Oriental Journal of Social Sciences SJIF for 2022: 5.908
ORIENTAL JOURNAL OF SOCIAL SCIENCES
SUPPORT
SCIENCE journal homepage:
https://www.supportscience.uz/index.php/oiss
QORAQALPOQ XALQI MILLIY IDENTIKLIGINING O'ZIGA XOS
XUSUSIYATLARI
R.O'. Isaqov
kichik ilmiy xodimi, O'zbekiston Milliy universiteti tarkibidagi "Amaliy etnologiya" laboratoriyasi Email manzili: [email protected]
Kalit so'zlar: identiklik, Annotatsiya: Ushbu maqolada qoraqalpoq xalqining
milliy identifikatsiya, milliy identiklik, mentalitet va o'zlikni anglash jarayonlari
kvazietnik toifa, qoraqalpoq antropologik tahlil etilib, uning rivojlanishiga ta'sir etuvchi
xalqining umuminsoniy va omillar haqida fikr yuritiladi. milliy mental xususiyatlari.
CHARACTERISTICS OF THE NATIONAL IDENTITY OF THE KARAKALPOK
PEOPLE
R.U.Isakov
researcher,
Laboratory "AppliedEthnology"NUU Email adress: [email protected]
Key words: identity, Abstract: In this article, the processes of national
national identification, quasi- identity, mentality and self-awareness of the Karakalpak
ethnic category, universal and people are analyzed anthropologically, and the factors
national mental characteristics influencing its development are discussed. of Karakalpak people.
ХАРАКТЕРИСТИКИ НАЦИОНАЛЬНОЙ ИДЕНТИЧНОСТИ КАРАКАЛПОК Р. У. Исаков
младший научный сотрудник,
лаборатория «Прикладная этнология» НУУз,
Адрес электронной почты: Kvazarlar1998@gmail. com
Ключевые слова: Аннотация: В данной статье антропологически
идентичность, национальная анализируются процессы национального самосознания, идентификация, менталитета и самосознания каракалпакского народа,
квазиэтническая категория, обсуждаются факторы, влияющие на его развитие. общечеловеческие и
национальные ментальные
характеристики каракалпаков_
Ma'lumki, etnos yoki millatning identikligi avvalambor davlat va xalq manfaatlari bilan chambarchas bog'liq "o'zlikni anglash" tuyg'usi asosida shakllanadi. Chunki o'zlikni anglash orqali nafaqat milliy, etnik manfaatlarni, balki shu bilan birga, milliy jipslilikni vujudga keltiruvchi mental xususiyatlarni ham maqsadga yo'naltirish mumkin.
Milliy identiklikning yana bir xususiyati - u millat xarakteri va mentalitetining ijtimoiy-ma'naviy jihatlarini anglashning asosi ham hisoblanadi. O'zlikni anglash milliy identiklikning bir qismi hisoblanadi. Lekin ko'plab tadqiqot ishlarida o'zlikni anglash omili uzoq vaqtlargacha identiklik tushunchasiga qorishtirib yuborilardi. Aslini olganda milliy identiklik o'zida mentalitet va o'zlikni anglash tushunchalarini mujassam etadi va millatning xarakterli xususiyatlarini belgilashda ularni bir-biridan ayri ko'rish mumkin emas. Milliy identiklik muayyan hududda yashovchi, o'z tili, urf-odati, an'ana va qadriyatlarni o'zida mujassamlashtirgan va ijtimoiy uyushgan insonlar birlashmasi bilan bog'liq tushunchadir. Milliy identikliksiz inson ongi va tafakkuri, ruhiyati, ma'naviyati turg'unlik holatiga tushib qoladi.
