Научная статья на тему 'PROFESSIONAL TEATRLARDA TARIXIY SHE’RIY DRAMALAR USTIDA ISHLASH MASALALARI'

PROFESSIONAL TEATRLARDA TARIXIY SHE’RIY DRAMALAR USTIDA ISHLASH MASALALARI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
130
15
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
Drama / nutq / shart-sharoit / qahramon / dramaturgiya / aktyor / rejissor

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Umidaxon Boltaboyeva

Ushbu maqolada professional teatrda tarixiy she’riy dramalar ustida ishlash, uning tarixiyligini, badiiy-estetik xususiyatlarini va tomoshaviyligini ta’minlash uchun sahna vositalari yordamida asarda tasvirlangan muhitni aks ettirish, qahramonlar nutqi ustida sinchkovlik bilan ishlash masalalari haqida hikoya qilinadi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «PROFESSIONAL TEATRLARDA TARIXIY SHE’RIY DRAMALAR USTIDA ISHLASH MASALALARI»

PROFESSIONAL TEATRLARDA TARIXIY SHE'RIY DRAMALAR USTIDA

ISHLASH MASALALARI

Umidaxon Boltaboyeva

O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg'ona mintaqaviy filiali

Annotatsiya: Ushbu maqolada professional teatrda tarixiy she'riy dramalar ustida ishlash, uning tarixiyligini, badiiy-estetik xususiyatlarini va tomoshaviyligini ta'minlash uchun sahna vositalari yordamida asarda tasvirlangan muhitni aks ettirish, qahramonlar nutqi ustida sinchkovlik bilan ishlash masalalari haqida hikoya qilinadi.

Kalit so'zlar: Drama, nutq, shart-sharoit, qahramon, dramaturgiya, aktyor, rejissor.

ISSUES OF WORKING ON HISTORICAL POETIC DRAMAS IN

PROFESSIONAL THEATERS

Umidakhon Boltaboyeva Fergana regional branch of Uzbekistan State Institute of Art and Culture

Abstract: This article tells about the issues of working on historical poetic dramas in professional theater, reflecting the environment depicted in the work with the help of stage tools, carefully working on the characters' speech to ensure its historicity, artistic-aesthetic features and audience.

Keywords: Drama, speech, conditions, character, dramaturgy, actor, director.

Ma'naviy merosimizni, o'tmish qadriyatlarini har tomonlama, keng o'rganish hozirgi milliy badiiy madaniyatimizning ravnaqi uchun zarurdir. Bu o'z navbatida milliy ong, milliy g'ururni kuchaytirish, tariximiz ajdodlar xotirasiga hurmat-e'tiborni oshirish, xalq mehnatini qadrlash, vatanga mehr-sadoqat tuyg'usini shakllantirish, kelajak hayotni oqilona tashkil etish uchun ham xizmat qiladi. Shuningdek, o'tmishda yuz bergan voqea va hodisalarni chuqur bilish, ulardan tegishli xulosalar chiqarish o'tmishda yo'l qo'yilgan xato va nuqsonlarni takrorlashning ham oldini oladi. Mustaqillik yillarida jamiyatda ma'naviy yuksalishga erishish yo'lidagi faollik o'zbek teatrlari sahnasida ham sezila boshlagani quvonarli hol bo'ldi. Bu dramaturgiyada dolzarb va muhim tarixiy mavzularda she'riy dramalarning tug'ilishi bilan xarakterlanadi. Professional teatrda tarixiy she'riy dramalar ustida ishlash, uning tarixiyligini, badiiy-estetik xususiyatlarini va tomoshaviyligini ta'minlash uchun sahna vositalari yordamida asarda tasvirlangan muhitni aks ettirish masalasi katta ahamiyat kasb etadi. Chunki muhit tasviri

