Научная статья на тему 'TOLIBON HOKIMIYATGA KELGANIDAN KEYIN AFG‘ON-TURK MUNOSABATLARINING RIVOJLANISH MUAMMOLARI'

TOLIBON HOKIMIYATGA KELGANIDAN KEYIN AFG‘ON-TURK MUNOSABATLARINING RIVOJLANISH MUAMMOLARI Текст научной статьи по специальности «История и археология»

CC BY
13
6
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
“Tolibon” / Afg’on qochoqlari / migratsiya to’lqini / turkiy dunyo / “yumshoq kuch” / TIKA / gumanitar inqiroz. / "Taliban" / Afghan refugees / wave of migration / Turkic world / "soft power" / TIKA / humanitarian work.

Аннотация научной статьи по истории и археологии, автор научной работы — Fayzullayev, Aziz Husan O’g’li

2021-yil 15-avgust sanasida Tolibonning hokimiyatga kelishi mintaqa uchun yangi tashqi siyosat strategiyalarini ishlab chiqishni kun tartibiga olib chiqdi. Mintaqaviy hukmronlikka davogar asosiy kuchlar qatorida Anqara va Tehron Afgʻonistondagi beqaror vaziyatdan foydalanib, Yaqin Sharq mintaqasida oʻz taʼsirini kuchaytirishga harakat qilishdi. Ushbu jarayonlar hamma kutganidek Turkiyani Afg’onistondan uzoqlashtirishga xizmat qilmadi. Aksincha Turkiya bu mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga ta’sir qiluvchi yirik kuchga aylangani ko’zga tashlandi. Ushbu maqolada Turkiyaning “Tolibon” bilan hamkorlik jarayonlari va unda uchrayotgan to’siqlar haqida hikoya qilinadi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

PROBLEMS OF THE DEVELOPMENT OF AFGHAN-TURKISH RELATIONS AFTER THE TALIBAN CAME TO POWER

On August 15, 2021, the development of new strategic strategies was put on the agenda for the Taliban to come to power. Among the main forces contending for regional dominance, they tried to create their influence in the Middle East from the situation in traditional Afghanistan. These processes did not serve to distance Turkey from Afghanistan as everyone expected. On the contrary, it was noted that Turkey has become a powerful force influencing the internal and organizational politics of this country. In three articles, there is a story about the processes of cooperation between Turkey and the Taliban and the obstacles encountered in it.

Текст научной работы на тему «TOLIBON HOKIMIYATGA KELGANIDAN KEYIN AFG‘ON-TURK MUNOSABATLARINING RIVOJLANISH MUAMMOLARI»

Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences

Research BIB / Index Copernicus

TOLIBON HOKIMIYATGA KELGANIDAN KEYIN AFG'ON-TURK MUNOSABATLARINING RIVOJLANISH MUAMMOLARI

Fayzullayev Aziz Husan o'g'li

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tayanch doktoranti E-mail: [email protected] ORCID ID: 0009-0008-1444-6376

ANNOTATSIYA

2021-yil 15-avgust sanasida Tolibonning hokimiyatga kelishi mintaqa uchun yangi tashqi siyosat strategiyalarini ishlab chiqishni kun tartibiga olib chiqdi. Mintaqaviy hukmronlikka davogar asosiy kuchlar qatorida Anqara va Tehron Afg'onistondagi beqaror vaziyatdan foydalanib, Yaqin Sharq mintaqasida o'z ta'sirini kuchaytirishga harakat qilishdi. Ushbu jarayonlar hamma kutganidek Turkiyani Afg'onistondan uzoqlashtirishga xizmat qilmadi. Aksincha Turkiya bu mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga ta'sir qiluvchiyirikkuchga aylangani ko'zga tashlandi. Ushbu maqolada Turkiyaning "Tolibon " bilan hamkorlik jarayonlari va unda uchrayotgan to 'siqlar haqida hikoya qilinadi.

Kalit so'zlar: "Tolibon", Afg'on qochoqlari, migratsiya to'lqini, turkiy dunyo, "yumshoq kuch ", TIKA, gumanitar inqiroz.

