TA'LIM MUASSASASIDA NASRIY ASARLARNI O'QITISHDA O'QITUVCHINING O'RNI
d https://doi.org/10.5281/zenodo.14262111
Nigora Sabitovna Azimova
Jahon iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti Sharq tillari kafedrasi o'qituvchisi Toshkent, O'zbekiston [email protected]
ANNOTATSIYA
Mazkur maqolada ko'p tilli ta'lim dargohlarida o'zbek badiiy asarlarini o'qitishda pedagog-o 'qituvchilarning so 'z tanlash mahorati, asarning mohiyati va tarjimalariga keng e'tibor berilishi ko'zda tutilgan. Bunda asarlarda o'zbek tilidagi so 'zlarning boshqa tillarga, xususan rus tiliga qanday o'girilishi keltirib o 'tilgan
Kalit soizlar: "Ta'lim to'g'risida"gi qonun, rusiyzabon maktablar, ko'p tilli maktablar, hikoya janri
ABSTRACT
This article stipulates that when teaching Uzbek works of art in multilingual educational centers, much attention will be paid to the ability of teacher educators to choose words, the essence of the work and translations. This work mentions the translation of Uzbek words into other languages, especially into Russian.
Keywords: Law "On Education", Russian-language schools, multilingual schools, narrative genre
KIRISH
O'zbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida"gi Qonunining [1, 25] qabul qilinishi respublikamizda yashayotgan turli millat vakillari farzandlarining o'zbek tilini yanada samaraliroq o'rganishlarini shart qilib qo'ygan bo'lsa, ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarda "Ta'lim to'g'risida"gi Qonun [2, 15] hamda "2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish harakatlar strategiyasi" qabul qilingan [3, 29] va joriy etila boshlagan hozirgi davrda kadrlarning davlat tilini puxta bilishlarini ta'minlash zaruriyati yana ham dolzarbroq masala sifatida oldingi o'ringa chiqdi. Shu sababli, barcha o'quv fanlari qatori davlat tili o'quv fani mazmunini isloh qilish, uni ma'rifiy, ma'naviy tarbiyaga monand qayta ishlab chiqish vazifalari paydo bo'ldi.
Badiiy adabiyot inson kamolotining, ma'naviy dunyosining in'ikosidir. Badiiy adabiyot insonning dunyoqarashini shakllantirishda, uning vatanparvarlik va
insonparvarlik tuyg'ularini rivojlantirishda, g'oyaviy - siyosiy, ijtimoiy - iqtisodiy jihatdan tayyorlashda, ahloqiy va estetik tomondan tarbiyalashda katta rol o'ynaydi.
Ko'p tilli maktablarda o'quvchilarga badiiyatni o'rgatish va ularni estetik tarbiyalashni yaxshilash juda muhim vazifadir. Go'zallik tuyg'usini rivojlantirish, san'atni, ona tabiat go'zalligini, boyligini to'g'ri tushunish va qadrlashni o'rgatishda ham badiiy adabiyot yordam beradi.
Yosh avlodni barkamol inson qilib kamolga yetkazishda, albatta, badiiy asarning tarbiyaviy ahamiyati katta. Shu sababli maktabda adabiyot o'qitishda o'qituvchidan yuksak mahorat va mas'uliyatli vazifa talab qilinadi. Muallim badiiy asarni bilibgina qolmay, uni o'quvchilarga qanday yetkazish mumkin, qanday usullar, shakllar va vositalardan foydalansa asar o'quvchilarda chuqur taassurot qoldiradi, darsning samaradorlikka ega bo'lishi nimalarga bog'liq ekanligini bilishi kerak. O'quvchilar qiziqish tuyg'usiga ega bo'lishlari uchun san'atni, asar mazmunini tushunishi, hikoya qilish ko'nikmasini egallashlari kerak. Buning uchun muallim maktabda adabiyotni o'qitish yo'llarini puxta egallashi, ilmiy, adabiy - nazariy bilimlardan xabardor bo'lishi talab etiladi.
