BAXSHI SHOIRLAR ERGASH JUMANBULBUL O'G'LI VA FOZIL
YO'LDOSH O'G'LINING O'ZBEK DOSTONCHILIK MAKTABIDA
TUTGAN O'RNI
Dildora Baymuratovna Annakulova Nizomiy nomidagi TDPU
Annotatsiya: Maqolada dostonlarni avaylab saqlab kelgan va zo'r san'at bilan ijro etuvchi shoirlar yoki baxshilar asli mehnatkash aholi orasidan chiqqan dehqon yoki cho'ponlardir. Ular, tabiiyki, mehnatkash xalqning o'y-fikrlari va orzu-niyatlarini zo'r mahorat bilan ifodalab kelganliklari bois umrboqiylik kasb etadi.
Kalit so'zlar: xalq og'zaki ijodi, badihago'ylik, hozirjavoblik, nikoh va oila, urf-odat, etnografiya.
THE ROLE OF BAXSHI POETS ERGASH JUMANBULBUL OGLU AND FAZIL YALODASH OGLU IN THE UZBEKI SCHOOL OF EPIC
Dildora Baymuratovna Annakulova Tashkent State Pedagogical University named after Nizami
Abstract: In the article, the poets or bakhshis who carefully preserved the epics and performed them with great art are originally farmers or shepherds from the working population. Naturally, they will be eternal because they have expressed the thoughts and dreams of the working people with great skill.
Keywords: folklore, folklore, present-day life, marriage and family, tradition, ethnography.
Dunyo nasrida fol 'klorga oid jihatlarning poetik funktsiyasi muammosiga o'ziga xos adabiy-estetik hodisa sifatida yondashish va buni teran anglash kabi dolzarb ilmiy masala kun tartibiga chiqmoqda. Bunda eng muhim vazifa muayyan xalq ijodida, tasvir va ifodaning yangicha talqini bilan bog'liq. Yangi davr adabiyotshunosligida muhim muammo hisoblangan dostonchilik maktablarining tarkibiy qismi sanalgan Samarqand dostonchilik maktabining shakllanish jarayonini maxsus o'rganish asosiy vazifa etib qo'yildi.
Zero, "...adabiyot va san'atga, madaniyatga e'tibor - bu, avvalo, xalqimizga e'tibor, kelajagimizga e'tibordir..." 1. Biror bir milliy adabiyotda voqea bo'lgan
1 O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning "Adabiyot va san'at, madaniyatni rivojlantirish -xalqimiz ma'naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir" mavzusida O'zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvidagi ma'ruzasi / Xalq so'zi. - Toshkent , 2017. 4 avgust.
dostonchilik maktablarining insonlar ma'naviy olamini yuksaltirishdagi o'rni va ahamiyati ularning o'ziga xos poetik xususiyatlari bilan belgilanadi.
O'zbek adabiyotida xalq og'zaki ijodi an'analarining, qolaversa, dostonchilik maktablarining yozuvchi va shoirlar ijodiga ta'siri masalasi ba'zi tadqiqotlarda o'rganilgan bo'lib, ularning ko'pchiligi sovet adabiyoti ruhi asosida o'sha davrda tadqiq etilgan 2.
O'zbek xalq dostonlarining eng katta qismini romantik dostonlar tashkil qilgan. Ularning syujetlari nihoyatda o'xshash bo'lib, odatda qahramon go'zal qizga oshiq bo'lib safarga otlanadi, ajoyib-g'aroyib hodisalarni boshidan kechiradi, qiyinchiliklarni yengib, o'z maqsadiga erishadi. "Kuntug'mish" kabi sevgi mojarolari, sarguzashtli voqealar shunday dostonlar sirasiga kirgan. "Sohibqiron", "Orzugul", "Erali bilan Sherali" dostonlarida xalqning maishiy turmushi bilan bog'liq voqealar aks etgan. Dostonlar orasida mumtoz poeziya namunalarining xalq og'zaki ijodida qayta ishlanishi natijasida yuzaga kelgan, yozma adabiy manbaga ega bo'lgan, ya'ni yozma adabiyot ta'sirida yaratilgan kitobiy dostonlar ham bo'lgan. Alisher Navoiy asarlari asosida yaratilgan "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun", "Bahrom va Gulandom" dostonlari, "Yusuf va Zulayxo" "Rustami Doston", "Malikai Dilorom" kabi dostonlar shular jumlasidan edi. Dostonchilik Surxondaryo va Qashqadaryo vohalarida, Xorazmda hamda Samarqand viloyatida keng rivojlangan. Bu davrda doston kuylovchi baxshilar repertuarida 150 dan ortiq xalq dostonlari bo'lgan.
