Научная статья на тему 'O‘ZBEK TEATRI SAHNASIDA TATAR DRAMATURGLARI IJODI'

O‘ZBEK TEATRI SAHNASIDA TATAR DRAMATURGLARI IJODI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
336
35
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
jadidchilik harakati / o‘zbek teatri / tatar teatri / ijodiy aloqalar / To‘fon Minnullin / jadid davri / turkiy xalqlar dramaturgiyasi

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Maftuna Maxmadnazar Qizi Maxmadaminova

O‘zbekistonda teatr san’ati shakllanishida turkiy xalqlarning, ayniqsa, tatar teatrining roli katta. Tatar dramaturgiyasi va truppalari faoliyati o‘zbek ziyolilari uchun namuna vazifasini bajargan. Tatar va ozarbayjon teatr ijodkorlarining o‘rnagi va ko‘magi ta’sirida XX asr boshida o‘zbek teatri tashkil topdi. Mazkur maqolada tatar dramaturglari asarlarining o‘zbek teatridagi sahnaviy talqinlari va ijodiy hamkorliklari davriy nuqtai nazardan o‘rganilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O‘ZBEK TEATRI SAHNASIDA TATAR DRAMATURGLARI IJODI»

O'ZBEK TEATRI SAHNASIDA TATAR DRAMATURGLARI IJODI

Maftuna Maxmadnazar qizi Maxmadaminova O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi San'atshunoslik instituti

Annotatsiya: O'zbekistonda teatr san'ati shakllanishida turkiy xalqlarning, ayniqsa, tatar teatrining roli katta. Tatar dramaturgiyasi va truppalari faoliyati o'zbek ziyolilari uchun namuna vazifasini bajargan. Tatar va ozarbayjon teatr ijodkorlarining o'rnagi va ko'magi ta'sirida XX asr boshida o'zbek teatri tashkil topdi. Mazkur maqolada tatar dramaturglari asarlarining o'zbek teatridagi sahnaviy talqinlari va ijodiy hamkorliklari davriy nuqtai nazardan o'rganilgan.

Kalit so'zlar: jadidchilik harakati, o'zbek teatri, tatar teatri, ijodiy aloqalar, To'fon Minnullin, jadid davri, turkiy xalqlar dramaturgiyasi.

THE ROLE OF TATAR DRAMA IN THE HISTORY OF THE UZBEK

THEATER

Maftuna Makhmadnazar qizi Makhmadaminova Institute of Fine arts of the Academy of Sciences of the Republic of Uzbekistan

Abstract: The role of Turkic peoples, especially the Tatar Theater, in the formation of theatrical art in Uzbekistan is large. The activities of Tatar dramarship and troupes have served as a sample for Uzbek intellectuals. An Uzbek theater was formed at the beginning and support of Tatar and Azerbaijani theater artists under the influence of the example of the theater artists. In this article, the scenal interpretations of works of Tatar playwrights in the Uzbek theater was studied periodically.

Keywords: Jadidity movement, Uzbek Theater, Tatar Theater, Creative Relations, Tufon Minnullin, Jadid period, dramaturgy of Turkish peoples.

Har qanday sohaning rivojlanishi asosida boshqa xalqlar bilan muayyan ta'sirlanish omili yotadi. O'zbekistonda teatr va yozma dramaturgiyaning vujudga kelishida eng avvalo, etnik ildizlari bir bo'lgan turkiy xalqlarning ta'siri katta. Ayniqsa, tatar va ozarbayjon teatri o'zbek teatri tarixining shakllanishi va rivojida muhim rol o'ynadi. Tatar va o'zbek xalqining etnik o'zagi bir, tarixi, madaniyati bir-biriga yaqin bo'lgani kabi, san'ati, jumladan, teatrining taraqqiyotida ham o'zaro ta'sirlashuv va bog'liqliklar mavjud. Tatarlarda yozma dramaturgiya va teatr XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo'lgan bo'lsa, Markaziy Osiyoda professonal teatr nisbatan biroz keyin paydo bo'ldi.

