Научная статья на тему 'O‘QUVCHILARDA NUTQ VA MUOMALA MADANIYATINI SHAKLLANTIRISHDA AJDODLAR MЕROSIDAN FOYDALANISH YO‘LLARI'

O‘QUVCHILARDA NUTQ VA MUOMALA MADANIYATINI SHAKLLANTIRISHDA AJDODLAR MЕROSIDAN FOYDALANISH YO‘LLARI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
3
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
nutq odobi / muomala madaniyati / lutf / fasohat / notiqlik / so‘z / so‘z boyligi / matn / ona tili / o‘quvchilar / Xayratul Abror.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Safarova R.

Ushbu maqolada nutq odobi va muloqot madaniyati mutafakkir ajdodlarimiz va jadid ma’rifatparvarlari tomonidan baholanishi, mutafakkir ajdodlarimizning ushbu sohadagi meroslari haqida fikr yuritilgan. O‘quvchi va talaba yoshlarda muloqot madaniyatini shakllantirish nutq odobi me’yorlariga rioya qilish ko‘nikmalarining asosini tashkil etuvchi birliklar haqida fikr yuritilgan. Maqola o‘qituvchilar hamda ilmiy pedagogik jamoatchilik uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «O‘QUVCHILARDA NUTQ VA MUOMALA MADANIYATINI SHAKLLANTIRISHDA AJDODLAR MЕROSIDAN FOYDALANISH YO‘LLARI»

O'QUVCHILARDA NUTQ VA MUOMALA MADANIYATINI SHAKLLANTIRISHDA AJDODLAR MEROSIDAN FOYDALANISH YO'LLARI

Safarova R.

Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi Milliy instituti "Milliy tarbiya mutafakkirlar, hamdajadidlarningpedagogik ta'limotlari" ilmiy tadqiqot bo'limi boshlig'ip.f.d., prof

https://doi.org/10.5281/zenodo.13943694 Annotatsiya. Ushbu maqolada nutq odobi va muloqot madaniyati mutafakkir ajdodlarimiz va jadid ma'rifatparvarlari tomonidan baholanishi, mutafakkir ajdodlarimizning ushbu sohadagi meroslari haqida fikr yuritilgan. O'quvchi va talaba yoshlarda muloqot madaniyatini shakllantirish nutq odobi me 'yorlariga rioya qilish ko'nikmalarining asosini tashkil etuvchi birliklar haqida fikr yuritilgan. Maqola o'qituvchilar hamda ilmiy pedagogik jamoatchilik uchun muhim manba bo'lib xizmat qiladi.

Kalit so'zlar: nutq odobi, muomala madaniyati, lutf, fasohat, notiqlik, so'z, so'z boyligi, matn, ona tili, o'quvchilar, Xayratul Abror.

Jadid ma'rifatparvarlari tarbiyani ko'p aspektli hodisa sifatida talqin etishga muvaffaq bo'lganlar. Ular aqliy tarbiya, nafosat tarbiyasi, axloqiy tarbiya bilan bir qatorda fikr va nutq tarbiyasiga xam alohida e'tibor qaratganlar. Jumladan Abdulla Avloniyning "Turkiy guliston yohud axloq" asarida fikr tarbiyasining o'ziga xos jihatlari bayon etilgan. Ma'rifatparvarga ko'ra har bir inson o'zining ona tilisiga, o'z xalqining madaniyatiga muhabbat ruhida tarbiyalanishi kerak. Abdulla Avloniy bu haqida quyidagi fikrlarni bayon qilgan: "Har bir millatning dunyoda borlig'in ko'rsatadurgon oynayi hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo'qotmak millatning ruhini yo'qotmakdur" . Shu ma'noda Abdulla Avloniy so'zga yuqori baho bergan. Ushbu o'rinda Avloniy Alisher Navoiyning "Xayratul Abror" asarida keltirilgan: "So'z guharig'a erur oncha sharaf-Kim, bo'la olmas anga gavhar sadaf»1

