Научная статья на тему 'MIRZO ULUG‘BEK TOMONIDAN KESHDA AMALGA OSHIRILGAN BUNYODKORLIK ISHLARI TARIXIDAN'

MIRZO ULUG‘BEK TOMONIDAN KESHDA AMALGA OSHIRILGAN BUNYODKORLIK ISHLARI TARIXIDAN Текст научной статьи по специальности «Клиническая медицина»

CC BY
32
4
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Журнал
Science and innovation
Область наук

Аннотация научной статьи по клинической медицине, автор научной работы — Xamidova M.S.

Temuriylar nafaqat siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy qudrati balki ulkan bunyodkorlik ishlari bilan ham tarixda o‘chmas iz qoldirgan. O‘z davrinig yetuk olimi hamda mashhur davlat arbobi bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek bobokaloni Amir Temur tomonidan boshlangan me’morchilik ishlarini munosib tarzda davom ettirgan hukmdorlardan biridir. Temuriylar davri me’morchiligi Mirzo Ulug‘bek davrida Sharq me’morchiligining ilg‘or texnologiyalari bilan yanada boyitilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MIRZO ULUG‘BEK TOMONIDAN KESHDA AMALGA OSHIRILGAN BUNYODKORLIK ISHLARI TARIXIDAN»

MIRZO ULUG'BEK TOMONIDAN KESHDA AMALGA OSHIRILGAN BUNYODKORLIK ISHLARI TARIXIDAN

Xamidova M.S.

t.f.d. professor, Mirzo Ulug 'bek nomidagi O 'zbekiston Milliy Universiteti. https://doi.org/10.5281/zenodo.11153744

Temuriylar nafaqat siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy qudrati balki ulkan bunyodkorlik ishlari bilan ham tarixda o'chmas iz qoldirgan. O'z davrinig yetuk olimi hamda mashhur davlat arbobi bo'lgan Mirzo Ulug'bek bobokaloni Amir Temur tomonidan boshlangan me'morchilik ishlarini munosib tarzda davom ettirgan hukmdorlardan biridir. Temuriylar davri me'morchiligi Mirzo Ulug'bek davrida Sharq me'morchiligining ilg'or texnologiyalari bilan yanada boyitilgan. Tarixiy manbalarda keltirilgan ma'lumotlarga asoslanib, ushbu davrda bunyod etilgan me'moriy yodgorliklarini quyidagi uch guruhga bo'lish mumkin:

- birinchi guruhga avval qurilishi boshlangan va Ulug'bek davrida davom ettirilgan inshootlar: Samarqanddagi Bibi-Xonim masjidi majmuasi (1420 y.), Go'ri-Amir maqbarasining sharqiy galereyasi (1424 y.), Xo'ja Abdi-Darun maqbarasi (1420 y.), Cho'pon-ota yodgorligi (1430 y.), Shohi-Zinda me'moriy majmuasining Saqqizqirrali maqbarasi (1434 y.), majmuaning darvozaxona qismi (1434/35 yillar), Toshkentdagi Qardirg'ochbiy (1420 y.), Zangi-ota (1440 y.) va Anbar-bibi maqbaralari (1440 y.), Turkistondagi Ahmad Yassaviy me'moriy majmuasidagi ba'zi qurilishlari (1409 y.), O'ratepadagi Ko'k-gumbaz maqbarasi (1440 y.), Shahrisabzdagi Ko'k-gumbaz masjidi (1435 y.) va Gumbazi-Sayyidon maqbaralari (1437/38 yillar) va boshqalar;

- ikkinchi guruhga O'rta Osiy me'morchiligining qadimiy an'analari asosida bunyod etilgan inshootlar: Ulug'bek madrasalari (Samarqanddagi 1409-1420 y., Buxorodagi 1417 y.), G'ijduvondagi 1433 y.), Masjidi Kalon (1440 y.).

- uchinchi guruhga esa o'z davri uchun yangi me'moriy uslubda qurilgan inshoot: Ulug'bek rasadxonasini (1420 y.) kiritish mumkin[8: 96-98].

