NAY SOZI BILAN TANISHUVDA IJROCHILIK NAFASINI RIVOJLANTIRISH YO'LLARI
I.Abdullayev
O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining Farg'ona mintaqaviy filiali
Annotatsiya: Maqolada Nay sozi bilan ishlashda nafasning ahamiyati haqida ma'lumotlar keltirilgan. Ijrochilik nafasini rivojlantirish yo'llari mashqlar asosida izohlab berilgan.
Kalit so'zlar: nay, nafas, bronx, traxeya, diafragma, milliy cholg'u, ohang
WAYS TO DEVELOP EXECUTIVE BREATH THROUGH FAMILIARITY
WITH NAY SOZI
I.Abdullayev
Fergana regional branch of Uzbekistan State Institute of Arts and Culture
Abstract: The article provides information about the importance of breath in working with the flute. Ways to develop executive breath are explained on the basis of exercises.
Keywords: flute, breath, bronchus, trachea, diaphragm, national instrument, tone
Nay milliy cholg'ular ichida ijrochilik hususiyati bilan ajralib turadi. Nay sozandasining holati - o'ng oyoq bir oz oldinga surilgan, bosh to'g'ri tutilgan va gavda og'irligini ikkala oyoqqa baravar taqsimlagan bo'lishi lozim. Saboq berishning birinchi kunlaridan boshlaboq - o'qituvchi o'quvchining nay chalishdagi chiqarayotgan tovushining xususiyatiga katta e'tibor berishi kerak. O'rnashgan, turg'un, barqaror, intonatsion talaffuz, uyg'unlik jihatdan aniq tovushlarni puflab chiqara olishda nafasni to'g'ri olish - ijrochi sog'ligiga katta foydasi borligi borasida tushuntirish ishlari olib borib, to'g'ri yo'naltirish maqsadga muvofiqdir. Tabiatdagi tovushlar 2 xil:
1. fizik holatdagi tovush;
2. sezgi holatdagi tovush.
So'zlayotganda, chalayotganda, ashula aytayotgandagi tovushlarning hosil bo'lish manbai o'pkadan chiqayotgan havo - nafasdir, demak, o'pka havoni yuborib turadi, bu havo ikkita bronx va traxeya orqali o'tadi. Tovush hosil qilishda nafas asosiy vositalardan biri bo'libgina qolmay balki, hayotiy zarurat hamdir. O'z navbatida nafas olish ham uch turga bo'linadi:
1. Kiftdan nafas olish (yelkalarni ko'tarib) - noto'g'ri nafas. Bunda nafas ko'krakning yuqori qismida olinishi natijasida, kiftlar (yelkalar) ko'tariladi, bu esa
erkin va me'yorida nay chalishga imkon bermaydi, nafas yetmasligi natijasida tez-tez to'xtab qolish holati kuzatiladi.
2. Ko'krak-qorin orqali nafas olish, bunday nafas olganda o'rta qovurg'alar va biqin harakatga keladi, ya'ni ular kengayadi. Bunday holatda nay chalganda cholg'uchi o'zini yengil his etadi, charchamaydi. Ko'krak bilan nafas olganda ko'krak qafasi har tomonga kengayishi, qorin devori biroz oldinga ko'tarilishi va havo o'pkaning yuqori qismini to'ldirishi kerak. Tez sur'atdagi kuyni ijro etishda naychi qisqa (to'lqinsiz stakkato tarzida) nafas olishi va tezlikda burun orqali nafas chiqarib, labni naydan (labiumdan) uzmasligi kerak. Ko'krak orqali qisqa nafas chiqarishda bir maromda shoshilmaslik lozim, toki bir nafas yo'lida ijrochi bitta musiqa (kuy) jumlasini chalib ulgurishi kerak. Uzluksiz biron-bir kuy, mashq, etyudni chalishga to'g'ri kelib qolsa (ko'proq o'n oltitalik notalarda uchraydi), iloji boricha zaxira havo olish talab etiladi. Organizm hamma vaqt - o'z atrofidagi muhitdan kislorodning kelib turishiga va hujayradagi moddalar bilan to'qnashuvi natijasida paydo bo'lgan oksidlanish tufayli vujudga keladigan, ortiqcha karbonat angidrid gazni hamda qisman suv bug'ini tashqariga chiqarib turishga muhtojdir. Nafas olish tez, chiqarish esa tekis va davomli bo'lishi lozim. Chuqur nafas olganda barcha o'pka pufakchalari kengayib, o'pka hajmi kattalashadi va ko'krak qafasini - ham uzunasiga ham eniga kengaytiradi. Ko'krak qafasining uzunasiga kengayishi natijasida ko'krak-qorin to'sig'i, ya'ni diafragma gumbazi birmuncha qisqaradi, yassilanadi, pasayadi, bu paytda qovurg'alardan tortib hatto umurtqa suyakgacha turlicha me'yorda kengayadi.
