CENTRAL ASIAN JOURNAL OF EDUCATION AND INNOVATION SJIF = 5.281
Central Asian Journal of
Education and Innovation
SURXONDARYO HUDUDIDAGI QADIMIY YASHASH UYLARI - O'TOVLAR
Qurbonov Sattor Xursandovich
Termiz Davlat Universiteti kata o'qituvchisi, dotsent v/b https://doi.org/10.5281/zenodo.10639819
ARTICLE INFO
Qabul qilindi: 01-February 2024 yil Ma'qullandi: 04- February 2023 yil Nashr qilindi: 09- February 2023 yil
KEY WORDS
O'tov, Xirga, Qapa uvuqlar, chiy eshik.
uy, Kappa,
ABSTRACT
Ma'lumki O'zbekiston tarixi bir necha ming yillik tarixga ega, buni biz hozirgacha saqlanib qolgan obektlardan ko'rishimiz ham mumkin bo'ladi. Ushbu maqolada Surxondaryo hududidagi qadimiy yashash uylari - o'tovlar haqida batafsil ma'lumotlar keltiriladi.
Surxondaryo viliyatining Boysun tumanida qadimdan chorvador xalqlar ko'proq yashaganligi uchun bu yerda o'tovlar qurilishi odatiy holga aylangan. O'tovlar "Qora uy", tojiklarda "Xirga", qo'ng'irotlarda "Qapa uy", "Kappa" kabi nomlar bilan ataladi. Yoz oylari dalaga mol boqish uchun chiqib ketadigan cho'ponlar ko'chib yurishga moslashtirilgan shunday uylar qurishadi.
Ular birorta ham temir ashyolar bilan bir-biriga bog'lanmaydi. O'tovlarning qurilishida asosan yog'ochlarni iplar bilan bir-biriga bog'lab maxsus shaklga keltiriladi. O'tovlarni qurish ham bir san'at bo'lib, har kim ham uni bajara olmaydi. Maxsus "biladigan" qariyalar boshchiligida tayyorlanadi. Boysunning Duoba, Rabot, Qo'rg'oncha, To'da, Munchoq, Darband qishloqlarida asosan shu ishlar bilan shug'ullanuvchi "o'tovlar quruvchilar" mavjud.
O'tovlar qurishda nafaqat uning kerakli anjomlariga e'tibor beriladi, balki faslga, quyosh chiqishi va botishiga ham, shamol yurishiga ham e'tibor beriladi. O'tov uylarning ichki jihozlashuvi odamlar o'tirishi, mehmon kelganda o'tiradigan joylarga bo'linadi. Bundan ko'rinib turibdiki o'tovda yashash tarzining ham o'z madaniyati bor.
O'tov yozda salqin, qishda issiq bo'lib yashash uchun qulay imkoniyatlarga ega maskan hisoblanadi. Bir joydan ikkinchi joyga ko'chib o'tishda buzib olish va qurish oson bo'lganligi uchun Boysun chorvadorlari, hamda mahalliy aholi yashash manzili sifatida qadimdan o'tovdan foydalanib kelishgan. O'tov dametri 5-6 metr bo'lib, 20-25 metr kvadrat atrofida yuzaga ega bo'ladi. Boysun o'tovlari asosan pishiq va egiluvchan tol yog'ochidan tayyorlangan bo'lib, suyak-karkas qismi to'rtga bo'linadi:
1) keraga;
2) chang'aroq;
3) uvuqlar;
4) eshik.
