Научная статья на тему 'MILLIY TARBIYANI SHAKLLANTIRISHDA O ‘ZBEK ADABIY TILINING OʻRNI'

MILLIY TARBIYANI SHAKLLANTIRISHDA O ‘ZBEK ADABIY TILINING OʻRNI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

CC BY
2
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
ona tili / til / dastur / adabiy til / qadimgi xalq / oʻzbekcha soʻzlar / alifbo / til bayrami.

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Gʻoziyeva Shahnoza Baxtiyorovna, Jumatova Luiza Tozaboy Qizi

Ushbu maqolada ona tilining inson ma’naviy ahloqi, milliy tarbiyasida tutgan oʻrni, til millatning ruhi ekanligi, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgani va ona tili boʻlmish oʻzbek tilining tarixi, rivojlanish jarayonlari va uni oʻqitishning afzalliklari yoritib berilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MILLIY TARBIYANI SHAKLLANTIRISHDA O ‘ZBEK ADABIY TILINING OʻRNI»

MILLIY TARBIYANI SHAKLLANTIRISHDA O 'ZBEK ADABIY

TILINING ORNI

1G'oziyeva Shahnoza Baxtiyorovna, 2Jumatova Luiza Tozaboy qizi

12-bosqich tayanch doktoranti, 21-bosqich tayanch doktoranti Qori Niyoziy nomidagi tarbiya pedagogikasi milliy instituti https://doi.org/10.5281/zenodo.13945078

Annotatsiya. Ushbu maqolada ona tilininginson ma'naviy ahloqi, milliy tarbiyasida tutgan o'rni, til millatning ruhi ekanligi, o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani va ona tili bo'lmish o'zbek tilining tarixi, rivojlanish jarayonlari va uni o'qitishning afzalliklari yoritib berilgan.

Kalit so'zlar: ona tili, til, dastur, adabiy til, qadimgi xalq, o'zbekcha so 'zlar, alifbo, til bayrami.

Ona tilim — onajonim tili bu, Beshikdanoq singgan jon-u quloqqa.

El-u yurtim, xonumonim tili bu, Qadimlikda o'xshar ona tuproqqa.

(Mirtemir)

Ona tili — ezgu fazilatlar, yuksak tuyg'ular manbayi. U inson kamolotida betakror o'rin tutadi. Chunki inson tug'ilibdiki, ilk so'zini onasidan eshitadi. Onalarimiz bizga shu tilda alla aytadi, inson uchun hayotiy zarur bilim va tushunchalarni til vositasida ong-u shuurimizga singdiradi, odob-u axloqimiz, fe'l-atvorimiz til orqali berilgan o'git va nasihatlar asosida shakllanadi. Ayniqsa, inson tafakkurining shakllanishi bevosita til bilan bog'liq. Chunki biz biror-bir narsaning xususiyatlari haqida o'ylaganda har biri aniq bir so'zda ifodasini topgan tushunchalar, fikr va tasavvurlarga tayangan holda uning o'ziga xos tomonlarini anglaymiz. Har bir millatning o'zligini, madaniyati, tarixi, ma'naviy merosini, milliy tarbiyasini aks ettiradigan vosita bu uning tilidir. Agar biz yosh -avlodni milliylik ruhida, o'zligini anglagan holda tarbiyalamoqchi bo'sak, avvalo, ona tilimizni, boy adabiy meroslarimizni nafaqat hurmat qilishimiz, balki uni keng jamoatchilik orasida targ'ib qilishimiz ham kerak. Sharqona odob-ahloq, milliy qadriyatlar tarannum etiladigan asarlar, she'rlar har bir oilaning kitob javonidan o'rin egallashi lozim. O'tgan asrning 80-yillarida buyuk alloma Alixonto'ra Sog'uniy o'zining "Turkiston qayg'usi" kitobida shunday yozgan edi: "Odam o'zligini unutmasligi uchun uch narsani qo'ldan boy bermasligi kerak: Vatanini, dinini va tilini. Vatanimizni boy berdik. Dinimizni ham yo'qotdik. Endi tilimizni ham unutsak, biz kim bo'lamiz?" Bu so'zlar ayni haqiqat edi. Sobiq ittifoq davrida ardoqlagan ana shu muqaddas tilimiz qog'ozda bor bo'lsa-da, amalda yo'q edi. Biz ko'p yillar buyuk ajdodlarimiz muloqot qilgan, olamshumul tarixiy asarlar yaratgan tilimizdan mosuvo yashadik. Dilimizdagini tilimizda ayta olmadik. Mazlumlar tilida gapirishga, qo'shiq kuylashga, hatto "mening ikki onam bor..." deb hayqirishga majbur bo'ldik.

