O'ZBEK FOLKLORSHUNOSLIGINING RIVOJLANISHIDA FOLKLORSHUNOS OLIMLARNING QO'SHGAN HISSALARI
Xurriyat Isroilova O'zDSMI
Annotatsiya: Ushbu maqolada o'zbek folklorshunosligi, uning tarixi va folklorshunoslikda o'zbek olimlarining tutgan o'rni haqida so'z yuritiladi.
Kalit so'zlar: folklorshunoslik, maqollar, topishmoqlar, an'anaviylik, falklorshunos o'zbek olimlari
CONTRIBUTIONS OF FOLKLORE SCIENTISTS TO THE DEVELOPMENT
OF UZBEK FOLKLORE
Hurriyat Israilova UzSIAC
Abstract: This article talks about Uzbek folklore studies, its history and the role of Uzbek scientists in folklore studies.
Keywords: folklore, proverbs, riddles, traditionalism, folklore Uzbek scientists
Xalq og'zaki badiiy ijodiyotini to'plash, sistemalashtirish, ommaviy va akademik nashrlarni amalga oshirish hamda keng ko'lamli fundamental tadqiqotlami yaratish borasida bugungi kunda yirik ishlarni amalga oshirib kelayotgan o'zbek folklorshunosligi fanining shakllanishi tarixi XX asming 20-yillaridan boshlangan. O'zbek bilim hay'ati tomonidan tashkil etilgan folklor-etnografik ekspeditsiyalarga boshchilik qilgan G'.O.Yunusov xalq og'zaki badiiy ijodi namunalarini to'plash va ommalashtirishning tashabbuskorlaridan biri bo'lgan. Fozil Yo'ldosh o'g'li, Ergash Jumanbulbul o'g'li kabi xalq baxshilarini aniqlagan. G'.O.Yunusov o'zbek epos-shunosligi tarixida birinchi bo'lib 1922-yilning yozida Fozil Yo'ldosh o'g'li va Hamroqul baxshilardan «Alpomish» dostonidan parchalar yozib olgan. U o'zining « O'zbeklarda el tanish ishi» nomli maqolasida («Turkiston», 1922, 18-dekabr) folklorshunoslikda birinchi bo'lib «Alpomish». «Go'ro'g'li», «Yusuf va Ahmad» dostonlari haqida fikr yuritgan. «Alpomish» dostonini jahon adabiyotining «Odisseya», «Iliada» kabi ajoyib durdonalariga qiyoslagan.
G'.O.Yunusov Toshkent, Sirdaryo, Samarqand viloyatlarida bo'lib, ko'plab qo'shiq, ertak, afsona, maqol, topishmoq va rivoyatlarni yozib olgan, o'zbek marosim folkloriga doir kuzatishlar olib borish bilan bir qatorda, boy etnografik materiallarni ham to'plagan. Olim o'zbek folklori namunalarini to'plovchilar uchun metodik
qo'llanma ham yaratgan. G'.O.Yunusovning «Alla» to'g'risida bir-ikki og'iz so'z "El adabiyotidan namunalar", "Og'iz adabiyotida sinfiy tuyg'ular" kabi maqolalari xalq og'zaki ijodini ilmiy o'rganish borasidagi ilk tajribalar sifatida folklorshunoslik tarixida muhim o' rin tutadi.
1925-1928-yillarda G'ozi Olim Yunusov, Hodi Zarifov, Abdulla Alaviy kabi milliy qadriyatlarimiz fidoyilari xalq baxshilarini, ertakchi va qo'shiqchilarni aniqlash, ularning repertuaridagi asarlarni yozib olishni tashkil etib, Fozil Yo'ldosh o'g'li, Po'lkan shoir, Ergash Jumanbulbul o'g'li, Nurmon Abduvoy o'g'li, Berdi baxshi, Abdulla shoir va boshqa ko'plab baxshilardan xalq dostonlarini yozib olishgan. Bu sharafli ishga Mahmud Zarifiy, Iso Ernazar o'g'li. Fotima (hozirgacha to'la ismi-sharifi aniqlanmagan), Tovfiq Mustafbyev, Bahrom Ibrohimov, Muqim Hamzabekov, Nazarqosim Mirzayev, Husayn Karimiy kabi havaskor folklor to'plovchilar ham jalb qilingan. O'sha davrda to'plangan materiallar bugungi kunda o'zbek xalq og'zaki badiiy ijodi durdonalari saqlanayotgan O'zRFATil va adabiyot instituti Folklor arxivining yuzaga kelishiga zamin hozirlagan. O'zbek folklorshunosligining filologik yo'nalishdagi fan sifatida shakllanishi H.Zarifov ilmiy faoliyati bilan bevosita bog'liqdir. H.T.Zarifov folklor asarlarini yozib olish, to'plash, nashr etish va o'rganishga ulkan hissa qo'shgan alloma, o'zbek folklorshunosligining asoschisidir. O'zining folklorshunos sifatida ilm faoliyatini to'plovchilikdan boshlagan H.T.Zarifov Fozil Yo'ldosh o'g'li, Ergash Jumanbulbul o'g'li, Po'lkan va Islom shoirdek zabardast so'z san'atkorlarini aniqlab, ularning ijodiy me'rosini to'plagan. Bu baxshilardan yozib olingan "Alpomish", "Yodgor", "Jahongir", "Rustam", "Ochildov", "Hasan batrak", "Yusuf va Ahmad", "Avazning uylanishi", "Mardikor", "Shayboniyxon" kabi dostonlar o'zbek eposining eng ajoyib namunalari sirasiga kiradi. H.T.Zarifov ishtirok etgan yoki uning o'zi tomonidan uyushtirilgan har bir ekspeditsiya fanga yangi materiallar va tahliliy xulosalami taqdim etgan. Jumladan, H.T.Zarifov 1929-yilda G'.O.Yunusov rahbarligidagi folklor ekspeditsiyasining a'zosi sifatida Qashqadaryo, Surxondaryo vohalarida bo'lib, Abdulla Nurali o'g'li, Xolyor Abdukarim o'g'li kabi chechan baxshilar ijodiyotini o'rgangan. 1930-yilgi Xorazm folklor-etnografik ekspeditsiyasi chog'ida esa Bola baxshi, Qurbon sozchi, Bibi shoira, Ahmad Matnazar o'g'li, Xo'jayor baxshi Vois o'g'li kabi xalq shoirlaridan "Asilxon", "Xirmondali", "Qirq ming" dostonlarini yozib olgan. H.T.Zarifov 1935-yili Farg'ona vodiysi dostonchilik maktabining Bo'ri Sodiq o'g'li, Usmon Mamatqul o'g'li, Umrzoq baxshi, Hasan Xudoyberdi o'g'li, Hasanboy Rasul o'g'li kabi ijrochilarini aniqlaganligi ham folklorshunoslik uchun muhim yangilik bo'lgan. Bu baxshilardan yozib olingan doston va termalar Farg'ona vodiysida dostonchilik an'analari allaqachon yo'qolib ketgan degan da'volarning asossiz ekanligini isbotlagan. Atoqli olim H.Zarifov o'zining 20-yillarda o'tkazgan ekspeditsiyalari chog'ida Jizzax viloyatidan «yo ramazon» qo'shiqlarining
mukammal namunasini yozib olishgan, shuningdek, xalqimizning irim-sirimlari va e'tiqodlariga oid boy faktik materiallar to'plashga muvaffaq bo'lgan.