Qoraqalpoq identikligi etnografik guruh omili bilan bog'liq bo'lgani uchun ushbu atamaga ham e'tibor qaratildi. "Etnografik guruh odatda bir qabila yoki elatning boshqa yerga borib, ikkinchi bir xalq tarkibiga kirib yashayotgan, ammo uning tarkibiga mutlaqo singib ketmay, u bilan birga yashab kelayotgan etnik birlikka aytiladi "1. Ilmiy manbalarda etnografik guruh "subetnos" sifatida ham kelishi mumkin. Identiklik (identifikatsiya) atamasi ingliz tilidan (identity) olingan bo'lib - «aynanlik», «mansublik» ma'nolarida qo'llaniladi.2
Identiklik kichik sotsial guruhlar, sinflar, hududiy birliklar, etnik va milliy guruhlar, xalqlar, sotsial harakatlar, shuningdek, davlat va global miqyosda butun bir insoniyat bilan bog'liq tushunchadir. Bunda inson sotsial munosabatlar tizimidagi madaniy sub'ekt, yoki agent (tashuvchi) sifatida o'zini idrok etadi, his etadi va baholaydi. Sotsiumda inson bir paytning o'zida o'zini bir necha sotsiomadaniy birlik va guruhlar bilan identifikatsiyalashi mumkin.3
Sotsiomadaniy identiklikning individual jihatlari ozmi-ko'pmi chegaralangan tizimga ega bo'lib, uning o'ziga xos xususiyatlarini ierarxik tartibga solinganligi bilan ham izohlash mumkin. Bunda shaxs o'zini ayrim guruh va birliklarga ma'lum jihatdan yaqinlik nuqtayi nazaridan "tegishli" deb hisoblaydi.
Yaqin vaqtlargacha "identiklik" tushunchasi ilmiy bahs-munozaralarda deyarli ishlatilmas va qo'llanmasdi. Mazkur atamaning nazariy va empirik o'rganish predmeti bo'lmagan. U monografiya, darslik va jurnal materiallarida uchramasdi. Bu tushunchani hatto psixologiya lug'atlarining so'nggi nashrlarida ham uchratmaymiz. Faqat so'nggi o'n yilliklarda "identiklik" atamasi milliy matbuot sahifalarida paydo bo'la boshladi. Shunday bo'lsa-da, u hamon aksariyat o'quvchilar uchun notanish, tushunarsiz bo'lib, odatiy ilmiy kategorial apparatga qiyinchilik bilan moslashmoqda.
Identiklik ijtimoiy rivojlanish jarayonida paydo bo'lib, muayyan yaxlit strukturaga daxldorlik hissi bilan bog'liq holda, inson tomonidan o'zining ana shu strukturaning bir qismi ekanligini va uning tarkibida muayyan aniq o'ringa ega ekanligini anglashni bildiradi. Identiklik kishiga o'z ehtiyojlarini qondirish va jamiyatdagi o'z o'rnini topishga yordam beradi.
Bu esa, o'z navbatida, unga eng og'ir azob - butkul yolg'izlik va shubhalardan xalos bo'lish imkonini beradi. Shulardan kelib chiqib, biz identiklik tushunchasiga o'zimizning
1 Аскаров А. Узбек халк,ининг келиб чик,иш тарихи. - Т.: O'zbekiston. НМИУ, 2015. - Б. 21.
2 Мадаева Ш.О. Идентиклик антропологияси. - Т., NOSHIR, 2015. - Б. 41- 42.
3 Шнейдер Л.Б. Профессиональная идентичность: - М.: МОСУ, 2001. - С. 15.
mualliflik ta'rifimizni berdik: "Identiklik - bu rivojlanish jarayonidapaydo bo'ladi va muayyan yaxlit strukturaga mansublik hissini tuyish, shuningdek, shaxsning aynan ushbu strukturaga tegishli ekanligi va uning tarkibida muayyan aniq ijtimoiy guruhning bir qismi ekanligini anglashni bildiradi. Identiklik vositasida inson o'zi mansub bo'lgan ijtimoiy makondagi sotsiomadaniy ehtiyojlarini qondiradi va u orqalijamiyatda o'z o'rnini topadi".
O'zbekistonda mustaqillik yillarida milliy o'zlikni anglash va uni yanada yuksaltirish jamiyatni tubdan yangilash yo'lidagi eng dolzarb vazifalardan biriga aylandi. Til, urf-odat, an'ana va qadriyatlar milliy o'zlikni anglash va xalqning identikligi shakllanib borishining asosiy manbasi hisoblanadi.
Xalq ma'naviyati millatning ruhiyati, dunyoqarashi va mentaliteti bilan chambarchas bog'liq bo'ladi. Aynanlik yoki mansublikdan begonalashgan millat o'zligidan mahrum bo'lib, ma'nan toqatsiz marginalga aylanadi. Shunday ekan, davr salbiy marginallikning oldini olish, milliy urf-odat, an'ana va qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirib borishni taqazo qiladi. Chunki jamiyatdagi ijobiylik orqali millat vakillari o'zaro jipslashadi va yakdillik vujudga keladi. Ammo bugungi kunda globallashuv jarayonlarining avj olishi natijasida marginallik milliy identiklikka salbiy ta'sir o'tkazmoqda. Milliy tarix va uning negizida shakllangan milliy identiklik hammani bir xil qoniqtirmasligi mumkin. Sog'lom jamiyatda o'tmishning u yoki bu voqealariga nisbatan muqobil baho va tanqidiy mushohadalarga ham o'rin topilishi kerak.
