SHIFOBAXSH BULOQLAR YURTI - CHUST
Anvar Shosaidov
o'qituvchi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti ORCID: https://orcid.org/0009-0004-9738-8511 https://doi.org/10.5281/zenodo.13895574
Annotatsiya. Mazkur maqolada buyuk ipak yo'lida joylashgan Chust shahrining tarixi, madaniyati va hunarmandchiligi haqida ma'lumotlar berilgan. Bundan tashqari Chustning etnoturizmi, ziyorat turizmining bugungi holati bayon qilingan.
Kalit so'zlar: Chust, buloq, pichoqchilik, do'ppichilik, ziyorotgohlar.
Abstract. This article provides information about the history, culture and crafts of the city of Chust, located on the Great Silk Road. In addition, ethnotourism of Chust, current state of pilgrimage tourism is described.
Keywords: Chust, spring, knife making, hat making, shrines.
Аннотация. В данной статье представлена информация об истории, культуре и ремеслах города Чуста, расположенного на Великом Шелковом пути. Кроме того, описан этнотуризм Чуста, современное состояние паломнического туризма.
Ключевые слова: Чуст, родник, изготовление ножей, изготовление шляп, святыни.
Ko'pgina tarixiy manbalarning guvohlik berishicha Chust shahri qadimdan ham xalq tilida Tus, Tuz va keyinchalik Chust deb atalib kelgan bo'lib, Chust atamasi - tez, o'tkir, tekis, ravon, silliq ma'nolarini anglatadi. Chust shahri Olmos-Varzik tog' oldi tekisliklarida Rezaksoy va G'ovasoy oralig'ida, Chustsoy atrofida dengiz sathidan 1200 metr balandlikda viloyat markazi Namangandan 40 km uzoqda joylashgan. Chustdan qadimda Buyuk Ipak yo'li o'tgan bo'lib vodiyning eng katta bozorlaridan biri joylashgan, o'sha davrdagi karvonsaroy, o'rda va tosh qo'rg'onlar shular jumlasidandir. Hozirgi kunda Toshkent - O'sh katta avtotrassasi o'tadigan Chust tumanining markazi va atrofidagi qishloqlarda turli davrlar (Antik davr, Bronza davri, O'rta asrlar)ga oid yana ham yangi ma'lumotlar olish mumkin bo'lgan arxegologik ob'ektlar va me'moriy yodgorliklar borligidir. Buyuk Ipak yo'li o'tgan, hunarmandchiligi rivojlangan, dunyo tan olgan salkam to'rt ming yillik tarixga ega Chust pichog'i va ikki ming yildan uzoq tarixga ega Chust do'ppisi, tikuvchilik, to'quvchilik, teri pishirish (ko'nchilik), kosiblik, degrezlik va boshqa-boshqa qadimiy hunarmandchilik turlari mavjud bo'lgan bu shaharning savdo-sotiq va tijorat bo'yicha ham o'zining alohida o'rni bor. Qadimdan saqlanib qolgan turli hunarmandlar mahallalari Bofanda (to'quvchi), Do'zanda (tikuvchi), Charmgaron (teri pishiruvchi), Degrezi (qozon quyuvchilar) va Sabzazor (sabzavotlar yetishtiruvchi) kabi mahallalar va ko'chalar nomi shular jumlasidandir.