H.T.Zarifovning yirik fan tashkilotchisi sifatidagi faoliyati havaskor folklor to'plovchilar ishini markazlashtira olganligi va bu ezgu ishga ko'pgina ziyolilarni jalb eta bilganligida yaqqol ko'zga tashlanadi. Uning topshirig'i va bevosita rahbarligi ostida havaskor folklor to'plovchi, xalq ijodiyotining haqiqiy fidoyilari biri bo'lgan Iso Ernazar o'g'li 1927-yilda Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi qishloqlarni kezib chiqib, o'zbeklarnirng yaylovga ko'chish, ot sotib olish, qamchi saqlash, cho'pon tayoq. pichoq berish, nikoh to'yi, bolaga ism qo'yish, chechakni davolash bilan bog'liq materiallarni, dafnmarosimi folklori, irim-sirim va taqiqlarini to'plagan. U folklorshunoslik amaliyotida birinchi bo'lib baxshilarning davolash amallariga doir etnofolkloristik materiallarni - qaytarma, qoqim, badik namunalarini yozib olgan. H.T.Zarifov o'zbek folklorshunosligi tarixida birinchi bo'lib XX asrning 20-yillaridayoq xa|q ijodi asarlarini to'plash va nashr etish uchun maxsus transkripsiyani ishlab chiqqan. Bu ilmiy prinsip chuqur nazariy bilim va keng ko'lamli matniy tayyorgarlikka asoslanganligi uchun ham hozirga qadar nafaqat o'zbek, balki qardosh turkiy xalqlar folklorshunosligida ham samarali qo'llanilmoqda. H.Zarifov "Shayboniyxon", "Ravshan", "Malika ayyor", "Chambil qamali", "Kuntug'mish", "Oysuluv", "Yodgor", "Kunduz bilan Yulduz", "Ochildov", "Xurshidoy", Mamatkarim polvon", "Jizzax qo'zg'oloni,!, "Hasan batrak", "Alpomish", "Yakka Ahmad", "Xoldorxon" kabi dostonlarni nashrga tayyorlagan. U "O'zbek folkloridan namunalar", "O'zbek folklori", "Otalar so'zi - aqlning ko'zi", "O'zbek xalq shoirlarining ijodi", "O'zbek she'riyati antologiyasi" (1-tom) majmualarining ham nashridir. H.T.Zarifov o'zbek folklorining o'ziga xos xususiyatlari, folklorshunoslik tarixi, xalq shoirlarining ijodi va ijrochilik mahorati, repertuari, epik an'ana, dostonlar tasnifi, dostonchilik san'ati, Qo'rg'on, Bulung'ur, Shahrisabz, Xorazm, Juma kabi dostonchilik maktablarining o'ziga xos xususiyatlari kabi eposshunoslikning nazariy masalalariga doir asarlar yaratgan. U folklorshunoslik tarixida birinchi bo'lib xalq og'zaki ijodiyoti fanidan dastur va majmualar tuzgan.
Folklor asarlarini to'plash va yozib olish metodikasi haqida ilk qo'llanma yaratgan. O'zbek folklorshunosligi maktabining asosiy ilmiy yo'nalishi xalq ijodiyoti yuzasidan fundamental ilmiy tadqiqotlar yaratishdan iborat bo'lib, H.Zarifovning ilk tadqiqotlari bilan o'zbek folklorini ilmiy o'rganish ishiga asos solingan. Ayniqsa, uning yirik eposshunos V.MJirmunskiy bilan hamkorlikda yaratilib, rus tilida nashr ettirilgan « O'zbek xalq qahramonlik eposi» monografiyasi, shuningdek, o'zbek xalq dostonlarining epik tabiati va tarixiy asoslarini tekshirishga oid qator maqolalari, xalq eposini fundamental tadqiq etishning mumtoz namunasi bo'lishi bilan birga, o'zbek folklorshunosligi maktabining ilmiy-nazariy asosi ham hisoblanadi. O'zbek marosim folklori janrlari etnograf M.Gavrilovning kichik bir risolasini hisobga olmaganda,
o'tgan asrning 3O-yillariga qadar deyarli tadqiq etilmay kelinardi. Ana shu badiiy qadriyatlarning to'planishi va o'rganilishi folklorshunos olima Muzayyana Alaviya nomi bilan bog'liqdir. 1909-yil 26-mayda Toshkent viloyatining Piskent tumanidagi Mo'minobod mahallasida tug'ilgan Muzayyana Akmalxonovna Alaviya folklorshunoslikka dastlab to'plovchi sifatida kirib kelgan. U Qashqadaiyo, Surxondaiyo, Xorazm, Samarqand, Buxoro, Andijon, Farg'ona, Toshkent viloyatlarida folklor ekspeditsiyalarida bo'lib, xalq qo'shiqlari, afsona, rivoyat, ertaklarni to'plagan. Fozil Yo'ldosho'g'li, Islom shoir, Boymurod Boymat o'g'li, Haydar Boyehayev, Abdulla shoir Nurali o'g'li, Umr shoir Safarov, Qo'zi va To'qli Ro'ziyev kabi xalq baxshilaridan o'nlab termalar va dostonlarni yozib olgan. Olimaning ko'p yillik izlanishlari natijasida "O'zbek xalq qo'shiqlari", "Yangi qo'shiqlar", "O'zbek folkloridan namunalar", ''Oq olma-qizil olma", "Xalq qo'shiqlari" kabi to'plamlari yuzaga kelgan. U Fozil Yo'ldosh o'glining "Intizor" dostonini nashrga tayyorlagan.
