Научная статья на тему 'MUSTAQILLIK YILLARIDA O‘ZBEKISTON CHORVACHILIGINING TADQIQOTLARDA O‘RGANILISH XUSUSIYATLARI'

MUSTAQILLIK YILLARIDA O‘ZBEKISTON CHORVACHILIGINING TADQIQOTLARDA O‘RGANILISH XUSUSIYATLARI Текст научной статьи по специальности «Искусствоведение»

CC BY
11
5
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and innovation
Область наук

Аннотация научной статьи по искусствоведению, автор научной работы — Axmedov Shaxzod Farxod O‘g‘li

Chorvachilik qadimdan o‘lkamiz aholisining an’anaviy mashg‘ulot turi hisoblangan. Bugungi kunda ham chorvachilik O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotining asoslaridan biri hisoblanadi. Chorvachilikning asosiy mahsuloti–sut va go‘sht ishlab chiqarishning o‘sishi esa jamiyatni rivojlantirish uchun muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega. Shuningdek, chorvachilik aholining bandligini ta’minlashda ham muhim tarmoq hisoblanib, mablag‘ jamg‘arish va uni ko‘paytirish kabi o‘ziga xos vazifani ham bajaradi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MUSTAQILLIK YILLARIDA O‘ZBEKISTON CHORVACHILIGINING TADQIQOTLARDA O‘RGANILISH XUSUSIYATLARI»

MUSTAQILLIK YILLARIDA O'ZBEKISTON CHORVACHILIGINING TADQIQOTLARDA O'RGANILISH

XUSUSIYATLARI

Axmedov Shaxzod Farxod o'g'li

O'zR FA Tarix instituti Tayanch doktorant https://doi.or2/10.5281/zenodo.12623558

Chorvachilik qadimdan o'lkamiz aholisining an'anaviy mashg'ulot turi hisoblangan. Bugungi kunda ham chorvachilik O'zbekiston qishloq xo'jaligining yetakchi tarmoqlaridan biri bo'lib, mamlakat iqtisodiyotining asoslaridan biri hisoblanadi. Chorvachilikning asosiy mahsuloti-sut va go'sht ishlab chiqarishning o'sishi esa jamiyatni rivojlantirish uchun muhim ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega. Shuningdek, chorvachilik aholining bandligini ta'minlashda ham muhim tarmoq hisoblanib, mablag' jamg'arish va uni ko'paytirish kabi o'ziga xos vazifani ham bajaradi.

So'nggi yillarda O'zbekiston tarixi fanida sohalar tarixiga yo'naltirilgan tadqiqot ishlari ko'payib bormoqda. Yurtimiz hududida chorvachilik sohasining rivojlanish tarixi va bosqichlari, sovet hokimiyatining сhorvachilikdagi siyosati va uning iqtisodiyotga va kishilar hayotiga ta'siri, sovet davrida chorvachilikka ixtisoslashtirilgan jamoa va davlat xo'jaliklari tarixi, mustaqillik yillarida chorvachilikda turli mulkchilik shakllarining paydo bo'lishi o'zgarishi va natijalari, chorvachilik va chorvadorlarning hayotini etnografik nuqtai-nazaridan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Umuman olganda O'zbekistonda chorvachilik sohasining holati, tashkiliy tuzilmasi va undagi o'zgarishlar, huquqiy va iqtisodiy asoslari, rivojlanish yo'nalishlari, chorvachilikdagi mahsuldorlik, chorva mollari zooveterinariyasi, chorva naslini yaxshilash va ulardagi muammolar kabi masalalar tarixchi, iqtisodchi va qishloq xo'jaligi sohasi olimlari tomonidan o'rganilgan. Ushbu masalalarning turli jihatlarini o'rganish bo'yicha turli adabiyotlar, jumladan, ilmiy maqolalar, risolalar va tadqiqot ishlari yaratilgan. O'zbekistonda chorvachilik sohasiga oid tadqiqotlarni uslubiy yondashuvlardan kelib chiqqan holda quyidagi tartibda guruhlash mumkin:

1) Tarixchi olimlar tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar;

2) Iqtisodchi olimlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar;

3) Qishloq xo'jaligi, chorvachilik va veterinariya sohasi olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar.

