JADID MA'RIFATPARVARLARI DAVRIDA O'ZBEK TEATRINING
ILK BOSQICHI
d https://doi.org/10.5281/zenodo.14545054
Mirzayeva Shahrizoda Shuhratjon qizi
O'zbekiston Milliy univeгsiteti Ijtimoiy fanlar fakulteti Amaliy etika 2-bosqich talabasi
Annotatsiya: Ushbu maqolada muallif tomonidan jadid ma 'rifatparvarlarining teatr tarixiga qo 'shgan hissasi, ilk teatr truppasi bo 'lmish ,,Turon "ni tashkil topishi, "Turon " truppasini dastlabki sahnasi yoritib berilgan. Shuningdek, risolada jadid teatrining o'ziga xos xususiyatlari ham keltirib o 'tilgan.
Kalitso'zlar: "Turon", truppa, teatr, muqallid, spektakl, jadid.
XX asr o'zbek teatrini paydo bo'lishi madaniyatimiz tarixida ro'y bergan noyob hodisalardan biridir. 1914-yili Mahmudxo'ja Behbudiyning ,,Padarkush" pyesasi bilan o'z pardasini ochgan o'zbek teatri ikki-uch o'n yillik ichida har bir xalq arzigulik teatr sifatida maydonga chiqdi.
Turkistonning XX asr boshlari matbuotida ovropacha teatr san'atining milliy negizini barpo qilishga bo'lgan intilishlar bu san'at turi bizda 1913-yil rasman shakllanmasidan biroz ilgariroq boshlanganiga oid dalillar uchraydi. O'zbek yangi teatri tarixini maxsus o'rgangan B.O.Pestovskiy ,,Inqilob" jurnalining bir necha sonlarida e'lon qilingan katta maqolasida ,,Qorako'l shahriga yaqin bir qishloqqa 1909-yilda ,,o'zbek teatri o'ynaldi", degan xabar borganligini qayd etgan edi. ,,Turkiston viloyatining gazeti" 1910-yil yanvar sonlaridan birida esa ,,tez fursatda Toshkent shahrida teatr, ya'ni ,,muqallid" o'yini o'ynalaturg'on musulmon jamiyati (truppa) ochilur emish... Ul jamiyat musulmon zabonida ,,muqallid" o'ynar ekanlar", degan xabar bosiladi.1 Bu xabardan besh-olti kun o'tib, yana shu gazetada yerli tatar havaskorlari doimiy teatr truppasi tuzgani haqida haqida ham kichik axborot berilgan. Bundan kelib chiqadigan bo'lsak, avvalgi xabarda „musulmon jamiyati" deganda mazkur tatar havaskorlari nazarda tutilgan bo'lishi mumkin. Ammo bundan qat'iy nazar, o'sha jamiyat spektakllari bevosita mahalliy ziyolilar ishtirokida o'tgan. Buning natijasi mahalliy teatr aktyorlari yetishib kamol topganligini bilishimiz mumkin.
1 Shuhrat Rizayev - Jadid dramasi. ,,Sharq" nashriyoti-matbaa konsernining Bosh tahririyati, Toshkent-1997. 51-52 -betlar.
Teatr jadidlar nazdida, avvalo, ,,ulug'lar maktabi", ,,ibratxona" bo'lib, xuddi maktab va matbuot kabi ma'rifat, ilm olmoq g'oyasini targ'ib etishi ko'zda tutilgan edi. Ikkinchidan esa, ma'rifiy va ko'ngilochar tomoshlalar oraqali mablag' topib, maorif, matbuot ehtiyojlariga sarflamoq ko'zlangan edi. Turkistonda tatar, ozarbayjon, rus sayyor teatr jamoalarining kirib kelishi ovro'pacha o'zbek milliy teatr san'atining tug'ilishiga turtki berdi2
O'zbekiston hududida birinchi professional teatr 1913-yilning o'rtalarida Toshkent shahrida shakllanib, 1914-yilning boshlarida ilk milliy pyesa - tomoshani sahnaga qo'ygan va shu tariqa rasman faoliyat boshlagan va dastlab ,,truppa" deb atalgan. ,,Truppa" asli teatr va sirk yo'nalishidagi ijodiy jamoa ma'nosini anglatadigan so'z bo'lib, Rossiyada teatr guruhlari ,,театралные труппы" deb atalar edi. Turkiston XX asr boshlarida Chor Rossiyasining mustamlakasi bo'lgani uchun teatr sohasida ham imperiyaning hukmron aqidalariga bo'ysunishga to'g'ri kelar, ayniqsa, teatrdek yirik madaniy muassasani rasmiy ro'yhatdan o'tkazish, uning faoliyati uchun ruhsat olishda shunday yo'l tutish talab qilinar edi.
