TURKISTON GENERAL-GUBERNATORLIGI TARIXIDAGI "IKKINCHI KAUFMAN" - N.A.IVANOV (MI?)
Kamolova M.F.
tayanch doktorant,
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti. https://doi.org/10.5281/zenodo.11175111 Turkiston o'lkasi ma'muriy-hududiy birliklariga rahbar etib tayinlanadigan gubernatorlar odatda o'z viloyatini yaxshi bilmagan, hudud aholisining hayoti bilan qiziqmagan, natijada viloyat gubernatorlari ko'z o'ngida g'alayonlar, qo'zg'olonlar tayyorlangan va sodir bo'lib turgan. Afsuski, Turkistonda "o'lkaning haqiqiy xo'jayinlari" kam edi. Ya'ni Turkiston o'lkasini avvaldan yaxshi bilgan, bu hududning shart-sharoitlari, mahalliy xalqning aholidan voqif bo'lgan rahbarlar kam edi. Shunday kam sonli rahbarlardan eng mashhurlari: Kolpakovskiy, Kuropatkin, Grodekov, Abramov va Ivanov edi [5, - C. 166].
N.A.Ivanov o'z harbiy faoliyatini 1864-yil bahorida general Chernyayev qo'l ostida boshlagan, Erjar, O'ratepa, Xo'jand janglarida qatnashgan. Turkistonning birinchi general-gubernatori K.P.Kaufman hokimiyat tepasiga kelgandan so'ng ham urush harakatlarida qatnashdi, jumladan, Samarqand, Kattaqo'rg'on va Zirabuloq janglarida qatnashgan va bu yurishlar davrida Aleksandr Konstantinovich Abramov bilan yaqindan tanishadi. A.K.Abramov 1868-yilda Zarafshon okrugi boshlig'i bo'lgandan so'ng okrug boshqaruv devoniga Ivanovni taklif qildi. Ivanov 5 yil davomida 1868-yildan 1873-yilgacha general Abramov devonining boshqaruvchisi bo'ldi, ayni shu davrda til o'rgandi va mahalliy aholi bilan yaqindan tanishdi [7, -C.171.]. N.A.Ivanovning keyingi xizmat pillapoyasi Farg'ona viloyati gubernatori lavozimida davom etdi (1884-yil).
1898-yilgi Andijon qo'zg'olonidan so'ng o'sha paytda ta'tilda bo'lgan Turkiston general-gubernatori A.V.Vrevskiy lavozimidan ayrildi va uning o'rnini ilgari Amurbo'yi general-gubernatori bo'lgan general-leytenant Mixaylovich Duxovskoy egalladi. A.N.Kuropatkin shu paytdayoq N.A.Ivanovni Turkiston general-gubernatori etib tayinlashni maqsad qilgan, ammo bu amalga oshmagan edi. Fyodorov Duxovskoyni o'lka general-gubernatori etib tayinlanishini shunday yozadi: "Yangi harbiy vazir A.N.Kuropatkin S.M.Duxovskoy o'ziga yuklatilgan vazifani bajarishga qodir emas deb hisoblagan, shuning uchun ham Aleksey Nikolayevich Kuropatkin Ivanovga general-gubernator yordamchisi lavozimini taklif qildi. Keyinroq N.A.Ivanov Duxovskoyning o'rnini egallashi kerak edi" [11].
Fyodorov ta'kidlashicha, Turkistonga tayinlangan S. M. Duxovskoy allaqachon "ruhiy va jismonan halokatga uchragan, hech qanday ishga qodir emas,
butun boshqaruv og'irligini o'zining yordamchisi general Ivanovga yuklagan [7, -C.189]. Shunday qilib, amalda Ivanov Turkiston o'lkasi oliy hokimiyatiga keldi.
