Научная статья на тему 'UD CHOLG‘USI TARIXIDAN'

UD CHOLG‘USI TARIXIDAN Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
909
56
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
ud / barbat / lyutnya / cholg‘u / risola / terrakota / ayritom / tor / zir / bam / maslas / masna

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Alijon Jo‘rayev

Mazkur maqola o‘zbek musiqasida alohida o‘ringa ega bo‘lgan ud cholg‘usining tarixiy rivojlanish bosqichlariga bag‘ishlangan. Markaziy Osiyoda hududlaridan topilgan osori-atiqalardan, o‘tmish musiqiy risolalarda musiqaning nazariy masalalari aynan udning dastasi orqali tushuntirilganligidan cholg‘uning naqadar uzoq tarixga ega hamda ahamiyatli ekanligini anglash mumkin. Shuningdek, uning bugungi ko‘rinishi, ijrochilik amaliyotida qo‘llanilishi masalalariga ham e’tibor qaratilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «UD CHOLG‘USI TARIXIDAN»

UD CHOLG'USI TARIXIDAN

Alijon Jo'rayev

Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti

Annotatsiya: Mazkur maqola o'zbek musiqasida alohida o'ringa ega bo'lgan ud cholg'usining tarixiy rivojlanish bosqichlariga bag'ishlangan. Markaziy Osiyoda hududlaridan topilgan osori-atiqalardan, o'tmish musiqiy risolalarda musiqaning nazariy masalalari aynan udning dastasi orqali tushuntirilganligidan cholg'uning naqadar uzoq tarixga ega hamda ahamiyatli ekanligini anglash mumkin. Shuningdek, uning bugungi ko'rinishi, ijrochilik amaliyotida qo'llanilishi masalalariga ham e'tibor qaratilgan.

Kalit so'zlar: ud, barbat, lyutnya, cholg'u, risola, terrakota, ayritom, tor, zir, bam, maslas, masna.

FROM THE HISTORY OF UD INSTRUMENTS

Alijon Jorayev

Uzbekistan National Institute of Musical Arts named after Yunus Rajabi

Abstract: This article is dedicated to the historical development of the oud, which has a special place in Uzbek music. The long history and significance of the instrument can be deduced from the artifacts found in Central Asia and from the fact that in previous musical treatises the theoretical issues of music were explained through the handle of the oud. It also focuses on its current appearance and application in executive practice.

Keywords: ud, barbat, lyutnya, instrument, pamphlet, terracotta, ayritom, tor, zir, bam, maslas, masna.

O'zbek xalqi musiqa san'atining tarixi juda boy va qadimiydir. O'tmishda turli cholg'ulardan kundalik turmushda, ovda, saroy hayotida, madaniy bayram marosimlarida, xalq sayllarida foydalanilgan. Musiqa cholg'ulari asrlar davomida insonlarning ma'naviy ehtiyojlarini qondirib, asrlar osha rivojlanib kelgan. Arfa, udsimon, naysimon cholg'ular eng qadimgi va uzoq o'tmish tarixiga ega. Ana shu sozlar zamirida tanbur, g'ijjak, nay, qonun, dutor, rubob kabi turli xildagi cholg'u asboblari yaratildi. Ulardan biri bo'lgan ud XVII asrgacha xalq orasida keng tarqalgan va ma'naviy, ruhiy oziq in'om etgan. Uning bizga ma'lum bo'lgan dastlabki shakli Ayritomdan topilgan eramizning I asrlariga oid madaniy yodgorlikda

I icclT^^^^H 402 http://oac.dsmi-qf.uz

o'z aksini topganligi manbalardan ma'lum1. Ud sozi haqida o'tmishdagi ko'plab nazariyotchilar o'z risolalarida ma'lumot berganlar. Sababi ud musiqa nazariyasi va amaliyoti bilan bog'liq bo'lgan masalalarni tushuntirishda aniq parda va torlarga ega bo'lgan.

