Научная статья на тему 'KITOB TARJIMA QIL, CHOP ET VA BOY BO‘L … (YOXUD RASTALARNI TO‘LDIRGAN TARJIMA KITOBLAR HAQIDA SO‘Z)'

KITOB TARJIMA QIL, CHOP ET VA BOY BO‘L … (YOXUD RASTALARNI TO‘LDIRGAN TARJIMA KITOBLAR HAQIDA SO‘Z) Текст научной статьи по специальности «Науки о Земле и смежные экологические науки»

CC BY
662
61
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
kitob / tarjima / noshirlik. / book / translation / publishing.

Аннотация научной статьи по наукам о Земле и смежным экологическим наукам, автор научной работы — S. Mamadaliyeva

Maqolada kitobxonlikni rivojlantirish, bugun tarjima qilinayotga kitoblarning yutuq va kamchiliklari haqida so‘z yuritilgan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

TRANSLATE A BOOK, PUBLISH AND GET RICH... (OR A WORD ABOUT TRANSLATED BOOKS THAT FILL IN THE BLANKS)

The article talks about the development of reading, the achievements and shortcomings of the books being translated today.

Текст научной работы на тему «KITOB TARJIMA QIL, CHOP ET VA BOY BO‘L … (YOXUD RASTALARNI TO‘LDIRGAN TARJIMA KITOBLAR HAQIDA SO‘Z)»

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 7 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

KITOB TARJIMA QIL, CHOP ET VA BOY BO'L ...

(YOXUD RASTALARNI TO'LDIRGAN TARJIMA KITOBLAR HAQIDA SO'Z)

Mamadaliyeva Sanamxon Raximjon qizi

Andijon davlat pedagogika instituti O'zbek tili va adabiyoti ta'lim yo'nalishi

1-bosqich 101-guruh talabasi https://doi.org/10.5281/zenodo.7314399

Annotatsiya. Maqolada kitobxonlikni rivojlantirish, bugun tarjima qilinayotga kitoblarning yutuq va kamchiliklari haqida so'z yuritilgan.

Kalit so'zlar: kitob, tarjima, noshirlik.

ПЕРЕВЕСТИ КНИГУ, ИЗДАТЬ И РАЗБОГАТЕТЬ...

(ИЛИ СЛОВО О ПЕРЕВОДНЫХ КНИГАХ, КОТОРЫЕ ЗАПОЛНЯЮТ

ПРОПУСКИ)

Аннотатция. B статье говорится о развитии чтения, достижениях и недостатках педеводимых сегодня книг.

Ключевые слова: книга, перевод, издательство.

TRANSLATE A BOOK, PUBLISH AND GET RICH...

(OR A WORD ABOUT TRANSLATED BOOKS THAT FILL IN THE BLANKS)

Abstract. The article talks about the development of reading, the achievements and shortcomings of the books being translated today.

Key words: book, translation, publishing.

Mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, yoshlar orasida mutolaa madaniyatini oshirish, jumladan, turli tadbir va musobaqalar tashkil etib, g'oliblarni qimmatbaho va esdalik sovg'alari bilan taqdirlash orqali kitobxonlar sonini oshirishga alohida e'tibor berilayotgani juda quvonarli.

Darhaqiqat, kitob insonni yerdan ko'kka ko'taruvchi, uning ma'naviy quvvatini oshiruvchi buyuk kuchdir. Yoshlarni yuksak intellektual salohiyatli, mustaqil fikrga ega, ma'nan yetuk qilib tarbiyalashda kitobning o'rnini bosuvchi biror narsa yo'q. Shonli tariximizga nazar solar ekanmiz, buyuk ajdodlarimizning yillar davomida sharhlab tugatib bo'lmas ulkan ilmiy merosini ko'rib hayratlanamiz. Ana shunday durdona asarlarni yozib qoldirgan ulug' shaxsiyat sohiblarining hayot yo'lini chuqur o'rgangan kishi ularning har qanday sharoitda kitob mutolaasidan, ilm-u ma'rifat izlashdan yiroqlashmaganlariga guvoh bo'ladi.