tomoshabinning davrni, qahramon kurashi va shaxsiyatini to'g'ri tushunishga, tasawurini kengaytirishga yordam beradi. Shuning uchun ham dramaturglar, sahna ijodkorlari bu masalaga alohida e'tibor berishlariga to'g'ri keladi. Drama va sahnada muhit tasviri deganda, qahramon yashayotgan va kurash olib borayotgan makonni, atrofidagi qurshovni, shart-sharoit, vaziyat va hatto u nafas olayotgan havoni tushunamiz. Har qanday spektaklda, ayniqsa, tarixiy mavzu talqinida shular bo'lmasa, qahramon zaminini, tirgovichini, makonini yo'qotib qo'ygan afandimijoz shaxsga o'xshab qoladi. Sahna asarida qahramon yashayotgan va kurash olib borayotgan muhit tasvirini yaratish esa faqat rejissor va aktyorlarga bog'liq ish emas, balki bu jarayonda spektakl yaratishda qatnashuvchi barcha ijodkorlarning bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishlariga bog'liq ishdir. Shuningdek, muhit tasvirini yaratish uchun qahramon rolidagi ijrochi bilan voqealarda qatnashuvchi barcha personajlar rollarining ijrochilari ansamblda yashashlari talab etiladi. Holatlarga kirib, muayyan vaziyatlarda yashashga va asosiy qahramonning xatti-harakatlari, muayyan g'oyalar uchun kurashida uning yonini olib yoki unga qarshi turib harakat qilar ekanlar, aktyorlar birinchi galda so'zga, dialog va monologlarga tayanib, ularning tag ostida yashiringan ma'nolargacha ochishga intilib ish ko'radilar. Drama she'riy bo'lganda, aktyorlarning mas'uliyati yanada oshadi. Tarixiy she'riy dramalarning tarixiyligi va badiiyligini tomoshabinga tushunarli va ta'sirli tarzda yetkazib berish dramaturg, rejissor va aktyordan yuksak mahorat talab etadi. Xo'sh, buning uchun asosiy markaz nima bo'lishi kerak? Sahna nutqi mutaxassislardan biri V.I.Gurov shunday degan edi: «She'riy spektakl ustida ishlash, janr xususiyatlarini ochish jarayonida aktyor va rejissor o'zlarida paydo bo'ladigan barcha muammolarni so'z kuchini oshirish bilan hal qilmog'i lozim». Bunday muhit tasviri she'riy asarning nihoyatda pishiq ishlangan so'zida va tilida ifodalanishi shart, degan fikr kelib chiqadi. So'z ustida ishlashning har xil bosqichlari bor, albatta. Birinchi bosqich aktyor va rejissor uchun so'z - bu topishmoq vazifasini o'taydi, ya'ni so'z tagida qanday ma'no yashiringanini o'ylab topishga va shunga ko'ra berilgan shart-sharoitni aniqlashga majbur bo'ladi. Spektaklda rejissor va aktyorlarning ishi pesadagi she'riy matnni xatti-harakatli so'zga, ya'ni nutqqa aylantirish va bunda ma'lum va o'ziga xos usullarni qo'llash bilan belgilanadi. Aktyorlik san'ati tajribalaridan ma'lumki, tarixiy she'riy spektakllarda she'riy matn aktyorlar nutqida har xil usulda jaranglagan. Bu nafaqat aktyorlarning ijro uslubiga, balki rejissorning spektakldan ko'zlagan maqsadi bilan ham bog'liq masaladir. Ta'kidlash joizki, spektaklning darajasi rejissorning she'riyatga bo'lgan munosabati bilan ham belgilanadi. Rejissor spektakl orqali she'riy nutqning go'zalligini, uning ta'sir kuchini va shu orqali tarixiy davr ruhini yetkazmoqchi bo'lishi ham mumkin. Yoki aksincha, aktyorlardan asar g'oyasini ochish uchun she'riy matnni iloji boricha prozaik nutqqa aylantirib ijro etishni talab qilishi ham mumkin. Bu albatta, rejissorning maqsadi va uslubiga bog'liq hodisadir.

