Научная статья на тему 'TOSHKENT SHAHRIDAGI AYRIM ARXEOLOGIYA OBYEKTLARINING O‘RGANILISHI'

TOSHKENT SHAHRIDAGI AYRIM ARXEOLOGIYA OBYEKTLARINING O‘RGANILISHI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
28
9
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Eshmatova N.O.

Toshkent shahri Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharlardan biri hisoblanadi. Uning tarixini o‘rganish ishlari arxeologlar tomonidan mana bir yarim asrdan buyon davom etib kelmoqda. Arxeologlar tadqiqotlari natijasida 2008-yilda Toshkent shahrining 2200 yilligi keng nishonlangan. Hozirgi paytda Toshkent shahrida 23 ta arxeologiya obyekti bo‘lib, ular shaharning qadimgi va o‘rta asrlar tarixini yoritishda muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, Yunusobod Oqtepasi, Chilonzor Oqtepasi, Mingo‘rik, Shoshtepa va Ko‘gaittepa kabi yodgorliklarning Toshkent tarixini yoritishdagi ahamiyati katta.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «TOSHKENT SHAHRIDAGI AYRIM ARXEOLOGIYA OBYEKTLARINING O‘RGANILISHI»

TOSHKENT SHAHRIDAGI AYRIM ARXEOLOGIYA OBYEKTLARINING O'RGANILISHI

Eshmatova N.O.

Toshkent muzeyi yetakchi mutaxassis https://doi.org/10.5281/zenodo.12622010

Toshkent shahri Markaziy Osiyodagi eng qadimiy shaharlardan biri hisoblanadi. Uning tarixini o'rganish ishlari arxeologlar tomonidan mana bir yarim asrdan buyon davom etib kelmoqda. Arxeologlar tadqiqotlari natijasida 2008-yilda Toshkent shahrining 2200 yilligi keng nishonlangan.

Hozirgi paytda Toshkent shahrida 23 ta arxeologiya obyekti bo'lib, ular shaharning qadimgi va o'rta asrlar tarixini yoritishda muhim o'rin tutadi. Ayniqsa, Yunusobod Oqtepasi, Chilonzor Oqtepasi, Mingo'rik, Shoshtepa va Ko'gaittepa kabi yodgorliklarning Toshkent tarixini yoritishdagi ahamiyati katta.

XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab - to shu kunga qadar Toshkent tarixiga oid boy ashyoviy materialar to'plangan. Bu tadqiqotlarni davriy jihatdan uch bosqichga bo'lish mumkin: 1. Rossiya imperiyasi hukmronligi davridagi arxeologik tadqiqotlar (1865-1917 yy.); 2. Sovet tuzumi davridagi arxeologik tadqiqotlari (1917-1991 yy.); 3. Mustaqillik yillarida olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlar (1991-2018 yy.) [D.Normurodov, 26].

1983-yilda O'zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti Toshkent otryadi tomonidan tadqiqot ishlari olib boriladi. Uning maqsadi Toshkent shahrining yoshini aniqlash, qadimgi va o'rta asrlar davrlarini o'rganish edi. Ekspeditsiya M.I.Filonovich rahbarligida U.Alimov, A.A.Gritsina, L.Sverchkov, V.Karasayevlar ishtirok etishadi [M.H.Oh^ohobhh, 1984, 1]. Tadqiqotlar asosan Jo'n arig'i bo'yidagi Shoshtepada olib boriladi. Bu yerda undan oldin ham bir necha bor tadqiqotlar o'tkazilgan. 1934-yilda G.V.Grigoryev [r.BXpHropbeB. 1935, 22, 43], 1956-yilda N.I.Krashennikov [H.H.KpameHHHKOB 1960, 150], 1970-yilda G. Dadaboyev [MOEypaKOB, r.^agaôoeB, 1973, 40] va 1978-1982-yillarda Toshkent otryadi tomonidan tadqiqotlar olib borilgan.

