Noto'liq oilalarda rivojlanuvchi maktabgacha yoshdagi bolalarni ijtimoiylashuvini ta'minlashda oila, maktab va maktabgacha ta'lim tashkilotining hamkorligi
Mahmuda Xamidullo qizi Abduvosiyeva Namangan davlat pedagogika instituti
Annotatsiya: Ushbu maqolada noto'liq oila va unda rivojlanayotgan maktabgacha yoshdagi bolalar psixologiyasi, ularning yetuk shaxs bo'lib yetishuvida oila, mahalla va maktabgacha ta'lim tashkilotlarining o'zaro hamkorligi haqida so'z yuritilgan.
Kalit so'zlar: noto'liq oila, farzand tarbiyasi, ijtimoiylashuv, yetuk shaxs, o'zaro hamkorlik, ota timsoli, ona muhabbati, muhabbat, nafrat
THE ROLE NEIGHBORHOOD, FAMILY AND PRESCHOOL EDUCATION ORGANIZATION IN ENSURING THE SOCIALIZATION OF DEVELOPING CHILDREN IN DYSFUNCTIONAL FAMILIES.
Mahmuda Khamidullo kizi Abduvasiyeva Namangan State Pedagogical Institute
Abstract: This article talks about the psychology of the dysfunctional family and preschool children developing in it, the cooperation of the family, neighborhood and preschool education organizations in their development into adults.
Keywords: dysfunctional family, child rearing, socialization, mature personality, mutual cooperation
Qadimdan solih insonlar farzand tarbiyasiga katta e'tibor qaratishgan. Chunki millatning taraqqiyoti yoki zavoli yoshlarning tarbiyasiga bog'liq. Olamlar sarvari Payg'ambarimiz (a.s.) farzandlarga ta'lim hamda tarbiya berishda butun ummatga namuna bo'ldilar. Payg'ambarimiz bolalarga juda katta e'tibor berar, ularni jerkimas, ular bilan bog'liq muammoli vaziyatlarda hech ham g'azablanmas, ularning hatolarini aytar va to'g'rilashga ko'maklashar, agar to'g'ri ish qilishsa haqlariga doim duo qilar edilar.
Shubhasiz insoniyatga berilgan ne'matlar orasida eng ulug' va eng azizlaridan biri farzanddir. Shunday ekan farzand tarbiyasiga e'tiborsiz bo'lish - Alloh bergan ne'matga noshukrlik qilish demakdir. Farzandning go'zal xulqli bo'lib tarbiya topishini faqatgina onaga bog'lab qo'yish to'g'ri emas. Bu borada otaning ham o'rni
beqiyos. Agar ota solih bo'lsa, farzandlar ham uning ketidan ergashadi va hayotda otaning yaxshi fazilatlarga egaligi farzandlarga doim kuch- quvvat baxsh etadi.
"Sevgi", "Nikoh"... - nikohning birinchi maqsadi va sharti farzand ko'rib odam naslini ko'paytirishga hissa qo'shishdir. Oilada farzand dunyoga kelgandan so'ng uning tarbiyasi bilan jiddiy shug'ullanish talab etiladi. Lekin ba'zi ijtimoiy, shaxsiy, yoki moddiy sabablarga ko'ra oila parokanda bo'ladi. Bunda farzandlarning istak hoxishlari bilan hech kim hisoblashmaydi. Norasida go'dak ota-onasidan ajralishga majbur bo'ladi. Endi uning nomi - "TIRIK YETIM!". Ota boshqa ayolga uylanib go'yoki hayotini yangitdan izga solganday bo'ladi. Ona ham farzandini o'z ota-onasiga yoki yetimhonaga tashlab turmushga chiqib ketadigan holatlar ham uchrab turadi. Natijada norasida go'daklar otasiz, onasiz tirik yetim maqomiga ega bo'lib qoladilar.
Ba'zi onalar bor. Jigargo'shasini hech kimga ishonmaydi, yolg'iz farzandi uchun umrini qurbon qilib, umr bo'yi turmush qurmay tanho o'tishga ont ichadilar.
Ota-ona farzand uchun eng asosiy taqlid etaloni hisoblanadi. Bu etalonda kamchiliklar bisyor bo'lsada, baribir bolada uning ijobiy jihatlaridan foydalanish imkoniyati saqlangan bo'ladi. Noto'liq oilada rivojlanuvchi bolalar uchun otasiz qolish, yakka onaning xukmronligi va oilada faqat onaninggina boshliqligi oiladagi muvozanatning buzilishiga olib kelishi tabiiy hol.
