MADANIY TADBIRLARDA G'OYA VA OLIY MAQSADNING BADIIY
UZVIYLIGI
Nodira Mamatqosimova O'zbekiston davlat san'at va madaniyat instituti
Annotatsiya: Mazkur maqolada madaniy tadbirlarda g'oya va oliy maqsadning uzviyligini ta'minlovchi badiiy omillar ilmiy tadqiq etilgan, soha mutaxassilarining fikrlari tahlil qilinib g'oya va oliy maqsadning badiiy uzviyligini ta'minlovchi ijodiy bosqichlar aniqlangan.
Kalit so'zlar: madaniy tadbir, bayram, tomosha, san'at, ssenariy, dramaturgiya, kompozitsiya, g'oya, oliy maqsad
ARTISTIC CONTINUITY OF IDEA AND HIGHER PURPOSE IN
CULTURAL EVENTS
Nodira Mamatkasimova Uzbekistan State Institute of Arts and Culture
Abstract: In this article, the artistic factors that ensure the unity of the idea and the highest goal in cultural events are scientifically researched, the opinions of industry experts are analyzed and the creative stages that ensure the artistic continuity of the idea and the highest goal are determined.
Keywords: cultural event, celebration, spectacle, art, screenplay, dramaturgy, composition, idea, higher purpose
Inson ma'naviyatini yuksaltirmasdan turib, xalqimiz hayoti va turmushi yuksalishida, hamda mamlakatimiz taraqqiyotida muvaffaqiyatlarga erishish qiyin.
Yangi O'zbekistondagi madaniy islohotlar davrida ma'naviy-ahloqiy qadriyatlarning ahamiyati tobora o'sib borayotganligi ma'naviy barkamol avlodni tarbiyalashning eng dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo'ymoqda.
2017-yil 3-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuvda muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev "Adabiyot va san'at, madaniyatni rivojlantirish - xalqimiz ma'naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir" mavzusida ma'ruza o'qidi. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatimiz ijod ahli haqiqatan tarixiy voqea ishtirokchisi va guvohi bo'ldi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvi ishtirokchilarga yangidan yangi ijodiy muvaffaqiyatlarga
erishish uchun ilhom bag'ishladi. "Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug' ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san'atimiz ham albatta bo'ladi" [1] - deb ta'kidlab, ijodkorlarga ham ishonch, ham mas'uliyat yukladi.
Bu holat zamonaviy ommaviy bayram va tomoshalarda, xususan madaniy tadbirlarda ham o'z aksini topmog'i, madaniy tadbirlarning g'oyasi va olimy maqsadi bevosita yuqorida qayd etilgan dolzarb masalalarga mos bo'lmog'i lozim.
Zamonaviy bayram va tomoshalar dramaturgiyasi va rejissurasini amalga oshirishda eng avvalo bayramning oliy maqsadini, g'oyasini aniqlash, inson ma'naviyatiga ta'sir yetuvchi badiiy omillarni mana shu maqsadga birlashtirish muhim j arayondir.
Oliy maqsad bu - ijodkorning o'z g'oyasini insonlar ongiga singdirishdan ko'zlagan muddaosidir. Oliy maqsad rejissyorning xususiy fikri, shaxsiy, obyektiv nuqtai nazari bo'lib, unda u o'z oldiga qo'ygan shaxsiy va jamiyatning ijobiy fikrlarini amalga oshirishga qaratiladi.
G'oya - bu asarda ilgari suriladigan asosiy fikr, ya'ni adabiy asarning butun mazmunidan, badiiy to'qmasidan kelib chiqadigan fikr. Agar muallif o'zi yozgan asari orqali nima demoqchi ekanligi to'g'risida gapirganda g'oya tushunchasini anglasak, oliy maqsad tushunchasi esa, men rejissyor, shu asarni sahnalashtirish orqali nima demoqchiman, nimaga erishmoqchiman va bunga qanday vositalar orqali yetishishim mumkin, degan savollarga javob berishi kerak.
Oliy maqsadning mavjudligi asarning bir butunligini, uning tuzilishida ham, personajlarning xatti-harakatlari, fikrlari, his-tuyg'ularida ham mustahkam mantiq mavjudligini belgilaydi. Dramatik asar, ssenariy mantiqi avvalo personajlarni xatti-harakati mantiqida namoyon bo'ladi.