O'zbek teatri rasman 1914 yilda tashkil topgan bo'lsa, ungacha bo'lgan jarayon alohida bosqich hisoblanadi. Tatarlar Markaziy Osiyo hududida avvaldan yashagan. Buxoro, Samarqand, Toshkentdagi madrasalarda o'qish uchun ko'plab tatarlar O'zbekistonga kelishgan. "Markaziy Osiyoni rus imperiyasi bosib ola boshlagan davrda tatarlarning mamlakatga oqimi ortdi. Tatar harbiylari Rus qo'shini tarkibida, shuningdek, tarjimon vazifasida Turkistonga ko'chirib kelingan. 1865 yilga kelib O'zbekiston shaharlarida 5 000 kishiga yaqin tatar yashagan" [10].

Keyinchalik shu tatarlarning xonadonlarida tez-tez teatr to'garaklari tashkil etilgan. Manbalarga ko'ra, 1904 yili tatarlardan bo'lgan podpolkovnik Sohib Erikeev hamda etnograf olim Abubakir Divaevlarning uyida turk adibi Nomiq Kamolning "Ishq balosi" asari namoyish etilgan. Buni tataristonlik teatrshunos Iltani Ilyalova ham quyidagicha tasdiqlaydi: "Ilk tatarcha spektakl XX asr boshida Toshkentda, etnograf A.Divaev va general Erikeevlar uyida ko'rsatilgan. Bu spektakl nomoyishlarida nafaqat tatar tomoshabinlari, balki o'zbeklarning ilg'or ziyolilari ham qatnashgan" [2.5].

1909 yili esa tatar yozuvchisi Ali Asqar Kamolning "Birinchi teatr" pyesasi o'ynalgan. O'zbek teatrining asoschilaridan biri Abdulla Avloniy bu tatar xonadonlarida o'ynalgan spektakllarni birontasini ham o'tkazib yubormagan. Ayni shu yilda Toshkentdagi mahalliy tatarlarning havaskor truppalari "Musibati Faxriddin", "Qizlar qanday kulalar" (ozarbayjon dramaturgi N.Vezirov asarlari asosida) kabi asarlarini sahnalashtirib, tomoshalar uyushtirgan. O'sha davr nashrlariga ko'ra, 1910-yillarda Toshkentda doimiy tatar havaskor teatr jamoasi ish boshlagan.

Tatar teatr truppalarining Markaziy Osiyoga, jumladan, Turkistonga gastrollari 1911 yildan boshlanadi. Tatar teatr namoyandalaridan Ilyosbek Ashkazarskiy (18841942) truppasi 1911 yilda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Farg'ona vodiysida turli tomoshagohlarda Aliasqar Kamol, I.Bogdanov kabi dramaturglarning asarlari asosida spektakllar namoyish etadi. 1912 yili Sohibjamol Gizatulina-Voljskaya (1892-1974) va Qosim Shomil (1892-1881) rahbarligidagi "Nur" truppasi Turkistonning ko'pgina shaharlari bo'ylab gastrollar o'tkazgan. 1912-1913 yillarda esa Ashkazarskiy studiyasidan chiqqan yana bir artist Abdulla Qoriev (1886-1920) boshchiligidagi tatar truppasi "Shahrimiz sirlari", "Bankrot" (Aliasqar Kamol) spektakllarini ko'rsatadi. Birinchi o'zbek rejissyori Mannon Uyg'ur (Mannon Majidov) uy-muzeyi arxivida saqlanayotgan qo'lyozmalarning birida shunday esdaliklar bor: "Teatr tomoshasini birinchi marta 1912 yilda ko'rdim. O'shanda Toshkentga tatar teatr truppasi gastrolga kelgan edi... teatr meni tamom maftun etib, hayratda qoldirdi" deb yozadi.

I. Ashkazarskiy "Sayyor" truppasining Turkistonga 1913 yildagi tashrifida Toshkent, Namangan, Buxoro, Kogon shaharlarda spektakllar namoyish etgan. Shu yili Ashkazarskiy ko'magida Toshkentda mahalliy tatarlardan dan iborat doimiy

truppa tuzilgan. Zakiy Boyazidskiy, Mustafo Mansurovlar rahbar va rejissor sifatida truppa faoliyatini boshqargan.

