TURKISTON GENERAL-GUBERNATORLIGINING MA'MURIY-HUDUDIY
BOSHQARUVI 1Shohimardonova M., 2B.G'. Rasulov
1O'zbekiston-Finlandiya Pedagogika institute, Boshlang'ich ta'lim va gumanitar fanlar fakulteti
talabasi
2Ilmiy rahbar, Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi o'qituvchisi https://doi.org/10.5281/zenodo.11098695 Annotasiya. Ushbu maqolada Rossiya imperiyasining Turkiston o'lkasida amalga oshirgan bosqinchilik yurishlari, Turkistonda alohida gubernatorlik boshqaruvining joriy etilishi va general-gubernatorlikning ma'muriy-hududiy tuzilishi batafsil yoritilgan.
Kalit so'zlar: Ingliz-Rus raqobati, 1865-yilgi "Nizom", Dasht komissiyasi, Aleksandr III, 1886-yilgi "Nizom", Yettisuv, Sirdaryo, Samarqand, Farg'ona, Kaspiyorti viloyatlari, volost, uyezd, ovul.
XIX asrning o'rtalarida jahonning yirik davlatlari o'rtasida yangi mustamlakalar uchun kurash qizib ketgan bir paytda Rossiya ham chetda qolmadi. Shu jihatdan bu davrda Angliya va Rossiya manfaatlari O'rta Osiyoda to'qnashdi. Angliyaning O'rta Osiyo bozorlariga intilishi Rossiya hukumatini tashvishga solib qo'ydi va o'ziga qo'shni bo'lgan xonliklarga harbiy ekspeditsiyalar boshladi. 1853-yilda Orenburg general-gubernatori Perovskiy Oqmachit (hozirgi Qizilo'rda) qal'asini kuch bilan egalladi. 1864-1865-yillarda Avliyoota, Suzoq, Turkiston, Chimkent va xonliklar uchun "darvoza" vazifasini o'tagan Toshkent shahri egallandi. Toshkent qo'lga kiritilgach, mustamlaka sharoitidan kelib chiqqan holda 1864-1865-yillarda bosib olingan hududlarda Orenburg general-gubernatorligiga bo'ysunadigan Turkiston viloyati tashkil etildi. 1866-yil harbiy vazir D.A. Milyutinning tashabbusiga ko'ra mustamlaka hududidagi ahvolni o'rganish uchun maxsus "Dasht komissiyasi" tuziladi.[1.39] Tekshiruv va kuzatuvlar natijasi shuni ko'rsatadiki, Turkiston viloyatining Orenburg general-gubernatorligidan uzoqda ekanligi, viloyat ma'muriyati vakillarining soni kamchiligi bois general-gubernator bilan bog'lanishda muammolar bo'layotgani aniqlanadi. Shuning uchun Turkiston viloyatini Orenburg general-gubernatorligidan alohida ajratish kun muhokamasiga qo'yiladi.
1867-yilda Peterburgda Turkiston boshqaruvi bo'yicha tayyorlangan "Nizom" loyihasi maxsus komissiya tomonidan Orenburg general-gubernatorligidan alohida bo'lgan Turkiston general-gubernatorligini tashkil qilish bo'yicha qaror qabul qilinadi. 1867-yil 11-aprelda imperator Aleksandr II tomonidan qaror tasdiqlanadi. 11-iyulda Janubiy Qozog'iston va O'rta Osiyoning bosib olingan hududlarida Turkiston general-gubernatorligi tashkil etilganligi haqida farmon e'lon qilinadi. [2.373]
Yangi tashkil etilgan gubernatorlik tarkibiga G'arbiy Sibr general-gubernatorligi tarkibidagi Semipalatinsk viloyati hududining bir qismi kiritilgan. General-gubernatorlikning chegara chizig'i ham Semipalatinsk viloyatidan o'tgan. Undan Balxash ko'li o'rtalari va Balxash daryosi bo'ylab Sarisuv daryosigacha davom etgan. Orenburg general-gubernatorligi bilan chegara chizig'i Perovskiy ko'rfazi o'rtalari Termembes tog'idan Terken, Qalmas, Muzbel, Oqqum, Cho'bartepa tog'lari bo'ylab Mo'yinqumning janubiy etaklari va Sarisuv daryosi Chu daryosi bilan tutashgan chegaraga qarab davom etgan. [1.41]
Dastlab gubernatorlik 2 ta ma'muriy birlikdan iborat bo'lgan. Markazi Toshkent bo'lgan Sirdaryo viloyati hamda, markazi Verniy bo'lgan Yettisuv viloyatiga bo'lingan.
Sirdaryo viloyati tarkibiga, asosan, 1865-yilda egallangan va Turkiston viloyati tarkibida bo'lgan Avliyoota, Kazalinsk, Qurama, Perovsk, Turkiston, Chimkent, Toshkent shahri markaz sifati kirgan.
Yettisuv viloyatiga esa G'arbiy Sibr general-gubernatorligi tarkibida bo'lgan Semipalatinsk viloyatining bir qismi Verniy, Kopal, Jarkent, Lepsin, Pishpek, Prjevalsk, To'qmoq uyezdlari kirgan.