So'zimizning isboti o'laroq, bir necha ulug' siymolarning hayoti hikoya qilingan tarixiy manbalarni yodga olamiz.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadislarining tabibi, nabaviy hadislarnining sahihlarini ajratib, ulardan Qur'oni karimdan keyingi ishonchli va mo'tabar manba bo'lmish "Sahihi Buxoriy"ni tuzgan ulug' alloma, muhaddislar sultoni Muhammad ibn Ismoilni tarjimayi holini o'qir ekanmiz, Buxoroning oddiy oilalaridan birida tug'ilgan, bolaligida otasidan ayrilgan bir insonning bunday sharaf va martabaga qanday erishganligi, olis va mashaqqatli safarlarga u kishini nima chorlaganligi bizni qiziqtirmay qolmaydi.

U zotning ilm olishdagi himmatlari haqida Xotib Bag'dodiy quyidagilarni yozadi: "Buxoriy barcha diyorlardagi muhaddislarning huzuriga rihlat qildi. U Xurosonda, Jibolda, Iroq shaharlarining barchasida, Hijozda, Shomda, Misrda hadis yozdi. Bag'dodga bir necha marta kirdi".

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 7 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

Ilm olish qanchalar mashaqqatli bo'lmasin, insonni ma'naviy yuksaklikka, ikki dunyo saodatiga olib boruvchi yagona yo'ldir. Bu yo'lni matonat bilan bosib o'tgan insonlarning yodi dunyo turgunicha abadiy yashashiga Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoilning hayoti yorqin misoldir.

Sohibqiron Amir Temur yorqin xislatlar egasi, shijoat va qat'iyat sohibi, matonatli sarkarda, ilm-fan homiysi, ona vatanining ozodligi, taraqqiyoti va porloq kelajagi uchun umrini jang-u jadalda o'tkazgan buyuk davlat asoschisi, salobatli inson o'laroq tarixda o'chmas iz qoldirgan ulug' siymo. Mavzudan yiroqlashmagan holda, Amir Temurning ilm-fan rivoji, olim-u fuzalolarni yetishtirishga qo'shgan hissasiga e'tibor qaratamiz.

U ilm-fanning riyoziyot, handasa, me'morchilik, falakiyot, adabiyot, tarix, musiqa kabi sohalari ravnaqiga katta e'tibor berib, sohibi hunarlar bilan qilgan suhbatlari haqida fransuz olimi Lyangle shunday yozadi: "Temur olimlarga seriltifot edi. Bilimdonligi bilan bir qatorda sofdilligini ko'rgan kishilarga ishonch bildirardi. U tarixchilar, faylasuflar, shuningdek, ilm-fan, idora va boshqa ishlarda iste'dodli bo'lgan barcha kishilar bilan suhbatlashish uchun ko'pincha taxtdan tushib, ularning yoniga kelardi. Chunki Temur asosiy e'tiborini bu sohalar rivojiga va olimlarga berardi".

Bu kabi ta'riflarni olimlarning tadqiqodlari, kitoblari va maqolalarida juda ko'p uchratish mumkin. Bugun dunyoning eng rivojlangan davlatlari deb e'tirof etiladigan g'arb mamlakatlari bizning ota-bobolarimiz qilgan buyuk islohotlarni, tibbiyot, matematika, adabiyot, tarix, astronomiya va ilmning turli jabhalarida olib borgan izlanishlarini va qoldirgan ilmiy meroslarini o'rganib hayratda qolganlarini juda ko'p asarlarida yozib qoldirishgan. Ajdodlarimiz tarixi va asarlarini o'z tillariga tarjima qilib, manfaatlar olganlari ham ayni haqiqat.

"Temur tuzuklari"ni inglizchadan fransuz tiliga tarjima qilib, 1787-yilda nashr etgan olim Lyange "Temur tuzuklari" haqida quyidagilarni yozadi: "Temurxon siyosiy va harbiy taktika haqida risola yozgan va o'z avlodlariga juda dono tizim qoldirgan. Biz buni tasavvur ham qilmagan edik, uning harbiy yurishlarini bosqinchilik va talon-taroj qilish deb baholab kelgan edik. Deyarli yengib bo'lmaydigan ikki to'siq - bizdagi taassub hamda tarixiy nohaqlik Temurni bilishimizga va to'g'ri baholashimizga xalaqit berib keldi".

Olimning so'zlaridan anglangan haqiqat shuki, Movoraunnahr azaldan ilm beshigi bo'ib butun dunyoga ziyo taratgan munavvar zamindir. "Temur tuzuklari" esa yoshlarning siyosiy ongini o'stiruvchi, dunyoqarashini kengaytirib o'z shaxsiyatini yuksaltiruvchi birlamchi manbadir.

