Y.B.VAHTANGOV AKTYORLIK MAHORATI MAKTABINING O'ZBEK TEATR SAN'ATIDAGI O'RNI VA AHAMIYATI
Bekjon Zokirov O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti
Annotatsiya: Y.B.Vahtangov teatr san'atida o'ziga xos kashfiyot yaratishga muvaffaq bo'lgan rejissorlar qatoridan o'rin egallashga haqlidir. Uning kashfiyoti natijasi o'laroq Stanislavskiy yaratgan "Sistema" bir joyda qotib qolgan uslub bo'lmay, u hamisha yangilanib borishi, shakl o'zgarishlariga ta'sir ko'rsatishi zarur ekanligini Vahtangov ijodi orqali o'z isbotini topadi.
Kalit so'zlar: teatr, Turkiston, sirk, musiqa, raqs, masqaraboz, qiziqchi, gastrol, o'yinlar,satiric, komediya, muqallid, sahna, kloun, niqob, libos, hatti-harakat, kulgu, qahramon, harakter, personaj, grim, rassom, butafor, an'anaviy, aktyor, rejissor, professional, jaded, drama, dramaturgiya, senzura, truppa, ijrochi, havaskor, maorif, studiya, M. Uyg'ur, Behbudiy, Cho'lpon, K.S.Stanislavskiy, Y.B.Vahtangov, Hamza, Avloniy, tashabbus, rahnamo, Boku, Moskva, Buhoro, Toshkent, biomexanika, shogirt, ustoz, istedod, tomoshabin, Turon
THE ROLE AND IMPORTANCE OF Y.B. VAKHTANGOV ACTING SCHOOL IN UZBEK THEATER ART
Bekjon Zakirov Uzbekistan State Institute of Art and Culture
Abstract: Y.B.Vakhtangov rightfully occupies a place among the directors who managed to create a unique discovery in theatrical art. As a result of his discovery, the "System" created by Stanislavsky is not a fixed style, but needs constant updating, influenced by changes in form, and Vakhtangov's work proves this.
Keywords: theater, Turkestan, circus, music, dance, clown, entertainer, tour, games, satiric, comedy, muqallid, stage, clown, mask, dress, behavior, laugh, hero, character, character , grime, artist, prop, traditional, actor, director, professional, jaded, drama, dramaturgy, censorship, troupe, performer, amateur, educational, studio, M. Uygur, Behbudiy, Cho'lpon, K.S. Stanislavsky, Y.B. Vakhtangov, Hamza, Avloni, initiative, leader, Baku, Moscow, Bukhara, Tashkent, biomechanics, student, teacher, talent, audience, Turan
Xalq an'anaviy teatri O'rta Osiyoning barcha hududlari qatori o'zimizning qadimiy qishloq va shaharlarda ham keng tarqalgan. Turli xil manbalarda
keltirilishicha XIX asming oxirida Rossiya va Ovrupodan Turkistonga turli yo'nalishdagi teatr va sirk guruhlari oqib kela boshlagan. Har guruh xo'jayini o'zaro raqobatda yengilmaslik uchun mahalliy musiqa va raqs ustalarini, masqaraboz va qiziqchilarni jalb etishga harakat qilgan. Xususan, masqaraboz va qiziqchilarning gastrol safarida bo'lgan sirk dasturlaridagi ishtiroki e'tiborli bo'lgan. Ular sirk chodiri ichiga bir talay eski o'yinlarini olib kirganlar. Chunonchi, "Kelin tushirdi", "Zarkokil", "O'g'irlik", "Mamayusuf"', "Ketmon tilash", singari satirik komediyalar, "Cho'pon bola", "Yog'och polvon", "Kiyik o'yini" kabi muqallidlar shapito sahnida zo'r muvaffaqiyat bilan namoyish qilingan. Mazkur tomoshalarga sirkning o'ziga xos talablari va xususiyatlari o'z ta'sirini ko'rsatgan, albatta. Ularda ko'proq harakat va askiyanamo savol-javoblarga nisbat berilgan, sirkning asosiy kulgi qahramonlari -kloun bilan rijiyning niqobi, libosi, xatti-harakatidan foydalana boshlangan.
