ONA TILI TA'LIMIDA UNLI TOVUSHLARNI O'QITISHNING MAVJUD HOLATI
TAHLILI Ganiyeva Dildora Sagdullayevna
Samarqand davlat universiteti 2-kurs tayanch doktoranti +99-890-731-67-92, [email protected] https://doi.org/10.5281/zenodo.8051929
Annotatsiya. Ushbu maqola ona tili dastur va darsliklarida unli tovushlar ta'limiga doir o'quv materiallaritahlili, "Ona tili" darsliklarida unli tovushlarni o'qitishning muammo va yechimlari. O 'quvchilarda adabiy talaffuz ko'nikmalarini shakllantirish usullarini rivojlantirish. Shuningdek, milliy unli tovushlarni o'qitishning qonun-qoidalari, orfoepik jihatiga e 'tibor qaratish, metodika sohasida mazkur yo'nalishda ilmiy tadqiqot olib borgan ayrim olimlar fikriga qisman munosabat.
Kalit so'zlar: fonetika, talaffuz, imlo, unli va undosh tovushlar, mashq va topshiriqlar.
Tilni o'rganish tovushdan boshlanadi. Har qanday tilda unli tovushlar muhim ahamiyatga ega, ayniqsa, turkiy tillarda. Unli tovushlar bo'g'in hosil qiladi, urg'u oladi, musiqiylik kasb etadi. Eng asosiysi, muloqotning jozibali bo'lishiga xizmat qiladi, agar so'zlovchi uni to'g'ri talaffuz qila olsa. O'zbek tilini ona tili sifatida o'qitishda eng katta muammolardan bir bu adabiy talaffuzga o'rgatish, to'g'ri talaffuz va to'g'ri yozishga o'rgatish bo'lib, bu, albatta, unli tovushlar bilan bevosita bog'liq. Bugunga qadar o'zbek o'quvchisi o'z ona tili tovushlarini to'g'ri ayta olmayotgan ekan, demak, buning ikkita sababi bo'lishi mumkin:
birinchidan, ilmiy lingvistik asoslarning yetarli emasligi, ya'ni o'zbek tilida unli tovushlar va ularni ifodalovchi grafemalarning nomutanosibligi;
ikkinchidan, metodik jihatdan yetarlicha o'rganilmaganligi, ya'ni o'zbek tili tovushlarini o'qitishning pragmatik usullari ishlab chiqilmagan, ilg'or pedagogik texnologiyalar yetarlicha joriy etilmaganligi.
Ona tili ta'limida hali ham qaysi sinfda nimani o'qitish, unli tovushlarni o'qitishda o'quv topshiriqlardan qaysi birini qo'llash kabi muammolar hal etilmay turibdi. Umumiy o'rta ta'lim maktablarining "Ona tili" darsliklarida unli tovushlarni o'qitishning o'rganilishi ayrim holatlarni ta'rif va tavsiflash bilan chegaralanib qolmoqda. Holbuki, o'zbek tilining fonetik qurilishi o'ziga xos murakkabliklarga ega bo'lib, uni o'zlashtirish nafaqat xorijliklardan, balki o'zbeklardan ham qunt bilan ishlashni talab etadi. Zero, bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida ayrim teleboshlovchilar, radiomuxbirlarning o'z nutqlarida g'ayritabiiy talaffuzlardan foydalanishlari kishining g'ashini keltiradi va bu holat ularning adabiy talaffuz me'yorlarini to'g'ri o'zlashtira olmaganliklarini sezdirib turadi.
Vaholanki, o'zbek o'quvchilariga ham unli tovushlarni o'qitish ta'limi jarayonida faqat nutq organlarining darslikdagi umumiy grafik chizmasi bilan chegaralanib qolmasdan, tovushlar talaffuzi holati aks etgan maxsus chizmalar asosida ta'lim berish, fonetik mashqlarga imkoni boricha boshlang'ich sinflarda ko'proq o'rin ajratish, yuqori sinflarda ularga o'rni bilan qaytib turish adabiy til me'yorlarini egallashning muhim omili ekanligini shu o'rinda alohida ta'kidlash lozim.