A.Tovstonogov «p'esa qachonki she'riy uslubda yozilgan bo'lsa, tabiiyki, aktyorning oldida qator qiyinchiliklar tug'iladi. Qahramonning hayotini prozaik usuldan farqli ravishda she'riy formada bayon qilib berish kerak. Lekin ilgari bo'ladigan fikr metodika asosida davom etib ketaveradi. Shuningdek rejissorda ham so'z ustida ishlash jarayoni ancha og'ir kechadi. Bunda rejissordan tahlil va metod masalasiga ehtiyotkorlik bilan yondashish talab etiladi», - deb yozgan edi. Tarixiy asar yaratishda rejissor eng avval sahnada muhit tashkil qila olishi muhimdir. Shundan so'ng tarixiy muhitda yashovchi kishilarni tasvirlashga o'tiladi. Bunda bir-biri bilan chambarchas bog'liq bo'lgan ko'pgina masalalar mavjud. Spektaklda ishtirok etuvchi tarixiy qahramon o'z atrofini o'rab turgan kishilar bilan o'zaro munosabatda bo'ladi va sahnada muhit paydo qiladi. Tarixiy spektakllarning mazmuni, bir vaqtning o'zida turli sabablar oqibatida sodir bo'ladigan voqealar tomoshabinni hayratga soladi. Uzluksiz davom etadigan yangi-yangi voqealar esa qatnashuvchi shaxslarni yangi shart-sharoitga va yangi muhitga olib kirishi mumkin. Aktyor sahnada asarning g'oyaviy mazmuni, voqealar rivoji, personajlar o'rtasidagi o'zaro to'qnashuv va kurashni to'liq holatda rang-barang qilib ifodalab berish uchun sahna nutqining eng muhim unsurlari va usullaridan unumli foydalanishi lozim bo'ladi. Aktyor gavdalantiradigan qahramonining yashagan davri, hayot tarzi, kiyinish madaniyati kabilardan voqif bo'lish bilan bir qatorda muomala va gaplashish maneralarini yaxshi o'zlashtirishi shart. Chunki «muhit aktyorning fikriy xarakterini, hayotiy tempo-ritm va histuyg'usini ochishga imkon yaratib beradi». Aktyorning diqqati, xatti-harakati, ijodiy jarayoni ob'ekt haqidagi bilim va tasavvuri bilan bog'liqdir. Shuningdek, sahnadagi tarixiy muhit o'z-o'zidan paydo bo'lmaydi, u aktyorning his-tuyg'usi, holati, nutqidagi intonatsiyalarning rang-barangligi bilan barcha tasviriy (bezak, libos, buyum, nur, shu'la va hakozo), musiqa va shovqinlari uyg'unlashib ketishidan hosil bo'ladi. Aktyor tarixiy sharoitda yashay olishi, umuman, to'g'ri xatti-harakatni qo'lga kiritishi shart. Aks holda tomoshabin ko'z o'ngida muhit yorqin namoyon bo'lmaydi. Mixail Chexov aktyorlik san'atida tarixiy muhit yaratish bobida shunday deb yozadi: «Qalb - bu muhit, ko'rish va eshitish kabilar uning tanasidir». Demak, tarixiy muhit avvalo aktyorning qalbida yaratilishi kerak ekan. Mustaqillik yillarida yaratilgan yangi she'riy dramalar va ularning sahna asariga aylanib, tomoshabin qalbidan chuqur o'rin olganligi rejissorlar va teatrlarimizning yetakchi aktyorlari mahorati bilan belgilanadi.

O'zbek teatri sahnasida mujassamlashtirilgan tarixiy she'riy dramalarning ayrimlari sahna nutqining shakllanishi va taraqqiyotida alohida ahamiyatga ega bo'lgan. Bu o'zbek xalqining uzoq tarixini yaxshi bilgan ustoz san'atkorlar xizmati bilan bog'liqdir. Tarixiy dramalarda davrning ijtimoiy ziddiyatlariga, haqqoniyatga amal qilish, asar tilining ravon va sof bo'lishini faqat ijrochidan emas, dramaturglardan ham talab qilish zamonaviy o'zbek teatri shakllangan XX asrning