Xalq orasida Yo'ldoshbulbul, Ergash Jumanbulbul o'g'li, Fozil Yo'ldosh o'g'li, Ilulkan, Islom shoir, Berdi baxshi, Bola baxshi, Ahmad baxshi kabi doston kuylovchilar mashhur edi. Favqulodda xotira qudratiga ega bo'lgan Po'lkan shoir yetmishdan ortiq dostonni yoddan bilgan. Har bir doston ikki-uch ming satrdan tortib, o'n-o'n besh, hatto yigirma ming misragacha she'rni o'z ichiga olganligi xalq baxshilarining katta salohiyatga, kuchli xotiraga, yod olish va esda saqlash qobiliyatiga, ijod qilish qudratiga ega bo'lganligidan dalolat berar edi. Fozil Yo'ldosh o'g'li 60 ta, Ergash Jumanbulbul o'g'li 50 ta dostonni yoddan ayta olganlar, baxshilarning ba'zilari faqat doston aytsa, ba'zilari o'zlari ham dostonlar to'qiganlar. Doston eshitish uchun maxsus kechalar uyushtirilgan, to'y-hashamlar ham baxshilarsiz o'tmagan, tinglovchilar baxshini to'rga o'tqazib, uni diqqat bilan tinglaganlar. Iqtidorli dostonchilar ikki-uch kecha mobaynida doston kuylay olganlar, chunki dostonlarning hajmi ham ikki-uch kecha muttasil ijro etishni taqozo etgan. Baxshilardan Shernazar Berdinazar o'g'li yetti kecha davomida doston ayta olgan. Dostonchilik kechalariga tashrif buyurgan baxshilar o'z iqtidorlari, so'zga
2 Sobirov O. O'zbek realistik prozasi va folbklor. - Toshkent: Fan, 1979.; O'sha muallif: Oybek ijodida folbklor. -Toshkent: Adabiyot va san'at, 1975.; O'sha muallif. Folbklor an'analari haqida mulohazalar. // O'zbek tili va adabiyoti. - Toshkent, 1968. № 6. -B.24-27.
chechanligi, soz chalishdagi mahorati bilan o'zaro bellashganlar. Mintaqada o'ziga xos an'analarga ega bo'lgan dostonchilik maktablari shakllangan. Ayniqsa Bulung'ur, Narpay, Qo'rg'on, Xorazm, Shahrisabz, Sherobod kabi yirik dostonchilik maktablari mashhur bo'lgan. Ular repertuarlari, uslubi, ma'lum ijod tamoyili va ijro usullariga ko'ra bir-biridan ajralib turgan.
Bulung'ur dostonchilik maktabi "Alpomish" dostonini kuylash mahorati bilan ajralib turgan, bu yerga boshqa baxshilar kelib o'z mahoratlarini oshirganlar. Uning vakili Amin baxshi "Alpomish" dostonini 3 oygacha kuylay olgan. Qashqadaryo vohasidagi Qamay qishlog'ida shakllangan Qamay dostonchilik markazi Dehqonobod va G'uzor tumanlari atrofida yashovchi 60 ga yaqin baxshilarni birlashtirgan. Qo'rg'on dostonchilik maktabi Mangishtovdan Nurotaga qadar cho'zilgan tog'lar etaklarida yashagan baxshilarni birlashtirgan.