O'tgan asrning oxirgi 10 yilliklarida arxeologik izlanishlar natijasida Markaziy Osiyo hududidan qadimgi musiqa haqida guvohlik beruvchi va eramizning I-VII asrlariga oid musiqiy hayotni aks ettiruvchi topilmalar topildi. So'g'd, Baqtriya, Xorazm, Parfiyon, Marg'iyon hududlaridan topilgan yodgorliklar butun Markaziy Osiyo musiqa madaniyatini tasavvur etishga yordam beradi. Mazkur yodgorliklar orasida qadimgi Yunon afsonalari qahramoni "Appalon qo'lida kifara bilan", lira, avlos kabi cholg'ular keltirilgan2. Bulardan arfa va lira eng keng tarqalgan cholg'u hisoblangan. O'rta Sharqda eramizning I asrida asosiy cholg'u "lyutnya" bo'lib, u qisqa dastali "lyutnya" yoki "kalta lyutnya" deb yuritilgan. Ushbu cholg'uning ko'rinishi Shumer, Vavilon yodgorliklarida uchramaydi, shu jumladan Assir va Misr uchun ham xos emas. Kalta lyutnyaning eng avvalgi ko'rinishi er.ol. 2-ming yillikning 2-yarmiga to'g'ri keladi. Bu - katta noksimon shaklli va keng kalta dastali cholg'ular ushlagan ayollarning noyob terrakota haykalchasi bo'lib, hozirda Kair muzeyida saqlanadi.

Mutaxassislarning fikricha, bunday ko'rinishli cholg'uning kelib chiqishi Kiprga borib taqaladi. Arxeologik topilmalar guvohlik beradiki, kalta dastali udning ommalashishi dastlab qadimgi Markaziy Osiyoning barcha hududlari - So'g'd, Baqtriya, Marg'iyona, kechroq Shoshga to'g'ri keladi. Xorazm va Parfiyonada uzun dastali ud keng tarqalganki, bular - do'mbra ko'rinishiga yaqin, 2-si tanburga o'xshash - juda kichik kosa va uzun dastali bo'lgan.

"Afrosiyob terrakotalarida so'g'diylarning sevimli cholg'usi lyutnya bo'lganligini ko'rish mumkin", deb yozadi T.S.Vizgo. Ko'pchilik shakllarda u aniq ko'ringan. Cholg'ular katta va kichik o'lchamlarda uchraydi. Kalta dasta va katta kosaxonaga ega bo'lgan cholg'uning bu ko'rinishi zamonaviy cholg'ushunoslik adabiyotlarida "kalta ud" nomini olgan. Mazkur ud qadimgi Xorazm, Marv va Sharqiy Turkiston terrakotalarida uchraydi3.

Qadimgi tasvirlardan anglash mumkinki, cholg'uning ikki ko'rinishi bo'lgan: birinchisi kalta dastali va ikkinchisi uzun dastali ud. Birinchi ko'rinishdagi cholg'uga kalta va ulanuvchi dasta, katta kosaxona, yakunlanuvchi orqaga egilgan bosh qism xos bo'lsa, ikkinchi ko'rinishdagisi esa buning aksi. Uzun dastasi uning kalta dastali uddan ajralib turuvchi asosiy jihatidir. Lekin dastasi juda uzun yoki ozroq uzun bo'lishi mumkin. Ba'zi cholg'ushunoslar (K.A.Vertkov) barcha uzun dastali udlarni

1 И.Ражабов. Макомлар масаласига доир. Т., 1963.

2

Малькеева А.А. "О музыкальных связях Средней Азии в I-VII вв.н.э. (на примере изображений арфы и лютни)" // Музыкальное, театральное искусство и фольклор. Т.: «Фан», 1992. 30-с.

3 Визго. Музыкальное инструменты Средней Азии. Исторические очерки. 36-с.