Ammo unutmaslik kerakki, bu holat jamiyatning marginallashuviga olib kelmasligi lozim. Ushbu jarayonning oldini olish uchun milliy urf-odat va an'analarga tayanish zarurati kuchaymoqda. Istalgan ijtimoiy tizimning barqarorligi ko'p jihatdan turli hamjamiyat va etnik guruhlarning o'zligini anglashi jarayoniga bevosita yoki bilvosita ta'sir qiluvchi tarixiy xotira bilan bog'liq bo'ladi.
Binobarin, tarixiy ong - bu butun bir jamiyatda turli ijtimoiy va etnosotsial guruhlar yoki ayrim kishilar uchun tegishli va xos bo'lgan tarixni rang-baranglikda anglanishidir. Shuning uchun mustaqillik yillarida xalqimizning milliy o'zligini tiklash, rivojlantirish, jamiyatni ma'naviy jihatdan yangilash, yuksaltirish asosiy vazifalar qatoridan o'rin oldi.
Ma'lumki, ijtimoiy rivojlanish jarayonida tub o'zgarishlarning vujudga kelishi ommaviy tarixiy ongda tarixni ideallashtirish bilan bog'liq holatlarni yuzaga keltiradi. O'tmishning mavjud sotsial qoidalari, turli xil qarash va boshqa shu kabi ijtimoiy hodisalar amaldagi mafkuraviy jarayonlar asosida qayta baholanadi. Shu bois ham insoniyat taraqqiyotining hozirgi bosqichida kishilarning ijtimoiy jamiyatdagi o'rni, mavqeyi qanday bo'lishi ruhiy va ma'naviy mezonlar asosida qayta baholanib, ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Milliy o'zlikni anglash millat hayotidagi ijtimoiy omillar bilan bevosita bog'liq bo'lib qolmoqda. Tadqiqotchi Sh.Madaeva milliy o'zlik va mentalitet masalalarini o'rganar ekan, o'zining ilk tadqiqot ishlarida "milliy identifikatsiya" mavzusini ko'taradi. Unga ko'ra: "Milliy identifikatsiya - bu istiqlol davrida yangi hayot tarzini boshlagan davlatlar faqatgina milliylik nuqtai nazaridan davlat qiziqishlarini ifoda etishini bildirmaydi. Odatdan tashqari jarayonga moslashish va saqlanib qolish uchun kurashish vaziyatida tarixiylik moddiy va ma'naviy qadriyatlar nuqtai nazaridan o'z ildizlarini o'zlikni anglash uchun barcha progressiv va iqtisodiy siljishlarga to'sqin bo'layotgan an'anaviy dunyoqarashga asoslangan milliy tafakkur tarkibidagi kamchiliklarni qaytadan mushohada qilish evaziga zamonaviy dunyo taraqqiyotiga integratsiyalashishdir"4
Demak, milliy identiklikning negizida milliy g'urur yotadi. Bugungi kunda ijtimoiy antropologiya doirasidagi tadqiqot natijalari shuni ko'rsatadiki, dunyoda biror-bir xalq o'zi yashab turgan hudud yoki mintaqada boshqa etnik birliklar bilan aralashmay xalq sifatida shakllanmagan.
Bu borada rus tadqiqotchisi S.Tolstov quyidagi fikrni bildiradi: "Hozirgi zamon O'rta Osiyo xalqlarining birontasi ham qadimgi etnik guruhlarga bevosita borib taqalmaydi, aksincha
4 Мадаева Ш.О. Миллий менталитет ва демократик тафаккур // Фалсафа ва ХУКУК институти нашриёти -Т., 2007. - Б. 12.
ularning shakllanishida yerli xalqlar va tevarak atrofdan ko'chib kelgan xalqlar har xil nisbatda o'z aksini topgan5".
