Научная статья на тему 'SAHNA MADANIYATI ORQALI SHAXS MA’NAVIYATINI YUKSALTIRISH OMILLARI'

SAHNA MADANIYATI ORQALI SHAXS MA’NAVIYATINI YUKSALTIRISH OMILLARI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
420
36
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
ma’naviyat / madaniyat / san’at / teatr / sahna madaniyati / sahna etikasi / rejissyor / aktyor

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Husan Tohirovich Mirpо‘latov

Mazkur maqolada ijtimoiy hayotimizda teatr san’atining ahamiyati, davlatimiz tomonidan teatr san’atiga berilayotgan e’tibor, teatr san’atida sahna madaniyati masalalari yoritilgan. Sahna madaniyati, sahna etikasi orqali shaxs ma’naviyati yuksaltirish omillari berilgan. Poytaxt teatrlari repertuari mavzu yuzasidan tahlil etilgan. Sahna madaniyatini yuksaltirish bzasidan tavsiyalar berilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «SAHNA MADANIYATI ORQALI SHAXS MA’NAVIYATINI YUKSALTIRISH OMILLARI»

SAHNA MADANIYATI ORQALI SHAXS MA'NAVIYATINI YUKSALTIRISH OMILLARI

Husan Tohirovich Mirpo'latov O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti

Annotatsiya: Mazkur maqolada ijtimoiy hayotimizda teatr san'atining ahamiyati, davlatimiz tomonidan teatr san'atiga berilayotgan e'tibor, teatr san'atida sahna madaniyati masalalari yoritilgan. Sahna madaniyati, sahna etikasi orqali shaxs ma'naviyati yuksaltirish omillari berilgan. Poytaxt teatrlari repertuari mavzu yuzasidan tahlil etilgan. Sahna madaniyatini yuksaltirish bzasidan tavsiyalar berilgan.

Kalit so'zlar: ma'naviyat, madaniyat, san'at, teatr, sahna madaniyati, sahna etikasi, rejissyor, aktyor

FACTORS OF IMPROVING PERSONAL SPIRITUALITY THROUGH

STAGE CULTURE

Husan Tahirovich Mirpolatov Uzbekistan State Institute of Art and Culture

Abstract: In this article, the importance of theater art in our social life, the attention given to theater art by our state, issues of stage culture in theater art are covered. Factors for raising the morale of a person are given through stage culture and stage ethics. The repertoire of the capital's theaters is analyzed according to the theme. Recommendations are given from the stage culture promotion base.

Keywords: spirituality, culture, art, theater, stage culture, stage ethics, director,

actor

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan tub islohotlarning natijasida mamlakatimizda Yangi O'zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy va ilmiy-ma'rifiy asoslari yaratilib "Inson qadri uchun" tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so'zsiz ta'minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada ma'naviy yuksalish, jumladan teatr san'ati orqali tomoshabinlar estetik salohiyatini yanada rivojlantishi, ularga ma'naviy ozuqa berish masalasi dolzarb ahamiyatga ega bo'lib bormoqda. Yangi O'zbekiston fuqarolariga xizmat ko'rsatuvchi teatrlarda tomoshabinlar auditoriyasiga qaratilgan zamonaviy

mavzulardagi spektakllarning yaratilishida aktyorlarimizning obraz yaratish jarayonlari, bu boradagi janr va uslubiy izlanishlar, an'analardan foydalanish masalasi, shuningdek sahna ijodkorlari faoliyatidagi yutuq va kamchiliklarini o'rganish bugun har qachongidan ko'ra muhimdir. Erishilayotgan yutuqlar bilan bilan birgalikda badiiy sayoz, yengil-yelpi mavzulardagi sahna asarlarining ham borligi o'ziga xos muammolarni keltirib chiqarib, sahna madaniyati, sahnaviy etika har qachongidan ham bugungi kunning o'z yechimini kutayotgan masalasiga aylanib bormoqda.

