INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
VOLUME 1, ISSUE 2, 2022
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
KAUZATSIYA
Turniyazov Behzod Nigmatovich
Sharq tillari fakulteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Samarqand, O 'zbekiston E-mail: [email protected] https://orcid.ors/0000-0003-0772-1129
Annotastiya: Tadqiqotning maqsadi kauzativlik tushunchasini derivativ jihatdan o'rganishdan iborat. Maqoladagi nazariy fikrlarni yoritishda struktur tilshunoslikning derivatsion metodidan foydalanildi. Natijada kauzativ qurilmalarning mazmuniy-sintaktik maqomi, morfosintaktik kauzativli derivatsiyaning voqelanishi, sodda gap, murakkab sintaktik qurilma va makromatnda kauzativlikning ifodalanishi ilmiy asoslandi hamda mazkur jarayondagi kauzator, kauzant va konsekvent munosabatlarining ifodasi ochib berildi. Ushbu xulosalarga kelishda qator tilshunoslarning shu sohadagi ilmiy qarashlari tahlil etildi. Ilmiy mulohazalarimizni dalillashda o 'zbek adiblarining asarlaridan olingan faktik til materiallariga murojaat etildi.
Kalit so'zlar: kauzatsiya, derivatsiya, kauzator, kauzant, konsekvent, konstanta, kauzatema, operator, operand, kauzaderivat.
https://doi.org/10.5281/zenodo.7222117
ПРИЧИНА
Турниязов Бехзод Нигматович
Факультет восточных языков Самаркандского государственного института
иностранных языков, Самарканд, Узбекистан E-mail: [email protected] https://orcid.ors/0000-0003-0772-1129
Аннотация: Целью исследования является изучение понятия причинности с производной точки зрения. Для уточнения теоретических моментов в статье использован деривационный метод структурной лингвистики. В результате были научно обоснованы содержательно-синтаксический статус каузативных устройств, встречаемость морфосинтаксического каузативного словообразования, простого предложения, сложного синтаксического устройства, выражение каузальности в макротексте, выражение каузативных, каузативных и следственных отношений в макротексте. этот процесс был раскрыт. Придя к этим выводам, были проанализированы научные взгляды ряда лингвистов в этой области. В доказательстве
INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
VOLUME 1, ISSUE 2, 2022
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
своих научных взглядов мы ссылались на фактические языковые материалы, взятые из произведений узбекских писателей.
Ключевые слова: причинность, деривация, каузатор, каузаланта, консеквент, константа, причинность, оператор, операнд, каузальная производная.
CAUSATION
Turniyazov Behzod Nigmatovich
Faculty of Oriental Languages, Samarkand State Institute of Foreign Languages,
Samarkand, Uzbekistan E-mail: [email protected] https://orcid.org/0000-0003-0772-1129
Annotation: The purpose of the research is to study the concept of causation from a derivative point of view. The derivational method of structural linguistics was used to clarify the theoretical points in the article. As a result, the substantive-syntactic status of causative devices, the occurrence of morphosyntactic causative derivation, simple sentence, complex syntactic device, and the expression of causation in macrotext were scientifically substantiated, and the expression of causative, causative, and consequent relations in this process was revealed. In reaching these conclusions, the scientific views of a number of linguists in this field were analyzed. In proving our scientific opinions, we referred to factual language materials taken from the works of Uzbek writers.
Key words: causation, derivation, causator, causalant, consequent, constant, causality, operator, operand, causal derivative.
KIRISH
Mazkur maqolada kauzativlik hodisasi xususida fikr va mulohazalar bildirilgan. Jahon tilshunosligida kauzativlik tushunchasi ancha keng tadqiq etilgan bo'lsa-da, ularning birortasida uning derivatsion xususiyatlari yoritib berilmagan. Taqdim etilayotgan maqola esa kauzativlik ifodasini aynan derivatsion jarayon bilan bog'liq holda nazariy jihatdan o'rganuvchi tadqiqot ishi sifatida shakllandi. Bundan tashqari, o'zbek tilshunosligida kauzatsiya xususidagi masalaning ilk marotaba kun tartibiga qo'yilishi tilshunosligimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
ADABIYOTLAR SHARHI
Tilshunoslikda kauzativlik mavzusi izohlangan qator ilmiy tadqiqot ishlari amalga oshirildi. Masalan, bu xususda tilshunos olimlardan T.G.Xazagerov, B.A.Musukov, Y.V.Baklagova, Y.G.Testeles, E.Y.Gordon, V.S.Xrakovskiy, I.A.Melchuk va boshqalar fikr va mulohazalarini aytib o'tdilar.