ABSTRACT

On August 15, 2021, the development of new strategic strategies was put on the agenda for the Taliban to come to power. Among the main forces contending for regional dominance, they tried to create their influence in the Middle East from the situation in traditional Afghanistan. These processes did not serve to distance Turkey from Afghanistan as everyone expected. On the contrary, it was noted that Turkey has become a powerful force influencing the internal and organizational politics of this country. In three articles, there is a story about the processes of cooperation between Turkey and the Taliban and the obstacles encountered in it.

Key words: "Taliban", Afghan refugees, wave of migration, Turkic world, "soft power", TIKA, humanitarian work.

АННОТАЦИЯ

Приход к власти талибов 15 августа 2021 года поставил на повестку дня разработку новой внешнеполитической стратегии региона. Среди основных держав, претендующих на региональное доминирование, Анкара и Тегеран попытались использовать нестабильную ситуацию в Афганистане для усиления своего влияния в ближневосточном регионе. Эти процессы не послужили дистанции Турции от Афганистана, как все ожидали. Напротив,

Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences

Research BIB / Index Copernicus

было отмечено, что Турция стала крупной державой, влияющей на внутреннюю и внешнюю политику этой страны. В данной статье рассказывается о процессах сотрудничества Турции с талибами и препятствиях, с которыми она сталкивается.

Ключевые слова: «Талибан», афганские беженцы, волна миграции, тюркский мир, «мягкая сила», ТИКА, гуманитарный кризис.

KIRISH

Kollektiv G'arb xususan Amerikaning 20 yil davomidagi sai harakatlari va ulkan sarf xarajatlariga qaramasdan 2021-yilning avgust oyida Afg'oniston hukumatining qisqa fursatda qulashi va hokimiyatning "Tolibon" tomonidan egallab olinishi dunyodagi eng muhim voqea o'laroq, jahon hamjamiyatining nigohini yana bir bor mintaqaga qaratdi. Kobulda hokimiyatni tezlik bilan egallab olinishi nafaqat Afg'onistonda, balki mintaqaviy kuchlarning geosiyosiy uyg'unlashuvida ham tub o'zgarishlarni ko'rsatdi. Ayni damda, bir tomondan, Pokistonning ta'siri sezilarli darajada oshgani, ikkinchi tomondan, Markaziy Osiyo davlatlari uchun yangi va jiddiyroq xavfsizlik tahdidining qaytadan kuchayishi haqida analitik markazlarning tahlillari paydo bo'la boshladi. Mintaqaviy hukmronlikka davogar asosiy kuchlar qatorida Anqara va Tehron Afg'onistondagi beqaror vaziyatdan foydalanib, Yaqin Sharq mintaqasida o'z ta'sirini kuchaytirishga harakat qilishdi. Ushbu jarayonlar hamma kutganidek Turkiyani Afg'onistondan uzoqlashtirishga xizmat qilmadi. Aksincha Turkiya bu mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga ta'sir qiluvchi yirik kuchga aylangani isbotlashga urinmoqda.

Toliblarning hokimiyatga kelishi Afg'onistonda jiddiy gumanitar inqiroz xavfini yuzaga keltirdi. Ushbu vaziyatda AQSh va Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiya va Xitoy uchun BMT tomonidan rasman terrorchi tashkilot deb tan olingan toliblarning yangi hukumati bilan o'zaro munosabatlar parametrlari haqida savollar tug'dira boshladi. Bu jarayonlarda kutilganidek, Turkiya prezidenti o'zining vositachilik xizmatlarini g'arbdagi hamkorlariga faol taklif qilayotganini kuzatishimiz mumkin. Tolibon va G'arb hamjamiyati o'rtasidagi muloqotni tashkil qilish masalasi dolzarb ekanligini ta'kidlagan Turkiya agar Anqara bu vazifani o'z zimmasiga olmasa, Tolibon Rossiya, Xitoy va Eron kabi "NATOga qarshi" davlatlar tomonidan nazoratga olinishi kollektiv G'arb uchun yangi muammolarga yo'l ochishi fonida rolining muhimligini ta'kidladi. Aynan shu faktorlar tufayli 2021-yildan keying Anqara Kobul munosabatlari muhimlik kasb etadi.

