O'ZBEK TILIDA GRADUAL SINONIMIYA
G'afforjon Ro'zmatovich Rahmonov Alisher Navoiy nomidagi Toshkent Davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti
Annotatsiya: Mazkur maqolada o'zbek tilshunosligida keyingi yillarda lug'aviy sinonimlarni ularning leksik ma'nolari tarkibini semik tahlil qilish asosida belgilash orqali ularning mohiyatidagi aynanlik va farqlilik belgilarini ajratish orqali graduonimiya hodisasi bilan o'zaro munosabati orqali gradual sinonimiya hodisasining namoyon bo'lishi haqida fikr yuritiladi.
Kalit so'zlar: lug'aviy sinonimlar, leksik ma'no, semik tahlil, ma'noviy farqlar, uslubiy xoslanish belgisi, konnotatsiya, ma'no nozikligi, emotsional bo'yoq, dominanta, neytral so'z, semantik hodisa, semasiologik asos, so'zning semantik strukturasi, semema, sema, nomema, aynanlik, farqlilik, umumiylik
GRADUAL SYNONYMY IN UZBEKI
Gaffarjon Rozmatovich Rahmonov Tashkent State University of Uzbek Language and Literature named after
Alisher Navoi
Abstract: The present paperconsiders the traditional and contemporary views on defining synonyms in Uzbek linguistics, wheredistinguishing the similarities and differences in semic analyses of the lexical meanings of synonyms worth special attention.
Keywords: lexical synonymy, lexical meaning, semic analyses, differences of meaning, stylistic features, conotation, emotional shade, dominance, neutral word, semantic phenomenon, semasiological bases, semantic structure of the word, sememe, seme, nomeme, similarity, difference, commoness
O'zbek tilshunosligida graduonimiya va sinonimiya masalalariga bag'ishlangan ko'plab ilmiy tadqiqot ishlari mavjud bo'lsa-da, bu ikki hodisani tutashtiruvchi jihatlar, ularning o'zaro aloqasi, sinonimik qatordagi birliklarda ham miqdoriy darajalanishning kuzatilishi, bu muammoning izohli lug'atlar, milliy til korpuslarida aks etishi masalasi maxsus o'rganilgan emas.
Graduonimiya hodisaning sinonimik qatorlarda ham kuzatilishi, graduonimiya va sinonimiyaning ayrim o'rinlarda zich bog'lanishini, ularni o'zaro aloqa-bog'lanishda o'rganish lozimligini ko'rsatadi. Albatta, chaqaloq, ninni, go'dak, o'spirin, yigit graduonimik qatoridagi har bir so'zni o'zaro sinonimik munosabatda deb bo'lmaydi.
Ayniqsa, bu qatordagi so'zlarni bola so'zi bilan sinonimik munosabatda deb hisoblash noto'g'ri. Ammo bu vaziyatda chaqaloq va ninni so'zlari sinonimik munosabatga kirisha oladi.
Bunday holat jilg'a ^ ariq ^ irmoq ^ soy ^ daryo ^ dengiz ^okean graduonimik qatorida ham kuzatiladi. Ushbu so'zlarni ham o'zaro sinonimik munosabatda deb bo'lmaydi. Ariq va irmoq so'zlarini sinonimlar sifatida baholash mumkin. Ammo bu so'zlar jilg'a, soy, daryo, dengiz, okean so'zlari bilan sinonimik munosabatga kirisha olmaydi. Sinonimlar bir narsa-hodisa, belgi, harakat-holat kabilarni anglatuvchi hamda uslubiy va ayrim ma'no nozikliklari bilan farqlanuvchi til birliklari bo'lgani bois bir-biridan lug'aviy ma'nosiga ko'ra farqlanuvchi jilg'a, soy, daryo, dengiz, okean so'zlari sinonimik qatordan o'rin ololmaydi.
Xuddi shunday, yelvizak ^ shabada ^ shamol ^ bo 'ron leksemalarining havo oqimining tez yoki sekin esishi nuqtai nazaridan farqlanishi ularni bir sinonimik qatorga birlashtirishga izn bermaydi. Bu haqda fikr yuritar ekan, Sh.Orifjonova quyidagilarni yozgan: "Zeroki, sinonimlarni ajratishning, so'zlarni sinonimik paradigmalarga birlashtirishning asosiy omili sinonim so'zlar anglatgan, ular nomlaydigan, ataydigan narsa, voqea, hodisa, belgi, xususiyat... (ya'ni, voqeliklar va denotatlarning)ning aynanligidir. Chunonchi, "Odam boshining old qismi" - yuz, aft, bashara, turq, chehra, jamol, oraz, uzor sirasida denotat bitta; darcha - eshik- darvoza graduonimik qatorida esa denotatlar har xil"1.
