DOI 10.46566/2225-1545_2022_100_145 Y^K:911.3:30(575.1)
Maxmudov B.X.
O'zbekiston Milliy universiteti tayanch doktoranti O'zbekiston, Toshkent shahri
SHAHARNI GEOKRIMINOGEN ZONALARGA AJRATISHNI AYRIM JIHATLARI (QO'QON SHAHRI MISOLIDA)
Annotatsiya: Ushbu maqola jinoyatchilik geografiyasining tarkibiy qismi bo'lgan geokrimingen vaziyati og'ir hududlar va ularni tasniflash usul, mezonlarini o'z ichiga oladi. Tadqiqot obyekt sifatida Qo'qon shahri olingan. Sababi bu hudud keyingi vaqtlarda o'g'irlik, firibgarlik, giyohvand moddalar bilan bog'liq jinoyatchilikda viloyatda yetakchi hisoblanadi. Tadqiqot davomida shaharda mavjud 65 ta MFYlarning jinoyatchiligi tahlil qilindi va tegishli kuzatishlar olib borildi. Aholi, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy obyektlar joylashuvining jinoyatchilikka ta 'siri o 'rganildi.
Kalit so'zlar: geokriminogen vaziyat, geokriminogen anomal, oraliq va barqaror hududlar, xavfsiz hudud.
Makhmudov B.Kh. foundation doctoral student National University of Uzbekistan Uzbekistan, Tashkent city
SOME ASPECTS OF THE DIVISION OF THE CITY INTO GEOCRIMINOGENIC ZONES (IN THE EXAMPLE OF KOKAND CITY)
Abstract: This article covers the areas of geocrimingen, which are an integral part of the geography of crime, and the methods and criteria for their classification. The city of Kokand is the object of research. This is because the region has recently become a leader in the region in theft, fraud and drug-related crimes. During the study, the crime of 65 MFYs in the city was analyzed and relevant observations were made. The impact of the location of population, social, economic and cultural facilities on crime was studied.
Keywords: geocriminogenic situation, geocriminogenic anomaly, intermediate and stable zones, safe zone.
Kirish. Bugungi kunda jahon davlatlari jumladan, mamlakatimiz oldida turgan muhim vazifalar qatorida milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik muhitini ta'minlash, aholining munosib hayot kechirishi uchun zarur
shart-sharoitlar yaratish kabi vazifalar asosiysi hisoblanadi [1]. Inson hayot kechirishi, jamiyatni faol a'zosi sifatida faoliyat olib borishi uchun unga bir necha muhim ehtiyojlar zarur. Mana shunday zaruriy ehtiyojlar qatoriga insonga tashqi va ichki xavflardan himoya bo'lish bir so'z bilan aytganda, xavfsizlikka muhtoj. Chunki inson o'zini yashash muhitini xavfsiz deb his qila olsagina boshqa faoliyatlar: ishlash, o'qish, ko'ngil ochish, xarid qilish kabilarni samarali tashkil eta oladi. Boshqa tomondan, xavfsizlikka tahdid soladigan jinoyatchilik to'g'ridan-to'g'ri o'sha hudud va unga ta'sir etuvchi omillar bilan bog'liqligi ma'lum. Ko'pgina olimlar tomonidan jinoyatlikka qarshi kurashishda tizimli va kompleks yondashilsa, yaxshi samara berishi isbotlangan. Bu esa ushbu ijtimoiy xavfli qilmishga qarshi kurashishda turli soha vakillarini o'zaro va hamjihatlikda ishlar olib borishini talab etadi. Kriminologiya va sotsial geografiyaning o'zaro aloqalari natijasida vujudaga kelgan yangi ilmiy yo'nalish jinoyatchilik geografiyasi ham o'z hissasini qo'shmoqda. Jumladan, jinoyatning turli hududlarda sodir etilishi, jinoyatchilikka ta'sir etuvchi shart—sharoitlar va omillarni ushbu soha ham o'rganmoqda. Hududlarda sodir etilgan jinoyatlar va mavjud ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni orasidagi bog'likni o'rganish dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Mavzuga oid adabiyotlar tahlili (Literature review). Shaharlarni geokriminogen hududlarga ajratish masalalari bilan jahonda E.Burges, K.Shou va G.Makkay [2], A.Badov [3], E.Aksoy [4], A.Gabiani, R.Gachechilidze, M.Didebuladze [6], K.Rostov [7] asarlarida uchratish mumkin. Masalan, amerikalik olimlar E.Burges, K.Shou va G.Makkay tomonidan XX asrning 20-30 yillarida Chikago shahrida amalga oshirgan tadqiqotlarida 5ta konsentrik zonaga bo'ladi [2]: biznes markazi, sanoat rayoni, sanoat rayoni bilan ishchilar rayoni orasidagi oraliq hudud, ishchilar rayoni, asosiy turar-joy hududi. Tadqiqotlar natijasida biznes va sanoat rayoni hamda sanoat rayoni bilan ishchilar rayoni orasidagi oraliq hudud eng kriminogen vaziyati og'ir hudud ekanligi aniqlanadi. Rossiyalik geograf olim, professor A.Badov esa shahar hududini jinoyatchilik nuqtai nazaridan "geokriminogen anomal", "oraliq", "barqaror" hududlarga [3], turkiyalik olim E.Aksoy o'g'rilik jinoyati misolida "Jinoyatchilikni keltirib chiqaradigan", "Jinoyatchilarni o'ziga jalb qiladigan", "Jinoyatchilikning shakllanishini kamaytiradigan" hududlarga ajratgan [4].