3. Aralash - diafragmal ko'krak-qorin (qursoq) to'sig'i orqali nafas olish. U -cho'zib, ohista, mayin chalinadigan bir nechta taktlardan iborat jumlalarni bir nafasda ulab ijro etiladigan kuylarda ko'proq qo'laniladi. Bu turda havo o'pkaning yuqori va pastki qismlarini to'liq to'ldiradi. Nay, qo'shnay, surnay, balabon kabi cholg'ularda musiqa asarlarini badiiy ijro etilishi ko'p jihatdan to'g'ri nafas olishga bog'liqdir. Puflashni o'rganib, mashq qilib borish jarayonida ma'lum bir musiqiy jumla -iboraning cho'zilishini bir nafasda chalinishiga erishish mumkin Nota yo'lida nafas olish belgisi, ya'ni tsezura - lotincha - V ko'rinishida ifodalanadi, u takt chizig'i ustiga qo'yiladi. Ma'lum bir musiqiy jumlani, mashqni oxirigacha chalmasdan, to'xtab nafas olish va yana to'xtagan joydan chalishni davom ettirish holati noto'g'ri deb hisoblanadi. Nafasning eng noto'g'ri uslubi diafragmal yoki ko'krak-qorin uslubidir. Bunda yelkani ko'tarmasdan, nayni yelkaga tekkizmasdan va bo'yin muskullarini zo'riqtirmasdan nafas olinishi kerak. Ko'krak qafasini kengaytirish uchun boshlang'ich mashqlarni cholg'usiz ham bajarish mumkin. Muttasil mashqlar qilish natijasida qovirg'a oralig'i muskullari va diafragma rivojlanib, erkin nafas chiqarishga erishiladi. Nafas olish. Nafas - organizmga kislorod (havo) kirib turishi, organik moddalarning biologik oksidlashishida, uning sarflanishi va moddalar almashinuvi jarayonida hosil bo'ladigan karbonat angidrid gazini organizmdan chiqarib tashlashni
ta'minlovchi jarayon yig'indisidir. Hujayralarda bo'ladigan biologik oksidlanish natijasida quvvat ajralib chiqib, organizm hayot faoliyatini ta'minlashishiga sarf bo'ladi. Nafas organlari - burun bo'shlig'i, halqum, hiqildoq, tranxeya, bronxlar va o'pka - havoning kirib-chiqib turishi va gazlar almashinuvini ta'minlaydi. Nafas yo'llarining shilliq pardasi hilpillovchi epiteliy bilan qoplangan, hujayralarining tashqi yuzasida ingichka o'simtalar - qisqara oladigan tuklar bor. Nafas harakatlari, ya'ni nafas muskullarining bir maromda qisqarib borishi tufayli ko'krak qafasi hajmining galma-gal kengayib va torayib turishi nafas olish va chiqarishga - o'pkaga havo kirib -chiqib turishiga imkon beradi, bu o'pka ventilatsiyasi (havo almashtirib beruvchi vosita) deb ataladi. Nafas chiqarishda oz bo'lsa ham yelka ko'tarilsa o'pkada nafas chiqarishning noto'g'ri holati ro'y beradi, bunday usulda diafragma umuman ishlamaydi, nafas olish yuzaki holatda, nafas chiqarish esa qisqa va sayoz bo'ladi. Shunday qilib, nafas olish qoidalari nuqtayi nazaridan aniq va oddiy: ular diafragmaning faolligi bilan pastki (quyi) va o'rta qovurg'alar hamda nafas olishda yelka umuman harakatsizlanishi bilan yakunlanadi. Boshlovchi ijrochilarni diqqat bilan kuzatib borish lozim va u barcha to'g'ri ko'rsatmalarga amal qilishi muhim. Ayrim pedagoglar nafas olishni - ko'krak-qorin va o'pkalldan boshqa - ko'krak va qorin-qursoq xillariga ajratadilar. Lekin shuni hisobga olish kerakki, nafas olishning sof xillari aniq tajribaga ega emas va u doim aralash xususiyatga ega bo'lgan. Nafas olishni u yoki bu xiliga kirgazish har bir insonning shaxsiy organizmi va mushaklariga asoslanadi. Nafas olishning ma'lum bosqichlarida hamma nafas olish mushaklari ishtirok etishi bilan birga, yurak to'qimalarining mushaklari ham ishtirok etadi. Har bir holatda ijrochi o'ziga eng munosib va qulay usullaridan foydalanishi maqsadga muvofiqdir. Nafasning rivojlanishi sekinlik bilan o'zlashtirilishi kerak. Boshlovchi yosh ijrochilardan zo'r berib talab qilishi yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Bir nafasda katta musiqiy jumla - ibora bajarishdagi nafas olish butun nafas mushaklarini faollashtiradi, uning yordamida o'pkada juda ko'p havo yig'iladi, yig'ilgan havo sekin-astalik bilan sarflanishi esa ijro etilayotgan musiqa dinamikasi va xarakteriga bog'liq. Mashqlarning birinchi davrlarida go'yo boshlovchi ijrochilarda havo