20-yillaridayoq ustoz san'atkor Mannon Uyg'ur va uning maktabidan yetishib chiqqan qator aktyorlar va rejissorlar ijodlarida boshlangan. Ayniqsa, til va nutq masalasida talabchanlik kuchli bo'lganligi sababli aktyorlar tarixiy shaxslar obrazlarini yaratish bobida ulkan yutuqlarni qo'lga kiritganlar. Tadqiqot jarayonida video va audio kassetalarida yozilgan tarixiy spektakllarni tinglar ekanmiz, ularda buyuk aktyorlar tomonidan yaratilgan tarixiy shaxslar obrazlarida so'z san'atining harakatchanligini ham, ta'sirchanligini ham, o'zbek tilining o'ziga xos latofatini ham, nutqning nazm va nasr shakllari mutanosibligini ham, ijrochilik ansamblidagi nutqda bular hammani mukammal bir tarzda ifodalanganligini ko'ramiz. Zero, M.Uyg'ur rejissor sifatida sahnadagi qahramonlar nutqi ustida o'ta sinchkovlik bilan ishlar ekan, nutqqa faqat adabiy vosita sifatida emas, balki birinchi galda sahnaviy xatti-harakat vositasi deb qaragan va har bir so'zning tashqi xatti-harakatlarda, mizanstsenalarda qay tarzda ifodalanishi ustida bosh qotirgan. Til va nutqning mutanosibligi haqida gap ketganda, «Alisher Navoiy» spektakli obrazlar holatini yoritishda tilning ajoyib vositasi ekanini namoyish etgan cho'qqi bo'lganligini alohida ta'kidlash lozim. Keyinchalik «Mirzo Ulug'bek» tragediyasining til qurilishi ham nazmda ifoda etilib, g'oyat mazmundor, shirali bo'lib jarangladi. Sahnada asar tilining qudrati Navoiy obrazini yaratgan Olim Xo'jaev nutqida ko'ringan bo'lsa, Shukur Burxonov gavdalantirgan Mirzo Ulug'bek obrazi talqinida o'zining to'la ifodasini topdi. O'zbek dramaturgiyasida she'riy dramalar yaratish an'anasi T.To'laning «Quvvai qahqaha» dramatik dostonida muvaffaqiyatli davom ettirilib, til masalasiga nihoyatda jiddiy e'tibor berilganligi bilan e'tiborli bo'ldi. Til umuman adabiyotning asosiy muammolaridan bo'lib, tarixiy dramaturgiyada alohida ahamiyatga ega. Tilga olingan tarixiy dramalarda til tarixiy voqelikni aks ettirishda, tarixiy shaxs hayotiy lavhalarini, xususiyatlarini yoritishda, xarakterini topishda muhim vosita bo'lib, oqibatda tarixiy personajlar tomoshabinlar ko'z o'ngida hayotdagi kishilarga, voqea - hodisalar esa hayotiy voqealikka aylangandek tasavvur tug'ildi. Bunda tarixiy shaxs nutqining shakli va me'yorini topish muhim ijodiy vazifalardan bo'lib, til va talaffuzda aks ettirilayotgan davr ruhi sezilgan holda zamonaviy tomoshabinga tushunarli jaranglashi lozim. «Alisher Navoiy», «Mirzo Ulug'bek», «Quvvai qahqaha» («Nodirabegim») tarixiy she'riy dramalari davr ruhini ifoda eta olishda namuna darajasiga ko'tarilgan ekan, bunda alloma dramaturglar Uyg'un, Shayxzoda, T.To'la, olim va dramaturg I.Sultonning til ustida teran ish olib borganligi muhim ahamiyat kasb etgan. Mamlakatimiz tarixida burilish bosqichi bo'lgan, xalqimiz milliy mustaqillikka erishgan 80-90-yillarda ana shu she'riy dramalarning qayta sahnalashtirilishi tomoshabinlarning ma'naviy va madaniy hayotida muhim voqea bo'ldi. Eng muhimi, ushbu jarayonda rejissor va aktyorlarning yangi avlodi ustoz san'atkorlarning rol va so'z ustida ishlash an'anasini davom ettirdi. Shu bahona, birinchidan, sahna ijodkorlarida tarixga, mumtoz asarlarga e'tibor