Tadqiqot metodologiyasi (Research Methodology). Jinoyatchilik geografiyasida hududning ijtimoiy-iqtisodiy holati jinoyatchilikka ta'sirini o'rganish zarur. Olib borilgan tadqiqotlarda shahar hududi boshqalarga qaraganda geokriminogen vaziyati og'irligi isbotlangan. Ushbu yondashuvga asoslanib, Qo'qon shahar hududi A.Badov ishlab chiqqan usul yordamida geokriminogen hududlarga (geokriminogen anomal, oraliq, barqaror) ajratildi. Bunda geokriminogen anomal hudud - bu hududning umumiy fonida jinoyatchilik darajasi yuqori bo'lgan hudud, bir so'z bilan aytganda "jinoyatchilik o'chog'i" Oraliq hudud esa jinoyatchilik darajasi o'rtacha va o'zgaruvchan bo'lgan hudud bo'lib, ko'proq geokriminogen anomal hamda barqaror zona oralig'iga to'g'ri keladi. Barqaror hudud- bu jinoyatchilik darajasi past, nisbatan barqaror (stabil) bo'lgan hududni anglatadi.
Ushbu hududlarga ajratishda ikkita asosiy ko'rsatkich hisobga olindi:
1) jinoyatchilik darajasi (har 1000 aholiga to'g'ri keladigan jinoyatlar soni) va hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga ta'siri;
2) hududda yetakchi jinoyatchilik turi.
Birinchisida (jinoyatchilik darajasi bo'yicha) geokriminogen hududlar yuqori, o'rtacha va past ajratiladi. Ikkinchisida hududni jinoyatchilikning asosiy turlari bo'yicha nomlashni o'z ichiga oladi, masalan, agar hududda giyohvand moddalar savdosi ustunlik qilsa, uni giyohvand moddalar bilan bog'liq jinoyatchilik ustun hudud deb atash mumkin. Agar hududda jinoyatchilar iqtisodiy faoliyatda faol ishtirok etsa - buni iqtisodiy jinoyatchilik faol hudud deb ta'riflanadi. Shunday qilib, geokriminogen vaziyati bo'yicha hududlarga ajratishning muhim tomonlardan biri - jinoyatchilikning ta'sir doiralari va o'ziga xosliklarini aniqlashdir. Ushbu hududlarni chuqurroq o'rganish, jinoyatchilikni tadrijiy rivojlanishi istiqbollarini bashorat qilish va shunga muvofiq jinoiy jarayonlarni tartibga solish- jinoyatlarni oldini olishga yordam beradi.
