Научная статья на тему 'BAQTRIYAGA YUECHJI QABILALARINING MIGRATSIYASI VA KUSHON DAVLATINING VUJUDGA KELISHI MASALASIDAGI YONDASHUVLAR'

BAQTRIYAGA YUECHJI QABILALARINING MIGRATSIYASI VA KUSHON DAVLATINING VUJUDGA KELISHI MASALASIDAGI YONDASHUVLAR Текст научной статьи по специальности «История и археология»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and innovation
Область наук

Аннотация научной статьи по истории и археологии, автор научной работы — Nazarov Humoyun

Аntik davr (mil. avv. IV – mil. IV asrlar) tarixida chuqur iz qoldirgan Kushon davlatining moddiy va maʼnaviy manbalarini oʻrganish, aholi migratsiyasi taʼsirida sodir boʻlgan siyosiy, ijtimoiy, madaniy oʻzgarishlar, shaharsozlik, hunarmandchilik, savdo-sotiq va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha xalqaro miqyosda izlanishlar olib borilmoqda. Ushbu saltanatning bir qismini tashkil qilgan Shimoli-gʻarbiy Baqtriyaning madaniyatiga tegishli boʻlgan yodgorliklar va materiallarni yangi maʼlumotlar asosida oʻrganish soha mutaxassislarining muhim vazifalaridan biri boʻlib turibdi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «BAQTRIYAGA YUECHJI QABILALARINING MIGRATSIYASI VA KUSHON DAVLATINING VUJUDGA KELISHI MASALASIDAGI YONDASHUVLAR»

BAQTRIYAGA YUECHJI QABILALARINING MIGRATSIYASI VA KUSHON DAVLATINING VUJUDGA KELISHI MASALASIDAGI YONDASHUVLAR

Nazarov Humoyun

O'zMU katta o'qituvchisi (PhD) https://doi.org/10.5281/zenodo.12606407

Antik davr (mil. avv. IV - mil. IV asrlar) tarixida chuqur iz qoldirgan Kushon davlatining moddiy va ma'naviy manbalarini o'rganish, aholi migratsiyasi ta'sirida sodir bo'lgan siyosiy, ijtimoiy, madaniy o'zgarishlar, shaharsozlik, hunarmandchilik, savdo-sotiq va boshqa yo'nalishlar bo'yicha xalqaro miqyosda izlanishlar olib borilmoqda. Ushbu saltanatning bir qismini tashkil qilgan Shimoli-g'arbiy Baqtriyaning madaniyatiga tegishli bo'lgan yodgorliklar va materiallarni yangi ma'lumotlar asosida o'rganish soha mutaxassislarining muhim vazifalaridan biri bo'lib turibdi.

Shimoli-g'arbiy Baqtriyaning kushonlar davr madaniyatini o'rganishning dastlabki bosqichi XIX asrning oxiridan boshlangan bo'lib, bu davrga oid o'rganish ishlari asosan havaskorlik xususiyatlariga ega bo'lgan [H.A.MaeB: 176]. O'lka tarixini o'rganish 1895 yilning oktyabrida Turkiston havaskor arxeologlar to'garagi tashkil etilgandan keyin I. T. Poslavskiy, I. I. Geyer, B. N. Kastalskiylar o'lkada dastlabki tadqiqot ishlarini amalga oshirishgan.

XX asrning 20-30 yillarida Janubiy O'zbekistonning qadimgi yodgorliklarini ilmiy jihatdan o'rganish maqsadida I. I. Umnyakov, P. Denike, A. S. Strelkov, M. Y. Massonlar rahbarliklarida dastlabki ilmiy ekpeditsiyalar tashkil qilindi.

XX asrning 50-60 yillarida V. D. Jukov, L. I. Albaum, G. A. Pugachenkova, B. Y. Staviskiylar tomonidan amalga oshirilgan tadqiqot natijalari kushon davri madaniyati tarixini yangi ilmiy ma'lumotlar bilan boyitishga imkon berdi.

O'tgan asrning 70-80 yillarida Kushon podsholigi davriga oid bo'lgan Dalvarzintepa, Xolchayon, Budrach, Zartepa, Hayrobodtepa, Eski Termiz, Kampirtepa, Oqtepa, Mirzaqultepa, Qoratepa, Fayoztepa, Zurmala va boshqa yodgorliklarida olib borilgan keng ko'lamli stratigrafik qazish ishlari natijasida boy materiallar qo'lga kiritildi.

O'zbekiston davlat mustaqilligiga erishgandan so'ng Shimoli-g'arbiy Baqtriyaning kushon davri yodgorliklarni o'rganishning yangi davri boshlandi. Bu davrda xalqaro ekspeditsiyalar tomonidan olib borilgan ishlarning ham ahamiyati oshib, xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda Dalvarzintepa, Qoratepa, Kampirtepa va boshqa yodgorliklar tadqiqotlar olib borildi. Ularda amalga oshirilgan arxeologik qazish ishlarining natijalari Kushon davri tarixi va madaniyatini yangi ma'lumotlar bilan boyitishga xizmat qildi.

