Научная статья на тему 'O‘ZBEK TILI – O‘ZLIGIMIZ BO‘Y KO‘RSATADIGAN QALBIMIZ OYNASI'

O‘ZBEK TILI – O‘ZLIGIMIZ BO‘Y KO‘RSATADIGAN QALBIMIZ OYNASI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
til / xalq madaniyati va mana’viyati / a’nana va urf-odatlar / millat ko‘zgusi.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Choriyeva Dildora Ismat Qizi

Maqolada davlat tili bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi. O‘tmish va zamonaviy-ijtimoiy haqiqat o‘rganilib, uning jamiyat uchun naqadar ahamiyatli ekanligi borasida tahlil qilinadi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O‘ZBEK TILI – O‘ZLIGIMIZ BO‘Y KO‘RSATADIGAN QALBIMIZ OYNASI»

O'ZBEK TILI - O'ZLIGIMIZ BO'Y KO'RSATADIGAN

QALBIMIZ OYNASI

Choriyeva Dildora Ismat qizi

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi Yakkasaroy tuman bo'linmasi bosh mutaxassisi https://doi.org/10.5281/zenodo.13993167

Annotatsiya. Maqolada davlat tili bilan bog'liq masalalar muhokama qilinadi. O'tmish va zamonaviy-ijtimoiy haqiqat o'rganilib, uning jamiyat uchun naqadar ahamiyatli ekanligi borasida tahlil qilinadi.

Kalit so'zlar: til, xalq madaniyati va mana'viyati, a'nana va urf-odatlar, millat ko'zgusi.

Abstract. The article discusses topical issues related to the state language. The modern socio-cultural reality in connection with the historical past is surveyed, an attempt is made to analyze the importance of the state language in the modern world.

Keywords: language, culture of the people, traditions and customs, the mirror of the

nation.

Аннотация. В статье рассматриваются вопросы, связанные с государственным языком. Прошлая и современная-социальная реальность исследуется и анализируется на предмет ее значимости для общества.

Ключевые слова: язык, народная культура и духовность, традиции и обычаи, зеркало нации.

Til - millatning faxri, g'ururi, qiyofasining bir bo'lagidir. Shuning uchun ham mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq 1989 yil 21 oktyabrda o'zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Ushbu sana mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Shu bilan bir paytda tilimizning ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlash, yuksaltirish uchun ham beqiyos imkoniyati yaratildi. Har yili 21 oktyabr yurtimizda o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida keng nishonlanadi.

Ta'kidlab o'tish joizki, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida o'zbek tili maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. O'zbek tili haqidagi qonun qabul qilinganidan so'ng barcha davlat hujjatlari o'zbek tilida yuritila boshlandi, gazeta va jurnallarning o'zbek tilida chop etilishi yo'lga qo'yildi. 1993-yil 2-sentyabrda "Lotin tiliga asoslangan o'zbek alifbosini tuzish to'g'risida"gi qonun qabul qilingandan so'ng, mamlakatimiz har tomonlama rivojlandi va jahon kommunikatsiya tizimidan munosib o'rin egallashiga yo'l ochdi. Shu o'rinda statistik ma'lumotlarga e'tibor qaratsak: dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud bo'lib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida o'zbek tilining borligi uning naqadar sof, mukammal, purma'no va jozibadorligining yorqin dalilidir. Rossiyalik tilshunos olima, professor A. M. Kozlyanina "O'zbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador" deb bejiz ta'kidlamagan edi.

Lekin, shu o'rinda savol tug'ilish tabiiy: nahotki o'zbek tili biror bir joyga nom qo'yish uchun ham yaroqli bo'lmasa?! Afsus, barchamizga ma'lumki, ko'chalarda do'konlar, supermarketlar, turli xil ustaxona shoxobchalari, go'zallik salonlari, turli xil osmono'par binolar, bog'chalarga qo'yilgan nomlar o'zbek tilida emas balki, boshqa xorij tillarida yozilganligining guvohi bo'lishimiz mumkin. Bu haqiqatni isbotlash uchun siz ulkan bir ilmiy izlanish qilishingiz shart emas, aynan ko'chaga otlanib turib, qo'lingizga qalam va ruchka olgan holatda chiqsangiz kifoya. Naqadar achinarli holat bo'lishiga qaramay, biz bunga ko'nikib yashab kelmoqdamiz!