Buyuk mutafakkir, so'z mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy va u zotning ijodi haqida qancha gapirsak ham, ta'rifini mukammal ado eta olmaymiz. Shuning uchun Navoiyning o'z ijodi haqida yozgan manbalariga yuzlanamiz. Sayyid Hasan Ardasherga yozgan "Masnaviy" maktubida Navoiy jumladan ushbu misralarni yozadi:

Ki har necha nutq o'lsa kohilsaroy,

Bitigaymen o'ttuz yilin o'ttuz oy.

Ne "Shahnoma"kim, "Xamsa"g'a ursam el,

Aningpanjasi sori yetkursam el.

O'tuz yilki oni Nizomiy demish,

Qoshimda erur ikki-uchyillik ish...

Ya'ni Navoiy bu so'zi bilan nazmda qobiliyat jihatidan Nizomiyga teng ekanligi, boshqalar 30 yil vaqt sarflab yozishgan "Shohnoma"-yu "Xamsa"ni 30 oyda yozishga o'zida quvvat

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 7 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

sezayotganini, lekin buning uchun davlat ishlaridan ortib sharoit va fursat topa olmayotganini ta'kidlaydi.

Alisher Navoiy so'zining ustidan chiqib, unga baxt-davlat rahnamolik qilib, nihoyat "Xamsa"ni yakunlaganini yozar ekan, o'zining tong otib kech kirguncha el-yurt tashvishi bilan band bo'lgan holda salaflari uzoq muddat yozgan "Xamsa"ni juda qisqa muddat ya'ni ikki yilda yakunlaganini, agar bevosita faqat yozish uchun ketgan vaqt hisoblab chiqilsa, olti oyga ham bormasligini faxriya tarzida bayon qiladi: Qilib tongdin oqshomg'acha qiylu qol, Yuzungga yetib har nafas yuz maolol. O'zung tinmayin xalq g'avg'osidin, Qulog'ing xaloyiq alolosidin. Bu mehnatlar ichra chekib so'zga til, Zamondin kamo besh o'tub iki yil. Chekib xoma bu noma itmomig'a, Yeturgaysen og'ozin anjomig'a. Ki, aqli muhosib shitob aylasa, Deyilgan zamonin hisob aylasa. Yig'ishtursa bo'lmas bori olti oy, Ki, bo'ldung bu ra'nog'a suratnamoy.

Yuqorida keltirilgan ma'lumotlar shoirning faqat "Xamsa" asarini yaratish jarayonidagi qisqa tafsilotlar xalos. Navoiy 60 yillik umri davomida xalqning ham ijtimoiy, ham ma'naviy hayotini yuksaltirish yo'lida tinimsiz mehnat qildi. Uning bizga qoldirgan bebaho merosini cheksiz ummonga tashbeh qilsa arziydi. O'sha ummoning totli suvidan ichmay turib qanday qilib o'zbekman, Navoiy mening buyuk ajdodim deb faxrlanish va olamga jar solish mumkin. Agar har birimiz o'zimizga shu savolni berib, Navoiydek buyuk siymolarga munosib izdosh bo'lishga intilsak, kelajak yana bizniki bo'ladi. Dunyoni tebratgan buyuklar safida bizning va avlodlarimizning ismlari tarixga abadiy muhrlanadi.

Bulardan tashqari Ibn Sino, Mirzo Ulug'bek, Zahiriddin Muhammad Bobur va juda ko'plab ushbu muqaddas tuproqda unib-o'sib, dunyo tamaddunida salmoqli iz qoldirgan alloma-yu olimlarni sanab adog'iga yetib bo'lmaydi. Aytmoqchi bo'lganimiz, "bestseller" deb qo'ldan qo'ymay mutolaa qilayotgan kitoblarimiz. Xususan, insonni ruhlantiruvchi, qaysidir chet ellik boy biznesmen yoki ixtirochi-olimning hayot tarzini tatbiq etuvchi "Muvaffaqiyatli insonlarning 7 ko'nikmasi", "Ilon Mask, Tesla, Spaxer va kelajak sari yo'l", "Samaradorlikning 21 yo'li" kabi son-sanoqsiz tarjima kitoblarini har bir do'kon rastasidan topa olamiz. Darhaqiqat, yuqorida nomi keltirilgan kitoblarning ham o'z o'rni bor, albatta. Lekin ulardan avval o'qilishi kerak bo'lgan o'zbek yozuvchilarining ilmiy va badiiy asarlarini mutolaa qilish sezilarli darajada pasaygan. O'zining tarixini, ota-bobolaridan qolgan ulkan ilmiy merosni o'rganmagan, anglay olmagan yoshlarning ongida biz barcha jabhada taraqqiyot yo'lini g'arbdan o'rganganmiz -degan fikr paydo bo'layotgani hech kimga sir emas. Modomiki, kitobxonlikni rivojlantirmoqchi ekanmiz, avvalo kitobxonga saviyali mahsulotni yetkazib berishimiz kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda "bestseller" deya maqtab reklama qilinayotgan kitoblar qatorida o'zimizning yozuvchi va shoirlarimizning asarlarini ham targ'ib qilmog'imiz lozim.