Jumladan, muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22-dekabrda o'tkazilgan Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida ham aynan kishilarning ma'naviy olamini teatr san'ati orqali boyitish va ularga estetik ta'sir qilish masalalari kun tartibi sifatida ko'irb chiqildi va soha xodimlariga muhim vazifalar belgilandi.

Teatr san'atining ma'naviy omillari, badiiy ta'siri va sahna san'atida etika, sahna madaniyati masalalari bо'yicha Ikromov X.I. [6], Bayandiyev T., Ikromov H., Ahmadjonova M. [5], Rizayev SH.[9], Usmonov R.I. [11], Rizayev O.Z. [8] kabi tadqiqotchilar izlanishlar olib borgan bo'lib, poytaxt va viloyat teatrlaridagi ijodiy jarayonlarni jiddiy va tanqidiy tahlil qilishgan.

Sahna etikasi masalasi professional teatrning ilk taraqqiyot bosqichlaridan shakllanib, to hanuz o'z dolzarbligiga egadir. Jumladan, professional teatr san'atining vujudga kelishi va uning estetik tarbiyadagi ahamiyatining ommalashishiga jadidlar alohida e'tibor qaratgan.

XX-asr boshlarida mamlakatimizda professional truppalar va teatrlar shakllana boshlaydi. Ushbu truppalarning shakllanishida o'sha paytda faoliyat ko'rsatgan ma'rifatparvarlarimizning beqiyos xizmatlarini e'tirof etish o'rinlidir. Mahmudxo'ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho'lponlarning nomlari o'zbek milliy teatr san'ati sahifalariga zarhal harflar bilan bitilgandir. Toshkent, Qo'qon, Samarqand shaharlari o'zbek milliy teatri markazlari bo'lib qoldi. Aynan yuqorida nomlari qayd etilgan ma'rifatparvarlarning say-harakatlari bilan o'zbek milliy teatri jahon teatr san'atida ma'lum darajada o'z o'rni, mavqeiga ega bo'ldi [2, 32].

Jadidlar yevropacha teatr san'atining yangi janrlarini bizning hududimizda tatbiq etar ekanlar, millatni ma'rifat, ma'naviyat va san'at orqali estetik tarbiyalash, bu tarbiya istiqbolida istiqlolga yetishishni ko'zladilar.

Tarbiya va ma'naviyat o'chog'i bo'lgan - teatr har bir insonga hayotiy saboqlar beruvchi jonli vositadir. Teatrdan ma'daniy hordiq chiqarish uchungina emas, undagi namoyish etiladigan spektakllarni tomosha qilib, inson, jamiyatdagi voqeliklarni, kechinmalarni teran anglashi mumkin.

... adabiyot va san'atga, madaniyatga e'tibor - bu avvalo xalqimizga e'tibor, kelajagimizga e'tibor ekanini, buyuk shoirimiz Cho'lpon aytganidek, adabiyot,

madaniyat yashasa, millat yashashi mumkinligini unutishga bizning aslo haqqimiz

yo'q [1].

Teatr asoschisi, taniqli rejissor va aktyor K.S.Stanislavskiy "Do'stlarim, san'at koshonasiga qadam qo'yar ekansiz, unga kirishdan oldin hayotning be'mani ikir-chikirlaridan xoli bo'ling, unga eng yaxshi insoniy tuyg'u-fikrlar bilan kirishing", -deb ta'kidlagan so'zlarida, sahna san'atining muqaddasligi, san'at iste'molchilariga bo'lgan hurmat-izzatning nechog'lik mas'uliyatdan iborat ekanligiga urg'u bergan.

Teatr san'atining o'ziga xos tabiati, jamoa san'at ekanligi aktyor oldiga nafaqat o'zi va jamoasi, balki umumbashariyat bilan bog'liq yuksak burchni yuklaydi. Bunda aktyor jamoa, jamoa esa aktyor uchun javobgar xisoblanadi. Shu jihatdan ham teatr san'ati tarixida uning buyuk darg'alari yosh aktyorni tarbiyalashda etik, estetik madaniyat tarbiyasini muhim deya xisoblaganlar.