Qo'rg'on dostonchilik maktabining eng iste'dodli vakillaridan biri Ergash Jumanbulbul o'g'li (1868-1937) va Po'lkan shoir (1874-1941) bo'lib, ulardan "Alpomish", "Yakka Ahmad", "Oysuluv", "Kuntug'mish", "Go'ro'g'lining tug'ilishi", "Yunus pari", "Misqol pari", "Avazxon", "Hasanxon" kabi dostonlari yozib olingan. Bu dostonchilik maktabida Ergash Jumanbulbul o'g'lining ota-bobolari, Sulton kampir, Tilla kampir, Jodmon baxshi kabi o'nlab dostonchilar faoliyat yuritishgan. Ergash Jumanbulbul o'g'li 1886 yil hozirgi Samarqand viloyati Qo'shrabot tumani Qo'rg'on qishlog'ida tug'ilgan. 1937 yil 12 mayda Qo'shtamg'ali qishlog'ida vafot etgan. O'zbek xalq shoiri, dostonchi. Dehqon dostonchi oilasida tarbiya topgan. Uning yetti ota-bobosigacha, shuningdek, amaki va momolari dostonchi-shoir o'tgan. Avlodlaridan Yodgor, Lafas, Mulla Tosh, Mulla Xolmurod, Jumanbulbul, Tilla kampir, Sulton kampir, Jossoq, Yorlaqab va boshqalar XVII -XVIII asrlarning taniqli dostonchilari bo'lganlar. Ergash Jumanbulbul o'g'lining ulkan shoir-dostonchi bo'lib yetishuvida oilasi va Qo'rg'on qishlog'idagi dostonchilik maktabidagi boy adabiy muhit katta ahamiyatga ega bo'ldi. Dostonchilik ta'limini otasi Jumanbulbuldan olgan. Jumanbulbul o'z o'g'li Ergashning o'qish-o'rganishi, bilim olishiga katta e'tibor bergan. 1884-1886 yillarda Buxoro madrasalaridan birida tahsil olib, fors, arab tillarini, Fuzuliy, Navoiy, Mashrab, So'fi Ollohyor asarlarini chuqur o'rgangan. Biroq moddiy qiyinchilik va otasining 1886 yil vafot etishi tufayli o'qishni davom ettira olmaydi. Qishlog'iga qaytib kelib mustaqil o'qish, dostonchilikda mahoratiini oshirish bilan shug'ullanadi. Ma'lum muddat ustozi va qaynotasi O'tamurod xatibning yordami bilan dehqonlardan kafsan yig'uvchi bo'lgan. 1887-1889 yillarda Ergash Jumanbulbul o'g'li Buxoro amirligiga qarashli Nurota bekligining amlokdorlaridan biri Qo'zibekka mirza bo'lib ishlaydi. O'lkada boshlangan qahatchilik, chigirka va vabo tarqalishi natijasida shoirning yaxshigina dostonchi bo'lib yetishayotgan ukalari Abduxalil va Abdujalillar, singillari va farzandlari birin-ketin vafot etadi. Bunday g'am-alam, tashvishda qolgan
shoir kuylashni ham tashlab, taxminan 1904 - 1905 yillarda darbadarlikda hayot kechirgan. 1912-1922 yillarda Bulung'ur, G'allaorol, Urgut tumanlari, Jizzax va Panjikent atrofidagi qishloqlarda tabiblik, qissaxonlik, she'rxonlik qilib yurgan, ba'zan dostonlar kuylagan. 1923 yilda qishlog'iga qaytib kelib, 1924 yil Qoraqisa qishlog'ida bir xonali maktab ochdi. Ergash Jumanbulbul o'g'li 1925 yil Samarqandga kelib 1926-1928 yillarda Bulung'ur tumani Qirqshodi qishlog'ida Po'lkan shoir, Fozil Yo'ldosh o'g'li bilan birgalikda yod bilgan dostonlarini yozdirsh va o'zi yozib qoldirish bilan shug'ullangan. 1929 -1936 yillarda Ergash Jumanbulbul o'g'li o'z qishlog'ida, asosan, dehqonchilik ishlari bilan shug'ullangan va dostonchilikda shogirdlar yetishtirdi. 1936 yilda Toshkent shahriga kelib, 1937 yil aprelgacha H.T.Zarifov uyida yashab, aprel oxirida qishlog'iga qaytib borib vafot etdi.