Tatar teatr truppalari Buxoroga ham doimiy gastrollar uyushtirgan. XX asrning 10-yillarida Buxoroda Husayn Najib ismli tatar ziyolisining teatr truppasi faoliyat yuritgan. Sh.Rizaevning tafsiloticha, bu truppa "Behbudiydan "Padarkush"ni sahnalashtirish uchun ruxsat so'ragan. Muallif roziligi bilan tatar tilida sahnalashtirilgan asar 1914 yilning 5 mart kuni namoyish qilingan" [5.87].

Abdulla Qodiriy teatrga oid maqolalarida o'lkada milliy teatrchilik harakatlarining yuzaga kelishida tatar teatr truppalarining ijodiy safarlari ta'siri borligini ta'kidlaydi. Shuningdek, teatr degan sanoyi nafisaning Turkiston jadidlari harakati tarkibida 1912 yildan boshlandi, deb ma'lumot beradi. Adib ko'rsatgan sana o'lkada teatr harakatlarining keng tus olishi, mahalliy ziyolilar orasida ham teatr uchun asarlar yozish tajribasining boshlangani va tashabbuslarning jadallashish davrini belgilaydi.

1913 yilning oxirlarida Toshkentda U.Xo'jayev, T.Norbo'tabekov, M.Abdurashidxonov, A.Avloniy, M.Poshshaxo'jayev, B.Asadullaxo'jayev, N.Isomiddinxo'jayev, Q.Boboxo'jayev kabi shaxslar muassisligida "Turon" jamiyati ish boshlaydi. Ikki yil mavjud hukumat senzurasi tufayli e'lon qilinmagan "Padarkush" shu yili Samarqandda alohida kitob holida chop etiladi. "Turon" jamiyati va uning qoshida tuzilgan havaskor teatr truppaning tashkilotchi rahbarlaridan biri shoir, muharrir va muallim Abdulla Avloniy 1913 yilning dekabridan Muhammadyorov ismli tatar rejissori bilan "Turon" truppasida ilk o'zbekcha pyesa - "Padarkush"ni sahnalashtirish ishlarini boshlaydi. Muhammadyorov o'sha davrda Toshkentda yashovchi mahalliy tatar havaskor truppasi vakillaridan biri bo'lishi mumkin. "Paradkush"ni sahnalashtirish 1913 yildan boshlanib, 1914 yilning boshida ozar rejissori Aliasqar Asqarov tomonidan oxiriga yetkaziladi. Birinchi o'zbek teatri "Turon" truppasi shu ilk spektakli bilan faoliyatini boshlagan. Teatr jamoasi Aliasqar Asqarovdan tashqari Muhammadyorov, Zakiy Boyazidskiy kabi tatar rejissorlari bilan hamkorlikda "Istanbul", "Badbaxt kelin" spektakllarini qo'yadi.

Dastlab o'zbek teatrining spektakllarda ayollar ishtirok etmagan. Shuning uchun ilk o'zbekcha pyesalarda ayol personajlar sanoqli va aksariyati epizodik rollar bo'lgan, ularni sahnada asosan erkaklar yoki boshqa millat ayollari o'ynagan. O'zbek teatr truppasining dastlabki tomoshalarida ayollar rolini mahalliy tatar ayollari ijro qilgan.

"Turon" teatrining 1915-1916 yillardagi repertuarida tatar, turk, ozarbayjon dramaturglarining asarlari asosiy joy egallaydi. Jaholatga botgan avomning holini fosh etish, adolat va ilm-ma'rifatni targ'ib etish bu davr turkiy xalqlar adabiyoti va teatriga xos umumiy xususiyat edi.