Maktab "Ona tili" darsliklarida ham, oliy ta'lim darsliklarida ham fonetik mashqlarga o'rin ajratilmagan. Bu holat o'zbek adabiy talaffuz me'yorlarining o'quvchi va talabalar tomonidan yetarlicha o'zlashtirilmay qolishiga olib kelayotgan sabablardan biridir. Ona tili
ta'limi tarixiga nazar tashlasak, bunday mashqlar o'zbek tili fan sifatida shakllangan dastlabki yillarda (1930-1940) chop etilgan darsliklarda ham uchramasligiga guvoh bo'lamiz. [1]
Tilshunoslikning "Unli tovushlarni o'qitish" bo'limi "Orfografiya" va "Orfoepiya" bilan bevosita aloqador bo'lganligi bois ularni o'qitish vositalari ham bir-biriga chambarchas bog'liq.
Maktabda, odatda, muayyan o'quv predmetiga tegishli darslik dars jarayonida ham, hatto darsdan so'ng ham o'quvchi va o'qituvchining shu o'quv predmeti bo'yicha bilim berish hamda ma'lumot olishning asosiy vositasi, tayanchidir. Shunday ekan, asosiy diqqatni darslikdagi o'quv materiallarining tarkibi, tuzilishi va, albatta, mazmuniga qaratish kerak. Maktab darsliklarida millat tafakkuri va mafkurasining eng ilg'or namunalari aks etishi kerak [2], degan ta'kid, fikrimizcha, "Ona tili" darsliklariga ko'proq tegishlidir.
Adabiy talaffuz va uning me'yorlari masalasi dunyoning rivojlangan mamlakatlari tillarida atroflicha o'rganilganligini kuzatamiz [ingliz, fransuz va b.]. Bu borada jahon tajribasida, jumladan, ingliz tilida fonetik mashqlardan unumli foydalaniladi. Shuning uchun ham amaldagi asosiy darslik va o'quv qo'llanmalarida har bir nutq tovushining hosil bo'lish jarayoni haqida batafsil ma'lumot beriladi.[3] Oliy maktab va umumiy o'rta ta'lim maktablari uchun nashr ettirilgan darslik hamda o'quv qo'llanmalarda tovushlarning talaffuz holati aks etgan maxsus chizma (rasm)lar yo'q. O'zbek tiliga xos bo'lgan ayrim tovushlarning to'g'ri talaffuzini oddiy, an'anaviy mashqlar bilan yetarli darajada o'rgatib bo'lmasligini bugungi o'quvchi, talaba, hatto ayrim katta yoshdagi ziyoli kishilar, xususan, o'qituvchilarning nutqi ham isbotlab turibdi.
Muammoning bir uchi yana o'rta umumta'lim maktablarida ona tili o'qitish masalasiga borib taqaladi. Adabiy talaffuz - madaniyatlilik belgisi. O'rta umumta'lim tizimida 5-sinfdan boshlab talaffuzning asosiy birligi hisoblangan nutq tovushlari "Unli tovushlarni o'qitish" bo'limi tarkibida tizimli o'qitila boshlaydi. "Unli tovushlarni o'qitish" bo'limi ta'limi taqozosiga ko'ra shu yerda o'quvchilarga nutq tovushlari bilan birga to'g'ri talaffuz hamda imlo qoidalarini singdirish talabi ham qo'yiladi.
O'zbek adabiy tili turli lahjalardan o'sib chiqqanligi sababli uning talaffuzi bo rasida hududlar bilan bog'liq jiddiy muammolar bor. Maktab ona tili darsliklarini tuzishda, ayniqsa, unli tovushlarni o'qitishga doir o'quv materiallarini berishda mualliflar aholi hududiy talaffuzining tilga ta'sirini inobatga olishlari kerak. (Masalan, AQShda har bir shtat uchun alohida darslik yaratilgan.) Shu ma'noda dastur va darsliklar tuzishda orfoepik nuqtai nazardan har bir hududning talaffuzidagi muammolari e'tiborga olinishi lozim. Masalan, Buxoro viloyatida ayrim so'zlar talaffuzida [o'] unlisini bir xil talaffuz qilish ko'nikmaga aylanib qolgan. Demak, xorazmlik o'quvchiga adabiy talaffuz me'yorlarini singdirish uchun darslikda berilgan ikkita mashq yetarli bo'lmaydi. Mavzuga monand, ammo darslikdagi o'quv topshiriqlarini aynan takrorlamaydigan o'quv topshiriqlarini tuzish, mashqlar tizimini yaratish va ulardan unumli foydalanishni barcha o'qituvchi ham bir xilda amalga oshiravermaydi.