Ergash Jumanbulbul o'g'lining ijodi rang-barang bo'lib, u qirqdan ortiq dostonni yod olgan. Ergash Jumanbulbul o'g'lining "Kuntug'mish", "Yakka Ahmad", "Qizjibak", "Alibek va Bolibek", "Dalli", "Ravshan", "Qunduz va Yulduz", "Xushkeldi", "Xoldorxon", "Avazxon", "Xirmon", "Nurali", "Yusuf bilan Ahmad", "Vomiq va Uzro", "Varqa va Gulshoh", "Maxtumquli", "Tulumbiy" kabi dostonlarni kuylagan Ergash Jumanbulbul o'g'li "o'zbek dostonlarining xazinaboni" degan ta'rifga ega bo'lgan. Ergash Jumanbulbul o'g'li an'anaviy doston va termalarni kuylab kelishi bilan birga o'zi ham barakali ijod qilgan. Uning "Tarjimay hol" dostoni. "Keldim", "Toshkent ta'rifida", "Qizil", "Tursunoy", "G'ozi Olim", "Otajon Hoshim", "Shoirlarga rahbar Hodi", "Asov qizlar" kabi termalari xalq hurmatiga sazovar bo'ldi. Ergash Jumanbulbul o'g'li merosi keng miqiyosda o'rganilib, shoir haqida kitoblar nashr etilib, hujjatdi filtm yaratildi. Bulung'ur dostonchilik maktabi qahramonlik dostonlarini ijro etish bilan mashhur bo'lgan. 1972 yil mayda shoir tug'ilgan kunning 100 yilligi keng nishonlandi. Nurota tumani markazida unga byust o'rnatildi. Qo'rg'on qishlog'ida maqbarasi, haykali va uy-muzeyi bor. Bundan tashqari, Samarqand shahrida Ergash Jumanbulbul o'g'li, Islom shoir, Po'lkan shoir va Fozil Yo'ldosh o'g'liga kompleks haykal o'rnatilgan. Nurota tumanida bog', Qo'shrabot tumanida maktab, Toshkent va Samarqand shahrilarida ko'chalar shoir nomi bilan atalgan.
Bu maktabning so'nggi iste'dodli vakili Fozil Yo'ldosh o'g'li (1872-1955 yillar) "Alpomish", "Yodgor", "Yusuf bilan Axmad", "Zulfizar", "Malikai ayyor", "Nurali", "Murodxon", "Shirin bilan Shakar" kabi dostonlarni maromiga yetkazib aytgan. Xorazm dostonchilik maktabi san'ati boshqa dostonchilik maktablaridan uslubi jihatidan farq qiladi. Xorazm dostonlari yozma manbaga ega bo'lib, ba'zan aytuvchi qo'lida qo'l yozma matni xam bo'lgan, ularda musiqa yetakchi rolt o'ynagan, ko'proq ishqiy-romantik dostonlar kuylangan, jamoaviy ijrochilik yetakchilik qilgan. Xorazm baxshilari dostonning har bir qo'shig'ini muayyan kuyda ijro etganlar,
dostonchilar bularni baxshi yo'llari yoki baxshi na'malari deb yuritadilar. Baxshi so'z hamda qo'shiqni ochiq ovozda, dutor yoki tor bilan doira jo'rligida ijro etgan. Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand baxshichilik maktabi vakillari do'mbira jo'rligida bo'g'iq, ya'ni yopiq ovozda qo'shiq ijro etib, ochiq ovozda doston jarayoniga ta'rif berganlar.
Fozil Yo'ldosh o'g'li - o'zbek xalq shoiri, baxshi. Yo'ldosh Mulla Murod o'g'lining shogirdi. Bulung'ur dostonchilik maktabining eng yirik va so'nggi vakili. Yetimlikda o'sgan. Cho'ponlik qilgan. Dostonchilikka havasi erta uyg'ongan. Yoshligida do'mbira chertishni, terma aytishni mashq qilgan. 20 yoshlarida ustozi Yo'ldosh shoirdan dostonchilik sirlarini o'rgangan. Yosh baxshi xalq o'rtasida ustozi uyushtirgan sinovdan muvaffaqiyatli o'tib, 25- 26 yoshlarida yetuk dostonchi sifatida tanilgan.