1901-yilda esa rasman Turkiston general-gubernatori general infanteriya S.M.Duxovskoy (bu lavozimda 1898-yildan 1900 yil dekabrgacha faoliyat yuritgan) o'rnini general-leytenant N.I.Ivanov egalladi. Uning zimmasiga "Turkiston general-gubernatorligi birlashgan viloyatlarini umumiy boshqarish bo'yicha" qonun loyihasi tayyorlashdek qiyin vazifa tushdi [8, - C. 187].
N.I.Ivanov uyezd boshlig'i martabasidan to general-gubernator martabasigacha erishdi. U o'zini chinakam "Turkistonlik" deb hisoblar edi. O'lkani boshqarish tizimi mukammal emasligi 35 yillik ish tajribasiga ega N.I. Ivanovga yot emas edi, shuning uchun ham u o'zini qonunlar yaratish borasida sinab ko'rdi.
Bungacha o'lkada bir vaqtning o'zida 3 ta Nizom amalda bo'lgan: 3 ta viloyat (Sirdaryo, Farg'ona, Samarqand) 1886 yilgi Turkiston o'lkasini boshqarish bo'yicha Nizomga ko'ra boshqarilgan. Yettisuv viloyati esa 1891-yilgi "Oqmola, Semipalatinsk, Yettisuv, Ural va To'rg'ay viloyatlarini boshqarish bo'yicha Nizom"ga ko'ra boshqarilgan. Kaspiyorti viloyati esa 1890-yilgi "Kaspiyorti viloyatini boshqarish bo'yicha vaqtinchalik Nizom"ga ko'ra boshqarilgan. Shu sabablarga ko'ra yangi Turkiston o'lkasini boshqarish bo'yicha umumiy Nizom loyihasini ishlab chiqishga kirishildi. General-gubernator N.I.Ivanov buyrug'iga ko'ra 1902-yil 27-aprelda Toshkentda Konstantin Aleksandrovich Nestorovskiy [3] boshchiligida Umumo'lka nizom loyihasini ishlab chiqish bo'yicha Asosiy Komissiya ish boshladi.
Komissiya 1902-yil 30-maydan, 1903-yil 27-sentabrgacha ishladi va hech bir jiddiy natija bermadi. Nesterovskiy loyihasidagi ijtimoiy, iqtisodiy va ma'muriy masalalar bo'yicha huquqiy va ma'muriy qarorlar xuddi ilgarigidek Turkiston jamiyatining biror-bir ishtirokisiz byurokratiyaga mo'ljallangan edi. Aynan ana shu sababga ko'ra loyiha peshonasiga, faqat, Turkiston general-gubernatori mahkamasi arxivini to'ldirish yozilgan ekan [4, - 118 6].
Turkiston general-gubernatori Nikolay Aleksandrovich Ivanov hududning rivojlanishi va o'sishining eng katta ikkita omilini ta'lim va ilm-fanga beriladigan e'tibor sifatida baholagan. N.A.Ivanov o'lka rahbari sifatida hududda ta'lim masalasiga e'tibor qaratganda mahalliy aholining ta'limi masalasidan ko'ra hududdagi rus millatiga mansub aholining manfaatlarini inobatga oldi va uning yechimi bilan shug'ullana boshladi. Jumladan, Turkiston o'lkasining oliy mansabiga tayinlangan yili, ya'ni Turkiston general-gubernatori lavozimini egallagandan so'ng, 1899-yili Toshkent erkaklar gimnaziyasi binosida "Ilmning ne'matlari to'g'risida" 1-umumxalq o'qishi bo'lib o'tdi, unga musulmonlarning oliy martabali vakillari ham taklif qilindi. Ushbu umumxalq o'qishida general-gubernatorning o'zi,
maktablar bosh inspektori F.M.Kerenskiy, Sirdaryo viloyati harbiy gubernatori N.I.Korolkov, Xalq o'qishlari komissiyasi raisi A.I.Nikolayenko va boshqalar qatnashdi.