Bu jarayonda rejissyor tafakkuri va fantaziyasi birlamchi bo'lib, dramaterg tomonidan berilgan shart-sharoitni badiiy vositalar orqali jonlantiradi va namoyish etadi. Dramaturgning sir tutgan oliy maqsadini ochish rejissyor uchun kerakmi va amaliy jihatdan bu, unga nima beradi? Rejissyor uchun muallif tomonidan asarda ilgari surilgan asosiy g'oyasini, mohiyatini, fikrini aniqlash muhimdir.
Asarning barcha komponentlarini birlashtiruvchi birdan-bir asos uning g'oyasi yoki K.S.Stanislavskiy aytganidek, oliy maqsadi - vazifasidir. Badiiy asarning g'oyasi va oliy maqsadi san'atda aks ettirilgan voqelikning va san'atkorning bu voqelikka munosabatlarida umumlashgan, uyg'unlashgan bo'lishi zarur. San'atdagi xalqchillik tasvirlanayotgan asardagi muayyan g'oyaviylik yagona maqsadga qaratilishi lozim.
Aktyor o'zini "taklif etilgan" shart-sharoitga olib kirish jarayoni nimadan iborat va u qanday sodir bo'ladi, degan savolga javob berish uchun avvalambor asarni ba'zi
jihaüarini ko'rib chiqishga to'g'ri keladi. Inson organizmi qo'l, oyoq, o'pka va yurakning arifmetik yig'indisidan iborat bo'lmaganidek, har qanday badiiy asar ham ijrochilarning bunday yig'indisidan iborat emas.
Badiiy asar personajlarning bir-biriga moslashgan faoliyati, o'zaro munosabati va birgalikdagi harakatidan iborat. Bu jihatdan badiiy asar organizmga o'xshaydi: unda alohida komponentlar oddiygina qo'shilmaydilar, balki bir-birlariga yordamlashib, uzviy bog'liq holda harakat qiladilar.
Oliy maqsadning mavjudligi asarning bir butunligini, uning tuzilishida ham, personajlarning xatti-harakatlari, fíkrlari, his-tuyg'ularida ham mustahkam mantiq mavjudligini belgilaydi. Dramatik asar, ssenariy mantiqi avvalo personajlarni xatti-harakati mantiqida namoyon bo'ladi.
Rejissor pyesa ustida ishlash jarayonida asarning asosiy g'oyasini topa olishi lozim. Stanislavskiy o'gitlarida aytilishicha, "oliy maqsad bu ishtirokchining - asosiy maqsadidir", muallifning oliy maqsadi yaxshi asar yaratib, uni teatr sahnasida ko'rish bo'lishi mumkin.
Muallifning sir tutgan oliy maqsadini ochish rejissor uchun kerakmi va amaliy jihatdan bu, unga nima beradi? Rejissor uchun muallif tomonidan asarda ilgari surilgan asosiy g'oyasini, mohiyatini, fikrini aniqlash muhimdir.
Albatta rejissor birinchi navbatda asarning g'oyasini aniqlaydi. Topilgan g'oya rejissorning ijodi orqali oliy maqsadni vujudga keltiradi. Buning asosida shu g'oyani tomoshabinga yetkazib beradi. Asarning asosiy g'oyasidan oliy maqsad vujudga keladi. Rejissor uchun asosiy masalalardan biri shundaki: o'zining oliy maqsadini aniqlab olgach, tomoshabinning ongiga yetkazib berishning yo'llarini topib olishi lozim. Bunda u tomoshabin uchun dramaturg tomonidan surilgan asarning oliy maqsadi va asosiy g'oyasini, spektaklning oliy maqsadi va g'oyasi sifatida qabul qiladi.
«Oliy maqsad» va «yetakchi xatti-harakat»- hayotning asosiy mazmuni, pyesaning tomiridir. Oliy maqsad-xohish, yetakchi xatti-harakat esa - uni bajarishga intilishdir [2, 33].