Shoshtepa maydoni 25 gektarga yaqin maydonga ega bo'lgan. Yon bag'irlari tik bo'lgan tepalik ko'rinishidagi dastlabki qishloq (150x120 m) istehkomli bo'lib, arkni ham o'z ichiga olgan, ark bilan qishloqni Jo'n kanali ajratib turgan. Quyi madaniy qatlamdan Burganli madaniyati (miloddan oldingi IX-VI asrlar)ga oid o'troq dehqonlar qishlog'ining qoldiqlari topilgan.

Shoshtepadagi ilk dehqonlar qishlog'i miloddan oldingi 6-asrda barham topgan. Uning aholisi xo'jalikning chorvachilik turiga o'tib, Yevrosiyo dashtlaridan kelgan ko'chmanchi qabilalar oqimiga singib ketgan. Shoshtepaning keyingi davr qatlamini ko'chmanchilar nekropoli egallaydi, unda qabrga an'anaviy buyumlar qo'shib ko'milgan. Bu miloddan oldingi 3-asrdan Yevrosiyoda boshlangan yirik etnik ko'chishlar davrida qabilalarni Orol bo'yidan Amudaryoning o'rta oqimi tomon migratsiyalari yo'nalishi haqida guvohlik beradi.

Burganli qishlog'i va ko'chmanchilar nekropoli xarobalari o'rnida miloddin oldingi II asrda (ya'ni, 2200 yil avval) atrofi halqa devor bilan o'ralgan, o'ziga xos xochsimon tarhli bino qurilgan. U xoch va halqa uyg'unligi - quyoshning eng qadimiy ramzi tamoyilida bunyod etilgan. Arxeologik ma'lumotlarga ko'ra u Sirdaryoning quyi oqimida joylashgan vohalardan kelgan kishilar tomonidan qurilgan. Ular o'zlari bilan xom g'isht va paxsadan me'moriy inshootlar qurish ko'nikmalarini olib kelganlar. Toshkent ekspeditsiyasi arxeologlari tomonidan

xom g'ishtdan terib ishlangan devorlar, yo'lak arkalari, gumbazli xonalar o'rganildi, ayrim xonalar qizil rangga bo'yalgan. Binoning o'ziga xos tarhi, xonalardan biridagi kichik otashgoh, shuningdek, xonalardan biriga bosh chanog'ining ko'milganligi binodan maxsus maqsadlarda foydalanganliklarini ko'rsatadi. U avval quyoshga topinuvchilar ibodatxonasi bo'lib, so'ngra diniy marosimlar markaziga aylantirilgan. Shoshtepadagi xochsimon binoni tadqiq etish jarayonida uning me'moriy-qurilish tamoyili Sirdaryoning janubiy o'zanida tarqalgan dehqonlar va chorvadorlar madaniyati doirasida shakllangan degan xulosaga kelindi.

Iqlim o'zgarishi va daryo irmoqlarini qurib qolishi natijasida ular yashash uchun qulay yerlar axtarib Sirdaryoning yuqori oqimi bo'ylab harakat qilishgan. Ularning bir qismi Toshkent vohasida qo'nim topgan, bu yerda ular o'zlarining moddiy va ma'naviy madaniyatlari va shaharsozlik sohasidagi bilimlarini yanada oshirish uchun qulay zaminga ega bo'lishgan. Ibodatxonasi bo'lgan tepalik taxminan 25 gektar keladigan qishloq tarkibiga kirgan.

Shunday qilib, kamida 2200 yil avval Toshkent hududida shaharsozlik sohasida birinchi tajriba amalga oshirilgan. III-VI asrlarda Shoshtepadagi hayotning ikkinchi yirik jonlanish davri bo'lib, VII-VIII asr boshlarida arablar istilosi arafasida ancha yuksalgan, arablar istilosi natijasida Shoshtepa vayron bo'lgan. XI-XII asrlarda undagi hayot biroz tiklangan, XVI asrda Shoshtepa tashlandiq holiga kelgan.

