Научная статья на тему 'MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNI TABIAT BILAN TANISHTIRISH ORQALI EKOLOGIK TARBIYA BERISHNING MAZMUNI'

MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNI TABIAT BILAN TANISHTIRISH ORQALI EKOLOGIK TARBIYA BERISHNING MAZMUNI Текст научной статьи по специальности «СМИ (медиа) и массовые коммуникации»

CC BY
0
0
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
maktabgacha ta’lim / ekologik tarbiya / jonli tabiat / jonsiz tabiat / markazda faoliyat.

Аннотация научной статьи по СМИ (медиа) и массовым коммуникациям, автор научной работы — Jonazarova Mutabar Durnazarovna

Maqolada maktabgacha yoshdagi bolalarni tabiat bilan tanishtirish, bolada tabiat hodisalarini tushunishga oʻrgatish, tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishni tarbiyalash haqida fikrlar yurilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

Текст научной работы на тему «MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNI TABIAT BILAN TANISHTIRISH ORQALI EKOLOGIK TARBIYA BERISHNING MAZMUNI»

MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNI TABIAT BILAN TANISHTIRISH ORQALI EKOLOGIK TARBIYA BERISHNING

MAZMUNI

Jonazarova Mutabar Durnazarovna

Buxoro viloyati, Olot tumani, 27-DMTT direktori https://doi.org/10.5281/zenodo.11294896

Annotatsiya. Maqolada maktabgacha yoshdagi bolalarni tabiat bilan tanishtirish, bolada tabiat hodisalarini tushunishga o'rgatish, tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lishni tarbiyalash haqida fikrlar yurilgan.

Kalit so'zlar: maktabgacha ta'lim, ekologik tarbiya, jonli tabiat, jonsiz tabiat, markazda faoliyat.

Xalqimizning "Sog' tanda - sog'lom aql", degan naqli asrlar davomida avloddan-avlodga o'tib kelmoqsa, chunki atrof-muhit tozaligi, tabiat sofligi, go'zalligi, boyligi insonning go'dakligidanoq sog'lom, jismonan baquvvat, aqlan yetuk bo'lib o'sishida muhim ahamiyatga ega. Tabiatning rang-barangligi, foydali va zararli tomonlarini tanishtirib borish bilan birga, uni asrab-avaylash, rivojlantirish, boyitish lozimligini, buning uchun har birimiz mas'ul ekanligimizni va mehnat qilishimiz lozimligini ta'kidlaymiz.

Maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama kamol toptirish va tarbiyalashning eng samarali usullaridan biri bu tabiat bilan tanishtirishdir. Tabiat - bolani ma'naviy boyitishning bitmas-tuganmas manbaidir. Bolalar doimo u yoki bu shaklda tabiat bilan aloqada bo'ladilar. Ularni yam-yashil o'tloqlar, anvoyi gullar, kapalaklar, qo'ng'izlar, qushlar, hayvonlar, suzib yurgan bulutlar, pag'a-pag'a yog'ayotgan qor uchqunlari, jilg'a va ko'lmaklar o'ziga jalb qiladi. O'simlik hamda hayvonotlarning xilma-xil olami bolalarda tabiatga nisbatan jonli qiziqish va havas uyg'otadi, ularni faoliyatga undaydi. Tabiat bilan muloqotda bo'lish bolalarda atrof-olam haqida realistik bilim, jonli mavjudotga insoniy munosabatda bo'lishni shakllantirishga yordam beradi.