Shunday qilib yurtimizda Ozarbayjon, Arman, Rus, Volgagrad, Gruziya kabi ko'plab mamlakatlarning teatr gostrollari yo'lga qo'yilgan. Shundan so'ng O'rta Osiyoda ham an'anaviy teatr san'ati bilan professional teatr, Yevropa tipidagi teatr san'ati (aktyorlik san'ati)ga qiziqish paydo bo'la boshladi. 1911-yildan boshlab gostrolga kelib turgan professional Tatar va ozarbayjon teatrlarining ta'sirida Toshkentda 1913-yili U.Kudashev rahbarligida Tatar teatr guruhi tashkil qilinadi. 1911-yili Ozarbayjon professional teatri gostroli Samarqandda mahalliy aholi o'rtasida katta qiziqish uyg'otadi.
Xalqimiz teatrni "Ibratxona" deb ataganligi tasodifiy emas. Teatr unga "Ibrat" bo'larli estetik voqea va hodisalarni ko'rsatar edi. 1913- yili "Jadid dramasi" - teatr san'atining asosi bo'lgan milliy dramaturgiya, ikki yillik senzura ta'qibidan keyin odam yuzini ko'rdi. Endi uni sahnalashtiradigan rejissyorga, asarni sahnada ijro etadigan aktyorlarga, spektaklni xalqqa namoyish etadigan joyga - teatr binosiga zarurat paydo bo'lgan edi. Shunga ko'ra Behbudiy Samarqandda, Avloniy Toshkentda, Hamza Qo'qonda teatr guruhlarini tuzishga urinadilar. Shu harakatlar natijasida 1913-yilning oxirida Avloniy Toshkentda o'z teatr guruhini tashkil qildi. "Truppa tarkibi tez kunda 25 kishiga yetib bordi ... musulmon drama san'ati havaskorlari truppasi tashkil etildi" Bundan ko'rinib turibdiki teatrlar paydo bo'lgandan keyin unga ijrochi aktyorlarga, rejissyorlarga, professional mutaxasislarga zarurat tug'iladi.
O'sha davr teatr san'atining malakali, chinakam professional bo'lishini taqozo etgan, bu uchun esa maxsus o'quv yurtida tahsil olish, malaka, mahorat orttirish lozim edi. Havasmand va iqtidorli yoshlarni Moskva va Bokuda o'qitish g'oyasi shu tarzda paydo bo'ladi. Shundan, ayniqsa, Moskvadagi Buxoro Maorif uyi qoshida ochilgan o'zbek drama studiyasining (1924-1927) xizmati katta bo'ldi. Bu ishda davlat arbobi Fayzulla Xo'jayev tashabbus va rahnamolik ko'rsatgan. Shu bilan birga O'zbekiston bo'ylab talabalarni izlab topish, o'qitish ishiga o'zbek teatriga yaqinroq
bo'lgan rus san'atkorlarini jalb etish va umuman studiyaning o'quv jarayoni, asar tanlash, spektakllar ustida ishlash, tayyorlangan spektakllarni ta'til paytida poytaxt Samarqand, Toshkent va Buxoro shaharlarida namoyish etishdan iborat faoliyatida Mannon Uyg'urning matonat va kuyunchaklik bilan ko'rsatgan xizmatlarini alohida ta'kidlab o'tish kerak.
