QADIMGI SHIMOLIY BAQTRIYA TOPOGRAFIYASINI MADANIYAT KESIMIDA O'RGANISH
M.A. Shoyusupova
tayanch doktoranti, O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi San'atshunoslik institute,
Toshkent, O'zbekiston Respublikasi ORCID: https://orsid.org/0009-0005-1728-9722 https://doi.org/10.5281/zenodo.13895578
Annotatsiya. Dunyoda ro'y berayotgan globallashuv sharoitida nodir va betakror yodgorliklarni asrab - avaylash, ularni umumbashariyat mulki sifatida kelajak avlodlarga yetkazish masalasiga e 'tibor qaratilmoqda. Ushbu maqolada Shimoliy Baqtriyaning qadimgi yodgorliklarini madaniyat kesimida o'rganish borasida qisqacha fikr mulohazalar bayon qilindi.
Kalit so'zlar: Shimoliy Baqtriya, yodgorlik, madaniyat, aholi manzilgohlari, shaharsozlik.
Аннотация. В условиях глобализации происходящей в мире, уделяется значительное внимание вопросу сохранения редких и уникальных памятников, их передачи будущим поколениям как общечеловеческого достояния. В статье дается краткий обзор изучения древних памятников Северной Бактрии в культурном контексте.
Ключевые слова: Северная Бактрия, памятники, культура, поселения, градостроительство.
Abstract. In the context of globalization taking place in the world, attention is paid to the issue of preserving rare and unique monuments, their transfer to future generations as universal property. In article provides a brief overview of the study of ancient monuments of Northern Bactria at the junction of cultures.
Keywords: Northern Bactria, monuments, culture, settlements, urban planning.
Mustaqillik yillarida mamlakatimiz hududida qadimgi davrlardan boshlab rivojlangan qishloqlar, shaharlar va sivilizatsiya markazlarining boy o'tmishini arxeologik jihatdan tadqiq etish va tarixiy jarayonlarni tiklash bo'yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. O'zbekiston hududi tosh davridan boshlab o'zlashtirilganligi, mamlakatimiz jahondagi ilk shaharsozlik va davlatchilik shakllangan markazlardan biri bo'lganligi, tariximiz va madaniyatimiz chuqur ildizlarga ega ekanligi ilmiy jihatdan asoslandi [1, 1b.].
Xalqimiz tarixini o'rganish va targ'ib etishda nafaqat O'rta Osiyo, balki butun Sharq tarixida, uning madaniy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etib kelgan qadimiy o'lkalardan biri bo'lgan, Baqtriyaning shimoliy qismida joylashgan Surxon vohasi moddiy madaniyati namunalari, osori atiqalari muhim o'rin tutadi. Bugungi kunda O'zbekistonning qadimiy san'ati Vatanimiz tarixida, Sharq va butun insoniyat ma'naviy madaniyati tarixida salmoqli o'rinni egallamoqda. Bu davr yodgorliklari va noyob durdonalari haqida ko'plab asarlar yaratilmoqda. Shimoliy Baqtriya hududida arxeologik qazilmalar olib borilganligi tufayli bir necha tarixiy manzilgohlar, hashamatli qasrlar, ajoyib san'at obidalari qazib topildi. Bu - respublikamiz janubida o'tmishda madaniyat yuksak darajada taraqqiy qilganligidan dalolat beradi.
Ma'lumki, qadimgi Baqtriyaning hududiy joylashuvi va geografik chegaralari haqidagi masala XIX asrdan boshlab muhim ilmiy muammo sifatida o'rganib kelinmoqda. 1877 yili avstraliyalik sharqshunos V. Tomashek birinchilardan bo'lib Baqtra satrap (hokim) ligining Oksdan shimolga yoyilganligi haqidagi g'oyani ilgari surgan edi. Bu g'oyani arxeologiya ma'lumotlariga asoslanib M.M. Dyakonov rivojlantirdi va "Shimoliy Baqtriya" tushunchasini ilmiy muomalaga kiritdi [6, 11b.].
Tadqiqotlarga ko'ra, Shimoliy Baqtriya hududiy jihatdan ikki qismga, Janubiy O'zbekiston va Janubi G'arbiy Tojikiston hududlariga bo'linadi. Janubiy O'zbekistonning geografik o'rni va tabiiy iqlim sharoitidan kelib chiqib, mil. avv. II ming yillikda qator katta va kichik hajmdagi dehqonchilik vohalari vujudga kelgan bo'lsa, Tojikiston qismida esa, asosan bronza davrining chorvador qabilalari yashagan [5, b.15], ya'ni Shimoliy Baqtriyaning Janubiy O'zbekiston hududlarida dehqonchilik madaniyati takroriy sug'orma dehqonchilik asosida rivojlandi. Tojikiston hududida yodgorliklar tog' va adirliklarda joylashganligi sababli, yaylov chorvachiligi va lalmikor dehqonchilik, bog'dorchilik rivoj topadi [2, 19 b.].
Respublikamiz hududida turli tarixiy davrlarga oid arxeologik yodgorliklar juda ko'plab uchraydi. Ular xalqimizning tarixi, madaniyati rivojini yorituvchi turli xil ma'lumotlarga boy. Bu borada Shimoliy Baqtriya hududida olib borilayotgan tadqiqot ishlarining natijalari ayniqsa diqqatga sazovordir. Bugungi kunda arxeologlar tomonidan topilgan va topilayotgan san'at yodgorliklarining badiiy ahamiyatini o'rganish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Aleksandr Makedonskiy vafotidan keyin ellin davlatlari paydo bo'la boshladi va u bilan birga Shimoliy Baqtriyada ellinizm madaniyati ham kirib keldi. Ko'proq ellinizm madaniyati bilan uyg'unlashgan holatda madaniyat shakllanib rivojlanib bordi. Shaharlar qurilishida ko'proq to'rt burchak shaklidagi, atrofi mudofaa devorlari va handak bilan o'ralgan, qal'a, shaxriston, rabotdan iborat qo'rg'onlar qurilgan. Devorlarida shinaklar bo'lgan. Bunday shaharlarga Dalvarzintepa, Zartepa va boshqalarni misol keltirish mumkin.