Xitoy manbalarida yuechjilar tarixi, ularning Markaziy Osiyo yerlariga kirib kelishi va Kushon davlatining paydo bo'lishiga oid bir qator qisqa ma'lumotlar uchraydi. Jumladan, Sima Syanning "Shitszi" ("Tarixiy xotiralar") yilnomalarida sunnu (xunn) qabilasi hikoyasiga bag'ishlangan qismida yuechji qabilasiga to'g'risida dastlabki ma'lumotlar keltirilgan. Mil. avv. 206-mil. 25 yillarga oid "Tsyanxanshu" ("Katta Xan sulolasi tarixi"), 25-200 yillarga oid "Xouxanshu" ("So'nggi Xan sulolasi tarixi"), 420-479 yillarga oid "Sunshu" (Sun sulolasi tarixi), 386-550 yillarga oid "Veyshu" (Vey sulolasi tarixi) oid kabi manbalarda ham yuechji qabilasi tarixiga oid qisqa ma'lumotlar berilgan.

"Shitszi"da keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, Katta yuechji ko'chmanchi podsholik (sin go) bo'lib, xalqi chorva mollari izidan ko'chib yurgan. Urf-odatlari xunnlarniki bilan deyarli bir xil

bo'lgan yuechji qabilalari dastlab Dunxuan (Gansu) va Silyan (Tsinxay) oralig'ida yashab kelgan.

Mil. avv. III asrning so'nggi choragida yuechji qabilasining qudrati kuchaygan. Bu davrda yuechjilardan g'arbda, Ordosning shimoli-g'arbida kam sonli kuchsiz sunnu (xunn) qabilasi yashagan. Xunnlarning sardori Touman degan shaxs bo'lib, u shanyuy deb atalgan. Usunlar o'z sardorlarini "kunbiy" deb atashgan. Yuechjilar o'z sarkardalarini "yabg'u" ("jabg'u") deb atashgan [H.H.KpaguH: 310]. A. Xo'jaevninng fikricha, yuechji so'zining qadimgi xitoyliklar "ngouzie" yoki "ruzie" shaklida talaffuz qilishgan.

Mil. avv. 163 yilda xunnlar yordamida yuechjilarni mag'lubiyatga uchratib, Markaziy Osiyoning janubiga ko'chishga majbur qildilar. Ularning sharqda qolgan qismi xyao yoki syao, ya'ni kichik-yuechjilar esa Markaziy Osiyoning janubidagi tog' Nanshan (Xitoy) hududida yashab qolgan [E.^.Ehhyphh: 147-151].

Yuechjilarning keyingi hayoti bilan bog'liq ma'lumotlar Chjan Szyan sayohati tafsilotlariga asosida yaratilgan "Tsyanxanshu" (Katta Xan sulolasi tarixi) bayon qilingan. Unda keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra Xitoy da-yuechji katta yoki buyuk yuechjilar usunlar yeri, Yettisuvdan quvilgandan so'ng Guyshuy daryosining chap sohili yerlariga kelib joylashib, o'z poytaxtlariga asos solishgan.

XX asrning 60-90-yillarida yaratilgan ilmiy adabiyotlarda Kushonlar davlati, xususan uning paydo bo'lishida asosiy o'rin tutgan yuechjilar tarixini o'rgangan mutaxasis olimlarning Guyshuy daryosini hozirgi Amudaryo bilan Daxya/Dasyani esa Afg'onistonning shimoliy qismidagi yerlar bo'lganligi to'g'risidagi fikrlari keng tarqalgan.

Nemis mutaxassisi Harri Falkning tadqiqotlari bo'yicha yuechjilarning Guyshuan daryosining o'ng tomonidagi yerlarga mil. avv. 121 yilda kelib joylashgan [H.Falk: 1-2]. Xitoy sayyohi Chjan Szyan mil. avv. 129 yilda yuechjilarni Guyshuy daryosining o'ng sohili yerlarida uchratganligi to'g'risida ma'lumot qoldirgan.

Yuechjilar yurtiga tashrif buyurgan Chjan Syan ma'lumotlarida yuechjilarning yabg'ulari to'g'risida ma'lumotlar uchramaydi. Lekin, B. A. Borovkova Xitoy manbalari ma'lumotlariga asoslanib, yuechjilarning beshta yag'busi (Xyumi, Shuanmi, Guyshuan, Xeytun, Gaofu) va ular tarqalgan hududlar to'g'risidagi ma'lumotlarda mil. avv. I asrning ikkinchi yarmida harbiy sarkardalar va tarixchilar tomonidan to'plangan tarixiy xotiralar jamlangan Syanxanshuda yuechjilar Baqtriyaning Amudaryogacha bo'lgan shimoliy yerlarga mil. avv. 100-99 yillarda ko'chib borgan degan fikrni bildiradi.

Markaziy Osiyoning qadimgi davr tarixida muhim o'ringa ega bo'lgan va katta hududni egallagan Sug'd yoki uning tarkibidagi viloyatlar Xitoy manbalarning qadimgi davrga oid qismlarida uchramaydi. Ularda Katta Yuechjilar yurtidan shimolda Kanguy davlati joylashganligi keltirilgan, xolos. Chjan Syan kelgan davrda Sug'dning shimoliy qismi Kang' davlatining tarkibida bo'lganligi sababli, xitoylik sayyoh Sug'dni tilga olmagan bo'lishi mumkin.

