Adabiyot darsliklaridagi hikoyalarning tarbiyaviy ahamiyati ("Fonarchi ota" hikoyasi asosida)
Sherzod To'ychiyevich Normo'minov Shaxlo Abdusaidova O'zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti
Annotatsiya: Hikoya janri insonga ma'naviy ozuqa beruvchi ijod mahsulidir. Jahon va o'zbek adabiyoti nasrida hikoya janri badiiy saviyasi baland, mazmuni ixcham, real voqelik yoritilgan asar hisoblanadi. Hikoyada davr va qahramon masalasi, ijtimoiy hayot tasviri, xarakterlar talqini asarning asosiy bo'g'inini tashkil etadi. Bu janr azal-azaldan didaktik ma'no kasb etib, insonlarga o'zgalar turmushi orqali xulosa chiqarish va ularni yaxshiliklarga yetaklash, insoniy fazilatlarni shakllantirish uchun xizmat qilib kelgan. Shu boisdan, hikoya janri badiiy adabiyotda tarbiyaviylik jihati ustuvorligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqolada "Fonarchi ota" hikoyasi misolida o'quvchilarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg'usi, bag'rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta'sirlar va oqimlarga qarshi tura оladigan, hayоtga bо'lgan qat'iy ishonch va qarashlarga ega shaxs sifatida tarbiyalashda hikoyaning muhim jihatlari haqida batafsil to'xtalishga harakat qilindi.
Kalit so'zlar: hikoya, didaktik, janr, vatanparvarlik, voqea, insoniy fazilatlar, tarbiya, barkamol inson, ma'naviy ozuqa, pedagogika
The educational value of stories in literature textbooks (based on the story "Father of Lanterns")
Sherzod Toychiyevich Normuminov Shakhlo Abdusaidova Uzbekistan-Finland Pedagogical Institute
Abstract: The story genre is a product of creativity that nourishes a person spiritually. In the prose of world and Uzbek literature, the story genre is a work of high artistic level, concise, realistic. The main part of the story is the issue of time and the protagonist, the image of social life, the interpretation of the characters. This genre has always had a didactic meaning, serving people to draw conclusions through the lives of others and lead them to good, to form human qualities. Therefore, the story genre has a special significance in fiction with the predominance of the educational aspect. In this article, the story of "Fonarchi ota" teaches students the spirit of patriotism, citizenship, tolerance, respect for the law, national and universal values, the ability to
resist harmful influences and currents, a strong belief in life and an attempt was made to dwell in detail on important aspects of the story in educating as a person with views.
Keywords: story, didactic, genre, patriotism, event, human qualities, upbringing, harmonious person, spiritual nourishment, pedagogy
O'zbek adabiyotida hikoya janri bugungi kunda rivojlanishning tom ma'noda eng yuqori bosqichiga chiqqanini barcha birdek anglamoqda. Ayniqsa, so'nggi yillarda hikoya janrida ijod qilish, u orqali kundalik hayotimizning ikir-chikirlarigacha bo'lgan voqealarni ochib berish sezilarli darajada rivojlandi. Bugungi yoshlar katta hajmli roman yoki qissa o'qishdan ko'ra kichik hajmli hikoyalrni ko'proq o'qimoqda, mutolaa qilishmoqda.
Demak, farzandlarimiz, yoshlarimiz hikoya o'qishga qiziqayotgan ekan, hikoya orqali ularning tarbiyasini shakllantirishga, hikoyadan to'g'ri xulosa chiqarishga urg'u berishimiz lozim. Hikoyalrning tarbiyaviy ahamiyatini ustuvor vazifa sifatida qarashimiz zarurdek. Maktab darsliklarida berilayotgan hikoyalarga alohida e'tibor qaratish, ulardan o'quvchi tarbiyasida samarali foydalanish zarur.
Turli sinfda hikoyalarni o'rgatishda o'quvchilarning mantiqiy fikrlashini o'stirishga, mazmunga, uzviylikka alohida e'tiborni qaratish lozim.
