Научная статья на тему 'O‘ZBEK ESTRADASIDA YAKKA IJRO MASALALARI'

O‘ZBEK ESTRADASIDA YAKKA IJRO MASALALARI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
17
3
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Oriental Art and Culture
Область наук
Ключевые слова
estrada / yakka ijro / dramaturgiya / repertuar / jamoa / satira / konsert / xavaskorlik / ma’naviyat / badiiy so‘z / ustoz-shogird an’analari

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Shaxnoza Rajabova

Maqolada O‘zbek estradasida yakka ijroning rivojlanish tarixi, ustozlarning sohaga qo‘shgan ulkan hissalari, so‘z san’atining o‘ziga hos talablari va xavaskorlik darajasi tahlil qilingan. Uning hozirgi kundagi muammo va kamchiliklar, tahlil va tanqid qilingan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O‘ZBEK ESTRADASIDA YAKKA IJRO MASALALARI»

O'ZBEK ESTRADASIDA YAKKA IJRO MASALALARI

Shaxnoza Rajabova O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti

Annotatsiya: Maqolada O'zbek estradasida yakka ijroning rivojlanish tarixi, ustozlarning sohaga qo'shgan ulkan hissalari, so'z san'atining o'ziga hos talablari va xavaskorlik darajasi tahlil qilingan. Uning hozirgi kundagi muammo va kamchiliklar, tahlil va tanqid qilingan.

Kalit so'zlar: estrada, yakka ijro, dramaturgiya, repertuar, jamoa, satira, konsert, xavaskorlik, ma'naviyat, badiiy so'z, ustoz-shogird an'analari

ISSUES OF INDIVIDUAL PERFORMANCE IN UZBEK ESTRADA

Shakhnoza Rajabova Uzbekistan State Institute of Art and Culture

Abstract: The article analyses the history of the development of solo performance in the Uzbek variety, the outstanding contribution of teachers in this field, the requirements of the art of the word itself and the level of amateurism. Current problems and shortcomings of solo performance are analysed and criticised.

Keywords: variety, solo performance, drama, repertoire, community, satire, concert, amateur performance, spirituality, spoken word, teacher-student tradition

Ey, so 'z, ne balo ajab guharsen, Gavhar neki, baxri mavjvarsen. Derlar seni dur, savob emas bu, Sen javhari ruxu, dur-quruq suv. Aytib sovumas tarona sen-sen, Olib qurimas xizona sen-sen[1].

San'at juda keng tarmoqli soha hisoblanib, unda badiiy so'z alohida o'rin tutadi. Badiiy so'z ijrosi bilan bog'liq tomoshalar san'at darajasiga ko'tarilgani turlaridan biri bo'lib, u o'z ichiga turli yo'nalishlarni qamrab olgani ma'lum. Jumladan, badiiy so'z ikki turga ajralib, ular diologli yoki yakka ijroga mo'ljallangandir. Yakka ijrochilikni zamonaviy atama bilan izohlaydigan bo'lsak, uni "bir aktyor teatri"sifatida estrada san'ati qamroviga kiritish mumkin.

Badiiy asardagi jamiki voqealar tizimi yoki personajlar taqdirlari so'z orqali o'z yechimini topadi. Ijrochilikning tomoshaviyligini, hayotiyligini, ta'sirchanligini,

tomoshabin dilidagi tuyg'ularni qo'zg'ovchi, tasavvurlarini uyg'otuvchi asosini yozma shakldagi dramaturgiyadan izlash lozim.

Dramatupgiyada izoxlangan so'z shunday e'tibor talab manba ekan, ijrochi uni hamisha anglab, his qilib ijro etmasa, tezda talaffuzida "noaniqlik", "dag'allik", "jonsizlik" paydo bo'ladi. Bu jarayon adabiy tilning asosi bo'lgan so'z san'atini doimo chuqur o'rganib, o'zlashtirib borishni taqozo etadi. Shunday ekan, sahnadan aytilayotgan badiiy so'z uchun ijrochi doim mas'ul ekanligini his qilishi va shu yo'nalishning asosiy talablarini unutmasligi kerak.

"Ikki dushmanning orasida so'zni andoq so'zlagilki, agar do'st bo'lurlar ersa sharmanda bo'lmagaysan"[2]-deydi, Sa'diy Sheroziy. Ya'ni agar bu fikrni sahnaga ko'chirsak, ijrochi shunday so'zlasinki, tinglovchi uni anglasin, tushunsin.