Turkiston general-gubernatori N.A.Ivanov Turkiston o'lkasida yashayotgan rus harbiy xizmatchilarining farzandlarining ta'limi bilan shug'ullana boshladi. Toshkentda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning frazandlari kadetlar korpusida va Orenburgda joylashgan harbiy ta'lim muassasasida tahsil olgan, bu davrda Toshkentdan Orenburgga olib boruvchi temir yo'l hali qurilmagan edi. Talabalar ta'lim olayotgan o'quv yurtlariga Kavkaz orqali borishgan va ushbu holat talabalardan deyarli bir hafta vaqtni olgan. Turkiston general-gubernatori N.A.Ivanov 1901-yil 2-sentabrda ular uchun yangi binoni foydalanishga topshirdi [7, - C. 202].
Toshkent-Orenburg temir yo'lining qurilishini tezlashtirilishidan yana bir maqsad temir yo'llarda avj olayotgan ishchilar harakati bilan kurashish edi [2].
1901-yil kuzida Turkiston o'lkasiga general-gubernator N.A.Ivanovning uzoq yillik quroldoshi va yni vaqtda Rossiya imperiyasi harbiy vaziri A.N.Kuropatkin xizmat tekshiruvi bilan keldi. U Toshkentda bir hafta turdi va N.A.Ivanov juda katta e'tibor qaratgan kadetlar korpusida bo'ldi[10].
N.Kuropatkin mahalliy xalq ta'limi muassasalarini ham e'tibordan chetda qoldirmadi va rus-tuzem maktablarida biriga bordi va shunday yozadi: "Men ko'rgan maktablardan biri menda yaxshi taassurot qoldirdi. Maktab rahbari 18 yildan beri shu soha bilan shug'ullanar ekan va ko'rinishidan ishini yaxshi ko'radi. O'quvchilar yaxshi ko'rinishda, rus tilini tushunadi, o'quvchilardan biri (afg'on) rus tilida yaxshi tallaffuz qilayotganiga guvoh bo'ldim. Maktabni shu paytgacha 20 ga yaqin o'quvchilar bitirgan va turli sohalarda ishlashadi: savdogarlik, kotiblik, bosmaxona va boshq [6]".
Toshkent ofitserlar maktabi o'ziga xos harbiy ta'lim muassasasi bo'lgan. Unda dars berishga nafaqat ofitserlar, balki mahalliy fuqarolardan ham mutaxassislar jalb qilingan. Avvalo, bular o'sha davrda Toshkentda faoliyat yuritgan mashhur sharqshunos olimlar edi. Maktabda islom huquqidan Qozon diniy akademiyasining bitiruvchisi Nikolay Petrovich Ostroumov dars bergan, u o'sha paytda "Turkistonshunoslik patriarxi" degan nomga sazovor bo'lgan. "Markaziy Osiyo va qo'shni mamlakatlar tarixi" fanidan 1910-yildan mashhur tarixchi va tilshunos olim, bo'lajak ijodkor va Tojikiston Fanlar akademiyasi Tarix, arxeologiya va etnografiya institutining birinchi direktori Aleksandr Aleksandrovich Semenov dars bergan. Mahalliy til o'qituvchisi general-gubernator N.A.Ivanov ma'muriyati xodimi Tairbek Kiyazbekov edi [7, - C. 201].
1904-yilda Turkiston general-gubernatori N.A.Ivanov vafot etdi. O'limidan avval so'nggi bora Turkiston o'lkasini ko'zdan kechirdi. 1903 -yil kuzida Kushkadan boshlangan tashrif Amudaryo orqali Chorjo'y, Karki, Termiz kabi hududlarda davom etib, Toshkentda yakunlandi. General-gubernator vafoti munosabati bilan ommaviy axborot vositalarida uning shaxsi ajoyib shaxs, tajribali boshqaruvchi, Turkiston o'lkais bo'yicha mutaxassis, yirik siyosiy kuch, yetakchi, eng dono va tinimsiz mehnatkashlardan biri deya sifatlandi. N.A.Ivanov vafotidan so'ng 1917-yilgacha 7 ta general-gubernator almashdi.