Hikoya bu - badiiy adabiyotda kichik epik janr, hayot hodisalari ixcham ifoda etiladigan nasriy asar. Jahon adabiyotida hikoya qadim an'analarga ega. O'tmishda hikoya folklor asarlari tarkibida bayon unsuri bo'lib ishtirok etgan. Mustaqil janr sifatida faqat yozma adabiyotda shakllangan.
O'zbek adabiyotida hikoya juda qadimdan boshlangan. Ilk yozma adabiy yodgorliklar - Kultegin va To'nyuquq bitiktoshlarida bayon qilingan voqealar ishtirok etuvchilar tomonidan hikoya qilingan. Nosiriddin Rabg'uziyning "Qisasi Rabg'uziy" asarida ham axloqiy xarakterdagi hikoyaning yaxshi namunalari bor. Bobomiz Alisher Navoiy "Hayrat ul-abror" dostonining 5-maqolotidagi "Hotami Toy hikoyati", 20-maqolatidagi "Ul qul hikoyati", "Sab'ai sayyor" dostonidagi yetti musofir hikoyalari ham bu janrning ilk namunalari hisoblanadi. XVI asrda yaratilgan Poshshoxojaning "Gulzor" va "Miftoh ul-adl" asarlari o'zbek hikoyachiligining rivojlanishiga asos bo'lgan.
O'zbek adabiyotida realistik hikoya janri XX asr boshlarida shakllandi. Cho'lpon, A.Qodiriy, G'.G'ulom, A.Qahhor, Oydin A.Qahhor, S.Ahmad, O'.Hoshimov, Sh.Xolmirzayevlar bu janr taraqqiyotiga salmoqli hissa qo'shdilar. Hikoya atamasi kengroq ma'noda biror voqeani gapirib berishni ham anglatadi. So'zlab berilgan bunday voqelik o'z qamrovi, hajmi, rang-barangligi bilan qissa yoki romanga xos bo'lishi ham mumkin. Bunday hollarda bu atama janr ma'nosida tushunilmaydi. Masalan O'.Hoshimovning "Ikki eshik orasi" romani 9 personajning 49 ta hikoyasidan tashkil topgan. Sh.Xolmirzayev "Olabo'ji" asarini "romandan katta hikoya" deb
ataydi. Hozirgi o'zbek hikoyachiligi O.Muxtor, N.Aminov, S.Siyoyev, F.Musajonov, X.Sultonov, E.A'zamov, N.Eshonqulov, Sh. Bo'tayev va boshqa yozuvchilar bilan boyidi.
Hikoya inson hayotida yuz bergan ixcham voqeani lo'nda ifodalashga mo'ljallangan. Unda shu voqeaga qadar personaj hayotida nima bo'lgan, qanday ro'y bergan, kim bilan - bular to'g'risida ma'lumot berish shart emas. Juda zarur bo'lsa, ayrim detallar orqali ishora qilinishi mumkin. Masalan, A.Qahhorning "O'g'ri" hikoyasida Qobil boboning kechagi kuni haqida lom-mim deyilmaydi. Egamberdi paxta-furushdan kichkina shart evaziga ikkita ho'kiz olgan Qobil boboning ertasi to'g'risida "bu shart kuzda ma'lum bo'ladi", deb xabar beradi, xolos. G'.G'ulom esa "Mening o'g'rigina bolam" hikoyasidagi o'g'rining kechagi kunini lo'nda detallar orqali to'ldiradi. Uydan biron narsa olmay chiqib ketgan yigitning ertangi kuni haqida hech qanaqa ma'lumot bermaydi.
Ixchamlik hikoyaning muhim belgisi, lekin unda personaj hayotidan birgina lavha, uzoq davrlik voqealar, personajlarning butun umr yo'li, bir emas, bir necha odamlar taqdiri, xarakterning shakllanish jarayoni, ruhiy holatlarning almashinib turishi, muhim fazilat bo'lib qolishi mumkin. Biroq har qanday ko'rinishda ham tasvir siqiq tarzda beriladi.