Har bir geokriminogen hudud quyidagi asosiy xususiyatlarga ega bo'lishi
kerak:
S jinoyatchilik darajasi va uning dinamikasidagi farqlar;
S jinoyatchilik turlarining tarkibi (jinoyatlarning ayrim turlarining umumiy jinoyatlar tarkibidagi ulushi), hukm surayotgan jinoyatchilik turlari;
S iqtisodiyotning tarmoqlarining jinoyatchilikni jalb qilishi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohani jinoyatchilik bilan qamrab olish holati;
S jinoyatchilikning hududiy differensiyasi (hududlar doirasidagi jinoyatchilik darajasidagi farqlar, jinoyatchilik darajasining tashkilotlarning korxonalarini ko'chirish va joylashtirish tizimiga bog'liqligi);
Ma'lum bir hududdagi jinoyatchilikni o'rganish, sabablarini tahlil qilish deyarli har qanday turdagi jinoyatchilikka qarshi kurashishda yordam beradi. Ushbu tadqiqotning maqsadi jinoyatchilik va hududning o'zaro bog'liqligini tahlil qilgan holda jinoyatchilikning taqsimlanishi, tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy omillarni o'zaro tahlil qilish hamda taqqoslashdir. Tadqiqot uchun ma'lumotlar Farg'ona viloyati va Qo'qon shahar prokuraturasining statistik ma'lumotlari hamda yillik hisobotlaridan olindi. Ushbu ma'lumotlar va usuldan foydalanib, Qo'qon shahrida mavjud 65 MFY geokriminogen anomal, oraliq, barqaror hududlarga ajratildi hamda xaritasi yaratildi.
Tahlil va natijalar (Analysis and results). Mavjud statistik ma'lumotlarga ko'ra, respublikamizda 2021-yil davomida sodir etilgan jinoyatlar soni bo'yicha Toshkent shahri (25 543ta, 23%), Farg'ona (19 903ta, 18%) va Toshkent (11 957ta, 11%) viloyatlari "birinchi uchlik"ni tashkil qilgan. Bu borada Farg'ona viloyati kriminogen vaziyati o'ziga xos, u jinoyatchilik holati og'ir hududlar sirasiga kiradi. Ayniqsa, viloyatning Farg'ona va Qo'qon kabi yirik shaharlarida jinoyatchilikning barcha turlari keng tarqalgan hamda yuqori ko'rsatkichga ega. Hatto, ularning ba'zilari bo'yicha respublikada yetakchi hisoblanadi. 2021-yil davomida viloyatda sodir etilgan jinoyatlarning har beshtadan ikkitasi (40%) bu
shaharlarga to'g'ri keldi. Ushbu hududlarda jinoyat sodir etishning ko'pligiga quyidagi omillar ta'sir ko'rsatganini e'tirof etish joiz [5]:
> Aholining zich joylashuvi va migratsiya jarayonlarining intensivligi;
> Sanoat ishlab chiqarishining rivojlanganligi va urbanizatsiya jarayonining nisbatan yuqoriligi;
> Aholi milliy tarkibining ko'pligi va turlichaligi;
> Aholi orasida ichkilikbozlik va giyohvandlikka ruju qo'yilganligi;
> Miliy urf-odat aholi e'tiqodining susayib ketganligi, turli dunyoqarashga ega aholini to'planganligi;
> Bozor, park, tungi klub, yirik savdo markazlarining shu hududlarda to'planganligi hamda jinoyat sodir etishga qulay sharoit borligi;
> Yuqori darajada tranzit holati, transport tizimi to'rining zich joylashuvi.
Ma'lumki, tarixan aholisi zich, tez rivojlanayotgan shaharlar hududidan
foydalanish ko'rsatkichi yuqori bo'ladi [8]. Bu esa shaharni jinoyatchilik darajasiga ham ta'sir etmay qolmaydi. Ushbu faktga asoslanib, tadqiqotda, shahar hududi va jinoyatchilik ijtimoiy-geografîk xususiyatlarini aniqlashga harakat qildik.
Mavjud ma'lumotlarga ko'ra shaharda eng ko'p uchraydigan jinoyatchilik turi firibgarlik, o'g'irlik, giyohvand moddalarni tayyorlash, saqlash, olib yurish, sotish ekanligini ko'rsatmoqda (1-jadval).
1-jadval
Qo'qon shahrida jinoyatchilik turlari (2021)__
№ Jinoyatchilik turlari Qo'qon shahar Farg'ona viloyati %
2 Qasddan odam o'ldirish va suiqasd qilish 7 40 18
3 Badanga qasddan og'ir jarohat yetkazish 49 210 23
4 Nomusga tegish va suiqasd qilish 5 39 13
5 Talonchilik va bosqinchilik 63 202 31
6 Tovlamachilik 9 29 31
7 O'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-taroj qilish 21 325 6
8 Firibgarlik 725 5320 14
9 O'g'irlik 1033 5041 20
10 Narkotikni sotish, tayyorlash, saqlash, olib yurish 134 644 21
11 Bezorilik 21 237 9
12 Poraxo'rlik, mansab vakolatini suiste'mol qilish 29 273 11
13 Iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar 39 249 16
14 Transport vositalari harakati 116 1469 8
15 Boshqa turdagi jinoyatlar 742 5825 13
Jami: 2993 19903 15
Manba: Jadval muallif tomonidan Farg'ona viloyati IIB ma'lumotlari asosida tuzilgan.