- degan fikrlarni mantiqiy jihatdan davom ettirgan. Chunki Alisher Navoiy so'zning qudratiga yuksak baho beruvchi ko'plab baytlar va hikmatlarning ijodkori edi. Abdulla Avloniy ham mutafakkirning qarashlarini davom ettirib umuminsoniy hamda milliy qadriyat sifatida so'zning imkoniyatlariga yuksak baho bergan, uning ma'nolariga e'tibor berib qo'llashga yoshlarni da'vat etgan: "so'z insonning daraja va kamolini ilm va fazlini o'lchab ko'rsatidurgon tarozidir. Aql sohiblari kishining dildagi fikr va niyatini, ilm va quvvatini, qadr va qimmatini so'zlagan so'zidan bilurlar". Chunki so'z insoning odob axloqi, qadr qimmati, madaniyatini o'z nutqida ifodalashi uchun imkoniyat yaratadi. Abdulla Avloniy mantiqiy asosga ega bo'lmagan fikrlarni palama-partish ifodalovchi insonlarga qarata quyidagilarni ta'kidlab ko'rsatgan: "Agar so'z aql va hikmatga muvofiq bo'lub, o'ziga yoki eshituvchiga bir foyda chiqadurgon bo'lmasa, asalarilari orasida g'ung'urlab yurgan qovoqari kabi quruq g'ung'urlamoq faqat bosh og'rig'idan boshqa bir narsa emasdur. Boshimizga keladurgan qattiq kulfatlarning ko'pi yumshoq tilimizdan keladur. Shuning uchun: «Ko'p o'yla, oz so'yla», - demishlar".2

1 Navoiy, Alisher. To'la asarlar to'plami. J.6. Hayrat ulabror. - T.: G'afur G'ulom, 2011 y. 12-b.

2 Avloniy, Abdulla. Tanlangan asarlar: 2 jildlik. 2-jild. Pandlar, nbratlar, Hikoyatlar, nabiylar hayoti, dramalar, maqolalar, sayohat xotiralari. - T.: «Ma'naviyat», 1998. - 304 b. 60-bet

Insonning axloq-odobi, muomala madaniyatini ko'rsatadigan so'zlarni saralab qo'llash, ularning mazmun-mohiyatini chuqur anglash ko'nikmalarini o'quvchilarda tizimli tarzda shakllantirish nafaqat ona tili darslarining, balki ta'lim jarayonining asosiy maqsadiga aylanishi kerak. Mazkur ko'nikmalar ona tili, adabiyot, tarbiya hamda tarix darslarida ajdodlarimiz tajribasining ajralmas qismi sifatida o'quvchilarga taqdim etilishi lozim. Chunki mutafakkir ajdodlarimiz so'zga zukkolik bilan munosabatda bo'lganlar va bu haqida qimmatli fikrlarini qoldirganlar. O'quvchi yoshlarda o'z fikrlarini noaniq bayon qilish, ilm o'rganish, so'z boyligini oshirishga yuzaki qarash, bu borada yalqovlik qilishdan orlanish tuyg'usini shakllantirish muhim pedagogik ahamiyatga ega. Chunki o'quvchilar sabr-toqat bilan so'z ma'nolarini o'rganishlari har bir so'zni chuqur tahlil qilishlari, tahlil-mutolaaga oid faoliyatni amalga oshirishga muntazam e'tibor qaratishlari alohida ahamiyatga ega. Zero nutq odobi va nutq madaniyatiga rioya qilish azal-azaldan o'zbek xalqining axloq-odobi ifodasi hisoblangan.

Nutq odobi xalq donishmandlari va mutafakkir ajdodlarimizning tafakkuri maxsuli nutq etiketi ifodasi hisoblangan. Ushbu madaniyatning asosiy ko'rinishlari etnopedagogik meros orqali bugun bizgacha yetib kelgan. Turli-tuman shevalarga xos bo'lgan so'zlar, fikrlar birinchi navbatda etnopedagogik qadriyat hisoblanadi. U inson nutqini boyitib tilning imkoniyatlarini kengaytiradi. Yozma obidalar, etnopedagogik vositalar til va nutq madaniyatining tashuvchilari hisoblanadi. Turli-tuman shakllarga ega bo'lgan etnopedagogik qadriyatlarda ajdodlarimiz nutqiga xos bo'lgan madaniyat o'z ifodasini topgan. Shu jumladan "Avesto", "Qadimgi xalqlardan qolgan yozma yodgorliklar" (Abu Rayhon Beruniy), "Fozil odamlar shahri" (Abu Nasr Forobiy), "Tib qonunlari" (Ibn Sino), "Devonu lug'otit turk" (Mahmud Qoshg'ariy), "Qutadg'u bilig" (Yusuf Xos Xojib), "Xibbatul ul-haqqoyiq" (Ahmad Yugnakiy), "Qobusnoma" (Kaykovus)da nutq va so'zlash odobi, muomala madaniyatiga oid ko'plab fikrlar bayon qilingan.