Hikoya mazmuniga ko'ra lirik, psixologik, falsafiy, ilmiy-fantastik, satirik, yumoristik yo'nalishlarda bo'lishi mumkin. Shuningdek, ocherkka yaqin voqeiy hikoyalar (N.Fozilovning "Ustozlar davrasida") ham bo'ladi. O'zbek adabiyotida bir mavzu, bitta qahramon hayoti bilan bog'liq bir necha yozuvchi tomonidan yozilgan "hashar hikoyalar" ham uchraydi. [O'zbek tilining izohli lug'ati. 5 jild]
Hikoya adabiyotda eng keng tarqalgan janr bo'lib, unda real hayot tasviri ijodkor tomonidan mahorat bilan ochib beriladi. Hikoyaning o'tkir, maroqli syujeti, voqealar rivojidagi obrazlarning harakteri o'quvchilarni mushohada qilishga undaydi. Hikoyadagi so'z va iboralarning ohangdorligi, tilining ta'sirchanligi, ifodali vositalarning jonliligi o'quvchilarning pragmatik mahorati shakllanishiga xizmat qiladi. Hikoyalarning pedagogik qimmati shundan iboratki, o'quvchilar unda to'g'rilik, halollik, mehr-oqibatlilik kabi insoniy xislatlarning mohiyatini anglab boradi. Ular hayotda ham qaysidir obrazdagi qahramondek bo'lishni, u qilgan ezgu ishlarni qilishni istaydilar, bu esa o'quvchida bosh qahramon yoki oddiy bir personajlarning xatti-harakatini muhokama qilish, baholash ko'nikmasini o'stiradi.
Umumiy o'rta ta'lim maktablarining 5-sinfi uchun adabiyot darsligida berilgan Oybekning "Fanorchi ota" hikoyasi va uning tarbiyaviy jihatlari yuqorida qayd etgan fikrlarimizni isbotlaydi.
Oybekning «Fanorchi ota» hikoyasida tasvirlangan hodisalarga o'xshash voqealar har bir insonning bolaligida, yoshligida tez-tez guvoh bo'ladigan voqealar sirasiga kiradi. Bu hikoyani o'qigan kishida bolalik xotiralari ko'z o'ngida gavdalanadi.
Bilamizki, XX asr boshlarida hali uy va ko'chalarni elektr chiroqlari yoritmas, xonadonlarda shamchiroq, qorachiroqlardan foydalanishgan. Ko'chalarga fanorlar ilinar, ular elektr toki bilan emas, kerosin bilan yondirilardi. Fanorlarning moyini, shisha ko'zlarini almashtirish uchun maxsus xizmatchilar biriktirib qo'yilardi.
Oybek hikoyasining asosiy voqealari mana shunday fanorlardan biri tevaragida kechadi. Tursunqul aka degan kishining darvozasi ustiga ilingan chiroqqa shu atrofda yashaydigan bolalar dastidan tinchlik yo'q. Ayniqsa, battol Qosim cho'loq har kuni bir zararkunandalikni o'ylab topadi. Sheriklarini fanor ko'zlarini sindirishga, shu yo'l bilan keksa Fanorchi otaning g'ashiga tegishga da'vat etadi. Fanorchi ota esa «unga yangi ko'zoynak» taqib ketishdan zerikmaydi. Bolalarga cholning bu yuvoshligi, indamasligi sira yoqmasdi. Ularga qolsa, voqea yana davom etgani yaxshi, ya'ni chol bolalarni «tutib olish uchun poylasa, hatto birortamizni tutib ursa ekan», deb «orzu» qilishadi. Biroq Fanorchi ota, xuddi atay qilgandek, biror marta ularga «tish qayramaydi»... Fanorchi otaning qalbi shafqatga, mehrga, bir so'z bilan aytganda, insoniy hislarga limmo-lim to'la. Uning uzoq vaqt bolalarning bema'ni qiliqlariga chidab kelgani ham aynan shu fazilati bilan izohlanadi.