Shimoliy Baqtriya madaniyati rivojlanishida noyob san'at yodgorliklarining bir turi bo'lgan haykaltaroshlik san'ati ham katta ahamiyatga egadir. Qadimda O'rta Osiyo hududida haykal va haykalchalar ko'plab topilgan. Mazkur haykal va haykalchalarda odamlarning diniy tasavvurlari, e'tiqodi, estetik qarashlari o'z aksini topgan [3, 16b.]. Ushbu hududning haykaltaroshlik san'ati Xolchayon, Dalvarzintepa, Ayritom, Qoratepa, Fayoztepa kabi yodgorliklardan topilgan haykaltaroshlik namunalarida o'z aksini topgan.
O'zbekiston janubidagi arxeologik topilmalar Tarmita, ya'ni Termiz shahri Kushon Baqtriyasining eng muhim va yirik buddaviylik markazlaridan biri bo'lgan, deyish imkonini beradi. Bu shahar geografik jihatdan Amudaryo — Oke orqali o'tadigan muhim kechuv joyida joylashgani tufayli qisqa vaqt ichida Baqtriyadagi eng yirik shahar markazlaridan biriga aylangan. Bu yerda Shimol va Janub, Sharq va G'arbni bog'lab turgan Buyuk ipak yo'lining savdo yo'llari kesishgan. Termiz xalqlarning ma'naviyat va madaniyat bilan o'zaro almashinish markazi bo'lgan va bu yerda yunon-rum dunyosi, Hindiston va nomadlarning o'ziga xos madaniyati uygunligini namoyish qiladigan me'morchilik, haykaltaroshlik, rassomchilik, koroplastika, zargarlik yuqori darajada rivojlangan [4, 22 b.].
Kushonlar davlatiga O'zbekiston va Tojikistonning janubiy hududlari kirganligi uchun ham O'rta Osiyoda ilk budda yodgorliklari shu yerda vujudga keldi. Hozir O'zbekiston janubidagi noyob buddaviylik yodgorliklari - Qoratepa, Fayoztepadagi yer osti va yer usti ibodatxonalari va monastirlari, Zurmala stupasi, Ayritom, Dalvarzintepa va Zartepadagi buddaviylik ibodatxonalari yaxshi o'rganilgan. Janubiy O'zbekistondagi buddaviylik yodgorliklarini arxeologik o'rganish shuni ko'rsatdiki, Baqtriyada buddaviylik va buddaviylik madaniyatining rivojlanishi Buyuk Kushonlar boshqaruvi davriga to'g'ri keladi[4, 18 b.].
Shunday qilib, qadimgi Shimoliy Baqtriyada o'ziga xos ajoyib madaniyat mavjud bo'lgan degan xulosaga kelamiz. Birgina haykaltaroshlikni olib qarasak, Surxondaryo viloyati yerlarida qo'li gul haykaltaroshlar mahalliy materiallar-tosh, oddiy loy va ganchdan haykal yaratganlar. Haykallar qanchalik ko'p bo'lmasin, bir-biriga o'xshamaydi, biri ikkinchisini takrorlamaydi. Bu
haykallar o'ziga xos ahamiyatga ega bo'lib, antik dunyo haykaltaroshlik san'atini noyob durdonalari bilan boyitadi. Bu san'at asarlari nafaqat O'rta Osiyo antik madaniyati tarixini yaratishda asosiy manbalardan bo'libgina qolmay, balki shu yerlarga tutash bo'lgan qo'shni davlatlar-Hindiston, Pokiston, Afg'oniston, Eron, Xitoy antik madaniyati tarixini o'rganishda ham katta ahamiyatga egadir. Chunki bu yerda tiklangan shahar va qasrlar, buddizm inshootlari, yozuvlar, haykallar va tasviriy san'at qoldiqlarining o'ziga xos jihatlari ham borki, hozirda dunyo olimlari o'z tadqiqotlarida bu arxeologik dalillarga murojaat qilmoqdalar.
REFERENCES
1. Arxeologik tadqiqotlarni tubdan takomillashtirish to'g'risida 21.09.2019 yildagi 792 - sonli O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori.
2. Karimova D. Shimoliy Baqtriya aholisining dafn marosimlari va diniy e'tiqodlari (bronza davri moddiy madaniyat èdgorliklari misolida). Avtoreferat. Toshkent. - 2017. - 46 b.
3. Pidayev. Sh.R. Sirli kushonlar saltanati. Toshkent: "Fan". - 1990. - 40 b.
4. Pidayev Sh.R. Qadimgi O'zbekistonda buddaviylik va buddaviy meros: kitob-albom. T.: O'zbekiston. - 2011. - 120 b.
5. Rahimov K.A. Shimoliy Baqtriyaning bronza davri "krematoriy" lari xususida. Arxeologiya Uzbekistana. - 2016. №1 (12). - 156 с.
6. Yaxshiyev A.J. Shimoliy Baqtriyaning tarixi va madaniyati (miloddan avvalgi III milodiy IV asrlar Surxon vohasi ma'lumotlari asosida). Avtoreferat. Toshkent: - 2002. - 28 b.