Mahmud Qoshg'ariy "Devonu lug'otit turk" asarida til va nutq odobiga oid fikrlarni keltirgan. Kaykovusning "Qobusnoma" asarida ham yoshlarni aniq, qisqa, lo'nda mazmunli so'zlashga da'vat etilgan. Tilga ehtiyotkorona munosabatda bo'lish g'oyasi ilgari surilgan. Kaykovus quyidagi fikrlar orqali so'zning mavqeiga yuksak baho bergan: "Barcha hunardin so'z hunari yaxshiroqdur, nedinkim, hamma maxluqotdin odam yaxshiroq yaraldi va o'zga jonivorlardin odam o'n daraja ziyodadur va bu o'n daraja odamning badanida hamisha bordur", "... tilingni yaxshi hunar bila o'rgatg'il va muloyim so'zdin boshqa narsani odat qilmag'il. Nedinkim, tilga har nechuk so'zni o'rgatsang, shuni aytur, so'zni o'z joyida ishlatg'il, so'z agar yaxshi bo'lsa, ammo noo'rin ishlatilsa, garchand u har nechuk yaxshi so'z bo'lsa ham yomon, nobop eshitilur"1

Mutafakkir ajdodlarimiz til boyliklarini o'zlashtirish uni o'z o'rnida qo'llay olish har bir inson uchun zarurligini qayta-qayta e'tirof etganlar. Alisher Navoiy ham til va nutq odobi haqida o'zining qimmatli fikrlarini qoldirishga muvaffaq bo'lgan. U til so'zining ko'plab ma'nolariga ega ekanligini ko'rsatib o'tgan. Jumladan:

1. Tilning o'zaro fikr almashinish muloqot vositasi ekanligi.

2. Tilning og'zaki yoki yozma matn ma'nosida qo'llanilishi.

3. Tilning nutqiy jarayon, aniq ifoda vositasi ekanligi.

4. Muayyan millat va elatning o'zaro aloqa almashinuv quroli ekanligi va hokazo.

Alisher Navoiy o'z asarlarida til va nutqning ijtimoiy-axloqiy vazifalarini ham belgilab

bergan. Til birinchi navbatda muayyan millat vakillari va millatlararo aloqa vositasi ekanligini

1 Kaykovus. Qobusnoma. - Toshkent: Yangi asr avlodi, 2016. - 224 b. 33-b.

ko'rsatib bergan. Alisher Navoiy til va nutqning o'zaro munosabati, uning ijtimoiy-axloqiy funksiyalarini "Muhokamat ul-lug'atayn"da batafsil ochib bergan: "Va bu so'zning tanavvui taaquldin nari va tasavvurdin tashqaridur. Agar mubolag'asiz ijmol yuzidin qalam surulsa va ixtisor jonibidin raqam urulsa, yetmish ikki nav' bila taqsim toparida xud hech so'z yo'qturki, yetmish ikki firqa kalomig'a dalolat qilg'ay, ammo ulcha tafsiliydur".1

Buyuk mutafakkir nutq odobining ijobiy xaraketirini ta'minlovchi jihatlari va omillarini ham ko'rsatib bergan, shuningdek nutq odobiga zid inson nutqini buzadigan jihatlarni ham ajratgan. Mutafakkir shoirning nutq odobiga oid qarashlari bugungi kunda ham o'quvchi va talaba yoshlarda nutq madaniyatini shakllantirishda muhim ko'rsatma bo'lib xizmat qiladi. U "fasohat" so'zini nutq madaniyati tushunchasini anglatuvchi, lutf san'atini esa nazokat bilan so'zlash madaniyati ifodasi ekanligini ta'kidlagan.