Xayriyatki, bu hislar hozirgina beboshlik qilib, keksa kishining urinishlaridan kekkayib turgan, hatto uning ustidan «piq-piq» kulayotgan bolalar ko'ngliga ham ko'chadi, ularni insof, shafqat ko'chasiga yetaklaydi. Endi battol Qosim cho'loqning gapini «cho'rt» kesib tashlaydigan, faqat fanor emas, Fanorchi ota himoyasiga ham dadil chiqa oladigan, «kim endi sindirsa, shuni tutib beramiz otamga», deya oladigan Ahmad singari mardona bolalar ham paydo bo'ladi... [Ahmedov S, Qosimov B, Qo'chqorov S, Rizayev Sh. ADABIYOT. Umumiy o'rta ta'lim maktablarining 5-sinfi uchun darslik. To'rtinchi nashr. Sharq. Toshkent-2020.]
Yuqorida qayd etilgan fikrlar umumiy o'rta ta'lim maktablarining 5-sinfi uchun adabiyot darsligida "Fanorchi ota" hikoyasi haqida mavzusida berilgan. Bunda hikoyaning maqsadi, tarbiyaviy jihatlariga umumiy to'xtalib o'tilganligini o'qishimiz mumkin.
"Fonarchi ota" hikoyasini sinchiklab, hafsala bilan tahlil qilinsa, undan yana ko'p-ko'p ma'no-mazmunlar, didaktik tamoyillar topishimiz mumkin. Jumladan, o'quvchi hikoya obrazlaridan biri battol Ahmadga o'xshamaslikka, undagi salbiy xislatlarni o'zida shakllantirmaslikka intiladi. Shu bilan birga battol so'zi salbiy bo'yoqdor ma'noga ega ekanligini bilib, qisqa qilib aytganda, battol bo'lmaslikka harakat qilishi tayin.
Bir zumlik ko'ngilhushlik qilish, turli "zararkunandalik" o'yinlari bilan shug'ullanish salbiy oqibatlari o'sha davr ruhi bilan o'quvchiga ta'sirli qilib bayon etilgan. Zero, bu tasvirni bugungi kunda ham uchratishimiz amrimahol emas. Masalan, yo'l chetlariga qo'yilgan harakat belgilarini sindirish, bekatlardagi o'rindiqlarni buzish, chiqindilar uchun qilingan qutilarni ag'darib ketish va dam olish maskanlardagi
o'tirish uchun mo'ljallangan stollarga turli "san'at asarlarini" chizish kabi holatlar yoshlarimiz tomonidan qilinayotgani sir emas. "Fanorchi ota" hikoyasi orqali o'quvchilarga buday ishlarning jamiyatga juda katta ziyon keltirayotganini uqtirish mumkin. Pedagoglarimiz bu kabi asarlar orqali bolalarga to'g'ri xulosa chiqarishga yordam berishsa, o'quvchilarning ma'naviy-madaniy tarbiyasini shakllantirishga turki berishsa Yangi O'zbekistonning taraqqiy etishiga o'z hissalarini beqiyos qo'shgan hisoblanadi. Shuningdek, o'quvchilarni hikoyani tahlil qilish jarayonida o'ziga bir nechta savollarni berishga undash lozim. Chunonchi, "Hikoya sizlarga yoqdimi? Nima uchun?", "Fanorchi ota" hikoyasida tasvirlangandek hodisa sizning hayotingizda ham bo'lganmi?, "Hikoyadagi qaysi qahramonga o'xshashni hoxlaysiz?", "Siz o'sha vaziyatda bo'lganingizda nima qilgan bo'lardingiz?", "Hikoyada siz uchun eng yoqqan obraz qaysi?" kabi savollar berib, ularning fikrini tinglash zarur. O'quvchilar bu savollarga javob berish uchun o'ylanadilar, hikoya qahramonlarining xatti-harakatini muhokama qilib, uni baholashga o'rganadilar.