ГГлЦ^^Ш! 403 http://oac.dsmi-qf.uz

"tanbursimon" deb atashni taklif qilgan. G'arbiy adabiyotlarda uzun udlar "pandura"4 deyilgan.

Baqtriyada kushonlar davrida gitara ko'rinishidagi udning shakli mashhur bo'lgan. U Ayrtom frizida tasvirlangan, shuningdek, Sariosiyo va Budrachadan topilgan terrakotalarda ham ko'rish mumkin.

Izlanuvchi-tadqiqotchilarning fikricha, Sharq Turkiston udi Xitoyda ham bo'lishi mumkin. Ma'lumki, Xitoy va Markaziy Osiyo o'rtasida o'zaro aloqalar mavjud bo'lgan, masalan: madaniy aloqalar amalga oshirilgan (ba'zan sozanda va raqqosalar Xitoy imperatoriga sovg'a sifatida yuborilgan). Xitoyda kalta ud nisbatan kechroq - V asr va VI asrning boshlarida tarqalgan bo'lib, Xitoy musiqiy cholg'uchiligiga "pipa" nomi bilan kirgan. Xitoy xroniklarining guvohlik berishicha, chet el cholg'usi lyutnya g'arbiy chegaradan Xitoyga kirib kelgan.

Farmer Xitoyga udning kirib borishini Xitoy imperatori Vu-Tini turk malikasiga uylanishi bilan bog'laydi (568 y.). Malika o'zi bilan musiqachi sozandalar, "varvar" (Farmer buni turkman barbati deb izohlaydi) cholg'usi ijrochisini ham olib borgan. Aynan shu sozanda Xitoyda Su Chi-po nomi bilan atalgan Xitoy musiqasidagi 7 modusni olib kirgan. Persidskiy tildagi "barbat" atamasining fonetik o'zgargani sifatida "pipa" bo'lib ishlatilgan. L.Pikkenning yozishicha esa bu atama "pi" qo'lning oldinga tushirilishidan, "pa" qo'lning orqaga qaytish harakatidan chiqqan tovushdir5.

"Ud" arabcha so'z bo'lib, uning lug'aviy ma'nosi turlichadir. Ud ismli bir daraxt bo'lib, yonganda xushbo'y hid taratgan. Ud dastlab shu daraxt yog'ochidan yasalgan bo'lishi mumkin. Boshqa tomondan esa ud iborasi bayram, to'y-tomosha, xursandchilikni ifodalaydigan "iyd" atamasining ma'lum shakli bo'lsa, xushchaqchaqlik kayfiyati bag'ishlovchi cholg'u ma'nosida ham kelishi mumkin. Udning dastlabki nomi barbat bo'lganligi ba'zi manbalarda ko'rsatib o'tiladi. Barbat bar - qomat, bat - o'rdak ma'nolarini bildirib, u qorni katta va dastasi kalta musiqa asbobidir.

Ud sozi haqida o'tmishdagi ko'plab nazariyotchilar o'z risolalarida ma'lumot berganlar. Forobiyning mashhur "Kitab al-musiqa al-kabir" asarida cholg'uga ta'rif berilgan. Forobiyning o'zi ham ud chalishni yaxshi bilgan. Bundan tashqari ash-Sheroziy, al-Husayniy, Jomiyning risolalarida ud haqida maxsus boblar keltirilgan. Safiuddin Urmaviy ud ijrochisi ham bo'lib, olib borgan tajribalariga tayanib olim o'z nazariy qoidalarini bayon etadi. Risolalarda ud sozi Markaziy Osiyoda XVII asrgacha yashagan, deb taxmin qilinadi. Hozirda u Kavkaz xalqlarida, arablarda, Eronda, turklarda va ko'plab Yevropa xalqlari musiqa san'atida muhim o'rin egallaydi. Yevropada "lyutnya" nomi bilan mashhur. Sharqda keng tarqalgan ud sozining qorni

4 Zaksning fikricha udning grekcha nomlanishi pandura bo'lib, shumer panturdan kelib chiqqan. Greklar bu atamani shumer-kavkaz xalqidan o'rgangan.