T.G.Xazagerov kauzativ fe'llar yasama ekanligi haqidagi fikmi ilgari suradi va ularning ot, sifat so'z turkumlari asosida ham yasalishi mumkinligini izohlab o'tadi: везти-возить (tashimoq-tashitmoq), отрезветь-отрезвить (hushiga kelmoq-hushiga keltirmoq),
INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
VOLUME 1, ISSUE 2, 2022
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
обезлюдеть-обезлюдить (odamsiz bo'lib (huvillab) qolmoq-odamsiz bo'lib (huvillatib) qoldirmoq) kabi[1.24].
Aytish kerakki, masalaga bunday yondashuv turkiy tillarga (ayrimlarini hisobga olmaganda) xos emas. Chunki turkiy tillarda, jumladan, o'zbek tilida fe'l yasovchi qo'shimchalar bilan uning kauzativ ma'no ifodalovchi, orttirma nisbatni hosil qiluvchi, qo'shimchalarining chegarasi aniq sezilib turadi. Lekin B.A.Musukov «Морфологическая деривация глаголов в карачаево-балкарском языке» nomli doktorlik dissertatsiyasida qorachoy-bolqor tilida -t, -dir, -ar kabi fe'lning orttirma nisbati qo'shimchalari yangi so'z yasash uchun xizmat qilishini va bu orqali yasama fe'llar hosil bo'lib, qorachoy-bolqor tilining lug'at boyligi kengayishini alohida ta'kidlaydi. Bundan tashqari, ushbu qo'shimchalar bilan yasalgan fe'llarning semantik strukturasida biror harakatga da'vat etish ma'nosi o'z kuchini yo'qotganini ham aytadi va misol tariqasida quyidagilarni keltiradi: бил-«знать» - билдир-«сообщать»; бит-«расти» - битдир-«выращивать» [2.17].
Bizningcha, mazkur fikr bilan qo'shilish qiyin. Zero, olim keltirgan misollarda da'vat etish ma'nosining borligi hamda yangi so'z yasalmayotganligi kuzatiladi. B.A.Musukov orttirma nisbat hosil qiluvchi qo'shimchalarni (kauzativ affikslarni) so'z yasovchilar deb xulosa chiqarmasdan, ularning ayrimlari fe'l yasovchi qo'shimchalar bilan omonimlik holatida bo'lishini izohlab o'tganida to'g'ri bo'lar edi: ich (fe'l) + ir (kauzativ) - gap (ot) + ir (yasama fe'l).
Y.V.Baklagova sintaktik kauzatsiya haqida mulohaza yuritadi. Sintaktik kauzatsiyada kauzativ ma'no «запретить», «заставить», «велеть», «вынудить», «дать» kabi maxsus fe'llar bilan ifodalanishini, o'z navbatida, bu fe'llar harakatni bajarishga, holatni o'zgartirishga sabab bo'lishini va, ayni paytda, makrokauzativ jarayon shakllanishini ta'kidlaydi: Он заставил меня порвать документ = Он каузировал (отношение каузации), определенным воздействием (каузирующее действие), документ изменил состояние - оказался разделенным на части (каузируемое состояние)[3].
Bizningcha, olim makrokauzativ jarayonni torroq tushunadi. Aslida makrokauzatsiya faqat gapda emas, balki mikromatn hisoblanuvchi MSQ (Murakkab sintaktik qurilma-an'anaviy tilshunoslikda «qo'shma gap» termini bilan atalayotgan mikromatn) va makromatn sathida vujudga keladi. Zero, MSQ mikromatn maqomida tadqiq etilar ekan, u nutq birliklarini jamlashi bilan gapning integrativ xususiyatidan farq qiladi. Shu bois yuqoridagi misolni murakkab sintaktik qurilma tarzida shakllantirsak maqsadga muvofiq bo'lar edi: Он заставил меня порвать документ, поэтому я порвал его. Он заставил меня порвать документ и я порвал его kabi.
