"Oriental Art and Culture" Scientific Methodical Journal / https://oac.dsmi-qf.uz Volume 4 Issue 5 / October 2023
RANGSHUNOSLIK FANI TARIX PRIZMASIDA
Jamshid Rashidov
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti
Annotatsiya: Maqolada rangshunoslik fanining shakllanish tarixi ko'rib chiqilgan bo'lib, undagi asosiy kashfiyotlar va olimlarning fikrlari yoritilgan. Rangshunoslik fani doirasidagi tadqiqotlarni tizimli xronologik tartibda shakllantirish uchun xulosalar berilgan.
Katil so'zlar: rangshunoslik, optika, tarix, tizim, xronologiya
COLOR SCIENCE IN THE PRISM OF HISTORY
Jamshid Rashidov
National Institute of Arts and Design named after Kamoliddin Bekhzod
Abstract: The article examines the history of the development of the science of color and highlights the main discoveries and opinions of scientists. Conclusions are drawn on the formation of research in the field of color science in a systematic chronological order.
Keywords: color science, optics, history, system, chronology
Tabiatdagi turli hodisalarning kelib chiqish sabablarini barcha davr olimlari asoslashga intilgan. Shu jumladan inson borliqni qanday ko'rishi va rang qanday hosil bo'lishi ustida izlanishlar olib borilgan. Rangshunoslik fani asosan Nyuton tajribasidan boshlab o'rganilishiga qaramay, bu fanga bog'liq bo'lgan fanlar tarixi katta davrni o'z ichiga olib, qadimgi yunon olimlaridan boshlab bugungi izlanishlarni qamrab oladi. Rangshunoslik faniga oid tadqiqotlar ko'p bo'lib, ular boshqa fanlar bilan ttutashishi sababli tizimlashtirish murakkab hisoblaniladi.
Rangshunoslik fani fizikaning optika bo'limi bilan bog'liq holda o'rganilar ekan bu fanning tarixini qadimgi yunon faylasuflarning farazlaridan boshlash lozim.
Qadimgi yunon faylasuflari rang hodisasini tushunishga, inson tomonidan ranglar qanday idrok etilishini aniqlashga hamda yagona va tizimli ta'rif berishga intilganlar.
Birinchi bor borliqni qanday ko'rish to'g'risida fikr yuritilar ekan, ikkita asosiy faraz paydo bo'lgan. Birinchi farazda, insonni o'rab turgan borliq ko'zlarimizga rang va shakllarni yuboradi deb hisoblangan. Bunda, qanday qilib bir vaqtning o'zida bitta obyekt ko'p inson ko'zlariga tasvirlarni yuborishi asoslanmagan. Ikkinchi farazda,
ko'zlarimiz olamni mustaqil o'rganadi deb hisoblanilgan. Bunda, ko'rish uchun inson ko'zlaridan nur chiqadi deb tahmin qilingan.[1]
Pifagor inson olamni ko'rishi uchun ko'zlaridan ingichka nurlar chiqadi deb hisoblagan. Bu nurlarni ko'z nurlari yoki ko'rish nurlari deb nomlagan.[2] Empedokl doimiy mavjud bo'lgan hamma narsaning "ildizi" to'rt unsurdan olov, suv, havo va yerdan iborat ekanligini ta'kidlagan. Bu "elementlar"ni quyosh, dengiz, osmon va yer bilan ifodalagan. Elementlar tug'ilmagan, buzilmaydi, sifat jihatidan o'zgarmas va hamma narsada bir hildir deb hisoblagan. Empedokl to'rt element: yer, havo, olov va suv o'rtasidagi uyg'unlikni tasvirlab berish uchun bo'yoqlarni aralashtirish o'xshatmasidan foydalangan. Empedokl 4 ta asosiy rang sifatida oq (leukos), qora (melas), qizil (eruthros) va sariq (ochros) ranglarni belgilagan.
Demokrit vizual olam ko'zlarga o'zi kelishi farazi tarafdori bo'lgan. U ham "sodda" (Impla) 4 ta oq, qora, qizil, sariq ranglar haqida aytib o'tgan. Demokrit, ushbu ranglarni quyidagicha tariflagan - "oq - silliqlik, qora - g'adir-budurlik, qizil -issiqlik, sariq - qattiq jismdan va bo'shliqdan iborat"[1:12]
Empedokl va Demokritning bu nazariyalari mil. av. IV asrda Platon va Aristotel tomonidan rivojlantirilgan va ular orqali Nyutongacha bo'lgan barcha keyingi rang tizimlari uchun boshlang'ich nuqta bo'lib xizmat qilgan.