ASOSIY QISM:

Tolibon hokimiyatga qaytganidan so'ng ko'plab davlatlar Afg'oniston bilan diplomatik aloqalarini uzib, diplomatik vakolatxonalari, jumladan elchixonalarini

Research BIB / Index Copernicus

yopganiga qaramasdan Turkiya NATO ning yagona a'zosi sifatida urushdan vayron bo'lgan mamlakatda diplomatik ishtiroki orqali ko'p sohalarda faol rol o'ynashga urunmoqda. Bu jihatdan Turkiya Tolibon bilan ular hokimiyatga kelishidan oldinroq muloqotni yo'lga qo'ya olgani unutmaslik lozim. Buning sababi shunda ediki, Turkiya siyosatchilari AQSh tashabbusi bilan boshlangan tinchlik jarayoniga optimistik ko'z bilan qarashganiga qaramasdan o'zlarining ba'zi shubhalari mavjud bo'lgan. Turkiyalik ayrim rasmiylar Tolibonning har qanday jiddiy murosaga borishga tayyorligini shubha ostiga olgan holda, xalqaro hamjamiyat va Afg'oniston hukumati Tolibonga bosim o'tkazish uchun yetarli ta'sir kuchiga egami yoki yo'qmi, degan jiddiy xavotir bildirishgan[1;2]. Shu sabab Turkiyaning o'zi Tolibon bilan to'g'ridan to'gri muloqotni yo'lga qo'yish va bu borada Pokiston ko'magiga tayanishni maqsad qilgan. Tolibon bilan diplomatik munosabatlarga kirishar ekan Turkiya siyosiy taranglikni yumashatish maqsadida uch tomonlama Anqara, Kobul va Islomobod o'rtasida har yili o'tkaziladigan bir necha sammitlarga mezbonlik qilish bo'yicha tarixiy tajribaga ega ekanligigni ta'kidlash joiz. Bu to'g'risida dissertatsiyaning 2.2 qismida ham batafsil muhomaka qilingan edi. Uning Tolibon rahbariyati bilan bevosita aloqa o'rnatish harakati, 2010-yil boshida Anqarada ofis ochish masalasini kun tartibiga olib kelgan[2]. Ofis kutilganidek Anqarada emas Qatar poytaxti Doha shahrida 2013-yilda ochilganiga qaramasdan Turkiya Qatar bilan bu borada o'xshash qarashlarga ega ekanligidan kelib chiqib bu Turkiya uchun foydali bo'ldi deyishimiz mumkin.

Rajab Toyyib Erdo'g'on 2012-yil may oyida Bosh Vazir sifatida Afg'onistonga tashrif buyurganida quyidagicha bayonot bergan edi: "Turkiya barcha kuchlar ketganidan keyin ham Afg'onistonda qoladi va faqat afg'on birodarlarimiz va opa-singillarimiz aytganidagina chiqib ketadi"[3;23]. Ushbu gap shunchaki, ritorik emas ayni haqiqat ekanligi oradan 9 yil o'tib oydinlashdi. NATO kuchlari Afg'onistonni tark etgach Kobuldagi Hamid Karzay xalqaro aeroportida xavfsizlikni ta'minlash, mamlakatda hamon mavjud bir nechta G'arb elchixonalarini qo'riqlash kabi harbiy va diplomatik vazifalarni Turkiya bo'z bo'yniga olish istagini bildirdi. R.T.Erdo'g'an Amerika va NATO Afg'onistonni tark etgach Kobul aeroportini nazorat qilish va xavfsizligini ta'minlash bo'yicha bayonotini Bryusselda Jozef Bayden bilan ko'rishgach e'lon qilgan bo'lib, 2021 -yil 24 iyun kuni Pentagon delegatsiyasi ushbu masalani muhokama qilish uchun Turkiyaga keldi. Ba'zi bir ekspertlarning fikrlariga ko'ra Afg'onistonda Turkiyaning ushbu tashabbusidan maqsadi ham aynan Amerikaliklar bilan sovuqlashgan munosabatlarini1 tiklash orqali

1 Turkiya o'z havo hududini Rossiyaning S-400 zenit-raketa komplekslari yordamida himoya qilishga qaror qilgani sababli Anqara va Vashington o'rtasida keskinlik yuzaga kelgan edi. Qo'shma Shtatlar esa bunga javoban Turkiyani Amerikaning F-35 qiruvchi-bombardimonchilarini oladigan davlatlar qatoridan chiqarib tashlagan edi.

