Научная статья на тему 'XALQ OG‘ZAKI IJODI ORQALI BOLALARDA HAMJIHATLILIK, MEHR OQIBATLILIK TUYG’USINI SHAKLLANTIRISH'

XALQ OG‘ZAKI IJODI ORQALI BOLALARDA HAMJIHATLILIK, MEHR OQIBATLILIK TUYG’USINI SHAKLLANTIRISH Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
97
17
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
xalq / folklor / xalq san’ati / og’zaki ijod / mehroqibat / hamjihatlik / mif / etimologiya / qo’shiq / teatr / sinkretik san’at

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — R S. Qo‘shinova, Sh.Davlatova, G.Odilova, O.Karimova

Xalq og‘zaki ijodi-mehnatkash xalq ijodi. Xalq badiiy faoliyatining tarkibiy qismi bo‘lmish folklor asarlari xalq san’atining boshqa turlaridan: musiqa, teatr, raqs, tasviriy va amaliy san’at hamda boshqalardan og‘zaki so‘z san’ati ekanligi bilan ajralib turadi. U og‘izdan og‘izga, avloddan avlodga, davrdan davrga o‘tib, xalqning iste’dodli vakillari ijrosida sayqal topadi. Folklor asarlari dastlab qanday yaratilgan bo‘lsa, o‘sha holicha saqlanib qolmay, ijod va ijroda nimalardir o‘zgaradi. qayta ishlanib talqin qilinadi, yangi-yangi ma’lumotlar bilan boyitilib, tarixiy sharoitga moslashib, shu bilan birga yozma adabiyotga ijobiy ta’sir etdi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «XALQ OG‘ZAKI IJODI ORQALI BOLALARDA HAMJIHATLILIK, MEHR OQIBATLILIK TUYG’USINI SHAKLLANTIRISH»

XALQ OG'ZAKI IJODI ORQALI - BOLALARDA HAMJIHATLILIK, MEHR - OQIBATLILIK TUYG'USINI SHAKLLANTIRISH

R.S.Qo'shinova Sh.Davlatova G.Odilova O.Karimova NamDU

Annotatsiya: Xalq og'zaki ijodi-mehnatkash xalq ijodi. Xalq badiiy faoliyatining tarkibiy qismi bo'lmish folklor asarlari xalq san'atining boshqa turlaridan: musiqa, teatr, raqs, tasviriy va amaliy san'at hamda boshqalardan og'zaki so'z san'ati ekanligi bilan ajralib turadi. U og'izdan og'izga, avloddan avlodga, davrdan davrga o'tib, xalqning iste'dodli vakillari ijrosida sayqal topadi. Folklor asarlari dastlab qanday yaratilgan bo'lsa, o'sha holicha saqlanib qolmay, ijod va ijroda nimalardir o'zgaradi. qayta ishlanib talqin qilinadi, yangi-yangi ma'lumotlar bilan boyitilib, tarixiy sharoitga moslashib, shu bilan birga yozma adabiyotga ijobiy ta'sir etdi.

Kalit so'zlar: xalq, folklor, xalq san'ati, og'zaki ijod, mehr- oqibat, hamjihatlik, mif, etimologiya, qo'shiq, teatr, sinkretik san'at

THROUGH FOLK'S ORAL CREATION - FORMING A SENSE OF SOLIDARITY, KINDNESS - RESPONSIBILITY IN CHILDREN

R.S.Koshinova Sh.Davlatova G.Odilova O.Karimova NamSU

Abstract: Folk art is a hardworking folk art. Folklore works, which are a component of folk art, are distinguished from other types of folk art: music, theater, dance, visual and practical art, and spoken word art from others. It is passed down from mouth to mouth, from generation to generation, from time to time, and is polished by talented representatives of the people. Folklore works do not remain the way they were originally created, but something changes in the way they are created and performed. reworked and interpreted, enriched with new information, adapted to historical conditions, and at the same time had a positive effect on written literature.

Keywords: folk, folklore, folk art, oral creativity, kindness, solidarity, myth, etymology, spoon, theater, syncretic art

Musiqa tarbiyasi natijasida paydo bo'ladigan estetik idrok maktab o'quvchilarida insonparvarlik, ijtimoiy hamkorlik, hamjihatlilik, mehr - oqibatlilik tuyg'usini shakllantirishda tobora yuksak ahamiyat kasb etib boradi.

