko'rilishi mustahkamlanmoqda:
Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to'g'risidagi ishonchli axborotga ega bo'lish huquqiga ega.
Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta'minlash va atrof-muhitga zararli ta'sir ko'rsatilishiga yo'l qo'ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o'tkaziladi.
Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat Orolbo'yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko'radi [5].
Orolbo'yi mintaqasida yuzaga kelgan global ekologik muammo mintaqa aholisining hayot tarziga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Shu bois, O'zbekiston Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilishga alohida e'tibor qaratmoqda. Xususan, 2018-yildan shu kunga qadar Orol dengizi tubining 1,8 mln gektarida ko'kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, Orol va Orolbo'yidagi murakkab ekologik vaziyat, aholi genofondini muhofaza qilish, salomatligini yaxshilash hamda ushbu hududda barqaror rivojlanishni ta'minlashga qaratilgan keng ko'lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Atrof-muhit muhofazasiga jamiyatning barcha kuchlarini jalb etish hamda butun dunyo hamjamiyati tan olgan milliy tashabbuslarni tatbiq etish jarayonlarini yanada kuchaytirish bo'yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qo'yish lozim. Chunki konstitutsiyaviy normalarning ekologik siyosatni amalga oshirishdagi o'rni va ahamiyati beqiyosdir. Umuman olganda, Konstitutsiya mamlakatimizda insonning qulay atrof-tabiiy muhitga ega bo'lish va mamlakatning ekologik xavfsizligini kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylangan. Zotan, unda ekologiya sohasidagi konstitutsiyaviy va xalqaro talablarni mustahkamlash nafaqat mamlakatda, balki mintaqa mamlakatlari ekologik xavfsizligini ta'minlashga xizmat qiladi [6].
Shuningdek, ekologik siyosat olib borishning bir qator yo'nalishlarni misol qilib ko'rsatish mumkin:
- atrof tabiiy muhit obyektlaridan oqilona foydalanish va biologik resurslarning qayta tiklanishini ta'minlash;
- iqtisodiy faoliyatning atrof-muhitga va aholining salomatligiga salbiy ta'sirini pasaytiruvchi innovasion texnologiyalarni joriy etish hisobiga barqaror iqtisodiy rivojlanishga erishish;
- iqtisodiyotning barcha sohalarini - yashil iqtisodiyot tamoyillari asosida rivojlantirishga yo'naltirilgan siyosat yuritishdir.
Albatta, bu vazifalarning hal etilishi O'zbekiston taraqqiyoti, xalq farovonligi va kelgusi avlod uchun ekologik barqaror vaziyatni asrab qolish, musaffo ekologik muhit yaratishda o'ta muhim o'rin tutadi.
Ekologik muammolarning tobora global ahamiyat kasb etib borayotganligi inobatga olinib, so'nggi yillarda muhim ustuvor vazifalar bilan bir qatorda atrof muhit muhofazasi, ekologik madaniyat, ekologik ta'lim-tarbiya, ekologik ma'rifat masalalariga alohida e'tibor berilmoqda
[7].
Konstitutsiyada O'zbekiston ekologik taraqqiyot strategiyasining asosiy qoidalari, ekologik va aholining ekologik xavfsizligiga doir talablar belgilangan bo'lib, ushbu siyosiy-huquqiy hujjat mamlakatimizda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan foydalanish bo'yicha eng muhim va asosiy qoidalarni belgilab beradi.
Shu o'rinda amerikalik huquqshunoslar mamlakat Konstitutsiyasini ekologiya huquqi normalari shakllanadigan huquqiy tizim uchun asos bo'lib xizmat qiluvchi "bilvosita manba" sifatida ta'riflaydilar. AQShning ekologik qonunchilikni ishlab chiqishda inobatga olinishi lozim bo'lgan barcha umumiy konstitutsiyaviy normalarini uch yirik guruhga ajratishimiz mumkin: 1) atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasida huquqiy tartibga solishni amalga oshirish bo'yicha Kongress vakolatlarini belgilovchi normalar; 2) ushbu vakolatni chegaralovchi normalar; 3) atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish sohasini huquqiy tartibga solishga ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan fuqarolarning huquqlariga oid normalar. AQSh ekologik qonunchiligida asosiy o'rinni konstitutsiyaviy qoidalarni sud sharhi egallaydi hamda u ekologik munosabatlarni har qanday sohada qo'llashni nazarda tutadi. Bir qator xorijiy mamlakatlar konstitutsiyalarining tahlili ularda ekologik-huquqiy normalar turlicha tartibga solinganligidan guvohlik beradi. Xususan:
1. Xorijiy mamlakatlar konstitutsiyalarida davlatning tabiatni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta'minlash singari mustaqil funksiyalari mavjudligi mustahkamlangan (GFR Konstitutsiyasining 15-moddasi, Bolgariya Konstitutsiyasining 31-moddasi va b.q.).