Shaharni geokriminogen zonalarga ajratishda hududdagi jinoyatchilik darajasi, ayrim jinoyatchilik turlarining umumiy jinoyatlar tarkibidagi yuqori ulushi, iqtisodiyot va ijtimoiy soha tarmoqlarining jinoyatchilik bilan qamrab olish holati, zonalar doirasidagi jinoyatchilik darajasidagi farqlar kabi xususiyatlari hisobga olindi.
Geokriminogen anomal hududlar. Tadqiqot davomida Qo'qon shaharida jinoyatchilik darajasi, turlari yuqori bo'lgan 3 ta anomal (qizil) hudud aniqlandi
(1-rasm).
1-rasm. Qo'qon shahar geokriminogen hududlar xaritasi
Izoh: kartaning mualliflik nusxasi 1: 20 000 masshtabda tuzilgan bo'lib, u kichraytirishda o 'zgartirilgan.
Bulardan birinchisi (A1) Abu Toyib Ho'qandiy va Abu Charxiy mavzesi, Movaunnahr, Istiqlol ko'chasi oralig'idagi mahallalar hamda sanoat hududini o'z ichiga olgan. Bu hududlar bir qator ijtimoiy-geogafik xususiyatlarga ikki hududga ega: birinchisi Abu Toyib Ho'qandiy va Abu Charxiy mavzesida ko'p qavatli binolar qad rostlagan, aholi zichligi yuqori hamda ko'p millatli. Qo'qon shaharga ko'chib keluvchi aholini o'ziga jalb etadi. Ushbu hududda asosiy jinoyatchilik turlari qasddan odam o'ldirish va suiqasd qilish, badanga qasddan og'ir jarohat yetkazish, talonchilik va bosqinchilik, narkotikni sotish, tayyorlash, saqlash, olib yurish, bezorilik, fohishalik kabi jinoyatlar salmog'i yuqori. Ikkinchi hudud Movaunnahr, Istiqlol ko'chasi oralig'idagi sanoat hududi esa shaharning eng yirik korxonalarini o'zida jamlagan va atrofidagi aholi turar joylari bilan uyg'unlashib ketgan. Ushbu zona eski sanoatlashgan hudud bo'lib, bo'sh va qarovsiz joylar ko'p, o'g'irlik holatlari tez-tez qayd etiladi. Bu ikki hudud o'rtasida o'zaro bog'liqlik mavjud. Jumladan, birinchi hudud aholisining asosiy faoliyati ikkinchi hududdagi sanoat korxonalari bilan o'zaro bog'langan. Asosiy jinoyatchilik turlari ishxonadan o'g'rilik, mansab vakolatini suviste'mol qilish va h.k. Turkiyalik olim Erman Aksoyning fikricha, shaharlarning qayerida aholi va binolar haddan tashqari ko'p hamda tartibsiz joylashgan bo'lsa, o'sha joylarda jinoyatchilik keng
tarqalgan, egri va tartibsiz urbanizatsiya shaharda ijtimoiy nazorat mexanizmi faoliyatini pasaytiradi, odamlar o'z-o'zini o'ylaydigan va xudbin bo'lib, zo'ravonlik va jinoyatchilikka moyil bo'lishadi[4]. Shunday qilib, markaz atrofidagi kichik ko'lamli sanoat maydoni atrofidagi hududlarni rejasiz va tartibsiz qurilishi yashirin, kuchli o'g'irlik uchun qulay bo'ladi. Shuningdek, tartibsiz shahar dizayni hayot sharoitlarini qiyinlashtirishi bilan odamlarga nisbatan bosim va bosim orqali hududdagi jinoyatchilikni oshiradi.
