Hamdamov O.A.
Mustaqil izlanuvchi
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA DAVLAT BUDJETINING G'AZNA IJROSIGA O'TISHNING ZARURLIGI VA AHAMIYATI
Annotatsiya. Ushbu maqolada bugungi kunda mamlakatimizda davlat budjetining g'azna ijrosiga o'tishning zarurligi va ahamiyati muallif qarashlari bilan ochib berilgan. Qolaversa, g'azna amaliyotidagi o'zgarishlar tendensiyalari bo'yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Kalit so'zlar. Davlat moliyasi, g'azna ijrosi, davlat budjeti, g'azna amaliyoti.
Hamdamov O.A.
Independent researcher
THE NECESSITY AND IMPORTANCE OF THE TRANSITION TO
TREASURY EXECUTION OF THE STATE BUDGET IN THE REPUBLIC OF UZBEKISTAN
Abstract. In this article, the necessity and importance of transitioning to the treasury execution of the state budget in our country today is revealed with the views of the author. In addition, suggestions and recommendations were developed regarding the trends of changes in treasury practices.
Key words. State finance, treasury execution, state budget, treasury practice.
O'zbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarish tizimida olib borilayotgan islohotlar, qator vazifalar bilan birgalikda, davlat budjetining g'azna ijrosiga bosqichma-bosqich o'tishni va uning faoliyat mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutadi. Bunda zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida davlat mablag'larining harakati to'g'risidagi ma'lumotlarni jamlash, qayta ishlash, uzatish usullarini o'zlashtirish asosida davlat moliyasini boshqarishning samarali usul va vositalarini shakllantirish va muvofiq holda ishlashini ta'minlash zarur bo'ladi. Mamlakatimizda davlat budjetining g'azna ijrosini samarali tadbiq etishga faqatgina barqaror rivojlanish ko'rsatkichlariga erishganimizdan keyingina muvaffaq bo'lindi. O'zbekiston hukumati davlat moliyasini boshqarish tizimida ham kengqamrovli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda. Bu islohotlarning ijobiy natijalarini davlat budjeti g'azna ijrosining muvaffaqiyatli joriy etilishida ko'rishimiz mumkin.
Davlat budjetining g'azna ijrosi davlat budjeti va davlat maqsadli jamg'armalarining barcha daromadlarini, shuningdek, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag'lar bo'yicha tushumlarini yagona g'azna
hisobraqamga jamlash va ularning barcha xarajatlarini shu hisobraqamdan amalga oshirishni nazarda tutadi. Bu esa davlat budjeti, budjetdan tashqari fondlar, budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag'lari, davlat qarzlari va ularga xizmat ko'rsatish jarayonlarining tezkor nazoratini va monitoringini olib borish, davlat mablag'larining samarali ishlatilishini ta'minlash, davlat moliyaviy resurslaамrining harakati to'g'risida operativ tarzda ma'lumotlarni jamlash imkonini beradi. Bugungi kunda budjet jarayonini samarali tashkil qilish ishlarini g'aznachilik nazoratisiz ta'minlash qiyin ekanligini olimlar va iqtisodchilar, qolaversa, soha mutaxassislari asosli ravishda e'tirof etmoqdalar. Chunki g'aznachilik nazorati budjet daromadlari va xarajatlarini yagona g'azna hisobraqamiga jamlash, pul mablag'larini to'g'ri rejalashtirish, moliyaviy oqimlarning dastlabki va joriy nazoratini amalga oshirish hamda davlat budjetini yuqori operativlikda ijro qilish imkonini beradi. Ma'lumki, global jahon iqtisodiyotidagi jiddiy muammolar hamda ularning dunyodagi ko'plab mamlakatlar qatorida bizning mamlakatimiz iqtisodiyotiga ham ko'rsatayotgan salbiy ta'siriga qaramasdan, oxirgi yillarda respublikamizda yuqori va barqaror o'sish sur'atlarini saqlab, makroiqtisodiy barqarorlik va mutanosiblikning ta'minlanayotganligi o'ziga xos ijobiy ko'rsatkich bo'lmoqda. Avvalo, budjet jarayoni tushunchasining mazmuniga to'xtaladigan bo'lsak, budjet jarayoni -budjet loyihasini tuzish, ko'rib chiqish, qabul qilish va ijro etish, uning ijro etilishini nazorat qilish, ijrosi haqidagi hisobotni tayyorlash va tasdiqlash, shuningdek davlat budjeti tuzilmasiga kiruvchi budjetlar o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning qonun hujjatlariga muvofiq tartibga solinishi bilan bog'liq bo'lgan davlat hokimiyati va mahalliy o'z-o'zini boshqarish organlari hamda boshqa budjet jarayoni ishtirokchilarining maqsadli faoliyatidir. Uning mazmuni mamlakatning davlat va budjet qurilishi, tegishli vakolatli organlar va yuridik shaxslarning budjet huquqlari bilan belgilanadi. Byudjet jarayoni budjetni rejalashtirishdan boshlanadi. Byudjetni rejalashtirish davlat moliyaviy siyosati talablariga muvofiqlashtirilgan moliyaviy rejalashtirishning muhim tarkibiy qismini tashkil qiladi. Bunday rejalashtirishning iqtisodiy vazifasi turli darajadagi budjetlar va budjetdan tashqari jamg'armalarni tuzish va ijro etish jarayonida mamlakatni ijtimoiyiqtisodiy rivojlantirishning umummilliy dasturlari asosida yalpi ichki mahsulot va milliy daromad qiymatini moliya tizimi bo'g'inlari o'rtasida markazlashtirilgan tarzda qayta taqsimlash nisbatlarini to'g'ri belgilashdan iboratdir.
