Научная статья на тему 'O‘ZBEK TILIDA EVFEMIZMLAR VA ULARDA MILLIY MADANIYATNING AKS ETISHI'

O‘ZBEK TILIDA EVFEMIZMLAR VA ULARDA MILLIY MADANIYATNING AKS ETISHI Текст научной статьи по специальности «СМИ (медиа) и массовые коммуникации»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
evfemizm / nutq / xalq madaniyati / lingvomadaniyatshunoslik / etnik madaniyat / tabu / disfemizm.

Аннотация научной статьи по СМИ (медиа) и массовым коммуникациям, автор научной работы — Hakimova Muhayyo Karimovna

Ushbu maqolada evfemizmlarning qo‘llanilishi xalq madaniyati bilan bog‘liqligi ochiqlangan. Unda o‘zbek milliy qadriyatimiz hisoblangan oilaviy evfemizmlarga alohida e’tibor qaratilgan. Bugungi kunda faol qo‘llanayyotgan siyosiy evfemizmlar ham tahlilga tortilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O‘ZBEK TILIDA EVFEMIZMLAR VA ULARDA MILLIY MADANIYATNING AKS ETISHI»

"YANGI OZBEKISTONDA O'ZBEK ADABIY TILINING RIVaJLANISH TENDENSIYALARI: MUAMMOLAR, YECHIMLAR, TAVSIYALAR" MAVZUSIDA RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI

2024-YIL 21-OKTABR

O'ZBEK TILIDA EVFEMIZMLAR VA ULARDA MILLIY MADANIYATNING AKS ETISHI

Hakimova Muhayyo Karimovna

Filologiya fanlari doktori, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti unversiteti O'zbek tilshunosligi kafedrasi professori https://doi.org/10.5281/zenodo.13968541

Annotatsiya. Ushbu maqolada evfemizmlarning qo'llanilishi xalq madaniyati bilan bog'liqligi ochiqlangan. Unda o'zbek milliy qadriyatimiz hisoblangan oilaviy evfemizmlarga alohida e 'tibor qaratilgan. Bugungi kunda faol qo'llanayyotgan siyosiy evfemizmlar ham tahlilga tortilgan.

Kalit so'zlar: evfemizm, nutq, xalq madaniyati, lingvomadaniyatshunoslik, etnik madaniyat, tabu, disfemizm.

Abstract. This article explains how the use of euphemisms is related to the culture of the people. It pays special attention to our family euphemisms, which are considered to be Uzbek national values. Today's political euphemisms are also analyzed.

Keywords: euphemism, speech, folk culture, linguocultural studies, ethnic culture, taboo, dysphemism.

Аннотация. В данной статье выявлено, что употребление эвфемизмов связано с народной культурой. Особое внимание уделено семейным эвфемизмам, которые считаются нашей узбекской национальной ценностью. Также анализируются политические эвфемизмы, которые активно используются сегодня.

Ключевые слова: эвфемизмы, речь, народная культура, лингвокультурология, этническая культура, табу, дисфемизм.

Til insoniyatga berilgan eng katta ne'matlardan biridir. U orqali insoniyat olamni va o'zini biladi, ularni nomlaydi, ma'lumotlarni saqlaydi hamda kelajak avlodga qoldiradi, tuyg'ularini ifoda etadi, bir-birini tushunadi. Demak, til nafaqat, aloqa quroli, nomlash vositasi, balki u inson ruhiyatining, tafakkurining oynasi hamdir.