M.Alaviya o'zbek xalq marosim qo'shiqlarining mavzu qamrovi, g'oyaviy mazmuni, badiiy xususiyatlari, ijtimoiy mohiyati, qo'shiqchilarning ijrochilik san'ati, qo'shiqlarning tarixiy asoslariga doir ko'plab ilmiy tadqiqotlar muallifidir. M.Alaviya O'zRFA Til va adabiyot institutining folklor ekspeditsiyalari ishtirokchisi sifatida oilaviy-maishiy marosimlar bilan aloqador o'lan, yor-yor, kelin salom, lapar kabi janrlarga oid matnlarm to'plagan. 1969-yilda Sayram, Turkiston, Iqon, Qorabuloq bo'ylab o'tkazilgan folklor ekspeditsiyasi chog'ida shamol to'xtatish marosimi bilan bog'liq «Choymomo» qo'shig'ining ko'plab variantlarini aniqlagan. Marosim folklori namunalarini izchil to'plab, tadqiq etgan M.Alaviya 1957-yilda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi Do'sbergan qishlog'ida yashovchi Qirmiz momo hamda Ashiroy Ro'ziyevadan boqimchilik va baxshichilik amaliyotining to'liq tavsifini yozib olgan. Olima baxshi chorlovi, xudo va avliyolami yodga olishi, pir va parilarni chaqirishi, pirlardan yo'l so'rashi, momolarni chorlashi, q'irq chilton, pari, devlar, lashkarga o'z boshidan o'tganini aytib berishi va lashkarru yo'lga solishi, shuningdek, gulafshonni davolash bilan bog'liq aytimini yozib olgan bo'lib, bu materiallar o'zbek shomon folklorini tadqiq etishda muhim manba hisoblanadi.
M.Alaviyaning o'zbek marosim folklorini ilmiy tadqiq etish borasidagi izlanishlari 1974-yilda chop ettirilgan «O'zbek xalq marosim qo'shiqlari» nomli monografiyasida umumlashtirildi. O'z ilmiy faoliyatini 1932 yilda Toshkentdagi Madaniy qurilish institutida boshlagan Mansur Afzalov o'zbek xalq nasri asarlarini to'plash, nashr etish va ilmiy o'rganishga katta hissa qo'shgan. O'zbek xalq ertaklari, doston va afsonalarni to'plab, tadqiq etgan M.Afzalov Islom shoirning "Orzigul", "Gulixiromon" (S.Asqarov bilan hamkorlikda, Fozil shoirning "Shirin bilan Shakar", "Murodxon" (X.Rasul bilan hamkorlikda, "Balogardon" (X.Rasul bilan hamkorlikda, "Farhod va Shirin", "Zulfizar", Ergash Jumanbulbul o'g'lining "Xushkeldi"
dostonlarini nashrga tayyorlagan. U Islom shoir "Tanlangan asarlar" i, "O'zbek folkloridan o'quv materiallari", "O'zbek dostonlari", "O'zbek she'riyati antologiyasi", "O'zbek xalq ertaklari", "O'zbek xalq ertaklari», "O'zbek xalq maqollari" majmualarini ham chop ettirgan. O'zbek xalq nasrining janrlar tarkibi, xalq baxshilarining hayoti va ijodi, folklor va ijtimoiy hayot, folklorshunoslik tarixi masalalari bilan shug'ullangan olimning "O'zbek xalq ertaklari haqida" asari o'zbek ertaklari haqidagi birinchi yirik tadqiqotdir. Bu kitobda o'zbek xalq ertaklari tasnif qilingan, ertaklarning o'rganilish tarixi, obrazlar tizimi, motivlaming tarixiy asoslari, ertaklarning yuzaga kelish tarixi va badiiy xususiyatlari, ertak ijrochiligi tadqiq etilgan. O'zbek folklorini to'pIash, nashr etish, tadqiq etishga katta hissa qo'shgan olima Z.Husainova 1951-yildan buyon O'zR FA Til va adabiyot institutining folklor ekspeditsiyasi safida respublikamizning barcha viloyatlarida, Janubiy Tojikiston va O'shda bo'lib, xalq og'zaki ijodiyotining qo'shiq, maqol, topishmoq, ertak, latifa kabi janrlariga doir matnlarni to'plagan. Bekmurod Jo'raboy o'g'lidan "Malika ayyor", "Xolbeka", Umr Safar o'glidan "Zandigor", Abdulla Nurali o'g'lidan "Alpomish", Toshmurod baxshi To'rabovdan "Mayda savdogar", Hamro Ergashevdan "Alpomish", Niyoz Alimqul o'g'lidan "Yusuf va Ahmad", Beknazar Rahmatovdan "Qoraqum" dostonlarini yozib olgan. Olima "Oshiq G'arib va Shohsanam", "Gulnor pari", "Gulshanbog'", "Avazxon", "Xolbeka", "Alibek va Bolibek", "Chambil qamali", "Avazxonning o'limga hukm etilishi", "Mashriqo" dostonlarini nashrga tayyorlagan, shuningdek, professor T.Mirzayev bilan hamkorlikda Nurali Nurmat o'g'li va Abdug'afur Shukurov kabi ertakchilardan yozib olingan ertak, naql, Iatifalar hamda Rahmatulla Yusuf o'g'li repertuaridagi "Go'ro'g'li" turkum dostonlarni chop ettirgan. Z.Husainova xalq shoirlarining hayoti va ijodiyoti, topishmoqlarning tarixiy asoslari, janr xususiyatlari, tasnifi va badiiyatiga doir ilmiy asarlar yaratgan.