"So'z va harakat nomuvofiqligi ijrochiga obrazning yetakchi harakatni topishga halaqit beradi"[3], deb ta'kidlaydi mashxur aktyor va dublyaj ustasi X.Xolmirzaev. Badiiy so'z ijrochisining asosiy maqsadi, adabiy asos zamiriga joylashgan juda boy va rang-barang teran mazmundorlikni, ya'ni g'oyani ochib berish hamda uni yetuk shaklda talqin eta bilganligini namoyon qilishga qaratilgan. Shundagina tomoshabin o'zi bilgan narsa ijrochi talqinida yanada chuqurroq, aniqroq, yorqinroq, jozibador mazmun kasb etganligini anglaydi va uni tomosha qilishga, eshitishga alohida diqqat qiladi.

O'zbek estradasining tomosha turlarida yakka ijrochilik san'ati xalqimizning ko'ngliga manzur bo'lgan va sevimli yo'nalishlardan biridir. XX asr boshlarida bu san'at turining mashhur ijodkorlar izlanishlari sohaning shakllanishi va rivojlanishiga ulkan hissa qo'shgan. Yakka ijroning kamol topishiga katta hissa qo'shgan - Yusuf qiziq Shakarjonov, Aka Buxor Zokirov, Komilqori Qulijonov, Oxunjon Huzurjonov, asr o'rtalarida - Muhsin Hamidov, so'ngida esa- Muhiddin Darveshov, Rustam Hamroqulov, Hojiboy Tojiboev kabi so'z san'ati darg'alari o'z repertuari bilan bu sohani alohida tomosha turiga aylantirdilar. Ularning cheksiz izlanishlari natijasida o'zbek estradasida yakka ijroning o'ziga xos yo'li, usuli va an'analari yuzaga keldi.

Ustozlar repertuarini kuzatar ekanmiz, unda an'anaviy tomoshalar bilan bir qatorda - o'z zamonasining turli tabaqa vakillari sohasidagi juz'iy kamchiliklarni, eskilik sarqitlarini fosh qiluvchi, aktyorlik mahoratini namoyon qiluvchi nomerlari salmoqli o'rin egallagan. "Qiziqlar - an'anaviy komediyalarni tomoshabop qilib talqin etish bilan cheklanib qolmay, ulardagi uslub va vositalar, mavzu hamda obrazlar negizida, sirk masxarabozligi ifoda vositalaridan ham ustalik bilan foydalangan holda yangi repertuar yaratganlar"[4]. Demak - asta davr o'tishi bilan san'at turlarining taraqqiy topishi natijasida yakka ijro borasida ham ijobiy o'zgarishlar, tadrijiy rivojlanishlar yuzaga kelgan.

Qiziqlar yoki kulki -hikoya aytuvchilarning yakka chiqishi ilmiy manbalarda o'ziga xos an'anaviy tomosha sifatida ta'riflanadi. Chunki, ularning ijrosida o'ziga xos

dramaturgiya bor, har bir qahramon qiyofasi o'z xarakteriga xos gavdalantirilgan, uni ko'rib va eshitib, zavq oladiganlar e'tibori inobatga olingan. Muhiddin Darveshov, Rustam Hamraqulov, Hojiboy Tojiboev, Shuxrat Ro'zioxunovlarning so'z san'atiga asoslangan yakka ijrosidagi o'ziga xoslikdan ta'sirlanganlar o'z guruhini tuza boshladi. Ular - "Obid A", "Mo'tti", "Mirzo", "Gap yo'q", "Afandi", "So'taqo'zi", "Qah-qaha", "Handalak", "Sho'rdanak", "Qalpoq" kabi nom bilan an'anaviy teatrning guruhli ijro yo'nalishini qayta tikladilar va zamonga mos repertuarlarni yaratdilar.

Bunday ijodiy jamoalar faoliyatini - an'anviy teatrning o'ziga xosligi bilan zamonaviylikning uyg'unlashgan shaklidagi tomoshalar desak to'g'ri bo'ladi[5].

So'z san'ati namoyondalari repertuar tanlashda janr va uslub, yo'nalish hamda badiiy shakl jihatlariga alohida e'tibor berganlar. Ularning har bir nomerida: mavzularning satirik xususiyatlariga; dolzarbligiga; personajlar tilining o'tkirligiga; voqealarning realligiga va ijroning samimiyligiga; xarakterlar bir-birini takrorlamasligi mavjud.

Yakka ijroning o'ziga xosligi: zamon bilan hamnafasligida; an'analari - "Bir aktyor teatri"ning qonun-qoidalariga mosligida; personajlarning turli xarakterga egaligida; qahramonlarning xalqimiz turmush tarziga yaqinligida; aktyorlarning izlanishlar olib borayotganlarida; ijro usullarining takrorlanmasligida va ular repertuarining g'oyaviy-badiiy saviyasi tobora yuksalayotganligidadir. Demak uning tomoshaviyligini, hayotiyligini, ta'sirchanligini, tomoshabin dilidagi tuyg'ularni qo'zg'ovchi, tasavvurlarini uyg'otuvchi asosini yozma shakldagi dramaturgiyadan izlash lozim.