1924-yilda "Turkiston teatr maktabi" Moskvadagi O'zbekiston Respublikasi "Sobiq Buxoro Respublika"sining qaramog'idagi maorif uyi qoshida "O'zbek teatr studiosi" tashkil etilib, unda Mannon Uyg'ur boshchiligida Turon teatrining yetakchi ijodkorlari ish boshladi. Studio uchun Mannon Uyg'ur boshchiligida Muzaffar Muhammedov, Fatxulla Umarovlar Respublikaning barcha shaharlaridan iqtidorli yoshlarni tanlab oldilar. Toshkentdan Tursunoy Saidazimova, Sora Eshonto'rayeva, Zamira Hidoyatova, Buxorodan Lutfulla Nazrullayev, Hojiqul Raxmatullayev, Sharif Qayumov, Sa'dixon Tabibullayev, G'ulomqodir Isomov, Toshxon Sultonova, Andijondan Isoqqori Karimovlar studioda o'qishga jalb qilindilar. Studio asosini tashkil etuvchi kuch 24 kishidan iborat bo'lib bular studioning yetakchisi va o'qituvchisi Mannon Uyg'ur, Abror Hidoyatov, Yetim Bobojonov, Hoji Siddiq Islomov, Muzaffar Muhammedov, Fatxulla Umarovlar edi.
Studiodagi boshqa yetakchi o'qituvchilarga kelsak, R.N.Simonov, I.M.Tolchanov, O.N.Basov-Vaxtangov teatrining vakillari bo'lib, aktyorlik mahorati va rejissuradan V.S.Kantsel, sahna plastikasi va "biomexanika"dan L.N.Sverdlin dars bergan. L.N.Sverdlin shu sohsning tengsiz yosh iste'dodi bo'lib, V.E.Meyrxoldning eng ishonchli shogirdi, doimiy maslahatchisi edi. Teatr san'ati olamida va pedagogikasida K.S.Stanislavskiydan keyin o'ziga xos burilish yasashga, o'z "aktyor ijrochiligi maktabi" ni yaratishga muvaffaq bo'lgan shaxslardan biri Yevgeniy Bagrationovich Vaxtangovdir (maktab atamasi shartli bo'lib, kechinma san'ati va namoyish etish maktabiga bo'linadi).
O'zbek Milliy teatri ijodiy jamoasini professional jihatdan shakllanishi Vaxtangovning nomi bilan bog'liq. Vaxtangov tomonidan sahnalashtirilgan "Malikai Turandot" spektaklini A.Cho'lpon tomonidan o'zbek tiliga o'girib, o'zbek milliy teatrimiz namoyondalari tomonidan qayta sahnalashtirilishi va uni O'bekistonda ijro etilishi tarixiy voqea sifatida e'tirof etilganligi ma'lumdir.
Vaxtangovning aktyorlik mahorati maktabi o'zbekistonlik ilk qaldirg'ochlar M.Uyg'ur, A.Xidoyatov, S. Eshonto'rayeva, A. Cho'lpon kabi buyuk san'atkorlar bilan kirib kelgan bo'lsa, bugungi kunda u yaratgan maktab namunalarini Razzoq Xamroyev tomonidan sahnalashtirilgan "Toshbolta oshiq", Bahodir Yo'ldoshev tomonidan sahnalashtirilgan "Maysaraning ishi" (Hamza asari), O.Salimov tomonidan sahnalashtirilgan "Toshkentga sayohat" (Omonov asari), M.Muhamedov tomonidan sahnalashtirigan "Hammom" ( Mayakovskiy asari), Rixsivoy Orifjonov
tomonidan sahnalashtirilgan "Serg'ayrat kishilar" (Shukshin asari) orqali ko'rishimiz mumkin.
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan san'at arbobi, professor Jo'ra Mahmudov ham Samarqand teatrida "Afsona" ( X.Sharipov asari), "To'qqizinchi pokiza" (E.Yurandot asari), Guliston teatrida "To'ylar muborak" (O'.Hoshimov asari), "Janjal" (Shukrullo asari) spektakllarining shakliy va janriy yechimida Y.B.Vaxtangov maktabiga tayangan. Teatr san'atining tomoshabinga ta'sir etuvchi vositalari son-sanoqsiz. Hamma gap shu vositalardan o'rnida foydalana bilishlikda.
