Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences Scientific Journal Impact Factor Advanced Sciences Index Factor
VOLUME 2 | ISSUE 6 ISSN 2181-1784 SJIF 2022: 5.947 ASI Factor = 1.7
ONA TILINING SHAXS MA'NAVIYATIDA TUTGAN O'RNI (Jadid ma'rifatparvarlari ijodi misolida)
Humoyun Umaraliyev
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti
3-bosqich talabasi
ANNOTATSIYA
Ushbu maqolada o'zbek tilining shakllanishi, tilning shaxs ma 'naviyatida tutgan o'rni, jamiyatdagi mavqei borasidagi fikr-mulohazalar keltirilgan. Tilimizning badiiy jozibasi va o'ziga xosligini ko 'rsatishda asarlarga murojaat etilgan. O'zbek tilining nufuzini oshirish bo'yicha yurtimizda olib borilayotgan amaliy ishlarga munosabat bildirilgan.
Kalit so'zlar: millat ruhi, tilning nufuzi, komillik belgisi, badiiy joziba, qonuniy himoya, iftixor tuyg'usi, til qudrati, so'z tanlash.
АННОТАЦИЯ
В данной статье рассматривается формирование узбекского языка, роль языка в духовности личности, его место в обществе. В работе уделяется внимание произведениям, чтобы показать художественное очарование и самобытность нашего языка. Выражено отношение к проводимой в нашей стране практической работе по повышению значимости узбекского языка.
Ключевые слова: дух нации, значимость языка, знак совершенства, художественное обаяние, правовая защита, чувство гордости, сила языка, подбор слов.
ABSTRACT
This article discusses the formation of the Uzbek language, the role of the language in the spirituality of the individual, its place in society. The work pays attention to the works in order to show the artistic charm and originality of our language. The attitude to the practical work carried out in our country to increase the importance of the Uzbek language was expressed.
Keywords: the spirit of the nation, the significance of the language, a sign of perfection, artistic charm, legal protection, a sense of pride, the power of the language, the choice of words.
Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences Scientific Journal Impact Factor Advanced Sciences Index Factor
VOLUME 2 | ISSUE 6 ISSN 2181-1784 SJIF 2022: 5.947 ASI Factor = 1.7
KIRISH
Ey ona til, aziz qadrdonim, Iftixori ruhim, Rahmonim, Tug'dig'im kundan aylading ulfat, O'lguncha ayilma, ey jonim.
(A.Avloniy)
Yaratganning hukmi bilan dunyoga ma'lum-u mashhur bo'lgan har qanday til borki, unda xalqning tarixi, buguni va ertasi mujassamlashgan bo'ladi. Onadek mo'tabar o'zbek tilimiz ham e'zoz-u ehtiromga loyiq. Bugungi ozodlik zamonida, tilimizning qonuniy himoyasi qayta tiklangan davrda, o'zbek tili butun bo'y-basti bilan keng quloch yoymoqda. O'zbek tili xalqimizning mustaqilligi va milliy o'ziga xosligini ifodalab turuvchi bebaho ma'naviy xazinadir. 1989-yil 21-oktyabrda o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi mustaqillik sari tashlangan ilk qadam bo'ldi. Bugun esa bu tarixiy sanaga 30 yil to'ldi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida o'zbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi ta'siri va nufuzini oshirish eng muhim vazifalardan biri ekanligini ta'kidladi. Ona tili va adabiyotimizni ulug'lash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodga yetkazish maqsadida yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablari tashkil etildi va bu ijod maktablarida, eng avvalo, o'zbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur o'rganish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Prezidentimiz tomonidan "O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Farmonga imzo chekilishi ham barchamizni xushyorikka chorladi. Ayniqsa, tilga e'tiborni yuqori cho'qqiga ko'tarish masalasi Vatan ravnaqi masalasi bilan tenglashtirilgani juda ahamiyatlidir. Hozirgi kunda o'zbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy hayotimizda faol qo'llanilmoqda, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda. Joriy yil 23-sentyabrda muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida nutq irod etgani esa fikrimizning yorqin dalili bo'la oladi. Beqiyos o'zbek tilimizning xalqaro maydonda jaranglashi barcha yurtdoshlarimiz qalbiga cheksiz g'urur va iftixor baxsh etdi. Yurtboshimizning: "Kimda-kim o'zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta'sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo'lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o'lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo'shiqlariga quloq tutsin" [1] - degan gaplari chin haqiqat edi.
Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences Scientific Journal Impact Factor Advanced Sciences Index Factor
VOLUME 2 | ISSUE 6 ISSN 2181-1784 SJIF 2022: 5.947 ASI Factor = 1.7
Beg'ubor ko'zlarini ochib, ilk bor dunyo yuzini ko'rgan go'dak qalbiga ona tili ona allasi orqali singib boradi. Vatan nima ekanini hali tushunib yetmagan bolakay davlat tilida yangragan madhiyani tinglagan lahzadan Vatan mehrini his eta boshlaydi. Endigina dunyoni anglayotgan avlodni bag'riga olgan maktab uning shuuriga olam-u odamdan bahs etuvchi jamiki bilimlarni til sehri ila ayonlashtiradi. Bu esa mavjudlikdan boxabar bo'lmoq uchun ona tilini bilish, uni sevib-ardoqlash darkor degani. Inson hayotining har bosqichi til bilan bevosita bog'liq. Zotan, komillikning birinchi belgisi ham tilni tanimoqdir. Ona tiliga e'tibor va ehtirom bilan qaramoq uning har bir so'z qatlariga yashiringan ma'no jilolari-yu mazmun teranliklarini idrok etishdir. Nutqning go'zalligi, tilning burroligi, ifodaning aniqligi inson uchun o'ziga xos husn bo'lsa, vaqti kelganda bu husn jamiyatning, millatning husnini ko'rsatadi. Shu sababdan ham xalqimiz aytganidek, o'ynab gapirsak ham o'ylab gapirishimiz kerak. Jadid bobomiz Abdulla Qodiriy: "So'z so'ylashda va ulardan jumla tuzishda uzoq andisha kerak" [2] - deganida haq edi.
MUHOKAMA VA NATIJALAR
O'zbek tili - bu bir daraxt. Uning ildizlari juda qadimiy va mustahkamdir. U bugungi kunga qadar juda ko'p sinovlardan o'tgan. Ulug' Navoiy o'z asarlarida tilimizning samolar qadar yuksak qudratga ega ekanligini, uning boshqa tillardan kam joyi yo'qligini, aksincha, uning o'ziga xos jozibasi borligini isbot etgan bo'lsa, XX asr boshlariga kelib ma'rifatparvar adib Abdulla Qodiriy o'zbek tilini kamsitgan kishilarga qarata bunday javob qildi: - "O'zbek tili kambag'al emas, balki o'zbek tilini kambag'al deguvchilarning o'zi kambag'al. Ular o'z nodonliklarini o'zbek tiliga to'nkamasinlar"
Tilimiz O'rxun-Enasoy bitiklaridan boshlanib Mahmud Koshg'ariy, Ahmad Yassaviy, Yusuf Xos Hojib-u Ahmad Yugnakiy asarlarini bezagan bo'lsa, Navoiy qalamida chinakam san'at darajasiga ko'tarildi. Uning til borasidagi qarashlari o'ziga xos edi. Hazrat Navoiy turkiy tilning har bir ma'no nozikliklaridan mohirlik bilan foydalana oldi va bu tilda benazir asarlar yaratdi. Navoiy shohbaytlari ta'rifini keltirolmay qalamning ado bo'lishi ham turkiy til qudratidan ekanligiga shubha yo'q. Navoiy "Muhokamat ul-lug'atayn" asarida ikki til muqoyasasini keltirganda ko'plab misollar keltiradi. Masalan, bu baytga e'tibor qarataylik:
baytini keltirish orqali turkiyda ingramak va singramak dard bilan yashirin yig'lashni ifodalashini, forsiyda bunday ma'noli so'z yo'qligini aytadi.
Istasam davr ahlidin ishqingni pinhon aylamak, Kechalar gah ingramakdur odatim, gah singramak, [3]
Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences Scientific Journal Impact Factor Advanced Sciences Index Factor
VOLUME 2 | ISSUE 6 ISSN 2181-1784 SJIF 2022: 5.947 ASI Factor = 1.7
Navoiydan so'ng Bobur, Munis, Ogahiy, Furqat-u Nodiralar til rivojiga munosib hissa qo'shdilar. Jonkuyar bobolarimiz mustabid tuzum davrida ham tilimizning mustaqilligini saqlab qolish uchun kurashdilar. Fitrat, Avloniy, Ibrat, Cho'lpon kabi ajdodlarimiz sa'y-harakatlari e'tiborga molik. Ustoz Cho'lpon "Kecha va kunduz" romanida Zebi va Saltanatxonning xursandchilikdagi holatini: "Bular, qiyqiriq solishib, tobiga kelgan choydishdek sharaqlashib..." [4] - deb tasvirlaydi. Biz bunday qiyoslashni ingliz, nemis yoki fransuz adabiyotida uchratmaymiz, chunki o'zbekning choydishi tobiga kelganda qanday qaynashini ular bilmaydi. Shuning uchun ham til millat ko'zgusi hisoblanadi. Chunki unda milliy an'ana va qadriyatlar o'z aksini topadi. O'zbek tili - imkoniyatlar sandig'I. Undan o'rni bilan foydalana olish o'zimizga bog'liq. Modomiki, tildan to'g'ri foydalanish xususida gap ketayotgan ekan, G'aybulla as-Salomning quyidagi fikrlarini keltirishni o'rinli deb topdim: "Ona tilida fikrlashga, toza gapirishga, nutqingizni har xil yot unsurlardan saqlashga harakat qiling. Qayerda va kim bo'lmasin ona tilini kamsitishlariga also yo'l qo'ymang. Til mavsumiy libos emaski, ob-havoning o'zgarishiga qarab almashtirilsa. Ona, Vatan, millat har biri bittadan, Ona tili ham bitta. Kishi boshqa tilda bilimli bo'la oladi, ammo faqat ona tilidagina bekam-u ko'st bo'lishi mumkin. Ona tilini e'zozlashni, qadrlashni va asrashni ma'rifatli millatlardan o'rganing"[5]. Chet tillarni o'rganish ham yaxshi, lekin o'z ona tilida so'zlamoq lazzati o'zgacha. XX asr boshida olti tilli lug'at tuzgan Is'hoqxon Ibrat ham yoshlar, albatta, boshqa tillarni o'rganishga sa'y-harakat qilishsin, lekin avval o'z ona tillarini ko'zlariga to'tiyo qilib, ehtirom ko'rsatishlari kerak qabilidagi fikrni aytgan edi.