Tilda evfemizmlarning qo'llanishi xususida gap ketganda V. fon Gumboldning "Tilda xalq ruhi aks etadi" degan fikri naqadar asosli ekanligi tasdiqlanadi. Zero o'zbek tili egalarining barchasi uchun xos bo'lgan stereotiplardan biri bag'rikenglikdir. Bu stereotip turli qadriyatlarda aks etadi. Qattiq gapirmaslik, vaziyatni yumshatish, uyat holatlarni berkitish, qo'pollikni muloyimlashtirish kabilar evfemizmlarda ko'rinadi va u xalq madaniyatidan darak beradi. Bu haqda N. Mahmudov shunday yozgan edi: "...tilda xalqning urf-odati, yashash tarzi, iqtisodiy ahvoli, qisqasi, xalqning bor-budi, bo'y-basti aks etadi. Muayyan xalqning tilini bilish uning butun borlig'ini anglash demakdir. Muayyan xalq tilining mazmun-u mohiyatini idrok etishi shu xalqning tarixi-yu kelajagini idrok etish demakdir". [2: 3]

Tilda evfemizmlarning qo'llanishi, odatda, dag'al ma'noli birliklarning salbiy ta'siridan qochish, tinglovchi uchun nutq jarayonida muloyimlikni berish kabi o'ziga xosliklar bilan belgilanadi. Bu masalada rus va boshqa Evropa tilshunoslari "haqiqiy vaziyatning berkitilishi" vajini ham ilgari suradilar.

Bizningcha, esa efvemizmlar so'zlovchining, so'zlovchi mansub xalqning yuksak madaniyatidan, etnomadaniy axloqiy me'yorlaridan darak beradi. Misol uchun, "qaribsiz" jumlasining o'rniga "ulg'ayibsiz", "o'libdi" so'zi o'rniga "olamdan o'tibdi", "ko'r" so'zi o'rniga

"YANGI OZBEKISTONDA O'ZBEK ADABIY TILINING RIVOJLANISH TENDENSIYALARI: MUAMMOLAR, YECHIMLAR, TAVSIYALAR" MAVZUSIDA RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI

2024-YIL 21-OKTABR

"ko'zi ojiz" kabi so'z va jumlalarni qo'llash so'zlovchining madaniyatli ekanligidan, o'ziga munosib bo'lmagan so'zlarni qo'llamasligidan darak beradi.

O'sha mashhur hikoyani eslaymiz: "Husayn Boyqaro ovda ekanligida saroyda malika og'ir betob yotgan ekan. Kunlardan bir kuni malika hayotdan ko'z yumibdi. Ammo podshohga o'lim xabarini yetkazishga hech kim jur'at etmabdi. Shunda saroy a'yonlari so'z sarkardasi Navoiyga murojaat qilishibdi. "Shohga shum xabarni yetkazgan kishi, shubhasiz, jazoga mahkum bo'ladi. Mushkulni faqat sizning tadbirkorligingiz, suxandonligingiz oson qilishi mumkin", - deyishibdi. Shunda Navoiy bir satr she'r yozib beribdi. Uni chopar orqali Husayn Boyqaroga yetkazibdi. Podshoh o'qibdi: Sarvigulning soyasida so'ldi gul, netmoq kerak? Husayn Boyqaro darhol misraning mazmunini tushunibdi. Hech bir talvasaga tushmasdan, vazminlik bilan she'riy savolga she'riy javob yozibdi: Sarvdin tobutyasab, guldin kafan etmoq kerak! Saroy ahli chopar keltirgan xatni o'qib, so'zning qudratiga qoyil qolishibdi, dafn marosiga kirishishibdi. [4: 47]

Ushbu rivoyatda so'zning qudrati, uni to'g'ri tanlash, muayyan fikrni chiroyli libosga o'rab berish masalasi ilgari surilgan. Darhaqiqat, so'z fikrning libosidir. Muayyan fikrni so'zlovchi bir necha xil libosda berishi mumkin. Bu esa til egasining madaniy qadriyatlari bilan bog'liqdir. Aynan shu xususda Alisher Navoiy hazratlari ham shunday degan edilar: "So'z durredurkim, aning daryosi ko'nguldur va ko'ngul mazharedurkim, jomii maoniyi juzv va kuldur. Andoqki, daryodin gavhar g'avvos vositasi bila jilva namoyish qilur va aning qiymati javharig'a ko'ra zohir bo'lur. Ko'nguldin dog'i so'z durri nutq sharafig'a sohibi ixtisos vasilasi bila guzorish va oroyish ko'rguzur va aning qiymati ham martabasi nisbatig'a boqa intishor va ishtihor topar. Gavhar qiymatig'a nechukki, marotib usru ko'pdur, hattoki, bir diramdin yuz tumangacha desa bo'lur. So'z durrining tafovuti mundin dog'i beg'oyatroq va martabasi mundin ham benihoyatroqdur. Andoqki, sharifidin to'lgan badang'a ruhi pok etar, kasifidin hayotliq tang'a zahri halok xosiyati zuhur etar" [1: 4]