Ikkinchi (A2) hudud asosiy faoliyati savdo-sotiq bog'langan "Buyuk Ipak yo'li" (Yangi bozor) savdo kompleksi atrofi hamda yangi rivojlanayotgan Navoiy mavzesini o'z ichiga oladi. 2020-yilda respublikada eng ko'p jinoyatchilik sodir etilgan hudud - "Sunbula" MFY ham ushbu hududda joylashgan. Bunga o'ziga bir necha omillarn keltirib o'tish mumkin avvalo ushbu MFY joylashgan hududda G'arbiy Farg'onadagi eng katta bozor bo'lib, shaharga tutash tuman aholisi bozorga asosan, shu yerga keladi. Natijada shaharning eng gavjum hududiga aylanadi, nazoratni qiyinlashtiradi. Bundan tashqari, ushbu hudud kam harakat orqali katta foyda olishga moyil insonlarni o'ziga jalb qiladi. Jinoyatchilikning o'g'irlik, firibgarlik, tovlamachilik, o'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-taroj qilish kabi turlari keng tarqalgan. O'g'irlikning asosan kissavurlik, aholi turar joylari, savdo do'konlari, ishxona hamda avtomashinalardan o'g'irlash turlari ko'p uchraydi.
Uchinchi (A3) hudud Shaldiramoq massivi, kimyogarlar shaharchasi, Shohruxobod, Furqat, Hamza ko'chalari oralig'ini egallaydi. Ushbu zonada sanoat va yangi rivojlanayotgan hududlar mavjud bo'lib, tartibsiz shakllanish kuchaygan va shunga o'xshash joylar jinoyatchilarga osonlikcha qochish yoki yashirish imkoniyatlarini beradi. Natijada, o'rganilayotgan hududda talonchilik va bosqinchilik, tovlamachilik, o'g'irlik, bezorilik, iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar, transport vositalari harakati qoida buzish holatlari qayd etilgan. O'tkazilgan tadqiqotda transport asosiy yo'llari bilan jinoyatchilik sodir bo'lgan joylar o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri bog'liqlik borligi ham ayon bo'ldi. Asosiy transport yo'llari har doim jinoyatlar shakllanadigan muhim omil hisoblanadi. Muhim transport yo'llari bilan bir qatorda joylashgan kichik hajmdagi savdo do'konlari, ofis, ishxona, kompyuterxonalar yetarli xavfsizlik tizimlari mavjud emas. Ushbu obyektlar joylashgan hududlarda kechasi o'g'irlik, talonchilik, bezorilik kabilar uchraydi.
Oraliq hududlar (B1, B2). Shaharning madaniy-marifiy, tibbiyot muassasalari, bank, moliya obyektlari, istirohat bog'lari, oliy va o'rta maxsus o'quv yurtlari egallagan markaziy hududi hamda Turon, Sarboz, Guzar, Akbar Islomov ko'chasi oralig'ini, qadimdan aholi istiqomat qiladigan Eski shahar mavzesini egallaydi. Jinoyatchilikning qasddan odam o'ldirish va suiqasd qilish, nomusga tegish, o'g'irlik, narkotikni sotish, tayyorlash, saqlash, olib yurish, poraxo'rlik, mansab vakolatini suiste'mol qilish, iqtisodiyot asoslariga qarshi jinoyatlar keng tarqalgan. Bu yerda jinoyatchilik anomal hududga nisbatan past, lekin o'zgaruvchan. Asosiy sababi shaharning ushbu hududi boshqalariga qaraganda nisbatan tartibli joylashgani, texnik nazorat (kamera), qo'riqlash xizmati yaxshi rivojlanganligidir.
Barqaror (stabil) hududlar. Ushbu zonaga (C1,C2,C3) Chorchinor, Tuhlimergan, Baqachorsu mavzesi va ko'chalarini egallaydi. Bu yerda jinoyatchilik darajasi shaharning boshqa hududlariga nisbatan past, barqaror ko'rsatkichlarga ega. Ushbu hududlar shahar atrofidagi qishloq tumanlari bilan chegaradosh, uy-joylarning joylashuvi, turmush tarzi ko'p jihatdan qishloq joylarga o'xshaydi. Shuningdek, azaldan aholining muqim yashaganligi va biri-birini taniganligi, sodir etilgan jinoyatlar mahalla jamoasi va atrofdagi kishilarning e'tibori, muhokamasiga sabab bo'ladi.
Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations). Geokriminogen vaziyati og'ir bo'lgan hududlarda aholini bo'sh vaqtini va dam olishini tashkil qilishdagi sustkashliklar, aholining kundalik turmush jihozlari va ehtiyoj tovarlariga bo'lgan talabini qondirishdagi yetishmovchiliklar, huquqiy tarbiyaning talab darajasida emasligi, ijtimoiy va fuqarolarning shaxsiy mulkini qo'riqlashdagi kamchiliklar sabab bo'lmoqda.