Research BIB / Index Copernicus

G'arb jamiyatlari oldida nufuzini oshirish bo'lgan[4]. Albatta Turkiya Afg'oniston masalasida Tolibon bilan hamkorlik qilishga urunishi va xatarli tavakkalchilik bo'lsada Kobul aeraportini himoya qilishni zimmasiga olar ekan, faqatgina Amerika bilan munosabatlarini yaxshilash bilangina cheklanib qolmasdan, o'zining ko'plab geosiyosiy ambitsiyalariga ega edi. Ammo Tolibon va Turkiya o'rtasida keskin qarama qarshilik yo'q bo'lishiga qaramasdan Toliblarning Dohadagi matbuot kotibi Suhail Shahin Turkiya harbiylari 2020-yil 29-dekabrdagi Tolibon-AQSh kelishuviga muvofiq barcha kuchlar, jumladan Turkiya ham mamlakatni tark etishi lozimligini aytdi. Suhail Shahin so'zida davom etar ekan: "Turkiya buyuk bir islom davlatidir. Afg'onistonning bu davlat bilan tarixiy aloqalari bor. Kelajakda yangi Islom davlatining barpo etilishi bilanoq ular bilan yaqin va yaxshi aloqalar o'rnatishni umid qilamiz", deya keskinlik ohangini biroz yumshatgandek bo'ldi.

Anqaraning mintaqadagi nufuzini hisobga olgan holda Amerikadan so'ng G'arb davlatlari ham Afg'oniston masalasida Turkiya bilan konsensusga kelishi zarurligini anglab yetdi deyishimiz mumkin. Bunga sabab bo'lgan omillardan biri - og'ir gumanitar falokat fonida Afg'onistondan minglab muhojirlarning Turkiya orqali Yevropa va Amerikaga yo'nalgan ulkan migratsiya to'liqinini oldini olish edi. Toliblarning hokimiyatni egallashi fonida Turkiya va G'arb davlatlari uchun dastlabki muammo kutilganidek migrantlar masalasida bo'ldi. Mamlakatni tark etish istagida bo'lgan fuqarolar soni shundoq ham progressiv dinamikada bo'lib, Yevropa Ittifoq xafsizlik instituti hisobotlariga ko'ra 2.6 million afg'onlar boshqa mamlakatlarga ko'chib ketgan[5]. 2021-yilgi Toliblar harakati esa bu istakka qo'shimcha motiv bergan holda, o'z vatanini butunlay tark etish niyatida bo'lgan afg'onlarning ulushini 2021-yilning atigi ikki oyi davomida (avgust-sentyabr) 53 foizga oshirdi. Afg'onlarning Turkiyaga migratsiyasi haqida gapiradigan bo'lsak qochqinlar oqimidan asosan yaqin qo'shnilar ta'sir ko'rsa-da, ularning muhim qismi bu hududdan tashqariga chiqishi hamda Turkiyani bir vaqtning o'zida Yevropaga tranzit va yashash uchun muqobil davlatga aylanishiga guvoh bo'lamiz. Suriya inqirozi boshlanganidan beri Anqara 3,6 million ro'yxatga olingan suriyalik qochqinlarni va 320 mingga yaqin boshqa millat vakillarini qabul qildi. Keyingi yillarda, ayniqsa 2018 yildan boshlab, Afg'oniston Turkiyaga yangi kelgan qochqinlar uchun asosiy vatanga aylandi[6; 6]. Turkiya Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligining Migratsiya bo'yicha bosh boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, Turkiya hududida birgina 2021-yil sentabr oyida 44.565 nafar ro'yxatdan o'tmagan afg'onlar aniqlangan bo'lsa, 22.606 nafar Afg'oniston fuqarosi Turkiya va boshqa mamlakatlardan siyosiy himoya so'rab murojaat qilgan[7]. Turkiya Afg'oniston bilan qardoshlik munosabatlariga urg'u bersa-da, qochqinlar va