Xitoy manbalarida Davan davlatidan yuechjilar yashagan hududgacha bo'lgan masofa Chjan Szyanning harakat yo'nalishi bo'yicha 2000 li (o'rtacha 900 km. dan ortiq) masofada joylashganligi qayd etilgan. Davan davlatining poytaxti Ershi shahri Mingtepa (Andijon viloyati Marhamat tumani) manzilgohi o'rni bilan qiyoslangan.

Chjan Syan ma'lumotida Guyshuy daryosining chap sohilida joylashgan Daxya/Dasya toponimi antik davriga oid boshqa yozma manbalarda uchramaydi. Daxya o'lkasining antik davri chorvador dax qabilasiga qanchalik aloqadorligi masalasiga ham aniqlik kiritilmagan.

L. M. Levinaning fikriga ko'ra, daxlar Sirdaryoning quyi oqimi o'zanlari hududida yashab, mil. avv. V-III asrlarda Babishmulla va Chirikrabod madaniyatlariga asos solishgan. Mil. avv. III-II asrlardagi Sirdaryo o'zanlari o'zgarishi oqibatida boshlangan qurg'oqchilik tufayli ushbu madaniyatlar inqirozga uchrab, Arshak boshchiligidagi daxlar Shimoliy Parfiyaga ko'chib o'tgan.

Arxeolog R. X. Suleymanov fikriga ko'ra, Qarshi shahri hududida joylashgan Zahhoki Moron qal'asiga Quyi Sirdaryo hududidan ko'chib kelgan dax qabilasiga mansub aholi tomonidan asos solingan. Naxshab hududlari mahalliy eroniyzabon daxlarning hukmronligi ostida bo'lgan [Р.Х.Сулейманов: 26-28]. Shunga ko'ra mil. avv. II asrda daxlar gegemonlik qilgan Janubiy Sug'd yerlari ularning nomi bilan yuritilgan bo'lishi mumkin. Chjan Szyan kelgan paytda, Guyshuan nomi bilan tilga olingan yuechjilar Qashqadaryoning o'ng tomonidagi chorvachilik uchun qulay bo'lgan joylarda yashagan. Markaziy shahri Qal'ai Zahhoki Moron bo'lgan Daxya yurti joylashgan. Nemis olimi H. Falk hisobi bo'yicha Davan davlatidan Katta yuechjilar yurtigacha 2000 li (1 li = 2,74 km.) 725 km. ni tashkil etib, taxminan Qashqadaryo o'zanigacha bo'lgan masofaga to'g'ri kelishi Chjan Szyan fikrini tasdiqlaydi.

Yuechjilarning yuqorida keltirilgan beshta yag'buliklari (xi-xeu): Xyumi (Xouxanshu), Shuanmi, Guyshuan, Xeytun (Xisye), Gaofu (Dumi)lar taxminan mil. avv. I asrning ikkinchi yarmida Shimoliy Baqtriya hududlarida o'troqlashib, alohida ma'muriy markaz bo'lgan shaharlariga asos solishgan. Xyumi urug'ining markazi-Xumo shahri, Shuanmi-Shuanmi, Xeytun-Bomo, Guyshuan-Xodzo (Xotso) va Gaofu-Gaofu shahri bo'lgan. Ulardan Guyshuan urug'ining markaziy shahri-Xodzo G. A. Pugachenkova tomonidan Dalvarzintepa manzilgohi bilan qiyoslangan. Y. V. Zeymalning fikricha, Shuanmi urug'i Janubiy Tojikiston yerlarida yashagan. Nemis mutaxassisi Harri Falkning xaritasida yuechjilarning Gaofu urug'i Baqtriyaning g'arbida Ko'hitang tog'ining janubiy etaklaridagi yerlarga, Guyshuan urug'i esa yuqori Surxon hududida joylashganligi ko'rsatilgan. Aksincha, nemis olimasi R. Tasob yuechjilarning barcha urug'larini hozirgi Janubiy Tojikiston va Shimoliy Afg'oniston yerlarida yashaganligi to'g'risidagi fikrni ilgari surgan [R.Taasob: 112]. Fikrimizga ko'ra, yuechjilarning ikkita urug'i Shimoli-G'arbiy Baqtriya yerlarida tarqalgan. Surxon vohasida joylashgan Guyshuan yag'busi tarqalib, markaziy shahri Xodzo Dalvarzintepa atroflariga va Gaofu yag'busi esa Sherobod vohasi yerlariga joylashib, Zartepa manzilgohi yoki Sherobod vohasi hududlarida faoliyat yuritgan.