O'sha 1924-yilda Moskva va Peterburgda son-sanoqsiz teatr studiolari mavjud bo'lishiga qaramay, O'zbekitondan borgan yoshlar, nima uchun aynan Vaxtangov studiosida (Moskvadagi teatr studioda Vaxtangov shogirdlari mashg'ulot o'tkazganliklari boisidan Vaxtangov studiosi atalgan) o'qishga tavsiya etilgan ekan? Bu savolga har kim turli manbalardan turlicha javob topishi mumkin.
Bizning fikrimizcha, K.S.Stanislavskiy shogirdlaridan aynan Vaxtangov ustoz sistemasini ijobiy o'zlashtirgan holda uni boyitib rivojlanishga, eng ko'p hissa qo'shgan shaxs edi. Vaxtangov Stanislavskiy sistemasini buzmagan holda sahnada aktyorlar uchun erkin badiha-improvizatsiyaga keng imkoniyatlar yaratib , spektaklni yagona intizomiy shaklga sola bildi.
U Stanislavskiy sistemasini ko'lamini kengaytirishga sahnada hayotiy haqiqat mohiyatini badiiylik, ramziylik, majoziylik sifatlari bilan boyitishga intildi.
Agar Charlie Chaplin va Bertold Brext aktyorlik maktabini kuzatadigan bo'lsak, ularning ijrochilik uslubiyati Vaxtangov maktabiga yaqin ekanligini kuzatamiz.
Vaxtangov o'ziga qadar hukm surib kelgan "to'rtinchi devor" (ya'ni tomosha zalini aktyorlardan ajratib turadigan) ni inkor etadi va sahnadagi aktyor bilan tomoshabin o'rtasida bevosita aloqa o'rnatishga erishadi.
O'zbekiston xalq artisti Qudrat Xo'jayevning "Hayotiy hikoyalar" kitobida "Malikai Turandot" spektaklidagi Tar-Tali(vazir) rolining ijrochisi Hoji siddiq mahoratini quyidagicha ta'riflaydi. Hoji aka Abror Hidoyatovni ko'rsatib, uni shunday tasvir etadi: bug'doyrang, qorako'z, pistalab, qunduz qosh, to'sday qora jingalak soch, mayin tovush, soz chalishda, ashula aytishda Levichani yo'lda qoldiradigan Soraxonimning erlari bo'lmish Degrez mahallalik Abrorxon Hidoyatxon o'g'li "Malikai Turandot" spektaklida shahzoda Kolo rolini o'ynaydilar"
Demak Vaxtangov "Aktyorlik mahorati" maktabini egallagan har bir aktyor, har bir spektaklda har safar sahnaga chiqqanida yangilik olib kirishi, improvizatsiyadan keng foydalanishi, har lahza hozirjavob bo'lishligini taqozo etar ekan. Vaxtangov tomonidan 2-studiya aktyorlari bilan sahnalashtirilgan "Malikai Turandot" spektakli ham yuqorida keltirilgan misolimiz tarzida boshlanar edi. Bu haqida "Yer yuzi" gazetasining 1926-yil 12-sonida A.Cho'lponning "Moskovdagi drama studiyamiz" maqolasida : "Yer yuzi" jurnalining o'quvchilariga nafis san'at muassalarimizdan
istudiyani tonitish zarur; chunki biz , o'rtoq Mo'min Xo'ja aytganiday, ingichka san'atimizga bino qurish kunlaridamiz. Hozir bu yo'lda qanday qadam qo'ysak, har bir qadamimiz kelgusi zamonda ming marotabalar tekshirilib, saralanadir. Undan keyin: mening bu kichkina musohabam bilangina elni bu muassasaga tegishincha oshno qilolmaymiz. Chunki, bu, yana o'rtoq Mo'min Xo'ja aytganiday, "o'zbek teatrining asosidir" Moskvadagi teatr jarayonlari bilan chala-chulpa tanishib chiqmoq uchun studiya talabalari 