Research BIB / Index Copernicus

muhojirlar davlatga tobora ortib borayotgan iqtisodiy yukni yuklamoqda. O'sib borayotgan keskinlik Turkiyada ichki siyosiy muammoni yuzaga keltirishini hisobga olgan holda Turkiya rahbariyati ehtimoliy qochqinlar inqirozining og'ir siyosiy oqibatlarini oldini olish uchun yanada kuchliroq chora ko'rishga qaror qilishga majbur bo'lmoqda. Massalaning ikkinchi tomoni shundaki, Afg'onistonliklarning borishi mumkin bo'lgan joy joy sifatida nafaqat Turkiya, balki Germaniya, Kanada va AQSH kabi davlatlar yetakchilik qilmoqda. Turkiya o'z navbatida migrantlar uchun Yevropaga tranpelin sifatida qaraladi. Turkiya allaqachon 500 mingdan ortiq afg'onlarni qabul qilganiga qaramay ikki oy mobaynida yana 50.000 afg'on migrantlariga boshpana bergan. Amerika qo'shinlari Afg'onistondan chiqib ketgach Yevropa davlatlariga qisqa fursatda eng ko'p Afg'onlar boshpana so'rab murojaat qilgan. Ularning soni 20.000 dan ortiq va bu raqmlar yanada kengayishi mumkin. Turkiya geosiyosiy liderlikka davogarlik qilar ekan, Yevropani migrantlar to'lqini tahdidi bilan yana bir marta qo'rqita oldi.

Shu o'rinda Qozog'istonlik siyosatshunos Erkin Tukumovning Afg'oniston qochoqlarining Markaziy Osiyo davlatlariga kelmasligining sabablari haqidagi fikrlari juda ham muhim. Unga ko'ra Markaziy Osiyo davlatlari 1951 yildagi Qochqinlar to'g'risidagi konvensiyani va 1967 yilgi Protokolni imzolaganiga qaramasdan, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXSHT) afg'on qochqinlarini qabul qilmaslik bo'yicha yagona pozitsiyani ishlab chiqqan va afg'on qochqinlarining harakatiga qarshi turish maqsadida o'z chegaralarida harbiy mashg'ulotlarni ekstensiv ravishda o'tkazib keladi{8; 43]. Mintaqaning yirik kuch markazi bo'lmish Rossiya ham ham afg'on qochqinlarini bu hudud uchun ulkan tahdid sifatida baholab keladi. Yuqoridagi fikrlarga Markaziy Osiyo hukumatlari ham qo'shilganlar. Buni Qozog'iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning KXShT talablarini qo'llab-quvvatlashini ma'lum qilganligi yoki Qirg'iziston prezidenti Sadir Japarov Afg'onistondagi vaziyatlarni hisobga olib, tashqi tahdidlarning oldini olish uchun Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida "Xavfsizlik kamarini" yaratish bo'yicha tashabbuslarini ilgari surganliklari bilan dalillash mumkin.

Kobul aeraportining boshqaruvi Turkiyaga nafaqat yangi migrantlar oqimini nazorat qilish, balki, Turkiyaga avvalroq kelgan Afg'oniston fuqarolarini o'z mamlakatlariga qayta deportatsiya qilish uchun nihoyatda zarur edi. 2022-yil aprelda Daily Sabah gazetasi 227 nafar afg'on Kobulga deportatsiya qilingani haqida xabar berdi[9]. 2022-yil may oyi o'rtalarida Edirne, Istanbul va Kojaelidan yana 377 nafar afg'on deportatsiya qilindi. 2022-yilning 27-yanvaridan Afg'onistonga parvozlar tiklanganidan beri 12899 nafar afg'onlar Afg'onistonga qaytarilgan. Samolyot orqali qochqinlarni mamlakatiga qaytarish ishonib bo'lmas voqelik bo'lsa-da, bu 2023-yilgi

Research BIB / Index Copernicus

saylovlar oldidan eletoratga hukumat qochqinlar sonini kamaytirishga harakat qilayotganini ko'rsatish uchun zarur edi.

Turkiyaning Afg'oniston bo'yicha tashqi siyosatining ustuvorligiga y ana bir muhim sabab mintaqaviy ustunlikka erishish va undan foydalanishdir. Turkiya Markaziy va Janubiy Osiyo geosiyosatidagi rolini yanada mustahkamlash uchun Afg'onistondagi mavjudligini kengaytirmoqchi. Masalaning mintaqaviy jihatiga e'tibor qaratgan ba'zi ekspertlar "Anqara Afg'onistonga ta'sir qilish orqali Markaziy Osiyoga siyosiy va iqtisodiy ekspansiyasining ko'lamini kengaytirmoqchi", deya Turkiyaning bu yerdagi ambitsiyalarini baholashmoqda. Anqara Afg'onistondagi ta'sirini uning Markaziy Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy ekspansiyasida muhim yordamchi omil deb biladi. Darhaqiqat, bu fikrga qisman qo'shilish mumkin. Agar Turkiya Tolibon bilan til topishsa Markaziy Osiyo mintaqasi uchun "xoloskor" mamlakatga aylanadi. Rossiya ta'siridan chiqishda bu hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishi mumkin.