"Bir aktyor teatri" yo'nalishidagi ijodkor badiiy so'zni ijroning eng zaruriy talabi sifatida qabul qilishi, uning dramaturgik asosini anglashi, uni xalqchilligini va tabiiyligini saqlashi hamda tinglovchi ongiga singdirishi zarurligini doim nazarda tutmog'i bosh masalaga aylanadi.

Yakka ijrochilik dramaturgiyasi badiiy so'z asosida qiziqlar va so'z ustalarining dardini, mahoratini, qalbidagi ma'naviy xazinalarni ro'yobga chiqarishda hal qiluvchi omildir. Shuni anglagan ijrochi so'z san'ati namoyandalarining repertuaridagi xilma-xillikni, mavzularning rang-barangligini o'rganib, o'zlashtirib tomoshabinlar e'tiboriga tushadi. Demak, "Bir aktyor teatri" yo'nalishidagi yakka ijrochi - muxlislari huzurlanishini, ruhiy poklanishini va zavq olishini inobatga olgan holda repertuar tayyorlashi zarur. Shundagina yakka ijrochilarning tomoshalari o'ziga xoslikkka erishib, repertuarining badiiy boyligi, tanlangan mavzuning dolzarbligi va jamiyat hayotiga yaqinligi hamda ijtimoiyligi bilan muxlislar qalbidan joy oladi.

Dramaturgiyada izoxlangan voqea va so'z shunday e'tibor talab manba ekan, aktyor uni hamisha anglab, his qilib ijro etmasa, tezda talaffuzida "noaniqlik", "dag'allik", "jonsizlik" paydo bo'ladi. Bu jarayon adabiy tilning asosi bo'lgan - so'z san'atini chuqur o'rganib, o'zlashtirib borishni taqozo etadi. Shunday ekan, sahnadan

aytilayotgan badiiy so'z uchun ijrochi aktyor mas'ul ekanligini his qilishi va shu yo'nalishning asosiy talablarini unutmasligi kerak.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, o'zbek estradasida yakka ijrochilik yo'lida ijod qilayotganlar, kasbiy mahoratni oshirishlari uchun -an'anaviy tomosha turlarini o'rganishi, ustoz san'atkorlar ijodini kuzatishi, dolzarb voqelikni anglashi, uning badiiy in'ikosini xalqchil va tabiiy shaklda nomerga aylantira olishi muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki, bu janrda mavzu va so'zning, she'riyatning, aktyorlik mahoratining mukammal hamda betakror sintezi jamlangan.

Sintezlashgan o'zbek estradasiga mas'ullar, yakka ijro ustalariga zarur imkoniyat yaratish orqali, uning istiqbolini ta'minlaydi.

Chunki, qiziqlardan yoki so'z ustalaridan so'zamollik, topqirlik, sinchikovlik, ziyraklik va hozirjavoblik va badixago'ylik talab qilinadi. Sababi, tomoshabin yakka ijrodagi har bir chiqishdan - o'z dardini, aytmoqchi bo'lgan so'zlarini, javob topa olmayotgan savollarining yechimini qidiradi. Ularning talabi tomoshaning muvaffaqiyatini yoki mag'lubiyatini aniqlovchi omildir. Har bir tomoshabin o'ziga ma'qulini tanlash huquqiga ega bo'lgani uchun ham, ijodkorlarimizning doimiy izlanishda bo'lishlari soha talabiga aylangan.

Bugungi kunda yakka ijrodagi so'z ustasi deb atalgan yo'nalish turli saviyada o'zini namoyon qilmoqda. Chunki yakka chiqishlardan iborat ijrolarda ba'zan o'zi bilgani darajasidagi chala nomerlar tayyorlab, konsert dasturlari afishasini chiqarib, yurtdoshlarimizning kulgiga bo'lgan ehtiyojlarini qondirishga shoshilmoqda. Natijada, ularning aksariyatida - bachkanalik, so'z o'yini, o'zbekona madaniyatdan yiroqlashish, chegaradan chiqqan yengiltaklik kuzatilmoqda.

Muxsin Qodirov ta'kidlaganidek - qiziqlar o'qitiladigan, ular ijodini namoyon va nazorat qiladigan markaz yoki tashkilot zarur. Chunki, hozirgi yakka ijrodagi so'z ustasi - an'anaviy qiziqlar jamoasidan farq qiladi. An'anaviy qiziqlar san'ati mahalliy havaskorlar jamoasi asosida rivojlanib, taraqqiy etgan bo'lib, bir qancha tadrijiy rivojlanishni boshidan o'tkazib, ustozdan - shogirdga o'tib, qayta-qayta sayqal topib, yana qanchadan-qancha zamona to'lqinlariga dosh berib, bizning kunlarimizga yetib kelgan[6].