Bundan tashqari tarixiy jarayonlar davomida ajdodlarimiz bir nechta etnomadaniy bosqichlarni bosib o'tgan. Albatta, agar tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, O'zbekiston hududida turli davrlarda ijtimoiy va siyosiy jarayonlar turlicha kechganligini kuzatamiz. Agar biz ularni tahlil qiladigan bo'lsak, Aleksandr Makedonskiydan tortib turk xoqonligi, eroniylar, xitoyliklarning yuechjilar qabilasi, arablar istilosi, mo'g'ullar bosqini, Shayboniylar va Chor Rossiyasigacha olish mumkin. Bunday vaziyatda, albatta, yurtimiz hududida azaldan yashab kelayotgan elatlarning madaniyati, urf - odatlari, rasm-rusumlari, tili va boshqa xususiyatlarida ma'lum o'zgarishlar ro'y bergan.
Milliy identiklik jamiyat taraqqiyoti, iqtisodiy-siyosiy darajasi, ma'naviy kamolotida hal qiluvchi omildir. Milliy identifikatsiyalashuv jarayonlarini tarixiy xotira bilan takomillashtirish, aholining fuqarolik pozitsiyasini takomillashtirish va afzallashtirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish mumkin. Har bir inson tabiati shunday tuzilganki, u yashash va oliy darajadagi yetuklikka erishmoq uchun ko'p narsalarga muhtoj bo'ladi. Inson bir o'zi bularning barchasini qo'lga kirita olmaydi va buning uchun unda muayyan jamoaga mansub bo'lish ehtiyoji tug'iladi. Inson o'z ehtiyojlarini qondirish maqsadida o'zi kabi insonlar bilan birlashishga intiladi. Insonning ijtimoiylashuvi sun'iy xarakter kasb etib, u shaxs sifatida boshqa insonlar o'rtasidagina shakllana oladi. Agar u insoniy munosabatlardan holi bo'lsa, o'zidagi yovuzlik yoki hayvoniy tabiatdan xalos bo'la olmaydi. Shu sababli o'zga kishilarning ishtiroki va ko'magi orqaligina odam o'zi intilgan yetuklikka erishishi mumkin. Bunday jamoa a'zolarining faoliyati yaxlitlik kasb etadi. Shu tariqa natijada inson jamoalari vujudga keldi.
Sotsiolog va antropologlarning tadqiqotlarida qoraqalpoq xalqining umuminsoniy va milliy mental xususiyatlari, xalqning kundalik va tarixiy hayoti ijtimoiy negizlari, milliy mansublikni anglashga bo'lgan mayli, qoraqalpoqlarning shaxs sifatida o'zaro munosabatlardagi monandligi, tarixiy va ruhiy jihatdan aynanlikni namoyon etish xususiyatlari tahlil etilishi natijasi o'laroq qoraqalpoq xalqining milliy identiklikni namoyon etish omili bilan umuminsoniy negizlarning o'zaro munosabatlari va globallashuv sharoitida kechayotgan ijtimoiy jarayonlar tahliliga qaratilgan, hamda shular asosida tegishli ilmiy xulosalar ishlab chiqilgan.
Globallashgan dunyoda bir tomondan madaniyatlarning tinimsiz o'zaro diffuziyalashuvi jarayoni kechayotgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, milliy madaniyatlarning o'zaro differensiatsiyasi kuchayib bormoqda. Bu jarayonlar, tabiiyki qoraqalpoq identikligini ham chetlab o'tgani yo'q.
Geografik jihatdan Qoraqalpog'iston Respublikasi O'zbekistonning Shimoli-g'arbiy qismi, ya'ni Amudaryoning quyi oqimi va Orol dengizining janubiy sohilida joylashgan. Hududning umumiy yer maydoni 166,6 ming kvadrat kilometrdan iborat bo'lib, u egallagan maydoni bo'yicha O'zbekiston Respublikasi viloyatlari o'rtasida birinchi o'rinda turadi.
Qoralpog'iston aholisi 2020 - yil ma'lumotlariga ko'ra 1869782 nafarni tashkil etadi. Shulardan: o'zbeklar 751004 nafar, qoraqalpoqlar 690478 nafar, ruslar 10316 nafar, ukrainlar 1068 nafar, beloruslar 489 nafar, qozoqlar 293795 nafar, ozarbayjonlar 302 nafar, qirg'izlar 1446 nafar, tojiklar 267 nafar, turkmanlar 99964 nafar, tatarlar 4896 nafar, koreyslar 6362 nafar va boshqa millat vakillari 9395 nafarni tashkil etadi.6
Qoraqalpoqlar Turkmaniston, Qozog'iston, Rossiya, Afg'oniston, Eron hududlarida bir necha minglab yashaydi. Shuningdek, O'zbekiston Respublikasining Farg'ona, Xorazm, Navoiy, Buxoro viloyatlarida yashaydi.