Madaniyat va san'atning istiqbolini o'ylab yuritilgan oqilona siyosat milliy madaniyatimizning kelgusi rivoji uchun muhim tarixiy ahamiyatga ega bo'ldi. Shunday qilib, o'zbek san'ati va sportini dunyo miqyosida yuksak natijalarga erishishi uchun zarur imkoniyatlar yaratildi.1 Kalendar marosimlari folklori o'zining mavsumiy xarakter kasb etishi va funksional-tarkibiy tuzilishiga ko'ra bahorgi, yozgi, kuzgi va qishki marosimlar folkloriga bo'linadi. Mavsumiy marosimlar folklori janrlari o'zbek xalqining qadimgi kosmogonik tasavvurlari, ya'ni Mif - bu og'zaki an'analarga asoslangan hikoya; ya'ni jamiyatda ular nutq orqali yuqgan. Etimologik jihatdan ular yunoncha so'zdan kelib chiqqan yoki miflar, "hikoya" deb tarjima qilingan hamda vaqt hisobini yuritish bilan aloqador an'anaviy kalendari asosida yuzaga kelgan.

Folklor asarlarida musiqa, raqs, teatr san'ati elementlari qo'shilib ketganligi sababli folklorni sinkretik (aralash) san'at deyishimiz mumkin. Ayni paytda folklor asarlari san'atning boshqa turlaridan o'ziga xos tomonlari bilan farqlanadi. Folklorda so'z, kuy va ijro birligi doimo saqlanadi. Folklor asarlari mehnatkash xalqning hayotini aks ettiradi. Xalqning olam haqidagi tushunchalarini ijtimoiy-tarixiy, siyosiy, falsafiy va badiiy-estetik qarashlarini o'zida mujassamlashtiradi. Bu narsalar folklor asarlari mazmuni va g'oyasining chuqur xalqchilligini ko'rsatadi.

Bolalarning xalq tilida yaratilgan qo'shiqlar ni tez va yaxshi o'zlashtirishlari musiqa o'qituvchisining qo'shiq o'rgatish metodini to'g'ri tanlashiga bog'liqdir. O'quvchilarning tayyorgarlik darajasiga qarab bu metod har xil bo'lishi mumkin. Odatda qo'shiq o'rgatishning quyidagi bosqichlariga amal qilinadi:2

a) kirish suhbati; bu qo'shiq o'rgatishni boshlash oldidan o'tkaziladigan kichik suhbati. Kirish suhbatida o'rganiladigan qo'shiqning mazmunini oldindan aytib bermay, suhbat mavzusiga bolalar e'tiborini jalb qilish uchun ularga: "Qo'shiqni tinglab, uning nima haqida kuylanishini aytib bering" yoki "Qo'shiqni tinglang va uning necha kupletdan iborat ekanligini aniqlang?" kabi savol hamda topshiriqlarni berishni puxta o'ylab ko'rmoq kerak.

b) bolalarni qo'shiq bilan tanishtirish; bolalarga qo'shiq o'rgatish asosiy ish bo'lib, bolalar asar bilan birinchi marta tanishgandayoq asar ularda yorqin taassurot

1 Xolmo'minov, Mo'minmirzo Zokir o'g'li. "2017-2022-yillar mobaynida madaniyat va san'at sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi." Oriental Art and Culture 3.2 (2022): 558-567.// https://cyberleninka.ru/article/n/ 20172022-yillar-mobaynida-madaniyat-va-san-at-sohasida-amalga-oshirilgan-ishlar-sarhisobi

2 Mintaqaviy ilmiy - nazariy anjuman materiallari. Namangan - 2007 y.

rfciTii^^Bl 271 ISSN 2181-063X/Impact Factor 4.311 (SJIF 2022)

qoldirish lozim. Qo'shiq bolalarga yoqib tushsa, ular bu qo'shiqqa qiziqib qoladilar va uni oson o'rganadilar. Musiqa o'qituvchisi qo'shiqni kuylayotganda o'zini bolalar auditoriyasida emas, balki tomosha zalida ashula aytayotgandek artistdek his qilib, bu ishga jiddiy yondoshishi kerak. Chunki o'quvchilar har qanday soxtalikni darrov sezadilar.

v) eshittirilgan qo'shiq haqida suhbat; musiqa o'qituvchisi ikkinchi suhbatni bolalar qo'shiqni tinglaganlaridan so'ng o'tkazadi. Bu suhbatda qo'shiq to'liq tahlil qilinib, uning tuzilishidagi o'ziga xos tomonlari bolalarning nazariy bilimlari doirasida tushuntiriladi.