Y.G.Testelesning morfologik kauzatsiyaning analitik turi tabiati talqiniga bag'ishlagan fikriga ko'ra, kauzativlikning analitik vositalar bilan ifodalanishi maxsus yordamchi fe'llar bilan hosil bo'ladi va bu faqat ingliz, nemis hamda fransuz tillariga xosligi ta'kidlanadi. Bundan tashqari, olim morfologik kauzativlikning analitik turini sintaktik kauzativlik bilan bir xil hodisa sifatida talqin qiladi[4.432]. Bizningcha, mazkur fikrning e'tirozli tomonlari bor. Kauzativlik tushunchasining yordamchi fe'llar bilan izohlanishining o'zigina sintaktik kauzativlikni to'liq yoritib bera olmaydi. Sintaktik kauzativlik deganda esa biz til belgilarining mikro- yoxud makrosintagmatik munosabatda turli xil lingvistik unsurlar yordamida kauzativ
INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
VOLUME 1, ISSUE 2, 2022
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
ma'no og'ushida faollashuvini tushunamiz. Agar, Y.G.Testeles aytganidek, analitik kauzatsiyada kauzativ ma'no yordamchi fe'llar bilan hosil bo'ladigan bo'lsa, u holda kauzativ qurilmalarning bu turini faqat analitik tillarda emas, balki agglyutinativ tillar materiallari asosida ham kuzatishimiz mumkin.
E.Y.Gordon kauzativlik xususida fikr yuritganda quyidagi xulosaga keladi: «Kauzativlikni grammatik kategoriya deb bilish noo'rin, zero, kauzativlik ma'no ifodasi o'zining doimiy ko'rsatkichlariga ega emas»[5.5].
E.Y.Gordon ta'kidlaganidek, kauzativlik grammatik kategoriya emas, albatta, lekin ushbu tushunchani ifodalaydigan doimiy ko'rsatkichlari yo'q deb xulosa chiqarish, bizningcha, maqsadga muvofiq emas. Chunki kauzativlikning tillarda turli vositalar bilan ifodalanishining o'zi ham uning doimiy ko'rsatkichlari mavjudligidan dalolat beradi. Masalan, sanskritda: janati (tug'iladi) - jan-ay-ati (tug'diradi) - fleksiya (markerli kauzativ); rus tilida: умереть - убить - suppletiv kauzativ; o'zbek tilida: ko'rdi - ko'r-sat-di - postfiksli kauzativ(markerli); fransuz tilida: Je ferai écrire une lettre au directeur par Jean (Men Janni direktorga maktub yozishga majburlayman) - analitik kauzativ. Bunda kauzativlikning morfologik unsurlar (ko'rsatkichlar) yordamida ifodalanayotgani izoh talab qilmaydi.
Kauzativlikning derivatsion tamoyilga ko'ra tadqiq etilishini rus tilshunosi V.S.Xrakovskiyning ilmiy qarashlarida kuzatamiz. Jumladan, olim «Каузативная деривация (особый случай)» nomli maqolasida o'z mulohazalarini arab tili materiallari asosida izohlaydi va buni aktantli derivatsiya deb ataydi.
Shuni aytish kerakki, derivatsiyaning har qanday turida «operator», «operand», «derivat» terminlaridan foydalanamiz. Garchi, V.S.Xrakovskiyning o'zi operatorga derivatsiyaning mutlaq egasi deb baho bergan bo'lsa-da[6.496-497], mazkur maqolasida bunday terminlarni iste'molga kiritmaydi. Olimning «адресат», «бенефактив», «малефактив», «инструмент» kabi terminlarni qo'llashi esa ishni ko'proq semantik sintaksis sohasiga moyil qilib qo'yadi. U holda maqoladagi materiallarni semantik derivatsiya doirasida tahlil qilishga to'g'ri keladi.