Mustaqillik yillarida Qoraqalpog'iston Respublikasida o'zbek va qoraqalpoq tillari davlat tili sifatida e'lon qilinib, Konstitutsiyada tegishli modda bilan mustahkamlab qo'yilgan.
5 Толстов С.П. Основные проблемы этногенеза народов Средней Азии. // - М.: Советская Энциклопедия, 1947. № VI, - С. 304.
6 Davlat statistika qo'mitasining 2020 - yil ma'lumotlari asosida shakllantirildi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi fuqarosi ayni vaqtda O'zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanadi.
Respublikaning ma'muriy-hududiy tuzilmasi 15 ta tuman: Amudaryo, Beruniy, Qorao'zak, Kegeyli, Qo'ng'irot, Qonliko'l, Mo'ynoq, Nukus, Taxtako'pir, To'rtko'l, Xo'jayli, Chimboy, Shumanay, Bo'zatov, Ellikqal'a va poytaxt Nukus shahridan tashkil topgan. Shuningdek, 12 ta shahar, 16 ta shaharcha hamda 112 ta ovuldan iborat.
O'tmishda qoraqalpoqlar azal-azaldan Amudaryo, Kaspiy va Orol dengizi sohillarida istiqomat qilgan. Iqlimi shimol sharoitiga xos bo'lsa-da, ayrim nomutanosibliklar bor, chunki cho'l va yarim cho'l, dasht hamda vohadan iborat bo'lgani uchun iqlimi ancha murakkab. Bu o'z navbatida aholining o'ziga xos mentalitetida aksini topgan.
Qadimdan qoraqalpoqlar chorvachilik, baliqchilik va ovchilik bilan shug'ullanib kelgan va bugunga kelib ushbu xalqning 104 ta urug'i saqlanib qolgan.7
Keyinchalik dehqonchilik, bog'dorchilik, paxtachilik va uzumchilik o'zlashtirildi. Zamonaviy jamiyatning rivojlanishi bilan vujudga keluvchi yangi hodisalar ijtimoiy voqelikning o'ziga xos xususiyatlarini nazariy refleksiya qilish zaruratini keltirib chiqaradi. Qoraqalpog'iston Respublikasida fuqarolik jamiyati rivojining hozirgi bosqichida polietnik munosabatlar va fuqarolik mansubligini qo'llab-quvvatlashga ehtiyoj seziladi.
Zero, globallashuv jarayonlari kuchaygan sari mahalliy o'ziga xoslikni saqlashga ehtiyoj oshib boradi. Har qanday davlat, jamiyat yoki xalqning shakllanib, taraqqiy etishi davrlarida aynanlik, mansublik va monandlik masalalari dolzarblashadi. Bunda xalqning tarixiga murojaat etish keskin oshadi va shunga mos ravishda mental xususiyatlari ham kurtak otadi va rivojlanadi.
Qoraqalpoqlarning milliy, etnik, diniy, fuqarolik, kasbiy mansubligi va aynanligini tan olish jarayonida bu jihatlar allaqachon shakllanib bo'lib, hozir ularni globallashgan dunyo talablariga moslash yo'lida jiddiy qadamlar tashlanmoqda.
Ushbu kontekstda milliy mansublikning muhim jihatlarini ifodalovchi fuqarolik mansubligini belgilash nazariy tahlilga muhtojlikni vujudga keltirmoqda. Ijobiy etnik mansublikni qo'llab-quvvatlash va milliy, ya'ni fuqarolik mansubligini shakllantirish zarurati shubhasiz bo'lib qolmoqda. Ayni vaqtda, qayd etish lozimki, so'nggi yillarda milliy mansublikka bo'lgan qiziqishning ortishi global qarashlar doirasida ko'plab ziddiyatlarni keltirib chiqarmoqda.