Keraga diametri 4 santimetr atrofida bo'lgan tol yog'ochdan bir-biriga ho'kiz terisidan qilingan tasma bilan biriktirib to'qilgan panjarasimon ko'rinishdagi yog'och karkasdan iborat
bo'ladi. Keraganing balandligi 160 santimetr, eni yig'ilganda 1 metr, yoyilganda 2,5 metr bo'ladi. Boysun o'tovlari to'rt yoki to'rt yarim keragalik bo'ladi. Boysun o'tovining tepa qismidagi gumbazsimon shakldagi yog'ochdan qilingan aylana "chang'aroq" deb ataladi. Chang'aroq doira shakliga keltirilib bukilgan eni 25 santimetr, qalinligi 4 santimetr atrofidagi tol yog'ochdan yasalgan bo'ladi.Yog'ochni olovda yoqib, qizdirib keyin bukib shakl berilgan. Chang'aroqqa diametri bo'ylab bir-birini perpendikulyar kesadigan to'rttadan sakkizta egilib gumbaz shakliga keltirilgan yog'och o'qlar biriktirilgan bo'lib ular to'rtta-to'rtta qilib bir-biriga mahkamlangan bo'ladi. Chang'aroq aylanasi bo'ylab 65-70 dona diametri 3 santimetrga yaqin teshiklar ochilgan bo'ladi.
Uvuqlar deb ataluvchi uzunligi 3,5 metr, diametri 3,0 santimetr atrofida bo'lgan bir tomoni 50 santimetr, egilgan tayoqlar uchlari esa chang'aroqdagi mos teshiklarga tiqib qo'yiladi, egilgan tomoni keragaga maxsus to'qima tasmalar bilan bog'lanadi. Uy atrofi qamishdan to'qilgan "chiy" bilan o'raladi.
Osiyodagi ko'plab mamlakatlar jumladan, qozoqlar, qirg'izlar, boshqirdlar, qoraqalpoqlar, mongollar va yana ko'plab xalqlarda ham o'tovdan foydalanishgan va hozirgi davrda ham foydalanishadi. Chang'aroq Qirg'iziston bayrog'ida ham aks ettirilgan.
O'tovning usti jundan bosilgan kigiz bilan yopiladi, unga qo'lda to'qilgan eni 20 santimetrlik oq bog'lar biriktirilgan bo'lib, ular kigizlar ustidan o'tib keragaga bog'lanadi. Keraganing tepa qismi "bog'ish" deb ataluvchi eni 60 santimetrlik chiroyli to'qilgan jun matoh bilan o'rab olinadi. Uvuqlar bir-biriga tizma bog'lar bilan bog'lab chiqiladi, uvuqlarga chiroyli gul solingan "qur" deb ataluvchi to'qima mato osib chiqiladi, uning har joylarida tupaksimon shokilalari bo'ladi.
O'tovning to'rt tomoniga uzunligi 2 metr bo'lgan o'tov qoziqlar qoqib berkitiladi. O'tovning eshigi "kelin qoshi" deb ataladigan to'qima tizma bilan bog'lab chiqiladi. Qattiq shamoldan himoyalash uchun o'tovning ustiga arqon o'tkazib yerdagi qoziqlarga bog'lab qo'yiladi va shamolda o'tov ichidan "boqqon" deb ataluvchi tirgavuch bilan chang'aroqqa tayanch qo'yiladi.
Uy ustiga yopiladigan kigiz tayyorlash uchun qo'y yungi yuvilib, taroqda taralgandan keyin maxsus gilam ustiga bir tekis yoyib chiqiladi. So'ngra gilam va yung o'rab silindr shakliga keltiriladi, o'ramaning ustidan issiq suv quyiladi, oltita yigit uchtasi bir tomon, uchtasi ikkinchi tomonda cho'kkalab o'tirib tirsaklari bilan bolish shaklidagi o'ramani bir-biriga tomon aylantirib pishitadi, jarayon bir soatcha davom etadi, shundan keyin tayyor bo'lgan kigiz ochib yoyib quritiladi va shakl berib o'tov ustiga yopiladi.