Yunon va rim mualliflari asarlarida yuechjilarning hujumi arafasida Yunon-Baqtriya davlatining siyosiy hayotida murakkab jarayonlar kechganligi qayd qilingan. Qadimgi Rim tarixchisi Pompey Trog (mil. avv. I asr) Oks ortida sak (skif) qabilalari sarauk va assiyan, qabilalari istiqomat qilganligini ta'kidlagan. Strabon keltirgan ma'lumotlarga qo'ra, Yunon-Baqtriya podsholigining qudrati susaygan paytda Sug'diyonaga saklarning assi, asiyan, toxar, sakarouk qabilalari hujum qilib, uni zabt etishgan. Oradan ko'p o'tmasdan ko'chmanchilar Yunon-Baqtriya davlati yerlarini bosib olishgan [Страбон]. Yustin keltirgan ma'lumotlarga ko'ra, mil. avv. 128 yilda Parfiya davlati hukmdori Fraat I va mil. avv. 124 yilda uning vorisi Artaban saklar bilan bo'lgan urushda halok bo'lishgan [Юстин]. Bundan tashqari, E. V. Rtevaldze Pompey Trogning ma'lumotlariga tayanib, yuechjilar assin qabilasini o'zlariga bo'ysundirgan, degan xulosaga kelgan.

Shuni alohida ta'kidlab o'tish joizki, V. V. Tarn Strabonning ma'lumotlarida qayd qilingan toxarlarni yuechjilar bilan bitta qabila, deb hisoblagan [W.W.Tarn: 288-290]. Ko'pchilik g'arblik mutaxassislar ushbu fikrni tasdiqlashgan. E. V. Rtveladze ularning fikrini ma'qullagan holda

yuechjilarni eroniy tilli qabila sifatida tavsiflaydi, aksincha L.M.Svechkov esa ularni hind-evropa tillar oilasida gaplashgan aholi sifatida qayd etgan. Ayrim g'arblik va mahalliy tarixchi mutaxassislar yevrotsentristik nuqtai-nazarda yuzaki va lingvistik jihatda asoslanmagan xulosalarni chiqarishgan. Jumladan, Y. A. Davidovich xitoy manbalari ma'lumotlarga asoslanib, yuechjilarning Baqtriya hududidagi tarixiy taraqqiyotining uch bosqichini ajratib ko'rsatgan. Birinchi bosqichda (mil. avv. 139-125 yillar) Katta yuechjilar Shimoliy Baqtriya hududini, aniqrog'i Guyshuy (Amudaryo) daryosining o'ng sohili egallab, daryoning chap sohili yerlari katta yuechjilarga tobe bo'lgan.

Ikkinchi bosqichda ("Tsyanxanshu" manbasi bo'yicha, mil. avv. 25 yillarigacha bo'lgan davri), katta yuechjilar davlatining shakllanishi va rivojlanishi jarayoni kechgan. Tadqiqotchining fikriga qaraganda davlat poytaxti Amudaryodan shimolda joylashgan bo'lib, janubiy chegara Gibin, ya'ni Kashmir yoki Ganxara o'lkasigacha bo'lgan hudud hisoblangan.

Uchinchi bosqichda ("Xouxanshu" salnomasi bo'yicha milodiy 125 yillargacha bo'lgan davr) katta yuechjilar davlatining inqirozga yuz tutishi va bo'linib ketishi, mustaqil yabg'uliklarning tashkil topishi jarayoni kechgan. Bu davrda poytaxt shahri Lanshi bo'lib, Guyshuan urug'idan bo'lgan Kiotszyuko (Kudjula Kadfiz (mil. 30-57 yy.) qolgan to'rtta urug'larni bo'ysundirib, Kushonlar davlatiga asos solgan.

Y. A. Davidovich esa yuechji qabilalar ittifoqidan tashkil topgan Kushon podsholigi tarixining ikkinchi bosqichida uning poytaxti Amudaryoning o'ng sohilida bo'lgan, deb hisoblaydi. Ammo Syanxanshuda keltirilgan poytaxti Ganshi shahri ayrim mutasislarning fikriga ko'ra, Shimoliy Afg'oniston hududida joylashgan Baqtr shahriga qiyoslangan. Yuqorida ta'kidlanganidek, G. A. Pugachenkovaning fikriga ko'ra, birinchi bosqichda Kushon davlatining poytaxti daryoning o'ng sohilda Dalvarzintepa manzilgohi o'rnida faoliyat yuritgan Xodzo shahri hisoblangan.

Amudaryoning o'ng sohilida ko'chmanchi chorvador qabilalarning moddiy madaniyatiga oid arxeologik yodgorliklar, xususan, aholi manzillari, ko'hna shahar xarobalari va qabr-qo'rg'onlar Kushonlar davlati va uning asoschisi bo'lgan yuechjilar to'g'risida qimmatli ma'lumotlar taqdim etgan. Lekin moddiy manbalarning aniq yoki mutlaq sanasi bo'yicha yetarli ma'lumotlarning mavjud bo'lmaganligi sababli ayrim masalalar hali oydinlashmagan.