yetishmayotgandek tasavvur hosil bo'ladi. Bu esa nafas mushaklari faol nafas chiqarishga moslashmagan, mushaklar hali zaif, tovush hosil qilishda havo tejamkorlik bilan sarflanmaydi deb tushuniladi. Boshlang'ich mashqlarda davomiy tovush bo'lmasligi, kichik jumlalardan tashkil topgan bo'lishi muhim. Shu orqali yosh naychi qiynalmasdan dinamik ijroni o'zlashtiradi, bir tekis tovush chiqarishga erishadi va intonatsion kamchiliklardan xoli bo'ladi. Keyingi ijro nafasining rivoji davomli tovushni asta-sekin kuchayishi va pasayishidagi nafas chiqarishdan iborat. Bunday mashqlar yordamida qovurg'a mushaklari va diafragma rivojlanadi hamda faol o'rinsiz nafas chiqarishga moslashadi. Inson organizmining o'sishida jismoniy mashqlar va nafas apparatining ahamiyati haqida so'z yuritganda - ijro nafasi faqat ijro jarayoni
natijasida rivojlanishini nazarda tutish kerak. Har qanday mashqlarni cholg'usiz bajarilishi nafasni tashkil etishda o'quvchiga hech qanday naf keltirmaydi. Nafas chiqarishning ijro sifati - eshitish qobiliyati orqali nazorat etiladi, tovushni uqib olish shunday nafas chiqarishning natijasidir. Pedagogik amaliyotda gammalarni sekin sur'atda turli nyuanslar (tovush ohangdoshligi) bilan ijro etib foydalanish maqsadga muvofiqdir. Ayrim ijrochilar nafas chiqarayotgan paytda, havoning bir qismi burundan chiqib ketishi natijasida tovush bo'linib ketadi va ma'lum miqdorda tovush tusi - tembr sifatini yo'qotadi. Bunday kamchilik har doim bo'lmasa-da uchrab turadi. Nafas -musiqiy ta'sir kuchining eng asosiy vositalaridan biridir. Ijrochida nafas qanchalik rivojlangan bo'lsa, tovush ohangdoshligi (nyuans) ham shunchalik xilma-xil bo'ladi. Lekin nafas olishda ijroning dinamik tomonlari tovush sifatigagina bog'liq emas, nafas yordami bilan musiqiy jumlalar bir-biridan ajratiladi. Nafasning tez-tez almashib turishi ba'zan hayajonlanishga olib keladi, natijada kuchli qisqa musiqiy jumlalar ifodalanishga sabab bo'lishi mumkin. Havo zaxirasi ijrochida tugagan paytda, nafas olish tasodifan bo'lishi mumkin emas. Ijrochining nafas olishini tinglovchi sezmasligi lozim, yaxshi notiq ma'ruzasida qachon va qanday nafas olayotgani tabiiy, hech kimning o'y - xayoliga kelmaydi. Xuddi shunday sozanda ham bitta musiqiy jumlani boshidan boshqasiga o'tayotganda mantiqiy va tabiiy ijro asosini yaratmog'i lozim. Bir nafasda ko'proq musiqa chala olish - sozandaning nafas tajribasi mukammal ekanligidan dalolat beradi. Ayrim paytda juda uzun musiqiy jumlani uchratish mumkin, uni bir nafasda ijro etishning hech iloji yo'q. Shunda, jumlaning biron taktida nafas olish uchun joy izlanadi. Bunda ijro etilayotgan musiqiy jumla ma'nosi buzilmasligi lozim. Bunday joyni doim topish mumkin, liga nafas uchun to'siq bo'lib xizmat qilmasligi kerak, u faqat bir tekis, silliq va bog'lamli ijroni ko'rsatadi. Liga orqali nafas olgandan keyin navbatdagi tovushga urg„u bermaslik lozim. Nafas almashtirishni to'g'ri taqsimlash - ifodali ijro uchun katta ahamiyatga ega. Shuning uchun pedagog ish boshlanishidan oldin, sozandaning asarini ijro etish imkoniyatlarini hisobga olib, qayerda nafas olish (sezura) kerakligini to'liq ko'rsatib berishi muhimdir. Asarning nafas tahlili jarayonida o'quvchi ham qatnashishi maqsadga muvofiq. Bu orqali u asta-sekin mustaqil ravishda ma'lumotlarni ajrata oladigan va nafas olishda to'g'ri xulosa chiqarishni o'rgana boshlaydi. Nafas olish texnikasini har tomonlama rivojlantirish va uni musiqiy ifoda vositasi sifatida to'liq o'rganish kerak. Nay chalishni o'rgatishda artikulatsiya texnikasini - ijroning eng asosiy vositasi deb hisoblash lozim. Uning sifatiga intonatsion aniqlik va tovush ko'rkamligi bog'liq bo'ladi. Ushbu texnikaning rivojlanishida - ijrochi lab bilan cholg'u asbobida katta kuch talab qiladigan ishni bajaradi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. B.Dosimbetov "Xalq cholg'ularida ijrochilik" "Innovatsion rivojlanish nashriyot-matbaa uyi", 2021.