Ana shu tarixiy voqealarni bevosita ishtirokchisi, tashkilotchisi bo'lgan atoqli pedagog, adib va dramaturg Abdulla Avloniy o'z ,,Tarjimai holi"da shunday yozadi: ,,1913-yildan boshlab xalqni ko'zin ochmoq, madaniyatga yaqinlashtirmoq uchun teatruga kirishib, teatru ishlarini yo'lga qo'yuvchilarning boshlug'u bo'lub, Turkistonning bir necha shaharlariga borib o'zbeklar orasida teatruga yo'l ochdim. ...,,Turon" ismli teatralniy blag'otvoritelniy jamiyatni yuzaga chiqardim" Avloniyning bu so'zini Miyon Buzruk Solihov ham qayd etgan edi: ,,1913 dan boshlab havaskor tusida to'plangan bu to'da 1914 oxirida rasman ,,Turon to'dasi" nomi bilan o'tiladi va tobora tashkiliy tus ola boradi".3
1913-yil iyun-iyul oylarida ,,Turon" truppasi o'zining norasmiy spektaklini namoyish etadi. Truppaning tashkiliy va targ'ibot ishlariga boshqa jadidlar qatori Munavvarqori Abdurashidxonov ham aralashadi. 1914-yil 27-fevralda Toshkentdagi ,,Kolizey" teatr binosida o'zbek milliy teatrining birinchi ochilish marosimi bo'ldi. Spektaklning birinchi pardasini ochish Munavvarqori Abdurashidxonovga topshirildi. Mazkur tantanada u bunday degan edi: ,,Turkiston tilida hanuz bir teatr o'ynalmag'onligi barchangizga ma'lumdir. Shul sababli ba'zi kishilarimiz teatrga, ehtimolki, o'yinbozlik yoki masxarabozlik ko'zlari ila boqurlar. Holbuki, teatrning asl ma'nosi ,,Ibratxona" yoki ,,Ulug'lar maktabi" degan so'zdir.
2 Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash. (Turkiston va Buxoro jadidchiligi tarixiga yangi chizgilar) Davriy to'plam №1, ,,Universitet". Toshkent - 1999. 119-bet
3 Shuhrat Rizayev - Jadid dramasi. ,,Sharq" nashriyoti-matbaa konsernining Bosh tahririyati, Toshkent-1997. 60 - bet.
Teatr sahnasi har tarafi oynaband bir uyga o'xshaydurki, unga har kim kirsa o'zining husn va qabihini, ayb va nuqsonini ko'rib ibrat olur".4
Teatr kechasi, Abdulla Avloniy me'morial muzeyida saqlanayotgan ,,maromnoma" (afisha)dan ma'lum bo'lishicha , uch bo'limdan tashkil topgan. Birinchisi - Mahmudxo'ja Behbudiyning ,,Padarkush" pyesasi asosidagi spektakl namoyishi. Ikkinchisi, - ozarbayjon aktyorlaridan Aliasqar Asqarov, Gulzorxonim va M.Shaxbalovlar ijrosida bir pardalik ozarcha ,,Xo'r-xo'r" kulgu tomoshasi. Uchunchi bo'lim - ,,Milliy o'qish va jo'rlar" bo'lib, bunda sakkiz nomerlik konsert ko'rsatilishi ma'lum bo'ladi. Konsertda Mulla To'ychi hofiz, mashhur raqqosa Qurbonxon, mulla Ahmadjon to'ra kabilar qatnashishi va so'ngra ,,Turkiston faryodi" va ,,To'y" nomli Abdulla Avloniy qalamiga mansub manzumalar jo'rlikda aytilshidan ogoh etiladi. Maromnoma so'ngida butun kecha uchun mudiri ma'sul Abdulla Xo'ja o'g'li, rejissyor Aliasqar Asqarov ekani qayd qilinadi. Shu tariqa o'zbek teatri va ,,Turon" truppasini birinchi konserti muvaffaqiyatli kechadi. Ayniqsa ,,Padarkush"ning Toshkent truppasi tomonidan sahnalashtirilishi kutilgandan ko'ra a'loroq natijalar berdi. Bu voqea Turkistondagi shu davrda mavjud bo'lgan barcha matbuot nashrlarida yoritilgan edi.