Ssenariy - bu bo'lg'usi tadbirni tayyorlash uchun asosiy badiiy manbadir. Ssenariyda tadbirning g'oyasi, oliy maqsadi, kompozitsion tuzilishi aks ettiriladi. Shuningdek, ssenariyda tadbir o'tkaziladigan joy (sahna, maydon)ning bezatilishi, qatnashchilar so'zlarining matnlari, badiiy va hujjatli materiallar, badiiy fon va fon guruhi tasviri, chiroqlar, sahnalashtirish rejasi va rejissorlik tahlili ham ko'rsatilib o'tiladi. Ssenariyning puxta bo'lishi bo'lajak tadbirning eng asosiy yutuqlaridan biridir. Ssenariyning bo'sh yozilishi esa tadbirning mexanik qismlar umumlashmasiga, yagona syujetning buzilishiga, g'oyaviy mazmunning to'la yoritilmasligiga olib keladi [5, 37]. Shuning uchun ijodiy guruh a'zolari aynan shu kasbning mutaxassislari bo'lishi hamda ijodiy guruhda ahillik talab qiladi.
Ssenariy yaratishda bo'lajak tadbirlarning g'oyaviy - mavzu asosini chuqur o'ylamoq lozim. Eng muhimi shundaki, ssenariy asosida muhim ijtimoiy va mahalliy aholining hayotiga yaqin bo'lgan qiziqarli mavzu yotishi kerak. Shuni unutmaslik kerakki, ssenariy har doim ma'lum bir sana va muayyan aholi uchun mo'ljallanib yoziladi. Ssenariy yozayotganda mahalliy shart-sharoitlarni e'tiborga olish maqsadga muvofiq bo'ladi [4, 91].
Estrada va ommaviy tomoshalar dramaturgiyasini yaratishda mahalliy dalillar: arxiv hujjatlari, mahalliy tarixiy shaxslar va ularning ilmiy-ijodiy merosi, mahalliy yutuqlar (ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy va sport sohalaridagi yutuqlar), ommaviy axborot vositalarida berilgan dramatik obekt haqidagi ma'lumotlar asosiy manba sanalib, badiiy vositalar orqali sintezlanadi [4, 92].
"Qiziqarli ma'lumotlar ummoni ro'parasida hovliqish va unga shaydo bo'lmaslik zarur. Bu, albatta, qiyin narsa, Ya'ni tayyor ma'lumotlar dengizida cho'kib ketmaslik uchun ssenariy yozuvchi bo'lajak tadbirning "qovurg'asini" ko'z oldida saqlashi, har doim uning oliy maqsadini esda tutishi zarur" [3, 48-49].
Madaniy ommaviy tadbirlarda g'oya va oliy maqsadning badiiy uzviyligini ta'minlashda rejissyor va dramaturg ijodiy hamkorlikda quyidagilarni amalga oshirishi lozim:
- tadbirning mavzusini aniq va lo'nda belgilash;
- tadbir mavzusidan kelib chiqib, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga mos tarzda g'oya belgilash;
- tadbir g'oyasining badiiy uzviyligini ta'minlash yuzasidan oliy maqsadni belgilash;
- tadbir g'oyasi va oliy maqsadi asosida mahalliy materiallarni yig'ish, tahlil qilish va saralash;
- tadbir dramaturgiyasini yaratish;
- tadbir rejissurasini amalga oshirish.
Xulosa sifatida shuni qayd etish lozimki, madaniy tadbirlarning asosi bu avvalo uning dramaturgiyasi, ya'ni ssenariysi bo'lsa, ssenariydagi birlamchi badiiy omil bu g'oya va oliy maqsadning aniq belgilanishidadir. Shu sabab har qanday tadbir dramaturgiyasi yaratilishidan oldin g'oya va oliy maqsadning birlamchi hal qilinishi tadbirning badiiy saviyasini ta'minlaydi.
Foydalaniladigan adabiyotlar
1. Mirziyoyev SH.M. Adabiyot va san'at, madaniyatni rivojlantirish - xalqimiz ma'naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir // O'zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvdagi ma'ruzasi. Xalq so'zi. 2017-yil 4-avgust.
2. Ahmedov F.E. Ommaviy bayramlar rejissurasi asoslari. - Toshkent: Aloqachi, 2008. 424 b.
3. Dushamov J. Ommaviy tadbirlar rejissurasi. - Toshkent: G'ofur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyoti, 2002. - 192 b.
4. Mamatqosimov J.A. Estrada va ommaviy tomoshalar rejissurasi. - Toshkent: Lesson press, 2019. - 272 b.
5. Qoraboyev U. Badiiy-ommaviy tadbirlar. - Toshkent: O'qituvchi, 1986. - 240
b.