Ma'lumki, Temuriylar sulolasining ona zamini bo'lmish Kesh shahrini kengaytirish, rivojlantirish, ushbu shaharda yangi binolar barpo etish hamda mudofaa imkoniyatlarini mustahkamlashga hukmdorlar tomonidan alohida e'tibor qaratilgan. Zahiriddin Muhammad Boburning yozishicha, bahorda Kesh viloyatining sahro-yu shaharlari, dala-yu bog'lari yam-yashil bo'lgani uchun uni "Shahri sabz" ya'ni "Yashil shahar", deb ham atashgan[1:108]. Bu davrda Shahrisabz aniq rejali, baland himoya devori va mustahkam minoraga ega shahar bo'lgan [4:8-10]. Kesh hisori devorining qurilishi 780/1378 yili boshlangan va bir yilda tugatilgan. To'g'ri to'rtburchak shaklidagi devorning to'rt tomonida

darvozalari bo'lgan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Amir Temur Hirotni zabt etganida uning ternir qoplangan darvozalarini Shahrisabzga keltirib, shahar devoriga o'rnatishni buyurgan. O'rta asr shaharlarida an'anaga aylangan shoh ko'chalarga bo'lgan e'tibor bu shaharda ham kuzatiladi. Boshqa markaziy shaharlarda bo'lgani kabi bunda ham mudofaa devorlari darvozalaridan boshlangan asosiy yo'llar markazda kesishgan. Yo'l yoqasida joylashgan do'konlar markazga tomon ko'payib borgan va u yerda asosiy bozor - Chorsuga tutashgan. Hozirgacha saqlanib qolgan Shahrisabz chorsu bozori Temuriylar davrida emas, balki ancha keyinroq qurilgan va o'sha paytdagi markazdan chetroqda joylashgan. Hisorning janubi-sharqida Temuriylar davrining betakror inshooti Oqsaroy bunyod etilgan bo'lib, uning qarshisida esa aslzodalar va din peshvolari istiqomat qilgan mahallalar, shaharning janubi-g'arbiy qismida hunarmandchilik guzarlari joylashtirilgan. Hisor atrofidagi rabotlarda kanallar bo'ylab bunyod etilgan bog'-rog'lar uzumzorlarga tutashib ketgan[7:90-96]. Bu manzara voha me'morchiligi va amaliy san'ati namunalari bezaklarida ham o'z aksini torganini ko'rish mumkin. Xususan, Shahrisabzda bunyod etilgan mahobatli inshootlar qurilishi, ularning tuzilishi, me'moriy qurilmalari va bezaklarida vohaning o'ziga xos tabiiy tabiati, shart-sharoitlari e'tiborga olingan.

Amir Temur tomonidan mamlakatning turli hududlarida, shu jumladan, Shahrisabzda boshlangan bunyodkorlik ishlari XV asrning birinchi yarmida Movarounnaxrni boshqargan Temuriy hukmdor Mirzo Ulug'bek tomonidan davom ettirilgan.

Amir Temur davrida Shahrisabzda qurilgan va Mirzo Ulug'bek tomonidan yangi inshootlar bilan to'ldirilgan tarixiy yodgorliklardan biri Dor ut-tilovat me'moriymajmuasidir. Shahrisabz shahrining janubi-sharqiy qismida joylashgan bu yodgorlik majmuasi hozirda Ko'k gumbaz masjidi, Shamsiddin Kulol maqbarasi va Gumbazi Sayidon mozori masjidini o'z ichiga oladi. Dor ut-tilovatning umumiy maydoni 500X500 m bo'lib, kvadrat shaklidadir. Mazkur me'moriy majmuaning dastlabki shakllanish bosqichi XI-XII asrlarga borib taqaladi. Mo'g'ullar bosqini davrida bu yerdagi inshootlarning aksariyat qismi buzilib ketgan. Amir Temur davrida esa avval vayron etilgan obidalar o'rnida masjid, madrasa va Shayx Shamsiddin Kulol mozori ustida mo'jazgina maqbara bunyod etgan[9:244]. Kesh shahrining tarixiy manzarasiga guvoh bo'lgan Ispan elchisi Klavixo shahar va Dor ut-tilovat majmuasi haqida quyidagilarni yozib qoldirgan: "Kesh hamma yog'idan sug'orish inshootlari kesib o'tgan, daraxtlar bilan qoplangan yashil tekislikda j oylashgan... Shahar tuproq devor bilan o 'ralgan va chuqur handaq bilan qurshalgan, darvozalari oldida esa osma ko'priklar bor edi... Bu yerda uylar va masjidlar ko'p. Ayniqsa, bittasining qurilishiga Temurbek buyruq bergan edi, ammo uning qurilishi