kuchaydi, ikkinchidan, mazkur she'riy dramalarning sermazmun va go'zal tili o'zlashtirildi va targ'ib qilindi. Asar tili aktyorlar nutqi bilan chambarchas bog'liqdir. Har qanday sermazmun va go'zal til ham aktyorlarning ijrochilik mahorati tufayligina ta'sirchanlik qudrat kasb etadi. Ijrochi so'zga ijodiy mehnat jarayoni tarzida yondoshib, she'riy matn mazmunini to'la-to'kis ochib berishda shakl va mazmun masalasini spesifik nuqtai nazardan tahlil qilib, shunga yarasha nutq vositalari izlab topishi va ishga solishi lozim. Ko'rib chiqilgan spektakllarda she'riy nutq asosiy shakl hisoblanib, ijrochilar she'rning belgi, qonun-qoidalarini, elementlarini yaxshi tushungan holda she'riy nutqni o'zlashtirishda she'riy dramaning shakliga katta ahamiyat berganlarida, tegishli natijalarga erishdilar. Shu bilan birga ba'zi aktyorlarning nutqida she'riy uslub kamdan kam sezilib, ko'proq she'riy shaklni prozaik nutqqa aylantirib ijro etish hollari kuzatildi. K.S.Stanislavskiy sahna nutqi mutaxassislarining nima uchun teatr san'ati maktablarida taxsil oluvchi talabalarning aksariyati she'riy nutq ijrochiligini bilmaydilar, degan savoliga shunday javob bergan edi: «Buning uchun ular ko'pchilik ijrochilarda yetishmaydigan va o'zlashtirilmagan tempo - ritm masalasida jiddiy bosh qotirishlari lozim».

Darhaqiqat, spektakllar tahlili va kuzatishlar shuni ko'rsatdiki, she'riy nutq - bu ma'lum obrazning tuzilishini yo'lga solib turuvchi kuchga ega. Bunda she'riy nutqning har bir satridagi asosiy so'zlarning xatti-harakati ahamiyatlidir. Aktyor she'riy asarni o'z nutqiga ko'chirish uchun she'r o'qishda tajribali bo'lishi, she'riy matnni hech kimning yordamisiz tahlil qila olish shart, aks holda she'riy nutq prozaik nutqqa aylanib qoladi. Bu jarayonda quyidagilarga e'tibor berish kerak:

1. She'riyatda so'z qadrini saqlab qolish, mazmundagi asosiy fikrni ma'lum jumlalarda his qila olish,

2. She'riy nutqda ovoz imkoniyatlarini boshqara olish va ovoz ohanglarini muayyan fikrlarni ifoda qilishga qaratish,

3. Prozaik nutqqa qaraganda she'riy nutqni o'zlashtirish qiyinroq kechishi sababli she'riyat nutqda asosiy fikrni yetkazib berish va misralarda ritmni buzmasdan mantiqiy pauza va urg'ularni aniq belgilash,

4. She'riy nutq doimo ritmga bo'ysinishini xayoldan qochirmaslik,

5. She'riy misraning bosh bo'lagi yoki oxiriga tushadigan so'z urg'ularini oqlay bilish,

6. She'riy dramalarda rol ijro etuvchi aktyor juda katta texnik tayyorgarlik, ya'ni yaxshi diktsiya, tarbiyalangan nafas, ovoz va chiroyli talaffuzga ega bo'lishi lozimligini nazarda tutgan holda nutq ustida uzluksiz ish olib borish.