Yuechjilar qabilasi Shimoliy Baqtriya yerlari kelib joylashgandan keyin ma'lum muddat azaliy ko'chmanchilik turmush tarzini davom ettirib, tog' va tog' oldi hududlarida hayot kechirganlar. Keyingi bosqichda taxminan mil. avv. I asrlar davomida o'troq hayot tarziga o'ta boshlagan. Shimoliy Baqtriyadagi Dalvarzintepa, Xolchayon manzilgohlarining ikkinchi bosqichi va Zartepa manzilgohining shakllanishi mazkur davrga oid bo'lib, yuechjilar tomonidan o'zlashtirilgan.

Yuechjilar o'troq hayot tarziga o'tganlaridan so'ng ko'chmanchilarning davlatmand va amaldor qatlami vakillari o'troq aholi manzillari va shaharlarni egallab, ularda qayta qurish va obodonlashtirish ishlarini olib borgan. Dalvarzintepa o'rnida bo'lgan shahar taraqqiyotining keyingi bosqichi yuechjilar davriga oid bo'lib, uning ikkinchi bosqichida, mil. avv. II-I asrlarda qayta qurilish ishlari, ya'ni qo'shimcha muhofaza devori bilan kuchaytirilib, rivojlangan markazga, ya'ni yuechjilar ittifoqining poytaxtiga aylangan. Bu davrda Zartepa o'rnida ham shahar markazi shakllangan. Arxeologik ma'lumotlarning guvohlik berishiga qaraganda shaharning mudofaa devori mil. avv. I asrda, ya'ni yuechjilarning o'troqlashgan davrida qurilgan.

Yuechjilar moddiy madaniyati bo'yicha qimmatli ma'lumotlar beradigan qabr inshootlari o'z davrida Baqtriyaning shimoli-g'arbiy hududiga kirgan qo'shni Turkmanistonning Chorjuy viloyati hududlarida (Babashov), Janubiy Tojikistonning Kofirnahr vohasi yerlarida, Bobotog'ning janubi-g'arbiy yon bag'irlarida (Tulxar, Oriqtov) va Dang'ara tumani (Kserov) hududlarida aniqlangan. Yaqin yillargacha Surxondaryo viloyati hududidan ilk Kushon davri tarixiga oid chorvador qabilalarga tegishli dafn inshootlari topib o'rganilmagan edi. O'tgan asrda Ayritomdan aniqlangan qabr inshootlari mahalliy o'troq dehqon aholisiga tegishli deb hisoblanib kelingan.

O'tgan asrning oxirlarida Boysun tumani Rabot qishlog'ida o'rganilgan qabr inshootlaridan chiqqan moddiy ashyolarni tadqiqotchilar milodning birinchi asriga oid deb hisoblashgan. 2017-2018 yillarda O'zbekiston-Xitoy qo'shma arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan Rabot qishlog'ida tadqiqot ishlari qayta tashkil etilib, 94 ta yorma-katakomba (lahat) qabrlarni qazib o'rgangan. Qabrlar mil. avv. II asr- milodiy I asrlarga oid. Shuningdek, ushbu ekspeditsiya Uzun tumani Serharakat qishlog'ida o'troqlashgan yuechjilarga oid shahar tipidagi Beshkapa manzilgohida yashagan aholiga tegishla qabr qoldiqlarini ham o'rgangan.

A. M. Madelshtam va Babashovlar Oriqtov va Tulxar qabr-qo'rg'onlarini mil. avv. II-I asrlarga oid deb hisoblashib, ko'chmanchi yuechji qabilalari bilan bog'lashgan [А.М.Мадельштам: 5-128]. Aksincha B. A. Litvinskiy va Z. A. Sedovlar ushbu qabr-qo'rg'onlarning aksariyat qismini milodiy I-II asr bilan bog'lashib, Baqtriyaning mahalliy ko'chmanchi aholisiga tegishli bo'lgan yoki kushonlar davlati paydo bo'lgandan keyin ko'chib kelgan chorvadorlarga tegishli deb hisoblashgan. Y. P. Denisov Dang'ara tumanidagi Kserov yoki qabr qo'rg'onlarining eng qadimgisini kamida mil avv. II asrning oxiriga oid deb hisoblaydi. Ulardan topilgan materiallar, xususan ayrim sopol buyumlarning shakllari Babashov va Tulxar qabr-qo'rg'on topilmalari bilan o'xshashlik mavjudligi qayd etilgan.

V. M. Masson Dalvarzintepa manzilgohining yuechji-Kushon davri madaniy qatlamidan topilgan past bo'yli, keng tagli ko'zalarni Shimoliy Baqtriyaga ko'chmanchi chorvadorlar tomonidan olib kelingan, deb hisoblaydi. Shunga o'xshash sopol buyumlarning namunalari Babashov va Oriqtov qabrlaridan ham topib o'rganilgan.

Shimoli-g'arbiy Baqtriyaning yuechjilar yoki ilk Kushon davriga oid manzilgohlarning shakllangan davri yoxud mazkur davrlarga oid madaniy qatlamlarda radiokarbon analizi bo'yicha ma'lumotga ega emasmiz. Bu yerdagi Xolchayon, Zartepa manzilgohlari ham shu davrga oid. Dalvarzintepa manzilgohining ikkinchi bosqichi mazkur yodgorliklar bilan tengdosh. Bu yodgorliklar o'troqlashgan yuechji qabilalarining shahar markazini tashkil etgan. H. Falkning xaritasi bo'yicha yuechjilarning Gaofu urug'i Surxondaryoning g'arbiy chekkasiga joylashgan bo'lib, uning markazi Zartepa o'rnidagi shaharda faoliyat yuritganligi keltirilgan.