Afg'oniston bilan Turkiyaning munosabatlarining yana bir muhim jihati savdo-iqtisodiy omillarga bog'liqligida bo'lib, bu jihatdan Afg'oniston uchun foyda keltirsa, hamkorlikning energiya va konchilik sohasidagi yo'nalishi ko'proq Turkiya uchun ahamiyatli hisoblanadi. Turkiya tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi ma'lumotlariga ko'ra, Turkiyaning Afg'oniston bilan ikki tomonlama savdo aloqalari 2000-yillarning boshida ijobiy rivojlanib bordi va 2012-yilda savdo hajmi 300 million AQSH dollarlik eng yuqori cho'qqiga chiqdi.

Afg'oniston ulkan tabiiy zaxiralarga ega mamlakat bo'lib, tabiiy boyliklarning umumiy qiymati 1 trillion dollardan ortiq. Turkiyada Afg'onistonning tabiiy resurslaridan mis va litiy xomashyosiga ulkan talab bor. Ammo Afg'oniston litiysini qazib olishning eng ko'p ulushi Xitoyga tegishli. Turkiya shu sabab neft, ko'mir va gaz qazib olish singari energetikaning boshqa sohalarida o'z kelajagini ko'rmoqda. Istiqboldagi potensial resurslar tarmog'iga tog'-kon sanoati, farmatsevtika va qurilish bilan bog'liq investitsiyalarni kiritish mumkin. Misrlik siyosiy sharhlovchi H. Gorabaning aytishicha, "Erdo'g'an Afg'onistonda tabiiy gaz suyuqliklari 1,6 milliard barrel xom neft, 16 trillion kub metr tabiiy gaz va 500 million barrel neft zaxiralariga ega bo'lgan yangi mineral va neft qidiruvlarining lokomativi bo'lmoqchi"[10]. Tolibon hokimiyatni egallashiga qaramasdan Turkiya investorli Afg'onistonda faoliyat yuritmoqda. Turkiya-Afg'oniston biznes kengashi raisi Sulaymon Ciliv "77 Inçaat" nomli shirkati orqali 2009-yilda Afg'onistonga ivestitsiya kiritib, Qandahor viloyatidagi Kajaki to'g'onini qura boshlagan bo'lsa, 2022-yil 27 iyul kuni Hilmand viloyatida xuddi shu nomdagi GESining ikkinchi bosqichini qurib bitkazdi. Umumiy hisobda loyihaga 300 million dollarga yaqin sarmoya kiritdi[11]. To'g'onning

Research BIB / Index Copernicus

ochilish marosimida Tolibon hukumati bosh vazir o'rinbosarlari Mulla Abdulg'ani Barodar va Abdulsalom Xanafiy kabi ko'plab yuqori martabali Tolibon rasmiylari ishtirok etdi. Marosimda Turkiya tomonidan Turkiyaning Kobuldagi elchisi Cihod Erginay qatnashgan va o'z nutqida 2022-yilda Afg'oniston-Turkiya savdo aloqalari 23 foizga o'sganini ma'lum qilgan. Turkiya tashqi siyosatida Afg'oniston masalasi ustuvor sifatida qolar ekan Turkiyaning 2001-2021-yillar mobaynida 1 milliard dollar to'g'ridan to'gri sarflagan xarajatlari va 10 milliarddan ortiq investitsiyalari sababli ham munosabatlarni uzmaslikdan mafaatdor.

Munosabatlar doirasida yana bir muammo shundaki Tolibonning ashaddiy muxoliflari Turkiyaning turli markaziy shaharlaridan boshpana topishgan. Ularning orasidagi eng mashhuri va "Shibirg'on qirg'ini" tashkilotchisi deb ataladigan etnik o'zbek Abdul Rashid Do'stumdir. Afg'onistonda Tolibon hukmronligi davrida (1996-2001) Do'stum Turkiyada boshpana topgan. Bu Turkiyaning afg'on tinchlik muzokaralariga mezbon sifatida betarafligiga putur yetkazadi.