«Alisher Navoiy», «Mirzo Ulug'bek» (Milliy teatr) va «Nodirabegim» (Muqimiy teatri) tarixiy she'riy dramalarining yangi sahnaviy talqinlarida rejissor va aktyorlarning so'z va she'r ustida, sahna nutqi ustida jiddiy ishlaganlari tufayli ijodiy jarayon mazmunli kechgan bu yaxshi natijalar bergan. Ayni chog'da bundan keyin

teatr jamoalari til va nutq ustida ishlashda nimalarga e'tibor berishlari lozimligi ham aniqlangan. Mustaqillik davrida yaratilgan «Iskandar», «Sohibqiron» va «Piri koinot» spektakllari o'zbek teatri tarixida mustahkam o'rin oldi. Ushbu spektakllar tarixiy she'riy dramalarda muhit tasvirini yaratishda sahna nutqi masalalari kesimida ko'rib chiqildi. Bunda tarixiy muhit dramalarning o'zida, tilida, qahramonlarning to'qnashuvlarida, munosabat va qarashlarida, shuningdek, aktyorlar nutqida quvonarli darajada aks etganligi aniqlandi. Asosan bosh obraz va ularga aloqadoryirik personajlar obrazlarini yaratgan aktyorlar til, nutqiy xarakterni topish, konflikt, to'qnashuvlar asosida his-tuyg'u, kechinma, holatlarni belgilash, tub ma'noning ochilishi va tempo-ritm yo'nalishida ma'lum izlanishlar olib bordilar va bu samarali yutuqlarni qo'lga kiritishga sabab bo'ldi. Ayni chog'da tadqiqot ba'zi rejissor va aktyorlarning sahna nutqiga sovuqqonlik bilan munosabatda bo'lganliklarini ko'rsatdi. Holbuki, aktyor sahnada asar voqealarini jonli xatti-harakatlar bilan namoyon qiladi. So'z esa sahna san'ati va aktyorlar ijodining asosidir. Aktyorning muallif yaratgan matnni to'g'ri tushunishi, obraz tilning sahnada muallif o'ylagandek talqin etishi ayni muddaodir. Kuzatuvlar shuni ko'rsatadiki, tomoshabinning teatr san'atiga bo'lgan talablari, qiziqishlari tobora ortib borayotgan hozirgi tezkor zamonda ko'pchilik rejissor va aktyorlar sahna nutqi va umuman nutq madaniyatiga nisbatan talabchanlikni, mas'uliyatni susaytirib yuborishgani achinarli holdir. Aktyorlar nutqidagi zo'rma-zo'rakilik, dag'allik, talaffuz me'yorining buzilishi, dramaturg so'zini o'zgartirib qulay so'z ishlatishi, tub ma'no, fikrning ochilishiga yetarli e'tibor bermaslik holatlari kuzatiladi. Bunday xolatlarning tarixiy mavzudagi she'riy spektakllarda uchrashiga esa umuman chidab bo'lmaydi. Afsuski, bunday kamchiliklar nainki viloyat teatrlarida, balki poytaxt teatrining tarixiy spektakllarida ham kuzatiladi. Aktyorlar nutqidagi kamchilik va nuqsonlarning barchasiga ularning diktsiya, artikuliatsiya, nafas, ovoz, orfoepiya ustida mutlaqo ishlamay qo'yganliklari sababdir. Tilning qudrati, nutqning go'zalligi ulug' ajdodlarimiz siymosi aks etgan tarixiy spektakllarda ko'rinar ekan, ana shu spektakllarda ishtirok etuvchi aktyorlarning barchasi ijroda o'tmish voqealarini tomoshabinlarga jonli va ta'sirli shakllarda yetkazishda mas'uldirlar. Ammo ba'zi aktyorlar butun og'irlikni bosh qahramon obrazini yaratuvchi aktyorga yuklab qo'yib o'zlari so'zlarni quruq yodlash bilangina cheklanib qo'ya qoladilar. Oqibatda spektakldagi tarixiy muhitga putur yetadi. Nutq borasida yana bir qiziq holat ko'zga tashlanadi. U ham bo'lsa, sahnada shevachilikka berilishdir. Sheva qo'llanadigan obrazlar va spektakllar ham uchraydi, albatta. Masalan, folklor-etrografik xarakterdagi tomoshalarda sheva o'rinli bo'lishi mumkin. Biroq tarixiy mavzudagi sahna asarlarida sheva mutlaqo noo'rin bir holatni yuzaga keltiradiki, bunga yo'l qo'ymaslik kerak. Teatrdagi sahna nutqi borasidagi muammolarni hal etishda teatrdagi rejissorlarning ta'siri katta. P'esani puxta o'qib o'rganish, sahna maydonchasidan tortib, spektakl tayyor bo'lganicha aktyorning