O'zbekistonda turli davrlardagi chorvachiligi tarixi, sohadagi hukumat siyosati va chorvachilik yo'nalishlari holati va muammolari bir qator tarixchi mutaxassislar tomonidan o'rganilgan. Jumladan, R.Jo'rayev O'zbekistonda 1917-1941 yillarda sovet hokimiyatining chorvachilik siyosati va chorva sonlaridagi o'zgarishlar, chorvachilik xo'jaligidagi o'zgarishlar va ularning o'ziga xos xususiyatlari, shuningdek chorvachilikning iqtisodiy hayotdagi o'rni va sovet hokimiyatining chorva ozuqa siyosatini tahlil qilgan [Р.Х.Жураев: 164]. Muallif chorvachilikdagi ahvolni o'rganishda 1917 yil ya'ni sovet hokimiyatining o'rnatilishidan boshlab, to 1941 yil Sovet davlati uchun ikkinchi jahon urushi boshlanishiga qadar bo'lgan o'ta muhim davrni tanlagan bo'lib, unda asosan qoramol, qo'y-echki, qisman esa yilqi va tuya tadqiqot obyekti sifatida olinib, bu davrda aynan ular eng ko'p tarqalgan chorva turlari ekanligi aytiladi. M.Qodirova esa o'z tadqiqotida o'tgan asrning 80-yillarida O'zbekistonda chorvachilikning barcha toifadagi xo'jaliklardagi ahvoli, chorva ozuqa bazasi, jamoa chorvachiligi holati va chorvachilikda ijara munosabatlariga o'tilish jarayonlari, chorvachilikda

ilk fermerlik harakatlarining vujudga kelishi, shuningdek chorvachilikda saqlanib muammolarni tahlil qilgan [М.М.Кадырова: 140]. Bu taqdiqotda esa asosan qoramolchilik tarmog'iga urg'u berilgan. Buning sababini tadqiqotchi ko'proq 80-yillarda kolxoz-sovxozlardagi chorvachilikning holatni yoritishga harakat qilganligi, o'z navbatida kolxoz va sovxozlarda qoramolchilik yetakchi tarmoq bo'lib kelganligini bilan izohlash mumkin. Yuqoridagi har ikkala tadqiqotchi ham tahlil qilgan davrlarida chorvachilikdagi asosiy muammolariga ya'ni ozuqa yetishtirishning pastligi, yaylovlar yetishmasligi, chorva uchun yetarli darajada yer-maydoni ajratilmaganligi bunda asosan yerlar paxta ekish uchun ajratilganligi kabi masalalarga alohida to'xtalib o'tgan. Chorvachilikda zooveterinariya xizmat ko'rsatish ahvoli va kadrlar tayyorlash tizimining holati kabi bir qator masalalar esa e'tibordan chetda qolgan. Yana bir tadqiqotda chorvachilikning muhim bir tarmog'i hisoblangan qorako'lchilikning O'zbekistonda sovet hokimiyati yillaridagi ahvoli va muammolari, sovet hokimiyatining O'zbekistonda qorako'lchilik sohasidagi siyosati va amaliyotining mohiyati, shuningdek mustaqillik yillaridagi qorako'lchilik tarmog'ining taraqqiyoti masalasi yoritib berilgan [Б.А.Ахмедов: 169]. Mustaqillik yillarida chorvachilik sohasining rivojlanishi, taraqqiy etishi, natijalari va muammolari tadqiqotchi Sh.Jumayeva tomonidan Surxon vohasi misolida o'rganilgan. Dissertatsiyada mustaqillik yillarida Surxandaryo viloyat chorvador xo'jaliklari faoliyatida yuzaga kelgan muammolar va ularning sabab va oqibatlari tahlil qilingan, viloyatda chorvachilik sohasida amalga oshirilgan islohotlar, jumladan, fermerlik, yordamchi xo'jalik, uy chorvachiligi hamda klaster tizimi bilan bog'liq o'zgarishlar jarayonini izohlashga harakat qilingan [Sh.Ch.Jumayeva: 51]. Tarixchi etnograf olimlar tomonidan ham yurtimizda qadimdan chorvachilik bilan bog'liq ko'p asrlik hayotiy tajribalarga asoslangan xalq bilimlari, jumladan, chorvachilik taqvimi hamda xalq veterinariyasining o'ziga xos jihatlari, chorvadorlar o'troqlashuvining ularning turmush tarzi va xo'jaligiga ta'sirini, an'anaviy chorvachilik tarmoqlari chorva turlarini boqish, nasl olish, ko'paytirish bilan bog'liq tajribalari tadqiq etilgan [Я.А.Турдимуратов: 54].