7-8 oy leksiya eshitdilar. Yaqin kelgusida bizning teatrimiz ham o'sha darajaga qarab ancha yo'l bosib qolar. O'sha vaqtda bu kungi yozg'on har bir xat (satr) yozuv ko'p chigallarni yechishga yordam qilur. Studiya bundan ikki yil burun Maskovdagi Stalin nomiga ochilgan o'zbek bilim yurti qoshida alohida studiya bo'lib tashkil qilingan. Boshda unga Maskov davlat teatr maktabida o'qig'uvchi yigitlarimiz kirganlar, unda keyin o'shal vaqtg'acha sahnalarimizda o'ynab kelgan atoqli san'atkorlarimiz kirganlar. Ularning orasida Toshkent bilan Buxoro va Farg'onadan elga mashhurva maqbul bo'lg'on yigitlarimiz bo'lg'onlar. Xotin-qizlar hay'ati esa, bizning tariximizda birinchi dafa o'laroq, o'zbek qizlari bilan O'zbekistonda tug'ilib o'sgan tatar qizlaridan iborat bo'ladir(keyingilardan faqat birgina kishi)"
Birinchi yilda studiyada ingichka san'atga oid bir muncha darslardan boshqa rus tili, ona tili va ba'zi bir umumiy fanlar ham bo'ladi. Sahna hunari fanining mudarrislari u yil o'sha fan ustida fransuzlarning klassik (qadim) adiblaridan Molyerning "Xasis" pyesasini tayyorladilar. Bu pyessa uzoq yili Samarqandda bir, Toshkentda bir qo'yiladir-da, shu bilan studiyaning yozliq ishi tamom bo'ladir.
Bu yil (1925-26 yillarda) esa studiyadan umumiy fanlar bilan ona tili fanini muallimsizlikdan chiqoriladir, boshqa ingichka san'at fanlari boyag'iday davom ettiriladir. Ayniqsa, o'tgan yil qadim zamon teatri tarixini o'qitqon muallim va munaqqid Filippuf bu yil studiya talabalarini Maskovdagi teatrlarning tarixlari va maslaklari bilan tanishtirodir. "Sahna hunarining" muallimlari esa bu yil "Xasis" ni bir oz tuzatmak bilan birga, mashhur rus adibi Gogolning o'lmas kulgisi bo'lg'on "Tergovchi"ni, inqilobiy fojialardan "Labbay"ni, so'ngra Xolxo'ja qo'rboshi turmushidan so'zsiz o'yin - "Qorovul uyqusi"ni tayyorladilar. Bundan boshqa o'z muallimlarimiz o'rtoq Uyg'un tomonidan kaminaning "Erkinoy" (Sarkash qiz) pyesasi tayyorlandi. Bulardan "Erkinoy", "Tergovchi", "Xasis" pyesalari Farg'onaning Namangandan boshqa hamma shaharlarida , "Labbay" bilan "Qorovul uyqusi" Toshkentda, Samarqandlarda qo'yildi.
Oldimizdagi bir qish tahsil bilan studiya tamom bo'ladi. Undan so'ng, maorif komissarligimizning fikriga qaraganda, o'sha studiya talabalari asos qilingani holda markaziy va doimiy jumhuriyat teatrimiz tashkil qilinsa kerak. Shul teatrning qoshida o'ziga maxsus studiyasi (maktabi) bo'ladir. U holda Maskov studiyasi, ehtimol, tamom berkitilsa.
Bu yil ingichka san'at fanlaridan ba'zilari chiqarilib, o'rinlariga boshqalari kirgiziladir. Chunonchi: yuz yasash (grim), sahna yasash (dekorasiyachilik) va boshqalar. Bu yilgi repertuarda milliy narsalar ko'prak bo'lsa kerak; "Erkinoy" xomroq bo'g'oni uchun yana ishlanmakchi; kaminaning 4 pardalik "Uzunquloq bobo" degan pyesasi ham repertuarga kirsa kerak. Yana boshqa milliy pyesalar topish harakati bor.