Yuqoridagilarni inobatga olsak, Turkiyaning Afg'onistonda nufuzli o'yinchi sifatida namoyon bo'lish imkoniyati biroz cheklangan. Tolibon davrida ham Afg'onistonda Anqaraning ijobiy rolini davom etishda jiddiy cheklovlarga ega ekan, Turkiya bu cheklovlarning olib tashlashda Pokistondan foydalanishga urinmoqda. Tolibon harakati paydo bo'libdiki, Pokiston ular bilan yaqin aloqada bo'lgan birinchi raqamli davlatdir. Tolibon harakati yetakchilar kengashi (sho'ro) a'zolari Pokistonda, jumladan, Kvettada (Balujiston viloyati) xavfsiz hayot kechirib kelgan. Pokistonning Tolibon bilan aloqalarini Siyosatshunos Doktor Muhammad Salamiy quyidagicha ta'svirlaydi: "Tolibon Afg'onistonga o'zining yollanma odamlari va turli mahsulotlarni erkin olib kirishi, yaradorlarini davolashi uchun Pokiston kasalxonalaridan foydalanishdan tashqari, hatto chet elga chiqish uchun Pokiston pasportlaridan foydalanishi mumkin"[12].

Shu sababdan 2007-yildan boshlab Turkiya Pokiston bilan aloqalarini savdo va investitsiya, madaniyat va xavfsizlik sohalarida hamkorlik orqali kengaytirishga urunib keladi. Hozirgi kunga kelib ikki davlat 60 ga yaqin mudofaa sohasida hamkorlik shartnomasini imzolagan va Turkiya asta-sekin Pokistonning Xitoydan keyin ikkinchi yirik qurol yetkazib beruvchisiga aylandi[13]. Turkiyaning yetakchi mediya xizmati Ahval nevsning ma'lumot berishicha 2018-yil iyul oyida Pokiston dengiz floti Turkiya bilan MILGEM chaqiruviga ega to'rtta kema (Hamit) xarid qilish bo'yicha 1,5 milliard dollarlik shartnoma imzoladi. Bu Turkiya harbiy maxsulotlari eksporti tarixida eng yirik kelishuvdir. Shunday qilib, Pokiston Afg'onistonning yangi rahbariyatiga ta'sir o'tkazish uchun katta resurslarga ega.

Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences

Research BIB / Index Copernicus

Turkiya esa bugungi Afg'onistonda o'z milliy manfaatlariga erisha olishini ta'minlash uchun Pokiston bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Turkiya ham IHT, ham NATO a'zosi sifatida, ayniqsa Afg'onistonning qo'shnilari va xalqaro hamkorlari o'rtasida ishonchni mustahkamlovchi ko'prik vazifasini bajarishi mumkinligiga ishonadi. Tolibon ham Turkiyaning ushbu imkoniyatga ega ekanligigni tushunadi deb ayta olishimiz mumkin. Masalan, 2022-yil mart oyida Turkiyada bo'lib o'tgan Antaliya forumida Turkiya tashqi ishlar vaziri "Afg'onistonga yuboriladigan gumanitar yordam bu mamlakatdagi muammolarni to'liq hal qilmaydi. Dunyo hamjamiyati Afg'oniston Islom Amirligini tan olish masalasini o'ylab ko'rishi kerak"[14], deya toliblar bilan hamkorlikka ommaviy chorlashi Tolibon umidlarini oqlashga xizmat qilgan bo'lishi mumkin. Aynan shu forum mobaynida Tolibon tashqi ishlar v.b Amirxon Muttaqiy prezident Erdo'g'an bilan ham uchrashdi. Pokiston bosh vaziri Imron Xondan keyin Tolibon bilan uchrashgan ikkinchi davlat rahbari aynan Turkiya bo'ldi.

XULOSA

Yuqorida ko'rib chiqilgan mulohazalardan aytishimiz mumkinki, Afg'onistonda "Tolibon" guruhining hokimiyatga kelishi nafaqat bu mamlakatda sivilizatsiya parametrlarining o'zgarishi, balki Yaqin va O'rta Sharqdagi siyosiy va diniy landshaftdagi tub o'zgarishlarga olib keldi. Afg'onistonning to'g'ridan-to'g'ri qo'shnilaridan farqli o'laroq, Afg'oniston hukumati bilan Turkiyaning ikki tomonlama munosabatlari hududiy yoki boshqa nizolar soyasida qolmaydi.