Chor imperiyasining keng mustamlakachilik yurishlari natijasida ushbu hududlar yanada kengayib brogan. Imperiya istilolari natijasida 1866-1868-yillarda Buxoro amirligining bir qismi egallandi. Bosib olingan hududlarda markazi Samarqand bo'lgan Zarafshon okrugi tashkil etiladi. Uning tarkibiga Samaqand, Kattaqo'rg'on hududlari va keyinchalik 1871-yildan buyon Zarafshon daryosining yuqori qismida joylashgan Tog'li tumanlar ham qo'shiladi. 1874-yilda Xiva xonligi hududi ham egallanib, markazi Petroaleksandr (hozirgi To'rtko'l) bo'lgan Amudaryo bo'limi tuziladi. Hudud Chimboy va Sho'raxon uchastkalariga bo'lingan. 1876-yilga kelib Qo'qon xonligi hududlari egallanadi. Markazi Skobelov (Yangi Farg'ona) bo'lgan Farg'ona viloyati tuziladi. 1881-yil Kaspiyorti viloyati tashkil etiladi. Bungacha bu hudud Kavkaz noibligi tarkibida edi.
Dastlab 2 ta viloyatdan tashkil topgan Turkiston geniral-gubernatorlik hududi keyinchalik imperiya istilochiligi sababli kengayib boradi. Turkiston o'lkasi uchun 1865-1916-yillar oralig'ida o'lkada mustamlakachilikni yanada mustahkamlash maqsadida 10 ta qonun loyihalari (1865, 1867, 1871, 1873, 1882, 1884, 1886, 1908, 1912, 1916) amalga oshirildi.[4.102] Shundan 1886-yilda qabul qilingan qaror alohida ajralib turadi. Unga muvofiq Turkiston general-gubernatorligining ma'muriy-hududiy tuzilishida o'zgarishlar yuz berdi. 1882-yil 8-mayda Turkiston general-gubernatori etib tayinlangan Chernyayev taklifi bilan imperatorning Turkistonni taftish qilish to'g'risidagi farmoniga binoan, "Dasht komissiyasi" sobiq raisi, maxfiy maslahatchi F.K.Girs o'lkaga tashrif buyuradi. Olib borilgan tadqiqot va kuzatishlar natijasida general-gubernatorlikdagi muammolar o'rganiladi. F.K.Girs o'zining taftish hisoboti bilan birgalikda "O'lkani boshqarish to'g'risida"gi Nizom loyihasini ham qo'shib taqdim etadi.[3.374] Shundan so'ng 1884-yil 21-yanvarda Aleksandr III ko'rsatmasi bilan "Turkiston o'lkasini boshqarish to'g'risida"gi Nizomning qayta ishlangan so'ngi loyihasini ishlab chiqish bo'yicha komissiya tashkil etiladi. 1886-yil 12-iyulda "Nizom" Aleksandr III tomonidan tasdiqlanadi. Ammo ma'muriy tizim bo'yicha e'tirozlar davom etaverdi. Yangi qabul qilingan "Nizom" ga ko'ra o'lkaning hududiy tuzilishida bir qancha o'zgarishlar yuz berdi. Xususan, Zarafshon okrugi nomi Samarqand viloyatiga o'zgartirildi, uning tarkibiga Sirdaryo viloyatining Xo'jand uyezdi o'tkazildi. Amudaryo bo'limi Sirdaryo viloyati tarkibiga kiritildi. Qurama uyezdining nomi Toshkent uyezdiga o'zgartirildi. Farg'ona viloyati hududning ichki tuzilishiga o'zgartirish kiritilmadi. Shunday qilib XIX asr oxiri - XX asr boshlarida Turkiston general-gubernatorligi ma'muriy hududiy jihatdan Yettisuv, Sirdaryo, Samarqand, Farg'ona, Kaspiyorti viloyatlari hamda Amudaryo bo'limidan iborat birlikka aylandi.
Turkiston general-gubernatorligining ma'muriy boshqaruvi markaziy, viloyat, tuman (uyezd), volost (uchastka), shahar, qishloq va ovul boshqaruv shakllaridan iborat. Volost boshqaruvi izchil ravishda faqat Farg'ona va Zarafshon okrugida joriy etilgan. Chunki boshqa joylarda aholining ko'pchiligi ko'chmanchi bo'lganligi bois volos bilan bir qatorda aholi o'troq yashovchi tumanlarda oqsoqolliklar ham tashkil etilgan. Xo'jand uyezdi o'ziga xos xususiyatga ega bo'lib, uning hududi 3 ta: Xo'jand, O'ratepa, Jizzax tumanlariga bo'lingan. [4.104]
Turkiston general-gubernatorligining ma'muriy-hududiy tuzilishi bosib olingan hududlarga qarab kengayib va o'zgartirib borilgganligini ko'rishimiz mumkin, 1886-yildagi
Aleksandr III tamonidan tasdiqlangan Turkiston general-gubernatorligini boshqarish to'g'risidagi nizom o'lkaning ma'muriy-hududiy tuzilishini o'zgartirib yubordi va 1924 yildagi milliy chegaralanishgacha katta o'zgarishlarsiz saqlab qolindi.
REFERENCES
1. N.Abdurahimov, F.Ergashev "Turkistonda Chor mustamlaka tizimi". Toshkent. "Akademiya" 2002.
2. B.Eshov "O'zbekiston davlatchiligi va boshqaruv tarixi". Toshkent. 2012.
3. "O'zbekistonning yangi tarixi" 1-kitob. Toshkent. "Sharq". 2000.
4. https://cyberleninka.ru/article/n/turkiston-general-gubernatorligining-tashkil-topishi-va-ma-muriy-hududiy-tuzulishi
5. https://uz.rn.wikipedia.org/wiki/Turkiston_general-gubematoriigi
6. R.Shamsiddinov, Sh. Karimov "Vatan tarixi". Toshkent. "Sharq". 2010.