Er va hotinning ajrim sabablari qanday bo'lishidan qat'iy nazar, ona farzandini ota shaxsiga nisbatan hurmat ruhida tarbiya qilmog'i darkor. Aksariyat ayollarda eriga nisbatan alam va nafrat bolaga ham singdiriladi. Bolaning otasi haqidagi nafratli fikr va xulosalarni, faktlarni eshitishi, uning qalbida otaga nisbatan, balki butun dunyoga nisbatan ham dushmanlik kayfiyatini vujudga keltiradi. Norasida go'dak birdaniga "yomon"ga aylangan otasini yoki onasini sog'ina boshlaydi. Yolg'izlanib qolgan onasining yoki otasining ichki dunyosini tushunishga harakat qiladi. Ba'zan ota yoki ona ajrim sabab bilan emas, bevaqt kelgan o'lim sodir bo'lgani uchun ham "yo'qolib" qoladilar. Bu holatda ham yolg'iz qolgan onaning yoki otaning bolaga tarbiya berishi juda qiyin jarayonga aylanib boradi.
Yosh bolalar ruhiyati uchun, ularning psixologiyasi uchun ajrim jarayoni ham, o'lim holati ham og'ir yo'qotishlardan biri hisoblanadi. Mabodo bola tarbiyasini o'z zimmasiga olgan ona yoki ota farzandini sobiq turmush o'rtog'iga nisbatan qarshilik ruhida tarbiya qilsa, bolaga yanada ko'proq ruhiy a'zob bergan bo'ladi. Bunday psixologik jarohat hamda dushmanlik kayfiyati ostida bolajon otasi timsolida o'zini ham ko'ra boshlaydi. Maktabgacha ta'lim tashkilotida o'zi bilan tarbiyalanayotgan tengqurlarining otasi yoki onasi "yaxshi" ekanini bolalarcha fikrlaydi, o'z aqli doirasida o'ylab ko'rmoqchi bo'ladi.
Yolg'iz qolgan ona farzandining tarbiyasiga bel bog'lar ekan, yakka hukmronlikni o'z zimmasiga olar ekan, aslo otasiga o'xshamasin, mas'uliyatni his qilib ulg'aysin deya, farzandiga nisbatan yanayam qattiqqo'llik bilan yondoshib, talabchan
bo'lishga harakat qiladi. Bunday jarayon esa bolaning chorasiz vaziyatga tushib qolishiga sabab bo'ladi. Tabiatan otaning qattiqqo'lligi bolalar nazdida "oddiy holat" deb qabul qilinsa, onaning qattiqqo'lligi esa, "mehrsizlik" deb qabul qilinadi. Onaning chegaradan tashqari qattiqqo'lligi va talabchanligi ostida o'z qaroriga ega bo'lmagan, fikrlash doirasi ancha chegaralangan, o'z maqsadini ochiq ifodalab bera olmaydigan bola ruhiyati shakllanadi.
Agar oilada ota bo'lmasa yolg'iz qolgan onalar "bolamga o'zim otalik qilaman" deb maqsad qo'ymasligi kerak. Bunday yo'l eng katta psixologik tanazzul yo'lidir.
Agar farzand o'g'il bo'lsa va u yolg'iz ona qo'lida tarbiya topayotgan bo'lsa, oilaning erkagi shu o'g'il ekanini tan olib bolani oila boshlig'i kabi katta qilish zarur. Shundagina farzand onasiga nisbatan himoyachi, rahmdil va boquvchilik hislatlarini o'ziga singdirib voyaga yetadi. Har qanday vaziyatda ham bolaga uning otasini yoki onasini yomonlash yaxshi natijaga olib kelmaydi. Ajrimda qarshi tarafni ayblab, o'zini bunday vaziyatda ojiza, xo'rlangan, qiynalgan qiyofada ko'rsatmaslik kerak. Bolani otaga yoki onaga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalab, unda e'zozlash ko'nikmasini shakllantirish lozim.
