Научная статья на тему 'JAMIYATDA ANʼANAVIY VA ZAMONAVIY QADRIYATLAR DIALEKTIKASINI TAʼMINLASHNING IJTIMOIY-FALSAFIY ASOSLARI'

JAMIYATDA ANʼANAVIY VA ZAMONAVIY QADRIYATLAR DIALEKTIKASINI TAʼMINLASHNING IJTIMOIY-FALSAFIY ASOSLARI Текст научной статьи по специальности «Философия, этика, религиоведение»

CC BY
387
89
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
qadriyat / anʼana / anʼanaviy qadriyatlar / zamonaviy qadriyatlar / jamiyat barqarorligi / kapitalizm / sotsializm / liberalizm demokratiya / anʼanaviylik konsepsiyasi / taraqqiyot yo‘nalishlari / islom dini / milliy g‘oya / ценности / традиция / традиционные ценности / современные ценности / социальная стабильность / капитализм / социализм / либерализм / демократия / концепция традиции / направления развития / ислам / нatsiональная идея

Аннотация научной статьи по философии, этике, религиоведению, автор научной работы — Oripov Elyorjon Shavkatovich

Ushbu maqolada jamiyat barqarorligini taʼminlashda anʼanaviy va zamonaviy qadriyatlarni uyg‘unlashitirish zarurati ilmiy falsafiy jihatdan tahlil etilgan. Maqolada hozirda mavjud bo‘lgan taraqqiyot modellari tanqidiy tahlil etilib, ularni jamiyat barqarorligiga taʼsirlari atroflicha yoritilgan

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

SOCIO-PHILOSOPHICAL BASIS OF PROVIDING THE DIALECTIC OF TRADITIONAL AND MODERN VALUES IN SOCIETY

В данной статье анализируется необходимость гармонизации традиционных и современных ценностей в обеспечении стабильности общества. В статье расматривается современные модели развития и их влияние на стабильность общества

Текст научной работы на тему «JAMIYATDA ANʼANAVIY VA ZAMONAVIY QADRIYATLAR DIALEKTIKASINI TAʼMINLASHNING IJTIMOIY-FALSAFIY ASOSLARI»

JAMIYATDA AN'ANAVIY VA ZAMONAVIY QADRIYATLAR DIALEKTIKASINI TA'MINLASHNING IJTIMOIY-FALSAFIY ASOSLARI

E.Sh. Oripov -

QDPI katta o'qituvchisi

d https://doi.org/10.24412/2181-7294-2023-2-136-14Q

Jahon ijtimoiy, iqtisodiy va ma'naviy hayotida kechayotgan o'zgarishlar an'anaviy va zamonaviy qadriyatlar o'rtasidagi dialektik determinizmni ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Uchinchi ming yillikning boshlanishi turli davlatlarda millatlar va madaniyatlarning assimilyatsiyasi, jamiyatlarda etnomadaniy identiklikni yuksaltirishga qaratilgan halqaro munosabatlar tizimi takomillashmoqda. XXI asrda yangi shakl va mazmundagi institutlarning vujudga kelishi voqelikdagi jarayonlarga aksiologik yondoshuvni zaruratga aylantirmoqda. Jahon ijtimoiy tafakkurida polifunksional aksiologik munosabatni shakllantirish voqelikni ratsionalistik va praksiologik jihatlarini rivojlantirishning asosiy omili sifatida qaralmoqda. Bugun ma'naviy qashshoqlik, milliy chegaralarning yuvilishi, lokal an'ana va qadriyatlarning universallashuvi kabi destruktiv hodisalarning vujudga kelishi an'anaviy va zamonaviy qadriyatlar dialektikasini ijtimoiy-falsafiy jihatdan tadqiq etishni dolzarbligini ko'rsatmoqda.