g) qo'shiqning kuyini o'rgatish; o'qituvchi avval qo'shiq matnini to'liq, ifodali o'qiydi va o'quvchilarga notanish so'zlarning ma'nosini tushuntiradi. Qo'shiq kuyini o'rgatayotganda bolalarning diqqat bilan eshitib turishlari talab etiladi va shu asosda o'rgatiladi.

d) qo'shiqning badiiy ijrosi ustida ishlash; qo'shiqning badiiy ijrosini yaxshilash ishi qo'shiqni o'rgatish vaqtidan boshlanadi. Ohang hosil qilish, nafas olish va chiqarish, yaxshi ansambl , aniq talaffuz - qo'shiqni badiiy ijro etish elementlaridir.

Agar musiqa xonasida magnitofon bor bo'lsa, asarni magnit tasmasi orqali eshittirish mumkin. Lekin qo'shiqni musiqa o'qituvchisining o'zi yajro qilib eshittirishi bolalarda yaxshi taassurot qoldiradi. O'qituvchi o'z ovozi bilan har qanday xalq qo'shig'ini iliq his - tuyg'u bilan ijro eta olmog'i lozim.

Boshlang'ich sinfda xalq qo'shiqlarini kuylashda uning tempini to'g'ri belgilash katta ahamiyatga ega. Tez aytiladigan qo'shiqlar ko'pincha avval ohista tempda boshlanib, asta - sekin tempni tezlashtirish bilan o'zlashtiriladi.

Qo'shiqni u yoki bu bo'lagini kuchli yoki kuchsiz aytilish sababli bolalarga tushunarli bo'lishi uchun ular asarning dinamik tuslar vazifasini anglashlari lozim.

Xalq qo'shiqlarida matnni to'g'ri talaffuz qilish - ma'noli kuylashning garovidir. So'zlarni aniq, ravon aytish har bir qo'shiqni ijro qilishdagi asosiy talab bo'lib, matnni to'g'ri talaffuz qilish qo'shiqning badiiy abrazini ochib berishda muhim o'rin tutadi.

Masalan, cho'zib aytiladigan qo'shiqlarda undosh tovushlar yumshoqroq talaffuz qilinadi, dadil va jo'shqin kuylanadigan qo'shiqlar esa aniq hamda qattiqr oq aytiladi.

Musiqa o'qituvchisi musiqa darsida ko'pincha chalish bilan band bo'lgani uchun qo'shiq kuylashni boshi ishorasi bilan boshqaradi. Bu boshqarishda mimika, imo -ishora harakatlari katta rol o'ynaydi. Lekin bu harakatlar dirijyorlikni to'la aks ettirolmaydi. Shuning uchun u qo'shiqni goho musiqa jo'rligisiz ijro ettirib, o'zi esa bolalar oldida turib qo'shiq kuylashga dirijyorlik qilish imkoniyatiga ega bo'lishi

kerak. Shundagina bolalar musiqa o'qituvchisining qo'l harakatlariga ko'nikib boradilar va uni keyinchalik tushunadigan bo'lib qoladilar.

Xalq qo'shiqlarining ijro uchun qulayligi musiqiy ravonligi hatto boshlang'ich sinf o'quvchilari xorida aytishda ham qiyinchilik tug'dirmaydi.

O'zbek xalq og'zaki badiiy ijodida keng tarqalgan qadimiy janrlardan biri, demak, xalq qo'shiqlaridir. Xalq qayg'uli kunida ham, shod - xurramligida ham qo'shiq aytadi. Bola qo'shiq bilan yo'rgaklanadi, yigit - qiz to'ylari qo'shiqsiz o'tmaydi. Mehnat bilan kurash qo'shiq bilan yengillashadi. Shuning uchun xalqimiz "Suygan ham qo'shiqchi, kuygan ham qo'shiqchi" deb bejiz aytmagan.