Mingo'rik-arxeologik yodgorlik, qadimgi shahar xarobasi qoldig'i (I-XIII asrlar). Mahalliy aholi o'rtasida u Afrosiyob tepasi nomi bilan ham mashhur bo'lgan. To'rtburchak arkka yondoshgan minora-qasr va shahristonning tepalikka aylangan hududidan iborat. XIX asrga oid shahar xaritasida maydoni 30-35 ga ekanligi ko'rsatilgan. Toshkent temir yo'l vokzali yaqinida, Salor kanali sohilida joylashgan; shahar xarobasi o'rnida XIX asrda katta o'rikzor bo'lganligi uchun shunday atalgan. Hozir shahar qurilishi munosabati bilan Mingo'rik hududining oldingi relbefi va yodgorlikning madaniy qatlami buzilib ketishi natijasida uning bir qismigina saqlangan. Ana shu joy usti yopilib muzeyga aylantirilgan. Birinchi marta 1896 y. (E.T.Smirnov, N.S.Likoshin tomonidan), keyin 1912 yilda (A.I.Dobrosmislov, Turkiston arxeologiya havaskorlari to'garagi a'zolari tomonidan) qayd qilingan. XX asrning 20-yillarda M.E.Masson, 40-50-yillarda T.Mirg'iyosov, V.I.Sprishevskiy, Yu.F.Buryakov arxeologiya kuzatish ishlari olib borgan. Birinchi qazish ishlari O'zbekiston FA Tarix va arxeologiya instituti (Yu.F.Buryakov, D.G.Zilper, O.V.Obelchenko) xodimlari tomonidan o'tkazilgan, 1968 yildan "Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi" mazkur arxeologik yodgorlikni o'rganishni boshlagan. Uning ishlari 2008-yilda davom ettirilgan [M.M.OH^aHOBHH, A 9913 0-51, 4-5]. O'zbekiston Respublikasi birnchi Prezidentining «Toshkent shahrining 2200 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish to'g'risida»gi qaroriga (2008 yil 2-aprel) muvofiq, Mingo'rik shahar xarobasi qoldiqlari konservatsiya qilindi (2008).

Mingo'rikda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida shahriston (15 gektar) va ark (0,5 gektar) maydonlari, shahar hayotining 3 asosiy bosqichi aniqlangan. 1-bosqichda o'ziga xos xochsimon tarhli, uchta ichki gumbazli xonalari bo'lgan mahobatli me'moriy-qurilish majmui bunyod etilgan. Bino devor bilan o'ralgan. O'z davrida bino bir necha marotaba ta'mirlangan, yarim aylana burj va mo'lalari o'sib borgan, shu bilan birga asrlar mobaynida binoning asosiy vazifasi saqlanib qolgan. Bu majmua tepasidagi otashgohda o't yoqish va undan hosil bo'lgan muqaddas kullarni muntazam ravishda to'plab, yig'ib borish bilan bog'liq bo'lgan. Qurilish qoldiqlari va funktsional belgilar tahliliga ko'ra, bino milodning dastlabki asrlarida o't va quyoshga topingan mahalliy aholi tomonidan qurilgan. Tadqiqot natijalari Toshkent vohasi qadimda Qang' davlatining milodning boshlaridagi diniy maorkazlaridan biri bo'lgan, deb