Axir biz O'zbekistonda yashayapmiz-ku, nima uchun unda joy nomlarini o'zbek tilida nomlay olmaymiz? Buning uchun kim aybdor: davlat organlarimi yoki o'zbek millatimi? Ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekistonda osmono'par binolar qurilayotgan bo'lishiga qaramasdan, ularning nomi hali-hamon ingliz tilida ekanligi haqida bildirilgan turli xil fikrlarga duch kelishimiz mumkin. Misol uchun ularning birida yozilishicha, Toshkent shahrining markazida qurilgan "Nest one" deb nomlangan turar joy binosining nomi o'zbek tilida emas, aynan ingliz tilida! Vaholanki, bu bino O'zbekistonda, aynan o'zbeklar tomonidan (inglizlar emas!) qurilgan-ku! Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarning birida yozilgan maqolada mana bu so'zlarni ham uchratishimiz mumkin: "Xullas, bunyodkori o'zbekmi, uning dastxati qurgan binosida yaqqol ko'rinishi kerak va bu o'sha quruvchining o'zligini yo'qotmaganidan darak beradi. Dastxat avvalo nomlarda namoyon bo'ladi. Ochig'ini aytganda, rasmiy matbuotda o'zbek tiliga bo'lgan e'tiborsizlik anchagina yuqori. Yana ham aniqrog'i, bu borada davlat muassasalari yetakchilik qilib kelmoqda. Aslida ular tilshunoslarni jalb qilib bo'lsa ham, o'zbek tilining boyligini xalqqa namoyon etish, yangi so'z va iboralarni o'zbekcha talqinini joriy qilishda bosh qosh bo'lishlari kerak".

O'zbek tili AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Turkiya va shu kabi bir qator davlatlarning 60 ga yaqin universitetlari va 100 dan ziyod maktablarida o'rganilayotgan bir paytda biz qurilgan binolarimizning nomini ingliz yoki rus tillarida nomlab o'tirganligimizni qanday tushunish kerak?!

Aynan shu yerda BMT vakillarining til borasida keltirgan faktini eslab o'tsak: "Qachonlardir odamlar so'zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan bo'lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo'lib, ularning 90 foizi yo'qolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda so'zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo'lsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida so'zlashuvchi aholining 80 foizi hamon o'z yozuvlariga ega emas. Lingvist olimlarning fikricha, yana 25 yildan so'ng hozir muomalada bo'lgan tillarning o'ntasidan bittasi saqlanib qolar ekan".

O'zbek tili ham shunday tillar sirasiga kirishiga yana ozgina harakat qilinsa bo'ldi, o'zbek millatining ko'zgusi hisoblanmish til butunlay yo'q bo'ladi qoladi! Qurilgan binolarga boshqa tillarida nom beraversak, zamon talabi deb xodim tomonidan ishchiga ish uchun o'zbek tilining o'zigina kifoya ekanligini bila turib ham rus va ingliz tillarini bilishing kerak degan talab qo'yaversak, oilada o'zbek tili bilan bir qatorda ingliz va rus tillaridagi so'zlarni aralashtirib ishlatishni, tilning ahamiyati haqida faqatgina Til bayrami kunida eslab o'tsak, OAVda o'zbek tiling buzib talqin etilgan variantidagi so'zlar va xato yozilgan so'zlarni ayovsiz namoyish qilishni davom ettiraversak o'zbek tilini yo'qotish uchun 25 yil emas, balki 10 yilning o'zi ham kifoya qiladi.

O'zbek tilining nufuzi bugungi kunda xalqaro maydonda ham ortib bormoqda. Bir qator xorij mamlakatlaridan kelib, yurtimizda o'zbek tilini o'rganib ketayotganlar ham ko'payib bormoqda. Dunyoning turli mamlakatlaridagi o'quv yurtlarida o'zbek tili o'rganilmoqda.

Bu esa har birimizning qalbimizda faxr-iftixor tuyg'ularini uyg'otadi, uning hayotimizda o'rnini topishi o'zligimizning namoyon bo'lishidir. Ayni chog'da orzu-umidlarimiz, o'zligimiz bo'y ko'rsatadigan qalbimiz oynasi hamdir. Shunday ekan, ona tilimizda doimo hurmat va e'tiborda bo'lib, uning jamiyatimizdagi mavqeyini yuksaltirishga har birimiz o'z hissamizni qo'shmog'imiz kerak. Zero, til bor ekan, millat barhayot, uning istiqboli nurli va charog'ondir. Tarix silsilasida tilimiz ne-ne qarshiliklarga uchramadi. Har safar ularni yengib o'tib, oldimizda o'z go'zalligini namoyon qildi. Tarix guvohki, mana bir necha ming yillardan beri ona-tilimiz

hanuzgacha o'zining ahamiyatini yo'qotmay kelmoqda. O'zbek tilining eng ahamiyatli jihati shundaki, u shunday shirali, har bir quloqqa xush yoqadi, eshitgan inson entikib ketadi. Jonajon tilimiz, shoir Mirtemir aytganidek , yoshligimizdanoq jon-u qulog'imizga singib ketgan. Onalarimiz aytgan allalari-yu, bobo-buvilarimizdan eshitgan ertak, hikoya, rivoyat va masallar orqali yuragimiz tub-tubigacha kirib brogan, o'z navbatida ona tilimizga, ona vatanimizga muhabbat uyg'otgan.