I.A.Melchuk kauzativlikni hosil qiluvchi qo'shimchalar bilan nisbat shakllarini farqlash kerakligini ta'kidlaydi va quyidagi fikrni bildiradi:
«An'anaviy tavsiflarda kauzativ nisbatlardan biri sifatida qaraladi. Biroq bunday yondashuv xatodir. Ularning bir-biridan farqi quyidagilarda ko'rinadi: 1)kauzativ ma'lum bir ma'no ifodasini beradi, nisbat esa hech qanday ma'no bilan bog'lanmaydi; 2) kauzativ va nisbat mavjud bo'lgan tillarda kauzativ so'z yasashga, nisbat esa so'z o'zgartirishga xosdir; 3) bir so'z shaklida hech qachon turli nisbat shakllari bir-biri bilan moslashmaydi, kauzativ esa moslashadi; 4) nisbat shakli bir so'zda ikki va undan ortiq marta qo'llanmaydi, kauzativ esa qo'llanishi mumkin. Masalan (arab, fransuz, ruanda tillari bilan bir qatorda turk tilidan ham misol keltirilgan): pi§ (fe'l o'zagi), pi§+ir (kauzativ), pi§+ir+t (ikki karra kauzativ); ol (fe'l o'zagi), ol+dür (kauzativ), ol+dür+t (ikki karra kauzativ)»[7.385-387]. Nisbat va mayl shakllarining grammatik ma'no ifodalashga xizmat qilishi izoh talab qilmaydi, albatta. Shu bois olimning nisbat shakllari hech qanday ma'no bilan bog'lanmaydi degan fikriga qo'shilib bo'lmaydi. Kauzativ va nisbat mavjud bo'lgan tillarda kauzativ so'z yasashga, nisbat esa so'z o'zgartirishga xosdir degan qoida, bizningcha, turkiy tillarga to'g'ri kelmaydi.
INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
VOLUME 1, ISSUE 2, 2022
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
TADQIQOT METODOLOGIYASI VA EMPIRIK TAHLIL
Yuqoridagi fikrlarni tahlil qilgan holda biz kauzativlikni semantik hamda sintaktik derivatsiya qonuniyati asosida o'rgandik. Semantik derivatsiya til belgilari ifodalanuvchi tomonining kengayishi natijasida hosil bo'ladigan semantik derivatlarni taqozo etadi. Bu jarayonda kauzal ma'noning shakllanishini ham kuzatamiz, zero, mazkur vaziyatda bir-biriga mushtarak bo'lgan sababiyatlar ma'nosi kengayishi voqelanadi. Shu bois derivatsiyaning bu turini kauzasemantik derivatsiya deb ataymiz.
Qiyom vaqti. Og'ilda sigir ma'raydi. Uni podaga yubormaydilar: bir ko'zi ko'r bo'lganidanmi podadan qaytishda shoxi bilan konkaning oynasini sindirib qo'ygan. Bobom qattiq xafa bo'lib, bir so'mmi, yarim so'mmi jarima to'lagan (Oybek. Bolalik).
Keltirilgan misol abzas shaklidagi makromatn bo'lib, uning sintaktik derivatsiyasida tayanch struktura muhim rol o'ynaydi, chunki makromatn shakllanishida uning barcha operandlari tayanch strukturaning ma'no salmog'iga tayanadi. Mazkur makromatnda tayanch struktura vazifasini uning ikkinchi operandi bajaradi. Ammo berilgan matnning kauzasemantik derivatsiyasida uning uchinchi operandi muhim ahamiyat kasb etadi, chunki kauzal ma'noning hosilasi aynan shu operandning matnning boshqa muchalari bilan kauzatsiyalanishning mantiqiy bog'lanishi natijasida ro'yobga chiqqan hisoblanadi:
1) Uni podaga yubormaydilar (oqibat);
2) bir ko'zi ko'r bo'lgan (sabab) - podadan qaytishda shoxi bilan konkaning oynasini sindirib qo'ygan (oqibat) - birinchi kauzaderivat;
3) podadan qaytishda shoxi bilan konkaning oynasini sindirib qo'ygan (sabab) - Bobom qattiq xafa bo'lib, bir so'mmi, yarim so'mmi jarima to'lagan (oqibat) - ikkinchi kauzaderivat;
4) Bobom qattiq xafa bo'lib, bir so'mmi, yarim so'mmi jarima to'lagan (sabab) - Uni podaga yubormaydilar (oqibat) - uchinchi kauzaderivat.
Kauzatsiyani sintaktik rejada ham tahlil qilishimiz mumkin. Buni mikro- va makrosintaktik tamoyillarga asoslangan holda amalga oshiramiz. Mikrosintaktik kauzatsiyada morfemalar va ko'makchi fe'lli so'z qo'shilmalarining kauzal ma'noni ifodalashdagi applikativ funksiyasi o'z ifodasini topadi.