Davming murakkabliklariga qaramay Mannon Majidov (Mannon Uyg'ur)ning truppa safiga qo'shilishi bilan o'zbek havaskor teatri asta-sekin ijodiy-tashkiliy tomondan takomillashib bordi. Truppa rejissori va rahbari Mannon Uyg'ur tatarlar bilan hamkorlikni davom ettirdi. U 1921 yilda atoqli tatar dramaturgi Aliasqar Kamolning ukasi, rejissyor Abdulla Kamolni (Kamol I) truppaga bosh rejissorlikka taklif etadi. Teatrshunos Eldor Muxtorovning tafsilotlariga ko'ra, "Kamol Birinchi Turkistonga ilk bor 1913 yilda "Sayyor" teatri aktyori sifatida kelgan. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Namangan, Farg'onada bo'lgan. Ikkinchi marta fuqarolar urushidan keyin kelgan. Mannon Uyg'ur "Namuna" teatridagi ilk spektaklini Kamol Birinchi bilan birgalikda sahnalashtiradi. Kamol Birinchi o'zbek teatrining aktyorlik va rejissorlik, dramaturgiyada professionalashuv davrida muhim rol o'ynadi" [7.42].

Kamol Birinchining kelishi o'zbek teatri sahnasiga Evropa dramaturgiyasini kirib kelishiga sabab bo'ldi. Chunki Kamol I bu teatrda o'z ishini Shillerning "Makr va muhabbat" asarini sahnalashtirish bilan boshlaydi. Mannon Uyg'ur, Abror Hidoyatov, Bosit Qoriyev, Ma'suma Qoriyeva kabi truppa aktyorlari va Kamol Birinchining rafiqasi Fotima Kamolovalar mazkur asarda rol ijro etdi. Abdulla Kamolning rejissorlik tajribasi, obrazlar xarakteri va nutqi ustida ishlashi truppa aktyorlari mahorati va estetikasiga o'z ta'sirini ko'rsatadi. Biroq, 1922 yilga kelib, davlat ta'minotining to'xtab qolishi bilan teatr yana moliyaviy muammolarga duch keladi. Teatr yetakchilarining urinishlari samarasiz yakunlanib, jamoa yana parchalanadi. Mannon Uyg'urni Buxoro Maorif nozirligi chaqirib oladi, ularning ortidan Kamol I va Fotima Kamolova ham teatrni tark etadi.

1924 yilda O'zbekiston Sovet Sotsialistik Respubikasi tashkil etilgach, asta-sekin sotsial-proletar mazmundagi asarlar kirib kelishi ortishi natijasida o'zbek teatri va turkiy xalqlar orasidagi yaqin hamkorlik munosabatlari sezilarli darajada zaiflashdi. Shunga qaramay, o'zbek madaniyatining katta bir bo'lagi tadrijiy ravishda taraqqiyot yo'lida davom etdi. 1920-1930-yillar oralig'ida jadid teatrlarining qiyofasi to'la shakllanib, birin-ketin davlat maqomidagi boshqa professional teatrlar tashkil etildi. Teatrlar o'zbek mualliflarining asarlaridan tashqari, G'arb va Sharq dramaturgiyasining mumtoz namunalarini sahnalashirib, o'z ijodiy yo'lida davom etdi. Mannon Uyg'ur, Aleksandr Ginzburg, Toshxo'ja Xo'jayev, Bahodir Yo'ldoshev, Rustam Hamidov kabi rejissorlar o'zbek teatrining ijodiy qiyofasini ko'rsatuvchi katta ishlarni amalga oshirdilar.

O'zbek teatr ijodkorlarining tatar dramaturglari ijodiga murojaat qilishi 1980-yillar - Qayta qurish davrida yana jonlandi. 1981 yilda O'zbekistonning birinchi teatri Hamza nomidagi davlat teatrida (hozirgi O'zbek Milliy akademik drama teatri) rejissor Bahodir Yo'ldoshev taniqli tatar dramaturgi To'fon Minnullin (1935-2012)ning "Aldermishlik Almandar" komediyasini sahnalashtiradi. Pyesani o'zbek yozuvchisi Said Ahmad tarjima qilgan. Asosan ijtimoiy-siyosiy mazmundagi tragik

va dramatik asarlar sahnalashtirilgan teatrda komediya janrida inson qadri haqidagi asarning qo'yilishi o'ziga xos o'zgarish edi.