Ergash Jumanbulbul o'g'li, Fozil Yo'ldosh o'g'li, Islom shoir va Polkan shoir kabi atoqli baxshilarning bibliografiyasi hamda O'zR FA Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot institutidagi H.Zarifov nomli O'zbek folklori arxivi materiallarining manbalar ko'rsatkichini tuzgan. U Ergash Jumanbulbul o'g'li adabiy merosini nashr etish va o'rganishdagi xizmatlari uchun Beruniy nomidagi O'zbekiston Respublikasi Davlat mukofotiga sazovor bo'lgan. Xalq teatrini o'rganishni an'anaviy og'zaki dramalarni yozib olishdan boshlagan M.Qodirov 1958-yildan boshlab Hamza nomidagi San'atshunoslik institutining folklor ekspeditsiyasi tarkibida Surxondaryo, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo, Farg'ona, Namangan, Andijon, O'sh, Xorazm viloyatlarida bo'lib, 300 ga yaqin xalq teatri ijrochilarining ijodiy faoliyatini o'rgangan, ellikdan oshiq professional va havaskor masxarabozlar bilan ijodiy suhbatlar o'tkazgan, yuzga yaqin xalq dramasi, kulgi-hikoya va qiziqchilik namunalarini yozib olgan, ko'plab pantomima, xalq raqslari va tomosha san'atiga doir materiallar to'plagan. M.Qodirov tomonidan yig'ilgan materiallar o'zbek xalq
tomosha san'atini o'rganishda yangi yo'nalishlarni ochib berdi. Chunki ilgari «o'zbek xalq teatri» deganda, faqat Farg'ona vodiysi qiziqchilik san'ati nazarda tutilardi, xolos. M.Qodirov esa respublikamizda o'zbek xalq teatrining Buxoro, Qo'qon va Xorazm maktabi mavjudligi hamda har bir an'ananing umumiy va o'ziga xos tomonlarini aniqlagan. U o'zbek xalq og'zaki dramasining folklor asari sifatidagi o'ziga xos badiiy xususiyatlari, obrazlar tizimi, xalq san'atkorlarining ijrochilik mahoratini chuqur tadqiq etib, teatr folklorshunosligi yo'nalishiga asos solgan. M.Qodirov o'zbek folklorshunosligi tarixida birinchi bo'lib xotin-qizlar folklor teatri mavjudligini ilmiy jihatdan asoslab bergan. U 1958-yilda Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi G'o's qishlog'ida yashovchi ayollardan o'ttizta og'zaki drama va kulgihikoyalarni yozib oldi va ayollar xalq teatrining tarixiy asoslari, asosiy yo'nalishlari, ustoz-shogird munosabatlari, ijro usullari, og'zaki dramalarning g'oyaviy-badiiy xususiyatlarini o'rgangan.
O'zbek xalq san'atining muqallid, tanqid, kulgi-hikoya, masxarabozlik, qiziqchilik, qo'g'irchoqbozlik, ot o'yin, askiya, qarsak o'yin, muallaqchilik-dorbozlik, nayrangbozlik kabi qadimiy turlariga doir boy materiallarni to'plab, tadqiq etgan. O'zbek xalq teatrini jonli aktybr teatri va qo'g'irchoq teatriga boiib tasniflagan M.Qodirov "Laylak ilonni ovladi", "Yumronqoziq", "Kichkinajon", "Kadi badbaxt", "Buva qovoq", "Tevarak o'yin", "Ajdaho o'yin", "Mavrigi" kabi xalq o'yinlari hamda Yusufjon qiziq, Usta Olim, Mulla To'ychi, Toshkanboy dorboz, Karim chavandoz, Aka Buxor, Komil qori singari xalq san'atkorlarining ijodiy merosini o'rgangan. O'zbek xalqining musiqa merosini to'plash bilan izchil shug'ullangan Y.Rajabiy 1955-1959 yillarda o'zi to'plagan materiallar asosida mingdan oshiq xalq qo'shiqlari va cholg'u kuylarini o'z ichiga olgan "O'zbek xalq musiqasi" majmuasining besh 126 jildini nashr ettirgan. U Toshkent-Farg'ona maqom yo'llari, Buxoro "Shashmaqom"i va uning tarkibiy qismlarini to'plab, mukammallashtirib nashrga tayyorlagan hamda 1966-1975 yillar davomida olti jildlik kitob holida chop ettirgan. Folklorshunos olim R.Muhammadiyevning tashabbusi va ishtirokida askiya san'ati materiallarini to'plash, o'rganish va ommalashtirish maqsadida maxsus folklor ekspeditsiyalari o'tkazilgan. 1961 yilda Farg'ona vodiysida ish olib borgan birinchi ekspeditsiyada askiya janrining tarqalish doirasi va tarixiy taraqqiyotini o'rganishga doir materiallar to'plangan, askiya payrovlarini yozib olingan. 1963-yilda o'tkazilgan ikkinchi ekspeditsiya chog'ida mashhur askiyabozlarning repertuari tadqiq etilgan, ustoz so'z san'atkorlari haqidagi xotiralar, rivoyatlar, latifalar va o'zbek askiyachilarining ijodiy merosi to'plangan. 1965-yilning yozida esa Farg'ona vodiysining shimoliy tumanlarida, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi yosh askiyachilar ijodiyoti o'rganilgan. O'zbek xalq dostonchiligida badiiy mahorat masalalarini chuqur tadqiq etgan M.Saidov "Nurali", "Zulfizar", "Gulnor pari", "Avazxon", "Misqol pari", "Tohir va Zuhra", "Sumanbar", "Zevarxon", "Varqa bilan
Gulshoh", "Vomiq va Uzro", "Balxuvon", "Gulshanbog"' dostonlarini chop ettirgan. O'zbek folklorini to'plash, nashr ettirish va o'rganishga katta hissa qo'shgan J.Qobulniyozov Xorazm xalq dostonlari va qo'shiqlarini yozib olib, xalfalar ijodini o'rgangan. Bola baxshi Abdullayevdan "Bozirgon", "Avazxon", "Oshiq Malimud", Mahmud Yusupovdan "Oshiq Mahmud", "Sayyodxon va Hamro" dostonlarini yozib olib, 1966-1970 yillarda chop ettirgan. 1966-yilda esa o'zi to'plagan xalq qo'sliiqlari asosida "Xorazm xalq qo'shiqlari" to'plamini nashr ettirgan.