Ta'kidlash kerakki, so'z o'zagiga fe'l yasovchi affiks qo'shilishi natijasida derivatema hosil bo'ladi. Masalan, bosh+la shaklidagi yasama fe'l leksik derivatsiya mahsuli hisoblanadi. Mavjud hosilani derivatema deb ataymiz. Fe'lning lug'aviy shakl hosil qiluvchi qo'shimchasini biriktirgan formasi esa grammema hisoblanadi: jo'na+t kabi. Shunga ham e'tibor berish kerakki, agar yasama so'zga kauzativ shakl qo'shilsa, mazkur hosila derivatemaligicha qoladi: bosh+la+t kabi. Ammo ushbu so'zning kauzativlik ko'rinishi uning asosiy konstantasi (k - kauzativ situatsiyada qator o'zgarishlarga uchraydigan doimiy holat yoki xulosa) hisoblanadi, chunki yasovchi qo'shimchadan keyin birikayotgan orttirma nisbat shakli uning grammatik ma'noning ma'lum turiga xoslanganligini belgilab keladi. Shu bois uni kauzatema deb nomlaymiz. Masalan, bosh+la+t, quyuq+lash+tir, g'iyq+illa+t so'zlaridan ikkinchi va uchinchisining konstanta ko'rsatkichi (k) uchga teng: 1-kauzativ muhit (C-kauzativ situatsiya), 2-kauzatsiyalovchi shaxs (S-subyekt), 3-kauzatsiyalanuvchi individ (I). Ammo birinchi so'zning (bosh+la) nutqda buyruq shaklidagi holatini e'tiborga olsak, uning konstantasi beshga teng bo'ladi. Zero, fe'lning boshla formasi orqali ham da'vat etish ma'nosi
INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
VOLUME 1, ISSUE 2, 2022
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
borligi kuzatiladi. Qiyoslang: (Sen) boshla-birinchi individ dastlabki situatsiyada kauzatsiyalanyapti; (Sen) boshlat -II shaxs yana kimnidir keyingi makrosituatsiyada (avvalgisiga nisbatan) kauzatsiyalashi kerak. Mazkur vaziyatda u k=C1+S^I1+C2^I2 ga teng bo'ladi. Lekin quyuq+lash, g'iyq+illa kabi fe'llarga nisbatan formulaning bu ko'rinishini qo'llay olmaymiz, chunki ular shaxsga qarata ishlatilmaydi (badiiy jonlantirishni hisobga olmasa, albatta).
Kauzativlikning ifodalanishida biz qo'zg'ash, ta'sir etish ma'no ifodalarini yuzaga chiqaruvchi ko'makchi fe'lli so'z qo'shilmalarini, qo'shma va ayrim mustaqil fe'llarni analitik vosita sifatida talqin qilamiz:
Shahar sovetiga meni yetaklab borib, nomimga qaror chiqazdirib berdi (S.Ahmad. Yo'qotganlarim va topganlarim).
Keltirilgan misolda bermoq fe'li yordamida shakllangan analitik vosita orqali yuzaga chiqayotgan kauzativ munosabatning faktiv rejada amalga oshayotganini ko'ramiz. Bunda subyekt bir yo'la ikki individni faollashtirmoqda. Birinchidan, u avvalgi individga ta'sir etib, uni bir punktga yo'naltirmoqda, ikkinchidan, keyingi individga ta'sir etib, unga ma'lum bir amalni bajartirmoqda. Yuzaga chiqayotgan kauzal munosabat yetaklab borib, chiqazdirib berdi shaklidagi analitik kauzatemalar orqali amalga oshmoqda. Bunda yetaklab borib analitik kauzatemasidan bir punktdan ikkinchi punktga yo'nalganlik harakatining to'liq tugallanganligi va bu vaziyatda kauzator kauzantni ma'lum bir joyga yurishga undagani anglashilmoqda. Analitik kauzatemalarning o'ziga xos tomoni shundaki, ikki fe'lning birikishi sintaktik derivatsiya hosilasini taqozo etsa, yetakchi va ko'makchi fe'l qurshovida voqelanayotgan ma'no esa semantik derivatsiya mahsulini beradi: yetaklamoq, bormoq- operand; -b- -operator; yetaklab bormoq - mikrosintagmatik munosabat; ma'lum bir punktga yo'nalganlik harakatining davomiyligi - semantik derivat; ta'sir etish, qo'zga'sh ma'nosini beruvchi ikki fe'lning birikuvi - analitik shakldagi kauzatema. Chiqazdirib berdi shaklida voqelanayotgan kauzaderivativ situatsiyada kauzatorning bir individga ta'sir etishi oqibatida yuzaga chiqayotgan harakat ifodasi natijasi o'zga shaxs uchun qaratilganligi aks etmoqda. Zero, kauzator bir individ uchun ikkinchi individni kauzatsiyalamoqda va buning oqibatida kauzal harakatning to'la yakunlanganligi ifoda etmoqda. Bu mazmun yetakchi va ko'makchi fe'lning analitik formada yaxlitlanganligi tufayli ro'yobga chiqmoqda. Ushbu vaziyatda analitik shaklning yetakchi qismida garchi -az, -dir orttirma nisbat affikslari o'rin olgan bo'lsa-da, kauzativlikning mazkur shaklini affiksatsiya usulida voqelangan kauzativlik deb bo'lmaydi. Lekin bu holat qo'shimchalarning analitik kauzativatsiyada ahamiyati muhim ekanligini inkor etmaydi. Zero, kauzal ma'no aynan ana shu qo'shimchalar tufayli o'z ifodasini topadi. Bundagi oxirgi o'lchov yetakchi va ko'makchi fe'l munosabatini taqozo etgani bois biz uni analitik deb yuritamiz.