5 Yanada to'liq ma'lumot uchun qarang: Визго Т. Музыкалное инструменты Средней Азии. Исторические очерки.

I fcOl^^^^HI ^04 http://oac.dsmi-qf.uz

dutornikidan kattaroq, dumaloq shaklda va dastasi kalta. Qadimgi udning uzun dastali turlari mavjud bo'lganligini miniatyuralardan ko'rish mumkin.

Har bir sozning o'ziga xos xususiyatlari va imkoniyatlari mavjud. Uning tashqi tuzilishi kosa, dasta va bosh qismdan tashkil topgan. Kosasi bir-biriga yopishtirilgan bir necha (10-12) qovurg'asimon taxtachadan iborat. Ustiga yog'ochdan tayyorlangan qopqoq zich qilib biriktiriladi. Qopqoqda 3 rezenatr ovoz tebranib chiqadigan teshik bo'lib, ustiga torlar tayanadigan xarrak zich qilib tutashtirilgan. Dastasi kosaga mahkam biriktirilib, parda bog'lanmaydi. U g'ijjak dastasi kabi sof va tekis bo'ladi. Udning bosh qismi torlarni mahkamlash va tortish uchun mo'ljallangan bo'lib, unga 11 ta yog'och (5 tasi o'ng, 6 tasi chap tomonga) o'rnatilgan. Cholg'uning bosh qismi va dastasi tutshgan joyda shayton xarrak joylashgan. U ochiq torlarning tayanchi hisoblanadi.

Musiqiy-nazariy risolalardan ma'lum bo'lishicha, 5 torli ud qariyb XVI asrgacha ishlatilib kelingan. San'atshunos olimlarimiz, musiqa nazariyotchilarining ilmiy risolalarida ud sozining 1-4 juft torlari oralig'ining sozlanishi sof kvartaga tengligi qayd etilgan. Eng pastki torlari, ya'ni 4 va 5, 5 va 6 torlarning oralig'i katta sekunda intervalida sozlangan. Hozirda ijrochilikda qo'llanilayotgan ud cholg'usining yuqoridan 1-3 torlari sun'iy ichakdan yoki kaprondan taqiladi. 4-6 torlari esa, pishitilgan ipak ustidan mis sim o'ralgan holda tayyorlanadi. Sun'iy ichak torlarining qo'llanilishi yaqin yillarda davomida boshlangan. Chunki ipak tor tez titilib ketish va sadosining pastligi jihatidan iste'moldan bir muncha yiroqlashgan. Sun'iy ichak taqilgach, asbobning tovushi balandlashdi, barmoqlarning torlar ustidagi harakatiga yaxshi imkoniyat tug'ildi. Udning torlari bam, maslas, masna, zir, hodd atamalari bilan nomlangan.

Cholg'uning pardalari Forobiy yashagan zamonlardan to XVI asrgacha bir necha bor o'zgargan va ularning o'rni turlicha belgilanib kelingan. Uning pardalari taxminan XIII-XV asrlarda joriy etilgan tovush tizimiga to'g'ri keladi. Ud parda (doston)lari 8 ta bo'lgan:

1. Mutlaq - ochiq parda deb atalgan.

2. Zoid - (mutlaqqa nisbatan) orttirilgan.

3. Mujannab - "qo'shni parda", ba'zi sharq musiqa olimlarining aytishicha "chetlatilgan" (olimlar bu pardaga maxsus ism bermaganlari uchun nolanish nuqtai nazaridan chetda qoldirilgan) degan ma'noda keladi.

4. Sabboba - "ko'rsatkich barmoq" demakdir. Bu atama ko'rsatkich barmoq vositasi bilan tovush hosil etiladigan pardani ifodalaydi.