O'zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so'ng, o'zlikni anglash jarayonlarida shakllangan vaziyat qoraqalpoq xalqining ham milliy mansublikni anglash tuyg'usi rivojlanishiga konstitutsion jihatdan keng yo'l ochdi. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XVII bobi to'liq Qoraqalpog'iston Respublikasiga bag'ishlangan bo'lib, uning 70-moddasida "Suveren Qoraqalpog'iston Respublikasi O'zbekiston Respublikasi tarkibiga kiradi. Qoraqalpog'iston Respublikasining suvereniteti O'zbekiston Respublikasi tomonidan muhofaza etiladi"8, deb belgilab qo'yilgan.
Shu bilan birga milliy mansublik va uning siyosiy o'lchovlari fuqarolar tafakkurini tizimli ravishda etnik, diniy yoki oddiy madaniy tafakkur bilan almashtirmoqda. Muammo rasmiy nutqlardagi kabi akademik diskursda ham etnik va kvazietnik (inson ota-onasi tomonidan o'zini qaysidir bir etnik guruhga bog'lovchi vaziyat) toifalarning qo'llanilishidagi mavjud ziddiyatlar tufayli yanada chuqurlashib bormoqda.
Qoraqalpog'iston tarixi, ularning turmush va tafakkur tarzi, ijtimoiy va ma'naviy dunyosini o'rganish ilmiy nuqtai nazardan o'tmishda yashagan xalqlarning hayoti va ularning rivojlanishi jarayonida sodir bo'lgan o'zgarishlar, voqyealarni to'laligicha yoritib berishni talab etadi. Sir emas, qoraqalpoq xalqi jahonda o'zining milliy madaniyati, o'ziga xos san'ati, mumtoz adabiyoti, ruhiy irodasi, ong va tafakkuridagi milliy kod dasturi, urf-odatlari bilan o'z o'rniga ega bo'lgan millat sanaladi. Uning tarixi bir necha asrlar davomida to'planib kelgan o'zaro
7 Сапарова Г. Корак,алпок, халк,и маънавий-диний маданияти ривожига миллий узликни англашнинг таъсири. - Т. 2019. Фалс.фан. буйича фалсафа доктори (PhD) диссертацияси автореферати. - Б. 14.
8 Узбекистон Республикасининг Конституцияси. Узбекистон. НМИУ, - Тошкент.: 2019. - Б. 23.
chambarchas bog'langan g'oya va nazariyalar tizimi sifatida tarkib topgan. Shu ma'noda qoraqalpoq mentaliteti va identikligi o'z o'rganish ob'ekti va predmeti bo'lgan mustaqil dunyo hisoblanadi.
Haqiqatan ham qoraqalpoq xalqining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanishi tadqiq etiladigan ijtimoiy antropologik ob'ektning ajralmas qismidir. Chunki eng qadimgi davrlardan boshlab yaqin o'tmishga qadar qoraqalpoqlar Markaziy Osiyo hududida ajdodlari qoldirgan ulkan merosning tizimli va strukturaviy makonini yaratdilar.
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan zamondoshlarimizga o'zlari tug'ilib o'sgan yoki istiqomat qilayotgan shahar yoki qishloq dunyosini bilishdan ko'ra, o'rta asrlar yevropasi tarixi yoki Internet atrofida sodir bo'ladigan uydirma gaplar ko'pincha qiziq va hatto muhimroq bo'lib ko'rinishi mumkin.
Qoraqalpoqlarning zamonaviy identikligini kuzatadigan bo'lsak, ularda ko'plab xalqlarning zamonaviy turmush tarzida namoyon bo'layotgan "megapolislar (yirik shaharlar) atrofida markazlashish", poytaxtlarga intilishdan farqli o'laroq, ko'pincha "chekka joy yoki ichkarilik"da yashaydigan aholining o'zi tug'ilib o'sgan joyga nisbatan "farzandlik" qiziqishini burch va fidoyilikning belgisi deb qabul qilish mumkin. Buning uchun aholining istiqomat qilayotgan makonini o'rganmoqchi bo'lgan tadqiqotchining o'zini namoyon etmoqchi bo'layotganligini ko'rish uchun keskin burilish qilish zarur bo'ladi.