Yangi O'zbekistonni barpo etishda rivojlangan mamlakatlar tajribasini an'anaviy qadriyatlarimiz bilan uyg'un holatda amaliyotga tatbiq etishni strukturaviy-funksional jihatlarini tahlil etish zarur. Zamonaviy qadriyatlarni xalqimizning asrlar davomida shakllangan tarixiy-madaniy an'analari negizlariga asoslanib milliy zaminga joriy etish, totalitar tuzum shakllantirgan tushunchalarni zamonaviy demokratik paradigma bilan almashtirish "Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi"ni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning "Azaliy milliy qadriyatlarimiz, ota-bobolarimizdan meros bo'lib kelayotgan odob-axloq"[1] degan fikri, Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasini rivojlantirish jarayonida an'anaviy va zamonaviy qadriyatlar dialektik determinizmini ta'minlashning muhim konseptual asosidir.Yangilanayotgan jamiyatimiz a'zolari uchun ideal andoza sifatida G'arb jamiyati qadriyatlari tanlanishi, ijtimoiy-siyosiy munosabatlarni belgilashda ularga taqlidan ergashish bizningcha, mustaqil fikrli va sobit e'tiqodli kishilardan tashkil topadigan fuqarolik jamiyati vakillari uchun nomaqbuldir. Masalan Janubiy-Sharqiy Osiyodagi ko'pgina mamlakatlar jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotini isloh qilishda zamonaviy qadriyatlardan voz kechib, o'zining an'anaviy qadriyatlari (ijtimoiy mas'uliyat, mehnatsevarlik. sabrlilik, o'zaro yordam, mehr-oqibat) asosida rivojlanish yo'lini tanladi. Ayni paytda har qanday ko'rinishdagi G'arb andozalaridan to'la voz kechib mahalliy imkoniyatlardan foydalanishni lozim topdi. Amerikalik siyosatshunos olim Semyuel Xantington o'zining "Tamaddunlar to'qnashuvi" asarida Singapur davlati ijtimoiy hayotiga ingliz tili chuqur kirib borgani sari aholi ongida G'arb muhiti ta'siriga tushib qolish xavfi kuchayganini, bu esa hukmron doiralarni ijtimoiy-ma'naviy sohada an'anaviylikni saqlab qolish zaruriy voqelik ekanligi tashvishga solganini ta'kidlaydi. "Ancha bahslardan keyin hukumat besh banddan iborat an'analarga asoslangan ma'naviy-axloqiy mezonlar tizimini ishlab chiqdi: birinchidan, millat va jamiyatni guruh va shaxsdan ustunligi; ikkinchidan, oila jamiyatning asosiy yacheykasi; uchinchidan, shaxsni hurmat qilish va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash; to'rtinchidan, bahs o'rniga murosa; beshinchidan, irqiy va diniy uyg'unlik" [2].

Ushbu tizimdagi barcha xususiyatlar an'anaviylik mohiyatiga hamohang bo'lib, ijtimoiy taraqqiyot avvalo milliy asoslarga tayanishi zarurligini yana bir bor isbotladi. Zamonaviy jamiyatlarga xos bo'lgan individuallik, manfaatlarning inson "qadri"dan ustunligi yoki "chegara bilmas" inson xuquq va erkinliklari tamoyillari "shaxsni hurmat qilish va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash" kabi an'anaviy qadriyatlar bilan almashtirilgan. Yuqorida keltirilgan dalillar orqali

mamlakatimiz tarqqqiyotini belgilashda milliy qobiqqa o'ralib rivojlanish kerak degan fikrdan yiroqmiz. Aksincha, milliy taraqqiyotni zamonaviy va an'anaviy qadriyatlar dialektikasiga asoslanib shakllantirish zarurligini ta'kidlamoqchimiz. Masalan, Yaponiya davlati G'arbning ilg'or yutuqlarini o'z an'anaviy qadriyatlar tizimiga (jamoada yoshi ulug'larga itoat etish, ijtimoiy mas'uliyat, ijtimoiy sadoqat, milliy or-nomus kuchliligi) asoslanib o'zlashtirgani uchun ham "yapon mo''jiza"sini yaratdi.

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy tizimini modemizatsiyalashda zamonaviy qadriyatlar (ikki palatali parlament, siyosiy hurfikrlilik, pragmatik tafakkur, liberal va demokratik tamoyillar) hamda butun sharq xalqlariga xos bo'lgan ijtimoiy-siyosiy ko'rinishdagi an'analar tizimi (mahalliychilik hamda qarindosh-urug'chilik, siyosiy mahdudlik, boshqaruv tizimlarida iyerarxik munosabatlarning kuchliligi, yoshi ulug'larga so'zsiz itoat etish, mansabdorga fikriy qaramlik) uyg'unligini ta'minlash ko'p vaqt va mehnat talab qiladigan murakkab jarayon hisoblanadi. Ushbu holatni tadrijiy ravishda hal etmaslik ijtimoiy subektlar o'rtasida ma'lum bir ko'rinishdagi nizolarni keltirib chiqarish mumkin. Bizningcha, ushbu ijtimoiy to'qnashuvlar avvalo, boshqaruvda "so'zsiz bajarishga" asoslanuvchi an'anaviy jamiyat xususiyatlari bilan yangicha liberal-demokratik tamoyillarga tayangan zamonaviy qadriyatlar kurashi, qolaversa, foydani ma'naviy mezonlardan ustun ko'ruvchi bozor iqtisodiyotiga asoslangan zamonaviy jamiyat qadriyatlari bilan "qadr"ni "qiymat"dan yuqori baholovchi an'anaviy jamiyat o'rtasida yuzaga keladi.