Yuechjiylar tarixini davri ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotini o'rganishda numizmatik materiallar muhim o'rin tutadi. Shimoliy Baqtriyada ko'chmanchi yuechjilar davlati vujudga kelgandan keyin hokimiyat zimmasida inqirozga uchragan mamlakatning iqtisodini tiklash vazifasi turgan. Uni yo'lga qo'yish uchun birinchi navbatda ichki bozor talablaridan kelib chiqib, tanga pullar zarb qilish talab etilgan.

Kushon davlatining dastlabki bosqichida Shimoliy Baqtriya hududida Yunon-Baqtriya hukmdori Gelioklning ko'chmanchilarga xos usulda zarb qilingan tangasi podshox Yevkratid (mil. avv. 171-150 yy.) oboliga taqlid qilib zarb qildirgan tangalari, Parfiya hukmdori Fraat IV (mil. avv. 38-3/2) yy)ning Fraatak (mil. avv. III-mil. III y.) tangalariga taqlid qilib zarb qildirgan

tangalari, Sapadbiz tangalari, Kushon (Geray) tetradirahma va obollari topilgan. Ushbu tangalarning namunalari Baqtriyaning G'arbidan topilib, ular mazkur hududlarda zarb qilingan va muomalada bo' lgan.

Tanga pullarning eng qadimgisi Yunon-Baqtriya podshosi Gelioklning tangalariga (old tomonida noma'lum hukmdorning boshi, orqa tomonida yunonlarning Zevs ma'budi tasviri) taqlid qilib chiqarilgan namunasi hisoblanib, ular asosan Surxondaryo hududi yerlardagi yodgorliklardan topib o'rganilgan. Bunday tanga pullar Janubiy Tojikiston hududida kam uchraydi, Shimoli-sharqiy Afg'onistonda ham ularning sanoqli qismigina topilgan. Vaqt o'tishi bilan tangalarga Zevs o'rniga otning tasviri tushirilgan. Ot ko'chmanchi chorvador qabilalar hayotida muhim o'rin tutib, tadqiqotchilar uning yangi davlat paydo bo'lyotganligining belgisi sifatida tavsiflashgan. Bunday tangalar ko'proq Surxondaryoda vohasining Dalvarzintepa va Xolchayon manzilgohlari va ularning atroflaridan topilgan bo'lib, bu G. A. Pugachenkovaga yangi davlatning poytaxti Dalvarzintepa manzilgohi o'rnida bo'lganligi to'g'risida xulosa chiqarishiga asos bo'lgan.

Yangi davlat taraqqiyotining keyingi bosqichida tanganing old tomonidagi shohning tasviri ham o'zgarib, tadqiqotchilar uning yuz qiyofasini Xolchayon manzilgohidan topilgan haykachalarga o'xshashligini ta'kidlashgan. Tanganing orqa tomonida otliq kishining tasviri va yunon harflarida bitilgan hukmdor, Geray, o'qilmagan noma'lum so'z va guyshuan-kushon so'zlari joylashgan. Demak yangi podsholikning birinchi hukmdori Geray ismli shaxs Geray Sanab tangalari mil. avv. I asrning oxiri yoki milodiy I asrning birinchi yarmi bilan sanaladi.

Surxondaryoning g'arbiy qismida old tomonida hukmdor, orqa tomonida yirtqich hayvon va tamg'a tushirib zarb qilingan Sapadbiz va Agisilez tangalari topilgan. Bu tanga pullar mil. avv. I asrning oxiri-milodiy I asrning boshlari bilan sanalib, Soter Megas (Vima Takto) tangalarining ommaviy chiqarilganigacha muomalada bo'lgan E. V. Rtveladzening fikriga ko'ra, bu hududni Sapadbiz nomi bilan yuritilgan hukmdor tomonidan boshqarilgan. Sapadbiz yuechjilarning g'arbiy qismida joylashgan Gaofu urug'ining sardori, ya'ni yag'busi bo'lgan.

Geray Sanab hukmronlik qilgan davrda Guyshuanlar urug'i kuchayib, boshqa qolgan to'rt urug'ni o'ziga birlashtirgan. Geray Sanab nomidan chiqarilgan tangalar Amudaryoning o'ng sohilida joylashgan Surxondaryo va Janubiy Tojikiston hududlarida ko'proq topilgan. Demak Geray Sanab dastlab Amudaryoning o'ng sohilidagi yerlarni egallab, keyin Amudaryoning chap sohillariga o'z ta'sirini o'tkazgan.

Qadimgi Xitoy solnomasi "Xouxanshu"da berilgan ma'lumotda yuechjilarning beshta urug'i Guyshuan daryosining o'ng tomoniga kelib joylashgandan so'ng oradan yuz yildan ortiqroq vaqt o'tib, Guyshuan urug'idan bo'lgan qabila sardori "Kiodzyukyu" (Kudjula Kadfiz) taxt uchun kurashlarda qolgan to'rt urug'ni bo'ysundirib, o'zini Guyshuan (Kushon) hukmdori deb e'lon qilgan.