Ma'lum bo'ladiki, graduonimiya va sinonimiya bir-biridan farqli mustaqil lisoniy hodisalardir. Graduonimiyada mohiyatan turlicha, ba'zan bir mohiyatli narsa-predmet, belgi, harakat-holat kabilarni anglatuvchi til birliklari miqdoriy o'sib borish belgisiga ko'ra farqlanib, bir qatorga tizilsa; sinonimiyada bir ob'ekt yoki belgi, harakat-holatni nomlovchi birliklar umumiy semantik belgisiga ko'ra bir qatorga teriladi. Ammo shunga qaramay, bu ikki lisoniy hodisani o'zaro tutashtiruvchi, muayyan o'rinlarda bir-biriga to'qnash keluvchi jihatlar ham mavjud.
Graduonimiya va sinonimiyaning o'zaro tutashgan jihatlari gradual sinonimiyada kuzatiladi. Gradual sinonimiyada bu ikki lisoniy hodisaga xos belgilar jamlanadi. Xarakterli jihati shundaki, sinonimiyada yuz bergan darajalanish uchinchi bir hodisa -antonimiyaning ham yuzaga kelishiga sabab bo'lishi mumkin. Bu haqda fikr yuritar ekan, B.A.Bulgarova quyidagilarni bayon qiladi: "Graditsion daraja shkalasining shakllanishida graditsion belgining inobatga olinishi farqlilikka asoslangan munosabatlarning qarama-qarshilik/zidlanishlarga o'tish zonasini aniqlashga yordam beradi. Bunday vaziyatda sinonimiya hodisasi antonimiyaga o'tadi. Sifatiy belgi va
1 Orifjonova Sh. Ko'rsatilgan tadqiqot. - 48 b.
LMÜ^H
bahoning bir-biriga zid darajalarining ifodalanishi kuchiga bog'liq tarzda ko'rib o'tilayotgan til birliklari kuchli va kuchsiz antonimik juftliklarni hosil qiladi"2.
J.Djumabayeva graduonimik qator birliklarining munosabati haqida fikr bildirib, bunday qatorlarda antonimik munosabatlarning ham shakllanishi mumkinligi haqida to'xtalib o'tadi. Uning fikricha, "graduonimik qatorning o'ng va chap tomonlaridan oxirgi a'zosi ba'zan bir-biriga antonim bo'lishi, ba'zan esa antonim bo'lmasligi ham mumkin, bu darajalanayotgan leksemaning ma'noviy hamda kontekstual xususiyatlariga bog'liqdir. Graduonimik qatorning qutblarida joylashgan leksemalar o'zaro antonim bo'lca, nol darajaning o'ng tomonidagi a'zolardan alohida, chap tomonidagi a'zolar ishtirokida alohida graduonimik qatorlar hosil qiladi. Bunday qatorlarga nisbatan mikrograduonimik qatorlar terminini qo'llash lozim. Agar har ikkala qutbda antonimlar bo'lsa, ular makrograduonimik qatorlar hisoblanadi»3.
Gradual sinonimiyada ham darajalanish kuchli pozitsiyada bo'lsa, chap va o'ng tomonning oxirgi a'zolari munosabatida ziddiyat kuchayib, antonimiya yuzaga keladi.
Bu o'rinda aytib o'tish joizki, qator manbalarda graduonimiyani belgilashda asosiy e'tibor belgi darajasining o'sib borishi masalasiga qaratiladi. Bizningcha, graduonimiyani bu tarzda talqin etish uni tor tushunishdan iboratdir. Darajalanish nafaqat belgi bildiruvchi birliklar, balki tovush, his-tuyg'u, hatto sub'ektiv munosabatlar ifodasida ham kuzatiladi. Bu jihatdan qaraganda, darajalanish tilning barcha sath birliklariga daxldor hodisadir. P.P.Berezniskayaning fikricha, nafaqat belgi bildiruvchi fizik kordinatalar (vaqt, makon), fizik xususiyatlar (tezlik, kuch, rang, harorat kabilar), balki sub'ektiv tarzda qiyos orqali idrok etiluvchi hissiyot va sifat belgilari ham darajalana oladi4.
Sinonimiya va graduonimiyaning umumiy, tutash jihatlari ularning lisoniy unversaliya ekanida ham kuzatiladi. Bu hodisalar barcha tillarda kuzatiladi. Shuningdek, sinonimiya kabi graduonimiyada ham paradigma a'zolari "umumiy belgi"ga ega bo'ladi. Ammo bu "umumiy belgi" sinonimiya va graduonimiyada o'zaro farqlanadi.
Sinonimiyada "umumiy belgi" turli birliklarning bir denotatni ifodalashi bilan belgilansa, graduonimiyada asosan turli denotatlarni ifodalovchi birliklarning har birida takrorlanuvchi "umumiy belgi" bilan izohlanadi. Ammo ulardagi bu umumiy belgi miqdoran o'sib boruvchi belgi hisoblanadi. Masalan, graduonimik qatordagi paradigma a'zolari narsa-predmetni anglatuvchi birliklardan tashkil topsa, ularning har biri muayyan hajmga ham ishora qilishi nuqtai nazaridan umumiy belgiga ega bo'ladi. Ammo bu umumiy belgi paradigma a'zolarining har qaysisida har xil darajada bo'ladi.