Xulosa qilib aytganda, ayrim rus tarixchilari Turkiston general-gubernatori N.A.Ivanov davrida Turkiston o'lkasi tarixida nihoyatda muhim bo'lgan Turkiston ma'muriy tuzilishi masalasida islohotlar tomon harakat boshlanganligi, iqtisod yuksala boshlaganligi va shu bilan bir qatorda hududda musulmonlar bilan munosabatlarni normallashtirish g'oyalari boshlanganligini ta'kidlashadi. O'rta Osiyoda imperator va mustamlaka hokimiyatlarining tub aholining madaniy va ma'naviy qadriyatlariga, ularning diniy e'tiqodlariga bo'lgan munosabati juda ziddiyatli va uzoq vaqt davomida belgilab qo'yilgan [9, - 29 b.].
Turkistonni ichkaridan ham tashqaridan ham yaxshi bilgan Ivanov o'lkani xotirjam boshqarib, nihoyat uni begona dunyodan Rossiyaning "viloyati" ga aylantirdi [1] deb hisoblashadi. Turkiston general-gubernatori Nikolay Aleksandrovich Ivanovni Turkistonda olib borgan faoliyatining tarixiy va ijtimoiy ahamiyatiga ko'ra, K.P.fon Kaufmandan keyingi ikkinchi general-gubernator deya ta'rif berishadi. Ammo butun faoliyati Turksitonda o'tgan, mahalliy shart-sharoit bilan yaxshi tanish bo'lgan rahbar sifatida N.A.Ivanov Turkiston uchun ko'proq manfaat keltiradigan muhim qarorlar qabul qilishga qodir edi va uning siyosiy faoliyati davomida bunday sezilarli islohotlar qilinmadi.
Adabiyotlar:
1. https://mytashkent.uz/2020/09/25/general-gubernator-turkestana-nikolaj-aleksandrovich-ivanov/
2. Jeff Sahadeo. Russian colonial society in Tashkent, 1865-1923. Indiana university press. 2007. - p.
3. Nestorovskiy (boshqa adabiyotlarda Nesterovskiy) 1883-1899 yillarda Turkiston general-gubernatorligi Devonxonasi boshqaruvchisi vazifasida faoliyat yuritgan.
4. Абдурахимова Н.А, Эргашев Ф.Р.Туркистонда чор мустамлака тизими. - Тошкент: Aкадемия, 2002. - 118 б.
5. Мухамедов Ш. Россия И Средняя Азия: страницы истории, личности, мнения. - Ташкент.: Baktria Press.2020. - C.166.
6. Отчет о служебной поездке военного министра в Туркестанский край в 1901 году. СПб, Военная типография. 1902 г.
7. Фетисов В. Устроители Туркестана. Повествования о туркестанских генерал-губернаторах. - Ташкент. : Complex Print.2023. - C.171.
8. Шушкова М.Э. Организация управления Туркестаном в начале ХХ века. - М.2015. - С.187.
9. Kamolova, M. (2023). TURKISTON GENERAL-GUBERNATORI KP FON KAUFMANNING O'LKADA MADANIY SOHADA YURITGAN SIYOSATI (ISLOM DINI MISOLIDA). SCHOLAR, 7(26), 29-36.
10. Usarov, U. A. (2022). HISTORICAL ANALYSIS OF THE POLICY OF THE RUSSIAN EMPIRE ON LAND AND WATER RELATIONS IN TURKESTAN (Example of researches during the years of independence of Uzbekistan). American Journal Of Social Sciences And Humanity Research, 2(05), 29-36.
11. Usarov, U. A. (2021). Irrigation system of Turkestan in the second half of 19th century and early 20th century. The American Journal of Social Science and Education Innovations, 3(06), 1-7.