O'rta Osiyo xalqlari madaniyatida gap-gashtaklar alohida o'rin tutib, ular xalq nomoddiy merosi xisoblangan xalq qo'shiqlari va termalarini saqlab qolishning muhim vositasi vazifasini bajargan.3 Barcha davrlarda, turli mavzularda yaratilgan qo'shiq o'z zamonasining mevasi bo'lishi bilan birga, uzoq o'tmishning tarixiy yodgori hamdir. Musiqa va tarbiya bir - biri bilan uzviy bog'liq hodisa hisoblanadi. Musiqa odamda insoniylik, samimiylik, birodarlik tuyg'usini kuchaytira oladigan mo''jizakor kuch. Musiqaning yaratilishi va taraqqiyoti xalqning iqtisodiy - ma'naviy turmush tarzi, falsafiy, estetik qarashlari bilan bog'liqdir. Xalqning yaxshi kunlari ham, yomon kunlari ham kuy bilan birga o'tadi.

Xalq donishmandligining go'zal ko'rinishi bo'lgan o'zbek xalq musiqa merosi yoshlar dunyoqarashida muhim tarbiya vositasi sifatida musiqa darslarida o'rganib borilmoqda. Xususan, o'zbek xalq qo'shiqlari ommabop janr bo'lib, xalq ruhiyati, xalq hayoti va dunyoqarashi haqida mukammal ma'lumot mavjudki, bu ohanglarni idrok etish uchun o'sha xalq ruhiyatini tushunish kerak.

O'zbek xalq qo'shiqlari xalq ijodining bir qismigina emas, inson ruhining pedagogi va rahnamosidir. Qo'shiq inson dunyoqarashini shakllantiradi, o'z kuchiga ishonish, ruhni tiklash, vaqtinchalik muvoffaqiyatsizliklar oldida o'zini yo'qotib qo'ymaslik kabi xislatlarni tarbiyalaydi. Nafis qo'shiq tinglayotgan kishi ijrochi qalbida kechayotgan hissiy g'alayonlarga sherik bo'ladi, asarning g'oyaviy idealini ko'z oldida gavdalantiradi.

Boshlang'ich sinf darslari davomida o'zbek xalq qo'shiqlari va bolalarning mavsum - marosim qo'shiqlari namunalari bilan doimiy tanishtirilib borilsa ijobiy natijalar beraveradi.

O'zbek xalq qo'shiqlari o'quvchilarning tabiat, inson, so'z sehri haqida qarashlarini boyitadi. Taniqli olim, musiqa san'atimizning chinakam jonkuyari Yunus Rajabiy yozib olib nashr ettirgan "O'zbek xalq musiqasi" kitobining III tomida bir qator bolalar qo'shiqlari ham notaga olinib, bu samimiy orzular qanotiga bitilgan bu

3Inatullayev, B. (2023). Farg'ona vodiysi qirg'izlari madaniyatida qirg'iz va o'zbek xalq qo'shiqlarining o'rni. O'zbek musiqiy merosining ta'lim tizimidagi o'rni va ahamiyati, 1(2), 80-83. Retrieved from https://inashr.uz/index.php/uzdsmi/article/view/210

xandon misralar yosh yuraklar to'ridan otilib chiqqan san'atdir. "Boychechak", "Tomdan tarasha tushdi", "Olatoy", "Chuchvara qaynaydi", "Laylak keldi", "Oftob chiqdi", "Chittigul", "Mo'ndi - mo'ndi", "Chori chambar", "Zuv - zuv borag'ay", "Oq terakmi ko'k terak?" kabi qo'shiqlar fikrimiz dalilidir. Bu qo'shiqlar, bir tomondan, urf - odatlarimiz bilan bog'liq bo'lsa, ikkinchidan, yoshlarning estetik didiga mosligi bilan harakterlanadi. Bolalar qo'shiqlarida ovoz diapozoni kvarta atrofida bo'lib, tez ijro etiladi.

Xalq qo'shiqlari o'zining soddaligi va ijro uchun qulayligi bilan barchani birday maftun etadi.

O'zbek xalq qo'shiqlarining mungli, mag'rur, jozibali ohanglari inson qalbiga kuchli ta'sir etishi bilan birga, bolaning shaxs sifatida shakllanishida ham muhim rol o'ynaydi. Hali yozuv bo'lmagan davrlardayoq xalq o'z qo'shiqlarida qiyin va tahlikali turmushning turli qirralarini kuyga solib tarannum etgan. Xalq qo'shiqlariga yoshlarni qiziqtirib, o'rgatib borilmasa hamda noyob xalq merosiga musiqa jamoatchiligi yetarli darajada e'tibor bermasa, bu san'at kelajak avlod xotirasidan asta - sekin o'chib boradi va buning natijasida insoniyat yuksak badiiy qimmatga ega bo'lgan asarlardan bebahra qolishi mumkin.4