Ta'lim rus tilida olib boriladigan maktab o'quvchilarining adabiy tayyorgarligi, xususan XX asr o'zbek adabiyoti yuzasidan egallangan bilimlari, ko'nikma va malakalarida jiddiy kamchiliklar mavjud. Masalan, ular badiiy timsollar milliy qadriyatlarimizga tayanib yaratilgan holatlarda adabiy taxmindan foydalana olmaslik, milliy (sharqona) ifodalarga duch kelganda ularning badiiy tasvirdagi vazifalarini bilmaslik tufayli asardan ta'sirlana olmaydilar, zavqlanmaydilar. [4, 44] Rus tilida so'zlovchi o'quvchilar o'zbek tilida badiiy asarlarni deyarli mutoala qilmaydilar, shu sababli bugungi kunda yaratilayotgan badiiy asarlardan ham, zamonaviy adabiyotning nodir durdonalaridan ham bebahradirlar, o'zbek adabiyotiga nisbatan aytganda ular tom ma'nodagi kitobxon emaslar. O'quvchilarning yozuvchi (shoir) to'g'risidagi tasavvurlari juda yuzaki, bu yuzakilik ba'zan shu darajada bo'ladiki, ular shoirni yozuvchi bilan, adibni alloma, olim, davlat arbobi, san'atkor bilan, zamonaviy yozuvchini (shoirni) mumtoz adabiyot namoyondasi bilan adashtiradilar. Adib nomini tilga olgan vaqtlarida esa faxr tuyg'usi umuman sezilmaydi. Tarjima asarlarni o'qib bo'lsa ham asar qahramonlari bilan tanish emasliklari uchun kino yoki videofilmda ko'rganlari asosida asar qahramonlarining nomlarini tilga oladilar. O'zbek tili darslarida adabiy materialni faqat oddiy o'quv matn sifatida qabul qiladiganlar ko'p.
Hikoya janrini rusiyzabon o'quvchilarga o'rgatish, hikoya mazmuni bilan chuqur tanishish mumkin. Masalan 8-sinf darsligida [4,50] Abdulla Qahhorning "O'g'ri" hikoyasini ikki soat mobaynida o'rganish ko'zda tutilgan. Ajratilgan vaqtning birinchi soatida rus bolalariga adib haqida ayrim qiziqarli, uning o'ziga xos
qiyofasini ochib beradigan ma'lumotlar berish mumkin. So'ng to'g'ridan-to'g'ri hikoyani o'qishga tutinish kerak. Matnni o'qituvchining o'zi o'qishi lozim. Birinchi soatda "O'g'ri" hikoyasining matni bilan tanishiladi. Hikoyani o'rganish bo'yicha o'qituvchi o'quvchilarga bir qancha savollar va topshiriqlar beradi. Shu tariqa birinchi soatda hikoya tahlil etilmaydi. Lug'at bilan ishlanadi.
Ikkinchi soatda esa to'g'ridan-to'g'ri asar tahliliga o'tiladi. Hikoya tahlilini uning birinchi jumlalarini o'rganishdan boshlanadi.
O'quvchilar diqqatini kampirning tong qorong'usida turishi va ho'kizdan xabar olishi sabablarini topishga qaratish kerak. Barcha o'zbek ayollari, ayniqsa, qishloqda yashaydigan hamma ayollar singari saharlab turgan kampir bolalar e'tiborini dastlab unchalik tortmasligi mumkin. Lekin yozuvchi kampirning saharkezligini shunchaki odat emas, balki zaruriyat taqozosi tufayli ko'rsatadi: u xamir qorishi kerak. Hikoya matnidan ma'lumki, kampirning dastyori yo'q. Endi o'quvchilar e'tiborini "xamir qorish" uchun turgan kampirning ne bois ho'kizdan xabar olganiga qaratish lozim. Cholu-kampirning uyida birdan-bir qimmatbaho narsa - ho'kiz! Shu bois kampir turiboq undan xabar olish uchun borgani ham tushunarli, ham ishonarli. O'quvchilar hikoyadagi birgina tovushdan iborat "O!..." gapi tashiydigan ma'noga, ifodalaydigan holatlar jamiga diqqat qilishlari lozim. Rusiyzabon bolalar kampir tushgan holatni his qilishga, uning kechinma-yu sezimlarini aytib berishga urinib ko'rsinlar. So'ng hikmatga o'xshab ketadigan: "Dehqonning uyi kuysa kuysin, ho'kizi yo'qolmasin" jumlasiga e'tibor ko'chiriladi.
Bolalar kampirning nima qilganligiga diqqat qilsinlar: ho'kizning yo'qolganinibilgan kampir nima qildi? Hamma ayollarning qurolini ishga soldi: dodladi.
Boshqacha bo'lishi mumkinmidi? O'quvchi bu haqida o'ylab ko'rsin.
O'quvchilar Qobil bobo holatini ham ichdan his etishga urunsinlar. Bunda ham eng yaqin asos badiiy matn. Tasvirga e'tibor berish kerak. Agar o'quvchi Qobil bobo holatini his etmay, shunchaki o'qib yoki eshitib ketaversa darsdan kutilgan maqsad amalga oshmagan bo'ladi. Nega chol dag'-dag' titraydi? Nega chol yalang oyoq, yalang bosh, yaktakchan? Nega Qobil boboning oyoqlari "bukilib-bukilib" ketadi? Kabi savollar bilan o'quvchiga murojaat qilishi lozim.