Hikoyada xalq hayotini uning o'zi hikoya qiladi. Shuning uchun o'quvchilar hikoyani o'qish bilan ma'lum davrdagi xalq hayotini, o'ylari va orzu-istaklarini bilib oladilar. Hikoya o'quvchilar nutqini o'stirishda ham katta ahamiyatga ega. Hikoya matni bog'lanishli nutqni o'stirish uchun zarur material beradi. Kichik yoshdagi o'quvchilar uni juda qiziqib, obrazli ifodalarni va tasviriy vositalarini, o'ziga xos sintaktik qurilishini, gap tuzilishini saqlagan holda jonli aytib beradilar. Matn bilan ishlashda ham tanlab o'qish, savollarga javob berish, o'quvchilarning o'zlari savol tuzib, javob berishlari, so'z bilan va grafika, rasm chizish, reja tuzish, qayta hikoyalash kabi ish turlaridan foydalaniladi. O'quvchilarining nutqini rivojlantirishda hikoyalardan foydalanish o'quvchilarni mehnatsevarlik, vatanparvarlik, qahramonlik va kishilarga nisbatan hurmat-ehtirom ruhida tarbiyalaydi. Muhimi, hikoyalarning mazmunan va matn qurilishiga ko'ra oddiydan murakkabga qarab ketma-ket o'rgatilishi ta'lim va tarbiya jarayonining uzviyligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Hikoyada qatnashuvchilarning rahmdil, saxiy, adolatli hamda ularning aksi bo'lgan yovuz, baxil, ochko'z kabi timsollarga bo'linishi o'quvchilarni axloqiy jihatdan tarbiyalashga o'z ta'sirini o'tkazadi. Hikoya o'quvchilarda personajlarning xatti - harakatini muhokama qilib, baholash ko'nikmasini o'stiradi.
"Fonarch ota" hikoyasida, asosan, Ona vatanga sadoqat, o'z burchini bajarish mas'uliyati, insonparvarlik, bag'rikenglik, mehr-muhabbat, mehnatsevarlik va vijdonlilik singari tuyg'ularni shakllantirish va rivojlantirishga e'tibor qaratiladi. Pedagoglar bu hikoya ustida ishlashda, asosan, quydagi tamoyillarga amal qilsa samaradorli yuqori bo'ladi:
1. O'quvchilarni "Fanorchi ota" hikoyasini idrok etishga tayyorlash. Buning uchun eng avvalo, o'quvchilar bilan insoniylik, mardlik, mehr-oqibat, o'zaro hurmat kabi xislatlar, shuningdek, andishasizlik, buzg'unchilik, zo'ravonlik va shafqatsizlik,
milliy qadriyatlarga va ijtimoiy rnanfaatlarga bepisandlik bilan munosabatda bo'lish kabi yuzasidan suhbat olib boriladi. O'quvchilardan bu fazilat va illatlar haqida tushunchalar so'raladi va tushunchalari kengaytiriladi.
2. Hikoyani ifodali o'qish. Bunda o'qituvchi hikoyani o'zi ifodali qilib o'qib beradi. O'qituvchi hikoyani ifodali qilib o'qib berganida, hikoya mazmuni bolalar uchun tushinarli bo'lishi bilan birga, ularning qalbiga yetib borgan va tasirlangan bo'lishi lozim. O'qituvchining ifodali o'qiy olish malakasi yuqori bo'lishi lozim. Shunda o'quvchilar ham unga havas qiladilar. O'quvchilarning o'qishga bo'lgan qiziqishini uyg'otish ham o'qituvchining qo'lida ekanligini hech qachon unutmasligimiz lozim.