Orolbo'yi mintaqasida istiqomat qilish va shu joyda muqim yashab turib, o'z mansubligini saqlab qolishga intilishni katta jasorat deb baholash mumkin. Mamlakat Prezidenti Sh.Mirziyoyev Mo'ynoq shahrining yangitdan yangilanishi paytida bo'lgan o'zgarishlarni baholar ekan, shu jihatlarga e'tiborni qaratadi. Qoraqalpoq xalqining madaniyati juda teran va boy tarixga ega. U turli xalqlarning madaniy an'analari qorishmalarini ham o'z ichiga oladi. Xalqning o'ziga xos turmush tarzi, urf-odatlari asrlar davomida rivojlanib, sayqallanib keldiki, u noyob xususiyatlari bilan alohida ajralib turadi. Qoraqalpoq xalqi etnogenezisining shakllanishi o'zbek xalqi etnosi tarixi bilan uzviy bog'liq bo'lgan.9
Qoraqalpog'istonning nomoddiy madaniy merosi haqida so'z ochilar ekan, eng avvalo qoraqalpoq xalqining uzoq tarixga ega boy folklorini - xalq og'zaki ijodi va xalq musiqasini esga olish lozim. Shuni alohida ta'kidlash joizki, qoraqalpoq ijodkorlari tomonidan to'plab nashr etilgan qoraqalpoq xalq og'zaki ijodi namunalarining yuzinchi tomi o'quvchilar hukmiga havola etilganiga bir necha yil bo'ldi. Mazkur to'plamdan joy olgan va baxshilar tomonidan o'ziga xos uslubda kuylanib kelinayotgan dostonlar, qo'shiqlar, termalar, ertaklar va turli marosimlarda ijro etiladigan yigit-qizlar aytishuvlarining qaysi birini o'qimang, qoraqalpoq xalqining yuksak aql_zakosiga, tafakkur olamining kengligiga, so'zga chechanligiyu, til boyligiga amin bo'lasiz.
Xalq musiqasi ham o'z ohanglarining betakrorligi, ko'ngilga yaqinligi bilan diqqatga sazovordir. Qoraqalpoq xalqining nomoddiy madaniy merosi noyob va o'ziga xos tarixga ega bo'lib, uni turmush taqazosiga muvofiq dunyoga kelib, asrlar davomida shakllanib, sayqallanib, milliy hunar sifatida qadrlanib kelgan kulolchiligi misolida ham ko'rish mumkin.
Kulolchilik, gilamdo'zlik, yog'och o'ymakorligi mukammal rivojlangan bo'lib, ularda qoraqalpoq zaminidagi eng qadimiy shaharlar (Xo'jayli, To'rtko'l, Shobboz, Chimboy)da yashagan etnoslarning turmush tarzi va kundalik hayoti aks etadi.
Bu hududlardagi ayrim ko'chalar shu yerda yashagan kasb egalariga muvofiq "Hunarmandlar", "Kulollar", "Gilamdo'zlar" yo "Naqqoshlar" deb atalgan. Biz qoraqalpoq xalqining identikligi masalasini antropologik jihatdan o'rganar ekanmiz, muammoga aynan tarixiylik metodi asosida yondashdik. Bu metod tarixiy jarayonda sodir bo'lgan voqea-hodisalarni o'rganishda xronologik yondashuvni talab qiladi.
Voqea-hodisalar o'rtasidagi sabab-oqibatli bog'lanish ham ko'rsatiladi. Tarixiylik voqea_hodisalarning qay tarzda sodir bo'lganligini, jamiyat rivojlanishida shaxslarning rolini haqqoniy yoritish imkoniyatini beradi. Tarixiylik metodi xalqning o'tmishi, hozirgi zamon va
9 Сапарова Г. Корак,алпок, халк,и маънавий-диний маданияти ривожига миллий узликни англашнинг таъсири. - Т. 2019. Фалс.фан. буйича фалсафа доктори (PhD) диссертацияси автореферати. - Б. 14.
kelajagiga yagona tarixiy jarayon sifatida yondashish asosida hozirgi zamondagi jarayonlarni chuqurroq anglash va kelajakka nazar tashlash uchun zamin yaratadi.
Bugungi kunda qoraqalpoqlar milliy qadriyatlarga sodiq, kamtar va intiluvchan xalq sifatida o'zini tavsiflaydi. Jumladan, sotsiologlarning aniqlashicha respondentlarning 15,23 % qadriyatlarga amal qiladi, 13,33 % o'zini sodda va kamtar deb, 10,00 % yangiliklarga intiluvchi sifatida baholaydi. Demak, qoraqalpoqlarning o'z milliy xulq-atvori va ruhiyatini mukammal darajada tushunishi uchun yetarli darajada asos yaratilgan, bu borada o'quv qo'llanma, darslik va ilmiy ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu o'z navbatida, bag'rikeng O'zbekistonda qoraqalpoq xalqi tenglik asosida o'z imkoniyatlarini namoyon etishi uchun shart-sharoit yaratilganligi haqida xulosa chiqarishga asos bo'ladi.
