ESTRADA AKTYORINING IJRO USLUBI MASALALARI
Jahongir Mamatqosimov O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti
Annotatsiya: Estrada aktyorining ijro uslublariga qaratilgan mazkur kichik tadqiqotda estrada aktyorining ijro spetsifikatsiyasi, estrada aktyorining ijro imkoniyatlari va talablari yoritilgan bo'lib, boshqa teatr janri aktyorlari ijro imkoniyatlari bilan qiyosiy tahlil qilingan. Mutaxassislar fikriga tayangan holda xulosalar qilingan.
Kalit so'zlar: san'at, teatr, estrada, aktyor, estrada teatri aktyori, bir aktyor teatri, badiha, xarakter, obraz
ISSUES OF THE PERFORMANCE STYLE OF A VARIETY ACTOR
Jahangir Mamatkasimov Uzbekistan State Institute of Arts and Culture
Abstract: In this small study focused on the performance styles of the variety actor, the performance specifications of the variety actor, the performance capabilities and requirements of the variety actor are highlighted, and a comparative analysis is made with the performance capabilities of actors of other theater genres. Conclusions were made based on the opinion of experts.
Keywords: art, theater, variety, actor, variety theater actor, one-actor theater, badiha, character, image
Yangi O'zbekistonning ma'naviy olamini yanada yuksaltirishda teatr, xususan estrada teatri san'ati spetsifik xarakterga ega bo'lib, san'at turlari ichida eng yosh, lekin eng ommalashgan san'at turidir.
Garchand, Respublikamizda maxsus estrada teatrlari bo'lmasada, estrada teatriga xos janrlar televideniye, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali o'z muxlislariga ega bo'lmoqda. Shu sababli, estrada teatri san'ati muxlislari sonini hisobga olganda boshqa san'at turlari muxlislaridan ancha ko'p ekanligining guvohi bo'lamiz.
Bu jarayonning o'ziga xos spetsifik sabablari mavjud bo'lib, estrada teatri aktyorining ijro uslublari, jumladan aktyorning individuallik va ijrodagi shaxsiyatlik masalalari tomoshabinni yaqqol o'ziga mahliyo qilishi tayin.
Estrada teatri san'ati o'zining tomoshabopligi va eng muhimi, davrni anglash va badiiy aks ettirishi tufayli - o'zining ijtimoiy kelib chiqishi, turli yosh, ma'lumoti, estetik qarashlariga ko'ra turlicha bo'lgan ommaning e'tiborini tortadi.
Estrada aktyorining birlamchi talabi bu individuallik va shaxsiyatlilik masalasidir. Estrada aktyori individuallik va o'z shaxsiy xususiyatlarini rivojlantirish orqali o'z nomer va dasturiga, ijod layoqatiga ega bo'lsagina, tomoshabinni o'ziga jalb qila oladi va sahnada uzoq yillar muvaffaqiyat qozonadi.
Estrada san'ati o'z zamonining ruhiyatini, muammolarini, armonlarini, dardini, shuning bilan birgalikda inson orzu-umidlarini namoyish etadigan vosita sifatida paydo bo'lgan. Dardni yoki orzuni harakatda ifodalaganda har ikki vaziyatda ham tomosha ko'rsatuvchi, ya'ni - ijrochi aktyor iste'dodi asosiy talab hisoblangan.
Hozirda estrada teatri va estrada aktyorlik san'ati o'ziga xos ijodiy imkoniyatlarga ega va ma'lum natijalarga erishib bormoqda. Shuningdek, sohani ilmiy tadqiq etish, nazariy asoslash kunning dolzarb masalasidir.
Bu soha tadqiqotchilaridan M.Qodirov [7], B.S.Sayfullayev [4], O.Z.Rizayev, [3] M.B.Umarov [5], M.R.Yusupova [6], F.E.Ahmedov [1], T.M.Rashidov [8], F.T.Egamberdiyev [2] kabilarning tadqiqot ishlari, darsliklari, o'quv qo'llanmalari va uslubiy ko'rsatmalarida estrada san'ati spetsifikasi, nazariyasi va bevosita amaliy jihatlari yoritilgan.
"Sahnaning yagona shohi va hukmroni - iste'dodli aktyordir. Dramaturg fíkrini izhor qiladigan ham, rejissor talqiniga jon kiritadigan ham, tomoshabin bilan yuzma-yuz muloqotda bo'lib, unga zavq-shavq bag'ishlaydigan ham, uni fikr yuritishga majbur qiladigan ham aktyordir" [3, 5-6].