hisoblash imkonini berdi. Uning atrofida, kelajakdagi ilk shahar markazi shakllangan. 2-bosqichda (V-VI asrlar) shahar tez sur'atda rivojlanib, aholi soni oshib borishi natijasida mustahkam ark va shahristonga ega yirik shahar markaziga aylangan. VII asr boshida shahar Chochning poytaxti bo'lgan. Arab tilida yozilgan manbalarida tilga olingan «Madinat ash-Shosh» shu yodgorlikning aynan o'zi deb hisoblanadi. 3-bosqich (VII-VIII asrlar) arab xalifaligining Chochga yurishi arafasida shahar eng yuksalgan davrda bo'lgan. Barcha me'moriy qurilish uslublari majmuasi, ichki bezaklarda hashamatli devoriy tasvir va naqshlardan foydalanish, uy-ro'zg'or asbob-uskunalari, idishlar Mingo'rikning umumsug'd madaniyati asosida Sug'd, Farg'ona va O'rta Osiyoning boshqa joylari bilann mustahkam aloqada rivojlanganligidan dalolat beradi. Shu bilann birga shahar turmush tarzida ko'chmanchi qabilalarning ta'siri katta bo'lgan. Shahar qurilishi kengayib borgan sari eski qal'a devorlari torlik qilib, uning xarobalari ustiga shahriston uylariga nisbatan salobatli qasr majmuasi - Choch hukmdorlarining saroyi qurilgan. Saroyda supa va naqshinkor ustunli hashamatli xonalar va ibodatxonalardan tashqari qo'shimcha xonalar (xo'jalik ehtiyojlari uchun) ham bo'lgan. Bu davrda Choch o'lkasi Turk xoqonligiga tobe bo'lgan. San'at va madaniyat rivojlangan. Manbalarda qayd etilishicha, musiqa va raqs san'ati, ayniqsa, yuksak pog'onaga chiqqan. VIII asr boshlarida Choch poytaxti arab xalifaligi istilochilari tomonidan xarobaga aylantirilgan. X asrda Mingo'rikning bir qismidagina hayot tiklangan va XIII asrgacha davom etgan. Markaz yangi shahar - Binkatta ko'chirilgan.

Yunusobod Oqtepasi - arxeologik yodgorlik, shahar xarobasi (V-XIII asr boshi). Toshkentning shimoli-sharqiy qismida, Oqtepa kanali bo'yida joylashgan. Dastlab, 1886 yil V.P.Nalivkin qayd qilgan. 1940-1941 yillarda A.I.Terenojkin qisman qazishmalar olib borgan. 1975 va 1977-1983 yillarda Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi o'rgangan [М.И Филанович А 9290 Ф-51, 12-17]. Janub tomoni balandroq tepalik ko'rinishidagi ark va qishloq (100 ga)dan iborat. Ark xarobalari (86x180 m) shim.dan jan. tomonga cho'zilgan va qishloqdan chuqur jarlik (ark atrofidagi xandaq o'rni) bilan ajratilgan. Arkka yondoshgan keng hovli va uning janub qismida ark xarobalari joylashgan bo'lib, qazish vaqtida xom g'isht va paxsadan qurilgan, me'moriy jihatdan yaxshi saqlangan binolar qoldiqlari ochildi. Majmuada qurilish 3 bosqichda amalga oshirilganligi aniqlandi. Birinchi bosqichdan (V-VI asrlar) qal'aning ichki qismidagi bir necha xona va yo'lakpar saqlanib qolgan. Qishloqdagi hayotning so'nggi davri (VII-VIII asr boshi)ga oid ansamblb baland qasr (maydoni 80x80 m), hovli va qasr etagida joylashgan saroy tipidagi inshootdan iborat. Ansambl mudofaa devori va xandaq bilan o'ralgan. Qasrga g'arb tomondagi xandaq ustiga qurilgan osma ko'prikdan kirilgan. Ko'prikdan o'tilgach, labirint ko'rinishidagi darvozaga, so'ngra hovliga kirilgan. Darvozalar oldida qo'riqchilar xonasi, shimolda saroysimon inshoot, qasr joylashgan. Qasrga kvadrat minora orqali pandus bilan ko'tarilgan. Qasr ikki qator yo'laklar bilan o'ralgan. Ustki qator yo'laklar burchaklarida dumaloq gumbazli xonalar bo'lib, ular tashqaridan aylana minoraga o'xshab ko'ringan. Qasrning ichi ikki qismga bo'lingan. G'arbiy qism burchagida ikki qavatli baland minora - mo'la qad ko'targan. Pastki qavatda gumbazli uchta yo'lak, yuqorida - devoriy rasmlar bilan bezatilgan zal joylashgan. Shu yerda otashparastlarning ikki xonali sajdagohi, qo'shimcha yondosh xonalar joylashgan.