Fozil Yo'ldosh o'g'li Amin shoir, Chini shoir, Tovbuzar shoir, Qurbonbek shoir, Sultonmurod shoir, Yo'ldoshbulbul, Yo'ldosh shoir, Ko'ldosh, Suyar kabi Bulung'ur dostonchilik maktabining peshqadam dostonchilaridan adabiy an'anani qabul qilib olgan, uni puxta egallab, badihago'ylik bilan boyitgan va o'zbek dostonchiligini yangi bosqichga ko'targan. Fozil Yo'ldosh o'g'li repertuari mavzu va janr jihatidan boy va rang-barang. U 40 dan ortiq xalq dostonlarini yod bilgan va yuksak mahorat bilan kuylagan. Undan «Alpomish», «Yodgor», «Yusuf bilan Ahmad», «Murodxon», «Rustamxon», «Shirin bilan Shakar», «Go'ro'g'lining tug'ilishi», «Avazxonning o'limga hukm etilishi», «Malika ayyor», «Mashriqo», «Zulfizar», «Balogardon», «Intizor», «Nurali», «Jahongir», «Zevarxon», «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Baxrom va Gulandom», «Oshiq G'arib» kabi 30 ga yaqin doston yozib olingan.3
Shoir qahramonlik, romanik, tarixiy dostonlar hamda kitobiy dostonlarning eng yaxshi namunalarini kuylab kelgan. «Alpomish» dostoni uning ijodida alohida o'rin tutadi. Bu dostonning o'zbek xalq dostonchilaridan yozib olingan 40 ga yaqin variantlari orasida Fozil Yo'ldosh o'g'li varianti eng mukammali va badiiy jihatdan barkamoli hisoblanadi. Unda shoirning yuksak dostonchilik mahorati to'la namoyon bo'lgan. Fozil Yo'ldosh o'g'li zamonaviy mavzularda ham qator doston va termalar yaratgan. Uning «Mamatkarim polvon», «Jizzax qo'zg'oloni», «Kunlarim» kabi dostonlari, «Jangchi o'g'limga», «Elat botir», «Ota nasihati», «Qurollanint», «Er yigitlar, maydonga!», «Jahon tinglagay», «Bolalarimga», «Pushkinga» kabi termalari shular jumlasidandir. Baxshi kuylagan xalq dostonlari Ergash Jumanbulbul o'g'li, Islom shoir, Po'lkan, Abdulla shoir kabilar repertuari va original asarlari bilan birgalikda o'zbek dostonchiligi va adabiyotiga qo'shilgan katta hissa bo'ldi. Shoir merosi keng o'rganilmoqda. Shoir dafn etilgan Bulung'ur shahrida muzey tashkil etilgan va unga haykal o'rnatilgan.
3 https://uz.wikipedia.org/wiki/Fozil_Yo%CA%BBldosh_o%CA%BBg%CA%BBli
I îhSi^^Bl http://oac.dsmi-qf.uz
O'zbek xalq qahramonlik eposi haqida fikr yuritilganda, avvalo, "Alpomish" dostoni tilga olinadi. Baxshilardan bu doston 30 dan ortiq variantlarda to'liq yoki parchalar tarzida yozib olingan. Ammo ular orasida eng mashhur va mukammal nusxa 1928 yilda Mahmud Zarifov tomonidan taniqli olim Hodi Zarif rahbarligida yozib olindi. Qizig'i shundaki, dostonning O'g'uz, Qipchoq, Oltoy, Qo'ng'irot versiyalari orasida ham Fozil Yo'ldosh o'g'li aytgan nusxa foltklorshunos olimlar tomonidan eng mukammali sifatida tan olingan.