Yuqorida ta'kidlab o'tilganidek, sahnaning sultoni bo'lmish aktyor bilan tomoshabinlar o'rtasida bevosita muloqot bo'ladi. Aktyorlar o'zlari ijro etayotgan rol orqali tomoshabinni ma'nan boyitadi, ko'nglini ko'taradi, ruhini poklaydi. Aynan mahoratli aktyor, o'z ijrosi orqali bir yoki ikki soat vaqt mobaynida tarix yoki zamonaviy hayotdan hikoya qilib, o'z ijrosi orqali tomoshabin qalbida o'chmas iz qoldirishi shubhasiz.
Aktyorlik sharafli, faxrli shu bilan birga mashaqqatli kasb hamdir. Aktyorlik birgina iste'dod yoki mahorat bilan emas, balki kuchli bilim, sabr-toqat, did va farosat, go'zallik va nafosat orqali erishiladigan mo'jizakor va sehrli kasbdir [4, 23].
Mana shunday sehrli kasb sohibi - estrada aktyori bu aksariyat hollarda bir aktyor teatridir. Estrada aktyori - dramaturg, rejissor, rassomning aytmoqchi bo'lgan gapini bir aktyor teatri sifatida tomoshabinga yetkazishni zimmasiga oladi. Sahnada kichik syujetdagi boshqa qahramonlarni ham ijro qilish huquqini qo'lga kiritadi. Bu aynan bir aktyorga mo'ljallangan va qiyofani tez o'zgartira olish bilan bog'liq estrada aktyorining yaqqol spetsifikasidir.
Estrada aktyori spektakl g'oyasi, konsert, nomer mazmunini bir aktyor teatri sifatida o'z zimmasiga olib sahnaga chiqar ekan, har bir so'z, har bir ibora ifodali ijro etilishi, plastik ifodaviylik bilan uyg'unlashtirishga harakat qilishi lozim. Shuning bilan birga asarni o'qib, qahramoni kim ekanligini, hayot yo'lini, xarakteri, qiziqishlari
va maqsadini aniqlab olishi zarur. Shundagina muallif tasvirlagan, rejissyor xayolidagi obraz yaratilishi mumkin.
Yuqoridagilar kelib chiqib estrada teatri aktyorining asosiy spetsifik jihatlarini izohlash, mazkur tadqiqotning asosiy vazifasidir.
Estrada sahnalarida estrada artisti san'ati, ijrochining hayoti K.S.Stanislavskiy, Ye.B.Vaxtangov, M.A.Chexov singari ko'plab taniqli teatr rejissyorlari va aktyorlarini kashf etgan aktyorlik ijodi qonunlari asosiga quriladi. Afsuski, bunda estrada haqida gapirilmaydi, gapirilsa ham kamdan-kam, ko'proq istehzo bilan gapiriladi. Garchi Raykin, Mironova, Zelyonaya va boshqalarning ijodida estrada sahna personajlarining hayoti bilan yashash ko'nikmasi bilan uyg'unlashib ketadi, bu Stanislavskiy sistemasi va Vaxtangov hamda Chexov aktyorlik maktablariga sodiq bo'lganligini tasdiqlaydi.
Estrada teatri aktyorining boshqa janrdagi teatr aktyorlaridan qanday farqi bor?, ijro uslublari qanday?
Dramatik teatrda tempo-ritm, so'z, dramatik holat, konflikt masalalari yetakchi bo'lib, uni his qilgan aktyor pyesada berilgan shart-sharoitga asoslanib obraz yaratadi. Dramatik aktyorda so'z san'ati muhim ahamiyatga ega. Musiqali teatrda musoqa asosiy - badiiy lokomativdir. Musiqa bilan boyitilgan asarning voqealari kuy va qo'shiqlar orqali bir-biri bilan bog'lanadi. So'zdan asar dunyoga keladi, so'zdan qo'shiq yaraladi. Sahnadagi qahramonning ichki iztirobi kuchayib, quvonch yoki hasrat cheksiz bo'lganda, so'z bilan ifodalab bo'lmas holat - qo'shiq va kuy orqali tomoshabinga yetkazib beriladi.