Mintaqamizda istiqomat qilayotgan turkman, o'zbek, qozoq va qirg'izlarga nisbatan qorqalpoqlar ozchilikni tashkil etsa-da, u o'zining ming yillar davomida saqlab kelayotgan milliy an'analari, urf-odatlari, xalq og'zaki ijodi namunalari, madaniyati va san'ati tufayli global davrda ham xalq sifatida o'zligini saqlab kelmoqda.
Qoraqalpog'istonda yashovchi qoraqalpoqlarda etnik, refleksiv, mental tafakkur, til, madaniy, hududiy, o'zlikni anglash, bixevioristik jihatdan o'zbek xalqi identikligiga xos yaqinlik kuzatiladi. Xalqning o'z odatlariga munosabati ham tahlil qilinadi va unga ko'ra, 26,00 % respondent an'analarni "asrlar mobaynida tartibga solingan urf-odatlar (xatti-harakat, hayot tarzi va b.)" mazmunida ko'rsa, so'rovda ishtirok etganlarning 20,00 % «an'analar o'zida barcha narsani mujassamlashtiradi", degan fikrni ilgari suradi, 19,00 % esa «xatti_harakatlar, qadriyatlar, g'oyalar, urf-odatlar va b.» degan javob variantini belgiladi.
O'ziga xos va bizningcha, kutilmagan javob variantini, ya'ni "qadim zamonlardan kelayotgan ma'lum turmush tarzi" deb 18,00 % respondent belgiladi. Buning o'ziga xos davomi sifatida so'rovda ishtirok etganlarning 10,00 % "an'analar bir avloddan ikkinchisiga o'tadi', degan fikrni bildirgan. Tahlillar shuni ko'rsatadiki, axborotlashgan jamiyat va
globallashuv jarayonlari aholining nafaqat mentaliteti, balki identikligiga ta'sir o'tkazgan. Umuman olganda, millatning shakllanishi va rivojlanishi o'ziga xos murakkab jarayon bo'lib, unga har bir davr muayyan ta'sir o'tkazadi. Shuningdek, bu jarayonda millatning tipologik belgilari bo'lgan til, madaniyat, urf-odat va qadriyatlardan tashqari ijtimoiy-siyosiy jihatlarning ham o'rni bo'lib, millatning birlashishida katta ahamiyat kasb etadi. Bu jarayonda kishilarning o'zining millat sifatidagi maqomini anglab, o'z taqdirini millat taqdiri bilan bog'liq holda tushunib yetishi kuzatiladi.
Umuman olganda esa, xalq va millatning o'zligini anglash, o'zini boshqalardan farqlash yoki aynanlashtirish kabi holatlarni o'zida ifodalagan milliylikni namoyon qilish yoki uni saqlab qolishga bo'lgan intilish kuchayib bormoqda. Tabiiyki, qoraqalpoq xalqi va uning identiklik xususiyatlari axborotlashgan jamiyat va globallashgan dunyo sharoitida muayyan o'zgarishlarga uchramoqda.
ФОЙДАЛАНИЛГАН АДАБИЁТЛАР РУЙХАТИ
1. Узбекистон Республикасининг Конституцияси. Узбекистон. НМИУ, - Т., 2019. - 120 б.
2. Аскаров А. Узбек халкининг келиб чикиш тарихи. - Т.: O'zbekiston. НМИУ, 2015. - 210. б.
3. Мадаева Ш.О. Идентиклик антропологияси. - Т., NOSHIR, 2015. - 145 б.
4. Шнейдер Л.Б. Профессиональная идентичность: - М.: МОСУ, 2001. - 156. б.
5. Мадаева Ш.О. Миллий менталитет ва демократик тафаккур // Фалсафа ва хукук институти нашриёти -Т., 2007. - 120. б.
6. Толстов С.П. Основные проблемы этногенеза народов Средней Азии. // - М.: Советская Энциклопедия, 1947. № VI, 350. б.
7. Сапарова Г. ^оракалпок халк;и маънавий-диний маданияти ривожига миллий узликни англашнинг таъсири. - Т. 2019. Фалс.фан. буйича фалсафа доктори (PhD) диссертацияси автореферати. - Б. 14. б.