O'zbek folklori asarlarini to'plash va sistemalashtirish ishiga katta hissa qo'shgan M.Murodov 1959-yildan to 1990-yillaming oxirigacha respublikamizning turli viloyatlarida folklor ekspeditsiyalarida bo'lib, Yusuf O'tagan o'g'li, Razzoq Qozoqboy o'g'li, Husan baxshi Rajab o'g'li. Haydar Boycha o'g'li, Usmon Madumar o'g'li, Eshqobil Qo'shoq o'g'li, Hazratqul Xudoyberdi o'g'li, Qodir Rahim o'g'li, Xushvaqt Mardonaqul o'g'li kabi baxshilaming repertuarini o'rgangan, yuzlab ertak, rivoyat, afsona, maqol va topishmoqlarni yozib olgan. U "Go'ro'g'lining tug'ilishi", "Xilaman", "Bahrom va Gulandom", "Zevarxon", "Gulruh pari", "Qorako'z oyim", "Jorxun maston", "Nurali" kabi dostonlarni nashrga tayyorlagan. O'zi yozib olgan materiallar asosida "Allomalar ibrati" rivoyatlar to'plami va "O'zbek xalq fantastikasi" silsilasidagi "Oymoma ajdaho", "Qora dev", "Yonar daryo", "Samo tulpori", "Guliqahqah", "Oltin olma" kabi ertak majmualarini chop ettirgan. XX asrning 40-80-yiIlarida H.Zarifov, A.Alaviya, M.Afzalov, M.Toshpo'latova, Z.Husainova, F.Karomatov, H.Razzoqov, T.G'oziboyev, J.Qobulniyozov, O.Sobirov, M.Saidov, M.Qodirov, YO.Jo'rayev, T.Mirzayev, M.Murodov, T.Ochilov, G'.Jahongirov, R.Muhammadiyev, T. Ashurov, S.Asqarov, F.Sultonova, A.Qahhorov, S.Sodiqov, K.Imomov, B.Sarimsoqov, R.Abdullayev, O.Madayev, T.Sobitova, M.Qalandarova, S.Ro'zimboyev, O.Safarov, A.Musaqulov, I.Yormatov, U.Jumanazarov, A.Tursunqulov, I.Bekmurodov, K.Ochilov, A.Ergashev, M.Jo'rayev, Sh.Turdimov ,o'zbek folklorshunoslari keng ko'lamli folklor to'plash ishlari bilan mashg'ul bo'ldilar. XX asrning 60-70-yillarida dostonchilik maktablari, baxshishoirlar epik repertuari, xalq dostonlarining variantlari va badiiyati (H.Zarifov, M.Afzalov, T.Mirzayev, A.Qahhorov, T.Ochilov, M.Saidov, M.Murodov, O.Madayev, O.Sobirov, T.Ashurov), xalq qo'shiqlari (M.Alaviya), o'zbek folklorining tarixiy taraqqiyoti (J.Qobulniyozov, O.Sobirov, S.Asqarov), askiya, xalq dramasi va qiziqchilik san'ati (R.Muhammadiyev, H.Razzoqov, M.Qodirov), musiqa folklori (F.Karomatov), o'zbek xalq ertaklari (M.Afzalov, K.Imomov, G'.Jalolov), topishmoq (Z.Husainova), bolalar folklori (G'.Jahongirov), latifa (F. Yo'ldosheva)ga bag'ishlangan yirik monografik tadqiqotlar yaratilgan. O'zining ilmiy tadqiqotchilik faoliyatini taniqli folklorshimos olim M.Afzalov rahbarligida boshlagan Komiljon Imomov dastlab o'zbek satirik va yumoristik ertaklarining janr xususiyatlari, badiiyati hamda obrazlar tarkibini o'rgangan. Uning o'zbek xalq ertaklarining
to'planishi, nashr etilishi va o'rganilishi tarixi, xususan, A.A.Kushakevich, A.N.Samoylovich, A.A.Divayev, N.Ostroumovlar faoliyatining o'zbek ertakshunosligi tarixida tutgan o'mi, xalq og'zaki badiiy ijodida satira va yumor, satirik ertaklarning o'ziga xos xususiyatlari, ertaklardagi an'anaviy sinov motivining genezisi va epik vazifalari, o'zbek xalq ertaklarida komik va hajviy qahramon masalasi, ertaklardagi kal, Aldar ko'sa, Afandi obrazlarining o'ziga xos tabiati, genezisi va xarakteri, o'zbek satirik ertaklarida konflikt va ijtimoiy motivlar masalalarini o'rganishga bag'ishlangan ilk maqolalarida folklor asarlarining g'oyaviy-badiiy xossalari va estetik tabiati o'ziga xos tarzda tadqiq etilgan.