Bolani tabiat bilan tanishtirish, tabiat hodisalarini tushunishga o'rgatish, tabiatga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lishni tarbiyalash maktabgacha ta'lim tashkilotlarining eng muhim vazifasidir. Maktabgacha yoshdagi bolalarni tabiat bilan tanishtirish jarayonida tabiatga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lishni tarkib toptirishga katta e'tibor beriladi. Bolalar tabiat haqida juda bo'lmaganda ilk bilimlarni egallab olib, o'simliklarni o'stirish, hayvonlarni parvarish qilishning oddiy usullarini o'rganib, tabiatni kuzatish, uning go'zalliklarini ko'ra olishni bilib olgan taqdirdagina ularda tabiatga nisbatan ehtiyotkorlik va g'amxo'rona munosabatda bo'lishni tarbiyalash imkoniyati tug'iladi. Bolalarda tabiatga jonajon o'lka, ona-Vatanga muhabbat xuddi mana shu asosda shakllanadi.

Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tabiat bilan tanishtirish xilma-xil shakllarda: "Fan va tabiat" rivojlanish markazida, amaliy mashg'ulotlarda, ekskursiyalarda, kundalik hayotda, kuzatishlarda (sayr vaqtida), suhbatlarda, hamda mehnatda amalga oshiriladi.

Maktabgacha ta'lim tashkiloti "Ilk qadam" maktabgacha ta'lim tashkilotlari davlat o'quv dasturiga asosan har bir bola uchun uning qobiliyati, imkoniyati, ruhiy va jismoniy holatlarini e'tiborga olgan holda zarur sharoitlarni yaratishga intilishi, har bir bola shaxsining betakrorligi va noyobligini hisobga olgan holda uning shaxsiy qiziqishlari va ehtiyojlarini qo'llab-quvvatlash,

bolalarga pedagoglarning ta'lim-tarbiya jarayonida individual yondashuvini amalga oshirish imkonini beradi.

"Bilish jarayonini rivojlantirish" sohasidagi o'quv-tarbiyaviy faoliyat "Ilk qadam" maktabgacha ta'lim muassasalari davlat o'quv dasturida berilgan yillik mavzuviy reja asosida oy mavzulari va hafta mavzulariga asoslanib "Fan va tabiat" rivojlanish markazida va kun davomidagi turli faoliyatlarda olib boriladi.

Tarbiyachi rahbarligida o'tadigan amaliy mashg'ulotlar, tajribalar orqali bolalarda O'zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo'yiladigan Davlat talablariga va "Ilk qadam" maktabgacha ta'lim tashkilotlari davlat o'quv dasturida yillik mavzuviy reja mazmuniga muvofiq bilimlar shakllanadi, asosiy bilish jarayonlari va bolalarning qobiliyatlari ma'lum bir tartibda rivojlantiriladi.

Tarbiyachi amaliy mashg'ulotlarda rasmlarni ko'rish, badiiy asarlarni o'qish, hikoya, multfilm va kinofilmlarni ko'rsatish, tabiatdagi mehnatdan foydalanadi. Bolalar egallagan bilim, malaka, ko'nikmalarini mehnat va o'yinlarda amalda qo'llaydilar.

Markazda o'tkazilayotgan tajribalar bolalarda qiziqish uyg'otadi va yangi ixtirolar qilishga undaydi. Markazda bolalar bilan birgalikda suv, qum, o'simliklar, predmetlar bilan tajribalar o'tkaziladi. Bolalar jonli va jonsiz tabiat bilan tanishadilar, jonli va jonsiz tabiatni farqlaydilar. Bolalar tabiat materiallarini o'rganish davomida fikrlaydilar, bilim orttirishga mo'ljallangan o'yinlar, ixtiro va kichik tajribalarni o'zlari uchun kashf etadilar, ularda tabiiy tushunchalar shakllanadi. Markazda hayotimiz davomida ishlatiladigan narsalarni qayerdan kelganligi, ularni nimadan olinganligi haqidagi bilimlarni olish orqali ularga bo'lgan munosabatlari ijobiy tomonga o'zgaradi. Masalan nonni dasturxonimizga kelishi, paxtaning chigitini ezish orqali undan yog' chiqishini bilish, tarvuzning urug'ida yog'ning yo'qligini, piyozning ildizi bilan stakandagi suvga solib qo'yilsa uni o'sishi, urug'larni tuvaklarga sepish orqali ularni unib chiqishini ko'rish bolalar uchun juda qiziqarli.