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 7 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

Tarjima masalasida so'z ketar ekan, dunyo adabiyoti durdonalarini o'zbek tiliga mohirona o'girib, kitobxonning ma'naviy olamini boyitgan iste'dod sohiblarining qilgan ulkan xizmatlari hammaga ma'lum. Ular tarjima qilgan badiiy va ilmiy asarlar xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan. Biz so'z yuritayotgan tarjima kitoblar qaysidir chet tilini o'rganib o'zini "tarjimon" deb hisoblaydigan insonlarni tarjima va nashr qilgan kitoblari, xususan, turk tilidan qilingan tarjimalardir. "Chumchuq so'ysa ham qassob so'ysin" degan naql bejiz aytilmagan. O'zga xalq, boshqa millatning kitoblarini tarjima qilish uchun tilni bilishning o'zi kifoya qilmaydi. Balki, ularning dunyoqarashi, madaniyati, urf-odatlari va eng muhimi o'z ona tilini yaxshi bilishi va so'zni his qila olishi kerak. Har bir sohaning o'z mutaxasis ustozlari bor, turk tilidan tarjima qilingan aksar kitoblar haqida adabiyotshunos olimlar, tarjimonlar tomonidan berilgan baho yoki taqrizni topish mushkul. Bundan ko'rinadiki, ular orasida ustoz ko'rmagan, tartibli ilm olmagan insonlar juda ko'p. So'zimizni quvvatlash uchun ushbu soha mutaxasisslari va noshirlarning tarjima masalasidagi fikr va mulohazalaridan misollar keltiramiz.

"Akademnashr" nashriyoti rahbari Sanjar Nazarning masala yuzasidan qarashlari: "Bugun kitob bozorimizda turli dasturlar yordamida o'girilgan, ega-kesimi haminqadar to'g'rilangan o'nlab (!) kitoblar paydo bo'ldi. Xayriyatki, ularning aksariyati biznes adabiyoti, soxta ruhiyatshunoslik va ruhlantirib rag'bat beruvchi asarlar. Turkchadan tarjimalarda matn muammosidan ko'ra tanlov masalasi kattaroq. Ya'ni juda saviyasiz asarlar o'girilyapti. Tili yaxshigina, ammo saviyasi o'ta past asarlar ham uchrayapti. Yagona xaspo'shlovi biroz diniy tusi borligida, xolos. Ammo bu asosiy illat bo'lsa ham ajab emas. Chunki islomni siyqalashtirish, jo'nlashtirishga olib keladi. So'zlarimni ijtimoiy tarmoqqa shu mavzuda yozgan bir istehzo bilan yakunlamoqchiman: "Yengil-yelpi, oldi-qochdi xabarlarni yoritguvchi nashrlarni - "sariq matbuot" der edik. Maishiy, siyqa mavzular yoritilgan kinolarga kimdir "xontaxta film" deb nom qo'yib berdi. Joyiga tushgan. "Ustasi farang", "o'ris tabiat" kabi ibora yasash tajribalarimizdan kelib chiqib taxmin qiladigan bo'lsam, yaqin orada no'noq, sifatsiz badiiy asarlarni "turkcha roman", "turk romani" deb atay boshlasak kerak. Turkiyaga, turk madaniyati, adabiyoti va qardosh xalqqa nisbatan ulkan mehrim ta'sirida rashk qilib bo'rttirayotgandirman balki. Ammo paydar-pay chop etilayotgan siyqa va sifatsiz turk tarjima romanlari shunday xulosa chiqarishga majbur qilmoqda, afsuski".