Estrada aktyori esa drama aktyorida kuzatiladigan tempo-ritmni, so'z san'atini ham, musiqali teatr aktyorining asosiy xususiyati hisoblangan vokal imkoniyatlarini ham o'zida mujassam etadi. Estrada tomoshalarda aktyor rol ijro etish orqali hayot manzaralarini jonlantiruvchi badiiy bayonchi sifatida ko'rinadi. Shu xol uning kasbiy darajasi yuqori va ko'p qirrali bo'lishini taqozo etadi. Yuzlab tomoshabinlar ko'z o'ngida harakat qiluvchi estrada aktyori ijodkor sifatida ham ma'naviy komil shaxs sifatida ham o'zini ko'rsata olishi lozim bo'ladi. Bu esa estrada aktyori naqadar ko'p qirrali iste'dod egasi va tayyorgarligi yetarli bo'lishi o'z-o'zidan ma'lum [2, 28].
Estrada aktyori o'z individualligini nafaqat qo'shiq bilan balki, sahnada o'zini tuta bilishi, ochiqligi, badihago'yligi, tomoshabinlar bilan muloqotga kirisha olishi shuningdek plastika, grim va libosda, o'z nomerini ssenografik ko'rinishini yana boshqa ifoda vositalari (chiroq, musiqa, rekvizit) bilan erkin ifodalay olishi kerak.
Estrada aktyori hikoya qiladi, voqeani tasvirlaydi, ommaga namoyish etadi. Kasbiy mahoratini oshirishda estrada san'atining barcha janrlaridan foydalana olish qobiliyatiga ega bo'lishi, ulardan unumli foydalana olishi professionallikka yetaklaydi.
Estrada san'atida sintetiklik muhim xislat bo'lib qoladi. Masxarabozlar, janglyorlar, dorbozlar, umuman barcha xalq san'ati ustalari xamisha bir necha san'at turlarini egallagan bo'lardi. Agar sayyor aktyor faqat birgina janrda chiqish qiladigan
bo'lsa yetarli darajadagi tomoshabinni to'play olmagan bo'lar edi. Uning tomoshabinlari turli qiziqishlar, maslaklarga ega bo'lgan kishilar yig'indisidan iborat bo'ladi, shuning uchun u o'z dasturiga hikoya, qo'shiq, akrobatika, hayvon o'ynatish kabilarni uyg'un holda kiritishga majbur bo'lardi. Bu barcha janrlar yaxlit bir asar bo'lib birlashmaydi, balki ketma-ket ijro etilardi, bunday aktyorni sintetik deb bo'lmaydi [2, 32].
Estrada teatr aktyori tomoshabindan yumor hissi mavjudligini, komediya obrazini albatta tushunish xislati borligini nazarda tutadi. Nuqsonlar ustidan kulish bu insonning ahloqiy sog'lomlashayotganidan darak beradi. Mubolag'adan foydalanayotganda estrada aktyori meyorni his etish lozim bo'ladi.
Estrada aktyorining o'ziga xosligi dramatiklik va komiklik, tragiklik va ekssentriklikni o'zaro uyg'unlashtirib yuborishida ko'rinadi. Bunga XX-asrning buyuk komik aktyori Charli Chaplin ijodiy faoliyatini misol qilib keltirish mumkin. U rejissor va aktyor sifatida bir necha ovozsiz filmlar suratga olgan. Ushbu filmlar ovozsiz bo'lsa-da, mahoratli aktyorning plastik xatti-harakatlari bilan kino nima haqidaligini bilish mumkin. Charli Chaplinning o'ziga xos yurishi, shlyapasi, hassasi, mo'ylovi kabi ifodaviy elementlari bilan elga tanilgan. U bir aktyor bilan so'zsiz, plastik harakatlar orqali ham tomoshabinni hayratlantirish mumkinligini ko'rsatdi [2, 36].
Yuqorida qayd etilganidek estrada teatri bu - bir aktyor teatridir. Bunda bir aktyor ko'pgina qahramonlar bilan birga sahnada kichik syujetni ijro qilish huquqini oladi. Bunda esa aktyor, birinchidan, yuqoridagi ishni a'lo darajada bajara olishi, ikkinchidan, bu aynan bir aktyorga mo'ljallangan va qiyofani tez o'zgartira olishi bilan bog'liq estrada janri ekanligini nazarda tutish zarur.