Bu amaliyot bir necha o'n yillar mobaynida budjet ijrosida ma'lum darajadagi samara bilan qo'llanib kelindi. Lekin keyingi yillarda davlat budjetining kassaviy ijrosi davlat mablag'larini boshqarish, budjet ijrosini tashkil qilish va nazoratini olib borish, mablag'larning samarali ishlatilishini ta'minlash masalalarida bir qator muammolarni keltirib chiqardi:
- budjet daromadlari va xarajatlari to'g'risidagi axborotlarning etarli darajada operativ (tezkor) emasligi;
- daromadlarning bank hisobraqamlariga tushishi va budjetning hisobraqamlarida aks ettirilishidagi uzilishlarning mavjudligi bois budjet resurslarini boshqarishdagi tezkorlikning sustligi;
- soliq daromadlarining budjet tizimi bo'g'inlari o'rtasida taqsimlanish jarayonlarini samarali tartibga solish va daromadlar tushumini jadallashtirishning zarurligi;
- budjet ajratmalarining hajmlari bilan haqiqatda amalga oshirilgan to'lovlar summalari ko'rsatkichlarining tarqoqligi tufayli mablag'larning tushumi va sarflanishi ustidan yagona nazoratning murakkablashuvi;
- budjet tashkilotlarining hisobraqamlarida ishlatilmayotgan budjet mablag'larining turib qolishi;
- budjet mablag'larining ajratilishi bilan ularning so'nggi iste'molchilarga etib borishigacha bo'lgan vaqtning uzoqligi;
- davlat mablag'lari harakatining murakkablashuvi va hajmlarining ortib borishi bilan ulardan oqilona foydalanish ustidan dastlabki nazoratning va joriy monitoringning zarurligi va boshqalar. Sanab o'tilgan muammolar kecha yoki bugun yuzaga chiqmadi, ular yillar davomida yig'ilib, tezkor sur'atlar bilan rivojlanib borayotgan jamiyat taraqqiyotiga halaqit bera boshladi. Byudjet ijrosi ustidan nazoratning sustligi, mablag'larni operativ boshqarish imkoniyatining kamayib borayotganligi, budjet ijrosi to'g'risidagi tezkor va aniq ma'lumotlarni olish, jamlash, qayta ishlash va tegishli boshqaruv qarorlarini qabul qilishdagi qiyinchiliklar davlat moliyasini boshqarish tizimida islohotlar qilishni, budjet mablag'larini boshqarishning samarali usul va vositalarini izlab topib, tadbiq etishni talab etdi va davlat budjetining kassaviy ijrosidan g'azna ijrosiga o'tishning zarurligini belgilab berdi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:
1. Erkaboyev S.O, Ibragimov A.G (2023). Davlat moliyasini boshqarish tizimida davlat moliyaviy nazorati: Yevropa tajribasini tahlil qilish. Nazariy va amaliy haqida xalqaro jurnali, 3(3), 6-18. doi: 10.5281/zenodo.7821225
2. Huseynov R. (2019) Byudjet mablag'laridan foydalanish samaradorligini oshirishda moliyaviy nazoratning o'rni. Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish bo'yicha 37-xalqaro ilmiy konferensiya - "Barqaror rivojlanishning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari" - Boku, 14-15 fevral. P. - 238
3. Sultonmuratov D.Yu. (2021) Davlat moliyaviy nazorati konsepsiyasi. Rivojlanish uchun yangi impulslar: tadqiqot savollari. VII Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. ostida N.V nashrlari. Emelyanov. Moskva. S. 203
4. Tuychiyev A.J., Tashmuxmedova D.A. G'aznacilik. Darslik. - T.: "IQTISOD MOLIYA" 2019. - 834 b.
Qosimova G. A. Davlat byudjeti ijrosining g'aznachilik tizimi. O'quv qo'llanma. - T.: "IQTISOD-MOLIYA", 2013. 372b.