2. Tabiiy ob'ektlar va resurslarga nisbatan davlatning mutlaq mulk huquqi belgilab qo'yilgan (Vengriya Konstitutsiyasining 8-moddasi, Ruminiya Konstitutsiyasining 12-moddasi va b.q.).
3. Xalq xo'jaligini va tabiatdan foydalanishni rivojlantirishda xalq xo'jaligini rejalashtirish, xom-ashyo va resurslarga bo'lgan ehtiyojni inobatga olish, ularning rejali taqsimlash va ulardan oqilona foydalanish kabi normalar mustahkamlab qo'yilgan. (Vengriya Konstitutsiyasining 7-moddasi va sh.k.).
4. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish bo'yicha yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va majburiyatlarini shakllantirish. Ayni damda ta'kidlash o'rinliki, ko'p hollarda fuqarolarning qulay atrof tabiiy muhitda yashash huquqi ayni damda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish majburiyati bilan bog'lanadi (GFR Konstitutsiyasining 34-moddasi va sh.k.).
5. Tabiatni muhofaza qilishda jamoat birlashmalari va harakatlarning o'rni mustahkamlangan (GFR Konstitutsiyasi 29-moddasi, Ruminiya Konstitutsiyasi 24-moddasi va b.q.).
6. Davlatning mamlakat va jamiyatning tabiatni muhofaza qilish bo'yicha ichki va tashqi siyosatiga oid prinsiplarining yaxlitligi (Vengriya Konstitutsiyasining 20-moddasi va h.k.) [8]. Xulosa. Yangi O'zbekistonning yangi Konstitutsiyasi ekologik muammolarni hal qilishda zamonaviy va innovatsion yondashuvlarni qo'llash uchun mustahkam huquqiy asos yaratdi. Unda fuqarolarning toza va xavfsiz atrof-muhitda yashash huquqi kafolatlanib, davlatning ekologik xavfsizlikni ta'minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik zararlarni kamaytirishga qaratilgan majburiyatlari belgilangan. Shuningdek, ekologik ma'rifatni oshirish, barqaror rivojlanishni ta'minlash va bu borada xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilgan. Mazkur Konstitutsiya nafaqat ekologik muammolarni yechishda, balki O'zbekistonning barqaror va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish yo'lida dadil qadam tashlashini ta'minlaydi. U ekologik muvozanatni tiklash va kelajak avlodlar uchun sog'lom atrof-muhitni saqlab qolishning poydevorini yaratadi. Shu tariqa, yangi Konstitutsiya ekologik masalalarga yangi va samarali yondashuvning negiziga aylangan.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati
[1]. Omirzakov, Rustem. (2023). CONSTITUTIONAL AND LEGAL GUARANTEES OF ENVIRONMENTAL RIGHTS OF CITIZENS OF THE REPUBLIC OF UZBEKISTAN. 10.13140/RG.2.2.21148.67205.
[2]. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.05.2023 yildagi "Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida" PF-67-son Farmoni// Qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasi, 10.05.2023-y., 06/23/67/0269-son
[3]. Nazarov Elbek, Ne'matov Nursulton O'ZBEKISTONDA INSON VA FUQAROLARNING EKOLOGIK HUQUQLARI // Talqin va tadqiqotlar ilmiy-uslubiy jurnali. 2024. №16. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/o-zbekistonda-inson-va-fuqarolarning-ekologik-huquqlari
[4]. Ekologik huquqlar kafolatlanadi // insonhuquqlari.uz URL: https: / / insonhuquqlari.uz / oz/news / ekologik-huquqlar-kafolatlanadi
[5]. Yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi//Qonunchilik ma'lumotlari milliy bazasi, 01.05.2023-y., 03/23/837/0241-son
[6]. 5.O=zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 27.05.2019 yildagi 434-son
[7]. Mafura Muxtarxanovna Inagamova, Abbos Rustam O'g'li Egamberganov YANGI O'ZBEKISTONNING YANGI KONSTITUTSIYASI: EKOLOGIK MUAMMOLARNI BARTARAF ETISHNING HUQUQIY POYDEVORI // Academic research in educational sciences. 2023. № 1 Constitution. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/yangi-ozbekistonning-yangi-konstitutsiyasi-ekologik-muammolarni-bartaraf-etishning-huquqiy-poydevori
[8]. https://constitution.uz/oz/pages/Ekologik_munosabatlar