Ma'lumki, 1952 yilda "Alpomish" dostoniga qarshi siyosiy hujum uyushtirildi. Bu paytda Fozil Yo'ldosh o'g'li tirik edi. Bizgacha yetib kelgan xotiralardan bilamizki, keksa baxshi bu paytda dostonni qoralovchi majlislarda soatlab o'tirishga majbur bo'lgan ekan, ammo qo'yilayotgan ayblarni mutlaqo tushuna olmagan ekan, chunki savodsiz, o'qishni ham bilmagan Fozil shoir xalq qadriyatlarini tushunish sohasida tanqidchi "olim"lardan tasavvur qilib bo'lmaydigan darajada yuqori turgan.
Fozil Yo'ldosh o'g'li 1872 yilda Samarqand viloyati Bulung'ur tumaniga qarashli Bo'dana hududidagi Loyqa qishlog'ida dehqon Yo'ldosh aka oilasida tug'iladi. 1873 yilda Loyqa qishloq aholisi Chelak qishlog'i atrofiga ko'chishga majbur bo'ladi. Ammo yashash manzilining o'zgarishi oila maishiy sharoitida ijobiy o'zgarish yasamadi. Turmush qiyinchiligiga chiday olmagan Yo'ldosh aka 1877 yilda vafot etadi. Fozil oilasi yanada og'ir iqtisodiy ahvolda qoldi.
Fozil Yo'ldosh juda yosh bo'lishiga qaramay G'allaorol qishlog'iga borib yashash uchun non topish ilinjida og'ir mehnat qilishga majbur bo'ldi. Bu haqda keyinchalik "Kunlarim" termasida shunday deydi: Olti yoshda qo'msab-qo'msab otamni, Og'ir mehnat ezdi sho'rli enamni. Ena-bola topolmadik bir nonni, Parcha non deb o'tgan kunlarim. Yetti yoshda ortdi mening kulfatim, Sakkiz yoshda og'ir mehnat ulfatim, Mehnat uchun sinab ko'rdim quvvatim, To'qqiz yoshga yig'lab yetgan kunlarim. To'qqizimda bel bog'ladim mehnatga, Cho'pon bo'ldim, tushdim yana g'urbatga, Ishlab yedim, lekin qoldim minnatga, Parcha non deb minnat chekkan kunlarim. Do'mbiram kuyladi mening holimni.
E'tibor bergan bo'lsangiz, Fozil Yo'ldoshning yoshligi mutlaqo bolalik quvonchlaridan mahrum holda o'tgan. O'rtoqlari bilan turli ko'ngil ochdi o'yinlar o'rniga bir parcha nonni go'dakligidan mehnat bilan topishga majbur bo'ldi. "Kunlarim" termasi esa uning bolaligi haqida bir asrdan oshgan bugungi kunda
tasavvur hosil qilish imkonini beradi, ayni paytda, yoshlarimizni ota-bobolarining bolaligidan ibrat olishga chaqiradi. Fozil Yo'ldosh o'g'lida Ergash shoirning ijodiy muhiti bo'lmagan. Fozil shoirning baxshilar davrasiga kirish jarayoni ancha murakkab o'tgan. Uning dostonchilik sirlarini o'zlashtirishi turmush tashvishlarini boshidan kechirish bilan uyg'unlashgan. Professor Hodi Zarifovning ma'lumot berishicha, Fozil shoir baxshilikni o'zlashtirguniga qadar 19 yoshida o'z qishlog'iga qaytib, otasidan qolgan chorak tanob yerda dehqonchilik qilgan, chorvachilik bilan shug'ullangan. Hatto Loyqa qishlog'ining eng epchil o'roqchisi nomini olishga muyassar bo'ladi. Ammo yoshligida o'rgangan do'mbira mashqi unga tinchlik bermaydi. Havas yo'lidagi xarakatlari natija berib, o'z davridagi mashhur ustoz baxshi Yo'ldosh bulbul e'tiboriga tushadi. O'sha paytda Loyqa qishlog'idan Yo'ldosh, Qo'ldosh, Suyar baxshilar o'z ustozlari an'analarini davom ettirayotgan edilar. Ular qatoridagi Yo'ldosh baxshi o'z davrida Yo'ldosh bulbul darajasiga yetgan baxshiga shogirdlik qilgandi. Uning Fozilga nazari tushgani bo'lajak "Alpomish" ijrochisi uchun omad muhri bo'lib qoldi. Fozil shoirdagi iqtidor, ovoz, do'mbirachilik ishqi Yo'ldosh shoir maslahat va ko'rsatmalari zaminida rivojlandi. Oxir-oqibat 1897 yil atrofida 25-26 yoshlarida Fozil taniqli baxshilar nazariga tushdi, Fozil shoir nomini oldi.