Asosiy xonaning devorlari tagida supalar, markazda otashgoh bo'lib, uning usti yog'och bilan ramziy yopilgan. Quyosh nurlaridan muhofaza qilingan yalang devorli xona zardushtiylar otashgohi talablariga mos ravishda bunyod etilgan. Bu qism markazida kub ko'rinishidagi mahobatli bino qad ko'targan, uning usti gumbaz bilan yopilgan, devorlari qalin bo'lgan, ichida

supalari-novuslar joylashib, ularga zardushtiylar udumiga ko'ra ostadonlar qo'yilgan. Qasrning sharqiy qismida xo'jalik (oshxona, uzum ezadigan qurilma, tandirlar) va omborxonalar joylashib, ular uzun, ikki qavatli yo'lak qo'rinishida bo'lgan, u yerdagi supalarga xumlar qo'yilgan. Qasrdagi yo'laklarda shu davr uchun xos bo'lgan shinak-tuynuklar bo'lmagan, uni mudofaasi yo'laklarga o'rnatilgan usti tom kunguralari ortidan amalga oshirilgan. Omborxonalar va minora tepasiga zinapoya bilan chiqilgan, u rda maydoncha bo'lgan, natijada qasr zinapoyasimon tashqi qiyofa ko'rinishini olgan. Hovlidagi saroy majmuasi uchta yirik zal, keng hovli va ichki xonalardan tashkil topgan. Zallar usti yog'och to'sinlar bilan yopilgan, ularning bir qismi qulab tushgan holatda saqlangan. Devorlar rangli, naqshinkor syujetli rasmlar bilan bezatilgan. Markaziy zal-marosimlar o'tkaziladigan zal atrofi zinali supalar bilan o'ralgan, markazida taxt o'rnatilgan. Qal'a tuzilishi, shuningdek undagi arxeologik topilmalar (tosh, suyak va metalldan yasalgan qurol-yarog', zebi-ziynat, temir pichoq, xanjar, bolta, o'roq, uch parrakli o'q paykonlari, tosh yorg'uchoqlar, tog' xrustali, ko'zli kumush uzuk va ayniqsa nuroniy mo'ysafid tasvirli terrakota) diqqatga sazovor. Yunusobod VII-VIII asr boshida yashagan chochlik yirik zodagonning qasrli chorbog'i, saroyi bo'lganidan dalolat beradi. U hokimning yozgi qarorgohi bo'lgan i ham ehtimoldan xoli emas. Topilmalar, jumladan umaviylar xalifaligi (VIII asrning 1-yarmi)ga oid kumush tanglarning kichik xazinasiga ko'ra, majmua arablarning Chochga istilosi davrida vayron bo'lgan. Yodgorlikdagi hayot VIII asrning 2-yarmida qayta jonlangan, IX-XII asrlarda esa u Binkat viloyatining mustahkamlanmagan qishloqlaridan bo'lib, XIII asr boshida mo'g'ullar istilosi davrida inqirozga uchragan.