Zero, bir teatr asari - spektakl yaralishida ko'plab insonlar ishtirok etadi. Ular orasida ijodiy badiy birdamlik paydo bo'lgandagina spektakl yaralishidek murakkab jarayon samarali yakun topadi. Aksincha, jamoa ichida faqat o'z manfaatini ko'zlaydigan shaxslar ham uchrab turadi. Bunday insonlar Stanislavskiy ta'biri bilan aytganda san'atni emas san'atda o'zini sevgan "ijodkor"lardir. Ular nafaqat spektakl, balki, san'at rivoji, sifatiga salbiy ta'sir etadilar. Xudbinlik, xasad, ko'rolmaslik, mayda-chuyda gap-so'zlar va sahna orti g'iybatlariga yukak g'oya, buyuk maqsadga intilish orqaligina chek qo'yish mumkin.

Aktyorlik va san'at etikasining eng muhim birlamchi talabi shudir. Aktyor avvalo shaxs sifatida yuksak xislatli, yetuk madaniyatli inson bo'lishi lozim. Zero sahna ortida mayda gaplar, g'iybatlar, arzimas tashvishlar aro o'ralashib, mayda aqidalar bilan yashovchi inson sahnada buyuk g'oyalarni targ'ib qilishi, masalan: Mirzo Ulug'bek, Alisher Navoiy kabi insoniyatning buyuk shaxslari qiyofasini xatto qoniqarli darajada ham tasvir etishi mumkin emas. Har qanday eng iste'dodli, mahoratli aktyor ham o'zi xis etmagan, o'zida mavjud bo'lmagan guman xislat-fazilatlarni, qalb beg'uborligi, yurak pokligini sahnada ishonarli tasvir etolmaydi. Uning xatti-xarakatlariga tomoshabin ishonmaydi.

San'atimiz tarixida ko'plab ulug' san'atkorlar oddiylik, kamtarlik, va soddalikni o'zlariga libos kabi bilganlarki, keyinchalik, hozirgi kunimizda ham ularni tilga olar ekanmiz yuqoridagi xislat-fazilatlarni ularning nomlariga egiz tarzida eslaymiz. O'zbek teatrining ulug' namoyondalaridan biri Shukur Burxon teatrdan ko'chaga chiqar ekan, oddiy insonga aylanar, shu qadar sodda va kamtar ekanlarki, ko'pchilik ularni tanimas, hatto, bexosdan turtib ham o'tib ketarkan. Shukur Burxon bunga javoban miyig'ida kulib qo'yar ekan. Aytish mumkinki, bu ulug' san'atkorning yuksak etik madaniyatidan dalolat beradi.

"Teatr o'yunbozlik emas! Masxarabozlik ham emas! Teatr bamisoli oynavand bir uykim, kirgan har bir kimsa o'z husnu qabihini ko'ra olur. Yuziga un surtib

masxarabozlik shakliga kirgan zotlar tabibi hoziqdurlar" [3, 7]. Ma'rifatparvar yozuvchi va teatr jonkuyari Mahmudxo'ja Behbudiy ushbu so'zlari orqali teatr jamiyat ko'zgusi ekanligini ta'kidlaydi.

Demakki, aktyor teatrning asosiy ustuni va quroli hisoblanadi. Teatr asoschilaridan biri, mashhur rejissor va aktyor K.S.Stanislavskiy ta'biri bilan aytganda "Sahnaning yagona shohi va hukmroni iste'dodli aktyordir!" [10, 24].

Ye.B.Vaxtangov o'zi olib borayotgan tajribaga nafaqat tomoshabinni, balki, san'atga aloqasi bo'lmagan odamlarni ham ishontirish uchun tajribalar olib boradi. "Studiya qanday bo'lishi kerak?" degan savolga Vaxtangov shunday javob yozadi.