O'zbekiston Respublikasining istiqlolga intilishi, mustaqillikka erishish arafasidagi dastlabki dadil qadami o'zbek tiliga Davlat tili maqomini berishdan boshlandi. Mustaqillik e'lon qilinmay turib, uzoq yillar davomida bo'g'ilib, qadrsizlanib kelayotgan milliy tilimizni saqlash, tiklash, asrash, yuksaltirish uchun huquqiy zamin yaratildi. Bu ham til erki, ozodligi, taraqqiyotining millat taqdiriga, milliy hurriyatga nihoyatda chambarchas bog'liq ekanligini, millat va til taqdiri o'zaro mustahkam rishta bilan payvand etilganligini namoyish etuvchi tarixiy haqiqatdir. Bugun millat bilan birga yaralib, shonli tarixning barcha sokin va suronli davrlarini

millat bilan hamnafas bosib o'tib, millat dard-u quvonchiga sherik bo'lib kelayotgan, Vatan yanglig' bepoyon va muqaddas, ona kabi mo'tabar va munis, jon kabi yaqin va aziz o'zbek tilimizning maqom-u martabasi yanada oshmoqda.

1989-yil 21-oktabrda "Davlat tili haqida"gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni, 1993-yil 2-sentabrda "Lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini joriy etish to'g'risida"gi Qonuni qabul qilindi. "Davlat tili haqida"gi qonunning qabul qilinganligiga bu yil 20 yil to'ldi. O'tgan shu davrda ona tilimizning yanada sayqallanishi, badiiyligi, tarixiyligi va dunyo miqyosida ahamiyati hamda nufuzini oshirishga qaratilgan qator madaniy, ma'naviy-ma'rifiy, mafkuraviy ijo, izlanishlar, ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Pirovard natijada, bugungi kunda jahondagi ko'plab mamlakatlar xalqlari davlatimiz ramzlari — O'zbekiston Respublikasi bayrog'i, gerbi, davlat madhiyasi qatorida o'zbek tiliga ham hurmat bilan qarab, nafis va boy til sifatida yuksak baho berib kelinmoqda.

Darhaqiqat, o'zbek tili bugungi kungacha ko'p ming yillik tarixiy taraqqiyot yo'lini mardonavor bosib kelmoqda. O'rxun-Enasoy yodgorliklaridagi bitiklardan tortib hozirgi davrgacha yaratib kelinayotgan ilmiy, adabiy, ma'naviy-ma'rifiy manbalar o'zbek tilining shakllanish va rivojlanish tendensiyalari, adabiy ifodasi, ma'no qatlamlari, lug'at tarkibi to'g'risida atroflicha va asosli ma'lumotlar bera oladi. Xalq og'zaki ijodining nodir namunalaridan boshlab, qadimiy bitiktoshlardagi yodnomalar, Mahmud Zamaxshariy, Mahmud Qoshg'ariy, Ahmad Yassaviy, Yusuf Xos Hojib, Ahmad Yugnakiy, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Ogahiy, Furqat, Uvaysiy, Nodira, Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Cho'lpon, Usmon Nosir kabi ijodkor-mutafakkirlar merosi bu boradagi salmoqli manbalar sirasiga kiradi. Shu bilan bir qatorda, keyingi avlod vakillari, XX-XXI asr ma'rifati, adabiyoti namoyondalari, tilshunos, adabiyotshunos allomalari ham o'z badiiy, ijodiy, ilmiy faoliyati bilan o'zbek tilining adabiy, ma'naviy-ma'rifiy boyishi va yuksalishiga, tobora sayqallanib kamol topishiga benazir hissa qo'shib kelmoqda. Biz ajdodlarimizning merosini, uzoq va yaqin o'tmish hayot lavhalarini, davlatchiligimizning tarixiy asoslarini, milliy qadriyat va an'analarimizni ana shu milliy til vositasidagina yanada chuqurroq anglaymiz, o'zlashtiramiz, mustahkamlaymiz, kelajak avlodga yetkazilishini ta'minlab bera olamiz. Shu boisdan ham o'zbek tili o'zbek xalqining "milliy o'zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, buyuk qadriyat" sifatida yuksak maqomga ega.