Makrosintaktik qurilmalar kauzativli derivatsiyasida sodda gap, mikromatn maqomida keluvchi murakkab sintaktik qurilmalar hamda makromatnning kauzativ ma'no qurshovidagi sintaktik derivatsiyasi o'z ifodasini topadi. Derivatsiya keng qamrovli bo'lib, applikativ, transformatsion, bevosita ishtirokchilar metodlari kabi ish mexanizmlari bilan faoliyat yuritadi. Masalan: Echkimiz...tipirchilab odamni bezor qilardi. Shunda birontamiz uning orqa oyoqlarini ushlab turishga majbur bo'lardik (O'.Hoshimov. Saylanma. II jild).
INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
VOLUME 1, ISSUE 2, 2022
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
Ushbu misoldagi fikr nutq egasi aytgan holati bo'yicha berilmoqda. Biroq so'zlovchi fikrini boshqa ko'rinishda ham yetkazishi mumkin. Buni transformatsion metod orqali o'rganamiz. Nutq birliklari elementlarining bir-biri bilan o'zaro birikishi applikativ modelga tayanilgan holda tadqiq qilinadi. Ularning mantiqiy munosabati e'tiborga olinganda esa semantik derivatsiya qonuniyatiga amal qilinadi (Bu mantiqiy-semantik applikatsiya ham deyiladi). Ushbu birliklar qanaqa elementlardan tarkib topganini bilishimiz uchun bevosita ishtirokchilar metodiga murojaat etamiz. Jumladan, keltirilgan misolda analitik kauzatemalar sintaktik jihatdan alohida tub struktura maqomida kelmoqda. Biroq so'zlovchi nutqini boshqa ko'rinishda (transformada) voqelantirsa, sodda gaplarning birinchisida tub struktura mavqeyini egallagan analitik kauzatema (bezor qilardi) derivatsiya tarixi uchinchi bosqichining operatorini (-(a)yotgan tarzidagi sifatdosh shaklini) biriktirib kelayotgan operandiga aylanadi. Qiyoslang: Echkimiz...tipirchilab odamni bezor qilardi. Shunda birortamiz uning orqa oyoqlarini ushlab turishga majbur bo'lardik.- (Shunda) birortamiz tipirchilab odamni bezor qilayotgan echkining orqa oyoqlarini ushlab turishga majbur bo'lardik. Mazkur misol tahlili transformatsiyaning kontaminatsiya usulida amalga oshirilgan bo'lib, unda ikki elementar gap asosida murakkab shaklli mustaqil gapning voqelanishini kuzatamiz. Aytib o'tganimizdek, birinchi gapdagi analitik kauzatema sifatdosh kategoriyasiga ko'chib, funksional transpozitsiya hodisasini vujudga keltirmoqda. Bunda transpozitsiya hodisasi transformatsion jarayonning shakllanishi uchun vosita bo'layotganini ko'ramiz. Transformatsiyaga uchragan gapning mazmuniga putur yetmaganligi sababli, kauzativ qurilma kauzatorining mavqeyi ham o'zgarmaydi, jumladan, misoldagi «echki» so'zi kauzatorligicha qoladi. Zero, kauzativlik tushunchasi semantik hodisadir.