K.Imomovning 1974-yilda bosilib chiqqan « O'zbek satirik ertaklari» nomli ilk monografiyasida xalq ertaklarining alohida turi hisoblangan satirik va yumoristik ertaklar tadqiq etilgan. Olimning «O'zbek xalq prozasi» nomli monografik tadqiqoti folklorimizdagi og'zaki nasriy asarlarning janrlar tarkibini keng ko'lamda tadqiq etishga bag'ishlangan. Unda ertak janri va uning poetikasi, o'zbek ertaklarining ichki turlariga xos xarakterli belgilari, ayrim epik syujetlar va an'anaviy motivlaming genezisi ochib berilganligi e'tiborlidir. Afsona, rivoyat va matal (naql) kabi janrlar epik turga mansub alohida janrlar silsilasi sifatida o'rganilib, har bir janrriing o'ziga xos xususiyatlari va funksiyalari yoritilgan. Olim o'zbek xalq ertaklaridagi an'anaviy motivlaming tarixiygenetik tipologiyasini tadqiq etib, o'zbek eposidagi g'ayritabiiy tug'ilish, sinov, shart, kurash, tush ko'rish, qahramonning o'libtirilishi, qahramonni olovda kuydirish motivlarining kelib chiqishi qadimgi mifologik tasavvurlar hamda e'tiqodiy qarashlarga bog'liqligi aniqlangan. O'zbek folklorining keng tarqalgan mifologik personajlaridan biri yalmog'iz obrazining genetik asoslari esa matriarxat davri mifologiyasi bilan bevosita bogiiqligini aniqlagan K.Imomovning tadqiqotlari qadimiy marosimlar epik motivlami shakllantiruvchi ritual asos vazifasini bajarganligini qiyosiy-tarixiy jihatdan tasdiqladi.
Afsona va rivoyat janrlar ining o'ziga xos hamda mushtarak jihatlari, afsonalar tasnifi, mifologik, tarixiy va toponimik afsonalarda hayotiy voqelik haqidagi axborotning epik talqin qilinishi, mifologik afsonalaming obrazlar talqini va qadimgi tasavvurlar bilan bog'liqligi kabi masalalar K.Imomov tadqiqotlarida keng yoritilgan. 80-yillardan boshlab o'zbek marosim folklori B.Sarimsoqov tomonidan o'rganila boshlangan. Olim o'zbek marosim folklorining janrlar tarkibi, tasnifi, genezisi va tarixiy taraqqiyoti, o'zbek oilaviymaishiy marosimlar folklori, mavsumiy marosimlar folklori, so'z magiyasiga aloqador badik, kinna, olqish va qarg'ish kabi janrlarni tadqiq etgan. Marosim folklorni tipologik aspektda o'rgangan B.Sarimsoqov o'zining bu yo'nalishdagi tadqiqotlarini «O'zbek marosim folklori» (1986) nomli monografiyasida umumlashtirgan. Mazkur asarning ilmiy qimmati shundan iboratki, unda «marosim» va «marosim folklori» tushunchalarining mohiyati oydinlashtirilgan, o'zbek marosim folklorining janrlar tarkibi bir necha mezonlar asosida izchil
tasniflangan. «Yas-yusun», «Oblo baraka», «Shox moylar», «Lola sayli», «Loy tutish», shamol chaqirish va yomg'ir yog'dirish bilan bog'liq marosimi folklor namunalari, so'z magiyasiga asoslangan badik va kinna janrlari tadqiq etilgan. B.Sarimsoqovning «Dostonlarda psixologik tasviming xarakteri haqida ba'zi mulohazalar», «Dostonlar yuzasidan tekstologik qaydlar» (1976), «Orzigul» dostoni yuzasidan bir necha qaydlar», «Doston, uning turlari va tarixiy taraqqiyoti» kabi maqolalarida xalq eposining o'ziga xos tabiati, tasnifi va xalq dostonlarining kelib chiqishi, tarixiy-tadrijiy taraqqiyoti, g'oyaviy-badiiy xususiyatlari o'ziga xos tarzda tahlil qilingan. Xalq og'zaki badiiy ijodiyoti bilan yozma adabiy an'ananing o'zaro munosabatlari, ya'ni so'z san'atining bu ikki ko'rinishi orasidagi ko'p qirrali ijodiy ta'sir va badiiy-estetik aloqalarning qadimiy asoslari chuqur tarixiy zaminga ega. Shuning uchun ham B.Sarimsoqov yozma adabiyot bilan xalq og'zaki poetik ijodi orasidagi badiiy-estetik aloqadorlikni tadqiq etishga alohida e'tibor qaratgan. Uning «Folklor va yozma adabiyot munosabatiga doir izlanishlar», «Folklorizmlar tipologiyasiga doir», «Folklor va adabiyot munosabatlaridagi aks jarayonning hozirgi ahvoli» kabi maqolalarida yozma adabiyotning folklor bilan tarixiy-genetik aloqadorligi masalasi tadqiq etilgan.