Qiyofani o'zgartirishda aktyor vaziyatni to'la izohlab o'tirishi shart emas. Vaziyatning ahamiyati bunda katta emas, u aktyorda ro'y berayotgan qiyofa o'zgarishini haqqoniy ekanligini ta'kidlash, harakatning nihoyatda shartli bo'lgan belgilarini ko'rsatish uchungina mavjud bo'ladi xolos. Shu o'rinda yana yordamchilar ham talab qilinadi.
Qiyofani o'zgartirishda kiyimlar tez-tez o'zgartirib turiladi, shuning uchun bu yerda epchillik va chaqqonlik, diqqat va e'tibor, bir lahzada anglab olish va obrazga tez kira olish xususiyati zarur bo'ladi. Estrada aktyori qiyofasini o'zgartirishi - bu faqat yaxshi tayyorlangan texnik tryukgina emas, balki bu noodatiy sharoitda ko'pgina shaxslar ishtirok etayotgan kichik spektakldir.
Estradada bunday bir lahzada qiyofa o'zgartira olish qobiliyati noyob xislat hisoblanadi. Ko'pincha aktyor grim va pariksiz ham tomoshabinlarga o'nlab bir-biriga o'xshamagan harakterlarni ko'rsata oladi.
Aktyor o'z rolini qanday ifodali ijro etayotganligi, hech qanday libos, niqob va grim bilan berib bo'lmaydigan insoniy xislatlarni talqin eta olishi hayratga soladi va zavq-shavq bag'ishlaydi. Artist qiyofasini o'zgartira olishi - bu eng muhim mo'jizadir.
Estrada aktyori kasbi pantomima, nutq janrlari, qo'shiq, raqs, sirk mahorati jihatlari kabilarning barchasini o'zida jamlaydi. Shuningdek, estrada aktyori tragikomediya va satira, publitsistika va lirika vositalari bilan ifodalangan fikr, dard va harakatlarning barchasini o'zida mujassam etishi lozim.
Estrada aktyori ijodining yaxlit o'ziga xosligi sifatida individuallik va obraz yaratish jarayonida badihago'ylik xarakteri asosiy mezon ekanligini qayd etish lozim. Aynan shu jihati bilan ham dramatik teatr aktyoridan farqlanib, u tomonidan yaratilgan nomer faqat o'sha aktyor ijodiga xosligi va takrorlanmasligi bilan ahamiyatlidir.
Xulosa siftida ta'kidlash lozimki, estrada teatri san'ati ham qadimiy, ham zamonaviy janr hisoblanadi. U ham yoshlar, ham katta yoshdagilarning san'atga bo'lgan muhabbatini o'zida jamlaydi. Estrada san'ati ayniqsa yoshlar qalbiga mos tushadi, shuning uchun uning kelajagiga, yanada taraqqiy etishiga to'la ishonch bor.
Tadqiqot natijasida aniqlandiki, estrada san'atining bosh mezoni G'arb san'ati yoki Sharq san'atida bo'lsin madaniy hordiq berish bilan birgalikda estetik zavq ulashish, ma'naviy komillikka yetaklash hamda insonlarni ijodkorlikka chorlash, optimistik kayfiyat ulashishdan iborat.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Ahmedov F.E. Ommaviy bayramlar rejissurasi asoslari. - Toshkent: Aloqachi, 2008. - 424 b.
2. Egamberdiyev F.T. Estrada san'ati metodologiyasi va texnologiyasi. -Toshkent: Lesson Press, - 160 b.
3. Rizayev O. Nabi Rahimov: Ijodiy portret. - Toshkent: G'.G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashr., 1997.
4. Sayfullaev B.S., Mamatqosimov J.A.Aktyorlik mahorati. -Toshkent:Fan va texnologiya, 2012. - 388 b.
5. Umarov M. Estrada va ommaviy tomoshalar tarixi. - Toshkent: Yangi asar avlodi. 2009. - B. 206.
6. Yusupova M.R. va boshqalar. Aktyorlik mahorati. - Toshkent: O'zR FA Asosiy kutubxonasi bosmaxonasi, 2015. - 128 b.
7. Qodirov M. Temuriylar davri tomosha san'atlari. - Toshkent: San'at jurnali nashriyoti, 2007.
8. Рашидов Т.М. Методология и технология эстрадного искусства. -Ташкент: Lesson Press, 2019. - 323 с.