Til - millatning boyligi, tuganmas xazinasi, ko'zgusi. Vatanimiz mustaqillikka erishgach, ona tilimiz o'zining haqiqiy o'rni va mavqeiga ega bo'ldi, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo'yildi. Shu tariqa o'zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog'i, Gerbi, Madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo'li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi.

Til - millat qiyofasining bir bo'lagi. Dunyodagi barcha xalqlar o'zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog'liq. Mutaxassislarning so'zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki xaftada bitta til yo'qolib bormoqda. Bu o'z navbatida o'sha tilda so'zlashuvchi xalqlarning yo'qolishini anglatadi.

Til - millatning ma'naviy boyligidir. Til nafaqat muammola vositasi, balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga hurmat esa o'z navbatida o'zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo'llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va hurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham har bir xalq o'z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.

Ona tiliga hurmat va uning bebaho so'z xazinasidan o'rinli foydalanish, ravshan va ta'sirchan so'zlab yoza olish, nutqiy savodxonlikka erishish shu til vakili bo'lgan har bir shaxsning burchidir.

Dunyoga kelgan har bir bola haqiqiy inson bo'lib yetishishi uchun juda ko'p narsalarni bilishi kerak. U o'ziga kerakli bilimni ko'rib, eshitib va o'qib o'rganadi. Eshitib va o'qib o'rganish til vositasida amalga oshadi va uning imkoniyati cheksizdir. Agar til bo'lmay, har bir kishining tirikligi uning o'z tajribasiga asoslangan bo'lsa edi, inson shu kungacha hayvon qanday yashasa, shunday yashagan va bugungi moddiy, ma'naviy taraqqiyotga erishmagan bo'lardi.

Tilning birinchi ma'rifiy ahamiyati shundan iboratki, til tufayli jamiyat a'zolarining har birida hosil bo'lgan bilim ommalashib uning ko'pchilik tomonidan rivojlantirilishiga imkon tug'iladi. Undan tashqari, til tufayli bilim avloddan-avlodga og'zaki va yozma tarzda qoldiriladi, natijada yangi avlod o'tgan avlodning ishini yangidan boshlamasdan, uni davom ettiradi.

Ona tili - millatning ruhi, uning or-nomusi, ma'naviy qiyofasi, orzu-umidlarning namunasidir. Ona tili millatning birligi va birdamligining timsolidir. U millatni yagona xalq sifatida o'z atrofida birlashtiradi va dunyoda borliqni ta'minlaydi. Har bir millatning o'z Vatani, oilasi bo'lgani kabi uning jonajon va betakror ona tili ham bo'ladi. Inson uchun uning Vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik qadrli bo'lsa, uning ona tili ham shu qadar aziz va muqaddas bo'ladi.

Til millatning buyuk boyligi, bebaho xazinasi, tuganmas mulkidir. Chunki millatning tarixi, uning madaniy-ma'naviy merosi, urf-odatlari va an'analari unda mujassam bo'ladi. Shu sababli ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitishimiz va avlodlarga to'liqligicha yetkazishimiz kerak.

Davlat tilini o'rganish, unga amal qilish tabiiy ehtiyoj va zaruratga, hatto anglangan majburiyatga aylanib bormoqda. O'zbek tilida to'g'ri, ifodali so'zlash va yozish, ona tilimizning sofligi va boyligi to'g'risida tinmay g'amxo'rlik qilish, uning iste'mol doirasini kengaytirib borish davlatimiz fuqarolarining burchi sanaladi. Xususan, har bir yosh va o'quvchi o'z ona tilidagi so'z

boyligini oshirish hamda til imkoniyatlaridan o'rinli foydalanishga doim harakat qilishi lozim. So'z fikr qurolidir, kishi qanchalik ko'p so'z bilsa, uning fikrlash doirasi, dunyoqarashi ham shunchalik keng bo'ladi.