Bir qator tarixchi olimlar O'zbekistonda agrar sohada o'tkazilgan islohotlar va ulaning natijalarini tadqiq qilgan. Jumladan tadqiqotchi U. Xo'jamurodov o'z dissertatsiyasida O'zbekistonda agrar sohadagi yer egaligining sovet modeli va uning inqirozga uchrash sabablari, agrar sohada, xususan chorvachilikda turli mulk shakllarining vujudga kelish sabablari, qishloq xo'jaligi kooperativi (shirkat xo'jaliklari) rivojlanish ziddiyatlari va tugatilishi, fermerlik harakatiga o'tilishi va fermerlik harakatining mamlakat xalq xo'jaligida tutgan o'rni kabi masalalarni tahlil qilgan [У.Р.Хужамуратов: 180]. Muallif dastlabki davrda tuzilgan fermer xo'jaliklari asosan chorvachilik yo'nalishida tashkil qilinganligiga va chorvachilikda xususiylashtirish jarayonlariga alohida e'tibor qaratgan. Shuningdek, tadqiqotchi tarixchi olim S.Mamajonov mustaqillik sharoitida O'zbekistonda agrar islohotlarni amalga oshirishda fermer xo'jaliklarining o'rni masalasi tarixini, asosiy rivojlanish bosqichlari, fermerlarning mamlakatni qishloq xo'jalik mahsulotlari bilan ta'minlashdagi ahamiyatini, fermerlik harakatini vujudga kelishining sabablarini, qishloqda turli xil mulkchilik shakllari va mulkdorlar sinfining vujudga kelishini, xususan, fermer xo'jaliklarining respublika aholisini chorvachilik mahsulotlari bilan ta'minlashda tutgan o'rnini tahlil qilgan [С.Х.Мамажонов: 30]. Mustaqillik yillarida agrar sohadagi islohotlarning amalga oshirilishi natijasida qishloq fuqarolarining turmush tarzida va ijtimoiy qiyofasidagi o'zgarishlar, qishloq fuqarolarida yerga va mulkka egalik tuyg'usining paydo bo'lish jarayonlari, yangi mulkchilik shakllarining yuzaga kelishi bilan mehnatga munosabatning o'zgarishi falsafiy jihatdan ham tahlil qilingan [Г.Х.Бекмуродова: 26].