Samarqand viloyati, xususan, shahar hududida ommaviy tarzda [h] bo'g'iz undoshi o'rnida muntazam [x] chuqur til orqa undoshining ishlatilishi (xandaley, xurmat, xamma va b.), shuningdek, Buxoro, Samardand (shahar hududida), va Qashqadaryo viloyatlarining ayrim tumanlarida [o'] unlisining talaffuzida muammolar borligini aytish mumkin.
Bu borada Samarqand viloyatiga alohida to'xtalish mumkin. Kattqo'rg'on, Narpay va Nurobod tumanlarida [i]-[ye] unlilarining aytilishida chalkashliklar borligi kuzatiladi. Xuddi shunday Kattaqo'g'on tumanida [o']- [u] unlilarining ishlatilishida muammolar mavjud. Mazkur
hududda yashovchilar, o'quvchilar, hatto o'qituvchilar ham [o'] unlisini [u], [u] unlisini [o']o'rnida qo'llaydilar.
Ko'rinadiki, 5-sinf "Ona tili" darsligida yuqorida keltirilgan nutq tovushlarini o'zlashtirishga mo'ljallangan nazariy ma'lumotlar va ularni mustahkamlovchi mashqlar yetarli emas. Mazkur nutq tovushlarini sanab o'tilgan hududlarning o'quvchilari nutqida adabiy me'yor holatiga keltirish uchun bugungi darslik va qo'llanmalarda deyarli e'tibor qaratilmagan maxsus fonetik mashqlar, tovushlar talaffuzi jarayonida nutq a'zolarining ko'rinishi aks etgan alohida oksilografik chizma(rasm)lar ishlab chiqilishiga ehtiyoj seziladi.
Shuningdek, [h] bo'g'iz undoshining ko'pchilikning ham yozma, ham og'zaki nutqda noto'g'ri qo'llanilayotgani, uni bartaraf etishga qaratilgan sa'y-harakatlarning deyarli sezilmayotgani bu borada zarur tavsiyalar ishlab chiqishni va ularni zudlik bilan amaliyotga tatbiq etishni taqazo etadi.
1999-2000-yillar keng amaliyotda qo'llangan H.Ne'matov boshchiligida yaratilgan 5-sinf "Ona tili" darsligida [h] va [x] undoshlarini imloda ham talaffuzda farqlash uchun berilgan o'quv materiali boshqalariga nisbatan o'quvchiga ancha foydali. [4]
O'zbek tilida [o'] unlisi so'zning turli o'rinlarida bir-biridan farqli talaffuz etilishi ma'lum, biroq uni o'quvchilarga farqlab berish masalasi muammoligicha qolmoqda. [o'] unlisi talaffuzi bilan bog'liq nozik jihatlarga aksariyat ona tili darsliklarida e'tibor qaratilmasligi o'quvchilarimizning adabiy nutq me'yorlarini to'la o'zlashtirishlariga soya tashlab turadi. Oliy ta'limning sohaga tegishli amaldagi darsliklarida mazkur masalaga qisman e'tibor qaratilgan nazariy ma'lumotlar uchraydi, ammo u amaliy jihatdan ishlanmagan.[5] Ta'kidlash kerakki, bugun keng amaliyotda bo'lgan 5-sinf "Ona tili" darsligidagina [o'] unlisi talaffuzda farq qilishi to'g'risidagi ma'lumotlar misollari bilan keltirilgan. [6] Bu, albatta, ijobiy hodisa, biroq "bir holatda torroq, boshqasida kengroq aytiladi", degan izoh o'quvchiga amaliy jihatdan yordam berishi qiyin. Keltirilgan misollarni o'qituvchi ko'magisiz to'g'ri talaffuz qilib bo'lmaydi.
Masalan, torroq aytilishiga ko'l, kengroq aytilishiga bo'ri so'zlari misol tariqasida keltirilgan bo'lsa-da, bu hamisha ham kutilgan natijani beravermaydi. Shuni inobatga olib, [o'] unlisi talaffuzi bilan bog'liq mashqlarga keng o'rin berish zarur.
Bobning ikkinchi fasli "Unli tovushlar tizimini o'qitishga doir o'quv materiallari mazmuni va ularning takomillashish jarayoni ", deb nomlangan. Unda muammoning yechimini topish uchun "Ona tili" darsliklari tarixi hamda ularning mazmun-mundarijasini o'rganib chiqishni zarur, deb hisobladik. "Ona tili" darsliklarida mavjud nazariy ma'lumotlar, ularni mustahkamlovchi mashq va topshiriqlar qachondan boshlab va nima uchun maktab darsliklariga kiritilganligining sabablarini o'rganish bu boradagi tasavvurni tiniqlashtiradi.