O'zbek xalq qo'shiqlari badiiy va g'oyaviy mazmunan sodda, ixcham va mukammal shakllarga, juda ko'p tarixiy dalillarga ega bo'lgan san'at turidir. Unda milliy musiqaning eng yorug' koloritlari, nafosati xalqning falsafiy - ijtimoiy tafakkuriga boy, teran fikr va g'oyalari o'z aksini topgan. Xalq musiqasi zamirida har bir millatning o'z boshidan kechirgan voqealari, uning erk va baxt uchun kurashlarini yaqqol ko'rish mumkin.

Dono xalqimiz yaratgan boy musiqa merosi ulkan ma'naviy boyligimiz bo'lib, u yoshlarni axloqiy va g'oyaviy estetik tarbiyasi uchun ham bebaho manba bo'lib hisoblanadi. Chunki, go'dak ham xalq musiqasining eng nafis va orombaxsh turi -ona allasini beshikda yotganida hali tili chiqmasdanoq idrok eta boshlaydi.

Shunday ekan, boshlang'ich sinf o'quvchilarida go'zallikka, nafosatga, xalq madaniyatiga hurmat hissini tarbiyalash, san'atdan ruhiy ozuqa olish ehtiyojini vujudga keltirish kerak. Chunki inson qalbida doimo go'zallikka tashnalik bo'lgandagina barkamol shaxs sifatida shakllanadi. Har bir ijtimoiy taraqqiyotdagi ijobiy yoki salbiy voqealar xalq qo'shiqlarida, dostonlarida, raqslarida o'z aksini topib kelgan. Xalq musiqa merosi bitmas - tuganmas xazina bo'lib, yoshlarni ma'naviy kamolotga yetkazuvchi badiiy - estetik manba hisoblanadi.

Musiqa insonning xotirasini va ritmik tuyg'usini o'stiradi, musiqiy qobiliyatini rivojlantiradi. Musiqiy qobiliyatning o'sishi musiqa asarlarini badiiy idrok etib, undan estetik zavq ola bilishga o'rgatadi, natijada shu san'atni sevuvchi va qadrlovchi kishilarni tarbiyalaydi.

4 Mintaqaviy ilmiy - nazariy anjuman materiallari. Namangan - 2007 y.

PÍgcTÍÍ^^BI 274 ISSN 2181-063X/Impact Factor 4.311 (SJlF 2022)

Qishning oftobli kunlarida onalar tandirlarda non yopishadi. Odatda bolalarga kulcha yopib berishadi. Kulchaning ta'mi, yangi yopilgan nonning qish havosida bug'lanib turishi ayniqsa bolalarda katta tasovvur qildiradi. Yozning birinchi nishonlaridan bo'lgan xodisa - bu laylaklarning uchib kelishi. Ularning varrak kabi ko'kda parvoz qilishi ayniqsa bolalar uchun zavqlidir. Shunday kunlarda ko'm-ko'k o'tloqlarga chiqib «Laylak keldi, yoz bo'ldi» deya kuylashadi.