Chorvachilikning iqtisodiy samaradorligini oshirish iqtisodchi olimlarning ilmiy tadqiqot yo'nalishlarida ustuvorlik kasb etadi. Ko'plab iqtisodchi olimlar tomonidan chorvachilik sohasini rivojlantirishning iqtisodiy asoslari, turli mulk shakllarining iqtisodiy samaradorligi tadqiq etilgan va tarmoqni rivojlantirish bo'yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqilgan. Jumladan, iqtisodchi olim A.Xasanov chorvachilik tarmog'ining milliy agrar sektorda tutgan o'rni va o'ziga xos xususiyatlarini, chorvachilik sohasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlariga ta'sir qiluvchi omillarni tadqiq etgan. Chorvachilik sohasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati va o'zgarishlar jarayonini Surxandaryo viloyati misolida tahlil qilgan. Shu bilan birgalikda chorvachilik mahsulotlari asosiy turlarini ishlab chiqarish hajmini o'sishining 2025 yilgacha bo'lgan ko'p variantli statistik prognozlarini ishlab chiqgan [А.А.Хасанов: 57]. Qishloq xo'jaligi sohasi bo'yicha iqtisodchi olim U.Qo'chchiyev tomonidan chorvachilik xo'jaliklarida chorvachilik mahsulotlari yetishtirish iqtisodiy samaradorligi va chorvachilik tarmog'iga xizmatlar ko'rsatish sohasini rivojlantirishning holati tahlil qilingan. Shuningdek, fermer va dehqon xo'jaliklariga zooveterinariya xizmatlari ko'rsatish va chorva mollari naslini yaxshilash, chorvachilik xo'jaliklarini tarmoqning yem-xashak bazasini hisobga olgan holda rivojlantirish bo'yicha ilmiy tavsiyalar berilgan [У.МДуччиев: 82]. Shuningdek, respublikada qishloq xo'jaligi xususan chorvachilikda mulkiy munosabatlarni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar tahlili, bozor munosabatlariga o'tish sharoitida agrar sohada turli mulkchilik shakllarining samaradorligi tahlili, agrar sohada mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning o'ziga xos xususiyatlari yoritilgan [А.Ф.Хуррамов: 42]. Iqtisodchi olim G.Abdullayevaning dissertatsiyasida esa agrar munosabatlar tizimida mulkni xususiylashtirish jarayoni va vazifalari, uning tashkiliy-huquqiy jihatlari, xususiylashtirish natijalarini umumiylashtirish asosida ko'p ukladli iqtisodiyotning rivojlanish va shakllanish jarayoni batafsil tahlil qilingan. Bunda xususiylashtirishning mintaqaviy jihatlari Andijon viloyati misolida o'rganilgan [Г.М.Абдуллаева: 23]. Yana bir dissertatsiyada agrar bozorlarning iqtisodiy mohiyati va samaradorligini oshirish omillari, agrar bozorlar rivojlanishining mintaqaviy xususiyatlari Namangan viloyati misolida tadqiq etilgan [Н.Ж.Сотволдиев: 22].

Chorvachilikning turli tarmoqlarini rivojlantirish, ayrim turdagi zotli qoramollar mahsuldorlik, texnologik xususiyatlarini takomillashtirish usullari [Б.М.Аширов: 34], hududlarda chetdan keltirilgan zotli sigirlarning mahsuldorlik xususiyati va uni yaxshilash [У.Р.Соатов: 71], chorva mollari zooveterinariyasi, chorva naslini yaxshilash borasida bir qancha qishloq xo'jaligi, chorvachilik va veterinariya sohasi olimlari tomonidan ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan.

Mustaqillik yillarida chorvachilik sohasi bo'yicha asosan nazariy bilimlarni o'z ichiga olgan ko'plab qo'llanma va ilmiy adabiyotlar ham yaratildi. Ularda chorvachilikning xalq xo'jaligidagi ahamiyati [ТД.Икромов: 288], chorvachilikning holati va rivojlanishi, bu borada hukumat tomonidan huquqiy va iqtisodiy asoslarini yaratilishi [I.Maqsudov: 374] haqida ma'lumotlar berilgan. Yana bir o'quv qo'llanmada chorvachilikning iqtisodiy samaradorligini ta'minlash omillari, ilg'or tajriba va fan yutuqlari tahlil etilgan [У.Р.Соатов: 60]. Chorvachilikdani rivojlantirishni asosiy omillaridan biri hisoblangan yem-xashak yetishtirish sohasida o'zbek tilida yozilgan birinchi darslikda chorvachilikda tabiiy ozuqa maydonlarining biologik, xo'jalik tavsifi, ulardan oqilona foydalanish yo'llari yoritilgan [О.Ф.Мирзаев ва б.: 320]. Qishloq xo'jalik chorva mollarini me'yor asosida oziqlantirishning ilmiy asoslari, chorvachilik uchun jamg'ariladigan yem-xashakning tasnifi, oziqlarning to'yimliligi, oziqlarni tayyorlash texnologiyasi kabi masalalar haqida tushunchalar berilgan [B.M.Tojiboyev: 320].