Chilonzor Oqtepasi - arxeologik yodgorlik (IV-VIII asrlar, X-XII asrlar). Toshkentning janubiy-g'arbiy qismida, Bo'zsuv anhori bo'yida joylashgan. 1940 yil A.I.Terenojkin qayd etgan; 1960 y. A.S.Shiller va Yu.F.Buryakov, 1969-1971 yillarda Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi tekshirgan [D.Normurodov, 255]. Chilonzor Oqtepasi balandligi 15 metrli tepalik bo'lib, atrofida umumiy maydoni 60x75 metr kvadrat keladigan qadimiy qishloq xarobasi qoldiqlari joylashgan. Tepalikda olib borilgan qazishmapar natijasida undagi imoratlar ustma-ust xom g'isht va paxsadan solingani (IV-VIII asrlar mobaynida navbatlanib turganligi) ma'lum bo'ldi. Vazifasiga ko'ra, majusiylik bilan bog'liq bo'lgan, kompozitsiyasi jihatdan bir-biridan farq qiladigan binolar 3 davrga mansubligi aniqlangan. 1-davrda (IV asr) bino paxsa poydevor ustiga qurilgan 4 minorali qasrdan iborat bo'lgan. Bino kvadrati (13,5x13 kvadrat metr) ichki tomondan gumbazli uzunchoq 3 xonaga ajratilgan, burchaklardagi ovalsimon minoralarning ichki xonalari mazkur xonalar bilan tor yo'lak orqali bog'langan. Qalin devorlar (janubiy devorining qalinligi 4 metrgacha) va pillapoya qoldiqlari 2-qavat ham bo'lganligini ko'rsatadi. Istehkom qonun-qoidalariga rioya qilingan holda mudofaa vositalari (qalin devorlar, minoralar, shinaklar) bilan ta'minlangan qasr faqat oddiygina qasr bo'lib qolmay, balki otashparastlarning istehkomli bajargan.

2-davrda (V-VI asrlar) dastlabki imorat atrofiga yangi xonalar va yordamchi xo'jalik xonalari qurilgan, shinakli qo'shimcha qal'a devori bilan mustahkamlangan.

3-davr (VII-VIII asrlar)da dastlabki imorat qoldiqlari tuproq bilan to'lgizib shibbalanishi natijasida vujudga kelgan 9 metrli tagkursi ustiga solingan tepasi ochiq to'rtburchak (38x27 kvadrat metr) hovli ko'rinishidagi noyob bino bo'lib, atrofi tokchali devor bilan o'rab olingan, ichkarisi hovli sahni bo'lib, uning to'rida to'rtburchak supa-kursi joylashgan. Qazishmalar natijasida hovli sahnining qalin qatlamlaridan organik qoldiqlar, Qovunchi - II madaniyatiga (miloddan oldingi II-IV asrlar) xos belgilarga ega ko'plab sopol buyumlar, yorg'uchoqlar va boshqa materiallar, shuningdek, turkashlarning VIII asrga oid tangasi ham topilgan. Bino

tarhining o'ziga xos xususiyatlari va topilmalar majmui 3-davrdagi inshoot ibodatxona bo'lganligi va u Qovunchi madaniyati davridagi mahalliy aholiga taalluqli ekanligidan dalolat beradi.

Bino va qoldiqlar asosida tiklangan diniy marosim belgilariga asoslanib Choch aholisining arablar istilosigacha bo'lgan diniy e'tiqodlarini taxmin qilish mumkin.

Chilonzor Oqtepasidagi baland ibodatxona binosining qurilishi va belgilarini qiyoslash (tagkursi, hovli sahnidagi organik qoldiqlar qatlamlari) Chochda ajdodlar ruhiga sig'inish ayniqsa keng tarqapganidan va ibodatxona aynan shu maqsad uchun mo'ljallanganidan dalolat beradi. VII-VIII asrlar o'rtalariga oid Chilonzor Oqtepasidagi ibodatxona majmui Choch viloyati markazining gavjum bo'lgan tevarak-atrofida joylashgan bo'lib, yirik ziyoratgohlardan biri hisoblangan. Arab xalifaligi istilosidan so'ng bino bir qancha vaqt zardushtiylik udumlari bo'yicha dafn etish joyi bo'lib xizmat qilgan, so'ngra xarobaga aylangan. Bu yerda kichik qishloq shakllangan davrda (X-XI asrlar) xarobalar atrofidagi hayot tiklangan.