Mazkur ijtimoiy to'qnashuvlarning oldini olishda an'anaviy va zamonaviy qadriyatlarni ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-ma'naviy jihatlarini dialektik tahlil etish voqelikning zaruriy talabidir:

- ijtimoiy ongda iyerarxik munosabatlarga yangicha munosabatni shakllantirish;

- an'anaviy ko'rinishdagi barcha qadriyatlarni zamon va makon voqeligiga uyg'unlashtirish;

- jamiyat ma'naviy hayotidagi ba'zi yrf-odatlarni (loqaydlik, soddalik, ishonuvchanlik, fikriy qaramlik) yangilash;

- mentalitetimizdagi nuqsonlarga qarshi oshkora ommaviy kurash e'lon qilish;

- bozor iqtisodiyoti sharoitida jamiyat barcha sohalarida halol raqobatga erishish hamda shu yo'l bilan G'arb iqtisodiy jamiyatidan farqli bo'lgan iqtisodiy-ma'naviy tenglikka asoslangan jamiyatni yaratish.

Hozirgi kunda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotida an'anaviy qadriyatlar zamirida shakllanayotgan zamonaviy qadriyatlar milliy taraqqiyotimizni yangi "andoza"si uchun asos bo'lmoqda. Lekin har qanday ko'rinishdagi davlat transformatsiya davrida bir qancha ijtimoiy-siyosiy muammolar tizimiga ro'baro' keladi. Bu vaziyatda ayniqsa, siyosiy lider aqliy zakovati, strategik bilimi juda katta amaliy ahamiyatga ega bo'ladi. Ushbu muammolarni o'z vaqtida ko'ra olmaslik oqibatini Gruziyada "atirgul inqilobi", Ukrainadagi "zarg'aldoq inqilobi", Iroqdagi "qirmizi inqilob"lar misolida anglash qiyin emas.

Zamonaviy qadriyatlar millatning tarixiy-madaniy paradigmasi bo'lgan an'anaviy qadriyatlari bilan uyg'un bo'lsagina ijtimoiy taraqqiyotga xizmat qilishi mumkin. Aynan an'anaviy qadriyatlar hisobga olinmasdan yuritilgan siyosat avvalo millat dardi va ruhiyatidan begona bo'ladi, qolaversa xalq uni zo'ravonlik tarzida qabul qiladi. Bugungi kunda MDH o'rnidagi ko'pgina davlatlarda G'arbiy Yevropa va AQSH hududida shakllangan qadriyatlar tizimini o'z kelajagida ko'rish istagi paydo bo'layotganini anglash qiyin emas. Ayniqsa jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalaridagi o'zgarishlarda buni yaqqol sezish mumkin. Eng xatarlisi, g'arbga xos turmush tarzining barcha ko'rinishlari "zamonaviylashish" sifatida qabul qilinmoqda. Ushbu "zamonaviy qadriyat"larga yuzaki munosabat ijtimoiy o'sishga to'siq bo'luvchi illatlarni shakllantirmoqda. Masalan lyumpenlashuv (shaxs qiyofasining yo'qolishi), poraxo'rlik, korrupsiya, ma'naviy tanazzul ko'rinishlari ("insoniylik" an'analarining qadrsizlanishi, giyohvandlik, oits, odam savdosi), ijtimoiy tushkunlik, o'z turmush tarzidan qoniqmaslik kabi salbiy holatlarning paydo bo'lishi individ ongida ijtimoiy javobgarlik hamda ijtimoiy mas'uliyat hissini zaiflashuviga sabab bo'lmoqda. An'anaviy qadriyatlarning eng muhim jihatlaridan biri unda ijtimoiy mas'uliyatning qadrlanishidir. Muayyan etnik birlik turmush-tarzi va faoliyati barqarorligi voqelikdagi an'ana va qadriyatlarga mas'uliyat bilan yondoshish orqali ta'minlanadi. Ijtimoiy

mas'uliyat an'anaviy jamiyatlarda bir necha vazifalar bajarishligini G. Yonas quyidagicha tahlil qilgan: "insoniy munosabatlarni saqlab qolish, ijtimoiy hamkorlikni ta'sis etish, barqaror rivojlanishni yo'lga qo'yish" [3].