Boshqa bir qo'llanmada respublikada yaylov chorvachiligini rivojlantirish, chorvachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini ko'paytirish va sifatini oshirish uchun o'tloq va yaylovlarni yaxshilash, ulardan samarali foydalanish, yaylovlar degradatsiyaning kuchayishiga sababchi bo'layotgan omillar va uni bartaraf etish, yaylovlarni boshqarish mexanizmini ishlab chiqish borasida tahlillar, taklif va tavsiyalar berilgan [Н.Р.Рузибоев: 56]. Chorvachilik sohasida boshqaruv, moliya va bugalteriya hisobi, chorvachilik tarmoqlarida ishlab chiqarishni tashkil etishning ilg'or shakllari, turli mulkchilik shakllarida chorvachilikni rivojlantirish, chorvachilikda mahsulot ishlab chiqarishni ko'paytirish, mehnat unumdorligini oshirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, chorvachilikning yangicha iqtisodiy asoslarni takomillashtirish masalalari ham yoritilgan [O.Murtazayev: 415]. O'zbekiston Respublikasi agrar siyosatining mazmuni, agrar islohotlar bosqichlari va asosiy yo'nalishlari, bozor munosabatlarini shakllantirishda agrar islohotlarning tutgan o'rni, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va agrar sohani rivojlantirish kabi masalalarni qamrab olgan o'quv qo'llanma yaratilgan [Д.Н.Саидова ва б.: 257]. Shuningdek, BMTning O'zbekistondagi Taraqqiyot dasturining "O'zbekistonda chorvachilikni barqaror rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash" loyihasi doirasida O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi vazirligi, Iqtisodiy Taraqqiyotga ko'maklashish markazi (Toshkent) va Isroil Taraqqiyot va hamkorlik bo'yicha MASHAV milliy agentligi bilan hamkorlikda o'tkazilgan tadqiqot natijalari 2010 yilda nashr qilingan. Unda "TAHLIL" ijtimoiy tadqiqotlar markazi (Toshkent) tomonidan fermer va dehqon xo'jaliklari vakillari o'rtasida ijtimoiy so'rov ham o'tkazilgan. Nashrda agrar islohotlarning asosiy bosqich va yo'nalishlari, dastlabki natijalari, O'zbekistonda chorvachilik tarmog'ining holati va samaradorlik omillari, chorvachilikdagi muammolar, chorvachilikda ozuqalardan foydalanish imkoniyati va ularning sifati, veterinariya xizmati va naslchilik ishi haqida juda muhim tahliliy ma'lumotlar keltirilgan. Chorvachilikni rivojlantirish va chorva mollari ko'payishiga to'sqinlik qilayotgan asosiy sabablar batafsil yoritilgan [Узбекистонда чорвачилик: 154]. Keyingi yillarda ham chorvachilik sohasini rivojlantirish bilan bog'liq muammolarni tahlil qilish, mavjud imkoniyatlarni o'rganish bo'yicha yana bir qator loyihalar doirasida tadqiqotlar o'tkazilib, ularning natijalari e'lon qilingan. Jumladan, 2017 yilda nashr qilingan "O'zbekistonda Respublikasida chorvachilik tarmog'ini rivojlantirish" loyihasida O'zbekistonda chorvachilik tarmog'ining umumiy holati, hududlar bo'yicha qoramolchilik, parrandachilik, baliqchilik, ipakchilik, asalarichilik kabi chorvachilik tarmoqlarining rivojlantirish holati, chorvachilikdagi davlat siyosati va sohadagi islohotlar, chorvachilik sohasini rivojlantirishning asosiy muammolari va kelgusida rivojlantirish istiqbollari, chorvachilikda veterinariya xizmati, kadrlar tayyorlash kabi jihatlar chorvachilik sohasida yangi ish o'rinlari yaratish va daromadlarini oshirish orqali qishloq aholisining turmush darajasini yaxshilash nuqtai nazaridan tahlil qilingan [Развитие сектора животноводства в Республике Узбекистан: 289]. Mustaqillik davrida O'zbekiston tarixi bo'yicha yaratilgan bir qancha adabiyotlarda asosan mustaqillikning dastlabki davrida chorvachilikda amalga oshirilgan islohotlar, qabul qilingan hukumat qarorlari va natijalari yoritilgan [N.Jo'rayev: 736].