3. Dastlabki taassurot bo'yicha suhbat. "Fanorchi ota" hikoyasini o'qituvchi o'qib bergach, shu hikoya yuzasidan dastlabki taassurot asosida suhbat olib boradi. O'qituvchi bu suhbat davomida o'z ta'sir doirasini ozmi-ko'pmi bilib olishi mumkin. Sababi - hikoyani o'quvchilarda katta yoki kichik, chuqur yoki sayoz iz qoldirgani ko'p jihatdan o'qituvchining qanday o'qib berganiga bog'liq.
4. Hikoyani izohli o'qish. Bu safar hikoya faqatgina ifodali o'qilmay, tushunish qiyin bo'lgan so'zlar tahlil qilingan holda izohli o'qiladi. O'quvchilar uchun tushunarsiz bo'lgan so'zlar jumlalar orqali va shu so'zning sinonimi hamda antonimini aytish orqali izohlanadi. Hikoya izohli o'qib berilgach, bolalar uchun ma'no va mazmunini bilmaydigan hech qanday so'z, so'z birikmasi yoki jumla qolmasligi kerak. Masalan, battol, zararkunanda, tish qayrash, insoniy his, be'mani, kekkayib turmoq, cho'rt kesmoq, mardona singari so'zlar oddiy va sodda tarzda mazmuni bayon etilishi lozim. Bu orqali o'quvchining so'zning ma'nosini ilg'ash ko'nikmasi ortadi, lug'at boyligi oshadi.
Hikoya o'quvchini o'qish malakasini rivojlantirish bilan bir qatorda kitobni mustaqil o'qiy oladigan, uni tushunadigan, ma'lum bir mavzuga oid kitoblarni tanlay oladigan, gazeta va jurnallarni ham mustaqil mutolaa qiladigan faol kitobxon qilib tarbiyalaydi. Shu jihatdan hikoyani tahlil qilib o'qish tarbiyaning asosiy quroli sifatida xizmat qiladi, ko'p narsani bilishga havasni orttiradi.
Hikoya bolalarda personajlarning xatti-harakatini muhokama qilib, baholash ko'nikmasini o'stiradi. O'zlari yoqtirgan qahramonlarga o'xshashni xohlagan o'quvchilar albatta bu qahramonlarning yaxshi xulq-atvorlariga, mard va jasurligiga, aqlli va farosatliligiga, mehnatkash va uddanburonligiga ham ahamiyat beradilar, bu fazilartlarni o'zlarida shakllantirishga harakat qiladilar.
O'quvchilarni hikoya orqali tarbiyalshda milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimizni bosh mezonlardan biri sifatida belgilash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu o'z navbatida o'quvchining bir-biriga bo'lgan mehr-oqibatliligi va o'zaro hurmat, qadriyatlarimizni e'zozlaydigan insonlar bo'lib yetishishini ta'minlaydi. Hikoyalar yosh avlodni ana shu ruhda tarbiylaydigan baynalminal badiiy quroldir.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Ahmedov S, Qosimov B, Qo'chqorov S, Rizayev Sh. ADABIYOT. Umumiy o'rta ta'lim maktablarining 5-sinfi uchun darslik. To'rtinchi nashr. Sharq. Toshkent-2020.
2. HHOMOBa M.O. On-raga 6o.nanapHHHr MatHaBHH-ax.roKHH TapönacH. -TomKeHT: T^Y, 1999. - 38 6
3. MaB^aHOBa P. Ba.6om^. negarorHKa. - TomKeHT: YKHTyBHH, 2001. - 204 6.
4. Mnp3aeB M.^. khto6xoh^hk - MatHaBHH Tap6HAHH maKnnaffrapyBHH omhh CH^aTHga // negarorHK MaxopaT. - Eyxopo, 2020. 3-coh. - E. 127-131.
5. O'zbek tilining izohli lug'ati. 5 tomlik. 5 jild