Xalq baxshisi hamisha elining dardini, alamini, zamon tashvishlarini o'z ijodida aks ettirgan. Xalq ijtimoiy hayotning eng og'ir va musibatli davrlarida aynan baxshi termalaridan tasalli topgan, kelajakka umid bilan qaragan. Bu mas'uliyatni Fozil shoir butun vujudi bilan his qildi. 1898-1908 yillarda Samarqand viloyati ekin maydonlarini chigirtka ofati bosganida "Chigirtka" termasini yaratdi. Yurtda qashshoqlik avjiga chiqqani sari baxshi nolasi ham avj oldi: Kambag'alning aqli shoshib, O'g'il qiziman kengashib, Kecha-kunduz zor yig'lashib, Do'stlar, qaddi kamon bo'ldi.
Aksiga olib chor hukumatining mahalliy aholi boshiga yog'dirayotgan zulmi, adolatsizligi ham ko'paydi. Xalq faqat mute' va qaram bo'lishga majbur edi. Norozilik bildirganlar shu zahoti jazoga tortildi. Ayniqsa, Jizzaxda bosh ko'targan aholining vahshiylarcha to'pga tutilishi dard ustiga chipqon darajasiga yetdi. Fozil shoir bu davr voqealarini "Mamatkarim polvon", "Jizzax qo'zg'aloni" dostonlarida ifodaladi. Baxshi tajribasi unga o'z davrida ro'y bergan voqealarni o'ta jonli lavhalarda tasvirlash imkonini yaratdi: O'z holiga qo'ymay xalqni Qayta-qayta chiqim soldi, Urushda bo'lgan xarajat Qaydan topib bersin elat?
Hamma bo'lib qoldi hayron, Nechovning vatani vayron.
"Jizzax qo'zg'aloni" dostonida soliq va ortiqcha zulm ustiga oq podshohning Germaniya bilan bo'layotgan urushga mardikor yuborish haqidagi farmoniga qarshi xalqning ko'tarilishi hikoya qilinadi. Baxshi notiqlarning nutqidan tortib chor amaldorlarining talvasaga tushguniga qadar hayot lavhalarini shunday bayon qildiki, dostonni eshitganlar yoki o'qiganlar o'zini o'sha tarixiy voqealar ishtirokchisidek his qildi. Fozil Yo'ldosh o'zbek fol'klorshunosligi ilmiga 1922 yildan ma'lum bo'ldi. Dastlab, G'ozi Olim Yunusov, keyinchalik V.M.Jirmunskiy, Hodi Zarifov, Hamid Olimjon, Maqsud Shayxzoda, Muhammadnodir Saidov, Bahodir Sarimsoqov, bugungi kunda To'ra Mirzaev, Mamatqul Jo'raev, Abiyr Musaqulov, Shomirza Turdimov, Jabbor Eshonqul kabi olimlar baxshi ijodini o'rganishda muhim ilmiy tadqiqotlar yaratdilar.