Kudjula Kadfiz parfiyaliklarning Baqtriyaning janubi-g'arbiy hududlariga qilgan tajovuzlariga qarshi kurashgan. Biroq, siyosiy vaziyat va harbiy kuchlar nisbati uni Qobul hududlariga ketishga majbur qilgan. Kudjula Kadfizning asta-sekin harbiy qudratlarini oshib borishi, qo'shni hududlarni egallab olishga imkon berdi. Natijada yabg'u Kudjula Kadfiz davrida Shimoliy Afg'oniston yerlari qo'shib olingan.

Kudjula Kadfiz zarb qildirgan tangalarda "Soter Megas" so'zi ham keltirilgan. G. A. Pugachenkova bu hukmdorning unvoni bo'lgan, deb hisoblaydi. V. M. Masson Kudjula Kadfiz butun Baqtriyani egallagandan keyin shu unvonga sazovor bo'lgan to'g'risidagi fikrni bildirgan. B. Y. Staviyskiy Kudjula Kadfiz tangalarinining shimoliy Baqtriya hududidan kam

sonli nusxasining topilishiga ishora qilib, Surxondaryo vohasi Kushon davlati tarkibiga uning asoschisi hukmronligi davrida ma'lum bir vaqt nomigagina bo'ysungan, degan hulosaga kelgan.

Kudjula Kadfiz hukmronligi davrida Baqtriya hududida Kushon podsholigi qaror topadi. Mamlakat poytaxti hozirgi Shimoliy Afg'oniston hududidagi Baqtr shahriga ko'chirilgan. Mamlakat poytaxti Xitoy manbalarida Lanshi shahri nomi bilan keltirilgan. Kudjula Kadfizning vorislari Vima Takto (mil. 80-90 yy.), Vima Kadfiz (mil. 80-103 yy.) davrida mamlakat har tomonlama mustahkamlanib, uning qudrati kuchgan. Ayniqsa, podshox Kanishka I (mil. 127-150 yy.) davrida mamlakatning hududi Hindistonning shimoliy qismigacha bo'lgan yerlarga kengayib, mamlakat qudrati kuchaygan davrda Shimoli-g'arbiy Baqtriya yerlari Kushon imperiyasining muhim ijtimoiy-siyosiy va madaniy markazlaridan biri sifatida ahamiyatini saqlab qoldi.

Kanishka I davrida mamlakat hududi Hindistonning shimoliy yerlarigacha kengayib, yirik imperiyalardan biriga aylangan, poytaxt Peshevorga ko'chirilgan. Shimoliy-g'arbiy Baqtriya mamlakatning shimoliy qismidagi muhim strategik ahamiyatga ega bo'lgan viloyatni tashkil etgan. Kushon davlatiga harbiy xavf asosan shimoli-g'arbiy tomondan bo'lganligi sababli, ushbu hududga alohida e'tibor qaratilgan. Surxqo'tal (Chashmai Shir) yozuvlarida Nakonzok ismli noib, Ayritomdagi Xuvishka ibodatxonasida baqtriyaliklar tilida bitilgan yozuvda Shodiya yoki Rodiya ismli kishining nomi keltirilgan. E. V. Rtveladzening fikriga ko'ra, u Kushon davlatining Shimoliy-g'arbiy Baqtriyadagi vakili, ya'ni noibi bo'lgan [Э.В.Ртвеладзе: 11]. Umuman Shimoliy-g'arbiy Baqtriya yerlari Kushon davlatining katta-kichik ma'muriy-hududiy tuzilmalardan tashkil topib, uning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida muhim o'rin tutgan.

Kanishkaning vorislari (Vasudeva, Kanishka III) hukmronligi davrida mamlakat qudrati susaya boshlagan. Ayrim tadqiqotchilar bu davrda Kushon davlati janubiy va shimoliy qismlarga bo'linib ketgan edi, degan fikrni ham bildirganlar.

III asrning ikkinchi choragining oxirida Shimoliy Baqtriya yerlari Eron sosoniylar tomonidan bosib olinib, ularga qaram bo'lib qolgan. Kushon davlati sosoniy hukmdorlari tomonidan boshqarilgan.

Maqolada yuejchilarning Baqtriyadagi tarixiga oid ilmiy ishlanmalarga asoslanib, ular asos solgan davlatchilik Markaziy Osiyo va Hindistonning qadmigi davr tarixida chuqur iz qoldirgan degan xulosaga keldik.

Kushonlar davlati vujudga kelgandan keyin shaharsozlik madaniyati taraqqiyotining kuchayishi davlat ichkarisida tinchlikning qaror topishi mamlakat iqtisodiy qudratining oshishida muhim o'rin tutgan. Shimoli-g'arbiy Baqtriyaning Buyuk Ipak yo'li chorrahasida joylashganligi yangi madaniy yutuqlarning o'lkaga kirib kelishini ta'minlagan va ular o'lkaning har tomonlama taraqqiy etishiga ijobiy ta'sir qilgan. Kushon davlati inqirozga uchragandan keyin o'lkadagi shaharlar turg'unlik davrini boshidan kechirdi. Kushon-sosoniylar davrida o'lkaning ko'pgina shaharlarida taraqqiyot susaya boshladi va oxir-oqibatda ularning inqirozi bilan yakunlandi.