- studiya bizga qadrdon uyimizdek bo'lishi uchun, hech bo'lmaganda uning devoriga bir dono mix qoqish kerak.

- studiyada san'atkorni o'qitish emas, o'rgatish orqali tarbiyalash zarur.

- inson hamisha yaxshi odamlar davrasiga talpinadi. studiyada yaxshi odamlar tarbiya olishi kerak.

- teatr ijodiy jamoa bo'lib uning qanday shakllanishi, jamoaning hamjihatliligiga bog'liq [7, 29].

YE.B.Vaxtangov studiyasiga o'ziga xos qonun-qoidalar joriy etiladi. Studiyada tarbiyalash prinsiplari etik va estetik, jamoa ma'naviyati va ijodiy vazifalarni o'z ichiga olgan edi. Studiya o'quvchilarga ma'naviy tayyorgarlik yaxshi niyat, bir-biriga kafillikka turmoq, qarashlarning bir-biriga yaqinligi, aniq badiiy vazifalarni o'rganish zaruriy qilib qo'yiladi. Xulosa qilib aytganda, bir oila farzandidek munosabat talab etilgan. Talabalar studiyasi, teatr madaniyatiga katta tajriba olib kirib, ijodkor insonlarni yetishtirib berdi.

Teatr asoschilaridan YE.B.Vaxtangov o'z teatr studiyasi talabalari oldiga quyidagicha talablarni qo'yadi:

- Muomalada - shirinsuxan bo'lish;

- Kundalik hayotda - kamtar bo'lish;

- Do'stlarga yordam qo'lini cho'zish;

- Jamoa ishida bir-biriga yelkadosh bo'lish;

- Yurish-turishda - oliftagarchilik qilmaslik va manmansiramaslik;

- O'zaro munosabatlarda - xayrixohlik, o'zgalar muvaffaqiyatidan xursand bo'lish;

- Kichik rollar yo'q, kichik aktyorlar bor;

- Bugun - Gamlet, ertaga - sahna ishchisi, yorituvchi, kostyumer;

- Ko'pchilik oldida, mahoratli aktyor uchun roldan voz kechish;

- Teatr ijodiy hayotida har qanday qonunni buzish - bu jinoyatdir;

- Kechga qolish, erinchoqlik, o'jarlik, asabiylashish, yomon xarakter, rolni bilmaslik, bir narsani ikki marotaba qaytarishga majbur qilish - ish uchun juda zararli bo'lib, uni ildizidan quritish lozim [4].

Milliy teatrimiz asoschilari, yetakchi aktyorlar Abror Hidoyatov, Lutfulla Nazrullayev, Obid Jalilov, Sharif Qayumov, Shukur Burhonov, Sora Eshonto'rayevalar repititsiya yoki spektakl boshlanishidin bir soat oldin teatrga kelar, o'z grimxonasida yaratajak rolini ustida ishlar, sahnaga tayyorlanar ekan. Repititsiyaga kechikib kelish jinoyat hisoblangan. Mabodo, shunday hol ro'y berguday bo'lsa, bu narsa qattiq qoralangan va hammaga yetkazilgan. Shunisi ayonki, teatrdagi bunday temir intizom yuqoridan beriladigan buyruqlar asosida emas, balki yuksak onglilik, ichki ehtiyoj tufayli paydo bo'lgan.

O'zbek san'atkorlari A.Hidoyatov, Sh.Burxonov, S.Eshonto'rayeva, O.Xo'jayev, ana shunday fidoiylardan edi. Ular uchun ish, ijod intizomi birinchi o'rinda turar edi. Mashhur aktyor Obid Jalilov sahnaga chiqish oldidan uyidan qizining olamdan o'tganligi to'g'risida xabar keladi. Aktyor spektaklda rol ijro etadi. Spektakl tugagandan keyin jamoaga xabarni aytib, ertaga janoza deb uyiga ketadi. Bu aktyorning tomoshabinga, teatr va jamoaga bo'lgan yuksak hurmati hamda kuchli intizomi, sabr-toqati, san'atga fidoiyligidandir.