Jumladan, ,,Turkiston viloyatining gazeti"ning ahboroti g'oyat xarakterli: ,,Turkiston viloyati taraqqiylik Rusiya hukumatiga tobe bo'lganiga yarim asr bo'lib, sartiyalarda bu o'yin yaxshi o'xshatdilarki, har qayu teatrni ko'rib, teatr ishiga omil kishilar bularning, yangi o'rganganlariga ishonmay, balki bular bir necha yil Ovropada mashq qilgan odamlar, deb hayol qiladi... Rusiya hukumatiga tobe bo'lganiga 300 yil bo'lgan tatarlardan necha daraja ortiq deganda mubolag'a bo'lmas. U muqallid o'yinida sartiyalar, tatarlar shu daraja ko'p bo'ldilarki, keyin kelgan odamlarga bilet yetmay qolib, teatr ichida va tepalarida odamlar mo'ru malahdek qaynab turdilar. Rusiyalar ham bo'ldilar. Sartiyalarning bu tariqa ko'p bo'lganliklari teatrga ishqlari va taraqqiyga qadam qo'yishlarining alomati bo'lib, teatrdan tushgan aqcha Toshkent jamiyati imdodiyasi foydasig'a berilar ekan" 5 Bundan ko'rinib turibdiki spektakl hamma jihatdan yuqori saviyada tashkil etilgan. Bu o'zbek teatr sohasida erishilgan ilk muvaffaqiyat edi desak yanglishmaymiz.
,,Turon" truppasi 1915-yildan boshlab teatr bilan birga shakllana boshlagan o'zbek dramaturgiyasining yangi na'munalarini muntazam sahnalashtirib boradi. Masalan, 1915 - 1916-yillarda Abdulla Qodiriyning ,,Baxtsiz kuyov", Hoji Mu'inning ,,Mazluma xotun" pyesalari truppa repetuaridan joy oladi va truppa ilk qadamlaridan boshlab yangilikka, hamkorlikka intilib, professional jamoa sifatida
4 Shuhrat Rizayev - Jadid dramasi. ,,Sharq" nashriyoti-matbaa konsernining Bosh tahririyati, Toshkent-1997. 64 - bet
5 Sotimboy Tursunboyev - Teatr tarixi. O'quv qo'llanma, - T. : O'MKHTM, ,,Bilim", 2005.- 3-bet
shakllanishiga, ijodiy o'sishiga,xalqning madaniy-ma'rifiy saviyasini ko'tarish yo'lida, o'ta qiyin bir sharoitda, dadil tashabbuslar ko'rsatishga harakat qiladi.
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash joizki, o'zbek teatri jadidchilik harakatining mrvasi - ma'rifiy teatr sifatida tug'ilgan edi. Birinchi o'zbek ijodiy jamoasi bo'lmish ,,Turon" truppasining ,,Nizom"ida teatrning bosh maqsadi ,,a) aholi o'rtasida sahna ishlari va hayriyaga jiddiy munosabatni rivojlantirish, b) xalq uchun spektakl ko'rsatish, unga sog'lom tomosha berish..." deb ta'kidlangan edi.6 Umuman olganda jadid teatri va dramaturgiyasining muhim xususiyati - uning oila hayotini tasvirlash bilan inson qalbiga kirib boorish, uni ma'rifiy tarbiyalash va shu orqali jamiyat hayotida avj olib borayotgan milliy uyg'onish g'oyalarini tarannum etishda ko'ringan edi.
Jadid ma'rifatparvarlari yoqqan mash'ala qariyb 1930-yillarga qadar yangi g'oya va intilishlar bilan teatr hamda dramaturgiyaga kirib kelgan ahli san'at yo'llarini yoritib turdi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Shuhrat Rizayev - Jadid dramasi. ,,Sharq" nashriyoti-matbaa konsernining Bosh tahririyati, Toshkent-1997. 51-52 - betlar.
2. Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash. (Turkiston va Buxoro jadidchiligi tarixiga yangi chizgilar) Davriy to'plam №1, ,,Universitet" Toshkent - 1999. 119-bet.
3. Shuhrat Rizayev - Jadid dramasi. ,,Sharq" nashriyoti-matbaa konsernining Bosh tahririyati, Toshkent-1997. 60 - bet.
4. Rustambek Shamsutdinov, Shodi Karimov, O'ktamjon Ubaydullayev- Vatan tarixi (XVI - XX asr boshlari). Ikkinchi kitob. - ,,Sharq" nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahriyati. Toshkent - 2010. 295-bet.
5. Shuhrat Rizayev - Jadid dramasi. ,,Sharq" nashriyoti-matbaa konsernining Bosh tahririyati, Toshkent-1997. 64 - bet.
6. Sotimboy Tursunboyev - Teatr tarixi. O'quv qo'llanma, - T. : O'MKHTM, "Bilim", 2005.- 3-bet.