To'fon Minnullinning asaridagi insonparvarlik g'oyasi, hayotning romantikrealistik ifodasi o'zbek tomoshabini va rejissorlarni o'ziga jalb etdi. Shu bois, mustaqillik davrida ham teatrlar dramaturgning ijodiga murojaat qilishda davom etdi. 1991 yilda rejissor Rustam Hamidov T.Minnullinning davrning ijtimoiy-axloqiy manzarasi ayollar timsolida ko'rsatilgan "Alla" («Onibr hsm bsbibr») dramasi asosida spektakl sahnalashtirdi. O'zbek shoirasi Halima Xudoyberdieva o'zbekchaga tarjima qilgan mazkur asar O'zbek Milliy akademik drama teatrining mustaqllikning ilk yillarida sahnalashtirilgan realistik ruhdagi eng yaxshi spektakllardan biri hisoblanadi. "Rejissor R.Hamidov bu spektaklni hayot, vijdoniylik, mehr-oqibat, ezgulik va sabr-toqat to'g'risidagi o'ziga xos bahs sifatida sahnalashtirdi. Bu spektakl ayolga nisbatan cheksiz hurmat-ehtirom, mehr-muhabbat qasidasiga aylanib ketdi" [3.202].

Asarda muallif ustalik bilan topgan badiiy xarakterlar aktyorlar ijrosida o'ziga xos jonlantirildi. Milliy teatrning yosh va keksa aktrisalari Shirin Azizova, To'ti Yusupova, Gavhar Zokirova, Sayyora Yunusova, Erkli Malikboeva, Ikroma Boltaboeva, Yayra Abdullaevalar o'z rollarini mohirona ijro etgani uchun ham spektakl haligacha yorqin xotiralar bilan eslanadi.

Minnullin ijodi o'zbek musiqali teatrlari repertuaridan ham munosib o'rin egalladi. Uning komediyalarida ifoda etilgan nozik insoniy tuyg'ular, voqealar zamiridagi lirizm, romantik ruh musiqali teatr estetikasiga mos keladi. 1998 yilda Muqimiy nomidagi o'zbek davlat musiqiy teatrida "Dilafro'zga to'rt oshiq" (Asqad Muxtor tarjimasi) asari sahnalashtirildi. Nomidan bilish mumkinki, asar sevgi mavzusida. Muallif o'lmas bu mavzuga boshqalardan farqli yondoshgan. Yoshlarga xos sof, samimiy sevgini komedik vaziyatlar va xarakterlar asosida qiziqarli ifodalaydi. Quvnoqlik kayfiyat asnosida shirin tuyg'ular uyg'otadigan spektakl o'zbek tomoshabini tomonidan yaxshi qabul qilindi. Rejissor Ma'ruf Otajonov sahnalashtirgan bu spektakl teatr yosh aktyorlarining ijro mahorati va ovoz imkoniyatlarini oshiradigan badiiy maydon vazifasini o'tadi.

Bundan tashqari, xalqchilligi, samimiyligi bilan tomoshabinlar yodida qolgan "Aldermeshlik Almandar"asari oradan vaqt o'tib, Muqimiy teatri ijodkorlari tarafidan yangidan talqin etildi. Rejissor Nasrullo Qobul asarni 2012 yilda musiqiy komediya shaklida sahnalashtirdi. "Almandar uylanarmish" nomi bilan qo'yilgan spektakl ariyalar bilan boyitilib, musiqali teatr aktyorlari ijrosida lirik ruhda talqin etildi. "Asar syujetida keskin burilishlar, intriga yo'q. "Aldermeshlik Almandar"ni muallifning o'zi "qayg'uli komediya" deb ta'riflagan, lekin bu klassik ma'nodagi komediya emas. Umumiy qaraganda, komedik vaziyatlar, hazillar, quvnoqlik bor, lekin o'quvchi diqqat bilan o'qigani sari undagi dardni, dramatizmni his etadi"[8]. Minnullin

dramaturgiyasining o'ziga xosligi, badiiy individualligi ham shunda. Mumtoz komediya talablariga ko'ra, "komediya hozirgi vaqtda yashayotganlardan yomonroq kishilarni tasvirlaydi" [1.10]. Ya'ni, komediyada inson xarakteridagi illatlar fosh etiladi. Minnullin esa o'z asarlarida bunday nazariyalarga mutanosib bo'lish haqida o'ylamaydi. Uning pyesalarining qahramonlari aksincha, yaxshi insonlar. U oddiy odamlar hayotini, ulardagi olijanoblik, mehribonlik, do'stlik, matonatlilik, mehnatkashlik, sadoqat kabi insoniy xususiyatlarni ko'rsatishga intilgan. Xoh komediya bo'lsin, xoh drama - barchasining zamirida shunday asos mavjud.