M.Uyg'ur, Ye.Bobojonov, T.Xo'jayev, N.Aliyevalar aktyorning ma'naviy qiyofasi, xulqiy odobi masalalariga katta e'tibor qaratganliklari bejiz emas, albatta. Ularning ta'biricha, aktyorning estetik tarbiyasi, qo'shimcha unsur emas, zaruriy sifat hisoblanadi.

Poytaxt teatrlarini kuzatib, tahlil etilishi natijasida uning repertuarlarini ma'naviy boy, xilma-hil mavzulardagi asarlar bezab turganining guvohi bo'lmoqdamiz. Ular ichida qay bir mavzu muhim, degan savollar ham bo'lib turibdi. Albatta, har bir janr, uslub va mavzularni inkor etishga sabab yo'q. Aksincha, ularining har biri o'z tomoshabini, muxlisiga ega. Masalada unda sahna etikasiga qay darajada e'tibor bermoqda ekanligidadir.

O'zbek Milliy akademik drama teatri xalqning sevimli, yetakchi san'at dargohi va ma'naviyat ulashuvchi ma'rifat maskani sifatida o'zining alohida mavqeiga ega. Vatanparvarlik, fidoyilik, insonlarga ziyo tarqatish ideallari tashkil bo'lgan ilk davrlaridanoq ushbu dargohning yetakchi mavzularidan sanaladi. Bir asrdan ko'proq tarixga ega bo'lgan san'at dargohining bugungi kun repertuarini bezab turgan spektakllarida ham vatani ishqida yonuvchi, insonlar manfaatini o'zinikidan ustun sanovchi, qalbi nur va ziyoga yo'g'rilgan zamondosh qahramonlarning yorqin obrazlari mavjud.

Hozirgi kunda Milliy teatrning ustoz san'atkorlaridan biriga aylangan O'zbekiston xalq artisti Erkin Komilov ijodiy biografiyasini ham zamondoshlarning talay obrazlari bezab kelmoqda. Kezi kelganda aytish kerakki, o'zbek teatr san'atining tom ma'nodagi ustunlaridan bo'lgag Shukur Burxonovning eng sodiq shogirdlaridan biri bo'lgan bu san'atkor o'zining sahnaviy faoliyatida o'zbek

aktyorlik san'atining yuksak an'analaridan og'ishmay, ularni zamonaviy, yangi unsurlar bilan boyitgan holda ijod qilib kelmoqda.

Mana shunday san'atimiz darg'alari yaratgan obrazlar, ularning ustozlar an'analarini mohiyatini saqlagan va zalvorini yo'qotmagan holda yangi avlod san'atkorlariga yetkazib berganlari sabab o'zbek aktyorlik san'ati bugungi kunda o'z mavqeini yuqori tutib kelmoqda. Keyingi yillarida aktyor tomonidan gavdalantirilgan rollari ichida zamonamizning milliy qahramoni bo'lishga da'vogarlik qiluvchi obrazlar ham mavjud. Shulardan biri aktyorning "Taqdir sinovlari" (Qo'chqor Norqobil asari) spektaklida yaratgan Jayron bobo obrazidir.

Asar voqealari XX-asrning 80-yillarida bo'lib o'tgan bo'lsa-da, unda ko'tarilgan masalalar bugungi kunda ham o'zining dolzarbligini yo'qotmagan. Surxon vohasining chekka qishlog'ida yashovchi oddiy insonlarning hayot tarzi, fikr-o'ylari, dardu alamlari, quvonchu shodliklari, maslagi va ideallari asar mazmunini belgilab beradi. Ushbu dramada odamni inson darajasiga ko'taruvchi halollik va or-nomus kabi buyuk fazilatlar bir qarashda oddiy va jo'n ko'ringan kishilarning kundalik turmushlarida o'zining go'zal ifodasini topadi.