"XIX asrning ikkinchi yarmi XX asrning boshlarida vatanimizda ona tili ta'limining jadidchilik harakati bilan bog'liq yangi turdagi o'zbek maktablari uchun darslik va qo'llanmalar yaratish davri boshlandi".[8]
Ko'rinib turibdiki, bugungi "Ona tili" darsliklariga tamal toshni jadidlar qo'ygan. O'tgan asrning 30-yillarida yaratilgan "Ona tili" darsliklari, xususan, ilk "O'zbek tili darslik"larining yaratilishiga xizmat qilgan olim Abdurauf Fitratning "O'zbek tili qoidalari to'g'risida bir tajriba" "Sarf' kitobida unli tovushlarni o'qitishga oid ma'lumotlar ham berilgan. Mazkur qismda Fitrat nutq tovushlarini tavsiflab, ularni unli va unsiz tovushlar deb ikki guruhga ajratadi. Olim unlilarni 9 ta, unsizlar sonini esa 23 ta deb keltiradi. Shundan so'ng tovush
o'zgarishlariga to'xtalib, tovush tushishi hamda tovush almashishi haqida ma'lumot beradi va "Bu holat tilimizningyengillik istaganidan kelib chiqib qolg'on bir hol" deb izoh beradi.[9]
Uning fikriga ko'ra, o'zbek tili yalpi turk tilining keng bir tarmog'i sifatida barcha turkiy tillarga xos xususiyat o'zbek tilida ham bo'lishi tabiiy ekanligi, turkiy tillarning barcha tarmoqlarida bo'lgani kabi o'zbek tilida ham ohangdoshlik, so'zlar ohangi e'tiboriga ko'ra yo'g'on va ingichkaga bo'linishi aytiladi. Masalan, sin so'zi yo'g'on bo'lsa, min so'zi ingichka deb e'tirof etilgan. Shuningdek, ohang masalasi eski yozma asarlarimizda, qishloq shevalarida uchrashi, fors adabiyoti ta'siri bilan buzilgan shahar shevasida bo'lmasa-da, o'zbek tilida bu hodisani yo'q deb bo'lmasligini ta'kidlaydi.
Professor A.Fitratning unli tovushlarni o'qitish, xususan, nutq tovushlari, talaffuz va ohangdoshlik masalalariga milliylik nuqtayi nazaridan yondashishni kuzatamiz. Darhaqiqat, til millat belgisi sifatida doimo o'ziga xos xususiylikka ega bo'ladi. Olimning milliylikka yo'g'rilgan ilmiy asoslari pishiq qarashlari o'z vaqtida maktab o'quvchilari uchun yaratilgan "O'zbek tili uchun darslik"larida ham o'z aksini topgan edi. Xususan, buni bevosita Q.Ramazon va X.Qayyumiylarning darsligi misolida ham ko'rishimiz mumkin.[1]
Darslik mualliflari ham A.Fitrat yo'lidan borib tilning milliy xususiyatlarga jiddiy e'tibor qaratishgan. Ta'kidlash kerakki, darslikdagi atamalarning ham aksariyati o'zbekcha (so'zlov a'zolari, so'z tuzumi...). Ushbu darslikda unli tovushlarni o'qitishga alohida e'tibor berilib, nutq tovushlari unli va unsiz (joriy darsliklarda buning o'rniga undosh atamasi qo'llangan. 1940-yillar darsliklarining ayrimlarida shovqinlilar)ga ajratilgan. Har bir nutq tovushiga (bugungi fonetik talqinlarga unchalik o'xshamagan) alohida tavsif berilgan. Unlilarning talaffuzi va imlosi batafsil yoritib berilgan. Shuningdek, bo'g'in mavzusiga doir nazariy ma'lumotlar ham bugungi talqinlarga o'xshamaydi. Masalan, "So'zning ayrim havo zarbiga to'g'ri keladigan bo'lagi bo'g'in deyiladi[1]
Jadidlar davri darsliklari bilan hozirda amaldagi darslik ma'lumotlar orasida uyg'un o'rinlar ham uchraydi. Masalan, urg'u haqidagi nazariy ma'lumot joriy darsliklardagiga aynan o'xshashdir. Unda nazariy ma'lumotlarni mustahkamlovchi mashqlarning mavjud emasligini ham ta'kidlash joizdir.