Xulosa qilib aytganda, aslida chorvachilikning haqiqiy holatini tadqiq etish biroz mushkul vazifa hisoblanadi. Agar e'tibor berilsa ko'pgina tarixchi va iqtisodchi olimlarning tadqiqotlarida mustaqillikning dastlabki davrida chorvachilikdagi vaziyat va rivojlanish muammolarni bir tomonlama ya'ni asosan davlat va jamoa xo'jaliklari chorvachiligi orqali tadqiq etgan. Chunki arxivlar va statistik to'plamlarda bu borada yetarlicha ma'lumotlar mavjud. Keyingi yillardan esa chorva asosan shaxsiy yordamchi xo'jaliklar (aholi xonadonlari) da yetishtirilayotganligi bois,

ulardagi haqiqiy holatni tadqiq etish birmuncha murakkab bo'lib qolmoqda. Bu borada eng maqbul usul esa aholidan olinadigan ijtimoiy so'rovnoma va og'zaki tarix usuli hisoblanadi. Shu bilan birgalikda chorvachilikni rivojlantirish bilan bog'liq muammolar, mavjud imkoniyatlarni tadqiq qilishda ushbu yo'nalishdagi faoliyat olib borayotgan loyihalarning natijalaridan foydalanish ham ijobiy samara beradi. Tadqiqotlarda keltirilgan chorva mollari bosh soni, asosiy turdagi chorvachilik mahsulotlari yetishtirish statistik ko'rsatkichlari ham birmuncha nisbiy bo'lib, chorva mollarining aniq hisob-kitobi yuritish amalda imkonsiz hisoblanadi. Shuningdek, chorvachilik eng sertarmoq sohalardan biri sanaladi. Lekin O'zbekiston aholisini asosiy turdagi chorvachilik mahsulotlari (go'sht, sut, tuxum) bilan ta'minlashda asosiy o'rinni qoramolchilik, qo'ychilik-echkichilik va parrandachilik egallab kelayotganligi bois ko'plab tadqiqotlarda asosan shu yo'nalishlarga e'tibor qaratilib qolgan tarmoqlar biroz nazardan chetda qolmoqda. Yuqoridagi sabablar tufayli shu vaqtda qadar ushbu yo'nalishda mukammal tadqiqotlar amalga oshirilmay kelinmoqda.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. Jo'rayev N. O'zbekiston tarixi: Milliy istiqlol davri 3-kitob/ Mas'ul muharrir N.Abduazizova. -Toshkent: Sharq, 2011. - 736 b.

2. Jumayeva Sh.Ch. O'zbekistonda chorvachilikning rivojlanishi va taraqqiy etishi: natijalar va muammolar (mustaqillik yillarida Surxon vohasi misolida) tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori (phd) ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya avtoreferati.-Termiz, 2023. - 51 b.

3. Maqsudov I., Jo'rayev J.Ya., Amirov Sh.Q. Chorvachilik asoslari. O'quv qo'llanma. Samarqand - 2013. - 374 b.

4. Murtazayev O., Ahrorov. F.B. Qishloq xo'jaligi iqtisodiyoti. Darslik.-Toshkent: Ilm Ziyo, 2017. - 415 b.

5. Tojiboyev B.M., Hoshimov. I.E. Qishloq xo'jalik chorva mollarini oziqlantirish. Darslik.-Toshkent: Niso poligraf, 2017. - 320 b.

6. Абдуллаева Г. М. Аграр муносабатлар тизимида хусусийлаштириш ва унинг минтакавий жихатлари (Андижон вилояти мисолида). Ик;т. фан. номз. дисс. ... автореф...-Тошкент, 2006. - 23 б.

7. Ахмедов Б.А. Узбекистонда коракулчиликнинг ах,воли (1917-2017 йй.) / Тарих фанлари буйича фалсафа доктори (PhD) илмий даражасини олиш учун ёзилган диссертация.-Самарканд, 2020. - 169 б.

8. Аширов Б.М. ^изил чул ва англер зотларининг генотипига эга сигирларнинг конституция типлари ва паратипик омилларга богликликда мах,сулдорлигини ошириш. ^иш. хуж. фан.докт. дисс... автореф...-Тошкент, 2016. - 34 б.

9. Бекмуродова Г.Х. Аграр ислохотлар ва кишлок ахолисининг ижтимоий киёфасининг шаклланиши. Фалсафа фан.номз. дисс... автореф...-Тошкент, 2005.-26 б.