"Aldermeshlik Almandar" komediyasining bosh qahramoni ham sirtdan qaraganda sodda, to'pori odam, lekin u kuchli xarakter egasi. To'qson yoshli bu obraz dunyo tashvishlariga engilmay, hayotni, insonlarni sevishga qodirligi uchun ham Ajalning ustidan g'olib keladi. Bunday xarizmatik rollarni ijro etish har qanday aktyordan chuqur yondashuv talab qiladi. Spektaklda O'zbekiston xalq artisti Fayzulla Ahmedov (Almandar), Tursunboy Pirjonov (Ajal) va boshqa aktyorlarning iqtidorlari yorqin namoyon bo'ldi.

Umuman olganda, tatar va o'zbek teatri orasidagi aloqalar XX asr boshida havaskorlikdan boshlanib, asr so'ngida professional bosqichda davom etdi. Yangi asrda ham zamonaviy tatar dramaturgiyasi o'zbek teatrlari repertuaridan o'zin egalladi. Tatar zamonaviy dramturgiyasi, xususan, To'fon Minnullin asarlarining o'zbek teatriga kirib kelishida mohir adiblarining tarjimonlik faoliyati ham asosiy omillardan biri bo'ldi. Teatr uchun saralangan, sifatli tarjimalar har doim muhim va zarur bo'lgan. To'fon Minnullin misolida zamonaviy tatar dramaturgiyasining o'zbek sahnasidan joy olishida Said Ahmad, Asqad Muxtor, Halima Xudoyberdieva kabi katta yozuvchi va shoirlarning tarjimonlik mehnati bor. Lekin, hozirgi vaqtda bu soha biroz nazardan chetda qolmoqda. Hech bir millat teatri tajriba, mahorat almashmasdan rivojlana olmaydi. Shu ma'noda zamonaviy o'zbek teatrida nafaqat milliy asarlar, balki xorij dramaturgiyasining sara namunalariga hamisha ehtiyoj bo'lgan. Qolaversa, hozirda turkiy mamlakatlar o'rtasida munosabatlarni har tomonlama mustahkamlash harakatlari jadallashgan davrda tatar va o'zbek teatrining hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko'tarish san'at va madaniyat sohasida ijodiy an'analarning boyishiga xizmat qiladi.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Arestotel. Poetika. -Toshkent: G'afur Hulom, 1980. - 10 b.

2. ILYALOVA I.I. Teatr im Kamala: ocherki istorii. - Kazan: 1986. - S. 5.

3. Raxmonov M., To'laxo'jaeva M., Muxtorov I., O'zbek Milliy akademik drama teatri tarixi. Madaniyat ishlari vazirligi uslubiyat va axborot Respublika Markazi. - Toshkent: 2003. - 202 s.

4. Rahmonov M. O'zbek davlat akademik drama teatri tarixi (1914-1960). -Toshkent: G'afur G'ulom, 2001. - 12 s.

5. Rizaev Sh. Jadid dramasi. -Toshkent. Sharq, 1997. - 87 s.

6. Rasulova R. Rol tatar v proniknovenii teatralnogo iskusstva v Turkestan// Istoricheskaya etnologiya - Historical Ethnology. - Kazan: 2020. № 5, - c. 50-57.

7. Muhtarov I. O'zbek rejissurasining shakllanishi. Abdulla Kamol Birinchi//Teatr. -Tashkent: 2021, № 6. - 42 s.

8. Minnullin T. Starik iz derevni Aldermysh/ Pyesa matni. https: //tufanminnullin.org/ru

9. UYG'UR M. O'tmishga sayohat//Teatr . - Toshkent: 2008. № 3, - 6 s.

10. Xabibullin., Xalilova L., Tatarti Uzbekistana: pervie poseleniya, svyazi s Kazanyu i sokrashenie chislennosti. https://realnoevremya.ru

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.