Studiyaning o'zi bilan qisqacha tanishdirgondan keyin endi uning yozgi sayohati bilan ham ozroq gapirib o'taylik. Toshkentda (teatr san'atining bu markazida) studiyaning moddiy muvaffaqiyati mazasiz bo'ldi. O'zbek bazm to'dasi moddiy jihatdan aqllar ishonmaslik muvaffaqiyat qozongani holda studiyaning bu muvaffaqiyatsizligi, albatta, sababsiz emas. U sabab hattoki ko'pimizga ma'lum. Bizning milliy cholg'ularimiz asrlardan beri bazmlarimizda tayyorlanib, xalqning ruhiga singib ketgan. Yengil bir shabada ham uni ko'zg'oy beradir. Teatr esa biz uchun yangi narsa, so'ngra, minglarcha to'dalarimizning bema'ni va san'atsiz teatrlari xalqni bezdirgan. Shularni anglagan uchun studiyaning o'zi ham moddiy muvaffaqiyatga ahamiyat bermadi. Bu holatni hammadan ko'ra ko'prak tushungan maorif komissarligimiz shu moddiy tejash davrida studiyaning moddiy kamchiligini yopdi.
Moddiy jihat shunday zaif bo'lsa ham ma'naviy jihati ancha yaxshi bo'ldi. San'atni tushungan kishilar keldilar, ko'rdilar, harorat bilan olqishladilar. Ana shul olqishlar, ana o'sha samimiy aloqa studiyaga ruh berdi. Bu olqishlar bu kun bir hovuch bo'lsalar ham, samimiy bo'lg'onlari uchun, kelgusida u hovuchlarning hech qayerga sig'may ketishiga qat'iy iymon keltirdilar.
So'z ohirida studiya talabalari to'g'risida ikki og'iz gapirib o'taylik: men, studiya bilan birga bir yarim oycha yurib, chinakam san'at fidokorlarini ko'rganimga ishonib suyundim. Moddiy muvaffaqiyatsizlik hali bizning ko'p "fidokorlarimizni" yarim yo'lda yo'ldan urodir. Bular o'z hayotlaridagi moddiy muvaffaqiyatsizliklarga ham e'tiborsiz qaraydilar va ko'zlarini qizil Maskovning tog'lar qadar teatrlariga tikib turib: - "Bizning tilagimiz shunda ! " - deydilar ... Yer yuzi" (1926yil. №12.)
O'zbek artistlarining sahna mahorati va madaniyatini egallashida, ayniqsa , "Malikai Turondot" bilan "Revizor" (u "Taftishchi" deb atalgan) asarlari ustida olib borilgan ishlar muhim ahamiyatga ega bo'ladi.
"Malikai Turondot" (1927-yil, 31-oktyabr) ustida studiyachilar bilan Vaxtangov teatrining namoyandalari - R.Simonov hamkasblari I.Tolchanov va O.Basov yordamida ish olib borgan. Unda mashhur - rejissyor Y.B.Vaxtangovning grotesk uslubida ishlagan "Malikai Turondot" spektaklining ta'siri kuchli bo'lgan, albatta. Ta'sir obrazlar talqinidagina emas, dekorasiyalarda ham ochiq ko'rinadi. "Malikai Turondot" pyesasini talqin etishda, -degan ekan R.Simonov, - biz Vaxtangov teatri talqinini deyarli saqlab qoldik. Obrazlar talqinini ham o'zgartirganimiz yo'q. Shu
bilan birga men studiya spektakliga o'zbek milliy hususiyatlarini kiritishga, o'zbeklarga hos belgilarni topishga harakat qildim. Bu o'rinda R.Simonov spektaklning milliy cholg'ularda ijro etilgan musiqa jo'rligida borishi hamda Arlekin, Brigella, Truffalidino, Tartaliyadan iborat to'rtta niqobdor boshlovchilarning o'sha davr O'zbekiston hayotidan olingan intermediyalarini nazarda tutgan, albatta.