Teng komponentli MSQ komponentlari alohida tub strukturalarning mavqeyiga tayanadi. Ushbu tub strukturalar teng komponentli MSQ sintaktik derivatsiyasida har biri mustaqil gaplarni taqozo etuvchi operandlarning mazmuniy asosini tashkil etadi hamda bu tub strukturalar zamirida avval tayanch strukturalar, so'ngra MSQning umumiy shakli voqelanadi:
Bag'dod xalifasi An-Nosirning Chingizxon ila olib borgan maxfiy muloqotlari o'z mevasini bergan, yovuz mo'g'ullarning yuz o'ttiz minglik qo'shini saltanat hududlariga allaqachon bostirib kirgandi (N.Qobul. Buyuk Turon amiri yoxud aql va qilich).
MSQ sintaktik derivatsiyasida har biri mustaqil gaplarni taqozo etuvchi operandlarni ko'ramiz. Ushbu operandlarning birinchisining tub strukturasi turg'un birikma shaklidagi (o'z mevasini bergan) vosita bilan, ikkinchi operandning tub strukturasi esa bostirib kirgandi tarzidagi analitik kauzatema orqali ifodalanmoqda. Mazkur derivatsion jarayonda shunga e'tibor berish kerakki, MSQ ikkinchi komponentining tub strukturasi kauzativ bo'lganligi uchun mavjud mikromatnning umumiy tuzilishi ham kauzativ qurilma hisoblanadi.
Kauzal matnlar bir komponentli va ko'p komponentli kabi turlarga bo'lib tahlil qilinadi. Ammo bir komponentlilikni nisbiy tushunmoq darkor. Masalan, kauzal matn bir komponentli bo'lib shakllangandek ko'rinsa-da, aslida vaziyat buni taqozo etmaydi. Zotan, kauzativ jarayon X (kauzator) - Y (kauzant) - Z (konsekvent - semantik xulosa) tarzida voqelanar ekan, unda doim ko'pkomponentlilik alomati kuzatiladi. Ba'zan nutq vaziyatida kauzativatsiyaning faktiv hamda permissiv turlarining bir matnda voqelanishini kuzatamiz:
Mard Alpomish og'a, munda kelsang-chi,
INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
VOLUME 1, ISSUE 2, 2022
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
Qaldirg'ochning bir so'zi bor ko'rsang-chi,
Erkakman, deb yuribsan jurtingda,
Boshingdagi to'pping menga bersang-chi!
O'z yoringdan qo'rqib yursang Qo'ng'irotda,
Sovutingni men ustima kiyayin,
Chovkar oting men ustiga minayin (Alpomish).
Ushbu kauzal matnning kauzaderivativ shakllanishi ikki qismdan iborat bo'lib, uning boshlanish qismida kauzatorning faolligi kuzatiladi. Matnning so'nggi tarkibiy qismida kauzator kauzatsiyalanishi kerak bo'lgan referentga aylanadi. Ayni paytda, kauzaderivativ vaziyatning boshlanish qismidagi faktivlik o'z o'rnini permissivlikka bo'shatib berganligi bois kauzator va kauzantlarning ham roli almashadi.
MUHOKAMA VA NATIJALAR
1. Kauzatsiyalanishning semantik rejada ifodalanishida hodisalarning semantik tahlili metodidan foydalandik. Hodisalarning kauzasemantik tahlili metodi aksariyat hollarda makromatnlarni tahlil qilishda qo'l keladi.
2. Kauzativatsiyada konstanta (k-kauzativ situatsiyada qator o'zgarishlarga uchraydigan doimiy holat yoki xulosa) mavqeyi situatsiya va ishtirokchilar bilan belgilanadi. Kauzativ situatsiyaning kengayishi natijasida, o'z navbatida, ishtirokchilar soni ham orta boshlaydi va keyingi situatsiya avvalgisiga nisbatan makroxarakterli bo'lib qoladi. Natijada, situatsiya va ishtirokchilarni belgilovchi morfologik vositalar (kauzativ affiksal morfemalr) qurshovida derivatsiya vujudga keladi. Bu jarayon kauzaderivatsiya deb ataladi. Kauzaderivatsiya hosilasi sifatida kauzatema tarkib topadi.