Chust shahriga kelgan har bir mehmon yoki ziyoratchi, hatto ish yuzasidan kelgan har qanday inson albatta birinchi bo'lib Mavlono Lutfulloh nomidagi Madaniyat va istirohat bog'iga kirishi, Mavlono Lutfulloh hazratlarini qabrlarini ziyorat qilishi va albatta Chustning mashhur oshidan yemasdan ketishi mumkin emas. O'zbek xalqining eng sevimli taomlaridan biri oshning pishirilishining har joyda o'z usuli bo'ladi. Lekin Chustga kelib bir marta osh yeb ketgan odam yana qachon borib shu oshdan yesam ekan, degan orzu umid bilan yashaydi. Madaniyat va istirohat bog'i o'zining shifobaxsh buloqlari salqinligi, so'limligi, mart oyidan oktabr oyigacha ziyoratchi va turistlarning ko'pligidan choyxonalaridagi so'rilari doim to'laligi bilan mashhurdir. Bog'da yigirmaga yaqin choyxonalar bo'lib har birida kamida o'nta, ba'zilarida yigirmatagacha qozon o'rnatilgan bo'lib, bir kunda har bir qozonda kamida uch-to'rt martadan osh damlanadi. Har bir
oshga o'rtacha bir kilo guruch damlanishini hisobga olsangiz, bir kunda eng kami bir yarim tonna va hatto ikki tonnagacha guruch damlanishi mumkin. Mavlono Lutfulloh nomidagi Madaniyat va istirohat bog'ida joylashgan buloqlar suvi bilan pishirilgan osh mazzasini dunyoning boshqa joylarida tayyorlanadigan oshlar bilan solishtirib bo'lmaydi. Ikkinchi jahon urushidan keyin Chustning bog'idagi choyxonalardagi so'rilarda Farg'ona, Qo'qon, Marg'ilon, Andijon, kabi shaharlardan mehmonlar yig'ilib turli she'rxonlik, "askiya sayllari" o'tkazilar edi. Bundan tashqari Qushlar bayrami , Hunarmandlar bayrami va shunga o'xshash turli tadbirlar tashkil etilar edi. Barcha sayllarda mashhur askiyachilar, shoirlar Chustiy va Charhiylar ham qatnashib tadbirlarga alohida joziba bag'ishlar edilar. Hozirgi kunlarda ham har yili o'ndan ortiq turli tadbirlar va festivallar asosan yoz oylarida o'tkazilishi bois, bu tadbirlarda ham aynan osh musobaqalari o'tkazilib, faxriy otaxonlar va martabali mehmonlar tomonidan g'oliblar aniqlanadi va taqdirlanib boradi va pishirilgan oshlar mehmonlarga tarqatiladi. Chustni bir so'z bilan aytganda aziz avliyolar duosi tekgan "Bayramlar yurti" deyilsa albatta mubolag'a bo'lmaydi.
Rivoyatlarga ko'ra, muqaddas suv manbasini kashf etgan bog'da avliyo Mavlono Lutfulloh dafn etilgan. Bog'ga tashrif buyurgan har bir kishi bu suvni ichib ko'rishi kerak. Bog' 150 yoshdan oshgan chinorlari bilan ham mashhur.
Chust o'zining tarixiy qadamjolari va shifobaxsh buloqlari bilan ham mashhur. Shunday mashhur qadamjolardan, Bibiona qabri va Xoja Abduraxmon ibn Avf ziyoratgohlarini misol keltirishimiz mumkin.
Xoja Abduraxmon ibn Avf payg'ambarimiz zamondoshlari bo'lib u kishini Payg'ambarimiz tarbiyalab voyaga yetkazgan ekanlar. «Safedbulon qissasi»da keltirilgan rivoyatlarda aytilishicha IX asrning boshlarida payg'ambarimiz (Muhammad Sallallohu alayhi Vasallam)ning nabiralari Shoh Jarir (Muhammad Jarir) boshchiliklarida sahobai tobe'inlar bilan Farg'ona vodiysiga kelishadi Safed Bulonga kelishib masjidda juma namozi o'qishayotgan paytda mo'g'ullar ularga qarshi hujum uyushtirib masjidga bostirib kelib bir boshdan qira boshlashadi. Bu yerda 2700 sahobai tobe'inlar shahid bo'lishadi. Qirg'inda yaralangan bo'lishiga qarmay omon qolgan va qochib jon saqlagan sahobai tobeinlarning biri Xoja Abduraxmon ibn Avf bo'lganlar.U kishi bu yerda vafotlarigacha yashab ilm va ma'rifat tarqatadilar. U kishining qabrlari, xujralari va chillaxonalari yoniga qurilgan masjid binosi qurilganligiga ikki yuz yildan oshganini taxmin qilinishi,
ikki metrdan keng devor bu majmuaning ixlosmandlar tomonidan bir necha yuz marotaba ta'mirlab kelinayotganidan dalolat beradi.
Qosimshayx Mavlono Lutfullohning bilim va zakovatlari hamda haqiqiy Pir ekanliklarini tan olib bir soy nariga, ya'ni Rezaksoy ortiga Baymoq qishlog'iga ko'chib o'tadilar va shu qishloqda yashab faoliyatlarini davom ettiradilar. Oradan bir necha yillar o'tib Chust shahrida yashovchi yagona singillari Bibiona betob bo'lib qoladilar, Qosimshayx farzandsiz bo'lgan singillarini parvarish qilish maqsadida o'z qishloqlari Baymoqqa olib ketadilar va Bibiona Baymoq qishlog'ida vafot etib shu qishloqda dafn qilinadilar. Baymoq qishlog'iga kiraverishda o'ng tarafda joylashgan joyni qishloq o'z shevasida "Bibicha mozor" deb ixlos qilishadi, qizig'i shundaki dafn etilganlaridan so'ng Bibiona qabrlarining oyoq taraflaridan buloq qaynab chiqqan va bosh tomonlaridan tut o'sib chiqqan. Hozirgi kunda Chust
shahridagi Bibiona ziyoratgohining u kishi nomi bilan bog'lanib qolganligi sababli Bibionaning hoklaridan olib kelib ziyoratgohga ramziy maqbara barpo etildi , lekin haqiqiy qabrlariga alohida e'tibor lozim. Bibiona ziyoratgohi bugun mahalliy va xorijiy sayyohlarning sevimli maskanlaridan biriga aylangan desak mubolag'a bo'lmaydi, bunga sabab bu yerda 3 ta buloq qaynab chiqadi. Buloqlarning har biri o'ziga xosdir biri Qur'on tilovat qilinishi bilan suv qaynab chiqishi tezlashsa yana biridan chiqayotgan suvdan har-xil yara va terida paydo bo'lgan kasalliklar yuvilsa shifo topar ekan.