Spektaklda sahna tomosha zaliga tomon qiya qurilgan maydonchadan iborat bo'lib, orqasida-devor, darvoza va balkon, balkon tagida esa darcha ko'rinib turgan. Ishtirokchi aktyorlar mana shu maydonchaga chiqib olib, ham "sahna" ni kiyintirganlar, ham o'zlari kiyinganlar. Ya'ni o'yin-o'yin bilan voqealar, ertak boshlanib ketgan. Bu yerda o'yinli improvizatsion dekorasiya uslubining konstruktivizm usuli qo'llanilgan bo'lib, o'ziga hos yorqin, quvnoq, muqallid-parodiya shaklidagi spektakli maydonga kelgan. Italiya deli-arte komediyasi obrazlarining yaratilishi, o'zaro to'qnashuvlar jarayonida xatti-xarakat, jihozlar, buyumlar, niqoblar, grimlar so'z bilan barobar xizmat qilgan.
Ayniqsa, "Revizor" ( 1926-yil, 29-iyuni ) komediyasi ustida ishlash jarayonida o'zbek san'atkorlari sahnaviy obraz yaratish yo'llarini to'la-to'kis o'rganib olishgan. Mannon Uyg'ur so'zi bilan aytganda, "Revizor" spektakli "studiyachilarning professional o'sishiga yo'l ochdi, ularni dabdabali, deklomasiya bilan gapirishdan, melodramatizmdan halos qildi". Hoji Siddik Islomovga o'xshagan ayrim aktyorlarning badihago'yligini jilovlab, ularga rolni ham tashqi, ham ichki tomondan puxta talqin qilish, sahnada partnyorlarni tinglay bilish va ansamblda yashay olish tamoyillarini ham singdirdi. "Malikai Turondot" da dekorasiya va liboslar shartli-umumlashma, pardoz (grim) bo'rttirilgan bo'lsa, "Revizor" da ular realistik uslubda jiddiy yo'sinda ishlangan: liboslar, yuz ko'rinishi, qiyofalar, soch-pariklar-barchasi N.V.Gogoli tasvirlagan XIX asr o'rtalaridagi dvoryanlar, mansabdorlar kichik shahar tiplariga xos bo'lgan. O'zbek aktyorlari o'sha tarixiy davr rus hayotida va rus qiyofalarida yashashni o'rganishgan. Spektaklda pavilionli dekorasiya tizimining bayoniy uslubi va simulitanli usuli ishlatilgani holda davr muhiti yaxshi ochib berilgan.
Abu Munshir degan tanqidchi "Zarafshon" gazetasida spektaklning aynan shu jihatlarini hayrat va gururlanib qayd etadi: "Aytib bo'ladirkim , artistlardagi serharakatlik, so'zlaridagi burrolik, harakatlaridagi ohangiy intizom bir qarashda sezilib, oxirigacha o'z latofatini saqlar edi. Tovushlari orqali artistlarning shaxslarini tanimoq hech mumkin emas edi. Ularning qiliqlarini ko'rganda, o'zbek ularni ekanliklariga ishonish qiyin ko'rinur edi. Vaziyat, harakat, soddalik, qiyofat, muomila va muoshirat jihatdan hech bir kamchilik yo'q. Ijrochilar gavdalantirayotgan obrazlariga shu qadar singib ketganlarki, kimligini bilish u yoqda tursin, hatto o'zbekligiga ishonish qiyin bo'lgan ekan. Bunda Abu Munshir aytgan faqat "tovushlar" (so'zlash uslubi, so'zlash ohangi) yohud "qiliqlar" (xatti-xarakat) emas,
qiyofalarni yuzaga keltiruvchi liboslar va yuz ko'rinishi ham katta o'rin egallagan, albatta. Tanqidchi spektaklning omillari ichida "qiyofat" atamasini ishlatarkan, shuni nazarda tutgan.