ADABIYOTLAR

1. Маев H.A. Долина Сурхана. Туркестанские Ведимости. - 1879. - №36. - С. 176.

2. Пославский И.Т. О развалинах Термеза (Путевой очерк). ПTКЛA, I, 1896. - С. 1-17;

3. Гейер И.И. Путеводитель по Туркестану. - Ташкент, 1901. - 251 с.

4. Кастальский Б.Н. Историко-географический обзор Сурханской и Ширабадский долин // Вестник ирригации. - Ташкент, 1930. - №1-2.

5. Умняков И.И. Архитектурные памятники Средней Азии. Исследования, ремонт, реставрация, 1920-1928 гг. Часть I, 1929. - 40 с.;

6. Денике Б.П. Экспедиция Музея восточных культур в Термезе // Культура Востока, T.I., - M., 1928. - С. 45.;

7. Стрелков А.С. Зурмала или Катта-тюпе // Культура Востока. - M., 1927. - Вып.1. - С. 27-30; Стрелков А.С. Доисламские памятники древнего Термеза // Культура Востока, T.I, - M., 1928.- С. 45.

8. Массон М.Е. Находки фрагмента скульптурного карниза I в. н.э // Известия Узкомстариса, - Ташкент, 1933. - С. 56-57; он же: Скульптура Айртама // Искусство. -Ташкент, 1935. - №2. - С. 35; он же: Городище Старого Термеза и их изучение // Тр. УзФАН СССР. Сер. I. - Ташкент. 1940. - Вып.2. - С. 20-21; он же: Работы Термезской археологической комплексной экспедиции (ТАКЭ) 1937 и 1938 гг. // Тр.ТАКЭ, II. - Ташкент, 1945. - С. 4-5.

9. Жуков В.Д. Археологическая разведка на шахристане Хайрабад-тепе // История материальной культуры Узбекистана. Изд-во АН УзССР. -Ташкент, 1961. - Вып.2. -С. 177-191; Полевые работы Узбекистанской археологической экспедиции в 19541955 гг. ИМКУ. - Ташкент, 1959. - №1, - С. 219.

10. Альбаум Л.И. Балалык-тепе. К истории материальной культуры и искусства Тохаристана. - Ташкент: АН УзССР, 1960. - 228 с.

11. Пугаченкова Г.А. Халчаян (К проблеме художественной культуры Северной Бактрии). - Ташкент: Фан, 1966. - 286 с.; он же: Новое в изучении Дальверзин-Тепе // СА. - 1971. - №4. - С. 186-203; Пугаченкова Г.А., Ртвеладзе Э.В. и др. Дальверзинтепе-кушанский город на юге Узбекистана.- Ташкент: Фан, 1978. - 240 с.

12. Ставиский Б.Я. Основные итоги раскопок Кара-тепе в 1961-1962 гг.// Кара-тепе -буддийский пещерный монастырь в Старом Термезе. - М.: Наука, 1964. - 110 с.; он же: Четверть века на Каратепе. - Ташкент: Узбекистан, 1986. - 66 с.; он же: Основные итоги раскопок Кара-тепе в 1963-1964 гг. // Кара-тепе - буддийский пещерный монастырь в Старом Термезе. - М.: Наука, 1969. - С. 7-31.

13. Крадин Н.Н. Империя Хунну. - М.: Логос, 2002. - 310 с.

14. Бичурин Б.Я. Собрание сведений о нородах обытавших Средней Азии в древние времена. Т.П. - М-Л., 1950. - С. 147-151.

15. Falk H. The Five Yabghus of the Yuezhi. Bulletin of the Asia Institute New Series // Volume 28., 2014. - Pp. 1-2.

16. Сулейманов Р.Х. Древний Нахшаб (проблемы цивилизации Узбекистана VII в. до н.э-VII в.н.э.). - Самарканд-Ташкент: Фан, 2000. - С. 26-28.

17. Taasob R. Early Kushan Coinage in the Context of Exchanges and Contacts across the Indo-Iranian Borderlands. - Vienna, 2016. - P. 112.

18. Страбон. География в 17 книга. Перевод Г. А. Стратановского.- М.:Наука, 1964.-944 с.

19. Юстин, XLII, l, l.; 2,2; 2,5. Помпей Трог, XLII.

20. Тагп W.W. The Greeks in Bactria and India. 2nd ed. Cambridge, 1951. - Pp. 288-290.

21. Мадельштам А.М. Памятники кочевников кочевников Кушананского времени Северной Бактрии. - Л., 1975. - С. 5-128.

22. Ртвеладзе Э.В. Кушанское царство: династии, государство, народ, язык, письменность, религия. Историческая библиотека. - Ташкент, 2019. - С.11 .

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.