Noto'liq oilada rivojlanuvchi o'g'il farzandlarning erkak - ota ruhida tarbiyalash uchun ularni tog'asiga, bobosiga yaqinlashishiga yo'l qo'yib berish darkor. Uning sobiq turmush o'rtog'i tarafdagi yaqin qarindoshlari bilan yaxshi munosabatda bo'lishiga imkoniyat yaratib berish zarur. Yolg'iz qolgan ota yoki ona o'z farzandi bilan ko'proq gaplashishga, undan maslahat so'rashga, bildirgan fikrlarini qadrlashga harakat qilish kerak. Bolaning ko'nglini ko'tarishga va arzimas ishlarini ham rag'batlantirishga harakat qilish zarur. Qalbida dunyoga nisbatan, yaqin insonlariga nisbatan ishonch, zavq hamda mehr tuyg'usini tarbiyalash, yaqinlari bilan o'z muammolarini bo'lishishi uchun ularda yaqinlik hissini, ishonch tuyg'usini paydo qilishga yordam berish kerak. Noto'liq oilada rivojlanuvchi maktabgacha yoshdagi bolalarni ko'nglini o'ksitmaslik, aslo kamsitmaslik kerak. Bolaning otasi yoki onasi bilan bog'liq bo'lgan eng yaxshi hamda yoqimli voqea-hodisalarni eslashiga imkon berish zarur. Ayriliqdagi otasi yoki onasi haqida gaplashishga aslo to'sqinlik qilmaslik kerak. Ularsiz shunday suyukli farzand bo'lmasligi va buning uchun bir umr ulardan minnatdor ekanligini samimiyat bilan aytish bolaning qalbida uzoqdagi otasi yoki onasiga nisbatan mehr-muhabbat tuyg'ularini shakllanishiga yordam beradi.
Oilaning bola shaxsi shakllanishi va rivojlanishidagi o'rni beqiyos ekan, oila a'zolari bolalarning psixik rivojlanishini ta'minlash uchun oilada sog'lom munosabatlar muhitini yaratishlari lozim. Faqat baxtli ona va baxtli otaning farzandigina baxtli bo'la oladi, buni aslo unutmaslik lozim.
O'z hayotiy tajribamdan kelib chiqib men oila qurgan kishini kemaning ichiga tushgan odamga o'xshataman. Kema esa dengizga yo'l olgan. Dengiz esa po'rtanalardan iborat. Farzandlarning dunyoga kelishi bu kemani boshqarishni yanada
qiyinlashtiradi. Endi kema darg'asidan yanada ko'proq kuch va mahorat talab etiladi. Bunda har ikki taraf mas'uliyatli bo'lsa kifoya deb o'ylayman. Gap nikoh-oila munosabatlari haqida borar ekan, shubxasiz jiddiy muhokama qilinadigan masalalar qatorida nikoh-oila munosabatlarining buzilishi, er va xotinlarning ajralish muammosi turadi. Nima sababdan oilalar buziladi? Ajralish o'zi nima? Ajralish - bu yaxshimi yoki yomonmi? Oilalarning ajralishiga yo'l qo'yish kerakmi?
Oilalarning buzilishi tufayli nafaqat shu ajralishgan er va hotinlar, ularning farzandlari, balki jamiyatimiz ham ko'plab zarar ko'radi. Ajralishlar ko'plab nohush hodisalar: noto'liq oilalar sonining ortishi, bolalar orasida, o'smirlar orasida qonunbuzarliklarning avj olishiga sabab bo'ladi.Ajralish faqatgina ajralgan er-xotinlar emas, balki ajralish oqibatida otasiz yashayotgan farzandlarga ham salbiy ta'sir ko'rsatadi. Ayniqsa ajralish oqibatida "tirik yetim'' nomini olgan qiz farzand ota obraziga nisbatan kuchli nafratni his qiladi. Bu holat otasiz o'sayotgan qiz bolaning his-tuyg'ulariga, otasiga bo'lgan mehriga, qiz bolada shakllanadigan ota obraziga va otasiz o'sayotgan qizning ruhiyatiga kuchli ta'sir qiladi. Bu holat qiz bolaning nafaqat bolalik davridagi ichki dunyosiga, balki kelgusi hayotidagi bo'lajak turmush o'rtog'iga ham ishonchsizlik kayfiyatini keltirib chiqarishi mumkin. Fan nuqtai nazaridan qaraganda to'liq va noto'liq oilalar muammosiga yondashuv, oiladagi shaxslararo munosabatlarning oila a'zolari ijtimoiy tasavvurlari va xulq ustanovkalarida namoyon bo'lishining mohiyati ilmiy jihatdan tahlil qilinadi. Maqsadimiz "noto'liq oila" bolalarini ijtimoiy hayotga tayyorlashning ijtimoiy, pedagogik-psixologik o'ziga xos jihatlarini o'rganish, uning nazariy, ijtimoiy va psixologik muammolarini har tomonlama tahlil etishdan iborat.