Darhaqiqat, buyuk alloma ta'kidlaganlaridek, yaxshi so'z o'lik tanga jon ato etsa, yomon so'z sog' tanani halok qilish mumkin. Ushbu yaxshi so'zlar qatoriga evfemizmlarni kiritish lozimki, ularda yashirin berilayotgan tushunchaning salbiy ta'siri sezilsa-da, imkon qadar til egasi uni sezdirmaslikka harakat qiladi. Mana shu urunishning o'zi til egalarining hayosidan darak beradi. Masalan, gadoy yoki yalangoyoq so'zlariga nisbatan qo'li yupqa, qo'li yupun frazemalarini qo'llash afzaldir.

Evfemizmlar, nafaqat dag'al ma'noli so'zlar, balki tabularning o'rnida qo'llanuvchi so'z va iboralar hisoblanadi. Ma'lumki, tabular ta'qiq ma'nosini bildirib, bugungi kunda uning ijtimoiy va lisoniy turlari farqlanadi. Jamiyatdagi ta'qiqlangan xatti-harakatlar (qalampirni qo'lga berish, supurgini tikka qo'yish) ijtimoiy tabuni, aytilishi ta'qiqlangan so'zlar esa lisoniy tabuni tashkil etadi. Bilamizki, tabular qo'llanish o'rniga ko'ra farq qiladiki, u lahja, geografik hudud, ijtimoiy guruhlar doirasida ham kuzatilishi mumkin. Oddiy bir xonadonning ham so'z qo'llashda o'zining tabusi bo'lishi kuzatiladi. Masalan, biror bir oilada kimdir onkologik kasal bilan og'rib olamdan o'tgan bo'lsa, ma'lum bir vaqt shu kasallik nomi tabuga uchrashi mumkin. Yoki o'zbek xonadanida har kuni bir necha bor ishlatiladigan oddiy so'zlarni tahlil qilib ko'raylik. Nima uchun dadalar onalarga "onasi", onalar esa "dadasi" deya murojaat qiladi? Nega ismlarini aytib chaqirishmaydi? Ismlarini aytib chaqirish ayrim oilalar uchun tabu. Bu o'zbek xonadanidagi yuksak andishaning natijasidir. Er va xotinning jamiyat oldida, hattoki, ismlarini aytishga andisha qilishidandir. Bundan salkam bir asrcha avval o'zbek oilalarida er va xotin bir-

YANGI O ZBEKISTONDA O'ZBEK ADABIY TILINING RIVOJLANISH TENDENSIYALARI: MUAMMOLAR, YECHIMLAR, TAVSIYALAR" MAVZUSIDA RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI

2024-YIL 21-OKTABR

biriga katta farzandining nomi bilan murojaat qilar edi. Bugungi kunda bunday evfemistik qo'llashlar kamayib bormoqda.

Evfemizmlarning chegarasini tabular bilan tugatib qo'yish to'g'ri emas. Bu xususida M.Mirtojiyev ham quyidagi fikrlarni aytib o'tadi: "Haqiqatan ham ayrim so'zlarning madaniy muloqatga sig'ishmaganligi uchun qo'llanmaganligi tabu emas. Ammo madaniy muloqotga sig'ishmaydigan, qo'pol, dag'al, andishasiz so'zlardan muomala jarayonida tiyilishga to'g'ri kelar ekan, uning o'rnida yumshoqroq, yoqimliroq, madaniyroq so'z, ibora tanlash joiz bo'ladi. Mana shu so'z, iboraning tanlanishi evfemizmning ko'rinishlaridan biri hisoblanadi". [3, 87-88].