Tarjimon Dilbar Rajabovaning tarjima kitoblar haqidagi fikrlari: "Turk adabiyotidan tarjima qilish urfga kirdi, lekin kitob tanlashda nihoyatda no'noqlikka yo'l qo'yilmoqda. Ko'ngil kechinmalariga doir romantik asarlarning ham tarbiyaviy ahamiyati past bo'lgan, yengil-yelpi tuyg'ular o'z ifodasini topgan turlari tanlanyapti. Bir-ikki kun kulgi va yig'i hissini beradigan, keyin unutilib ketadigan sevgi-muhabbat sarguzashtlarining xalqimiz ma'rifati uchun qanday ahamiyati bor? Hayot bir-birini tashlab ketadigan sevishganlar yoki oxiri o'lim bilan tugaydigan, bo'rttirilgan ishqiy mojarolardangina iborat emas-ku. Insoniy tuyg'ularning, qalbni tarbiya qiladigan hislarning chek-chegarasi yo'q. Mavzu faqatgina o'ldim-kuydimga borib taqalaverishi odamga erish tuyuladi. "Qaytganimda uyda bo'l", "To'ydan keyin ham muhabbat bo'lsin" singari asarlarni o'qib ko'rgan mulohazali kitobxon vaqtini uvol qilganiga achinadi. Quruq va chiroyli jumlalar insonga hech nima bermaydi. Garchi quloqqa yoqimli eshitilsa ham. Yengil o'ylash, yengil yashash, yengil fikrlash tabiatimizga, qon-qonimizga singib ketmoqda. Hatto diniy ruhga yo'g'rilgan tarjima asarlarda ham yuzakilik ko'zga tashlanadi.

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 7 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

Egey universiteti jurnalistika fakulteti doktoranti Abror Masharipovning mavzuga doir xulosalari: "Yaqinda turkiyalik adabiy agent bilan gaplashdim. Aytishicha, o'zbekistonlik bir mijoz 35-40 ta kitobni band qilib qo'yibdi. Mayli, tilimizga yaxshi asarlar o'girilsin. Lekin hurmatli noshirlar, iltimos, tarjimani turkcha bilaman degan har kimga ham topshirib qo'yavermanglar. Shunday rasvo tarjimalarni ko'ryapmanki, o'sha kitob bilan tarjimonni savalagim keladi. Ayniqsa, badiiy asarni tarjima qilish uchun til bilishning o'zi kam. O'sha xalqning madaniyatidan ham xabardor bo'lish kerak. Ayrim so'z va iboralar, maqollarning ma'nosiga ikkilansangiz, internetdan izlab ko'ring, ma'nosini aniqlashtiring.

Yaqinda tarjima bo'lgan va muharrirning qo'lidan o'tgan, turk adibasi Omina Shenlik o'g'lining bir kitobidan misol keltiray: "Nihoyat, sud kuni yetib keldi. Asliya huquq sud binosining oldida o'tirib, navbatini kutardi". O'rtoq tarjimon, "Asliya huquq sud binosi" nima degani? Shu jumla o'zbekchami?.. Insof kerak, o'zingiz tushunmagan narsani qanday qilib tarjima deb tutqizyapsiz?..

Aslida "Asliye Hukuk Mahkemesi" bo'lgan, tarjimon shundoqqina yozib qo'ya qolibdi. Asliye Mahkemesi - birinchi instansiya sudi. Hukuk Mahkemesi - fuqarolik ishlari bo'yicha sud. Asliye Hukuk Mahkemesi - fuqarolik ishlari bo'yicha birinchi instansiya sudi bo'ladi. Bilmasangiz, biladiganlardan so'rashdan uyalmang, lekin bunaqa telba-teskari tarjima qilmang.

Shu kitobdan yana bir misol:

- Ooo! Marhamat, xonim afandi, marhamat, keling. Sizni ko'rganga jannat nasib qiladi.

- Salom, oying yaxshimi?

"Yüzünü gören cennetlik" degan ibora "Sizni ko'rganga jannat nasib qiladi", deb o'girilibdi. Demak, shu ayolni ko'rgan kishi to'g'ridan-to'g'ri jannatga kirar ekan, shunday tushundingizmi?.. Aslida bu ibora anchadan beri ko'rinmay ketgan odamga nisbatan ishlatiladi, ya'ni yo'q bo'lib ketding, sog'intirib yubording, degan ma'nolarda. Tarjimada ma'no naqadar o'zgarganini qarang.