Fasohat - gapga chechanlik, notiqlik; nutqning to'g'riligi. 1. Chiroyli va yoqimli so'zlash qobiliyati, nutqning aniq va ravonligi. 2. Lisoniy hususiyat, nozik qirralar.2

Lutf - muloyimlik, marhamat; odoblilik, yoqimlilik. 1. Iltifot, marhamat, olijanoblilik. 2. So'z yoki gapni bir necha ma'noda ishlatishga asoslangan so'z o'yini; qochirim.3

Alisher Navoiy asarlari lug'atida ham fasohat so'ziga shoir qo'llagan kontekstga muvofiq tarzda quyidagicha izoh berilgan: "Fasohat - so'zning ochiq, ravshan, chiroyli va qoidalarga muvofiq bo'lishi". Yuqoridagilardan ko'rinib turibdiki fasohat so'ziga beriladigan ta'riflar bir biridan farqlanadi. Biroq uning asosiy mohiyatini nutq madaniyati tushunchasi tashkil etadi.

Bugungi kunda o'quvchi va talabalarning nutqini tahlil qiladigan bo'lsak nutq odobi madaniyatiga zid keladigan bir qator holatlarni kuzatishimiz mumkin. Ko'pgina yoshlar o'z nutqlarini salbiy ma'no anglatuvchi so'zlar, haqorat so'zlar bilan buzmoqdalar. Mutafakkirlar va jadid ma'rifatparvarlari yoshlarga qarata o'git berib ko'zga tashlangan har qanday voqea-hodisalarni so'zlash inson axloqiga xos ish emasligini ta'kidlaganlar. Ular kerakli joyda kerakli so'zni gapirish lozimligini uqtirganlar. Uzoqdan uzoq gapirish, bir fikrni qayta-qayta takrorlash nutq madaniyati me'yorlariga zid hisoblanadi. Bunday odamlarni ezma, sergap kishilar deb atash tajribasi mavjud. Fikrni o'rnisiz takrorlayverish ham nutq me'yorlariga zid holat hisoblanadi. Mazkur holatni Alisher Navoiy quyidagicha ifodalaydi: Bir deganni ikki demak xush emas, So'z chu takror topti dilkash emas. Ma'lumki nutq odobi qoidalariga rioya qilgan inson yaxshi va dilkash suhbatdosh hisoblanadi. U o'z fikrlarini atrofdagilariga tez va oson yetkaza oladi.

Ajdodlarimiz nutq madaniyati sohasida juda katta meros qoldirganlar. Ushbu merosning asosini nutq odobi tashkil etadi. O'quvchi va talaba yoshlarda nutq odobi, muomala va muloqot madaniyatini shakllantirish ta'lim jarayonining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. O'quvchi yoshlarda va nutq madaniyatini shakllantirish uchun ularga so'z san'ati, notiqllik madaniyati hamda muloqot odobiga oid bilimlarni tizimli tarzda taqdim etish maqsadga muvofiq. Maktab ta'limida nutq odobi, muloqot madaniyatining asosini nutqiy, lingvistik hamda kommunikativ kompetensiyalarni shakllantirishga qaratilgan filologik bilimlar tashkil etadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Normatov A.Struktur tilshunoslik ildizlari va yo'nalishlari.Toshkent: Ta'lim,2009.-260b

2. Rasulov R.Umumiy tilshunoslik. Toshkent:Fan va Texnologiya,2007.-256b

1 Navoiy, Alisher. To'la asarlar to'plami. J.10. Muhokamat ul-lug'atayin. - T.: G'afur G'ulom, 2011 y. 512-b.

2 O'zbek tilining izohli lug'ati: 80000 dan ortiq so'z va so'z birikmasi J. IV. - T.: O'zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2008. - 608 b. 334-b

3 O'zbek tilining izohli lug'ati: 80000 dan ortiq so'z va so'z birikmasi J. II. - T. : O'zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2006. - 672 b. 511-b

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.