Muayyan bir hodisa turli tillarda evfemizm bilan yumshatilishi kuzatiladi. Masalan, o'lim holati barcha zamon va makon uchun mudhish jarayon. Lekin u har kimning boshida bor bo'lgan haqiqat. Mazkur holatni yumshoqroq nomlash tiriklar uchun dalda va qo'rquvdan qutilish uchun sabab bo'lishi muqarrar. O'zbek tilida vafot etmoq, olamdan o'tmoq, ko'z yummoq, rihlat qilmoq, ruhi osmongaparvona bo'lmoq, mangu orom topmoq; rus tilida boshqa dunyoga ketmoq (уйти в мир иной); inglizlarda ko'pchilikka qo'shilmoq, romashka terishga ketmoq, g'arbga ketmoq; xitoylarda esa aksincha ketmoq kam qo'llanadi eski uyiga qaytmoq, Yan-van bilan uchrashmoq kabi. Ko'rinib turibdiki, har bir evfemestik qo'llashda shu xalqning o'lim haqidagi dunyoqarashi aks etadi. Barcha halqlar uchun yakdil bir holat borki, o'limni evfemistik nomlashda dunyo tashvishlaridan xalos bo'lish vajining mavjudligi: найти вечный покой, обрести вечное успокоение, отыскать вечный покой (mangu orom topmoq), тожик тилида rahat sodan, gonoodan, aramidan (orom olmoq) o'lmoq so'zi o'rnida qo'llansa, aramgah (oromgoh) qabriston, rus tilida ruslarda esa vafot etgan odam покойник (dam oluvchi) deb ataladi.

O'zbek tilida o'lmoq holati bilan bog'liq juda ko'p evfemizmlar bor. Ayniqsa, tuproqqa topshirmoq evfemizmida o'zbekona falsafa mavjud. Unda onaning mehri, bolasini hech kimga ishonmasligi, diniy qarashlar, tuproqqa bo'lgan munosabatlar aks etadi. "Mana shu nutqiy madaniyat - evfemik tasvir O'tkir Hoshimovning "Ikki eshik orasi" asarida yuksak formada aks etgan:

Shon bolam, jonim bolam.

Allohga topshirdim seni.

Allohga dodim yetmadi,

Tuproqqa topshirdim seni. [5, 14]

Bugungi kunda evfemistik qo'llashlar barcha uslublarda birday qo'llanmoqdaki, siyosiy, tibbiy evfemizmlar ham farqlanamoqda: negr yoki qora tanli so'zi o'rniga afroamerikalik, nogiron so'zi o'rniga imkoniyati cheklangan inson, ko'r - ko'rish imkoniyatini yo'qotgan, kar -eshitish imkoniyatini yo'qotgan, kambag'al - ijtimoiy muhofazaga muhtoj kishi, defektologiya -maxsuspedagogika kabi.

Masalan, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 830-sonli qarori shunday nomlanadi: "Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini yanada qo'llab-quvvatlashga qaratilgan O'zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o'zgartirishlar kiritish to'g'risida".

Tibbiyotda ham o'ziga xos efvemestik qo'llashlar juda ko'p kuzatiladi. Ular yomon kasalliklar, og'ir holatlar bilan bog'liq. Masalan, "kasalni yo'qotmoq", "vaqtimiz ko'p emas", "davolash befoyda", "oxirigacha harakat qilamiz", "qo'ldan kelganini qilmoq" kabi evfemizmlar ko'p qo'llanadi.