2 Булгарова Б. А. Градуальная организация текстового семантического поля «смех» (на материале произведений М. А. Булгакова): Автореф. дисс. ... канд. филол. наук. - М., 2001. - 23 с.
3 Djumabayeva J. Ko'rsatilgan tadqiqot. - 26 b.
4 Березницкая П.П. Типология и структура градуальных полей в русском языке: Дисс. ... канд. филол. наук. -Краснодар, 2004. // http://www.dissercat.com /content /tipologiya-i-struktura-gradualnykh-polei-v-russkom-yazyke
Yoki graduonimik qatordagi paradigma a'zolari rang bildiruvchi birliklardan tashkil topganda, har biri umumiy rangni ifodalashiga ko'ra birlashsa-da, biroq ularda ranglarning kam yoki ko'plik nuqtai nazaridan darajalanishi belgisi ham kuzatiladi. Masalan, ariq ^ soy ^ kanal ^ daryo graduonimik qatoridagi ariq, soy, kanal, daryo leksemalari umumiy planda hajm semasiga ega. Ammo hajm ularning har birida turlicha namoyon bo'ladi. Ariqning hajmi soyga nisbatan, soyning hajmi kanalga nisbatan va, o'z navbatida, kanalning hajmi daryoga nisbatan kichik. Yoki aksincha, soy ariqqa nisbatan, kanal soyga nisbatan, daryo kanalga nisbatan hajman kattalik belgisiga ega. Bu farq ularni bir graduonimik qatorga umumlashtiradi. Biroq "umumiy hajm" semasiga egalik belgisi turli denotatlarni ifodalovchi leksemalarda takrorlanishi ularni sinonimik qatorga birlashtirishga izn bermaydi.
Til birliklari munosabatida kuzatiluvchi bu kabi miqdor o'zgarishlari ularning sifat jihatidan o'zgarishiga olib kelishi ham mumkin. Sh.Orifjonova bu haqda fikr yuritar ekan, miqdor o'zgarishlarining sifat o'zgarishlariga o'tishi mumkinligi, bu behad murakkab jarayon ekanligini qayd etadi. Uning fikricha, miqdor o'zgarishlari bilan sifat o'zgarishlari orasida qat'iy chegarani belgilash dialektika nuqtai nazaridan deyarli mumkin emas. Miqdoriy o'zgarishlar sifat o'zgarishlariga aylanib, yangi sifatlar mustaqil rivojlana boshlaganidan keyingina miqdor o'zgarishlarining sifat o'zgarishlariga aylanishi haqida gapirish mumkin. Olima darcha, eshik, darvoza, qopqa graduonimik qatorida darcha va qopqa so'zlarining; gulobi, pushti, qizil, ol, qirmizi graduonimik qatorida esa pushti va ol so'zlarining sinonimik munosabatga kirisha olmasligi, bunda miqdor o'zgarishlari sifat o'zgarishiga olib kelganligini asoslab beradi5.
Xullas, sinonimiya va graduonimiya bir-biridan farqlanuvchi, shu bilan birga, o'zaro aloqa-bog'lanishda bo'lgan lisoniy hodisalardir. Sinonimiyani farqlashda asosiy e'tibor, garchi nozik ma'no qirralari bilan ajralib tursa-da, bir umumiy tushuncha asosida birlashuvchi til birliklari munosabatiga qaratilsa; graduonimik qatorlarni belgilashda ko'pincha turli tushunchalarni anglatuvchi til birliklarining miqdoriy farqlanishdagi umumiy belgisiga asoslaniladi. Ba'zan bir tushuncha doirasida birlashuvchi sinonimik qatorlarda ham graduonimik munosabatning kuzatilishi bu ikki hodisaning yondosh hodisalar ekanligini, ularning o'zaro zich bog'lanishini asoslaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Berezniskaya P.P. Tipologiya i struktura gradualntix poley v russkom yaztike: Diss. ... kand. filol. nauk. - Krasnodar, 2004.
2. Bulgarova B. A. Gradualnaya organizatsiya tekstovogo semanticheskogo polya «smex» (na materiale proizvedeniy M. A. Bulgakova): Avtoref. diss. ... kand. filol. nauk. - M., 2001.
5 Orifjonova Sh. Ko'rsatilgan tadqiqot. - 49-50 b.
I icclT^^^^H 54 wpjournal.dsmi-qf.uz
3. Orifjonova Sh. O'zbek tilida leksik graduonimiya: Filol. fan. nomz. diss. ... avtoref. - T., 1996.
4. Jumabayeva J.Sh. O'zbek va ingliz tillarida leksik graduonimiya: Filol. fan. dokt. ... diss. - Toshkent, 2016.