B.Sarimsoqov o'zbek adabiyotshunosligida birinchi bo'lib folklorizmlami xarakteri va poetik tabiatiga ko'ra «oddiy folklorizm» hamda «murakkab folklorizm», tipologik jihatdan esa folklorizmlar analitik, sintezlashgan va stilizatsiya xarakteridagi folklorizmlarga kabi turlarga ajratgan. XX asrning 70-80-yillarida Qashqadaryo (A.Qahhorov, K.Ochilov, Ch.Hamro, A.Ergashev), Buxoro (O.Safarov, Y.Nurmurodov, D.O'rayeva), Xorazm (S.Ro'zimboyev, H.Abdullayev, N.Saburov), Namangan (T.G'oziboyev), Andijon (H.Razzoqov), Surxondaryo (Q.Mamashukurov), Qo'qon (G'. Akramov, I.Bekmurodov)da o'z ilmiy faoliyatlarini olib borgan folklorshunoslar o'zbek xalq dostonlarining poetikasi, variantlari va lokal xususiyatlari, dostonchilik an'analarining saqlanishi va yetakchi baxshilaming badiiy mahorati, dostonlarda turkumlilik, bolalar folklorining o'ziga xos tabiati va janrlar tarkibi, mehnat qo'shiqlarining badiiyati, mifologiya va boshqa mavzularda yirik tadqiqotlarni yaratdilar. Bu davrda uch jildlik « O'zbek folklori ocherklarning ikki tomi nashr etilganligi, epik repertuarning o'ziga xosligi, xalq baxshilarining badiiy mahorati, xalq dostonchiligining hududiy-lokal tabiati (T.Mirzayev, M.Murodov, M.Qo'shmoqov, S.Ro'zimboyev, H.Abdullayev, O.Madayev), xalq dostonchiligida turkumlilik (M.Mirzayeva, M.Obidova, Q.Mamashukurov), dostonlar poetikasi (M.Saidov, S,Yo'ldosheva, T.Zufarov, T.Ashurov), mifologiya va uning o'zbek folklori epik jarirlarida tutgan o'rni (G'.Akramov, B.Sarimsoqov, M.Jo'rayev), o'zbek marosim folklorining janrlar silsilasi, genetik asoslari va poetikasi (M.Alaviya, B.Sarimsoqov), ertak badiiyati va epik syujetlar tipologiyasi (G'.Jalolov, X.Egamov, K.Imomov, M.Jo'rayev), o'zbek bolalar folklori (G'Jahongirov,
O.Safarov), yozma adabiyot va folklor munosabati (O.Sobirov, G'.Mo'minov, B.Sarimsoqov, I.Yormatov), o'zbek folklori va tarixiy voqelik (M.Boboyev, U.Jumanazarov, S.Umarov)ning tadqiq etilganligi, terma (A.MusaquIov, A.Tursunqulov), topishmoq (Z.Husainova), lirik qo'shiqlar (Sh.Turdimov), musiqa folklori (F.Karomatov, R.Abdullayev), o'zbek xalq og'zaki dramasi chuqur o'rganilganligi o'zbek folklorshunosligini yangi bosqichga ko'tardi. XX asrning 80-yillariga kelib, O'zRFA Til va adabiyot institutining Folklor bo'limida markazlashgan o'zbek folklorshunosligi maktabi xalq og'zaki badiiy ijodiyotini o'rganish borasida eng yetakchi ilmiy maktablafdan biri darajasiga ko'tarildi. Milliy mustaqillikka erishganimizdan key in ma'naviy qadriyatlarni tiklash va milliy mentalitetimizni belgilaydigan folklor an'analarini tiklash va rivojlantirishga alohida ahamiyat berila boshlandi. Natijada, dunyo ma'naviy tamadduniga o'zining benazir ijodiy qudrati bilan munosib hissa qo'shgan xalqimiz yaratgan qadimiy qo'shiqlar, marosim va an'analar bugungi kunda yosh avlodni ezgu an'analar ruhida kamol toptirishning muhim vositalaridan biriga aylantirildi. Milliy mustaqillik xalqimizning o'z bobolari zakovati tufayli yaratilgan ulkan madaniy merosga bo'lgan munosabatini tubdan yangilab, ajdodlarimiz tarixi, madaniyati, ma'naviy qadriyatlari tizimini keng ko'lamda targ'ib etishning misli ko'rilmagan imkoniyatlarini ochib berdi.
Istiqlol sharofati bilan dunyoqarashimizda, ongimizda ro'y bergaft yangilanish, ruhiy poklanish va ma'naviy tiklanish jarayoni folklor san'atining taraqqiyotida ham yaqqol aks eta boshladi. Zero, folklor san'ati an'analari "mustaqil dunyoqarashga ega, ajdodlarimizning bebaho merosi va zamonaviy tafakkurga tayanib yashaydigan barkamol shaxs-komil insonni tarbiyalash" dek ulug'vor maqsadlarga xizmat qiladi. Bugungi tarixiy-folkloriy jarayon o'ziga xos taraqqiyot tamoyillariga egaligi bilan ajralib turadi. Mamlakatimiz istiqlolga erishgandan keyin boshlangan keng ko'lamdagi ma'naviy tiklanish jarayoni bilan uzviy bog'liq holda, ajdodlarimiz tomonidan asrlar davomida yaratilib, badiiy sayqal berib kelingan muhtasham folklor yodgorliklarining jahonshumul ahamiyati xususida so'z yuritish, xalq ijodiyotining unutilish arafasiga kelib qolgan ko'plab janrlarini qayta tiklash, ijrochilik an'analarini rivojlantirishning misli ko'rilmagan imkoniyatlari yuzaga keldi. Natijada joylarda faoliyat olib borayotgan folklor-etnografik jamoalar soni ko'paydi, nafaqat, Surxondaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatida, balki baxshichilik maktablarining jonli an'analari yo'qolib ketgan deb hisoblangan Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ham baxshi-shoirlar yetishib chiqa boshladi. «Alpomish» dostoni yaratilganligining 1000 yilligi tantanalari keng nishonlanishi va baxshi-shoirlar hamda oqinlaming ko'rik-tanlovlari an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotganligi ham ko'plab yangi ijrochilami kashf etish bilangina cheklanib qolmasdan, "Alpomish", "Kuntug'mish", "Go'ro'g'li", "Orzigul", "Oshiq G'arib va Shohsanam" singari an'anaviy dostonlarning yangi variantlari yuzaga kelishiga yo'l ochdi. Baxshi-