Ekologik tarbiya, asosan, tabiat haqidagi tasavvurni shakllantirish orqali tabiat bilan tanishtirish, mehnat mashg'ulotlarida berib boriladi. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ekologik talim bo'yicha olib borilayotgan ishlar birinchi kichik guruhdan boshlanadi. Bu bosqichda bolalarni tabiat bilan tanishtirish jonli mavjudodlarga qiziqtirish hamda ularga nisbatan ehtiyotkorona munosabatni, ularni parvarish qilishda kattalarga yordam berishni o'rgatishdan iborat. Bolalar o'simlik va hayvonot dunyosidagi ayrim hodisalar bilan tanishtiriladi. Maktabgacha ta'lim tashkiloti uchastkasida bolalarga tabiat hodisalarini (yomg'ir yoki qor yog'ayotgani, quyosh nur sochayotgani, shamol esayotgani), ko'katlar, daraxtlar va ularning farqlovchi belgilarini (ko'kat — past, ko'k; daraxt — baland, uning barglari ko'p) ko'rish va aytish o'rgatiladi. Maydonchaga uchib keluvchi qushlar bilan, ularning xatti-harakatlarining ayrim xususiyatlari bilan (uchadi, daraxtga qo'nadi, cho'qiydi, tovush chiqaradi) tanishtiriladi.

Tabiat burchagida: bolalarga xona o'simliklari, qafasdagi qushchalarni ko'rsatib, ularning nomini aytishni, o'simliklarga suv quyish, qushchalarga ozuqa va suv berish, ularni parvarish qilish uqtiriladi.

Tabiatdagi narsalar ikki qismdan: jonli va jonsiz tabiatdan iborat. Jonli tabiatdagi barcha mavjudotlardan eng qudratlisi insondir. Inson fikrlaydi, mehnat qiladi, turli kashfiyotlar ixtiro qiladi. Jonli tabiat bilan tanishtirishda bolalar o'simliklar dunyosi: sabzavotlar va mevalarning o'ziga xos belgilari bilan tanishtiriladi. Sabzavotlar polizda, mevalar esa bog'da, daraxtda o'sishi; sabzavotlar har yili ekilishi, mevali daraxtlar esa ko'p yillik o'simlik hisoblanishi haqida qisqacha tushuncha beriladi. Sabzavotlar: sabzi, kartoshka, sholg'om, piyoz, pomidor, bodring va mevalar:

olma, gilos, o'rik, olcha, anor, nok haqidagi tushunchalari mustahkamlanadi. Mevalar: shaftoli, olxo'ri, xurmo bilan tanishtiriladi. Bolaga sabzavot va mevalarning nomini, rangi, shakli, o'lchami, ta'mi, tanovul qilinishi (pishiriladi, tuzlanadi, quritiladi yoki xomligicha yeyiladi) haqida amaliy mashg'ulotlar orqali tushuncha beriladi. Meva va sabzavotlarni rasmlar orqali guruhlarga (mevalar, sabzovotlar) ajratishga o'rgatiladi. Sabzavot va mevalar yetishtirishda kattalarning mehnati haqidagi tasavvurni shakllantiriladi.

Jonsiz tabiatga yer, quyosh, yulduzlar, suv, havo, toshlar, tuproq, jonli tabiatga esa o'simliklar, hayvonlar, mikroorganizmlar, odamlar kiradi. Jonsiz tabiat deyilishiga sabab ular oziqlanmaydi, o'smaydi, ko'paymaydi, rivojlanmaydi. Masalan, toshni olsak, unga suv ham, havo ham kerak emas. Jonsiz tabiatni kuzatishda bolalar o'zlarini o'rab turgan borliqni, tabiat hodisalarini kuzatishlari, jonsiz tabiat obyektlarining ayrim xossa va xususiyatlarini, ob-havodagi o'zgarishlarni (sovuq, issiq, iliq, quyoshli, bulutli bo'lishi; shamol esishi, yomg'ir, qor yoki do'l yog'ishi), suv, muz va qorning ayrim xususiyatlari (tiniq, toza suv iste'mol qilinadi; qor yumshoq, oppoq, uni iste'mol qilib bo'lmaydi, qordan qorbobo yasash, qorbo'ron o'ynash mumkin, muz qattiq, muz erib suvga aylanadi) bilishlari kerak.