bitmagan. Unda katta dahma bo'lib, bu yerda uning otasi ko'milgan..."[2:102]. Klavixo "Katta qabriston", deb atagan ushbu me'moriy majmua keyinchalik xalq orasida Dor ut-tilovat degan nom bilan mashhur bo'lgan.

Mirzo Ulug'bek davrida Dor ut-tilovat me'moriy majmuasi bir qator inshootlar bilan to'ldirilgan, majmuadagi bitmay qolgan binolarda qurilish ishlari davom ettirilgan. Amir Temur davrida uning hayotida muhim o'rin tutgan murabbiylaridan biri Shamsiddin Kulol qabri ustida marmar toshtaxta qoplangan mo'jazgina maqbara bunyod etilgan bo'lsa, Mirzo Ulug'bek davrida esa ushbu maqbara ustida gumbazli inshoot qurilgan. Maqbara ro'parasida avval madrasa bo'lgan. 1434-1435 yillarda Shohruh Mirzo buyrug'iga asosan, Mirzo Ulug'bek tomonidan uning o'rnida Ko'k gumbaz masjidi bunyod etilgan. Mazkur masjid me'moriy majmuadagi eng katta inshoot bo'lib, jome' masjidi hisoblangan. Masjid peshtoqi ravog'ida Shohruh Mirzo hamda Mirzo Ulug'bekning nomlari, ularning sharafiga bitilgan maqtovlar hamda masjidning qurib bitkazilgan yillari haqida ma'lumotlar yozib qoldirilgan. Ko'k gumbaz masjidining nomi uning tashqi me'moriy bezaklarida ishlatilgan moviy va ko'k rangli koshinlar bilan bog'liq. Peshtoq bezaklari ichida geometrik naqshlar ustunlik qiladi. Masjid peshtoqining o'ng va chap tomondagi ustunlari hamda boloxonasi buzilib ketgan[5:8]. Ulardan saqlanib qolgan qismi va asosiy ravoqda islimiy bezaklar ham ishlatilganini ko'rish mumkin. Masjid xonaqohi 12,7x12,7 mni tashkil etgan bo'lib, gumbaz va poygumbazining tashqi tarafiga ishlov berilgan sirkor me'moriy bezaklarida moviy, ko'k va oq rangli epigrafik yozuvlar mavjud. Ularda Qur'on oyatlari aks etgan. Ichki qismidagi 8 ta mayda ravoqchalar romb shaklidagi qalqonsimon bag'allar bilan o'zaro birlashtirilgan bo'lib, ravoq shaklidagi 16 ta tayanchga o'rnatilgan. Xonaqohning g'ishtin devorlari burchagidagi to'rtta aylana zina orqali ayvon tomiga chiqilgan [3:38-40].

1437-1438 yillarda Mirzo Ulug'bek tomonidan Shamsiddin Kulol maqbarasining janubiy devori ortida Temuriylar xonadoni a'zolari uchun yangi maqbara va masjid bunyod etilgan. Tadqiqotchilarning ta'kidlab o'tishicha, ushbu maqbaradagi XV-XVII asrlarga oid qabrtoshlar orasida Termiz shayxlarining nomlari ham uchraydi. Maqbaraning nomi shundan kelib chiqqan holda Gumbazi Sayyidon, deb ham atalgan[6:20].