Quyida 1930-1940-yillarda umumiy o'rta ta'lim maktablari uchun chop etilgan "Ona tili" darsliklari mundarijasining diqqatga sazovor o'rinlariga e'tibor qaratamiz. O'tgan asrning 30-yillarida amalda bo'lgan (lotin alifbosidagi) "O'zbek tili" darsliklarining unli tovushlarni o'qitish bo'limiga doir "Unsiz tovushlar", "Lab ohangi", "Ohangdoshlik", "Yo'g'on va ingichkalik", "Bosim" kabi bir qator atamalar XX asr boshlarida A.Fitrat, Q.Ramazon va X.Qayyumiylar tomonidan yaratilgan darslik hamda qo'llanmalarda ham uchraydi.
Professor A.Fitrat dastlab o'zbek tilini turk tilining keng bir tarmog'i hisoblab, boshqa turkiy tillardagi kabi o'zbek tilida ham mavjud bo'lgan so'zlar ohangi masalasiga to'xtaladi va bu borada "yo'g'on" hamda "ingichka" atamalarini qo'llaydi. A.Fitrat yo'g'on va ingichkalikni so'zlarga nisbatan qo'llagan bo'lsa, Q.Ramazon hamda X.Qayyumiylar [1] mazkur atamani nutq tovushlariga nisbatan ham ishlatadi.
Unli tovushlarni o'qitish bo'limida "Lab ohangi" atamasini ham qo'llaydilar va quyidagicha ta'rif beradilar: " Ba§ bogunda kelgan lab unlilarining ikkinchi bog'unda ham lab unlilarini istaçi lab ahani deb ataladi".[1]
Fitrat o'zbek tili tovushlar tizimi haqida to'xtalganda ularning tasnifiga doir quyidagi ikki atamani ishlatadi: Unsiz: b, p, t, ch, j,...(23ta). Unli: o, a, u; o'-o', e, i-y (9 ta. Kirill alifbosiga
tabdil qilingan variantidan foydalanildi). M. Mirtojiev esa o'zbek tilida 14 ta unli (i, i,, ы, u, u, ye, a, a, o, o, e...) borligini ta'kidlaydi.[10] Unsiz atamasi bugungi tilshunoslik atamalari sirasida uchramaydi. Uning hozirgi varianti undosh bo'lib, darsliklar tarixida shovqinlilar deb ham nomlangan.
Q.Ramazon va X.Qayyumiylarning 5-, 6-sinflar uchun yaratilgan grammatikaga bag'ishlangan darsligi "Sarf" deb nomlanadi. Unda, asosan, morfologiyaga oid til materiallari berilgan bo'lib, undan "Unli tovushlarni o'qitish", "Ba'zi harflarning imlosi", "Ohangdoshlik" kabi mavzular ham o'rin olgan. Ta'kidlash kerakki, bu yerda undosh tovush atamasi uchramaydi, nutq tovushlari unli va unsiz tovushlarga bo'lingan. Darslikda ohangdoshlik mavzusining mavjudligi diqqatga sazovordir. Bu yerda nutq tovushlarining o'ziga xos xususiyatlari orqali so'zlarda sodir bo'layotgan yo'g'on va ingichkalik haqida ma'lumotlar morfologik yondashuv asosida yoritilgan.
Jadidlarning sa'y-harakatlari bilan yaratilayotgan, o'z davrida sekin-asta shakllanayotgan milliy ruhdagi "Ona tili" darsliklari o'z o'rnini 1939-yilga kelib A.G'ulomov ta'kidlaganidek,[11] 1938-yilda (S.Barxudarov va Dosichevalarning rus maktablari uchun "Rus tili" darsligi stabil qo'llanma sifatida qabul qilingach), o'zbek maktablari uchun ham keyingi yillarda til me'yorlarini belgilashda nazariy asos vazifasini o'tagan Olim Usmon va Barot Avizovlarning to'liqsiz o'rta va o'rta maktablar uchun tavsiya etilgan darsligi egalladi.[12]
Keyinchalik professor A.K.Borovkov rahbarligida tuzilgan darsliklar oldingilariga nisbatan ancha mukamallikka egaligi bilan ajralib turadi.