"Alpomish", "Yodgor", "Shirin bilan Shakar", "Murodxon", "Rustamxon", "Malika ayyor", "Mashriqo", "Intizor", "Balogardon", "Nurali", "Jahongir", "Farhod va Shirin" kabi qirqqa yaqin dostonni Fozil Yo'ldosh o'g'li istagan paytda, istalgan lavhadan aytib ketaverish salohiyatiga ega edi. Ayniqsa, "Alpomish"ni kuylash uning uchun alohida sharaf va huzur bag'ishlar edi. Fozil Yo'ldosh o'g'li qahramonlik eposi namunasini ijro etishda uning dostonini oddiy odamlar tinglayotganini yodidan chiqarmasdi. Odamlarning qalbini esa turli his-tuyg'ular egallagan bo'lishi ham mumkin. Shuning uchun baxshi dostonlarida faqat oliy mezon bilan o'lchanadigan jang lavhalaridan tashqari asar qahramonlarining ruhiy holatini ifodalashga ham diqqat qilar edi. "Alpomish" dostonidagi Barchinning Boychiborga alam bilan murojaat qilishi bu fazilatning dalili bo'lishga arzigulikdir: "Qurru-yo qur, hayt-a, to'ramning oti, Oq to'shim yayloving, sochim - shipirtki, Kuyganimdan gapni gapga ulayin, To o'lguncha sayising bo'p yurayin. Egam rahm aylasin qonli yoshima, Sabab bo'lib qo'shgin dengi-do'shima, Olmosday tuyog'ing qorday to'shima, Qurru-yo qur, hayt-a, to'ramning oti! O'yilmay kuymasin kulbai xonam, Oh urib yig'laydi mendayin sanam, Qalmoqda qolmasin guldayin tanam, O'n ikki oy seni Boyburi boqdi, Gardaningga Qaldirg'och qo'tos taqdi. Yig'latmagin Barchin gulday bebaxtdi, Qurru-yo qur, hayt-a, to'ramning oti".
Bu murojaatni befarq eshitish mumkin emas. Uni tinglaganda, juda bo'lmaganda bir oz e'tibor bilan o'qiganda, inson vujudida sehrli o'zgarish ro'y bergandek tuyiladi. O'zga yurtda g'arib bo'lib yashashdan cho'chigan norasida qizning yurak dardi ifodalangan. Fozil Yo'ldosh o'g'lining nomi chiqqan baxshilar o'rtasida munosib hurmatga ega bo'lishi bejiz emas, albatta. Bu hurmat tinimsiz mehnat, favqulodda xotira egasi bo'lish, hayot tajribasini aytilayotgan asarga singdirish, mahorat va bukilmas iroda mahsuli ekani oddiy haqiqatdir. Fozil Yo'ldosh o'g'lining o'nlab dostonlari xalq og'zaki ijodi turkumida yuzlab bosma toboqlarda nashr etildi. Bugungi kunda baxshidan yozib olingan terma va dostonlar, uning ijodi tahlil qilingan kitob va maqolalar soni 500 ga yetdi. Fozil Yo'ldosh o'g'li 1955 yilda 83 yoshda o'z qishlog'ida vafot etdi. Bir so'z bilan aytganda, Fozil Yo'ldosh o'g'li o'zbek dostonchiligida mashhur va ulkan baxshi sifatida shuhrat topgan xalqimizning asl farzandidir.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Safarov O. O'zbek xalq og 'zaki ijodi. - T.: «Musiqa», 2010
2. Madayev O. O'zbek xalq og 'zaki ijodi. - T.: «Mumtoz so'z», 2010
3. Jo'rayev M. Folklorshunoslik asoslari. - T., 2009
4. Metin Ekifi. Türk dünyasinda Köroglu. - Ankara: Akfag, 2004.
5. Mirzayev T. Doston. O'zbek folklorining epik janrlari. - T.: Fan, 1981.
6. Kuntug'mish. Yozib oluvchi Muhammad Iso Ernazar o'g'li. 1926. O'zbekiston FA Til va adabiyot instituti folklor arxivi, inv.№11
7. Saidov M.S. O'zbek xalq dostonchiligida badiiy mahorat masalalari. -Toshkent, 1969.
8. O'zbek folklorshunosligi masalalari. 1-kitob. - T., 2006.
9. Bulbul taronalari. E. Jumanbulbul o'g'lining doston va termalari. 5 tomlik. Toshkent: «Fan», 1973.
10. O'zbek xalq dostonlari. 1-2 tom. Toshkent: «Fan», 1956-1957.