Hayvonot dunyosi bilan tanishtirishda bolalarni fasllar o'zgarganda, xususan, kuz va qish davrida ayiq, bo'ri, olmaxon, quyon, toshbaqa singari yovvoyi hayvonlarning hayot tarzi (qayerda yashaydi, nima bilan oziqlanadi, dushmanlaridan qanday himoyalanadi) haqidagi tasavvurlari boyitiladi.

Maktabgacha yoshdagi bolalarda ekologik tarbiyaning asosiy maqsadi - ularga tabiatga nisbatan kuchli muhabbat uyg'otishdan iborat. Bu maqsad umumiy sanalsa-da, xuddi shu umumiy maqsaddan kelib chiquvchi ekologik tarbiya berishning xususiy maqsadi esa o'rganilayotgan mavzu talabi bilan bog'liq. Masalan, «Hasharotlar bilan tanishtirish» mavzusini o'rganayotganda maktabgacha yoshdagi bolalarda hasharotlarga nisbatan mehr-muhabbat uyg'otish, nobud qilmaslik va ulardan zavqlanish hissini tarbiyalash asosiy maqsad sanaladi, ularning turlari bilan (kapalak, tillaqo'ng'iz, asalari, qo'ng'iz) tanishtirilganda, hasharotlarga mehr qo'yish, ularni parvarish qilish bosh maqsad darajasida ko'tariladi.

Bola tabiat boyligimiz ekanligini, inson o'z hayoti uchun zarur hamma narsani undan olishini, tabiat insonni boquvchi, uning tuyg'ulari, xulq-atvoriga ta'sir ko'rsatuvchi vosita ekanligini tushunib yetishlari lozim. Ekologik tarbiya umuman ta'lim va tarbiyaning boshqa ko'rinishlari singari muhim vositalar orqali amalga oshiriladi. Ana shundan ekologik tarbiya berish maktabgacha yoshdagi bolalarda tabiat, moddiy borliq haqidagi dastlabki tasavvurlarni singdirishda xizmat qiladi.

REFERENCES

1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-dekabrdagi "Maktabgacha ta'lim va tarbiyaning Davlat standartini tasdiqlash to'g'risida"gi 802-sonli qarori https://lex.uz/docs/5179335

2. Mirzayeva R., Raximov A. "Hayvonat olamiga sayohat". Toshkent 2004 yil.

3. Turdiqulov E.O. «Mutafakkirlar ekologik tarbiya haqida» Toshkent, «O'qituvchi» 2003 yil.

4. Kalmuratov T.N. Issues of Improving the Management of Family Non-Governmental Preschool Education Organizations. International Journal of Social Science Research and Review, http://ijssrr.com editor@ijssrr.com Volume 4, Issue 4 November, 2021 Pages: 135139.5 bet

5. Valiyeva F.R. To Develop Professional Training of Professional Education Specialists by Ensuring //International Journal of Trend in Scientific Research and Development (IJTSRD) Special Issue on International Research Development and Scientific Excellence in Academic Life Available Online: www.ijtsrd.com e-ISSN: 2456 - 6470 2021

6. Olimov Q.T, Li D.Ye, Mavlonov N.Sh, Technology of creation electronic textbooks on special disciplines for vocational education, J: Xalqaro ilmiy jurnal "Vestnik nauki" 2020-yil 23-fevral № 2 (23)

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.