Til har bir millat madaniyatining o'zagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o'qitadi, urf-odat, an'analarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro'-e'tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo'shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak bo'ladi. "Xorijiy tillarni bilish insonning madaniyatidan, ziyoliligidan darak beradi. Ona tilini bilish esa har bir fuqaro oldidagi muqaddas burch", deganida donishmandlar ming marta haq fikrni aytishgan. O'zbek adabiy tili, o'zbek adabiyotini rivojlantirish sohasida o'z oldiga qo'ygan vazifalarni yuksak darajada ado etgan Alisher Navoiy o'zining ajoyib nazm durdonalarini, yuksak badiiy qimmatga ega bo'lgan «Xazoyin-ul maoniy», «Xamsa» kabi asarlarini ona tilida yozish orqali o'zbek tilining qudratini, uning boy tasviriy vosita va imkoniyatlarga ega ekanligini, to'liq ma'noda badiiy adabiyot tili ekanligini amaliy tarzda isbotlab berdi. O'z xalqi uchun uning madaniyati uchun va umuman kelgusi avlodlar uchun katta sharafli ishlarni amalga oshirdi, bu bilan faxrlanib:

Turk nazmida chu tortib men alam, Ayladim ul mamlakatni yakqalam. yoki:

Men ul menki, to turk bedodidur, Bu til birla to nazm bunyodidur. Falak ko'rmadi men kabi nodire, Nizomiy kibn nazm aro qodire. deb ajoyib faxriyalar yozdi.

Alloh taolo insonni yer yuzidagi mahluqotlari ichida eng afzali qilib yaratgan. Har bir berilgan ne'matlarni agar sanamoqchi bo'lsak, batahqiq uning sanog'iga yetolmaymiz. Alloh taolo insonni to'la-to'kis, mo'tadil va eng chiroyli suratda yaratganligini o'z kalomi Qur'oni karimda ochiq-oydin bayon qilgan. Insonda bo'lgan buyuk ne'matlardan biri bu tildir. Alloh taolo bu haqida Qur'oni karimda quyidagicha bayon qiladi.

«(Biz insonga) til va ikki labni (bermadikmi)?» (Balad surasi, 9-oyat). Payg'ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam bir kuni Abbos roziyallohu anhuga: «Go'zalligingiz meni ajablantiradi» dedilar. U kishi: «Insonning go'zalligi nima, ey Allohning Rasuli?» dedilar. Payg'ambar Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam: «Uning tili» dedilar.

Demak, ushbu hadisdan kelib chiqib xulosa qiladigan bo'lsak, til insonning go'zalligi hisoblanar ekan. Bu go'zal ne'matdan bu dunyodagi hayotimizda chiroyli tarzda foydalanib, go'zal amallar qilishga oshiqaylik!

Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o'z ifodasini topadi. Til - millat iftixori, deb bejiz aytilmagan. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko'hna va serqirra madaniyati o'zbek tili ta'sirida shakllangan. Ulug' shoirimiz Alisher Navoiy shu tilda bebaho asarlar yaratib, dunyoni lol qoldirgan. bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimiz yutuqlari, sportchilarimiz g'alabalari sharafiga o'zbek tilida madhiyamiz kuylanayotir. Biz o'z ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uning nufuzini oshirishimiz, go'zal va sofligini avlodlarga meros sifatida

qoldirishimiz, dunyoga tanitishda o'z hissamizni qo'shishimiz kerak. «Til yashasa, millat yashaydi». Agar biz o'z tilimizning ko'rkamligi, boyligini dunyoga tarannum etsak, millatimiz yanada charog'on bo'ladi va birligimiz mustahkam bo'ladi. Har birimiz davlat tiliga bo'lgan e'tiborni mustaqillikka bo'lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozimligini butun vujudimiz bilan his etishimiz lozim. Bunday vatanparvar harakatni barchamiz o'zimizdan, o'z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz bilanoq o'zbek tilini rivojlantirishga bevosita ulkan hissa qo'shgan bo'lamiz.

Zero, buyuk ma'rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: «Har bir millatning dunyoda borlig'ini ko'rsatadurg'on oyinai hayoti tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo'qotmak millatning ruhini yo'qotmakdur».

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Sh.M.Mirziyoyev "Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz". T.: "O'zbekiston", 2017-y.

2. Karimov I. A. "Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch". T.: "Ma'naviyat", 2008. — 108 b.

3. Karimov I.A. Barkamol avlod orzusi. - T.: «Sharq», 1998.

4. Hoshimov O'. "Daftar hoshiyasidagi bitiklar". T.: "Sharq", 1998. — 180 b.

5. A.Muxtorov, U.Sanaqulov "O'zbek adabiy tili tarixi" T.: "O'qituvchi", 1995. - 41-b.

6. https://www.Ziyouz.com

7. https://www.uza.uz

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.