Olimlarning fikriga ko'ra, til yashab qolishi uchun unda kamida bir million kishi so'zlashishi kerak ekan. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tani tashkil qiladi. O'zbek tili ham mana shu 250 ta tilning qatorida turadi. Hozirgi vaqtda o'zbek tilida so'zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko'hna va serqirra madaniyati o'zbek tili ta'sirida shakllangan. Bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimiz yutuqlari va sportchilarimiz g'alabalari sharafiga o'zbek tilida davlatimiz madhiyasi kuylanmoqda. Til yashasa, millat yashaydi. Agar biz tilimiz boyligi va ko'rkamligini dunyoga namoyish eta olsak, uning jamiyatdagi o'rnini yanada mustahkamlasak, kelajagimiz yorug' va birligimiz abadiy bo'ladi. Axir, millatni yo'q qilish uchun uning hududiga qurol ko'tarib kirish shart emasligini, uning tilini, ma'naviyatini, adabiyotini yo'q qilish kerakligini, shunda millatning o'zi yo'q bo'lib ketishini tarixning o'zi aniq dalillar bilan ko'rsatib qo'ydi-ku. O'z davrida Abdulla Avloniy milliy tilimizni yo'qolib ketayotganidan kuyinib bunday degan edi:
Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences Scientific Journal Impact Factor Advanced Sciences Index Factor
VOLUME 2 | ISSUE 6 ISSN 2181-1784 SJIF 2022: 5.947 ASI Factor = 1.7
"Bobolarimizga yetushg'on va yarag'on milliy til va adabiyot bizga hech kamlik qilmas. O'z uyimizni qidirsak va axtarsak, yo'qolganlarini ham toparmiz. Yo'qolsa yo'qolsun, o'zi boshimga tor edi", - deb Yevropo qalpog'ini kiyib, kulgi bo'lmak zo'r ayb va uyatdur. Payg'ambarimiz: "Erlarda jamol lison va tildur", - demishlar" Mana bu fikrlarda haqiqiy kuyinish, Vatan, millat ertasining til bilan bog'liq ekanligini tushuntirishga urinish borligi yaqqol ko'rinib turibdi.
Til - bu millat quyoshi. U nur sochmas ekan adabiyot yaratilmaydi, tarix oddiy o'tmishligicha qolaveradi. Tilsiz ajdodlar va avlodlar o'rtasidagi bog'liqlik yo'qoladi. Til bo'lmasa, shoir qalbidagi his-tuyg'ularni quyma satrlarga joylay olmaydi. Navoiy bobomiz esa tilni xazina deb bildi, uning atrofini tikonlar o'rab olganini ta'kidladi va turkiy tilni tikon va ilonlardan tozaladi. Navoiy tilni ko'ngil maxzanining qulfi, so'zni esa uning kaliti deydi. Qaysiki millat o'z tilini yo'qotsa, muqaddas dinini ham yo'qotadi. Vatanga muhabbat, eng avvalo, tilga muhabbatdan boshlanadi. Mamlakat qudratining ifodasi ham, ifodalovchisi ham til hisoblanadi.
REFERENCES
1. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag'ishlangan nutqi
2. A.Qodiriy. Maqolalar to'plami. "Yozishg'uvchilarimizga" maqolasi
3. A.Navoiy. Muhokamat ul-lug'atayn, Toshkent: Tafakkur, 2014.
4. Cho'lpon. Kecha va kunduz, Toshkent, 1991
5. G'aybulla as-Salom. So'nggi bekatdagi bitiklar.
XULOSA