Me'moriy majmua yodgorliklari, xususan, Ko'k gumbaz masjidi 1970 yillarda hamda mustaqillik yillarida (1995-1996 yillar) Amir Temur hamda Mirzo Ulug'bekning yubileylari munosabati bilan qayta ta'mirlangan[10:15]. Hukumat qaroriga asosan, Ko'k gumbaz masjidida 2016 yilda ham tiklash-ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Amir Temur va Temuriylar davrida Kesh vohasida bunyod etilgan me'moriy yodgorliklar tarixini yorituvchi manbalar va mazkur mavzuga ta'luqli tadqiqot ishlarini qiyosiy o'rganish asosida quiydagi xulosalarga kelish mumkin:

Amir Temur va Mirzo Ulug'bek davrida Qashqadaryo vohasi shaharlari, xususan, Kesh va Qarshi mo'g'ular bosqinidan keyingi tushkun holatidan Movarounnahrning yirik madaniy markazlari darajasiga ko'tarilgan. Temuriy hukmdorlar ushbu shaharlarni rivojlantirish, ularda keng ko'lamli bunyodkorlik ishlarini amalga oshirishga, xususan, o'z davrining mohir usta-me'morlarini jalb etgan holda yangi inshootlatni bunyod etishga alohida e'tibor qaratishgan. Bizgacha qisman bo'lsa-da saqlanib qolgan hashamatli me'moriy obidalar: Oqsaroy, Dor-ut-tilovat va Dor-us-saodat me'moriy majmualari va boshqa yogorliklar fikrimizga dalil bo'ladi.

Ushbu davrda Movarounnahr va Xuroson me'morchilik san'ati eng yuqori darajaga ko'tarilgan. Mutaxassislarning fikriga ko'ra, milliy me'morchilik tarixida bunday natija undan avval va keyin ham kuzatilmagan. O'ziga xos qurilish uslubi va qadimiy me'moriy an'analarga ega Samarqand me'morchilik maktabi aynan shu davrda vujudga kelgan. Mazkur ilmiy maktab betakror an'analari nafaqat mamlakat hududida balki qo'shni davlatlar me'morchiligida ham o'chmas iz qoldirgan. Respublikamiz hududida bugungi kungacha saqlanib qolgan tarixiy obidalarni qiyosiy o'rganish, Keshda bunyod etilgan inshootlarda ham Samarqand va Xorazm me'morchiligi ana'anlaridan keng foydalanilganini ko'rsatadi. Nafaqat mahalliy mutaxassislar, balki jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholangan ushbu me'morchilik maktablari an'analari asrlar davomida ajdodlardan avlodlarga meros bo'lib kelmoqda.

Adabiyotlar:

1. Бобур. З.М. Бобурнома. - Тошкент, 1989.

2. Клавихо Р.Г. Самаркандга - Амир Темур саройига саёхат кундалиги (1403-1406 йиллар) / Таржимон О. Тогаев. Масъул мухаррир Мухаммад Али. - Тошкент, 2010.

3. Маньковская Л.Ю. Архитектурные памятники Кашкадарьи. - Ташкент, 1971.

4. Пугаченкова Г.А. Темуридское архитектурное наследие Шахрисабза // Шахрисабз шахрининг жахон тарихида тутган урни. Халкдро илмий конференция маърузалари тезислари. - Тошкент, 2002.

5. O'zMA R-2406-fond, 1-ro'yxat, 284-ish, 8-varaq.

6. O'zMA R-2406-fond, 1-ro'yxat, 1526-ish, 20-varaq.

7. Кадимги Кеш - Шахрисабз тарихидан лавхалар / Масъул мухаррир А.С.Сагдуллаев. - Тошкент, 1998.

8. Хамидова М.С. Мирзо Улугбек даври меъморий ёдгорликларининг урганилиши (УзРМДА хужжатлари асосида) // Темурийлар даврида илм-фан ва маданият - Тошкент, 2017.

9. Хдмидова М.С. Амир Темур ва Темурийлар даври меъморий ёдгорликларининг урганиши. - Ташкент, 2021.

10. Хамидова М.С. Архив хужжатларида Узбекистон меъморий ёдгорликларининг урганилиш тарихи (УзМА хужжатлари мисолида). -Тошкент, 2021.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.