Jayron bobo - E.Komilov bir qaraganda qishloqning sodda, jaydari va hatto o'ta to'pori bir cho'poni, uni boshqalardan ajratib turadigan ayri xususiyati yo'qdek tuyuladi. Lekin voqealar rivojlanib, keskinlashib borgani sari Jayron boboning ham ichki olami asta-sekin ochila boradi. Uning soddadilligi, ishonuvchanligi ortida katta bir qalb, olamni nurga to'ldirishga qodir ziyo, inson zotiga buyuk mehr-muhabbati yashiringan.

Umrini dala-dasht, tog'-adirlarda qishloq ahlining qo'y-qo'zi, mol-holini boqib o'tkazgan, taqdirning turfa zarbalariga ko'ksini mardonavor turgan Jayron boboning kechmishlari oson bo'lmagan. Turmush o'rtog'i Gulsum aya (O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Sayyora Yunusova) bilan uzoq yillar tirnoqqa zor yashagan bo'lsa-da, taqdiridan bir bor nolimagan, yoki ayolining farzandsizligini biror marta yuziga solmagan. Ana shu sabri sababmi, umrining bir pallasiga yetganida yashashdan yana bir murodi - yolg'iz arzandasi Tilavoldini taqdir ularga tuhfa etgan. Jayron bobo qiyinchilik va mashaqqat evaziga topgan pulini o'g'lining chet elga borib o'qish orzusini amalga oshirish uchun sarflaydi.

Ikki qariya o'zi yemay, o'zi kiymay bor topganlarini yig'ib yaxshi niyatlar bilan o'g'illariga imorat solish, uni uylantirish, nevaralar ko'rish orzusi bilan yashaydilar. Bir-biriga suyanchiq bo'lib hayot kechirib kelgan nuroniylar yana bir savobli ishga qo'l urishgan. Afg'on urushidan nogiron bo'lib qaytgan, kimsasiz Butunboyni asrab olib, uni har qadamda qo'llab-quvvatlaydilar, davolaydilar, yedirib - ichiradilar, unga o'z farzandlaridan ziyoda mehr berib parvarishlaydilar.

Erkin Komilov o'z qahramonining kechmishlarini tomoshabinga ko'rsatar ekan, taqdir unga har qancha zarba tayyorlamasin, uni mardona qarshi olishini, mana shu

kichik va qari jussasi bilan hayotning barcha qiyinchiliklarini bir mukofotdek, sinovdek qabul qilishini, hayotga teran va ko'tarinki nazar bilan boqadigan buyuk qalb egasi ekanini ochib beradi.

Taqdir zarbalari uni yana va yana o'z zabtiga oladi. Haromdan bir chaqirim nari yuradigan bobo - Erkin Komilovni umrida qilmagan ishi - bir qancha qo'ylar birovlar jig'ildoniga ketgani holda sel olib ketgani haqida dalolatnoma qilishga ko'ndirmoqchi bo'ladilar. Shunda ham u yengilmaydi. O'zining bir umrlik aqidasidan kechishga hech kim va hech narsa majbur qilolmaydi.

Juda ko'p qiyinchilik ko'rgan, umri faqat mehnatda o'tgan, shunda ham taqdiridan biror marta nolimagan Jayron bobo - Erkin Komilovni faqatgina nomus hissigina bukib qo'yadi. Umrining davomchisi, avlodining faxri deb bilgan yolg'iz o'g'li - Tilavoldisi har bir kimsaning qo'lida o'yinchoq bo'lgan yengiltabiat, behayo qiz - Zemfirani boshlab keladi. Buning ustiga unga uylanmoqchi ekanini eshitgan cholning dardu dunyosi qorong'i bo'lib ketadi. O'g'lining kelishini intizorlik bilan kutgan cholning o'zini juda g'alati tutayotgani barchani hayratga soladi. Uning ichini kemirayotgan dardini, qalbining og'rig'ini tomoshabin juda yaxshi tushunib yetadi.