1.Jinoyatchilikka qarshi kurashishda MFYlarni jinoyatchilik holatidan kelib chiqib geokriminogen anomal, oraliq, barqaror hududlarga ajratish maqsadga muvofiq bo'lar edi. Bu jinoyatchilikka qarshi kurash, profilaktik ishlarni tez va samarali tashkil etish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni to'g'ri joylashtirish imkonini beradi.
2. Geokriminogen vaziyati og'ir hamda ma'lum bir jinoyatchilik turlari keng tarqalgan hududlarda profilaktika inspektori va uchastka nozirini o'sha joyning kriminogen vaziyatidan kelib chiqib maxsus qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish yaxshi samara beradi. Masalan, A2 anomal hududda firibgarlik, A3 da esa bezorilik jinoyati ulushi katta. Geokriminogen vaziyati og'ir hududlarda situatsion markazlar va qo'shimcha patrul guruhlari tashkil etish, aholi gavjum joylarda tezkor chaqiruv tugmalarini o'rnatish, ichki ishlar tizimida psixolog, xotin-qizlar masalasi bo'yicha inspektor lavozimlarini joriy qilish ham yaxshi samara beradi.
3. O'tkazilgan tadqiqotda transport yo'llari bilan jinoyatchilik sodir bo'lgan joylar o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri bog'liqlik borligi ham ayon bo'ldi. Muhim transport yo'llari bilan bir qatorda joylashgan kichik hajmdagi savdo do'konlari, ofis, ishxona, kompyuterxonalar yetarli xavfsizlik tizimlari bilan
ta'minlanmagan. Ushbu obyektlar joylashgan hududlarda kechasi o'g'irlik, talonchilik, bezorilik kabilar tez-tez sodir bo'lib turadi. Bularni texnik xavfsizlik tizimi bilan ta'minlash kerak.
4. Keyingi vaqtlarda "bir bolaga yetti mahalla ota-ona" degan ezgu naql o'tmishda qolib ketayotir, yurtdoshlarimiz qo'ni-qo'shni va yaqinlari tugul, o'z farzandlari tarbiyasiga yetarlicha e'tibor qaratmayotganligi aniqlandi, buni shaharda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni oshganligida ko'rish mumkin. Vaziyatni o'zgartirish uchun avvalo ta'lim muassasalarining ota-onalar bilan ishlashini kuchaytirish, kerak bo'lsa, o'z bolalari tarbiyasiga yetarlicha ahamiyat bermayotganlarga nisbatan zarur ta'sir choralarini ko'rish lozim.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yhati:
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-dekabrdagi PQ-4075-sonli "Jamoat xavfsizligini ta'minlash samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" gi qarori.
2. Сикач К.Ю. Географические факторы динамики преступности на Украине в 1990-2012 гг.: дис.кон.геогр.наук. - Симферополь, 2016. - 213с.
3. Бадов А.Д. География преступности в России в постсоветский период: дис.д-ра геогр. наук. - Краснодар, 2009.- 496 c.
4. Aksoy E. Geography of Crime and Its Relation to Location: The City of Balikesir (Turkey). -Istanbul: Materials Science and Engineering. - 245.
5. Komilova N.Q, Egamqulov H.E, Maxmudov B.X, Rajabova M. Factors affecting geocriminogene in Uzbekistan and the sacio-geographic properties. "Scientific achievements of modern society". - Liverpool.: 2020. 180-186.
6. Габиани А.А., Гачечилидзе Р.Г., Дидебуладзе М.И. Преступность в городах и сельской местности. - Тбилиси: Изд-во ТГУ, 1985. - 95 с
7. Ростов К.Т. Геокриминогенная обстановка в Санкт-Петербурге и Ленинградской области: дисс.кан. геог. наук: 11.00.02. 1994. - 225 с.
8. Qayumov A.A. O'zbekistonda jinoyatchilikning ijtimoiy-geografik jihatlari. Geografiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyasi. -Т., 2006-y.
9. Ugli, L. N. F. (2019). Geourbanistic's role in socio-economic geography. International scientific review, (LXV), 47-50.
Internet manbalari
www.farstat.uz (Farg'ona viloyati statistika boshqarmasi) www.stat.uz (O'zbekiston Respublikasi davlat statistika qo'mitasi) www.fergana.uz (Farg'ona viloyati rasmiy web sayti)