Studiyachilar K.S.Stanislavskiy va Y.B.Vaxtangov tajribalarini o'rgandilar. Shu bilan birga XX asr sahna san'ati reformatorlari Meyerxolid va A.Tairov ijodiy izlanishlari bilan ham yaqindan tanishdilar. Aynan shu rejissorlarning "shartli teatr" va "hissiyotga to'liq teatr shakli" tamoyillarining aktyorlik san'ati, teatr jarayoni, sahna makoni, sahna badiiy bezagi ustida olib borgan eksperimentlari o'zbek san'atkorlarida katta qiziqish uyg'otgan. Meyerxolidning fikricha, sahna makoni turli-tuman o'zgarishlarga qodir bo'lishi, uning har jihatdan transformasiya qilinishi, sahna eni, balandligi, tubining turli qirralarda to'laqonli ochilishi, sahnada pol va shiplar ham yassi holatdan xoli, bo'rtma hajmli qiyofada tortiq etilishi lozim. Spektakllari shartli va poetik simvollarga bo'ysundirilgan, ularda stilizasiyali tasviriy dekorativ bezak yetakchilik qilgan. Rejissor A.Tairovning ham fikriga ko'ra, sahna makoni yassi chiziqlardan qochishi, spektakl voqealari bir qator past-baland gorizontal relief ko'rinishlarida namoyon bo'lmog'i lozim. Qutisimon sahna va pavilionli dekorasiyadan holi makonda aktyor bor imkoniyatlarini yaqqol namoyon qila oladi. Aynan shu eksperimental tajribalar o'zbek studiyachilari spektakllarida ham ko'zga tashlanadi.
"Malikai Turondot" bilan "Revizor" 30-yillarda bir necha bor Hamza nomidagi teatrda qayta tiklanar, viloyat teatrlarini aylanib chiqar ekan, Moskva studiyasida sahna madaniyati va aktyorlik mahoratini egallash bo'yicha qo'lga kiritilgan yutuqlar tayanch vazifasini o'tadi. Mazkur spektakllarda qo'llangan naturalistik va konstruktivistik uslub 30-yillarda ham o'zbek teatrida ikki muhim yo'nalish sifatida qaror topgan.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Jo'ra Mahmudov. XX asr rejissurasi. Toshkent. 2015 y.
2. Vstrechi c Meyerxoldom. Moskva. 1967 y.
3. Nemerovich-Danchenko V.I. "O tvorchestve aktyora". M., "Iskusstvo" 1984
y.
4. V. E. Merxold. Moskva. 1968 y.
5. K.S.Stanislavskiy. Aktyorning o'z ustida ishlashi. T. Ho'jayev tarjimasi. Toshkent. 1965 y.
6. J. Mahmudov, Hamida Mahmudova. "Rejissura asoslari" O'. M. Ye davlat ilmiy nashriyoti 2008 y.
7. Muhtarov. Teatr i yego aktyori. - T.: Fan. 1989 y.
8. Toshpo'lat Tursunov. XX asr O'zbek teatr tarixi. Toshkent. 2010 y.
9. D. Qodirova. XX asr o'zbek teatr tarixi ssenografiyasi. Toshkent. 2009 y.
10. B. Irzayev. O'zbek musiqa madaniyati tarixi sahifalaridan. Toshkent. 2017 y
11. M. Umarov, T. Yuldashev. Rejissorlik va aktyorlik san'ati asoslari. Toshkent. 2016 y.
12. Tomoshabin. Turkiston tabibi. "Ulug' Turkiston". 1918-yil 11-may.
13. Tomoshachi. Xalqni ibratlantiruvchi yoki oqma yig'uvchi? "Ishtirokiyun", 1919-yil 2-aprel.
14. Ko'zlukli. Andalusning so'ngi kunlari. "Ishtirokiyun", 1919-yil 19-avgust.
15. Tomoshabin. Ikki soat vaqt orom etuvchi. "Ishtirokiyun", 1919-yil 22-mart.
16. A. Qodiriy. Bizda teatr ishining borishi. "Ishtirokiyun", 1919-yil 14-dekabr.