Endi tahlil qamroviga ellikboshini olish mumkin. Ellikboshi boshiga kulfat tushgan qariyaga, qo'shnisiga dag'dag'a bilan so'zlaydi. U bu dag'dag'alar, sansirashlar orqasidan Qobil boboning ko'nglini tinchitishni emas, undan biror narsa undirishni ko'zlaydi.
O'quvchi e'tiborini pora evaziga ellikboshi ho'kizni izlash va topish va'dasini emas, balki beto'xtov aminga xabar berish va'dasini berganligiga qaratilishi kerak. Uning anchagina pul evaziga qiladigan ishi eng keraksiz yumush va samara
bermasligi oldindan ayon bo'lgan yumushdir. Lekin u shuni ham qilmaydi. Qobil boboning o'zi Amin huzuriga boradi va ho'kizi yo'qolgani haqida xabarni yetkazadi, jabrlanganini aytish uchun amindan "beto'xtov pristavga xabar qilaman"degan va'dani olgani uchun unga pora beradi. Ayanchlisi, pristavga ham cholning o'zi xabarni yetkazadi va jabrlanganligini aytishi uchun ham katta amaldorga, ham uning tilmochiga pora beradi. Pristavning ko'rgan chorasi esa, cholga: "Aminga bor", deyishdangina iborat bo'ladi.
O'quvchilar inson qadri toptalgang, huquqi oyoq osti qilingan holatning shafqatsiz darajada realistik va mantiqiy asosni manzarasini ko'radilar va qalblari iztirobga to'ladi. Nega bu amaldorlar bu xilda yo'l tutishadi? Porasiz-ku hech ish qilishmas ekan, silla qursa pora olishgach, harakatga tushishmaydi? Yoki hech narsa qilmasdan turib, birovni talashdan to'xtashmaydi, qiynalishmaydi? Rusiyzabon o'quvchilarni shu xildagi savollar, o'ylar bezovta qilsa adabiyot ta'limning bosh maqsadi - barkamol shaxsni shakllantirish jarayoni amalga oshgan bo'ladi. O'quvchilarda o'zlariga zarar keltira olmasliklariga ko'zi yetgan oddiy, ojiz odamlarni inson qatorida ko'rmaydigan kimsalarga kuchli nafrat uyg'otadi.
O'qituvchi vaqtdan yutish, o'quvchilarni faollashtirish uchun turli tarqatma materiallar, kartochkalardan foydalanish, sinf o'quvchilarining e'tiborini o'quv tahlilini to'liq tortishi imkonini berishi ham mumkin.
Asarda rusiyzabon o'quvchilarga tushunarsiz bo'lgan so'zlar lug'ati beriladi, masalan:
Tortiq - dar, podarok Kurka tovuq - nasetka, klushka Chinchaloq - mizines Kulangir - kupkaya paroda kur Farang - fransuzkiy; yevropeyskiy
XULOSA
Xulosa qilib aytganda, agar o'qituvchi puxta tayyorgarlik ko'rsa, ikki soat davomida o'quvchilarni Abdulla Qahhorning muxlislariga aylantirib qo'yishi mumkin. Rusiyzabon maktablarda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda, mana shu yashab turgan vatanni sevish, uning qadriyatlarini o'z qadriyatlari kabi sevib, faxrlanib, o'zbek adiblarini o'z ona tilidagi adiblari qatorida ko'rishda, his etishda o'zbek adabiyotining ahamiyati nihoyatda kattadir. O'quvchilarga ayniqsa, millat vakillarini badiiy adabiyot namunalari bilan tanishtirishda adabiyot o'qituvchisidan alohida ijrochilik mahorati talab etiladi. O'quvchi asardan zavq ola bilsagina kutilgan natija amalga oshishi mumkin.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI
1. O'zbekiston Respublikasining "Davlat tili to'g'risida"gi Qonuni
2. O'zbekiston Respublikasining "Ta'lim to'g'risida"gi Qonuni // Barkamol avlod -O'zbekiston taraqqiyotining poydevori. -Toshkent: Sharq, 1997. - B. 20-29.
3. "2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish harakatlar strategiyasi"
4. Rus va qozoq maktablari hamda muassasalarida o'zbek tili va adabiyotini o'qitish masalalari (ilmiy maqolalar to'plami) T.: 2016-y