Ishni tez-tez tugatib, tezroq pulimni olay degan o'yda bo'lsangiz, bilingki, uzoqqa bormaysiz.

Biz turkchadan o'girilgan barcha kitoblarni sayoz va insonga ma'naviy zavq bera olmaydi - degan fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Tan olish kerakki, yuqorida misol qilib keltirgan kitoblarimiz butunlay virtual olamga sho'ng'ib ketgan. Telefonni bir lahza ham qo'ldan qo'ymaydigan aksar yoshlarning mutolaaga qaytishiga sabab bo'ldi. Ayniqsa muhabbat mavzusidagi kitoblar ularga manzur kelmoqda. Yoshlarni kitobga qaytara olgan tarjimon va noshirlardan umidimiz shuki, ustoz tarjimonlarning etagidan tutib, ularning tajribalaridan foydalangan holda insonni fikrlash doirasini kengaytiradigan va tafakkur qilishga undaydigan kitoblarni xalqimizga taqdim etsalar. Darhaqiqat, betakror turk adabiyotidan go'zal tarjimalar qilayotganlar ham bor. O'rni kelganda bunday kitoblar haqida gapirmaslik, adolatdan emas. Yaqinda qo'limga turk adibasi Nuriya Cheleen qalamiga mansub "Qalb iffati" nomli kitob tushib qoldi. Kitobni hayajon bilan juda tez o'qib chiqdim va muallifning shaxsi, ijodiy faoliyati bilan tanishishni maqsad qildim. Lekin ijtimoiy tarmoqlardan Nuriya Cheleenga bog'liq hech qanday ma'lumot topa olmadim. Tarjimani amalga oshirgan O'tkirbek Muhammadsobir o'zbek tili va adabiyoti mutaxasisi, bir nechta she'riy va ilmiy kitoblar muallifi. U bir necha yildan buyon Anqara Hoji Bayram universitetida ilmiy-tadqiqod ishlarini olib boradi. Kitobning qalbga yaqinligiga sabab, uni

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 7 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

turklarning urf-odat va qadryatlaridan xabardor, ijodkor inson tarjima qilganligidadir balki. Ammo, bu kitobda ham bo'g'in ko'chirishdagi xatolarni ko'rish mumkin.

Endi bevosita "Qalb iffati" kitobi haqida so'z yuritsak.

Asar Alloh taoloning mo'jizasi Iso alayhissalomni dunyoga keltirgan pokiza Maryamning sharafli hamda murakkab hayot yo'lini bayonidir. Kitob diniy-tasavvufiy mazmunga ega. Unda qalb pokligi, zokirlik, ishonch, sabr, matonat, iffat va Allohga qurbat bilan sifatlangan, o'tginchi dunyoning lazzatidan yuz burib kecha-kunduzlarini Unga ibodat qilib o'tkazgan zohidlarning umr manzaralari yoritilgan. Asar uch bo'limdan iborat. Birinchi bo'lim Imron alayhissalomning ayoli, Maryamning onasi Hannaning tilidan yozilgan. Ikkinchi bo'limdan Zakariyo alayhissalomning ayoli, Maryamning xolasi, Yahyo alayhissalomning onasi Iyshaning hikoyalari joy olgan. Uchinchi bo'limda esa Qur'oni Karimda nomi zikr etilgan, butun boshli sura uning ismi bilan nomlangan Maryam onamizning hayot sahifalari kiritilgan.

Kitob eng ishonchli manbalar Qur'oni azim va sahih hadislarda Iso alayhissalom va Maryam onamiz haqida kelgan ma'lumotlar asosida yozilgan. Uning syujeti, til qurilishi, tabiat manzaralari ayniqsa qahramonlarning his-tuyg'ulari ifodalashdagi mahorati tahsinga loyiq. Mutolaa jaryonida kitob go'yo o'zbek tilida yozilgandek tuyulaverdi. Bunga sabab jarayon davomida Hanna kabi yig'ladim, Iysha bilan sevindim, Zakariyo va Yahyo alayhissalomlar qatl etilayotganda men ham o'limning nafasini his qildim. Hazrati Iso homilalik chog'idan, malaklar qurshovida samoga ko'tarilgunlaricha hamrohim bo'ldi. Maryam onamiz bilan his qilganlarimni, ma'nan samoga parvoz aylashning naqadar zavqli ekanligini, tunning Robb bilan yolg'iz diydorlashish va U zotning muhabbatidan sarmast bo'lishlik lazzatini ifoda etishga tilim lol, qalamim behol. Balki, kitobning ta'siridan chiqib ulgurmay, yozishga tutunganim uchun biroz hayajonga berilayotgandirman. Ammo, ishonch bilan ayta olamanki, bu kitob har bir o'zbek xonadonida bo'lishi va qayta va qayta o'qilishi kerak bo'gan javohirdir. So'zing ko'paysa -xatoying ko'payadi deganlaridek, men ham juda ko'p gapirdim. Xulosa o'rnida asar nomiga mutanosib xolda Maryam onamizning Iffat xususidagi so'zlarini keltiramiz.