Yomg'irli kunlarda bolalar «Yomg'ir-yog'aloq» qo'shig'ini kuylab, yomg'irda u yoq, bu yoqqa chopadilar. Shu tariqa bolalar qo'shiqlari ularning hayotini bezaydi, zavqini oshiradi, ona zaminimizga, Vatanimizga bo'lgan his - tuyg'ularni shakillantiradi. Bolalar qo'shiqlaridan aksariyat ko'pchiligi xozirgi kunda professonal, musiqadan qanot topib ular ko'p ovozlikka aylantirilgan va musiqa qatoridan ham munosib o'rin egalagan. O'zbek xalq musiqasining ma'lum bir qismini epik ashulalar egallaydi. O'zbek musiqiy bisotida dostonchilik janrining solmog'i alohidadir. Har bir dostonni baxshilar navbatma-navbat 5-6 soatlab ijro etishgan. Bunday dostonlardan «Gurug'li», «Alpomish», «Shaybonixon», «Oshiq g'arib» va «Shoxsanam», «Ravshanxon», «Rustamxon», «Bahrom va Dilorom», «Orzigal» kabi o'nlab dostonlar mavjud. Bu dostonlaning mu'lum bir qismi kasbiy musiqaning -musiqali dramalar, opera va baletlarning asosini tashkil qilmoqda. Ulardan ayrimlari xalq ichiga shu qadar singib ketganki ular xalqning ma'naviy dunyosini bezab turuvchi shamchiroqlarga aylangan. Bunday qo'shiqlardan «olam o'xshaydi ovozing sani», «yerning guli chaldi», «yor aylanay qalpoq chiqqan qo'llingdan» kabilarni misol keltirish mumkin. Ayni paytda shuni takidlash lozimki, dostonchi baxshilarning deyarlik xammasi o'z bayonlarida qahramonlar tomonidan kuylanadigan asarlarni deyarlik bir - biriga yaqin, ayrim hollarda bir xil ohangga solib kuylaydilar. Ular asosan kichik xajmdagi folklor qo'shiqlaridan tortib yuksak professionalizm talab etuvchi maqomlargacha bo'y cho'zgan. Ayniqsa hozirgi kunda bu og'zaki an'anadagi musiqaning barcha turlaridan kasbiy musiqada keng foydalanilmoqda. O'zbek musiqasining go'zalligi uning xilma - xil janrlardan, lirik va ishqiy ashulalardan, folklor asarlarida, kasbiy musiqadagi «katta ashula»larda, «Yor - yorlarda», «Navro'ziy» qo'shiqlarda, marosim qo'shiqlarida, «laparlar», «bolalar qo'shiqlari», «epik ashulalar», mumtoz ashulalar hamda xalq og'zaki an'anasining yirik turi bo'lgan «maqomlarda» o'zining rangbarang jilovasini topgan. Umumiy o'rta ta'lim maktablarining «musiqa madaniyati» darslari repertuarida yuqorida talqin qilingan barcha janrlardagi xalq musiqasi namunalari mavjud. Bu og'zaki an'anadagi asarlarning qay darajada kasbiy musiqaga aloqadorligini aniqlash uchun «musiqa madaniyati» dasturlari va darsliklari tahlil qilib chiqish lozim bo'ladi.

O'zbek kasbiy musiqasining rivojlanishida folklor asarlarning o'rni benihoyat kattadir. Zero xalq ohanglari eng avvalo shu oddiy folklor qo'shiqlarning ruxiyatida mujassam bo'lgan. Barcha dunyo kompozitorlari singari o'zbek kompozitorlari ham

o'zlarining yirik asarlarida simfoniya, oratoriya, opera va musiqali dramalarida o'zbek xalqining folklor asarlaridan keng foydalanganlar. Xalqning xarakterli xususiyatlari, didi, nafosati aynan shu xalq ohanglari orqali ochib berilgan. Yosh avlodni, xususan umumiy o'rta ta'lim maktablarning o'quvchilarini kasbiy musiqa orqali tarbiyalash ularni xalq an'analari hamda zamonaviy professional musiqa namunalari bilan keng tanishtirib borish ularning qalbiga xalq ohanglarini, uning ezgu niyatlarini singdirib borish musiqa o'qituvchisining eng oliy niyati bo'lmog'i lozim. Umumiy o'rta ta'lim maktablarining «musiqa madaniyati» darslarida o'quvchilarni professionalizm tomon tayyorlab borish asosiy yo'nalish sifatida olinadi va bu mavjud dastur va darsliklarda ham o'z ifodasini topgan. Zotan kasbiy musiqaga yuqori sinflarda katta etibor qaritilsa - da uning ilk namunalari bilan boshlang'ich sinflardan boshlaboq o'quvchilarga tanishtirib boriladi. Musiqa kasbiga tayyorlashning asosiy elemintlaridan biri o'quvchilarni nota yozuvi bo'yicha savodli qilish va asta - sekin asarlarni nota yozuvi orqali o'rgata olish darajasiga yetkazish hisoblanadi.

Musiqiy tarbiya metodikasida qo'shiq aytish faoliyatining tarbiyaviy ahamiyati alohida ta'kidlanadi. Milliy ruhni o'zida aks ettirgan xalq qo'shiqlari va laparlari bolalarni olamni badiiy his va idrok etishlariga, zavqlanishlariga yordam beradi. Jumladan, boshlang'ich sinf bolalariga avvalgi tavsiya qilgan asarlarimizdan tashqari yana bolalar xalq qo'shiqlaridan "Oymomo tilla", "Olmajon", "zuv - zuv borag'ay", "kichkinajon - kichkina" asarlarini, yuqori sinf o'quvchilariga esa "Oshxo'rakam kaptar", "Beshtosh", "O'ynaylik omon", "Bu bog'chada olicha", "Oq sholi", "Ko'k sholi", "Dasta - dasta", "Boychechak", "Qaldirg'och" kabi asarlarni yil davomida o'rganish tavsiya qilinadi.