Jayron bobo - Erkin Komilov oxiri portlaydi. Dunyoda barcha narsalardan aziz bo'lgan farzandi Tilavoldining oriyatsiz, g'urursiz ekaniga imoni komil bo'lgach, bunday farzandni uyidan quvib soladi. Ular ko'zdan yo'qolgunicha qaddini tik tutib turgan Jayron bobo yerga behol o'tirib qoladi. O'lmay turib kuydirgan farzandi dog'ini ko'tarishi ancha og'ir kechadi. O'zi va farzandi sha'ni uchun kurashuvchi qariyani millat iftixori deb atash o'rinli bo'ladi. Aktyor mahorati tufayli o'z aqidalariga xiyonat qilmagan, g'ururini farzandiga bo'lgan muhabbatidan ham ustun qo'ygan Jayron bobo obrazi milliy qahramon sifatida gavdalanadi, tomoshabinni o'ylashga, fikrlashga undaydi. Eng muhimi spektaklda sahna etikasi haqiqiy meyor darajasida ushlab turiladi.

Yuqorida bildirilgan muammolarning yechimi sifatida quyidagilarni ta'kidlash mumkin:

- o'quv dargohlarida bo'lajak aktyor va rejissorlarni tayyorlash jarayonida aktyorning ma'naviy qiyofasi, uning etikasini yuksak darajada o'rgatish;

- aktyorning jamiyat oldidagi vazifalarini chuqur anglatish;

- aktyor uchun etika - mahoratdan ustun turishini o'qtirish;

- har bir teatr jamoasida temir intizomni o'rnatish;

- teatrning ichki imkoniyatlarini hisobga olgan holda ichki qonuniyatlarini yaratish va unga qat'iy amal qilish kabi masalalarga amal qilish lozim.

Shaxs tarbiyasida teatr san'atining badiiy, ma'naviy, ma'rifiy va estetik ahamiyatini kuchaytirishda tajribali va malakali rejissor va aktyorlar mahoratiga tayanish, Ustoz-shogird an'analarini yanada takomillashtirish, kuchli dramaturgiyaga e'tibor qaratish ijtimoiy va sohaviy zaruratdir.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Mirziyoyev SH.M. Adabiyot va san'at, madaniyatni rivojlantirish - xalqimiz ma'naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir // O'zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi ma'ruzasi. Xalq so'zi. 2017-yil 4-avgust.

2. Abduqunduzov M. O'zbek milliy teatr san'ati: taraqqiyot bosqichlari. (Istiqlol va milliy teatr. Ilmiy to'plam.) - Toshkent: Yangi asr avlodi, 2002.

3. Ahmad S. Behbudiyning armonlari. "Teatr" adabiy-badiiy, axborot-reklama jurnali, 2006 № 1. - 7 b.

4. Ahmedov F.E. Ommaviy bayramlar rejissurasi asoslari. - Toshkent: Aloqachi, 2008. - 422 b.

5. Bayandiyev T., Ikromov H., Ahmadjonova M. O'zbek teatrida milliy g'oya talqini. - T.: Fan va texnologiyalar Markazi bosmaxonasi. 2009. - 220 b.

6. Ikromov H. Davr va teatr. - O'zbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti, 2009. - 239 b.

7. Mahmudov J. Vaxtangov maktabi. - Toshkent: Teatr. 2009. № 1. - 29 b.

8. Rizayev O. Nabi Rahimov. Ijodiy portret. - T.: G'.G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti, 1997. - 203 b.

9. Rizayev SH. Jadid dramasi . - T.: Sharq, 1997. - 316 b.; Rizayev SH. Sahna ma'naviyati. - T.: Ma'naviyat, 2000. - 175 b.

10. Stanislavskiy K.S. Sobr.soch., t. 6. M., 1959. - 435 s.

11. Usmonov R.I. Rejissura. - Toshkent: Fan, 1997. - 222 b.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.