shoirlar hur diyorimizda istiqlol yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini tarannum etuvchi doston va termalami yaratdilar. O'zbek marosim folklori, askiyachilik, qiziqchilik, tomosha san'ati, xalq hunarmandchiligining qadimiy an'analari tiklandi. Milliy istiqlol o'zbek folklori asarlarini barcha hududlar bo'yieha izchil to'plash va sistemalashtirish borasidagi ishlami jadallashtirib yubordi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin folklor asarlarini nashr etish borasidagi ishlar ham sifat, ham miqdor, ham qamrov jihatidan o'sdi. Ko'pgina dostonlar, xalq kitoblari ilk bor nashr ettirildi. «Alpomish» dostoni yaratilganligining 1000 yilligi keng nishonlanishi munosabati bilan professor T.Mirzayev bu dostonning Berdi baxshi, Po'lkan va Ergash Jumanbulbu] o'g'Ii, Bekmurod Jo'raboy o'g'li, Saidmurod Panoh o'g'li variantlarini 1999 -yilda alohida kitoblar holida to'la nashr ettirdi. U folklorshunoslik amaliyotida birinchi marotaba «Alpomish» dostoni Fozil Yo'ldosh o'g'li variantining matni, ms tiliga qilingan ilmiy-adabiy tarjimasi bilan birgalikda akademik nashrga tayyorlab, chop ettirdi. Folklor bo'limi xodimlarining xorijiy mamlakatlardagi ilmiy markazlar va oliy o'quv yurtlari bilan ilmiy aloqalari ham yaxshi samara bermoqda. Ayniqsa, Germaniyadagi Bonn universiteti professor! Karl Rayxelning Folklor bo'limi bilan ijodiy aloqalari samarasi o'laroq bir qator o'zbek xalq ertaklari va «Alpomish» dostonining nemis tiliga qilingan tarjimasi nashrdan chiqdi. Alisher Navoiy haqidagi o'zbek xalq tarixiy rivoyatlarining M.Jo'rayev nashrga tayyorlagan majmuasi 1996-yilda Bokuda ozarbayjon tilida chop etildi. Folklor bo'limida o'z ilmiy malakasini oshirgan Filiz Qirbosh o'g'li (Turkiya) «Go'ro'g'lining tug'ilishi» dostonini, Selami Fidokor (Turkiya) esa «Rustamxon» va «Erali va Sherali» dostonlarini turk tiliga tarjima qilib, nashr ettirdi. Shuningdek, Turkiyada ham «Alpomish» dostoni bosilib chiqdi. Yapon olimi Xerokining «Turkiy xalqlar qahramonlik eposi» kitobi (2012) Tokioda, Karl Rayxelning «Turkiy xalqlar eposi» kitobi (2012) Anqarada bosilib chiqdi. 2007-yilda professor T.Mirzayev hamda J.Eshonqul tomonidan nashrga tayyorlangan «Oychinor», «Erali va Sherali» dostonlari Turkiyada chop ettirildi. O'zbek xalq maqollarini to'plash va uning eng mukammal majmuasini yaratish borasidagi ishlar uzluksiz davom ettirildi. Natijada 2015-2016-yillarda T.Mirzayev, B.Sarimsoqov, A.Musaqulovlar tomonidan nashrga tayyorlangan « O'zbek xalq maqollari»ning kirill va lotin alifbosidagi nashri «Sharq» nashriyot-matbaa konsemida bosmadan chiqarildi. 1999-yilda Termiz shahrida «Alpomish» dostoni va uning jahon xalqlari epik ijodiyotida tutgan o'rni» mavzuidagi xalqaro ilmiy anjuman o'tkazildi. Ilmiy konferensiya materiallari o'zbek, rus va ingliz tillarida bosmadan chiqarildi. O'sha yili «Alpomish» dostoniga bag'ishlangan eng yaxshi tadqiqotlarning natijalari «Fan» nashriyotida chop ettirilgan «Alpomish» - o'zbek xalq qahramonlik eposi» nomli ilmiy to'plamda o'z aksini topdi.
O'zbek folklorshunosligi maktabining kelgusidagi rejalari: o'zbek folklori materiallarini izchil to'plash maqsadida atoqli alloma H.Zarifov asos solgan ilmiy ekspeditsiya ishini yanada kengroq qamrovda o'tkazish va uning muntazamligini ta'minlash; H.Zarifov nomli O'zbek folklori arxivi materiallarini to'la ilmiy tavsif qilish va kataloglashtirishni amalga oshirish; folklorshunos o limlar tomonidan qariyb 80 yil mobaynida to'plangan arxiv materiallari va kelgusidagi ilmiy ekspeditsiyalar davomida yozib olinadigan folklor namunalari asosida «O'zbek folklori yodgorliklari» 100 jildlik akademik nashrini tayyorlash; folklor asarlarining ilmiy, ilmiy-ommabop va ommabop nashrlarini tayyorlab, lotin yozuvida chop ettirish; o'zbek folklori janrlarining tarixiy asoslari, tipologiyasi va poetikasini dunyo folkloristikasining ustuvor ilmiy metodlari asosida tadqiq etish; oliy o'quv yurtlari talabalari uchun xalq og'zaki badiiy ijodiyoti bo'yicha yangi darslik va qo'llanmalar yaratishdan iboratdir.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Karimov I.A. Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch. - Toshkent: Ma'naviyat, 2008, 176 b.
2. Alpomish. Doston. Aytuvchi Fozil Yoldosh o'gli. -Toshkent: Adabiyot va san'at, 2015, 430 b.
3. Journal of American Folklor.
4. Journal of Folklore Research (Indiana University)
5. Imomov K., Mirzayev T., Sarimsoqov B., Safarov O. O'zbek xalq og'zaki poetik ijodi. - T.: 0 'qituvchi, 1990, 169-173 b.
6. Imomov K. O'zbek xalq prozasi. - Toshkent: Fan, 2009,380 b.
7. Madayev O. O'zbek xalq og'zaki ijodi. -T.: "Mumtoz O'z", 2010.
8. Madayev O., Sobitova T. O'zbek xalq og'zaki poetik ijodi- T., 2005.
9. Monaghan Patricia.Encyclopedia of Celtic mythology and folklore - New York, 2004. -512 p.
10. Musaqulov A. Ozbek xalq lirikasi. - T.: Fan, 2010, 360 b.
11. Jo'rayev M. Folklorshunoslik asoslari. - T., 2009.
12. Jo'rayev M. 0 'zbek mavsum marosim folklori. - Toshkent: I*an, 2009,420
b.
13. O'zbek folklorshunosligi masalalari. 1-kitob. T., 2006.
14. O'zbek folklorshunosligi masalalari. 2-kitob. T., 2010. 1. O'zbek folklorshunosligi masalalari. 3-kitob. T., 2010.
15. Regina F Bendex and Galit Hasan- Rokem. A Companions to Folklore. -Oxford; Blackwell Publishing, 2012 (UK). 531 p.
16. Salarov O. O'zbek xalq og'zaki ijodi. -T. "Musiqa", 2010,368 b.