Albatta jamiyatning transformatsiyalashish davri voqelik kishilari ongida bir qator ijtimoiy-iqtisodiy ziddiyatlarni keltirib chiqaradi, hatto muayyan huquq va erkinliklardan, imtiyoz va mulklardan mosuvo bo'lgan qatlamlar tafakkurida nigilizm kayfiyatini uyg'otishi mumkin. Shunday bir vaziyatda o'z taqdiriga befarq bo'lmagan xalq yoki etnik birlik ushbu salbiy holatlarni ijobiy tomonga o'zgartirishning murvatlarini yaratishi zarur. Bunday sharoitda zamonaviy qadriyatlarni mahalliy etnik birlik an'ana va urf-odatlari bilan uyg'unlashtirish maqsadga muvofiqdir. Biz nazarda tutayotgan "zamonaviy qadriyat"lar "axloqiy, siyosiy, xuquqiy qadriyatlar majmuasi" [4]dir.

O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xalqimiz ongi va qalbida yangicha ko'rinishdagi ma'naviy-axloqiy qadriyatlar tizimi shakllanishiga asos bo'lmoqda, bu esa globallashuv jarayonida milliy g'ururni yot ta'sirlardan himoya qilish vositalarini ham yangilashga undaydi. Shu ma'noda, xalq ongida asrlar davomida itoat etib kelgan an'ana va qadriyatlar hamda xo'jalik boshqaruvining an'anaviy usullarining qadri ortib boraveradi. Xususan xalqimiz tafakkurida bugungi yangilanishlar milliy an'ana va qadriyatlarga asoslanishi zarurligi umummilliy konsepsiya sifatida qaror topmoqda. O'tmishning eng og'ir damlarida xalq an'ana va qadriyatlariga tayanadi, ulardan ruhiy madad oladi, shuning uchun har qanday davrlarda ham ularni saqlab qolishga harakat qiladi. An'analar kishilik tarixida ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda katta ahamiyatga ega bo'lgan. An'analar etnik birlik ijtimoiy xulq-atvorini belgilaydi. Ular etnik birlik a'zolari his-tuyg'ulariga ma'naviy ozuqa bo'ladi. Ushbu fikrlarimizni quyida keltirilgan sotsiologik so'rov natijalari bilan asoslash mumkin: "raspondentlarning 73.5%i udum va an'analarga ruhiy ozuqa olish manbai sifatida qaraydilar. Ularning 71%i "urf-odat va an'analarga amal qilish ijobiy tarbiyaning garovidir", deya e'tirof qilishgan. Ularning 64%i urf-odat va an'analar bilan bog'liq marosimlarda qatnashish sohasida yanada faol bo'lishlari mumkinligini bildirishgan, 39%i esa, ish, oila va ro'zg'or tashvishlari ularga xalq ududmlari bilan bog'liq marosimlarda faol qatnashishilariga halaqit berganligidan afsuslanadi" [5]. Shu ma'noda jamiyat sohalarini yangilash jarayonida ushbu omillarni inobatga olish islohotlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Moddiy qadriyatlar birlamchi ahamiyatga ega bo'lib borayotgan bu dunyoda odam va olam munosabatlarining ma'naviy jihatlarini o'rganish bugungi kunning konseptual mavzusiga aylanib bormoqda. Bu esa ijtimoiy falsafa tarkibidagi etnik birlik ruhiyati va zohirini tadqiq etuvchi an'anaviy falsafani shakllantirish zaruratini yuzaga keltiradi.

Bugungi kunda Vatanimiz milliy genofondini, etnik birligini saqlab qolish, milliy g'oyani shakllantirish masalalari milliy an'analarni alohida soha sifatida o'rganishni talab etadi. Bizningcha, bugungi kunda jamiyat siyosiy hayotini modernizatsiyalashda liberalizm, demokratizm bilan bir qatorda traditsionalizm (an'anaviylik) ham muhim hodisadir. Jamiyatimizdagi hukmron ijtimoiy-siyosiy ongda fundamentalizm, aqidaparastlik, konservatizm tushunchalarini bir tomonlama tahlil etishga moyillik bor. Bizningcha, ayni paytda jamiyatimiz kelajagi rivoji uchun modernizatsiya, globallashuv, liberallashuv, demokratiya kabi ta'limotlarni o'rganish qay darajada zarur bo'lsa fundamentalizm, aqidaparastlik, konservatizm, traditsionalizm kabi ta'limotlarni ham o'rganish ob'ektiv zaruratdir.