YANGI O'ZBEKISTONDA O'ZBEK ADABIY TILINING RIVOJLANISH TENDENSIYALARI: MUAMMOLAR, YECHIMLAR, TAVSIYALAR" MAVZUSIDA RESPUBLIKA ILMIY-AMALIY ANJUMANI

2024-YIL 21-OKTABR

Quyida o'zbek xalqida qora rangi bilan bog'liq evfemizmlarga to'xtalib o'tamiz. Insonlar hali to'liq himoyalanmagan vaqtda qorong'i kechadan, tunda bo'ladigan tabiat va boshqa hodisalaridan qo'rqishi tunga hamda uning rangi hisoblangan qora rangiga nisbatan salbiy munosabatni vujudga keltirgan. Shu salbiy munosabat asnosida qora so'zi yomonlikning ramziga aylanib qolgan: Bilmam, qarolik boshima Qaydin, sabab nadir, Ko'z qorasimu yo magar Manglayning qorasi (E.Vohidov). Qora rangiga bo'lgan salbiy munosabat ushbu so'zni ehtiyotkorona qo'llash ehtiyojini keltirib chiqaradi. Shu o'rinda donishmand xalq uning salbiy ma'nosini yumshatish maqsadida qora so'ziga -cha, -gina, kabi qo'shimchalarni qo'shib hamda qorachadan kelgan, qoramag'iz kabi birikmalar orqali nomlaydi. Abdulla Qahhorning "Asror bobo" hikoyasida "ozibmanmi, qorayibmanmi" degan savolga "Mayiz bo'libsan" deb javob beriladi. A.Qahhor qora so'zini qo'llashdan qochib shu rangdagi, lekin shirin "mayiz" nomi bilan vaziyatni yumshatgan.

O'zbek xalq maqollarda odatda tik gapirish an'anasi yetakchilik qilsa-da, xalqning asosiy stereotiplaridan bo'lgan shirinsuxanlik ham evfemizmlarning qo'llanishiga sabab bo'ladi. Pahmoq qizning baxtini bersin maqolida pahmoq so'zi evfemistik qo'llanmoqda. Bu o'rinda befarosat, befahm, dangasa so'zlari qo'llanishi mumkin. Lekin xalq mazkur belgili qizga nisbatan baxt tilamoqda, shuning uchun salbiy semantikasi bo'rtirilgan so'zlardan qochib, sal yumshoqroq ma'nodagipahmoq so'zi ishlatilgan.

Maqollarda pismiq odam ma'nosi indimas, yuvosh so'zi orqali evfimistik yoritiladi: Indamasdan uydek balo chiqadi; Yuvoshdan yo'g'oni chiqadi.

Otalilar to'ydan ilik oladi, otasizlar qarab-qarab qoladi maqolida "orqasida odami borlar" otalilar, orqasida hech kimi yo'qlar otasizlar evfemistik qo'llanish orqali berilmoqda.

Kambag'al tushunchasi ma'rashga moli, borarga joyi yo'q; Hayt deyishga qo'yi yo'q, kisht deyishga tovug'i kabi maqollar orqali yushmoqroq ko'rinishda beriladi.

Xulosa o'rnida shuni aytish mumkinki, nutq jarayonida dag'al, uyat ma'nolarni yumshatish, muloyimroq iboralarni qo'llash xalqning ham umumiy madaniyatidan va uning bir bo'lagi bo'lgan nutq madaniyatidan darak beradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Aлишер Навоий. MAT. 16-tom. - T.: Фан, 2000.

2. Мах^дов H. Тил. -Тошкент: ёзувчи, 1998.

3. Mirtojiyev M. O'zbek tili semasiologiyasi. - Toshkent, 2010.

4. Nusratullo Atoullo o'g'li Jumaxo'ja. Istiqlol va onatilimiz. - T.: 1998.

5. Омошурдиев Ж., Омошурдиев А. Суз куллаш саънати. '^a^y^' нашриёти. Электрон ^сха. https://n.ziyouz.com/books/uzbek adabiy tili/Jabbor%20Omonturdiyev,%20Anvar%20Qm onturdiyev.%20So'z%20qo'llash%20san'ati.pdf

6. Usmonova Sh. Lingvokulturologiya. - Toshkent, 2019.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.