Platonning eng keng qamrovli rang haqidagi farazlari Timey asarining 67d-68d qismidagi yaratilish she'rida keltirilgan, u yerda Aflotun "Ranglarning mantiqiy nazariyasi" deb atagan nazariyani taklif qilgan. Oq rang, Aflotunning aytishicha, ko'rish jarayonida ko'z chiqaradigan nurning kengayishi, qora rang esa uning torayishi natijasidir.[1:12] U quyidagi xulosaga kelgan:
"Biz ranglarni birortasini asl holatida emas, balki boshqa ranglar bilan aralashgan holda ko'ramiz, yoki, agar ular boshqa rang bilan aralashmagan taqdirda ham, ular yorug'lik nurlari yoki soyalar bilan aralashadi. Natijada ular asl holatidan boshqacha ko'rinadi. Demak, narsalar soyada yoki quyosh nurida, kuchli yoki kuchsiz yorug'likda, ko'rish burchagi va boshqa omillar sababli turlicha ko'rinadi"[1:12]
Yorug'lik oq nurdan tashkil topgan bo'lib, ranglar yorug'lik va zulmat aralashmasidan iborat degan fikrlar "Rang haqida" (De coloribus) nomli risolada keltirilgan. Risolada asosiy ranglarning asosi sifatida olov, havo, suv va yer belgilangan, qora rang esa o'zi rang ekanligi shubxaga olinadi. Muallif risolaning so'ngida kitobda keltirilgan tezislar ko'p savollarga javob bo'lmasligini va rang nazariyasini batafsil o'rganish uchun faqat ma'lumot sifatida taqdim etilganini bildirgan.
Aristotel rang haqida keng ta'limot yaratgan, ammo ularning barchasi turli mavzulardagi asarlari orasida yozib qoldirilgan. Aynan uning falsafiy maktabi antik
davrdan bizgacha yetib kelgan rangning yagona keng qamrovli talqinini qoldirgan.[1:13]
Aristotel kamalakni muhokama qilar ekan, asosiy ranglarga "rassomlar tuzolmaydigan" ranglar deb ta'rif bergan.[1:14] Rang masalasi Aristotel oldida hissiy idrok etish qobiliyatini muhokama qilish paytida paydo bo'lgan, chunki rang, birinchi navbatda, ko'rinadigan narsadir va shuning uchun ko'rish orqali idrok etiladi. Hissiy idrok ruhning qobilyatlaridan biri bo'lganligi sababli faylasuf o'zining "Ruh haqida" va "His va his etiladigan narsalar haqida" (Peri Aistheseos kai aistheton) kabi psixologik risolalari sahifalarida rang hodisalarini muhokama qilgan. Aristotel uchun rang fizikaning emas, balki psixologiyaning predmeti bo'lgan.[3]
Ibn al-Haysam nurlar ko'zlardan emas, balki buyumlardan tarqalishini va ko'zda tasvirlar qanday jamlanishini Optika (manzara) kitobida I M^) asoslagan. XII
asrda ushbu kitob lotin tiliga tarjima qilingan bo'lib, XIII - XVII asrlarda Yevropada optika, fizika va matematikaning rivojlanishiga katta ta'sir ko'rsatgan.
Ibn al-Haysamning yorug'lik va ko'rish nazariyasi antik davrda ilgari mavjud bo'lgan nazariyalarning birortasiga o'xshash va ularning bevosita avlodi emas. Ibn al-Haysam yorug'likning turli muhitlar orqali o'tishini chuqur o'rganib chiqqan va sinish qonunlarini kashf etgan. U soya, tutilish, kamalak kabi turli fizik hodisalarga batafsil to'xtalib, yorug'likning fizik tabiati haqida fikr yuritgan. U obskura kamerasidan birinchi foydalanganligi bilan mashhur.[4]
Leonardo Da Vinchi asosiy ranglarni oltitaga ajratgan va ularni oddiy ranglar deb nomlagan. Unda oq - birinchi, sariq - ikkinchi, yashil - uchunchi, ko'k -to'rtinchi, qizil - beshinchi, qora - oltinchi rang etib belgilagan.[5] Bu ma'lumotlar Leonardo Da Vinchi shogirdi Franchesko Melzi tomonidan 1540 yilda Leonardo Da Vinchining qisqa qo'lyozmalarini to'plab tuzilgan "Rangtasvir haqida risolalar" (Trattato della pittura) nomli kitobida saqlanib qolingan. Ushbu kitob Franchesko Melzi tomonidan tuzilganligiga qaramasdan bu kitob Leonardo Da Vinchining kitobi deb hisoblaniladi. Kitobda quyidagi fikrlar keltirilgan:
"Oltita asosiy rang mavjud, ulardan birinchisi oq, garchi ba'zi faylasuflar na oq rangni, na qora rangni rang sifatida qabul qilmaydi, chunki biri barcha ranglarning manbai, ikkinchisi esa ularning yo'qligidir. Ammo rassomlar oq va qora ranglarsiz to'liq ishlay olmasligi sababli, biz ularni qolgan ranglar qatoriga kiritamiz va bu tartibda oq - oddiylar orasida birinchi, sariq - ikkinchi, yashil - uchinchi, ko'k -to'rtinchi, qizil - beshinchi, qora esa oltinchidir"[2:36]
Germaniyalik fizik Ostvald Vilgelm Leonardo Da Vinchi katta iqtidor egasi bo'lishiga qaramasdan rang haqida chuqur izlanishlar olib bormaganligini tanqid qilgan.