Bugungi kun so'z ustalari ijrolariga estrada janrining bir ko'rinishi sifatida qarash o'rinlidir.

Sababi kulguli hangomalar ijrosiga qiziquvchi yoshlarning izlanuvchanligi, yangilikka, zamonaviylikka intiluvchanligi tahsinga loyiq. Biroq guruch kurmaksiz bo'lmaganidek, so'nggi yillarda "Quvnoqlar va zukkolar" ko'rik tanlovidan yetishib chiqqan yigit - qizlar, o'zlarining alohida - "Kulgu" jamoalarini tashkil etishmoqda. Bular sirasiga "Million", "Dizayn", "Bravo", "Maksimum" jamoalarini kiritish mumkin.

Masalan, "Dizayn" jamoasi bir necha yillardan beri "Xalqlar do'stligi" san'at saroyida konsert dasturini o'z muxlislariga taqdim etib keladi. Ularning "ma'noli" va "mazmunli" hazillari "o'ta ma'naviyatli" yoshlarimiz tiliga birpasda o'rnashib qolmoqda. Kulish yaxshi, birovni kuldirish, kayfiyatini ko'tarish undanda yaxshi. "Ey, Dinay quy!", "Onangni ishanisi boshlandi." kabi sinchkovlik bilan tinglanganda aytishga til bormaydigan, pardasiz so'zlar ohangiga olib borishini eshitib, bobo meros qiziqlar san'ati xavaskorlik darajasiga tushib - qiziqlachilar deb atalmoqda. Tilshunoslikdan ma'lumki "chi" qo'shimchasi ishlatilgan so'zlar hunarga qo'shiladi. Demak ular havaskorlar.

Ularning og'zidan chiqayotgan hazillarini afsuski, yaqinlaring bilan ko'rish tugul, atrofingdagi begonalardan ham uyalib ketasan. Afsuski, "ma'naviy ozuqaga to'la" konsertlarda O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoki xalq artistlarimiz ham tizzalariga shapatilab kulayotganlarini ko'ramiz. Bu bilan ular qiziqchi bachkanalik bilan bo'lsa ham insonlarni kuldirishi shart demoqchimi? Montajda to'g'irlangan "hayratlar" bachkanaliklari yanada rivojlanishiga asos bo'lmoqda. Ularning repertuarini kim tasdiqlaydi? Nega matbuotdagi tanqidlarga qaramay har yili bachkana konsertlar beriladi?[7] Demak, Muxsin Qodirov haq ekan - "qiziqlar o'qitiladigan, ular ijodini namoyon va nazorat qiladigan markaz yoki tashkilot zarur".

Hulosa shuki, hozirgi kunda yakka ijroning istiqbolini davom ettirayotganlar, estrada san'atining badiiy so'z bilan bog'liq tarixini chuqur o'rganmoqliklari zarur. An'anaviy teatr davridan to hozirgi kungacha shu soha rivojiga hissa qo'shganlarning repertuarlarini o'rganib, mehnatlarini qadriga yetgan holda, oriyat masalasiga e'tibor berib o'z ijodlari uchun ular ijodidan namuna olishlari kerak. Zero unib - o'sayotgan yosh avlod tarbiyasida bu san'at turining o'rni ham beqiyos. Demak, san'at - u rang -tasvir bo'ladimi, haykaltaroshlikmi, honandalikmi aktyorliklikmi barchasi jamiyat taraqqiyotiga, unda yashovchi fuqarolarga ma'naviy ozuqa, madaniy hordiq, estetik zavq, berishi lozimligini unutmasdan kulgu hadya etishlarini tilab qolamiz.

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Alisher Navoiy. Layli va Majnun. -T.: Yangi asr avlodi, 8-tom, 6-bet.

2. Sa'diy Sheroziy. Guliston. -T.: Fan, 2005. 275-bet

3. H.Xolmirzaev. Hamza Umarovni kim bilmaydi? //Teatr,2007. 3-4-son. 50-bet.

4. Qodirov M. An'anaviy teatr dramaturgiyasi-T.: O'qituvchi, Yangi asr avlodi, 2001.

5. Umarov M. Estrada va ommaviy tomoshalar tarixi.- T.: Yangi asr avlodi, 2009.

6. Qodirov M. An'anaviy teatr dramaturgiyasi-T.: O'qituvchi, Yangi asr avlodi, 2001.

7. Madayev O., Sobitova T. Xalq og'zaki poetik ijodi. -T.: Sharq, 2010.

8. Tursunboyev S. M.Hamidov - bir aktyor teatri asoschisi. -T.: O'zDSI, 2010.

9. To'plam. O'zbekiston Davlat san'at va madaniyat instituti. Yangi davr san'ati: an'anaviylik va transformatsion jarayonlar. -T.: A.Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasi, 2013.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.