3. Tilshunoslikda kauzativlikning analitik planda shakllanishi sintaktik kauzatsiya deb qaralmoqda. Bu vaziyatda analitik formaning bir gap bo'lagi vazifasida kelishi e'tiborga olinmoqda. Mazkur holat kauzativlikning sintaktik jihatdan yoritilishini to'liq ochib bera olmaydi, zotan, sintaktik kauzativlik makroxarakterli bo'ladi. Shuning uchun kauzativlikning analitik vositalar bilan ifodalanishini morfologik kauzatsiyaning analitik turi deb talqin qilish to'g'ri bo'ladi.
4. Kauzativ turdagi MSQning sintaktik derivatsiyasida tub strukturalarning ikkalasi yoki ularning bittasi kauzal shaklda bo'lishi mumkin. MSQ shakllanishining ikkala holatida ham murakkab sintaktik kauzativli qurilma (MSKQ) tarkib topadi. Zotan, MSQ operandlari sabab va oqibat mazmuniy munosabati qurshovida yaxlitlanib, umumiy planda qo'zg'ash harakatini voqelantiradi.
5. Kauzal matnlar bir komponentli va ko'p komponentli kabi turlarga bo'lib tahlil qilinadi. She'riy matnlar to'lig'icha kauzativ bo'lib shakllanishi mumkin. Ammo dostonlardan olingan kauzativ parchalar ma'lum bir matnning kauzativ komponenti hisoblanadi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Derivatsiyaning kauzaderivatsiya degan turi mavjud bo'lib, bu vaziyatda operator asosiy unsur vazifasini bajargani tufayli kauzativ qurilmalar tarkibiy qismlarini derivativ munosabatga olib kiruvchi vositalar kauzaoperator maqomida keladi.
Analitik vositalar morfologiyaning o'rganish obyekti bo'lganligi bois analitik usuldagi kauzativlik sintaktik emas, balki morfologik kauzatsiyaning analitik turi hisoblanadi.
INNOVATION: THE JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES AND RESEARCHES
VOLUME 1, ISSUE 2, 2022
INTERNATIONAL SCIENTIFIC JOURNAL
O'zbek tilshunosligida fe'lning orttirma nisbati, buyruq-istak mayli kategoriyalari, shuningdek, buyruq gap va sabab ergash gapli qo'shma gap kabi qurilmalarning o'rganilishi morfologik hamda sintaktik reja asosida amalga oshirilgan, ammo ular kauzativlik jihatdan tekshirilmagan, mazkur ishda esa bu tushunchalarning kauzativizatsiyaning ish mexanizmlaridan biri ekanligi dalillanib, ular ifodasi orqali yuz berayotgan vaziyat kauzator, kauzant va konsekvent munosabatlariga tayanishi aniqlandi.
Maqolada to'lig'icha kauzativ vaziyatga tayangan makromatnlar ham shakllanishi mumkinligi o'z aksini topgan va kauzativlik derivativ jihatdan tadqiq etildi.
Kauzativlikning voqelanishida analitik vositalarning faqat Yevropa tillarida emas, balki turkiy tillarda, jumladan, o'zbek tilida ham, azaldan o'z ichki xususiyatlari zamirida to'laqonli ravishda shakllangani ochib berilgan.
Tadqiqot natijalarining ilmiy ahamiyati olingan muhim ilmiy xulosalar va umumlashmalar kelgusida shu sohada yaratiladigan yangi ilmiy ishlarning vujudga kelishida nazariy asos bo'lib xizmat qilishi mumkinligi bilan izohlanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI
1. Хазагеров Т.Г. Каузативность: статус и эволюция средств выражения в русском языке//Филологический вестник Ростовского государственного университета, №.1, 1998.
2. Мусуков Б.А. Морфологическая деривация глаголов в карачаево-балкарском языке//Автореф.дис.докт.филол.наук.-Нальчик, 2011.
3. Баклагова Ю. В. Семантика контактных и дистантных каузативов (на материале русского и немецкого языков)//Вестник Адыгейского государственного университета. Серия 2: филология и искусствоведение, №. 1, 2009.
4. Тестелец Я.Г. Введение в общий синтаксис. -М.: РГГУ, 2001.
5. Гордон Е. Я. Каузативные глаголы в современном русском языке// Автореф. дис. канд. филол. наук: -М., 1981.
6. Храковский В.С. Трансформация и деривация//Проблемы структурной лингвистики. -М.: Наука, 1973.
7. Мельчук И. А. Курс общей морфологии. Том II. Часть вторая: морфологические значения. -Москва-Вена: Язык русской культуры, 1998.