O'tovning eshigi ikkita yog'ochdan tayyorlanadi, bundan tashqari eshikni kechasi zich yopish uchun chiydan eshik kattaligiga mo'ljallab tayyorlangan usti mato bilan qoplangan "chiy eshik" o'rab eshikning tepa qismiga taxlab qo'yiladi. Kechasi yoki sovuqda chiy eshik yoyib eshikga yopib qo'yiladi. O'tovning eshigidan kirganda o'ng tomonda tuluplarda qatiq, qorinda sariyog' saqlanadi. O'tovning chap tomonida "ko'gan" deb ataluvchi jundan to'qilgan qo'zi, uloqlarni boshidan bog'lash imkonini beruvchi arqon bo'lib, kuchli yomg'irda, qorda qo'zi uloqlar ham o'tovga kiritib bog'lab qo'yiladi.
O'tovning o'rtasida o'choq kovlangan bo'lib unda sut pishirish va ovqat qilish mumkin. Chang'aroqning ustiga yopilgan kigizga arqon ulangan bo'lib uni yerdan turib ochib-yopish mumkin bo'ladi, tutun chang'aroqdagi tuynik orqali chiqib ketadi. O'tovning to'ridagi so'rida ko'rpa-to'shak
joylashgan bo'ladi. Bahorda kuchli yomg'ir bo'lganda o'tov ichiga kirib ketmasligi uchun atrofi ariq qilib kovlab qo'yiladi, yomg'ir suvi ariq orqali nisheblab ketadi. Shunday qilib Boysun o'tovining ichiga hamma narsani joylashtirish mumkin, ayni vaqtda odamlarning bemalol dam olishi uchun ham barcha sharoit mavjud bo'ladi.
Azaldan Surxon vohasida uylarni barpo qilishda vohaning tabiiy-geografik iqlimi, sharoiti, yer tuzilishi, tabiat injiqliklari, qolaversa, tabiiy ashyolarning mavjudligi inobatga olingan. Boysunning Xomkon ishlog'ida asrlar davomida takomillashib kelgan an'anaviy ko'chma uy - "qora uy" - o'tov betakror o'ziga xosligi, tol shoxlaridan yasalishi va namat - kigiz bilan yopilib alohida ko'rinish berishi bilan o'zida qadimiy xalq madaniyatini aks ettiradi. O'zining benihoya qulayligida chorvador aholiga xos ko'chmanchi hayot harakatchanligi aks etgan.
Qishloq aholisi azal-azaldan qora uylarda yashagan. Hozirgi kunda ham qo'nishlarga chiqqanda qora uylar tikib yashashadi. Qora uy yozning issiq kunlarida salqin, yomg'ir va quyoshdan saqlaydigan kigizning tabiiy xususiyati avlodlarga ham xizmat qilmoqda. O'tovning ichki qismidagi bezak va jihozlarda asrlar davomida shakllangan an'anaviy hunarmandchilikning barcha turi namoyon bo'lgan. Bu yerda bezakdor kashtalar, so'zana, chiy, to'shama namatlar - kigiz, takiyamat, aylantirib tortiladigan beldovlar - kashtali tasma betakror ko'rinish hosil qiladi.
O'g'il uylantirishdan oldin albatta o'tov qilish va kelinni o'tovga tushirib olish shart bo'lgan. Yangi oilaga qilingan uyning kigizlari oqish yoki bo'rta junlardan tayyorlangan va tashqi jihozlari ham yangi bo'lganligi uchun uni oq uy - o'tov deb atashgan. Oradan 5-6 yillar chamasi o'tgandan keyin o'tov kigizlari qoraygan, ustki jihozlari ham eskirganligi uchun u qora uy nomini olgan. Uy kigizlari qorayib, 10-15 yillar o'tgandan keyin uni almashtirishgan, biroq bu safar uyning kigizlari oq yoki bo'rta bo'lishi shart bo'lmagan. Demak, oq uy - o'tov yangi oila qurayotganlarga ularning umrida bir marta tayyorlangan. Yigitning xotini vafot etib, ikkinchi marta turmushga chiqmagan qizga uylangan taqdirda ham uyning anjomlari oq yoki bo'rta kigizlardan qilish mumkin bo'lmagan.