Xulosa qilib aytadigan bo'lsak, noto'liq oilalarda rivojlanuvchi bolalarni ijtimoiy hayotga moslashtirish, ularni mustaqil oilaviy hayotga tayyorlash uchun avvalo oila tarbiyasining asosini ularning ongiga singdirish lozim. Zero bolajonlarda shakllanadigan dastlabki ma'naviy sifatlar, mehnat hamda o'qish faoliyatini tashkil etish borasidagi ko'nikma va malakalarning shakllanishi ularni mustaqil hayotga tayyorlash jarayoni uchun asosiy poydevor hisoblanadi.Shu o'rinda o'tgan ulug' zotlarga ergashgan holda biz ham farzandlarimiz ta'lim tarbiyasiga e'tiborli bo'lishimiz lozim. Ayniqsa, ularning tarbiyasida ajdodlarimizning buyuk hayotlari hamda yozib qoldirgan ma'naviy me'roslari muhim o'rin kasb etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Ozbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi O'zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo'yicha Xarakatlar strategiyasi to'g'risida"gi
2. PF-4947-sonli Farmoni. O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to'plami, 2017yil, 6-son, 70-modda.
3. I.A. Karimov "Yuksak ma'naviyat-yengilmas kuch''. Toshkent. Ma'naviyat nashriyoti-2010.
4. Akramjonova, F. A. (2023). Maktabgacha ta'limda pedagog professiogrammasini tashkil etishning asosiy jarayonlari. Science and Education, 4(12), 481-485.
5. Asqarova O'.M Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini ijtimoiy hayotga tayyorlash tizimi. / Monografiya-T; "Fan''nashriyoti 2010-121 b.
6. G'ofurjon Abdullayev va Bahtiyor Xolmirzayev. "Yosh kelin-kuyovlar uchun yon daftarcha". "Arjumand'' nashriyoti. Namangan 2020-yil.
7. Sarsengali, B., & Shagyrbai, A. (2022). Дiни философиядагы мешрбан жэне кемел адам TYCiHiri. Вестник КазНУ, Серия Религиоведение, 32(4), 50-59.
8. Ориббоева, Д. Д. (2022). O'QUVCHILARNI KASB TANLASHGA YO'NALTIRISHDA IJTIMOIY KOMPETENTLIKNI TA'SIRI: https://doi. org/10.53885/edinres. 2022.8. 08.045 Oribboyeva Dilafro'z Dadamirzayevna NamDU Psixologiya kafedrasi katta o'qituvchisi. Образование и инновационные исследования международный научно-методический журнал, (8), 314-318.
9. Oribboyeva, D. D. (2019). STUDY OF SOCIAL COMPETENCE IN PSYCHOLOGICAL RESEARCH. Scientific and Technical Journal of Namangan Institute of Engineering and Technology, 1(4), 288-292.
10. Kamolova, A. O. Q. (2023). Pedagoglik kasbi boshqa hamma kasblarning poydevoridir. Science and Education, 4(5), 988-992.
11. Kamolova, A., & Ergasheva, G. S. Q. (2022). Yosh avlodni tarbiyalashda xalq pedagogikasini manbalarining o'rganishning o 'rganishning ilmiy-nazariy asoslari. Science and Education, 3(12), 590-592.
12. Nishonova, M. Y., & Kamolova, A. O. (2021). O'SMIRLARGA HUQUQIY BILIM BERISHDA KEYS STADI TEXNOLOGIYASIDAN FOYDALANISH. Экономика и социум, (8 (87)), 42-45.
13. Kamolova, A. O. Q., & Husaynova, S. I. (2023). O'smirlar o'rtasida axloqsizlikni oldini olishda pedagogik faoliyatning o'ziga xos xususiyatlari. Science and Education, 4(2), 969-972.
14. qizi Kamolova, A. O. (2023). SINFDAN TASHQARI SPORT MASHG 'ULOTLARI ORQALI O 'QUVCHILARDA MILLIY G 'URUR, QADRYATLAR, UMUM INSONIY XIS TUYG 'ULARNI RIVOJLANTIRISH. Results of National Scientific Research International Journal, 2(8), 60-66.
15. Vol. 2 No. 8 (2023): Results of National Scientific Research International Journal Impact Factor Published: Aug 30, 2023Keywords:Ta'lim tarbiya tizimi, muassasalart, jismoniy tarbiya, sog'lomlashtirish mashg'ulotlari, o'quv mashg'ulotlari, psixologik xususiyatlari, mulliy g'urur, estetik dunyoqarash, estetik xatti-harakatlar.
16. Kamolova Azimaxon Odiljon qizi. (2023). SINFDAN TASHQARI SPORT MASHG'ULOTLARI ORQALI O'QUVCHILARDA MILLIY G'URUR, QADRYATLAR, UMUM INSONIY XIS TUYG'ULARNI RIVOJLANTIRISH. Results of national scientific research, 2(8), 60-66. https://doi.org/10.5281/zenodo.8320633