10. Жураев Р.Х. Узбекистонда чорвачилик:ах,воли ва муаммолари (1917-1941 йй.) / Тарих фанлари буйича фалсафа доктори (PhD) илмий даражасини олиш учун ёзилган диссертация.-Тошкент, 2021. - 164 б.

11. Икромов ТД. Чорвачилик асослари. Дарслик.-Тошкент: Шарк, 2001.- 288 б.

12. Кадырова М.М. История развития животноводства в Узбекистане(80-годы): дисс... к.и.н. - Ташкент,1993. - С. 140.

13. ^уччиев У.М. Чорвачилик хужаликларига хизмат курсатиш сохасини ривожлантиришнинг илмий-услубий асосларини такомиллаштириш. Идтисодиёт фанлари доктори (DSc) илмий даражасини олиш учун ёзилган диссертация автореферати. - Тошкент, 2020. - 82 б.

14. Мамажонов С.Х. Узбекистонда аграр ислохотларни амалга оширишда фермер хужаликларининг урни (1991-2004 йиллар). Тарих фан. номз. дисс... автореф...-Тошкент, 2011. - 30 б.

15. Мирзаев О.Ф., Худойбердиев Т.С. Ем-хашак етиштириш. Дарслик.-Андижон: Andijon Nashriyoti, 2003.-320 б.

16. Рузибоев Н.Р. Яйловларда чорвачиликни ташкил этиш. ^улланма.-Тошкент: Тасвир, 2021. - 56 б.

17. Саидова Д.Н., Рустамова И.Б., Турсунов Ш.А. Аграр сиёсат ва озид-овдат хавфсизлиги. Удув дулланма.-Тошкент: УзР ФА асосий кутубхонаси босмахонаси нашриёти, 2016. - 257 б.

18. Соатов У.Р. Швиц зотли дорамолларнинг махсулдорлик хусусиятларини ота-оналарининг тана тузилиши буйича жуфтлаш усулларида такомиллаштириш. ^иш. хуж. фан.докт. дисс.... автореф...- Тошкент, 2016. - 71 б.;

19. Соатов У.Р. Дехдон хужаликлари шароитида чорвачиликни ривожлантиришнинг узига хос хусусиятлари. - Тошкент, 2018. - 60 б.

20. Сотволдиев Н.Ж. Аграр бозорлар шаклланиши ва ривожланишининг минтадавий хусусиятлари (Наманган вилояти мисолида). Идт. фан.номз. дисс.... автореф....-Тошкент, 2006.-22 б.

21. Технико-экономическое обоснование проекта "Развитие сектора животноводства в Республике Узбекистан" с участием международной ассоциации развития и международного банка реконструкции и развития.-Ташкент, 2017.-С. 289.

22. Турдимуратов Я.А. XX асрда Сурхон-Шеробод вохаси ареал хужалик маданияти (чорвачилиги мисолида). Тарих фанлари буйича фалсафа доктори (PhD) илмий даражасини олиш учун ёзилган диссертация автореферети.-Тошкент, 2019.-54 б.

23. Узбекистонда чорвачилик: бугунги холат, муаммолар ва тараддиёт истидболлари.-Тошкент: Насаф, 2010.-154 б.

24. Хасанов А. А. Чорвачилик махсулотлари асосий турларини ишлаб чидаришнинг статистик таддидоти (Сурхандарё вилояти мисолида). Идтисодиёт фанлари буйича фалсафа доктори (PhD) илмий даражасини олиш учун ёзилган диссертация автореферати.-Тошкент, 2019.-57 б.

25. Хужамуратов У.Р. Узбекистонда аграр сохадаги трансформация жараёнлари (19852016 йй.) Тарих фанлари буйича фалсафа доктори (PhD) илмий даражасини олиш учун ёзилган диссертация.-Тошкент, 2020.-180 б.

26. Хуррамов А. Ф. Утиш идтисодиётида мулкий муносабатлар ва уларнинг аграр сохадаги хусусиятлари. Идт.фан. докт. дисс. ... автореф....-Тошкент, 2005.-42 б.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.