Surxon vohasi qo'ng'irotlari orasida "uying sinsin" yoki "uying kuysin" degan iborani ishlatish juda og'ir haqoratlash bo'lib hisoblangan. Buning ma'nosi "xotining o'lsin", "xotinsiz qolgin" deganidir. "Uyi sinibdi" deganda birovning xotini o'lganiga ishora qilinishi hozirgi kunda ham saqlanib qolgan. Qora uyni tikish va buzib olish ishlarini faqat ayollar bajarishgan.
Qora uyning suyagini yig'ib bog'lash, jihozlarini - uzuk, turliq va boshqalar yig'ib olib tenglash ishlarining hammasini ayollar bajargan. Erkaklar faqat uyning kigizlarini bilaklab pishitib berishni bajarishgan. Uy odatda janubga qaratib tikilgan. Buning sababi, birinchidan g'arb tomondan bo'ladigan izg'irinli yog'ingarchilik va sharq tomondan esadigan qirqma shamollar uyning eshigiga to'g'ri urmasligi o'ylangan. Ikkinchidan quyoshning sharqdan g'arbga botishi, ya'ni tong otgandan kun botguncha uyning ichiga yorug'lik bir xil tushib turishi hisobga olingan. Uchinchidan esa, musulmonchilikda qiblaga qaratib oyoq uzatmaslik yoki oyog'ini qiblaga qaratib uxlamaslik ham hisobga olingandir.
O'tov yozda salqin, qishda issiq bo'lib yashash uchun qulay imkoniyatlarga ega maskan hisoblanadi. Bir joydan ikkinchi joyga ko'chib o'tishda buzib olish va qurish oson bo'lganligi uchun chorvadorlar, hamda mahalliy aholi yashash manzili sifatida qadimdan o'tovdan foydalanib kelishgan.
Surxon vohasida yashovchi o'troq chorvador aholi o'z makonlarini barpo qilishda
hududning tabiiy-geografik iqlim sharoiti, an'anaviy turmush tarzi va mashg'ulotlarini inobatga olishgan. Shuningdek, asrlar davomida tajribada sinovdan o'tgan an'analarning ijobiy tomonlarini qabul qilishgan. Surxon vohasining o'troq dehqonchilik bilan shug'ullanuvchi chorvador aholisining asosiy turar joylari mavsumiy va vaqtinchalik bo'lib, ularni lochiq, kapa, chayla, chodir, yer tom, to'la, cho'pon to'la, o'tov, qora uy, oq o'tov, qizil o'tov - qora uy bo'lib, uning vujudga kelishi tarixi bir necha ming yilliklarga borib taqaladi.
Surxon vohasi aholisining o'tovlari esa o'ziga xos xususiyatlari bilan ajralib turadi. Voha aholisining qora uy o'tovlari ya'ni "yurt"lari ikki qismdan:
a) tol - sariq tol novdalaridan qilinib, bu uyning suyagi deb ataluvchi keraga, uvuq va chang'aroqdan,
b) uyning ustini yopuvchi jihozlar-to'rliq, uzuk va tuynukdan tashkil topgan.