Bugungi kunda Chust bozori atrofida qadimiy hunarmandchilik namunalaridan temirchilik, misgarlik, pichoqchilik, do'ppichilik, arqonchilik va boshqa har-xil hunarmandchilik do'konlari faoliyat yuritib kelayotganini guvohi bo'lasiz. Ayniqsa hunarmnadchilik turlari ichida pichoqchilik va do'ppichilik turlari Chustni butun dunyoga mashhur qilgan. Pichoqning ishlovi, bezagi, sifati va qo'llanishiga qarab 100dan ortiq turlari va xillari mavjud. Bugungi kunda albatta yanada rivojlantirilishi lozim bo'lgan millatimiz faxri pichoqchilik hunari yoki san'ati Chust va Shahrixonda saqlanib qolgan bo'lib bu sohani yanada rivojlantirish lozimdir. Biz guruhimiz bilan birgalikda pichoqchilik an'analarini davom ettirib kelayotgan usta Karimov Hayrullo akaning pichoq ishlab chiqarish ustaxonasiga tashrif buyurdik va dunyoga chust brendi bilan mashhur bo'lgan chust pichoqlarining tayyorlanishiga guvoh bo'ldik. Usta Hayrullo akaning ma'lumot berishicha hattoki temirni ham kesa oladigan pichoqlar aynan Chustda yasalagan ekan. Bugungi kunga kelib pichoq yasaydigan ustalar kamayib borayotganligini uni saqlab qolish uchun faoliyati to'xtatilgan korxonani qayta tiklash taklifini bildirdilar.
Bugungi kunda do'ppichilik kasb emas har bir Chustlik ayol bilishi lozim bo'lgan va o'z qo'li bilan tikib o'zining turmush o'rtog'i, otasi, aka va ukalariga kiygizib qo'ya olishi kerak bo'lgan mas'uliyat, ham katta san'at asari bo'lib hisoblanadi. Shuning uchun Chustda do'ppi tikilmaydigan xonadon yo'q deyilsa mubolag'a bo'lmaydi. Chust do'ppisining tarqalishida har bir joyning talabiga moslashtirilgan do'ppi nusxalari bo'lib, Tojiknusxa, Andijonnusxa, Namangannusxa, O'risnusxa (Rossiyadan kelin bo'lib kelgan Valya opa ismli ayol yaratgan), Ziranusxa va boshqa nomlar bilan nomlangan nusxalaridan tashqari besh-olti xil kuyov do'ppilar, bolalar uchun ham o'ndan ortiq nusxalari bo'lib, har bir do'ppi gullarining alohida mazmuni bo'lib bu haqiqiy san'at asari sifatida kundan kunga rivojlanib borayotganining bir misolidir.
Xulosa o'rnida Chust tumanida turislarni jalb qila oladigan obyektlar mavjudligini hisobga olgan holda ba'zi takliflarni bildirish maqsadga muvofiq deb bilaman.
1. Sayyohlarga sifatli xizmat ko'rsatish uchun, mehmonxonalarni va uy mehmonxonalarini ko'paytirish,turizm sohasi vakillarining malakasini oshirish.
2. Chustning brendiga aylangan pichoqchilik va do'ppichilik sohalarini rivojlantirish uchun,ish faoliyatini to'xtatgan pichoqchilik zavodini faoliyatini qayta tiklash.
REFERENCES
1. Chust azizlar yurti. Chustiy nashriyoti 2022.104 bet.
2. Анарбаев А.А., Максудов Ф.А. Древний Маргилан. - Ташкент: Фан. 2007
3. Vohidov Sh. Qo'qon xonligida tarixnavislik. - Toshkent: Akadem nashr, 2010
4. Azamat Ziyo. O'zbek davlatchiligi tarixi. - Toshkent: Sharq, 2000.
5. Chust Skullcaps on Society.uz
6. Exhibition of Uzbek Skullcaps on Uza.uz