Global ongda an'anaviylik hodisasini o'rganishda birtomonlamalik kayfiyati hukmron bo'lib qolmoqda, ya'ni uni yaratuvchanlik xususiyatlariga e'tibor qilinmay, aksincha an'anaviylikni zamonaviy taraqqiyotning ziddi sifatida ifodalash hollatlari kuzatilmoqda. An'anaviylikning ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotga o'tkazadigan ta'sirini A.Qodirov shunday izohlaydi: "mustaqillik sharofati bilan jamiyatda o'tmishga qiziqish, o'z ma'naviy ildizlarini qidirish benihoyatda kuchaydi. Deyarli o'n yildan bo'yon tarixning sarg'aygan varaqlaridan turli allomalarni, fozil kishilarni kashf etdik. Bu milliy o'zlikni anglash uchun zarur albatta. Biroq bu o'z navbatida orqaga, o'rta asrlar ma'naviyatiga, an'anaviy jamiyatga qaytishga da'vatni ham anglatadi. A'nanaviy jamiyat bu kishini yana mutelikka, mo'min qobil bo'lishga, itoatgo'ylikka, sabr-qanoatli bo'lishga undovchi

jamiyatdir. An'anaviy jamiyat inson hayotini barcha jabhalarini takrorlanish qonuniyatiga asoslangan jamiyatdir. U turg'unlikka eltadi"[6]. Albatta ushbu qarashlarni mutloq haqiqat sifatida qabul qilish mantiqan noto'g'ri. Chunki bugun bizga dunyo taqdim etayotgan qadriyatlar an'analarimiz kabi xalqparvarlik, mehr-oqibatlilik, muruvvatlilik, yashovchanlik, beg'arazlilik, o'zlikni saqlab qolishga moyillilik kabi xususiyatlarga ega emas, ega bo'lolmaydi ham. Buning sababi shundaki, an'analar yillar davomida aniq millat va xalq ehtiyoji, orzu-istaklari ro'yobi sifatida tabiiy ravishda shakllangan bo'lsa, hozir yaratilayotgan barcha ko'rinishdagi qadriyatlar asosan "qiymat"ni "qadr"dan yuqori deb anglovchi guruhlar ongi mahsuli bo'lib, faqat "yaratgan" tomon manfaati va maqsadlari uchun hizmat qiladi. Ushbu fikrimiz isbotini bugungi dunyo mafkuraviy maydonlarida bo'layotgan minglab "strategema"lar misolida ko'rish mumkin.

Sobiq totalitar tuzum davridagi kommunistik mafkura konservatik g'oyalarga asoslangani uchun ham bugun mamlakatimiz ilmiy jamoatchiligida an'anaviylikni konservatizmning qoldig'i sifatida qarash kuzatilmoqda. Asosiy masala yurtimizda qadriyatlar tizimi qaytadan shakllanayotgan bir paytda konservatizm bilan bog'liq bo'lgan an'anaviylikka yangicha dialektik munosabatni shakllantirish zarurligidir.

An'anaviylik bu etnik jamoalar tafakkuri, turmush-tarzi, orzu-istaklari orqali namoyon bo'ladi. Aynan ushbu omillarning birligi an'anaviylik shakllanishi uchun asos bo'ladi. Bu omillar ta'sirida xalq o'tmishi va bugunini bog'lab turgan milliy sport turlari, milliy folknorlari, ijoddagi tashabbuskorlik, milliy xalq tibbiyoti va pedagogikasi, bayramlari va diniy marosimlari, milliy axloqiy etikasi va pazandachilik kabi etnomilliy tavsifga ega bo'lgan an'anaviylik muhiti shakllanadi.

An'anaviylikning sub'ekti muayyan etnik birlik yoki ijtimoiy guruh, ob'ektini esa muayyan etnik birlik turmush-tarzi bilan bog'liq an'analar, urf-odatlar, marosimlar hamda avloddan-avlodga uzatiladigan ijtimoiy-ma'naviy ko'rinishdagi qadriyatlar tizimi tashkil etadi. Avlodlar o'rtasida eski an'ana va qadriyatlar tizimini yangilanish jarayoni vorisiylik tamoyili hamda inkorni-inkor qonuni asosida amalga oshirilishi an'anaviylikni barqarorligini ta'minlaydi.