Mirzo Ulug'bekning "Tarixi arba' ulus" ("To'rt ulus tarixi") kitobida quyidagilar bayon etilgan, ya'ni: Sulton Muhammad O'zbekxon o'zining el ulusi bilan ilohiy saodat va fazilatga yetishgach, hazrati Sayid Otaning g'ayb ishorati va ollohning inoyati bilan ularning barchasini Movarounnahr diyori sari olib keldi. Hazrati Sayd Otaga quloq solishdan bo'yin tovlaganlar bu saodatdan bebahra holda u yerda (Dashti Qipchoqda) qoldilar va «qalmoq» degan nomga mansub bo'ldilarki, buning ma'nosi «qolgan» demakdir. Hazrati Sayd hamda Sulton Muhammad O'zbekxon bilan hamrohlikda Movarounnahrga kelgan kishilardan: «Bu kelgan kishilar kim?» deb so'rardilar. Ularning sardori va podshohi O'zbekxon bo'lgani uchun ularni «o'zbek» deb atadilar. Shu sababli o'sha zamondan boshlab Movarounnahrga kelgan kishilar «o'zbek» deb atala boshlandi.

XVI asr boshlarida Shayboniyxon boshchiligidagi qavmlarning Movarounnahrga kirib kelishi bilan mahalliy aholi tarkibida «o'zbek»larning nufuzi yanada ortgan va asta-sekin bu nom turkiy aholining umumiy nomiga aylangan. Bu esa turkiy tilning tobora kengayishi va nufuzi oshib borishiga keng imkoniyat yaratib bergan. Ma'rifatparvar va zabardast adibimiz Abdulla Avloniy: «Har bir millatning dunyoda borligini ko'rsatadurgan oynai hayoti til va adabiyotidir. Milliy tilni yo'qotmak millatning ruhini yo'qotmakdur»- degan aniq va teran fikrlarni bayon etganda naqadar haq edi. Abdulla Avloniyning ona tili va adabiyotni buzish, boshqa tillar bilan

aralashtirib, mazmun-mohiyatini o'zgartirish, pirovard natijada, bir tilning boshqa tildan ustun turishiga, tilning ruhiyatini buzishga qaratilgan har qanday urinish va zid harakatlarga qarshi chiqqanligi quyidagi purma'no so'zlarida yaqqol isbotlanadi. «Zig'ir yog'i solub, moshkichiri kabi qilub, aralash-quralash qilmak tilning ruhini buzadir. Bobolarimizga etishg'on va yaragan muqaddas til, adabiyot bizga hech kamlik qilmas. Dunyoning lazzati sodiq do'stlar ila suhbat qilmoqdan iborat».

Ushbu dalillar shundan dalolat beradiki, ajdod va avlodlarimiz tomonidan yaratilgan o'zbek tili asrlar osha rivojlanib, turkiy tillik millat va elatlar orasida keng tarqalib, yanada sayqallashib, yuksak madaniy tilga aylanganligi va o'zining tarixiyligi bilan ham ahamiyatlidir.

Til - millat ko'zgusi, taqdiri, manfaati, davlatchilik ramzidir. Uni himoya qilish, asrab-avaylash, targ'ib-u tashviq etish, sayqallashtirish, barqarorlashtirish shu mamlakat har bir fuqarosi, shu millat vakillarining insoniy vazifasi, ma'naviy burchidir. Butun dunyo tillari ichra o'zbek tili o'zining serma'no qirralari, ifoda injaliklari, adabiy qonuniyatlari bilan alohida viqor va joziba kasb etib, ilmu donish ahlini, ma'rifat peshvolarini maftun etib keladi. Bu barchamizga iftixor bag'ishlaydi. Milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari dadil odimlayotgan mamlakatimizda ona tilimiz ravnaqiga ham alohida e'tibor qaratildi, yuksak ehtirom ko'rsatildi. Darhaqiqat, o'zbek tili va madaniyati jahon sivilizatsiyasida yanada ravnaq topib, uning purma'noligi, jozibadorligi, talaffuzi ohangli musiqaday jarangdorligi bilan jahon ahlini o'ziga rom qila oladigan xalqaro til darajasiga ko'tariladi va dunyo xalqlari bu tilni sevib o'rganib, samimiy hurmat qiladilar. Biz yoshlar Davlat tilining asosiy targ'ibotchisi, himoyachisi bo'lgan har bir yurtdoshimiz, millatdoshimizni o'zbek tili taraqqiyoti yo'lida birlashishga, hamkor, hamfikr bo'lishga chorlab qolamiz. Zero, kuch - birlikda, yuksalish - birlashishda, taraqqiyot -yakdillikda, ravnaq - hamkorlikda.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

1. O'zbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005)

2. O'zbek xalq bayramlari. "Sharq". T.2002

3. Xalq so'zi», 2001 yil, 25 oktyabr

4. https://uz.wikipedia.org/wiki/O'zbek tili

5. https://alifbo.tech.blog

6. http://uza.uz/uz/politics/prezident-shavkat-mirziyoyevning-ozbek-tiliga-davlat-tili-m-21-10-2019

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.