Oilaviy, maishiy lirikada esa erksizlik, huquqsizlikda zo'rlab erga berilgan, sotilgan va sotib olingan yosh xotinning yoqtirmagan, sevmagan er bilan hayot kechirish, birga turishning qiyinligi va ko'ngilsizligi ifodalanadi.

O'sma ekmagan boshim, Qarolar bo'lmagan qoshim.

O'z tengimning ichida Qurimadi ko'zdan yoshim.

O'sma ekish, qoshni qaro qilish, o'ziga zeb berish, sevgani eshikdan kirib kelishiga pardoz qilib turish, kulib kutib olish har ikki tomonga xush keladi. Ko'ngilda hurmat, do'stlik bo'lmagandan keyin, muhabbat ham bo'lmaydi. Sevgi bo'lmasa, izzat - ikrom bo'lmasligi aniq. Izzatli odamiga yaxshi, yoqimli ko'rinish istagi hammada bo'ladi. Ko'ngilsiz xotin uchun na o'sma, na pardozning qizig'i bor, o'z tenglari ichida ko'z yoshi qurimaydi.

Agar so'z, iboralar tanlab olinsa she'r cho'zilib ketmaydi. So'z soddaligida katta donolik bor, qo'shiq, maqollar doimo qisqa bo'ladi. Lekin ulardagi ma'no va hislar bir necha kitoblarga jo bo'ladi.

Badiiy vositalar - sifatlash, o'xshatish, mubolag'a, kinoya va boshqalardan foydalanishda bir - biriga qarama - qarshi qo'yish yo'li bilan, ko'zga ko'ringan narsani ko'rinmaydiganlar bilan tasvirlanganda ham so'z tanlash muhim rol o'ynaydi.

Yurib bordim buloqning boshi birlan, Daraxt ekdim ko'zimning yoshi birlan.

Shamol keldi daraxtimni qo'pordi, Meni urdi falakning toshi birlan.

Bebaxt, tolesizlikning original ifodasi har qanday yurakka ta'sir etadi.

Ko'pchilik og'ir hayotga ko'nikib qolgan bo'lsa ham, turmushning o'zi ularni o'ylab ko'rishga olib kelgan. Lekin bu o'ylash uzoqqa bormay, ko'z oldilaridagi hodisa, ko'rib turgan narsalari haqidagina fikr yuritganlar, ularda yaxshiroq hayotga umid va ishonch hech qachon so'nmagan. So'z san'ati bo'lmish she'riyatdagi oliy darajadagi donolik hayot mushohadasidan kelib chiqqan.

Qo'shiqlarda g'ariblik, yolg'izlik, ilojsizlik ifodalanganda, tutqinlik ramzi sifatida kishan, zindon, qafas, qanoti singan qush, qish, bulut, qorong'u kabi so'zlar tasvirlash vositalarida qo'llanadi. Shuningdek, quyosh, oy, bahor, kunduz, gul yuz va chehraga; yulduz, nargis ko'zga; savr, shamshod, tol qad - qomatga; sumbul, kecha, tun, yo'l, yil sochga; binafsha holga; gulzor, navbahor, jannat suhbatga; g'uncha, la'l, marjon labga tegishlidir. Mana shunday o'xshatish va istioralar qo'shiqdagi obrazlarni yorqinroq anglashga yordam beradi. Quyidagi qo'shiq badiiy barkamollikning go'zal namunalaridan biridir:

Oy yuzingga oynaman, Sunbul sochingga men taroq.

Xushlasang, oldingdaman, Xushlamasang, ketay yiroq.