An'anaviylik jarayonining sub'ekti va ob'ekti o'rtasidagi azaliy bog'liqlikni buzilishi ijtimoiy nigilizmni keltirib chiqarishi mumkin. Bugungi yangilanishlar davrida an'anaviylikning sub'ekti va ob'ekti o'rtasidagi muvonazatni saqlab qolish strategik dolzarb masaladir.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib aytganda, bugungi voqelik an'anaviylikning ijobiy xususiyatlarini tadqiq etib, amaliyotga joriy etishni taqozo etadi. Bizningcha, bu jarayonda quyidagilarni inobatga olish maqsadga muvofiqdir:

- an'anaviylikni atroflicha, keng o'rganish;

- ushbu sohaga oid maxalliy va xorij tajribalarini nazariy-qiyosiy tadqiq etish;

- ma'naviy kamolotga yetaklovchi milliy-axloqiy an'analarni saqlab qolish;

- yangi qadriyatlar tizimini yaratishda dialektikaning inkorni-inkor qonuni talablariga rioya etish.

An'anaviylik muayyan makon va zamonda biror etnik birlikning ijtimoiy hayotga ijodiy yondoshuvi ta'sirida shakllangan eng muhim va ahamiyatli ijtimoiy-ma'naviy tajribani avlodlar o'rtasida vorisiylik tamoyillari asosida almashinuviga asoslanadi.

Bizningcha, muayyan etnik birlikni birlashtirishga va kelajak avlod farovon hayoti uchun ijodkorona yashashga undovchi, an'anaviy qadriyatlar asosiga qurilgan olamni voqelikka muvofiq yangilab turuvchi jarayonga an'anaviylik deyiladi.

An'anaviylik hodisasini ijtimoiy falsafiy jihatlarining tahlili shuni ko'rsatmoqdaki, u voqelikdagi ijtimoiy jarayonlar taqdirini butunlay burib yuborishga qodir ta'limotlar bilan bahslasha oladigan o'z tamoyillari, kategoriyalari, funksiyalari, ijtimoiy strukturasi hamda bahs mavzulariga, ayni paytda o'zga ta'limotlarda uchramaydigan xususiyat, ya'ni turg'un yashovchanlik qobiliyatiga ega bo'lgan konsepsiyadir.

ADABIYOTLAR:

1. Mirziyoev Sh.M. Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi. To'ldirilgan ikkinchi nashri. -Toshkent: "O'zbekiston", 2022. - B. 266.

2. S. Xantington. Stolknoveniye sivilizatsiy. M.: "AST". 2005. str. 58.

3. G. Yonas. Prinsip otvetstvennosti. M.: "Astra". 2004. B. 80.

4. Nudnenko L.A. Teoriya demokratii. -M.: Yurist. 2001. -S.36.

5. Xotima Shayxova. Ma'naviyat kamolot ko'zgusi. G'.G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi. T.: 2009. B. 55.

6. Anvar Qodirov. An'anaviy jamiyat va uni modernizatsiyalashtirish strategiyasi. - T.: TDYUI 2006. B. 216.

REZYUME:

Ushbu maqolada jamiyat barqarorligini ta'minlashda an'anaviy va zamonaviy qadriyatlarni uyg'unlashitirish zarurati ilmiy - falsafiy jihatdan tahlil etilgan. Maqolada hozirda mavjud bo'lgan taraqqiyot modellari tanqidiy tahlil etilib, ularni jamiyat barqarorligiga ta'sirlari atroflicha yoritilgan.

Kalit so'zlar: qadriyat, an'ana, an'anaviy qadriyatlar, zamonaviy qadriyatlar, jamiyat barqarorligi, kapitalizm, sotsializm, liberalizm demokratiya, an'anaviylik konsepsiyasi, taraqqiyot yo'nalishlari, islom dini, milliy g'oya

РЕЗЮМЕ:

В данной статье анализируется необходимость гармонизации традиционных и современных ценностей в обеспечении стабильности общества. В статье расматривается современные модели развития и их влияние на стабильность общества.

Ключевые слова: ценности, традиция, традиционные ценности, современные ценности, социальная стабильность, капитализм, социализм, либерализм, демократия, концепция традиции, направления развития, ислам, нatsiональная идея.

RESUME:

This article scientifically and philosophically analyzes the need to combine traditional and modern values in ensuring the stability of society. The article critically analyzes modern models of development and their impact on the stability of society.

Key words: values, tradition, traditional values, modern values, social stability, capitalism, socialism, liberalism, democracy, the concept of tradition, directions of development, Islam, national idea.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.