Turkiya Afg'onistondagi yangi hukumat bilan munosabatlarning muhimligi anglagan holda Tolibon bir necha iqtisodiy, siyosiy va gumanitar sohalardan kelib chiqqan holda Turkiya bilan aloqalarini yanada mustahkamlashga intilishini prognoz qilish mumkin.

Turkiya hozirgi kunda Tolibonni gumanitar jihatdan qo'llab quvvatlayotgan yirik davlat sifatida yangi hukumat oldida ham o'z imijini mustahkamlamoqda. Qolaversa, Tolibon bilan eng ko'p uchrashgan mamlakatlar ro'yxatida Turkiyaning yetakchi ekanligi uning kelajakda Tolibon va dunyo hamjamiyati o'rtasidagi neytral vositachi sifatidagi qiyofasini mustahkamlashga sabab bo'lmoqda.

Anqara va Islomobod Afg'onistonga alohida aralashgani va Afg'oniston masalasini birgalikda muhokama qilgani bois, AQSh qo'shinlari olib chiqib ketilganidan keyin Afg'onistondagi bo'shliqni qoplashda kelajakda ham birgalikda harakat qilishadi. Bu masala ikki davlatning 60 milliard dollarlik qiymatga ega harbiy texnikaviy shartnomalari orqali ham anglashiladi.

Research BIB / Index Copernicus

ADABIYOTLAR (REFERENCES)

1. Sharan. T, Watkins. A. Mediator in the making? Turkey's role and potential in Afghanistan's peace process. Friedrich Ebert-Stiftung (FES) Afghanistan. - 2021.

2. Ayaz Gul, "Turkey to Host Trilateral Summit on Afghan Peace", Voice of America, 4 January 2019 https://www.voanews.com/a/turkey-to-host-meeting-on-afghanistan-in-the-spring/4728960.html

3. Kaya K. Turkey's Role in Afghanistan and Afghan Stabilization // Military Review, July-August 2013.

4. Даниэль Хайнрих: Зачем Эрдоган ищет дружбы с талибами? https://www.dw.com/ru/turciia-v-roli-posrednika-zachem-ierdogan-ishhet-druzhby-s-talibami/a-59055026

5. Viola Fee Dreikhausen, Florence Gaub "Taliban in or out? Afghanistan in 2025", European Union Institute for Security studies // URL: https: //www.iss.europa.eu/content/taliban-or-out.

6. The Situation of Afghan Refugees in Turkey. Frankfurt: Stiftun Pro Asyl. Expert opinion. - 2021.

7. E.g.: Ankara decided to reinforce its Iranian border with a three-metre wall to block Afghan refugees. Turkey reinforces Iran border to block Afghan refugees. The Guardian: https: //www.theguardian.com/world/2021/aug/23/turkey-reinforces-iran-border-to-block-afghan-refugees

8. Тукумов E., Абдрешев А Aктивизация миграционных процессов в Aфганистане при новой власти талибов // Kazakhstan Journal of Foreign Studies. № 1-2 (3-4). - 2022.

9. Turkey sends 227 migrants back to Afghanistan https://www.dailysabah.com/politics/diplomacy/turkey-sends-227-migrants-back-to-afghanistan

10. Hany Ghoraba, Erodgan's shady role in Afghanistan // https://centerforsecuritvpolicy.org/erodgans-shady-role-in-afghanistan/

11. Ezel §ahinkaya: Turkiye'nin Taleban Sonrasi Afganistan'la ili§kileri Artti https://www.voaturkce.com/a/turkiyenin-taleban-sonrasi-afganistanla-iliskileri-artti/6699497.html

12. Salami M. Navigating Infl uence in Afghanistan: the Cases of Qatar and Pakistan // Fikra Forum. - 2021. - October 26 https://www.washingtoninstitute.org/policy-analysis/navigating-influence-afghanistan-cases-qatar-and-pakistan

Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences

Research BIB / Index Copernicus

13. Turkey and Pakistan boost military, strategic cooperation - Analysis: https://ahvalnews.com/foreign-policy/turkey-and-pakistan-boost-military-strategic-cooperation-analysis

14. Zelin A.Y. Turkey Calls for Recognition of the Taliban's Islamic Emirate. The Washington Institute for Near East Policy, https://www.washingtoninstitute.org/policy-analysis/turkey-calls-recognitiontalibans-islamic-emirate

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.