Maktabda ona tili ta'limiga qo'yilgan eng muhim talablardan biri o'quvchilarni o'z fikrlarini bayon qilish faoliyatiga tayyorlash ekanligi nuqtayi nazari bilan bugun amalda bo'lgan N.Mahmudov, A.Nurmonov, A.Sobirov, V.Qodirov va Z.Jo'rayevalar muallifligidagi umumta'lim maktablarining 5-sinflari uchun "Ona tili" darsligi (unli tovushlarni o'qitishga doir o'quv materiallarining berilishi) tahliliga kirishamiz.
Unli tovushlarni o'qitish va grafika haqidagi nazariy ma'lumotlardan oldin quyidagi topshiriq berilgan: Topshiriq. Bola, kitob so'zlarini bo'g'inlarga, bo'g'inlarni tovushlarga ajrating. So'zlarning nechta bo'g'in va tovushdan iborat ekanini ayting.[13]
Darslikdagi o'quv materiallar orasida boshqalarida uchramaydigan, juda muhim bo'lgan [o'] unlisining talaffuz variantlari haqida ma'lumot mavjud. O'quvchi nutqining ravon va ta'sirchan bo'lishida birgina tovushning, asosan, unli tovushlarning ta'siri katta ekanligi barchamizga ma'lum. Agar so'zlovchi birgina tovushni to'g'ri talaffuz qila olmasa ham, uning nutqi buziladi. Shuni inobatga olsak, mazkur darslikda [o'] unlisining so'zlar tarkibida to'g'ri talaffuzi va ularning bir-biridan farqlanishi masalasiga e'tibor qaratilishi nihoyatda ahamiyatlidir. Buni darslikning yutug'i deb baholash o'rinli. Ammo e'tirof etish hamda o'rganish, o'rgatish boshqa-boshqa hodisalar ekanligi aniq. Darslikda aynan shu jihatga e'tibor qaratish zarur bo'lgan o'rinlar bor. Masalan, darslikning 139-sahifasida shunday ma'lumot berilgan: "O' tovushi ko'l, o's, cho'l, jo'ra, mo'tabar kabi so'zlarda torroq, bo'ri, qo'ri, xo'roz, ro'mol kabi so'zlarda esa kengroq eshitiladi, ammo hamma vaqt bir xil yoziladi". Kuzatishlar aytilgan fikrlarni asoslash, bu borada o'quvchida zaruriy ko'nikma va malakalarni hosil qilish uchun yanada aniqroq misollar keltirilishini talab etadi.
Yaratilgan barcha "Ona tili" darsliklarida unli tovushlarni o'qitishdan mavjud o'quv materiallari o'ziga xoslikka egadir. Hammasida ham unli va undosh tovushlar tavsiflangan, bo'g'in va urg'u mavzulari, shuningdek, mashqlar tizimi ham keltirilgan. Unli tovushlarni
o'qitish sathi orfografiya va orfoepiya bo'limlari bilan chambarchas bog'langan. Mustaqillik davrida yaratilgan "Ona tili" darsliklari oldingilariga nisbatan nazariy va amaliy jihatdan biroz boyitilganligini ko'rish mumkin. Ayniqsa, [o'] unlisining ikki xil talaffuz varianti mavjudligi N.Mahmudov boshchiligida yaratilgan darslikka qadar umuman e'tirof etilmagan. Natijada o'quvchi buni bilmagani uchun [u] va [o'] unlilarini imloda ham chalkashtirib kelmoqda.
Maktabda ona tili o'qitishni foydali maqsadlarga bo'ysundirish, har bir o'rganiladigan grammatik tushuncha, ma'lumot, ta'rif hamda qoidalarning og'zaki va yozma nutqni rivojlantirishga yordamini nazarda tutishni, (nazariy emas) amaliy tilshunoslikka e'tiborni kuchaytirishni taqozo etadi.
Ona tili ta'limi oldiga qo'yilgan yana bir muhim talab o'quvchilar tafakkurini rivojlantirishdir.
Kompetensiyaviy yondashuv asosida ishlab chiqilgan davlat ta'lim standartlari bo'yicha tuzilgan "Ona tili" dasturida unli tovushlarni o'qitishga doir o'quv materiallari quyidagicha berilgan.