Qo'shiq shu darajada samimiyki, hatto yorning oy yuziga oyna, sunbul sichiga taroq bo'lib turgan, ya'ni yuzini ko'rsatib, chigilini tarab turgan kishining ixtiyori o'zida yo'q: yor xushlasa oldida, xushlamasa yiroqqa ketadi. Oshiqning ma'shuqaning muhim narsasi - oyna bilan taroqqa o'xshatilishi juda o'rinli. Chunki u xushlasa oyna, taroqni oladi. Xushlamasa nari qo'yadi. Ammo doimiy kecholmaydi. Demak, oyna, taroqday kerak bo'lsam ham sening ixtiyoringdagi narsaman, degan fikr anglashiladi. Bu qadar go'zal tasvir xalq ijodiga xosdir, albatta. Qo'shiqlar borki, ularning bir nechasi mazmunan birikadi va qandaydir yaxlitlik yuzaga keladi:

Men o'taveray, ko'chalaring

Loy bo'la qolsin. Qamishi ko'tarib chilimimga

Nay bo'la qolsin. Oshiqlarning turar joyi

Ko'chaning boshi. Qo'lida ro'mol, arimaydi

Ko'zining yoshi. Ko'z yoshi bilan ro'molini

Ho'l qilarmikan. Bir so'z bilan yori nodon El bo'larmikan?! Mendan qochib, yo'llar soldi, Juda uzoqqa. Sochini tuyib, solib ketdi Meni tuzoqqa.

Bu to'rtliklarning mazmuni bir bilan bog'langan bo'lganidan voqeabanddir. Sochini tuyib, tuzoqqa solib uzoqqa qochib ketgan ma'shuqa yo'lida - ko'chaning boshida turgan oshiqning qo'lida ro'mol, ko'zining yoshi arimaydi. O'tgan ko'chalar loy bo'lib, qamishlar ko'karib, uning chilimiga nay bo'laqolishini istaydi. Bu ko'z yoshlar uning ham ro'molchasini ho'l qilishini, bir so'z bilan nodon yorning el bo'lishini istaganini tushunamiz va his etamiz. El bo'lish - sulhga kelish - yarashish ma'nosini beradi, ro'mollar ho'l bo'larmikan iborasidan ham ikki ma'no anglashiladi. Bittasi, ko'zimdan oqqan yoshlarni artib ro'molini ho'l qilarmikan, ya'ni ma'shuqa odatdagi mehribonlikni qilarmikan desa, ikkinchisi mening holimni ko'rib, rahmi kelib, yig'lab ho'l qilarmikan, yo esa mening holimga tushib, u ham sevib qolib, ro'molchasi ho'l bo'larmikan, degan ma'nodadir.5

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Ma'naviy yuksalish yo'lida: tarix, ma'rifat, ma'naviyat. - Toshkent: O'zbekiston, 1988

2. Sh.M.Mirziyoev. "Jismoniy va ma'naviy yetuk yoshlar - ezgu maqsadlarimizga yetishda tayanchimiz va suyanchimizdir" Kamolot yoshlar ijtimoiy harakati IV Qurultoyidagi ma'ruzasi // Xalq so'zi, 2017 yil 6 iyun

3. Yo'ldasheva S. "Xalq urf-odatlari va marosimlari" T. 2003.

4. Raximova Z.R. Tarbiyaviy usullarning uzviyligi. Sovet maktabi. 1990. № 6. Xachapuridze

5. Musiqiy tarbiya- ma'naviyat asosi,NamDU, to'plam,2017 y

6. Q. Rahmatov,O'zbek xalq cholg'ulari, Ma'ruzalar matni,2015 y.NamDU

7. Mintaqaviy ilmiy - nazariy anjuman materiallari. Namangan - 2007 y.

8. A.Hasanov. Qo'shiq bizga hamisha hamrox. Toshkent. - 1979 y.

5 A.Hasanov. Qo'shiq bizga hamisha hamrox. Toshkent. - 1979 y.

ncTTni^^H] 278 ISSN 2181-063X/Impact Factor 4.311 (SJIF 2022)

9. Xolmo'minov, Mo'minmirzo Zokir o'g'li. "2017-2022-yillar mobaynida madaniyat va san'at sohasida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi." Oriental Art and Culture 3.2 (2022): 558-567.// https://cyberleninka.ru/article/n/ 20172022-yillar-mobaynida-madaniyat-va-san-at-sohasida-amalga-oshirilgan-ishlar-sarhisobi

10. Inatullayev, B. (2023). Farg'ona vodiysi qirg'izlari madaniyatida qirg'iz va o'zbek xalq qo'shiqlarining o'rni. O'zbek musiqiy merosining ta'lim tizimidagi o'rni va ahamiyati, 1(2), 80-83. Retrieved from https: //inashr.uz/index.php/uzdsmi/article/view/210

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.