Uyning panjara qismi keraga bo'lib, keragalar48 boshdan 74 boshgacha bo'lgan. Asosan bitta o'tovda to'rtta keraga bo'lib, har bir keraga uyning to'rtdan bir qismini egallagan hamda qanot deb nomlangan. Qanotlarning birlashgan joyini "jopsar" deb atashgan, jopsarlarga balandligi olti yarim, sakkiz yarim qarich uzunlikdagi jopsar ip - bovlar bilan qoziqlar mahkamlangan. To'rtala keraga birlashtirilib, o'tovning panjara qismini tashkil etgan, keragalardan hosil bo'lgan panjara qismi "ko'zanak" deb atalgan. Ko'zanaklarning keng, ya'ni yel ko'zanak hamda tor ko'zanak kabi turlari bo'lib, vohaning o'troq, dehqonchilik bilan shug'ullanuvchi aholisi asosan tor ko'zanakli uylar qurishgan. Vohaning yarim o'troq aholisi esa yel - keng ko'zanakli uylar qurishgan, chunki, yel ko'zanakli uylar nisbatan yengil va ixcham bo'lib, ko'chish chog'ida ulov - tuya, ot yoki eshakga ixchamgina joy bo'lgan. Har bir qanotda 12 tadan "chinoq", ya'ni "quloq" bo'lsa, o'tov 48 boshli, 16 tadan chinoq bo'lsa, 64 boshli o'tov deb atalgan. Keraga panjaralari "keraga ko'ki", ya'ni ho'kiz yoki tuya terisidan maxsus tayyorlangan tasmalar bilan bog'langan. Shuningdek, keraga ko'ki o'tovning oshiq-moshig'i sifatida ham ishlatilgan. Xo'jamulki, Shaldiroq, Obodon qishloqlarida keragalar yoyilganda 7-8 qarich balandligidagi panjaralarni tashkil etsa, Qumpaykal, Qorluq qishloqlarida esa 6 qarichni tashkil etgan.Yig'ishtirib olinganda balandligi 12-14 qarichni, eni esa 3-4 qarichni hosil qilgan.
Vohada o'tovlarning katta, kichik, baland bo'lishi, bezaklarning turli xilda chiroyli bo'lishi uy egasining iqtisodiy jihatdan baquvvatligidan kelib chiqib yasalgan, iqtisodiy baquvvat kishilarning uylari ikki ustma-ust keraga, ya'ni qo'sh, qanotli bo'lgan.Vohaning Qumpaykal, Qarluq, Jobu, Jaloyir, Oqqapchig'ay, Xo'jamulki, Shaldiroq, Obodon, To'da, Xomkon, Besherkak, Munchoq kabi qishloqlarida o'tovlarning eshigini janubga qaratib o'rnatganlar, chunki quyosh chiqqandan botgunga qadar uyning ichiga quyosh nuri - ayniqsa kuz va
qish fasllarida tushib turishi nazarda tutilgan.
Boysun chorvadorlar yurti, shuning uchun o'tloq qidirib ba'zan cho'lda, ba'zan tog'da chorva mollari uchun qulay joylarga ko'chib yurishga to'g'ri kelgan. Bir joydan ikkinchi joyga ko'chib o'tishda buzib olish va qurish oson bo'lganligi uchun mahalliy aholi yashash manzili sifatida qadimdan o'tovdan foydalanib kelishgan. O'tovlarni ikki soat ichida tikish yoki buzib olish mumkin.
Xulosa.
Xulosa qilib aytganda o'zbek xalqi moddiy madaniyatining tarkibiy qismlaridan biri uy-joy qurilishi va uning jihozlari hisoblanib, bular insonning asosiy yashash vositasi hisoblanadi.
Ma'lumki, har qanday millatning uy-joy qurilishi va uning jihozlari ularning mahalliy tabiiy shart-sharoitiga, turmush tarziga va xo'jaligining yo'nalishiga bog'liq holda rivojlanadi. Shuningdek, xalqning uy-joy qurilishi va jihozlaridan uning madaniyati, aql-zakovati, falsafiy dunyoqarashi namoyon bo'ladi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Sh.M.Mirziyoev "Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz". Toshkent. O'zbekiston. 2020 yil.
2. O'. Toshmatov "O'zbekiston nomoddiy madaniy merosi". Toshkent. G'.G'ulom. 2015 yil.
3. S. Qurbonov. "Folklor musiqa o'qitish metodikasi". Toshkent. "Ilm-ziyo-zkovat". 2022 yil.
4. O'. Toshmatov "O'zbekiston nomoddiy madaniy merosi". Toshkent. G'.G'ulom. 2015 yil.
5. Annaev T., Shaydullaev Sh. Surxondaryo tarixidan lavhalar. Toshkent, 1997 yil.