Dasturda berilganlarga diqqat qilsak, unda unli tovushlarni o'qitishning asosi bo'lgan nutq tovushlari talaffuzi va imlosiga soatlar ajratilganda bir darsda yonma-yon o'rganilishi zarur bo'lgan tovushlarga e'tibor qaratilmagan. Masalan, 35-, 36-mavzular "Nutq tovushlarining ma'no farqlash vazifasi", "Ayrim unlilar talaffuzi va imlosi", "u va i unlilarining talaffuzi va imlosi"ga bag'ishlangan. Agar o'qituvchi [i] va [e] unlilarini bir darsda talaffuz asosida bir-biridan farqlab o'rgatsa, yaxshi natijaga erishish mumkin. Chunki so'zlovchilar, asosan, talaffuzda [i] va [e] unlilarini chalkashtirishlariga deyarli har kuni duch kelamiz.
Dasturda yana 37-, 38-mavzular "a va o, o' unlilarining talaffuzi va imlosi", "Qator kelgan unlilar talaffuzi va imlosi" uchun 2 soat vaqt ajratilgan. Fikrimizcha, [o'] unlisining talaffuzi va imlosiga 2 soat vaqt ajratilishi lozim. Chunki [o'] unlisining talaffuzi va shu asosda uning imlosiga ta'siri murakkab bo'lib alohida shug'ullanishni talab qiladi.
Umumiy o'rta ta'lim tizimida unli tovushlarni o'qitish jarayonida o'quvchilarning talaffuzi bilan bog'liq kamchiliklar ustida alohida shug'ullanilmasligi jamiyatda qator kamchiliklarni yuzaga keltirmoqda. O'quvchi nutqidagi talaffuziy "kemtiklik"larni akademik litsey yoki kasb-hunar maktablari ham bartaraf etayotgani yo'q. Adabiy tilda so'zlash, to'g'ri talaffuz bilan bog'liq muammolarning ko'p sonli o'qituvchilar nutqida, ba'zan ona tili va adabiyot o'quv predmetlari o'qituvchilarining ham nutqida mavjudligi achinarli holdir. Xorijiy tillarni o'rganishga alohida ahamiyat berilayotgan bir davrda har bir kishi, avvalo, o'z ona tilida ravon so'zlay olishi zarur. Zero, bu insonning jamiyatdagi o'rnini, madaniyat darajasini belgilab beradi.
REFERENCES
1. Ramazan Q., Qajjumij X. Grammatik. Sarf. Orta maktablar ucun darslik. I qism. -T:. Oquvpeddavnasr, 1937. -149 b.
2. Каримов И. А. Баркамол авлод - Узбекистан тараккиётининг пойдевори. -Тошкент: Узбекистан, 1998.-4-19-6.
3. Бонк Н. А., Котий Г. А., Лукянова Н. А. Учебник английского языка. - М.: Деконт,1999. - С.: 7.
4. Nematov H. va b. Ona tili. 5- sinflar uchun darslik. -Т.: O'qituvchi, 2000. - 102-6.
5. Турсунов У., Мухторов А., Рах,матуллаев Ш. Х,озирги узбек адабий тили. -Т.: Узбекистан, 1992. - 19- б.
6. Mahmudov N. va b. Ona tili. Umumta'lim maktablarining 5-sinflari uchun darslik. -T., 2013. - 224 б.
7. Йулдошева Д. Кадрлар тайёрлаш миллий дастури талаблари асосида таълим мак;садини белгилашнинг дидактик асослари. -Т.: Фан, 2006. - 32-б.
8. Йулдошева Д. Кадрлар тайёрлаш миллий дастури талаблари асосида таълим мак;садини белгилашнинг дидактик асослари. -Т.: Фан, 2006. - 32-б.
9. Фитрат Абдурауф. Танланган асарлар. IV жилд. -Т., 2006 -36-б.
10. Миртожиев М. Узбек тили фонетикаси. - Т.: Фан, 2013 - 424 б.
11. Гуломов.А.Е. //Узбекистон совет энциклопедияси.-Т., 1981. - 394-б.
12. Usman А., Avizov B. Ozbek tili grammatikasi. Birinci bolim. Fonetika va morfologija.Toluqsiz orta va orta maktablar uchun darslik.-T:. Ozdavna§r,1939. -235 b.
13. Mahmudov N., Nurmonov А., Sobirov А., Qodirov V. Ona tili. Umumiy o'rta ta'lim maktablarining 5-sinflari uchun darslik -T. : Manaviyat, 2007 -119-b.