Ushbu izlanishlar qadimgi davrdan boshlanishiga qaramasdan, rangshunoslik fanining haqqoniy boshlanish tarixi etib Isaak Nyuton tadqiqotlari hisoblanadi.
Yorug'lik barcha ranglarni idrok etish omili ekanligini birinchi bor 1676 yilda Isaak Nyuton o'z tajribasida aniqlagan va "Optika"[6] nomli kitobida yozib qoldirgan.
Buyuk nemis shoiri, mutafakkir va tabiatshunos Iogann Volfgang Gyote o'zining 40 yildan ortiq umrini rang hodisalarini o'rganishga bag'ishlagan. Rang muammosiga bag'ishlangan asarlarining markaziy va eng ahamiyatlisi bu "Rang ta'limoti to'g'risida" risolasidir. Risola 3 qismdan iborat bo'lib "Didaktik" (1), bu qismda Gyote rang hodisalari haqidagi o'z g'oyalarini bayon qiladi; "Polemik" (2), unda u Isaak Nyutonning rang nazariyasini rad etadi; va "Tarixiy" (3) bo'lib, unda antik davrdan XVIII asr oxirigacha bo'lgan rang fani tarixini qamrab oluvchi materiallar mavjud. Kitob o'quvchini Gyotening rang nazariyasi bilan tanishtiradi, shuningdek, rang fanini falsafa, matematika, fizika va rassomlik bilan bog'lash imkonini beradi.
Gyote o'zining izlanishlari tarixini yoritar ekan, u o'z qarashlarini birinchi bor "Optikaga qo'shgan hissalar" nomli ikkita qisqa essesida jamoatchilikka taqdim etganini ma'lum qiladi.[7] Gyote rang hodisasini fizika tomonidan tushuntirishga urinmagan. Uni estetik va axloqiy masalalar qiziqtirgan: inson rangni qanday idrok etadi va unda qanday hislar paydo bo'ladi? - degan savollar qiziqtirgan.[8:21]
Ostvald Vilgelm Fridrix rang nazariyasi tarixi haqida fikr yuritar ekan Gyote ushbu masalani izchil yoritish maqsadida ko'p yillar davomida material yig'ganligini, ammo natijada bu fikrdan qaytib, faqat to'plangan materialarni nashr qilganligini yozib qoldirgan.[9:15] Bu materiallar "Rang ta'limoti to'g'risida" risolaning 3 bobida to'plangan.
Qadimgi davrdagi izlanishlar tajriba uslublariga asoslanmagan bo'lishiga qaramasdan, yangi tadqiqotlar uchun poydevor bo'lib xizmat qilgan. Nyuton, Mansel va Ostvald tomonidan o'tkazilgan rangning dastlabki psixofizik ilmiy tadqiqotlari rang xodisasini tushunishga xizmat qildi.[10] Rang nazariyasi tarixini to'liq va tizimli yoritish murakkab bo'lib, buning uchun turli fanlar mutaxassislaridan tashkil topgan ilmiy guruh amalga oshirishi mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Gage J. Color and culture: Practice and meaning from antiquity to abstraction. - Univ of California Press, 1999.
2. ROBERT A. CRONE. A History of color. Kluwer Academic Publishers. -2000.
3. Месяц Светлана Викторовна Аристотель о природе цвета // Вестник ЛГУ им. А.С. Пушкина. 2013. №1. URL: https://cyberleninka.ru/article/n/aristotel-o-prirode-tsveta (дата обращения: 26.07.2020).
4. Tbakhi A., Amr S. S. Ibn Al-haytham: father of modern optics //Annals of Saudi Medicine. - 2007. - Т. 27. - №. 6. - С. 464-467.
5. Леонардо Да Винчи. Трактат о живописи. перевод Губарев А. А.. -Харьков: Фолио, 2013 г. - 224 с.
6. Ньютон И. Оптика или трактат об отражениях, преломлениях, изгибаниях и цветах света / Перевод Вавилова С. И. — изд-е 2-е. — М.: Гос. изд-во технико-теоретической литературы, 1954. 368 с.
7. Johann Wolfgang von Goethe. Goethe's Theory of Colours Translated from the German. Murray. 1840. - 499 p.
8. М.А.Ли-Сафи. "Цветоведение и основы композиции" : Учебное пособие для бакалавриат по специальности "Книжная графика" учебной программе 1 курса / М.А.Ли-Сафи; - Т.: "Zamin Nashr", 2021.
9. Оствальд В. Цветоведение. Перевод З.О.Мильмана. Москва-Ленинград: Акционерное Общество "Промиздат", 1926.
10. Hunjet, A., В. P. Osterman, and M. Milkovic. "Objective Colour Evaluation and the Visual Threshold." Collegium Antropologicum, vol. 43, no. 2, 2019, pp. 147155. SCOPUS, www.scopus.com.