nutqi rejissor e'tiborida bo'lishi kerak. Undan tashqari, rejissorlarning o'zlari ham nutq borasida aktyorlarga namuna bo'lishlari lozim, toki ular talaffuzga e'tibor berib, chiroyli so'zlab, fikrni chiroyli ifoda qilib, aktyorni o'zlarining orqalaridan ergashtira olsinlar. Afsuski, hozirda ko'pgina teatr rejissorlarining nutq madaniyati masalasiga e'tiborsizligi tufayli teatrda nutq muammolari tobora ko'payib bormoqda. Teatr rejissorlari va yetuk aktyorlar bilan o'tkazilgan suhbatlar natijasida sahna borasidagi kamchiliklar M.Uyg'ur nomidagi Toshkent davlat san'at institutini bitirib teatrlarga kelayotgan yosh aktyorlarda uchrashi qayd etildi. Ularning nutq ustida ishlashda rejissor ko'rsatib bergan harakatdan nariga o'tolmasliklari ta'kidlandi. Fikrimizcha, yosh aktyorlarning ayniqsa dastlabki qadamlarida ularni - til va nutq madaniyati mahorat bo'yicha teatrda mavjud an'analar muhitiga olib kirish o'ta muhim. Teatrdagi sahna nutqi muammolarini hal etish borasida quyidagi takliflarni tavsiya etish mumkin:

1. M.Uyg'ur nomidagi Toshkent davlat san'at institutining «sahna nutqi» kafedrasi mutaxassislari bilan teatr jamoalari aloqalarini yo'lga qo'yib, seminarlar o'tkazish va mavjud muammolarni hal qilish yo'llarini izlab topish.

2. Teatrlarda yosh aktyorlar bilan maxsus amaliy mashg'ulotlar o'tkazish, toki so'zlarning talaffuzi, mazmundorligi, estetik ta'sirchanligi masalasi har doim ijrochilarning diqqat markazida tursin.

3. Teatr badiiy kengashi doirasida haftada bir marta ko'rsatilgan spektakllar badiiy holati, yo'l qo'yilgan xato va kamchiliklarni umumlashtirish va shunda nutq masalalariga e'tibor berish.

4. Teatr jamoalarida til va nutq masalalariga o'zaro talabchanlik va mas'uliyat muhitini yaratish.

5. Aktyorlarda har kuni nutq ustida ishlashi ko'nikmalarini hosil qilish.

Sahna nutqi ustasi professor L.Xo'jaeva yozgan edi. «Umuman, aktyorlar nutqi ustida muttasil ishlashi kerak. Axir, balerina, sozanda, xonanda har kuni mashq qilmasa, esidan chiqib qoladi-ku. Nima uchun drama aktyori har kuni mashq qilmas ekan. Mahorat, ko'nikmalar mashqlar orqali hosil bo'ladi-ku».

Umuman aytganda, professional aktyorlar grammatik jihatdan ishlangan, sayqal topgan adabiy normaga bo'ysingan o'zbek tilining ko'rkini, jozibasini ko'rsatadigan va uni targ'ib qiladigan kishilardir. Ular qaerda ishlamasinlar, teatrdami, kinodami, radiodami, televideniedami, proffesional san'atkor ekanligini unutmasinlar. So'z xatti-harakatini, ibora-yu jumlalarni shunday aniq, to'g'ri, ravon gapirsinlarki hammaga o'rnak bo'lsin.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Jo'ra Mahmudov, Sahna kompozitsiyasining alifbosi, Toshkent-2006y.

2. Xoliqulova G. Sahna nutqi. Toshkent - 2007 y.

"Oriental Art and Culture" Scientific Methodical Journal / ISSN 2181-063X Volume 3 Issue 4 / December 2022

3. Boltaboeva U. Sahna nutqi. Toshkent, INNOVATSION-ZIYO, 2019.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.