5. Vustai furs - o'rta barmoq vositaschi bilan tovush chiqarib olinadigan pardadir.

6. Vustai zalzal - Zalzal (791 yil vafot etgan mashhur arab hoqoni) hukmron bo'lgan zamonda belgilangan va o'rta barmoq vositasi bilan chalinadigan pardadir.

I fcclT^^^^HI 405 http://oac.dsmi-qf.uz

7. Binsir - to'rtinchi barmoqning nomi bo'lib, shu barmoq vositasida ijro etiladi.

8. Hinsir - chimchiloqning nomi bo'lib, shu barmoq orqali chalinadigan parda.

Ud pardalarining nomlanishidan ko'rinib turibdiki, kuylarning ijro etilishida ud

chaluvchi sozandaning to'rt barmog'ini hammasini ishlaydi.

O'tmishda udning tor va pardalarining hammasi ma'lum bir kuyni ijro etishda birin-ketin ishlatilmay, temperatsiya etilmay diatonik lad uyushmalariga moslab chalingan. Bizgacha yetib kelgan o'zbek-tojik xalq musiqa asarlarida, ayniqsa Shashmaqomning ba'zi yo'llari va keyingi davrlarda yaratilgan xalq kuy va ashulalarining ba'zi ko'rinishlari, izlari saqlanib qolganligi bu fikrning dalilidir.

Xulosa o'rnida shuni qayd etish joizki, sharq halqlari musiqa san'ati ijrochiligida eng qadimiy va amaliyotda qo'llanish o'rniga ko'ra eng yetakchi soz -ud cholg'usidir. Uning pardalari va torlari namuna sifatida musiqa nazariyasi va amaliyotining ilmiy masalalari (tovushlar oralig'i, nag'ma, jins, jam' va maqomlarni tashkil etgan pog'onalari - pardalari)ni tushuntirish uchun eng qulay bo'lgan. Xususan, sharq musiqashunoslik ilmining yetuk namoyandalari Abu Nasr Forobiy ("Kitab al-musiqa al-kabir" asari), Safiuddin Urmaviy ("Risalat ush-sharafiyya" va "Kitab ul-advor" asarlari), Zaynulobiddin Husayniy ("Qonuni ilmi va amali musiqiy" risolasi) Qutbiddin ash-Sheroziy ("Durratu-t-toj li g'urrati-d-deboj..." ("Toj durlari...") qomusiy asarining musiqaga bag'ishlangan qismi "Dar ilmi musiqiy"), Abdurahmon Jomiy ("Risolai musiqiy") kabi allomalar bu cholg'u yordamida 17 pog'onali tovushqator va tovushlar oralig'ini matematik nuqtai nazaridan hissoblab berganlar. Shuning uchun ham o'tmishda musiqa aniq fanlar, ya'ni riyoziyot tarkibiga kiritilgan. Sharq musiqa madaniyatining rivojlanishiga o'z hissasini qo'shgan sozanda, xonanda, bastakor Borbadning nomi ham aynan shu cholg'uning qadimiy ismi bilan bog'liqligi sozning o'sha davrda keng iste'molda bo'lganligini anglatadi. Shuningdek, ud bugungi kunda ham mumtoz musiqamizning eng durdona namunalarini ijro etishda o'ziga xos tebr xususiyatlariga ega bo'lgan cholg'udir.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Визго Т. Музыкалные инструменты Средней Азии. Исторические очерки. - М.: "Музыка", 1980.

2. Rajabov I. Maqomlar masalasiga doir. T., 1963.

3. Rajabov I. Maqomlar. Nashrga tayyorlovchi O.Ibrohimov. T.: "San'at". 2006.

4. Малкеева А.А. "О музыкалных связях Средней Азии в I-VII вв.н.э. (на примере изображений арфы и лютни)" // Музыкалное, театралное искусство и фолклор. Т.: «Фан», 1992. 30-с.

406

http://oac.dsmi-qf.uz

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.