"Iffatning shunchalar ko'p darajalari borki, xolamga o'sha lahzada qalbimga tushganlarini so'zladim.

- Tilning, ko'zning, qo'lning, oyoqning - butun a'zolarning iffati bor. Tilning iffati -behuda gaplshmaslik. Ko'zning iffati - haromga qaramaslik, uni Alloh uchun tafakkurga ishlatish. Quloqning iffati - xarom jumlalarni eshitmaslik. Oyoqning iffati - xarom sari qadam tashlamaslik, doim Alloh yo'lida yurish. Xayolning iffati - unga nomahram soyasini tushirmaslik. Fikrning iffati - Undan boshqasini zehndan quvishdir.

Xolamning oq yuzlari yaxshigina yorishdi. Ibodatim bilan birga ilmda ham ilgarilashim uni quvontirdi.

-Xolajon, - dedim, - tana a'zolarimiz va tuyg'ularimizda iffat muammosi bo'lsa, ayol va erkak bir-birini ko'rishdan saqlanmaydi. Hammasidan oldn asl bir yerning iffati muhim.

Xolam nimadur demoqchidek taraddudlandi. Onalikning siri urgan nur yuzi qiziqish bilan porladi.

-Qalb iffati.

Xolam anchayin hayron bo'ldi.

-Haloling bo'lmagan biri bilan qandaydir munosabat iffatini ketkazsa, qalbga ham Allohdan boshqasi halol emas. Undan boshqasi qalbga kirsa, qalbning iffati ketadi."

INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL VOLUME 1 ISSUE 7 UIF-2022: 8.2 | ISSN: 2181-3337

Maryam onamizning iffat to'g'risida aytganlarini mulohaza qilsak, bu fazilatni jo'n tushunish, nikohlanmagan qizning nomahram erkak bilan ishqiy munosabatini iffatisizlik deb bilish jamiyatni buzilishiga olib borishiga amin bo'lamiz. Agar insonlar o'z tana a'zolari, ayniqsa qalbni iffat bilan ziynatlay olsa. O'g'rilik, yolg'onchilik, xiyonat va qotillik kabi qabihliklarning tomiriga bolta urgan bo'lardilar. Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni tarqatiladigan "falonchini tunab ketishibdi", "pistonchini nomusiga tajovvuz qilishibdi", "to'rt kishini tiriklayin yoqib yuborishdi" kabi xabarlarga ko'zimiz tushadi. O'sha jinoyatchilarning soni ko'paymasligi uchun xizmat qiladigan eng qudratli vosita bu - kitobdir. Ilmu-ziyo izlab, bo'sh vaqtimizda kitob o'qib, yoshligimizni g'animat bilib qaysidir kasbning yetuk mutaxasisi bo'lib yetishsak barcha yomonliklarning yo'lini to'sgan bo'lamiz.

Bu mening ilk maqolam. Yozganlarimning bari yosh, tajribasiz, oddiy kitobxonning o'y-fikrlari. Tanbeh berish, muhokama qilish yoki o'zini aqlli ko'rsatish uchun yozilmadi bu maqola. Xato va kamchiliklar uchun ustozlardan uzr so'rayman.

REFERENCES

1. Ahmad Muhammad Tursun. Sohilsiz dengiz. - T.: Hilol nashr, 2017.

2. Sh.Sirojiddinov, D.Yusupova, O.Davlatov. Navoiyshunoslik. - T.: Tamaddun, 2018.

3. N.Cheleen. Qalb iffati. - T.: Tirilish, 2022. Tarjimon, O'.Muhammadsobir.

4. Ma'naviyat yulduzlari. - T.: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashryoti, 1999.

5. Oyina.uz sayti.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.