Ko'gaittepa (No'g'oyqo'rg'on, No'g'oytepa). Yodgorlikni dastlab 1868 yilda mashhur rus rassomi V.V.Vereshagin qayd etib, bu yerda qazish ishlarini olib borish istagi borligini bildirgan. 1896 yil Ye.T.Smirnov tomonidan ko'zdan kechirilgan. 1899 yilda esa Turkiston arxeologiya havaskorlari to'garagi a'zolari tomonidan ko'rib chiqilgan. 1913 yilda I.A.Kastane ko'zdan kechirgan. 1914 yil uncha katta bo'lmagan arxeologik qazuv o'tkazilib, bir oz tozalangan. 1916-1917 yilda V.E.Egert tomonidan bir muncha qazilib, ostadonli qabr aniqlangan. 1923 yilda M.E.Masson tomonidan tekshirilgan, tarhi va tozalangan stratigrafik qatlami chizib olingan. Yodgorlik haqida 1929 yilda A.A.Potapov eslatib o'tgan, 1934 yilda esa G.V.Grigorbev to'xtalgan. 1939 yilda uni V.D.Jukov, A.Qahhorov, A.I.Terenojkinlar maxsus o'rgangan. 1954 yilda S.B. Lunina va Z. Usmonova tomonidan qayd etilgan. 1966 yilda Yu.F. Buryakov uni o'rta asr (IX-XII asrlar) shahri Banunkent bilan qiyoslagan. 1967 va 1970-yillarda G. Dadaboyev tomonidan, 1973 yilda Toshkent arxeologik otryadi a'zolari tomonidan stratigrafik tadqiqotlar o'tkazilgan [Ю.ФБуряков, М.Р. ^осимов, О.М.Ростовцев, 54; М.И.Филанович, 460-461]. 2011 yilda D.R.Normurodov tomonidan qazish ishlari olib borilgan.

Shunday qilib, Toshkent arxeologiya obyektlarining o'rganilishi shaharning tarixini o'rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, tashahning hozirgi zamon infrastrukturasining shakllanishiga, turizmning rivojlanishiga katta ta'sir ko'rsatuvchi omillardan biri hisoblanadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Normurodov D. Toshkent vohasining qadimgi va o'rta asrlar davri moddiy madaniyati tarixi (miloddan avvalgi XIII-milodiy XIII asr boshlari)-Toshkent, «Renessans press» nashriyoti, 2023. 255-bet.

2. Буряков Ю.Ф., Дадабоев Г. Памятники античного времени в Ташкентксом оазисе. ИМКУ, 10, - Ташкент, 1973, - С. 40.

3. Буряков Ю.Ф., ^осимов М.Р., Ростовцев О.М. Тошкент областининг археологик ёдгорликлари. Ташкент, 1975, 54-бет;

4. Григорьев Г.В. Отчёт об археологические разведкой в Янгиюльском районе УзССР в 1934 г., - Ташкент, 1935, - С. 22, 43.

5. Крашенников Н.И. Археологические наблюдение на Чаш-тепе. ТашГУ им. В.И. Ленина, вып.172. - Ташкент, 1960, - С.150.

6. Филанович М.И. Работы в Ташкенте // АО 1979 г. - Москва. 1980. - С. 460-461.

7. Филанович М.И. Отчет о работе Ташкентского отряда на городище Мингурик в Ташкенте в 2008 году. Тошкент, 2009, Архив ГлавНПУ, инв. А 9913 Ф-51, - С. 4-5.

8. Филанович М.И. Отчет об археологических исследованиях в Ташкенте в 1986 году. Самарканд, 1986, Архив ГлавНПУ, инв. А 9290 Ф-51, - С. 12-17.

9. Филанович М.И. Отчёт Тошкентского отряда о работах в 1983 году. Самарканд, 1984, Архив ГлавНПУ, инв. 9358. - С. 1.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.